1.14.00.00.00 Sogʻliqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.07.00 Sport inshootlari va jihozlari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Jismoniy tarbiya va sport]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 356-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda olimpiya sport turlaridan biri boʻlgan sport kurashini yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni erkin va yunon-rum kurashi bilan muntazam shugʻullanishga faol jalb etish, ularning sport mahoratini oshirish hamda shu asosda mamlakatimiz terma jamoalari uchun ishonchli zaxirani shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabini tashkil etish toʻgʻrisida” 2012-yil 24-sentabrdagi PQ-1822-son qaroriga asosan Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzurida sport-sogʻlomlashtirish muassasasi sifatida tashkil qilinganligi hamda uning asosiy vazifalari va moliyalashtirish manbalari belgilanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-noyabrdagi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabining Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tarkibiga berilganligi va sport maktabi Milliy gvardiyaning Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Mustaqillik shoh koʻchasi, “Dinamo” stadionida joylashtirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi xodimlarining cheklangan umumiy soni 115 nafar (shu jumladan 60 nafar sportchi shtati)dan iborat tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizom 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi oʻquvchi-sportchilari uchun zarur anjomlar, sport ekipirovkasi va formali kiyim-bosh bilan taʼminlash normativlari 3-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabini jihozlash uchun zarur sport oʻquv-mashq va tibbiyot anjomlari, shuningdek, texnika va transport vositalari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoniga Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi (keyingi oʻrinlarda sport maktabi deb ataladi) tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
sport maktabi oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasining “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qarori asosida tashkil etadi;
sport maktabida oʻquvchi-sportchilarning kontingenti, ularning vazn toifalarini hisobga olgan holda, 60 nafardan iborat etib belgilanadi hamda taʼlim olish muddati oʻquvchi-sportchi Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoasining asosiy (yoki zaxira) tarkibida boʻlgan davr mobaynida davom etadi;
sportchi lavozimiga sport maktabi oʻquvchi-sportchilarining kontingenti orasidan qabul qilinadi;
sport maktabiga oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish umumiy kontingentdan kelib chiqqan holda yil davomida amalga oshirib boriladi;
sport maktabida oʻquv-mashq jarayonining davomiyligi va davriyligi sport musobaqalari taqvimi va oʻquvchi-sportchilarning har bir guruhi uchun yakka tartibda sport tayyorgarligi davrlari hisobga olingan holda sport maktabi rahbariyati tomonidan belgilanadi;
sport maktabi oʻquvchi-sportchilarini oziq-ovqat bilan taʼminlash xarajatlarining har kunlik normasi amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan foizlarda, lekin Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Respublika kengashi huzuridagi turgʻun ovqatlanish shoxobchasining qoʻshimcha xarajatlarini qoplashni hisobga olgan holda 30 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
(3-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son — 2022-yil 1-martdan kuchga kiradi)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi bilan birgalikda:
sport maktabi belgilangan kontingentining vazn toifalarini hisobga olgan holda nomzodlarni tanlab olish va oʻquvchi-sportchilar safiga qabul qilishni;
sport maktabining turli darajadagi musobaqalar va oʻquv-mashq yigʻinlari sport tadbirlari taqvim rejasini belgilangan muddatlarda tasdiqlashni;
sport maktabining oʻquv-mashq jarayonida sport kurashlari boʻyicha yuqori malakali kadrlardan hamda ularning ilmiy-metodik salohiyatidan unumli foydalanishni;
trenerlar tarkibi va oʻquvchi-sportchilarning sport kurashlari boʻyicha yetakchi xorijiy markazlar va maktablarda stajirovkadan oʻtishini tizimli asosda tashkil etishni;
erkin va yunon-rum kurashi boʻyicha yosh kurashchilarni tayyorlashda ilgʻor xalqaro tajribalarning hisobga olinishini;
oʻquv-mashq jarayonini zarur darajada tashkil etish maqsadida sport maktabini malakali mutaxassislar bilan toʻldirish, oʻquv xonalarini zarur oʻquv-metodik adabiyotlar bilan jihozlash chora-tadbirlari koʻrilishini;
sport maktabi oʻquvchi-sportchilari tayyorgarligining sifati muntazam ravishda monitoring qilib borilishini va zarur holatlarda tayyorgarlik jarayoniga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
5. Sport maktabiga belgilangan tartibda tasdiqlanadigan sport maktabi sport tadbirlarining taqvim rejasi hamda ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida oʻquvchi-sportchilar va trenerlarni xalqaro musobaqalarda va xorijda oʻtkaziladigan oʻquv-mashq yigʻinlarida qatnashish uchun yuborish huquqi berilsin.
[OKOZ:
1.21.00.00.00 Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.03.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari]
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni B.X. Tashmatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-yanvar,
38-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 38-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 115 nafar, shu jumladan, Oʻzbekiston milliy terma jamoalarining asosiy tarkibidagi sportchilari — 60 nafar, boshqaruv xodimlari — 9 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 38-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga (keyingi oʻrinlarda sport maktabi deb ataladi) oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Sport maktabida oʻquvchi-sportchilarning kontingenti, ularning vazn toifalarini hisobga olgan holda, 60 nafardan iborat boʻladi hamda taʼlim olish muddati oʻquvchi-sportchi Oʻzbekiston Respublikasi terma jamoasining asosiy (yoki zaxira) tarkibida boʻlgan davr mobaynida davom etadi.
3. Sport maktabiga 18 yosh va undan katta boʻlgan sportchilar qabul qilinadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga nomzodlarni tanlab olish va oʻqishga qabul qilish ushbu Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Oʻquvchi-sportchilarni sifatli tanlab olishni taʼminlash maqsadida sport maktabi Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi bilan birgalikda sport maktabida qabul oʻrinlari boʻshagan kundan boshlab bir oy muddat davomida tanlov va uni oʻtkazish shartlari toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon beradi.
2-bob. Nomzodlardan hujjatlarni qabul qilish
6. Nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish sport maktabida qabul oʻrinlari boʻshagan muddatdan boshlab amalga oshiriladi.
7. Sport maktabiga kirish uchun nomzodlar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
sport maktabiga qabul qilish toʻgʻrisida direktor nomiga nomzodning arizasi;
pasportning nusxasi (asl nusxalari qabul komissiyasi tomonidan hujjatlarni qabul qilishda taqdim etiladi);
F-086-u shaklidagi tibbiy maʼlumotnoma;
nomzodning 3,5 x 4,5 sm oʻlchamli 6 ta fotosurati;
nomzodning sport toifasini (unvonini) tasdiqlaydigan sportchining klassifikatsiya daftarchasi (guvohnomasi);
umurtqa pogʻonasining koʻkrak va bel qismlarining ikki proyeksiyadagi rentgen rasmi va travmatolog xulosasi;
koʻkrak qafasi flyurografiyasi rasmi va shifokor (vrach) xulosasi.
Mazkur bandda koʻrsatilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Sport maktabiga kiruvchi nomzodlarga quyidagi minimal talablar qoʻyiladi:
sport ustaligiga nomzoddan past boʻlmagan sport toifasining mavjudligi;
kurashning tegishli yosh guruhlari va uslublari boʻyicha sportchilar oʻrtasida Oʻzbekiston, Osiyo va jahon chempionatlarida egallangan sovrinli oʻrinlarning (1 — 3-oʻrinlar) mavjudligi.
3-bob. Tanlovni oʻtkazish va oʻqishga qabul qilish
9. Sport maktabiga oʻquvchi-sportchilarni tanlovdan oʻtkazish va qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining buyrugʻi bilan tasdiqlangan, yetti kishidan iborat (komissiya raisi, kotibi va aʼzolari) tarkibdagi doimiy faoliyat koʻrsatuvchi qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Qabul komissiyasining raisi va kotibi nomzodlarni qabul qilish, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish va saqlash yuzasidan masʼul shaxslar hisoblanadi.
10. Sport maktabi direktori komissiyaning raisi hisoblanadi. Komissiya raisi etib, sport maktabining tajribali, malakali mutaxassislaridan biri ham tayinlanishi mumkin.
11. Komissiya tarkibiga psixolog, tibbiyot xodimi, Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi, shuningdek boshqa manfaatdor sport tashkilotlari vakillari kiritiladi.
12. Qabul komissiyasi:
sport maktabida oʻqishga nomzodlar, nomzodlarning ota-onalari hamda jamoatchilik oʻrtasida sport maktabiga qabul qilish tartibi, shuningdek, sport maktabining faoliyati toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini amalga oshiradi;
nomzodlar va ota-onalar uchun maslahatlar berilishini tashkil etadi;
nomzodlarning hujjatlarini qabul qiladi va rasmiylashtiradi;
tanlovni tashkil etadi;
qabul jarayoni yakunlarini umumlashtiradi.
13. Sport maktabiga kirish uchun umumiy jismoniy tayyorgarlik hamda maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha tanlovlar nomzodlarning hujjatlari rasmiylashtirilgandan soʻng 10 kun mobaynida oʻtkaziladi.
14. Sport maktabiga oʻqishga kirishga nomzodlarning koʻnikmalari, layoqati, bilimlari 100 ballik tizim (eng yuqori ball) boʻyicha baholanadi, shundan 30 ball umumiy jismoniy tayyorgarlikka va 70 ball maxsus jismoniy tayyorgarlikka ajratiladi.
15. Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha tanlov sinovlari mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish metodikasi asosida, maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha tanlov sinovlari esa mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish metodikasi asosida oʻtkaziladi hamda baholanadi.
16. Sport maktabidagi boʻsh oʻrinlarga tanlovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan va eng yuqori ball toʻplagan nomzodlar qabul komissiyasi bayonnomasi asosida qabul qilinadi.
Qabul komissiyasining bayonnomasini kotib rasmiylashtiradi va komissiya raisi hamda aʼzolari tomonidan imzolanadi.
17. Tanlov natijalari qabul komissiyasi tomonidan bayonnoma rasmiylashtirilganidan soʻng bir kun mobaynida eʼlon qilinadi.
18. Sport maktabi direktorining nomzodlarni oʻquvchi-sportchilar safiga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyrugʻi bayonnoma rasmiylashtirilganidan soʻng uch kun ichida chiqariladi.
19. Tanlov natijalariga koʻra nomzodlarning oʻtish ballari teng boʻlib qolgan taqdirda, sport musobaqalarida erishgan natijalari yuqori boʻlgan nomzodlar sport maktabiga oʻqishga qabul qilinadi.
4-bob. Tanlov natijalari yuzasidan berilgan murojaatlarni koʻrib chiqish
20. Tanlov natijalari boʻyicha berilgan murojaatlarni koʻrib chiqish uchun sport maktabi direktorining buyrugʻi bilan apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi va kamida 3 kishidan iborat tarkibda tasdiqlanadi.
Apellatsiya komissiyasi qabul komissiyasi tarkibida boʻlmagan sport maktabi mutaxassislaridan shakllantiriladi.
21. Murojaatlar kelib tushgan paytdan boshlab uch ish kuni ichida apellatsiya komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi. Murojaatni koʻrib chiqish vaqtida murojaat qilgan shaxs apellatsiya komissiyasi ishida oʻzining iltimosiga asosan ishtirok etishi mumkin.
22. Qabul qilingan qaror natijasi boʻyicha murojaat qilgan shaxsga bir ish kuni ichida apellatsiya komissiyasi tomonidan yozma ravishda maʼlum qilinadi.
23. Apellatsiya komissiyasi murojaatni koʻrib chiqish natijalariga koʻra tanlov natijasini bekor qilishi yoki unga tegishli oʻzgartirish kiritishi mumkin.
24. Apellatsiya komissiyasining murojaatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga murojaat qilinishi mumkin.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5-bob. Yakuniy qoidalar
25. Sport maktabining barcha oʻquvchi-sportchilari oʻquv yili mobaynida har oyda ixtisosi boʻyicha, shuningdek, umumiy va jismoniy tayyorgarlik boʻyicha nazorat sinovlari topshiradilar.
26. Yil mobaynida ixtisosi boʻyicha oʻquv dasturlari talablarini bajarmagan va nazorat sinovlaridan oʻtmagan, ichki tartib-qoidalarni buzgan, sogʻligʻining holatiga koʻra oʻqishga noloyiq boʻlgan oʻquvchi-sportchilar sport maktabi oʻquvchi-sportchilari safidan chetlatiladi.
27. Sport maktabidan turli sabablarga koʻra oʻquvchi-sportchilar safidan chetlatilganlar oʻrni mazkur Nizomda belgilangan tartibda yil davomida toʻldirilib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga nomzodlarni tanlab olish va oʻqishga qabul qilish
SXEMASI
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish
METODIKASI
1. Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovga qoʻyiladigan eng yuqori ball — 30 ballni tashkil qiladi.
2. Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovlarda nomzod mazkur Metodikaning ilovasida koʻrsatilgan normativlarni bajaradi. Bunda:
100 metrga yugurish — mashq past startda belgilangan chiziqdan “Startga!”, “Diqqat!”, “Yugur!” buyruqlari bilan bajariladi. Mashq “start”dan “marra” chizigʻigacha boʻlgan masofa boʻylab yugurish orqali bajariladi. Ushbu mashq uch urinishda bajariladi va eng yaxshi natija hisobga olinadi. Natija 0,1 soniyagacha aniqlanadi;
1500 metrga yugurish — mashq yuqori startda belgilangan chiziqdan “Startga!”, “Diqqat!”, “Yugur!” buyruqlari bilan bajariladi. Mashq “start”dan “marra” chizigʻigacha boʻlgan masofa boʻylab yugurish orqali bajariladi. Ushbu mashq bir urinishda bajariladi va natija hisobga olinadi. Natija 0,1 soniyagacha aniqlanadi;
“mokisimon” yugurish (3 x 10 metr) — mashq yuqori startda belgilangan chiziqdan “Startga!”, “Diqqat!”, “Yugur!” buyruqlari bilan oraligʻi 120 sm boʻlgan ikki tomonidan chizilgan, 10 metr masofali yoʻlakcha ichida yugurish orqali bajariladi. Yugurish jarayonida burilishlarda oyoq uchlari chiziqdan tashqariga chiqmagan holda bajarilgan mashq hisobga olinmaydi. Ushbu mashq uch urinishda bajariladi va eng yaxshi natija hisobga olinadi. Natija 0,1 soniyagacha aniqlanadi;
turnikda tortilish — mashq turnikka ikki qoʻlda toʻgʻri osilib turgan hamda oyoqlar erga tegmagan holatda, iyak turnik poyasidan oʻtgunga qadar qoʻllarni bukish orqali bajariladi. Mashq bajarish jarayonida oyoqlarni kerish yoki bukish, tanani harakatsiz holatda egish, oyoqlar bilan siltanma harakatlar qilish hamda iyak turnik poyasidan oʻtmagunga qadar tortilish orqali bajarilgan harakatlar hisobga olinmaydi;
arqonga tirmashib chiqish — mashq arqonga tirmashib, oyoqlar yordamisiz qoʻllarda yuqoriga chiqib bajariladi. Mashq jarayonida oyoq yordamida bajarilgan chiqish hisobga olinmaydi. Ushbu mashq besh marta bajariladi va toʻgʻri bajarilgan mashq hisobga olinadi. Mashq bajarib boʻlingandan soʻng erga (dastlabki holat)ga tushiladi va yana bajariladi.
oʻz vazniga teng ogʻirlikdagi shtanga bilan oʻtirib turish — mashq “Boshla!” buyrugʻi bilan bajariladi. Dastlabki holat: Oyoqlar yelka kengligida tik turgan holatda. “Boshla!” buyrugʻidan soʻng, belgilangan ogʻirlikdagi shtanga yelkaga olinadi va shu holatda shtanga bilan oʻtirib turiladi. Mashq bajarilgandan soʻng dastlabki holatga qaytiladi.
Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish metodikasiga ILOVA
Umumiy jismoniy tayyorgarlik boʻyicha
NORMATIVLAR
T/r
Normativlar
Baholash
5 ball
4 ball
3 ball
2 ball
0 ball
1.
100 metrga yugurish
12,5 soniya
12,7 soniya
12,9 soniya
13,1 soniya
13,3 soniya va undan yuqori
2.
1500 metrga yugurish
5,22 daqiqa
5,32 daqiqa
5,42 daqiqa
5,52 daqiqa
6,02 soniya va undan yuqori
3.
“Mokisimon” yugurish (3 x 10 metr)
6,4 soniya
6,5 soniya
6,6 soniya
6,7 soniya
6,8 soniya va undan yuqori
4.
Turnikda tortilish
18-marta
14-marta
12-marta
10-marta
10-martadan kam
5.
Arqonga tirmashib chiqish
5-marta
4-marta
3-marta
2-marta
2-martadan kam
6.
Oʻz vazniga teng ogʻirlikdagi shtanga bilan oʻtirib turish
5-marta
4-marta
3-marta
2-marta
2-martadan kam
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabiga oʻquvchi-sportchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish
METODIKASI
1. Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovga qoʻyiladigan eng yuqori ball — 70 ballni tashkil qiladi.
2. Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovda nomzod mazkur metodikaning ilovasida koʻrsatilgan normativlarni bajaradi. Bunda:
a) boshni gilamga tirab aylana yugurish — mashq “koʻprik” holatida boshni kurash gilamiga qoʻyib, bir nuqta boʻylab aylanish orqali bajariladi. Bosh kurash gilamiga qoʻyilib, qoʻllar yordamisiz nuqta boʻylab oʻng yoki chap tomonga aylaniladi. Oʻng yoki chap tomonga aylanish nomzodning xohishiga koʻra tanlanadi. Natija mashq harakatlarining 30 soniya davomidagi soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi;
b) “koʻprik” holatida qoʻlda aylanish — mashq “koʻprik” holatida qoʻllar bilan kurash gilamiga tayanib, oʻng va chap tomonga oyoq harakatlari bilan aylanish orqali bajariladi. Qoʻllar kurash gilamiga qoʻyilib, tananing qoʻldan boshqa aʼzolari kurash gilamiga tegmagan holda doirasimon shaklda oʻng va chap tomonlarga aylaniladi. Oʻng yoki chap tomonga aylanish nomzodning xohishiga koʻra tanlanadi. Natija mashq harakatlarining 30 soniya davomidagi soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi;
v) “koʻprik” holatida tik turish — mashq “koʻprik” holatida qoʻllar bilan kurash gilamiga tayanib, muvozanatni saqlagan holda qayta tik turish orqali bajariladi. Mashqni bajarish uchun qoʻllar tepaga koʻtarilgan, oyoqlar yelka kengligida tik turgan holatda oyoqlar tizzadan bukilib, tovonlar kurash gilamiga tayanadi hamda bosh orqaga tashlanadi. Beldan orqa tomonga egilgan holda qoʻllar kurash gilamiga tayanib, “koʻprik” holatiga tushiladi. 2-3 soniya muvozanat ushlab turilgandan soʻng qayta tik turish holatiga qaytiladi. Natija mashq harakatlarining soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi;
g) “koʻprik” holatida oyoqlarni old va orqaga tashlash — mashq “koʻprik” holatida qoʻllarga tayanib, oyoqlarni old va orqa tomonga tashlash orqali bajariladi. Mashqni bajarish uchun qoʻllar tepaga koʻtarilgan, oyoqlar yelka kengligida tik turgan holatda oyoqlar tizzadan bukilib, tovonlar kurash gilamiga tayanadi hamda bosh orqaga tashlanadi. Beldan orqa tomonga egilgan holda qoʻllar kurash gilamiga tayanib, “koʻprik” holatiga tushiladi. Qoʻllar kurash gilamiga qoʻyilib, old va orqa tomonga tananing qoʻldan boshqa aʼzolari gilamga tegmagan holda umbaloq oshiladi. Natija mashq harakatlarining 30 soniya davomidagi soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi;
d) “beldan oshirib tashlash” usulini bajarish — mashq tik turgan holda raqibni oʻng yoki chap yon tomondan (yoki boshidan) ushlagan holda raqibga orqasi bilan buriladi va keyin oldinga egilish yoki oldinga yiqilish hisobiga raqibini gilamga yiqitish orqali bajariladi. Mashqni oʻng yoki chap tomondan boshlab bajarish nomzodning xohishiga koʻra tanlanadi. Natija mashq harakatlarining 30 soniya davomidagi soni va sifat koʻrsatkichlari asosida baholanadi;
3. Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinovda nomzod oʻz vazn toifasidagi “raqib” bilan oʻzaro bellashadi.
Bellashuv — nomzodning sport turi (erkin, yunon-rum, ayollar kurashi) boʻyicha musobaqa qoidalariga binoan ikki raqib oʻrtasida 3 daqiqa davomida oʻtkaziladi. Belgilangan vaqt mobaynida koʻproq ball toʻplagan yoki ogohlantirish olmagan yoxud nisbatan kam ogohlantirish olgan nomzod gʻolib hisoblanadi.
Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha normativlarni bajarish metodikasiga ILOVA
Maxsus jismoniy tayyorgarlik boʻyicha
NORMATIVLAR
T/r
Normativlar
Baholash
1.
Mashqlarni bajarish
25 ball
20 ball
15 ball
0 ball
Boshni gilamga tirab aylana yugurish (30 soniya davomida)
7-marta — 5 ball
6-marta — 4 ball
5-marta — 3 ball
4-0-marta — 0 ball
“Koʻprik” holatida qoʻlda aylanish (30 soniya davomida)
7-marta — 5 ball
6-marta — 4 ball
3-marta — 3 ball
2-0-marta — 0 ball
“Koʻprik” holatida tik turish
7-marta — 5 ball
6-marta — 4 ball
3-marta — 3 ball
2-0-marta — 0 ball
�Koʻprik” holatida oyoqlarni old va orqaga tashlash (30 soniya davomida)
6-marta — 5 ball
5-marta — 4 ball
2-marta — 3 ball
1-0-marta — 0 ball
“Beldan oshirib tashlash” usulini bajarish (30 soniya davomida)
15-16-marta — 5 ball
13-14-marta — 4 ball
11-12-marta — 3 ball
10-0-marta — 0 ball
2.
Bellashuv
sof gʻalaba — 45 ball
texnik gʻalaba — 30 ball
ochkolar hisobida gʻalaba — 15 ball
0
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 38-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi oʻquvchi-sportchilari uchun zarur anjomlar, sport ekipirovkasi va formali kiyim-bosh bilan taʼminlash
* Yashash uchun anjomlar, sport ekipirovkasi va formali kiyim-bosh ularning haqiqiy holati va foydalanishga yaroqliligi hisobga olingan holda almashtirilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 38-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabini jihozlash uchun zarur sport oʻquv-mashq va tibbiyot anjomlari, shuningdek, texnika va transport vositalari
* Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi mablagʻlari va homiylik mablagʻlari hisobiga sotib olinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 38-son qaroriga 5-ILOVA
[OKOZ:
1.21.00.00.00 Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.03.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Sport kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 19-noyabrdagi 323-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 11-son, 81-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2015-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-394-son Qonuni)” 2016-yil 20-oktabrdagi 355-son qaroriga ilovaning 9-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 10-son, 95-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan beriladigan tasdiqlovchi hujjatlar turlarini tubdan qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 3-oktabrdagi 789-son qaroriga ilovaning 10-bandi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2019-y., 09/19/38/2491-son; 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.06.2021-y., 09/21/363/0549-son; 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)