Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.05.2021
Hujjat 01.09.2000 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 25-fevraldagi OʻRQ-677-sonli “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2021-yil 27-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga (Oʻzbekiston Pecpublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 1, 15-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 124-modda) oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinmoqda).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 26-may,
78-II-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
AUDITORLIK FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
(yangi tahriri)
1-modda. Auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Banklarni auditorlik tekshiruvidan oʻtkazishning oʻziga xos jihatlari Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
“Oʻzbekiston Respublikasida banklarni auditorlik tekshiruvi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 982, 04.11.2000-y.) va “Tijorat banklarining ichki auditiga Markaziy bank tomonidan qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 992-1, 20.04.2004-y.)ga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-modda. Auditorlik faoliyati
Auditorlik faoliyati deganda auditorlik tashkilotlarining auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish va boshqa shu bilan bogʻliq professional xizmatlar koʻrsatish borasidagi tadbirkorlik faoliyati tushuniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga auditorlik faoliyatini amalga oshirish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Auditor
Auditor — auditor malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxsdir.
Agar auditor auditorlik tashkilotining shtatida turgan boʻlsa yoki auditorlik tashkiloti u bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzgan boʻlsa, u auditorlik tekshiruvi oʻtkazishga jalb etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Auditor auditorlik tekshiruvini sifatsiz oʻtkazganligi, tijorat sirini oshkor etganligi hamda boshqa xatti-harakatlari oqibatida auditorlik tashkilotiga zarar yetkazganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq auditorlik tashkiloti oldida javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Auditorning yordamchisi
Auditorning yordamchisi auditor malaka sertifikatiga ega boʻlmagan va auditorlik hisobotida, auditorlik xulosasida auditorning ekspert xulosasida hamda auditorlik tekshiruvini oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa rasmiy hujjatda imzo chekish huquqiga ega boʻlmagan tarzda auditorning topshirigʻiga binoan auditorlik tekshiruvida ishtirok etayotgan jismoniy shaxsdir.
Auditor yordamchisining mehnat shartlari qonun hujjatlarida qayd etilgan tartibda tuzilgan mehnat shartnomasi bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining VI-bobi (77—87-moddalari)ga qarang (“Mehnat shartnomasini tuzish”).
Auditorlik tekshiruvini amalga oshirishda olingan maʼlumotlarni oshkor etmaslik majburiyati auditorning yordamchisiga nisbatan tatbiq etiladi.
Auditorning yordamchisi sifatida ishlangan vaqt auditor malaka sertifikatini olish uchun zarur boʻladigan ish stajiga qoʻshiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Auditorlik tashkiloti
Auditorlik tashkiloti auditorlik faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga ega boʻlgan yuridik shaxsdir.
Auditorlik tashkilotlari oʻz faoliyatini amalga oshirishda mustaqildir.
Auditorlik tashkilotlari vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralari hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari tomonidan tuzilishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Auditorlik tashkilotlari ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati koʻrinishidan tashqari, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilishi va oʻz faoliyatini quyidagi majburiy shartlarga rioya etgan holda amalga oshirishi mumkin:
Keyingi tahrirga qarang.
auditorlik tashkiloti ustav kapitalining kamida 51 foizi bir yoki bir necha auditorga tegishli boʻlishi kerak (chet el auditorlik tashkilotining filiali yoki shoʻba korxonasi tuzilgan holat bundan mustasno);
auditorlik tashkilotining shtat birligi kamida ikki auditordan iborat boʻlishi kerak;
Keyingi tahrirga qarang.
auditorlik tashkilotining rahbari faqat auditor boʻlishi kerak;
Keyingi tahrirga qarang.
auditor tashkilotining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ustav kapitali mavjud boʻlishi kerak.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-sentabrdagi PQ-3946-son “Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Auditorlik tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak. Adliya vazirligi auditorlik tashkilotlarining davlat reyestrini yuritadi. Auditorlik tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va auditorlik tashkilotlarining davlat reyestrini yuritish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom”, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-martdagi 218-son qarori bilan tasdiqlangan Auditorlik faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida nizomning 9-bobi.
Auditorlik tashkilotlari auditorlik faoliyatini oʻzining fuqarolik javobgarligi xususidagi sugʻurta polisi mavjud boʻlgan taqdirda auditorlik xizmati koʻrsatish toʻgʻrisidagi tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Auditorlik tashkilotining huquqlari
Auditorlik tashkiloti quyidagi huquqlarga egadir:
auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun xoʻjalik yurituvchi subyektning taʼsis hujjatlari hamda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot hujjatlari bilan oldindan tanishib chiqish;
Keyingi tahrirga qarang.
auditorlik tekshiruvi oʻtkazilayotganda xoʻjalik yurituvchi subyekt amalga oshirayotgan moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq hujjatlarni toʻliq hajmda olish, shuningdek ushbu hujjatlarda hisobga olingan har qanday mol-mulkning amalda mavjudligini hamda har qanday majburiyatlarning amaldagi holatini tekshirish;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish davomida yuzaga kelgan masalalar boʻyicha xoʻjalik yurituvchi subyektning moddiy javobgar shaxslaridan ogʻzaki va yozma tushuntirishlar olish hamda auditorlik tekshiruvi uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlarni olish;
uchinchi shaxslar tomonidan yozma tasdiqlangan axborotni xoʻjalik yurituvchi subyektdan olish;
ishonchli auditorlik xulosasini tuzish uchun zarur boʻlgan barcha axborot xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan taqdim etilmagan taqdirda auditorlik tekshiruvi oʻtkazishdan bosh tortish;
auditorlik tekshiruvini oʻtkazishda ishtirok etishga auditorlar va boshqa mutaxassislarni belgilangan tartibda jalb etish.
Keyingi tahrirga qarang.
Auditorlik tashkiloti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7-modda. Auditorlik tashkilotining majburiyatlari
Auditorlik tashkiloti auditorlik faoliyati bilangina shugʻullanishi mumkin hamda u:
auditorlik faoliyatini amalga oshirayotganida ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlarining talablariga rioya etishi;
auditorlik tekshiruvi oʻtkazishga doir shartnoma tuzishdan oldin buyurtmachining talabiga binoan auditorlik faoliyatini oʻtkazish huquqini beruvchi tegishli litsenziyani, auditor (auditorlar)ning malaka sertifikatini taqdim etishi;
xoʻjalik yurituvchi subyektning soʻroviga binoan auditorlik tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha qonun hujjatlarining talablari toʻgʻrisidagi, auditorning eʼtirozlari asoslanilgan qonun hujjatlarining normalari toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishi;
auditorlik tekshiruvini amalga oshirishda olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishi;
Keyingi tahrirga qarang.
auditorlik hisobotida moliyaviy-xoʻjalik operatsiyalarining qonuniyligi buzilishi faktlarini hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflarni aks ettirishi;
Keyingi tahrirga qarang.
xoʻjalik yurituvchi subyektga uning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari zarar yetkazganligini aniq tasdiqlab turgan faktlarni aniqlagan taqdirda bu haqda xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbariyatiga (mulkdoriga) maʼlum qilishi hamda auditorlik hisobotiga tegishli qaydni kiritishi shart. Zarur hollarda auditorlik tekshiruvining natijalarini maʼlum qilish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qatnashchilarning (aksiyadorlarning) umumiy yigʻilishi chaqirilishini talab qilishi shart.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 72-moddasi hamda “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasiga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Auditorlik tashkiloti zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
8-modda. Auditorlik tashkilotining javobgarligi
Auditorlik tashkilotlari auditorlik tekshiruvi buyurtmachilari, xoʻjalik yurituvchi subyekt va moliyaviy hisobotdan boshqa foydalanuvchilar oldida moliyaviy hisobot hamda xoʻjalik yurituvchi subyektning boshqa moliyaviy axboroti toʻgʻrisida notoʻgʻri yakundan iborat boʻlgan auditorlik xulosasini tuzish oqibatida ularga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi.
Auditorlik tekshiruvini sifatsiz oʻtkazganlik yoki lozim darajada oʻtkazmaganlik oqibatida xoʻjalik yurituvchi subyektga va (yoki) auditorlik tekshiruvining buyurtmachisiga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi shart.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 706-moddasiga qarang.
9-modda. Auditorlik tekshiruvi
Auditorlik tekshiruvi moliyaviy hisobot va boshqa moliyaviy axborot toʻgʻriligi va qonun hujjatlariga mosligini aniqlash maqsadida xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisobotini hamda u bilan bogʻliq moliyaviy axborotni auditorlik tashkilotlari tomonidan tekshirishdir.
Keyingi tahrirga qarang.
Auditorlik tekshiruvi majburiy va tashabbus tarzidagi shakllarda oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10-modda. Majburiy auditorlik tekshiruvi
Quyidagilar har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi kerak:
aksiyadorlik jamiyatlari;
Keyingi tahrirga qarang.
banklar va boshqa kredit tashkilotlari;
sugʻurta tashkilotlari;
investitsiya fondlari hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlarini jamlab turuvchi boshqa fondlar hamda ularning boshqaruv kompaniyalari;
Keyingi tahrirga qarang.
manbalari yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari boʻlmish xayriya fondlari va boshqa ijtimoiy fondlar;
mablagʻlarining hosil boʻlish manbalari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qilinadigan majburiy ajratmalar boʻlmish budjetdan tashqari fondlar;
ustav fondida davlatga tegishli ulush boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Majburiy auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻladi. Auditorlik tashkilotini tanlash xoʻjalik yurituvchi subyekt mulkdori, shuningdek qatnashchilari (aksiyadorlari)ning umumiy yigʻilishi bilan kelishib olinadi.
Majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdan bosh tortish xoʻjalik yurituvchi subyektdan eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima undirishga, shuningdek uning rahbarini qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortishga sabab boʻladi. Jarimaning toʻlanishi xoʻjalik yurituvchi subyektni majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishdan ozod qilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvi
Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvi xoʻjalik yurituvchi subyektning yoki boshqa auditorlik tekshiruvi buyurtmachilarining qaroriga binoan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda oʻtkazilishi mumkin.
Tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvining predmeti, muddatlari va boshqa shartlari auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi bilan auditorlik tashkiloti oʻrtasida tuziladigan auditorlik tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilab qoʻyiladi.
12-modda. Xoʻjalik yurituvchi subyektning auditorlik tekshiruvi oʻtkazilayotgandagi huquq va majburiyatlari
Auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt quyidagi huquqlarga egadir:
auditorlik hisoboti va auditorlik xulosasini olish;
buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy hisobotni tuzish tartibi toʻgʻrisida hamda aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni toʻgʻrilash haqida auditorlardan maslahat va tavsiyalar olish.
Auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt:
auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatlarda auditorlik tekshiruvini oʻtkazish uchun auditorga kerakli sharoitlarni yaratib berishi, unga zarur hujjatlarni taqdim etishi;
auditorlik tekshiruvi davomida aniqlangan buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy hisobot tuzish qoidalari hamda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqish tartibi buzilishlarini bartaraf etishi shart.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt ushbu Qonunga muvofiq amalga oshirilayotgan auditorlik tekshiruvini oʻtkazishdan bosh tortish yoki unga xalaqit berish maqsadlarida u yoki bu harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etishga haqli emas.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar boʻlishi mumkin.
13-modda. Auditor tekshiruvining buyurtmachisi
Auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi auditorlik tekshiruvi oʻtkazilishini qoʻzgʻatuvchi xoʻjalik yurituvchi subyekt, uning mulkdori, shuningdek ustav kapitalida qonun hujjatlarida belgilanganidan kam boʻlmagan miqdordagi ulushga ega qatnashchilar va aksiyadorlar, nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlardir.
Auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi quyidagi huquqlarga ega:
auditorlik tashkilotini mustaqil tanlash;
tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvi oʻtkazilayotganda auditorlik tekshiruvining yoʻnalishi va hajmini belgilash;
auditorning eʼtirozlari asoslanilgan qonun hujjatlarining normalari toʻgʻrisidagi zarur axborotni auditorlik tashkilotidan olish;
Keyingi tahrirga qarang.
Auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi auditorlik tekshiruvini oʻtkazishga doir shartnomaga muvofiq auditorlik xizmatlarining haqini oʻz vaqtida toʻlashi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Auditorlik faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻymaslik
Auditorlik tashkiloti faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mustaqil auditorlik tekshiruvini amalga oshirishga toʻsqinlik qilish maqsadida auditorlik tashkilotiga, shuningdek uning xodimlariga istalgan shaklda taʼsir koʻrsatish qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
15-modda. Nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qilish organlarining tashabbusiga koʻra auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish
Auditorlik tekshiruvi nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qilish organlarining tashabbusiga koʻra auditorlik tashkiloti tomonidan ular oʻrtasida tuzilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini auditorlik tekshiruvidan oʻtkazish yuzasidan tuzilgan shartnomaga asosan oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Auditorlik tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha ishlarga haq toʻlash auditorlik tekshiruvini belgilagan organ hisobidan amalga oshiriladi.
Aynan bir xil asoslarga koʻra aynan bir auditorlik tashkiloti aynan bir xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyatini tekshirishga takror jalb etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
16-modda. Auditorlik tekshiruvi oʻtkazishdagi cheklovlar
Quyidagilarga auditorlik tekshiruvi oʻtkazish taqiqlanadi:
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbarlari va (yoki) boshqa mansabdor shaxslari bilan yaqin qarindosh boʻlgan shaxsga;
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektda mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy manfaatlari boʻlgan shaxsga;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, shuningdek xoʻjalik boshqaruv organlarining mansabdor shaxslariga;
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt xodimiga;
auditorlik tashkilotlariga va auditorlarga:
a) oʻzlari mulkdori, qatnashchisi, aksiyadori, kreditori, sugʻurtalovchisi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan, shuningdek ushbu auditorlik tashkilotlari va auditorlar ularga nisbatan mulkdor, qatnashchi, aksiyador hisoblanadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan;
Keyingi tahrirga qarang.
b) mulkdori, qatnashchisi, aksiyadori ayni bir paytning oʻzida ushbu auditorlik tashkilotining mulkdori, qatnashchisi, aksiyadori boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan;
Keyingi tahrirga qarang.
v) mazkur xoʻjalik yurituvchi subyektga auditorlik tekshiruvi qamrab oladigan davrda ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan professional xizmatlar koʻrsatganlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Auditorlik tashkilotlarining professional xizmatlari
Auditorlik tashkilotlari quyidagi professional xizmatlarini koʻrsatishlari mumkin:
buxgalteriya hisobini yoʻlga qoʻyish, qayta tiklash va yuritish;
moliyaviy hisobotni tuzish;
milliy moliyaviy hisobotni buxgalteriya hisobi xalqaro standartlariga oʻtkazish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tahlil qilish;
buxgalteriya hisobi, soliq solish, rejalashtirish, menedjment va moliya-xoʻjalik faoliyatining boshqa masalalari yuzasidan konsalting xizmati;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha hisob-kitoblar va deklaratsiyalarni tuzish.
Keyingi tahrirga qarang.
Auditorlik tashkilotlari auditorlik faoliyatining milliy standartlarida nazarda tutilgan boshqa professional xizmatlarni ham koʻrsatishlari mumkin.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun “90-son Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti (AFMS) “Auditorlik tashkilotlarining professional xizmatlari” (roʻyxat raqami 1017, 10.03.2001-y.)ga qarang.
18-modda. Auditorlik hisoboti
Auditorlik hisoboti — auditorlik tekshiruvining borishi, buxgalteriya hisobini yuritishning belgilangan tartibidan aniqlangan chetga chiqishlar, moliyaviy hisobotdagi qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi mufassal maʼlumotlardan, shuningdek auditorlik tekshiruvi oʻtkazish natijasida olingan boshqa axborotdan iborat boʻlgan va xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariga, mulkdoriga, qatnashchilari (aksiyadorlari)ning umumiy yigʻilishiga yoʻllangan hujjat. Auditor hisobotida aniqlangan chetga chiqishlar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektning moliya-xoʻjalik faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tavsiyalar va takliflar mavjud boʻlishi kerak.
Agar auditorlik tekshiruvi xoʻjalik yurituvchi subyekt qatnashchilari (aksiyadorlari) yoki nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qilish organlari topshirigʻiga binoan auditorlik tashkiloti tomonidan oʻtkazilayotgan boʻlsa, auditorlik hisoboti auditorlik tekshiruvi topshirigʻiga binoan oʻtkazilayotgan shaxsga ham taqdim etiladi.
Auditorlik hisobotidagi axborot maxfiy hisoblanadi va oshkor qilinishi mumkin emas. Ushbu axborotdan foydalangan shaxslar axborotni oshkor qilganlik uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Auditorlik hisobotining har bir beti auditorlik tekshiruvini oʻtkazgan auditor (auditorlar) tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Auditorlik hisobotining shakli va mazmuni auditorlik faoliyatning milliy standartlari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun “70-son Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti (AFMS) “Moliyaviy hisobot toʻgʻrisida auditorlik hisoboti va auditorlik xulosasi” (roʻyxat raqami 1016, 10.03.2001-y.)ga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Auditorlik xulosasi
Auditorlik xulosasi — moliyaviy hisobotning toʻgʻriligi va buxgalteriya hisobi yuritish tartibining qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisida auditorlik tashkilotining fikri yozma shaklda ifodalangan, xoʻjalik yurituvchi sybyekt moliyaviy hisobotidan foydalanuvchilar uchun ochiq boʻlgan hujjat.
Auditorlik xulosasi auditorlik hisoboti asosida tuziladi.
Auditorlik xulosasi auditor (auditorlar), auditorlik tashkilotining rahbari tomonidan imzolangan va auditorlik tashkiloti muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Auditorlik xulosasining shakli va mazmuni auditorlik faoliyatining milliy standartlari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun “70-son Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti (AFMS) “Moliyaviy hisobot toʻgʻrisida auditorlik hisoboti va auditorlik xulosasi” (roʻyxat raqami 1016, 10.03.2001-y.)ga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
20-modda. Qasddan soxta tuzilgan auditorlik hisoboti va auditorlik xulosasi
Auditorlik tekshiruvini oʻtkazmay tuzilgan yoxud auditorlik tekshiruvi natijalari boʻyicha tuzilsada, lekin auditorlik tekshiruvi davomida auditor (auditorlar) tomonidan olingan va oʻrganilgan xoʻjalik yurituvchi subyekt hujjatlari mazmuniga muvofiq boʻlmagan auditorlik hisoboti va auditorlik xulosasi qasddan soxta tuzilgan hisoblanadi.
Auditorlik hisoboti va auditorlik xulosasi qasddan coxta tuzilganligi auditorlik faoliyatini amalga oshirishga doir litsenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda tugatishga, shuningdek aybdor shaxslar qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishiga sabab boʻladi.
21-modda. Auditorlik faoliyatini litsenziyalash
Auditorlik faoliyati (professional xizmatlar bundan mustasno) maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida amalga oshiriladi.
Auditorlik tashkilotlariga auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya maxsus vakolatli davlat organi tomonidan beriladi. Bu organ:
auditorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarini, shu jumladan auditorlik faoliyatining milliy standartlarini oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
auditorlik tashkiloti litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablariga va shartlariga rioya etishini nazorat qiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
auditor malaka sertifikatini olish uchun daʼvogarlarga malaka talablarini belgilaydi;
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2018-yil 14-noyabrdagi 144-sonli “Auditor malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3105, 21.12.2018-y.)ga qarang.
auditorlarning respublika jamoat birlashmasi bilan kelishgan holda auditor malaka sertifikati olish uchun oʻquv dasturlarini va malaka imtihonlarini topshirish tartibini tasdiqlaydi;
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2018-yil 14-noyabrdagi 144-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Auditor malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” (roʻyxat raqami 3105, 21.12.2018-y.) 3-bobiga qarang.
auditorlarning respublika jamoat birlashmasi ishtirokida auditor malaka sertifikatini olish huquqiga doir malaka imtihonini oʻtkazadi;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda auditorlik faoliyatini amalga oshirishga doir litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatib turadi, tugatadi va bekor qiladi, shuningdek ushbu maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
auditorlar malaka sertifikatini beradi, amal qilishini tugatadi va bekor qiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
malaka sertifikatiga ega boʻlgan auditorlar reyestrining hamda auditorlik faoliyatini amalga oshirishga doir litsenziyaga ega boʻlgan auditorlik tashkilotlarni hisobini yuritadi.
Auditorlik tashkilotlariga auditorlik faoliyatini amalga oshirishga doir litsenziyalarni berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son qarori bilan tasdiqlangan “Auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun auditorlik tashkilotlariga litsenziya berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga qarang.
Auditorlik faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirganlik qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka olib keladi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 166-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 190-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 117-moddasi.
22-modda. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
auditorlik tashkiloti litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablarini va shartlarini buzganligi aniqlanganda;
auditorlik tashkiloti maxsus vakolatli davlat organining auditorlik tashkilotini aniqlangan qoidabuzarliklarini bartaraf etishga daʼvat etuvchi qarorini bajarmaganda.
Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror maxsus vakolatli davlat organi tomonidan auditorlik tashkilotiga yozma shaklda u qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi.
Maxsus vakolatli davlat organi litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etishi uchun auditorlik tashkilotiga muddat belgilashi shart. Koʻrsatilgan muddat olti oydan oshishi mumkin emas.
Auditorlik tashkiloti litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib qoʻyishga olib kelgan holatlarni bartaraf etgan taqdirda, maxsus vakolatli davlat organi koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomani olgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddat ichida litsenziyaning amal qilishini tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart.
Maxsus vakolatli davlat organining litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va tiklash toʻgʻrisidagi qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi kerak.
Maxsus vakolatli davlat organining litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish asossiz deb topgan taqdirda, maxsus vakolatli davlat organi auditorlik tashkiloti oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
23-modda. Litsenziyaning amal qilishini tugatish
Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
auditorlik tashkiloti litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
auditorlik tashkiloti tugatilganda;
auditorlik tashkilotining faoliyati u qayta tashkil etilishi natijasida tugatilganda, uning oʻzgartirilishi bundan mustasno;
auditorlik tashkiloti litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablarini va shartlarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzganda;
auditorlik tashkiloti litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarning maxsus vakolatli davlat organi belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
Keyingi tahrirga qarang.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror maxsus vakolatli davlat organi tomonidan auditorlik tashkilotiga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay asoslovchi dalillar bilan yetkaziladi. Auditorlik tashkiloti litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziya maxsus vakolatli davlat organiga qaytarilishi va yoʻq qilinishi kerak.
Maxsus vakolatli davlat organining litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi kerak.
Litsenziyaning amal qilishi litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
Maxsus vakolatli davlat organining litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini tugatish asossiz deb topgan taqdirda, maxsus vakolatli davlat organi auditorlik tashkiloti oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24-modda. Litsenziyani bekor qilish
Litsenziya quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
auditorlik tashkiloti litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda;
litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda;
maxsus vakolatli davlat organining litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarori noqonuniyligi aniqlanganda;
Keyingi tahrirga qarang.
agar auditorlik tashkiloti unga litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilgani haqida xabarnoma yuborilgan (topshirilgan paytdan eʼtiboran uch oy muddat ichida maxsus vakolatli davlat organiga litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan yoki litsenziya shartnomasini imzolamagan boʻlsa;
Keyingi tahrirga qarang.
Maxsus vakolatli davlat organining litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori auditorlik tashkilotiga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay asoslovchi dalillar bilan yetkaziladi. Auditorlik tashkiloti litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziya maxsus vakolatli davlat organiga qaytarilishi va yoʻq qilinishi kerak.
Maxsus vakolatli davlat organining litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi kerak.
Bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya berilgan sanadan eʼtiboran amal qiladi.
Maxcuc vakolatli davlat organining litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sud litsenziyaning bekor qilish asossiz deb topgan taqdirda, maxsus vakolatli davlat organi auditorlik tashkiloti oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
25-modda. Auditor malaka sertifikatining amal qilishini tugatish
Auditor malaka sertifikatining amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
auditorning arizasi;
auditorlik tekshiruvi davomida auditor olingan maʼlumotlarni auditorlik tekshiruvi buyurtmachisining ruxsatisiz uchinchi shaxslarga berishi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
Keyingi tahrirga qarang.
auditorlik tekshiruvi oʻtkazishda aniqlangan, xoʻjalik yurituvchi subyektning buxgalteriya hisobi yuritish, shuningdek moliyaviy hisobotni tuzish boʻyicha belgilab qoʻyilgan talablarni buzish faktlarining auditor tomonidan yashirganlik;
 LexUZ sharhi
Auditorning auditorlik tekshiruvini oʻtkazish chogʻida oʻzi aniqlagan buxgalteriya hisobini yuritishga, shuningdek moliyaviy hisobot tuzishga doir qonun hujjatlarida belgilangan talablar buzilganligi hollarini yashirishi, xuddi shuningdek auditorning bila turib soxta auditorlik hisobotini yoki auditorlik xulosasini tuzishi Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 179-moddasi boʻyicha javobgarlikka tortish uchun ham asos boʻladi.
auditorlik faoliyatida uch yil davomida ishtirok etmaslik;
auditorning malaka sertifikati boshqa shaxsga topshirilgan boʻlib, mazkur shaxs ushbu hujjatni auditorlik faoliyatida ishtirok etish uchun oʻz nomidan foydalanish maqsadida ishlatganlik faktining aniqlanganligi;
sudning muayyan lavozimlarni egallash yoki moliya-xoʻjalik munosabatlari sohasida muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish tariqasidagi jazoni nazarda tutuvchi hukmining qonuniy kuchga kirganligi;
fuqaroni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sud qarori.
Auditor malaka sertifikatining amal qilishi uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Maxsus vakolatli davlat organining auditor malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
26-modda. Auditor malaka sertifikatini bekor qilish
Auditor malaka sertifikati quyidagi hollarda bekor qilinadi:
maxsus vakolatli davlat organining auditorga malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qarori noqonuniy ekanligi aniqlanganida;
sertifikat soxta hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganida.
Malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror auditor malaka ceptifikati berilgan sanadan eʼtiboran amal qiladi.
Maxsus vakolatli davlat organining auditor malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
27-modda. Auditorlarning respublika jamoat birlashmasi
Auditorlarning respublika jamoat birlashmasi auditorlarning ixtiyoriy asoslarda birlashtiradigan nodavlat notijorat tashkilotidir.
Auditorlarning respublika jamoat birlashmasi auditorlarning malaka darajasini rivojlantirishga va saqlab turishga, ularning kasbiy manfaatlari himoyalanishiga koʻmaklashishga daʼvat etilgandir.
Auditorlarning respublika jamoat birlashmasi:
taʼlim dasturlarini hamda malaka imtihonlarini topshirish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlashda;
Keyingi tahrirga qarang.
auditorlar malaka sertifikatini olish huquqiga doir malaka imtihonlarini oʻtkazishda;
auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashda ishtirok etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
28-modda. Nizolarni hal etish
Auditorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
29-modda. Auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 149-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 110-modda; 41-son, 405-modda; 2007-y., 37-38-son, 378-modda; 2009-y., 37-son, 403-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda; 2014-y., 20-son, 222-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2017-y., 16-son, 265-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 03/19/516/2484-son, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; 23.01.2020-y., 03/20/603/0071-son)