Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Sport kurashlarining olimpiya turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-fevraldagi “Oʻzbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-127-son qaroriga muvofiq, shuningdek, sport kurashlarini olimpiya sport turlari sifatida ommalashtirish, yoshlar orasidan sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash, milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar 2022 — 2024-yillarda sport kurashlarining olimpiya turlarini (erkin kurash va yunon-rum kurashi) (keyingi oʻrinlarda — sport kurashlari) rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
sport kurashlarini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish, iqtidorli sportchilarni, shu jumladan sportchi ayollarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;
xotin-qizlarning sport kurashlari bilan shugʻullanishi va professional sportchi boʻlishi uchun ularni jalb qilish boʻyicha keng tashkiliy-amaliy va targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish;
sportchilarni zamonaviy ilmiy-metodik tavsiyalar asosida tayyorlash orqali oʻquv-mashq jarayonini tashkil qilish, ularning nazariy tayyorgarlik va texnik-taktik koʻnikmalarini takomillashtirish, professional mahoratini shakllantirish, bu borada natijador xorijiy trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni taklif qilish;
Birlashgan kurash dunyosi trenerlari va hakamlarini oʻqitish dasturlaridan foydalanish orqali professional trenerlar va hakamlarni tayyorlash hamda ularning malakasini tizimli asosda oshirib borish;
sport kurashlari boʻyicha mahalliy va xalqaro musobaqalarni tizimli ravishda tashkil qilish, xalqaro musobaqalarda ishtirok etish, shu jumladan Olimpiya va Osiyo oʻyinlarida qatnashish huquqini beruvchi litsenziyalarni qoʻlga kiritish va har Olimpiya va Osiyo oʻyinlari siklida ularning sonini koʻpaytirib borish;
sportchilarning professional mahoratini va trenerlarning kasbiy malakasini oshirish uchun sport kurashlari boʻyicha xorijiy maktablar bilan hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashish, sport kurashlarini rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish.
2. Sport kurashlarining olimpiya turlarini 2022 — 2024-yillarda kengroq rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar dasturni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutiladigan mablagʻlar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjeti mablagʻlari;
sport federatsiya (assotsiatsiya)lari, jamgʻarmalar, klublar, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. Belgilab qoʻyilsinki, 2023-yildan boshlab har yili anʼanaviy tarzda sport kurashlari boʻyicha erkaklar va ayollar jamoalari oʻrtasida navbatma-navbat respublikaning barcha hududlarida (olimpiya va xalqaro vazn toifalari boʻyicha):
yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro sport musobaqalari;
oʻsmirlar oʻrtasida “Uzbekistan-Grand Prix” xalqaro sport musobaqalari;
kattalar oʻrtasida “New Uzbekistan” xalqaro sport musobaqalari;
Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida “Vazir kubogi”, Davlat xavfsizlik xizmati tizimida “Rais kubogi”, Milliy gvardiya tizimida “Qoʻmondon kubogi”, mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimida “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi kubogi”, “Viloyat hokimi kubogi” va “Toshkent shahri hokimi kubogi” musobaqalari oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O. Qosimov), Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi (S. Abduvaliyev), tegishli masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
uch oy muddatda ushbu bandda koʻrsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;
xalqaro sport musobaqalari 2023-yil 1-yanvardan boshlab sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga kiritilishini taʼminlasin;
xalqaro sport musobaqalarida mahalliy kurashchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega boʻlgan chet ellik kuchli kurashchilar, xalqaro darajadagi trenerlar va hakamlarning ishtirokini taʼminlasin;
yuqoridagi musobaqalarni oʻtkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.
Turizm va madaniy meros vazirligi (B. Ibragimov) yuqoridagi musobaqalarni turistik marshrutlar obyektlari roʻyxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb etish choralarini koʻrsin.
4. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
oʻz tizimlarida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar oʻrtasida uch bosqichli (tuman/shahar, viloyat va respublika) “Vazir kubogi”, “Rais kubogi”, “Qoʻmondon kubogi”, “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi kubogi”, “Viloyat hokimi kubogi” va “Toshkent shahri hokimi kubogi” sport musobaqalari oʻtkazilishini taʼminlasin, shuningdek, gʻolib va sovrindorlarni munosib ragʻbatlantirish choralarini koʻrsin;
Oldingi tahrirga qarang.
mazkur qarorga muvofiq Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan xalqaro sport musobaqalarining yuqori saviyada tashkil etilishida Yoshlar siyosati va sport vazirligi va Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasiga har tomonlama yaqindan yordam koʻrsatsin.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
5. Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining:
oʻrta maxsus, professional hamda oliy taʼlim tashkilotlari oʻquvchi va talabalari oʻrtasida uyushtiriladigan “Barkamol avlod” va “Universiada” sport musobaqalarining dasturlariga sport kurashlarini kiritish;
2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida sport kurashlari boʻyicha oʻqishga qabul qilishning amaldagi davlat buyurtmasi parametrlarini bosqichma-bosqich oshirib borish haqidagi takliflari maʼqullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O. Qosimov) va Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi (S. Abduvaliyev) bilan birgalikda:
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
a) 2023-yildan boshlab:
sport maktablari, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida sport kurashlarining kamida bitta turi boʻyicha, shuningdek, ixtisoslashtirilgan sport maktablarida sport kurashlarining ikkita turi boʻyicha seksiya va boʻlimlar tashkil etsin. Bunda, mazkur seksiya va boʻlimlarni tashkil qilishga sobiq bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va ularning filiallarini maqbullashtirish va ular xodimlarini qisqartirish natijasida boʻshab qolgan budjet mablagʻlari yoʻnaltiriladi;
sport kurashlari boʻyicha Oʻzbekiston chempionatlari va kuboklari gʻoliblari va sovrindorlarining (1 — 3-oʻrinlar), qoida tariqasida, birinchi navbatda xalqaro sport musobaqalari va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok etishini taʼminlasin;
sport kurashlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoalari va ularning zaxira tarkiblarining mahalliy sportchilardan shakllantirilishiga alohida eʼtibor qaratsin;
sport kurashlari boʻyicha Oʻzbekiston chempionatlari va kuboklarida ishtirok etadigan sportchilarning natijalari xorijiy malakali hakamlar tomonidan baholanishini yoʻlga qoʻysin;
b) sport kurashlari boʻyicha milliy terma jamoalarning bosh trenerlari ishtirokida hududlarda yil davomida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash sifatini yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etsin;
v) zamonaviy ilmiy yutuqlar va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda trener, hakam va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahoratini doimiy oshirib borish maqsadida mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminarlar, mahorat darslari, oʻquv mashgʻulotlari tashkil etsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi va Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining hududiy boʻlinmalari toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun zarur choralarni koʻrsin, shu jumladan ularning moliyaviy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashsin;
aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va sport kurashlarini ommalashtirish maqsadida tuman (shahar) va viloyat miqyosida havaskorlar oʻrtasida sport kurashlari boʻyicha musobaqalarni muntazam tashkil qilsin va ushbu maqsadlar uchun tegishli mahalliy budjetlarning qoʻshimcha daromadlari hisobidan mablagʻ yoʻnaltirsin;
Oldingi tahrirga qarang.
2022-2023-yillarda sport kurashlari rivojlangan hududlarda sport kurashlari boʻyicha havaskor va professional sportchilardan iborat boʻlgan klublarni tashkil etish;
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
mahalliy yosh trenerlar va istiqbolli sportchilarning sport kurashlari boʻyicha xorijiy mamlakatlarda tashkil etiladigan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari va sport musobaqalarida ishtirok etishi bilan bogʻliq jarayonlarni tegishli mahalliy budjetlarning daromadlar rejasidan orttirib bajarilgan qismi hisobidan moliyalashtirsin.
9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov):
sport kurashlari boʻyicha oʻtkaziladigan jahon, qitʼa chempionatlari, xalqaro musobaqalarni, shu jumladan Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan viloyat va respublika birinchiliklari hamda xalqaro sport musobaqalarini muntazam ravishda yoritish choralarini koʻrsin;
mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid tele- va radio dasturlar, sportchilarning professional faoliyati haqida maxsus koʻrsatuvlar va maqolalar tayyorlasin, oʻtkaziladigan brifing va press-konferensiyalarni yoritib borsin.
10. Milliy antidoping agentligi (A. Sadikov) bir oy muddatda sport kurashlari boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi dasturni tasdiqlasin va amaliyotga joriy qilsin:
sportchilar va trenerlarni “shaffof sport”ga targʻib qilish;
sportda farmakologik taʼsirga ega dori preparatlari va boshqa moddalardan toʻgʻri foydalanish borasida sportchilar, trenerlarning madaniyati va savodxonligini oshirish tadbirlarini oʻtkazish;
sportchilarni antidoping mavzulariga oid tegishli oʻquv-axborot materiallari va turli koʻrgazmali maʼlumotlar bilan taʼminlash;
sportchilar tomonidan antidoping qoidalariga qatʼiy rioya qilinishi ustidan samarali antidoping nazoratini amalga oshirish.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov, yoshlar siyosati va sport vaziri oʻrinbosari Sh.Sh. Maxmudov hamda Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi S.K. Abduvaliyev belgilansin va ularga quyidagi vazifalar yuklansin:
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
iqtidorli yoshlarni tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sport kurashchilari sifatida tayyorlash ishlarini samarali tashkil qilish va muvofiqlashtirish;
hududlarda sport kurashlari infratuzilmasini barpo etish va kengaytirish boʻyicha investitsiya va grant mablagʻlarini jalb qilish, boshqa zarur chora-tadbirlarni belgilash;
sport kurashlarini taʼlim muassasalari, yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish orqali ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqishini oshirish;
sport kurashlari boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish, ushbu yoʻnalishda xalqaro va chet el tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalarini jalb qilish;
2022 — 2024-yillarda sport kurashlarining olimpiya turlarini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlariga toʻlaqonli erishish;
ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosini har yarim yilda kamida bir marta tanqidiy muhokama qilish, zarur chora-tadbirlarni belgilash.
12. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 29-iyul,
PQ-336-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi PQ-336-son qaroriga
1-ILOVA
Sport kurashlarining olimpiya turlarini 2022 — 2024-yillarda kengroq rivojlantirish dasturi
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Chora-tadbirlar

Amalga oshirish mexanizmlari

Amalga oshirish muddatlari

Moliyalashtirish manbalari

Masʼul ijrochilar

1.

Sport kurashlari rivojlanmagan hududlarda ushbu sport turlarini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

1. Hududlarda sport kurashlarini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar va muammolarni oʻrganish uchun ishchi guruh tuzish.

2022-yil sentabr

Ijrochilar mablagʻlari

Sportni rivojlantirish vazirligi

(Sh. Maxmudov),

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi

(O. Qosimov),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev)

2. Sport kurashlari rivojlanmagan hududlarning mavjud imkoniyatlari va salohiyatini tahlil qilish, sport-taʼlim muassasalari va klublarining qamrovi va resurs taʼminoti, aholining sport kurashlariga boʻlgan qiziqishini oʻrganish.

2022-yil sentabr-oktabr

3. Hududlarda sport kurashlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha hududiy dasturlarni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2022-yil noyabr

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

2.

Sport kurashlari bilan shugʻullanuvchilar, trenerlar va boshqa mutaxassislar haqidagi maʼlumotlarni shakllantirish.

1. Kurashchilar va trenerlar haqidagi maʼlumotlarni shakllantirish hamdaiqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) maxsus sport tizimini boshqarish platformasiga joylashtirish.

2022-yil dekabr

Ijrochilar mablagʻlari

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov, M. Ismailov),

Adliya vazirligi

(X. Meliyev),

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi

(O. Qosimov),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev)

2. Sport kurashlari boʻyicha faoliyat koʻrsatayotgan klublarni xatlovdan oʻtkazish va ularning reyestrini yuritish.

2022-yil oktabr

3. Tahlil asosida natijadorligi past boʻlgan bosh trenerlar va mutaxassislar oʻrnini yuqori natijador xorijiy trenerlar va mutaxassislarbilan toʻldirish. Ular ishtirokida mahorat darslari, seminar, konferensiya va davra suhbatlari oʻtkazish.

Rejaga asosan

3.

Sport maktablari, ixtisoslashtirilgan sport maktablari, Olimpiya maktablari hamda Olimpiya va Paralimpiya kollejlarida sport kurashlari boʻyicha seksiya va boʻlimlar tashkil etish hamda ular faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish.

1.Sport maktablari, ixtisoslashtirilgan sport maktablari, Olimpiya maktablari hamda Olimpiya va Paralimpiya kollejlarida faoliyat koʻrsatayotga? sport kurashlari seksiya va boʻlimlarini xatlovdan oʻtkazish.

2022-yil noyabr

Ijrochilar mablagʻlari

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

2. Xatlov natijalariga koʻra quyidagilarni:

sport maktablari, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida sport kurashlarining kamida bitta turi boʻyicha;

ixtisoslashtirilgan sport maktablarida sport kurashlarining ikkita turi boʻyicha seksiya va boʻlimlar tashkil etish.

2023-yildan boshlab

Ijrochilar mablagʻlari

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov),

Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

3. Tashkil etilgan seksiya va boʻlimlarni sport-taʼlim muassasalariga trenerlar uchun ajratilgan shtat birliklari doirasida sport kurashlari boʻyicha trenerlar bilan taʼminlash.

4.

Hududlarda sport kurashlari boʻyicha iqtidorli yoshlarni tanlash va saralash (seleksiya) ishlarini takomillashtirish.

1. Seleksionerlarni jalb qilgan holda hududlardagi iqtidorli yoshlarni aniqlash.

2. Saralab olish (seleksiya) yoʻli bilan aniqlangan iqtidorli yoshlarni kelajakda oliy mahoratli sportchi boʻlib shakllanishi uchun sport-taʼlim muassasalariga yoʻnaltirish.

2022-yildan boshlab doimiy

Ijrochilar mablagʻlari

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov),

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi

(O. Qosimov),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

5.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimida sport kurashlarini ommalashtirish.

1. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimidagi taʼlim tashkilotlarida sport kurashlari boʻyicha klublar tashkil etish va malakali trenerlar bilan toʻldirish.

2022-yildan boshlab doimiy

Ijrochilar mablagʻlari

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi
(I. Abduraxmonov),
Yoshlar siyosati va sport vazirligi
(Sh. Maxmudov),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev)

2. Oʻrta maxsus, professional hamda oliy taʼlim tashkilotlari oʻquvchi va talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan “Barkamol avlod” va “Universiada” sport musobaqalarida oʻtkaziladigan sport turlari roʻyxatiga sport kurashlarini kiritish.

2022-yil dekabr

6.

2025-yilda Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Yoshlar oʻrtasida IV yozgi Osiyo oʻyinlariga sport kurashlari boʻyicha puxta tayyorgarlik koʻrish va unda munosib ishtirok etish uchun zarur choralar koʻrish.

1. Sport kurashlari turlari boʻyicha terma jamoaga malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish.

2022-yildan boshlab

Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi doirasida ajratilgan mablagʻlar

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov),

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi

(O. Qosimov),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev)

2. Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi tomonidan 2025-yilda Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Yoshlar oʻrtasida IV yozgi Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish dasturini ishlab chiqish.

2022-yil sentabr

3. Dasturga muvofiq terma jamoa aʼzolari uchun respublikada mahalliy va xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish.

2022 — 2024-yillar davomida

4. Terma jamoa aʼzolarini nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirokini taʼminlash.

7.

Sport kurashlari boʻyicha trener, hakam va boshqa mutaxassislarning malakasini oshirish, oʻquv-mashq jarayoniga jahonning yetakchi mutaxassislarini tizimli asosda jalb etish hamda kadrlar oʻrtasida tajriba almashish.

1. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida sport kurashlari turlari boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish.

2. Malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik asosida innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda masofaviy taʼlimni tashkil etish.

2022/2023 oʻquv yilidan boshlab rejaga asosan

Ijrochilar mablagʻlari

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev)

8.

Sport kurashlari boʻyicha oʻquv-mashgʻulotlar jarayoniga zamonaviy ilmiy-innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, yosh tadqiqotchilarni ilmiy faoliyatga jalb etish.

1. Yosh tadqiqotchilarni sport kurashlari boʻyicha ilmiy faoliyatga keng jalb etish.

2. Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq sport kurashlarini rivojlantirish bilan bogʻliq muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan loyihalar tanlovini tashkil etish.

3. Sport kurashlari bilan shugʻullanishga qiziqishni oshirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy oʻquv adabiyotlari va qoʻllanmalarni tayyorlash hamda nashr etish.

2023/2024 oʻquv yilidan boshlab

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlar

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi

(I. Abduraxmonov),

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev)

9.

Sport kurashlari turlarini rivojlantirish bilan bogʻliq muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish.

1. Sport kurashlari turlarini rivojlantirish bilan bogʻliq muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan loyiha mavzularini shakllantirish va tanlov eʼlon qilish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga oʻrnatilgan tartibda taqdim etish.

2023/2024 oʻquv yilidan boshlab

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlar

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi

(O. Qosimov),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev),

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi

(A. Toshqulov)

2. Taqdim etilgan loyiha mavzularini saralab olib, amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovini eʼlon qilish.

3. Tanlov natijalariga koʻra gʻolib deb topilgan loyiha ijrochilari tarkibiga yosh tadqiqotchilarni jalb qilish.

Innovatsion rivojlanish vazirligi

(Sh. Turdikulova)

10.

Sport kurashlari bilan shugʻullanishni ommalashtirish va rivojlantirish.

1. Har bir hududda 23-may — Sport kurashlari kuniga bagʻishlab musobaqalar va fleshmoblar tashkil etish.

Har yili may

Ijrochilar mablagʻlari

Sportni rivojlantirish vazirligi

(Sh. Maxmudov),

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi

(O. Qosimov),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev)

2. Aholiga qulay joylarda, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va Internet saytlarida sport kurashlari inshootlari (zallar, klublar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni lokatsiya koʻrsatilgan holda joylashtirish.

2022-yil avgustdan boshlab, doimiy

11.

Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda sport kurashlari turlarini rivojlantirish va ommalashtirish.

1.Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya tizimida sport kurashlarini ommalashtirish va rivojlantirish, harbiy xizmatchi va xodimlarini ushbu sport turlariga keng jalb qilish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2022-yil sentabr

Ijrochilar mablagʻlari

Mudofaa vazirligi

(B. Kurbanov),

Ichki ishlar vazirligi

(P. Bobojonov),

Favqulodda vaziyatlar vazirligi

(A. Qoʻldoshev),

Davlat xavfsizlik xizmati

(A. Azizov),

Milliy gvardiya

(R. Djurayev),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev)

2. Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni sport kurashlari boʻyicha xorijiy mamlakatlarda foydalanilayotgan oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, adabiyotlar va boshqa axborot materiallari bilan taʼminlash.

2022-yil noyabr

3.Qurolli Kuchlar tizimi harbiy xizmatchilari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari orasidan sifatli sport zaxirasi va mamlakat terma jamoalari tarkibini shakllantirish.

2022 — 2024-yillar davomida

12.

Birlashgan kurash dunyosi, Osiyo sport kurashlari federatsiyasi hamda yetakchi xorijiy mamlakatlarning sport kurashlari boʻyicha federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan hamkorlikni mustahkamlash.

1. Birlashgan kurash dunyosi, Osiyo sport kurashlari federatsiyasining masʼul lavozimlariga mamlakatimizdagi sport kurashlari turlari boʻyicha yetuk mutaxassis, sportchi va trenerlari orasidan nomzodlarni ilgari surish.

2. Sport kurashlari boʻyicha jahon reytinglarida yuqori oʻrinlarni egallagan davlatlar, jumladan AQSH, Armaniston, Vengriya, Gruziya, Kuba, Ozarbayjon, Rossiya, Turkiya, Eron, Yaponiya va boshqa davlatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganish va amaliyotga joriy qilish, ularning sport federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan hamkorlikni kuchaytirish. Bunda, yoshlarni sportga jalb etish, sportchilar bilan ishlash va xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik koʻrish masalalariga alohida eʼtibor qaratish.

2022-yildan boshlab

Ijrochilar va homiylar mablagʻlari

Sportni rivojlantirish vazirligi

(Sh. Maxmudov),

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi

(O. Qosimov),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev)

13.

Oʻzbekistonda anʼanaviy tarzda sport kurashlari boʻyicha erkaklar va ayollar jamoalari oʻrtasida (olimpiya va xalqaro vazn toifalari boʻyicha) xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish.

1.Yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro sport musobaqalarini Toshkent shahrida oʻtkazish.

2023-yil mart

Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi doirasida ajratilgan mablagʻlar

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov),

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi

(O. Qosimov),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (F. Ermanov), Surxondaryo viloyati (U.Qosimov) va Toshkent shahar (Sh. Umurzakov) hokimliklari

2.Oʻsmirlar oʻrtasida “Uzbekistan-Grand Prix” xalqaro sport musobaqalarini Termiz shahrida oʻtkazish.

2023-yil iyun

3.Kattalar oʻrtasida “New Uzbekistan” xalqaro sport musobaqalarini Nukus shahrida oʻtkazish.

2023-yil oktabr

4.Har bir xalqaro sport musobaqasi gʻolib va sovrindorlarini munosib ragʻbatlantirish.

14.

Ommaviy axborot vositalari, shu jumladan Internet orqali sport kurashlarini keng targʻib qilish.

1.Quyidagilarni nazarda tutuvchi media-rejani ishlab chiqish va tasdiqlash:

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Sport” telekanalida sport kurashlari boʻyicha mahalliy va xalqaro musobaqalar, sportchilarimiz tomonidan erishilgan yutuqlarni muntazam yoritib borish maqsadida “Sport kurashlari” maxsus ruknini tashkil qilish;

hududiy telekanallar va ommaviy axborot vositalarida sport kurashlarini keng yoritish ishlarini doimiy ravishda tashkillashtirib borish;

mashhur sportchilar bilan davra suhbatlari, muloqotlar va mahorat darslarini oʻtkazish;

sport jurnalistlarining sport kurashlari yutuqlari tahliliga bagʻishlangan koʻrsatuvlarini ommaviy axborot vositalarida doimiy yoritib borish.

Ishlab chiqish va tasdiqlash — 2022-yil sentabr

Amalga oshirish — 2022 — 2024-yillar davomida

Ijrochilar mablagʻlari

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi

(A. Xadjayev),

Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi

(Sh. Qudratxoʻja),

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov),

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi

(O. Qosimov),

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev)

2. Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining veb-saytini yangilash, videoroliklarni joylashtirish, uning ijtimoiy tarmoqlar va videoxostinglardagi sahifasini ochish.

2022-yil noyabr

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi mablagʻlari

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi

(S. Abduvaliyev)

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2022-y., 07/22/336/0691-son; 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son; 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)