Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek, idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga muvofiq:
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining kasbiy tayyorgarligini amalga oshirish tartibini belgilash;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari tomonidan shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va transport vositalarini koʻzdan kechirish qoidalarini belgilash;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining oʻz majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qiladigan kasalliklar va jismoniy nuqsonlar roʻyxatini tasdiqlash Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 1-ilovaga muvofiq:
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari vazifalari;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarini tashkil etish, idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari lavozimlariga nomzodlarga qoʻyiladigan talablar;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilarining huquq va majburiyatlari, ularni ijtimoiy himoya qilish;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnik taʼminoti;
b) Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining kasbiy tayyorgarligini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq:
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari boʻyicha vazifalari;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarini rejalashtirish va tashkil etish, shuningdek, tashkil etishga masʼul shaxslarga qoʻyiladigan talablar;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchilarining va xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinovlar qabul qilish tartibi;
v) Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari tomonidan shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va transport vositalarini koʻzdan kechirish qoidalari 3-ilovaga muvofiq:
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash va idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari tomonidan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash va idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari tomonidan ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va transport vositalarini koʻzdan kechirish tartibi;
ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va transport vositalarini koʻzdan kechirish vakolatiga ega boʻlgan shaxslarning huquq va majburiyatlari;
maxsus yuklar, maxsus pochta va soqchilar nazorati ostidagi shaxslarga hamrohlik qiluvchi shaxslarni, harbiy xizmatchilar, mergan sportchilar, ovchilar, geologlar, qurol saqlash va tashish huquqiga ega boʻlgan boshqa shaxslarning ashyolarini koʻzdan kechirish tartibi;
g) Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining oʻz majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qiladigan kasalliklar va jismoniy nuqsonlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 6-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni R.M. Djurayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-noyabr,
630-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 630-son qaroriga
1-ILOVA
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy nizom Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining (keyingi oʻrinlarda — qoʻriqlash boʻlinmalari) vazifalari va ularni tashkil etish tartibi, qoʻriqlash boʻlinmalarning ishchi va xizmatchilari lavozimlariga nomzodlarga qoʻyiladigan talablar, ishchilar va xizmatchilarning huquqlari, majburiyatlari va ijtimoiy himoyasi, shuningdek, qoʻriqlash boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnik taʼminotini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Quyidagilar qoʻriqlash boʻlinmalarining vazifalari hisoblanadi:
jismoniy shaxslar hayotini va sogʻligʻini tajovuzlardan himoya qilish;
obyektlarni qoʻriqlash va tajovuzlardan himoya qilish;
qoʻriqlanadigan obyektlarda nazorat-oʻtkazish va obyektning ichki rejimlarini taʼminlash;
qoʻriqlanadigan obyektlar hududida jamoat tartibini taʼminlash, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga chek qoʻyish;
qoʻriqlanadigan obyektlardagi mol-mulkni qoʻriqlash va kuzatib borish;
qoʻriqlanadigan obyektlarda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf qilishda ishtirok etish;
qoʻriqlashning ilgʻor muhandislik va texnik vositalari hamda usullarini joriy etish va ulardan foydalanish;
qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining jangovar hamda xizmat tayyorgarligini yuqori darajada taʼminlash va saqlash;
obyektlar va mol-mulkni qoʻporuvchilik-terrorchilik harakatlari sodir etilishidan, yoqish, oʻgʻirlash va boshqa jinoiy tajovuzlardan ishonchli qoʻriqlashni tashkil etish masalalari boʻyicha huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa davlat organlari, jamoatchilik vakillari bilan oʻzaro hamkorlikni taʼminlash.
Qoʻriqlash boʻlinmalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
2-bob. Qoʻriqlash boʻlinmalarini tashkil etish
3. Qoʻriqlash boʻlinmalari Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan roʻyxatga muvofiq davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarda (keyingi oʻrinlarda — tegishli tashkilotlar) tashkil etiladi.
Qoʻriqlash boʻlinmalarining tuzilmasi, ishchi va xizmatchilari sonining normasi va qoʻriqlash boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish tartibi tegishli tashkilotlarning ushbu Namunaviy nizomga muvofiq ishlab chiqiladigan hujjatlari bilan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari tomonidan xizmatni oʻtashni tashkil etish va xizmat oʻtash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Garnizon va qorovullik xizmatlari nizomi asosida ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda, oʻz tizimida qoʻriqlash boʻlinmalari boʻlgan tegishli tashkilotlar tasdiqlagan qoidalarga muvofiq belgilanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-martdagi 94-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.03.2026-y., 09/26/94/0218-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari oʻz xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tegishli tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan hamda farqlovchi belgilari boʻlgan formali kiyim-bosh kiyib yurish huquqiga ega.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-martdagi 94-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.03.2026-y., 09/26/94/0218-son)
Qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilariga tegishli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda xizmat guvohnomalari beriladi.
6. Qoʻriqlash boʻlinmalari oʻzlariga yuklangan vazifalarni bajarish uchun xizmat (qoʻriqchi) itlaridan foydalanishi mumkin.
Xizmat (qoʻriqchi) itlari xizmatda foydalanishga yaroqli deb topilgan boʻlishi va ularning veterinar pasporti boʻlishi kerak.
3-bob. Qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari lavozimlariga nomzodlarga qoʻyiladigan talablar
7. Qoʻriqlash boʻlinmalariga Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni, muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni oʻtagan fuqarolar olinadi (boshqaruv, xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar bundan mustasno).
8. Quyidagilar qoʻriqlash boʻlinmalariga ish (xizmat)ga qabul qilinmaydi:
qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
jinoiy jazoni oʻtayotgan shaxslar;
mulkka tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, shuningdek, jamoat tartibiga yoki boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun bir yil ichida takroran maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslar;
ruhiy kasalliklari boʻlgan, narkologik kasalliklarga chalingan, shuningdek, sogʻligʻi boʻyicha tegishli tashkilotlar tomonidan belgilangan talablarga javob bermaydigan shaxslar;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar;
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar.
Qoʻriqlash boʻlinmalariga ishga (xizmatga) kirish uchun nomzodlarga nisbatan qonunchilikka muvofiq qoʻshimcha talablar qoʻyilishi mumkin.
9. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari maxsus oʻquv dasturlari boʻyicha kasbiy tayyorgarlikdan oʻtadi.
Kasbiy tayyorgarlik boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkaziladigan vaqt ish vaqtiga kiritiladi.
4-bob. Qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining huquq va majburiyatlari
10. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari oʻz vazifalarini bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
qoʻriqlanadigan obyektga kelgan va uning hududida turgan shaxslardan nazorat-oʻtkazish va obyektning ichki rejimlariga, shuningdek, jamoat tartibiga rioya etishni talab qilish;
qoʻriqlanadigan obyekt hududidan mol-mulkni qonunga xilof ravishda olib chiqishga yoki qoʻriqlanadigan obyektga taqiqlangan predmetlarni olib kirishga urinish chogʻida shaxslarni ushlash;
shaxsini tasdiqlaydigan va qoʻriqlanadigan obyektga kirish (chiqish) va unda boʻlish, shuningdek, transport vositalarining kirishi (chiqishi), mol-mulkni qoʻriqlanadigan obyektlarga olib kirish (olib chiqish) huquqini beradigan hujjatlarni tekshirish;
qoʻriqlanadigan obyektlardagi mol-mulkni saqlash sharoitlarini, qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari holatini hamda sozligini tekshirish, aniqlangan qoidabuzarliklar va kamchiliklarning bartaraf etilishini tegishli tashkilotlarning masʼul xodimlaridan talab qilish;
obyektlarni qoʻriqlash va mol-mulk saqlanishi, nazorat-oʻtkazish va obyekt ichki rejimi qoidalari buzilishi aniqlangan taqdirda, ularga barham berish va ularga koʻmaklashadigan shart-sharoitlarni tugatish chora-tadbirlarini koʻrish;
fuqarolar va mansabdor shaxslardan xizmat vazifalari bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi huquqbuzarliklar va xatti-harakatlarni toʻxtatishni talab qilish. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda, huquqqa zid xatti-harakatlar, huquqbuzarliklarga barham berish yuzasidan qonunchilikda nazarda tutilgan tegishli choralarni qoʻllash;
qoʻriqlanadigan obyektdagi, patrullik yoʻnalishidagi hodisani, sodir etilgan huquqbuzarlikni belgilangan tartibda rasmiylashtirish, jinoyat izlarini saqlash maqsadida fuqarolardan hodisa joyini tark etishni talab qilish;
qoʻriqlanadigan obyektga qonunga xilof ravishda kirgan yoki qoʻriqlanadigan obyektda huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning shaxsini aniqlash, ularni ushlash hamda qoʻriqlash xizmati xonasiga yetkazish;
muomalada boʻlishi cheklangan moddalar, shu jumladan, obyektga olib kirish (undan olib chiqish) uchun taqiqlangan predmetlar roʻyxatiga qoʻriqlanadigan obyekt maʼmuriyati tomonidan kiritilgan moddalar bor deb hisoblash uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, fuqarolarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, ularning ashyolarini, qoʻl yukini, bagajini koʻzdan kechirish hamda ularni olib yurish hamda saqlash uchun asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda, mazkur predmetlar, vositalar va moddalarni olib qoʻyish, shuningdek, transport vositalarini koʻzdan kechirish, ularda tashilayotgan yuklarning ilova qilinadigan hujjatlarga muvofiqligini tekshirish;
qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda xizmat qurolini hamda maxsus vositalarni olib yurish va ulardan foydalanish, shuningdek, jismoniy kuch ishlatish.
Qoʻriqlash boʻlinmalarining noqulay mehnat sharoitlariga ega boʻlgan obyektlarda xizmat oʻtaydigan ishchi va xizmatchilari ushbu obyektlarning xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnat sohasidagi qoʻshimcha kafolatlardan foydalanadi. Mehnat sohasidagi qoʻshimcha kafolatlar qoʻriqlash xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomada aks ettiriladi.
Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanish huquqiga ega.
11. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari qoʻriqlash turi, shakllari, usullaridan qatʼi nazar, xizmatni oʻtash vaqtida quyidagilarga majbur:
qoʻriqlanadigan obyektlarni himoya qilish, belgilangan tartibga va qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga qatʼi rioya etish, qoʻriqlanadigan obyektni kuzatib borish;
qoʻriqlanadigan obyektga tajovuz qilgan shaxslarga nisbatan ayni holatda lozim boʻlgan ehtiyot choralarini qoʻllagan holda, qonunchilikda belgilangan tartibda harakatlarni amalga oshirish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni
qoʻriqlanayotgan mol-mulkning oʻgʻirlanishi yoki buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan xoʻjasizlik va beparvolik namoyon boʻlishining har qanday koʻrinishiga nisbatan oʻz vaqtida choralar koʻrish;
hodisa joyida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek, hayotiga va sogʻligʻiga zarar yetkazilgan shaxslarga birinchi yordam koʻrsatish yoki shunday yordam koʻrsatilishini tashkil etish;
xizmatni oʻtash joylarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga chek qoʻyish;
oʻz vakolatlari doirasida jismoniy shaxslar hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini, shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish uchun zarur choralar koʻrish;
qoʻriqlanadigan obyektda huquqbuzarliklar va hodisalarning izlari saqlanishini taʼminlash;
qoʻriqlanadigan obyektlardagi tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf qilishda ishtirok etish;
qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirish chogʻida oʻzlariga maʼlum boʻlgan xizmatga doir axborotning va boshqa axborotning maxfiyligini taʼminlash;
qoʻriqlanadigan obyektda nazorat-oʻtkazish va obyektning ichki rejimlariga rioya etilishini qoʻriqlanadigan obyekt maʼmuriyati tomonidan qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar bilan kelishuvga koʻra tasdiqlangan qoidalarga muvofiq taʼminlash;
qoʻriqlanadigan obyektlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida fuqarolar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni hal etishda oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashish;
oʻziga ishonib topshirilgan xizmat quroli va uning oʻq-dorilari, maxsus va texnik vositalar, shaxsiy himoya vositalari hamda mol-mulkning xavfsiz va lozim darajada saqlanishini taʼminlash;
oʻzlariga yuklangan vazifalarni bajarishga halol va vijdonan munosabatda boʻlish, intizomli boʻlish, oʻz kasbiy bilimlarini doimo oshirib borish;
tegishli maxsus oʻquv dasturlari boʻyicha kasbiy tayyorgarlik darajasini taʼminlash;
belgilangan tartibda maxsus formali kiyim-boshini kiyish va farqlovchi belgilarini taqib yurish.
Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilarining zimmasiga qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
12. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari bir yilda kamida bir marta ish beruvchining hisobidan majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtadi.
Majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishdan bosh tortgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari ish beruvchining qaroriga asosan majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtib boʻlguniga qadar ishdan chetlashtiriladi.
Tibbiy koʻrik natijalari boʻyicha xizmatga yaroqsiz deb topilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi umumiy asoslarda bekor qilinadi.
13. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilarining noqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
14. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilarining jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va xizmat qurolini qoʻllash tartibi “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilarining ijtimoiy himoyasi
15. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilariga tegishli jamoaviy shartnomalar hamda bitimlarda nazarda tutilgan qoidalar va imtiyozlar joriy etiladi.
16. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari mehnat faoliyati davomidagi baxtsiz hodisalar va kasbiy kasalliklaridan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat majburiy ijtimoiy sugʻurtasi qilinishi lozim.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
17. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari xizmat vazifalarini bajarish chogʻida jarohat olgan yoki halok boʻlgan taqdirda, yetkazilgan zarar tegishli jamoa shartnomalari va jamoa kelishuvlariga muvofiq amaldagi qonunchilikda belgilab qoʻyilgan normalardan kam boʻlmagan tartibda qoplanadi.
6-bob. Qoʻriqlash boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnik taʼminoti
18. Qoʻriqlash boʻlinmalarini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash qoʻriqlash boʻlinmalarini tashkil etgan tegishli tashkilotlar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
19. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash, ularni formali kiyim-bosh va maxsus vositalar bilan taʼminlash qoʻriqlash boʻlinmalarini tashkil etgan tegishli tashkilotlar tomonidan belgilanadigan normalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari faoliyati tegishli tashkilotlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash departamenti boʻlinmalari tomonidan ularning vakolatlari doirasida nazorat qilinadi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-martdagi 94-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.03.2026-y., 09/26/94/0218-son)
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Qoʻriqlash boʻlinmalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
22. Ushbu Namunaviy nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekitson Respublikasi Jinoyat kodeksining XXIV bobi (Harbiy mansabdorlik jinoyatlari)
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 630-son qaroriga
2-ILOVA
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchilarining va xizmatchilarining kasbiy tayyorgarligini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining (keyingi oʻrinlarda — ishchi va xizmatchilar) kasbiy tayyorgarligini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Ishchi va xizmatchilarning kasbiy tayyorgarligi ularning oʻz xizmat vazifalarini bajarishi uchun zarur boʻlgan bilim, koʻnikma, malakalarni oshirishga, chidamlilik va epchillikni taʼminlashga qaratilgan xizmat-jangovar, ijtimoiy-huquqiy, axloqiy-ruhiy va jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlarini oʻz ichiga oladi.
3. Zarur bilim, koʻnikma va malakalarni oʻzlashtirish, yetarli darajada takomillashtirib borish hamda jangovar, jismoniy va axloqiy-ruhiy yetuklikka erishishga intilish har bir ishchi va xizmatchining xizmat burchidir.
4. Ishchi va xizmatchilar bilan kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarini amalga oshirish maqsadi va vazifalari quyidagilardan iborat:
ishchi va xizmatchilarning kasbiy tayyorgarlikdagi masʼuliyat hissini va mahoratini doimiy ravishda takomillashtirib borish;
ishchilar va xizmatchilarga obyektlarni qoʻriqlashni tashkil etishning normativ-huquqiy asoslarini oʻrgatish, ularning amaliy koʻnikma hamda malakalarini oshirish;
ishchi va xizmatchilarga kasbiy-etika qoidalariga asoslanib, qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirish davomida turli xil vaziyatlarda oʻzini tutishni, fuqarolar bilan muomala qilish madaniyatini va axloqiy-ruhiy holatini nazorat qilishni oʻrgatish;
qoʻriqlanadigan obyektlarning oʻziga xosligi va xususiyatlarini oʻrgatish;
ishchi va xizmatchilar orasidan boshqaruvchanlik qobiliyatiga egalarini saralab, ularga qoʻriqlash faoliyati jarayonida boshqaruvni amalga oshirishni oʻrgatish;
ishchi va xizmatchilarni mustaqil hamda guruh tarkibida oʻz xizmat vazifalarini bajarishga, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni qoʻllash, xizmat qurolidan mohirona foydalanish talablarini oʻrgatish;
qoʻriqlanadigan obyektlar hududida jamoat tartibini taʼminlash, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga chek qoʻyish boʻyicha doimiy amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish;
qoʻriqlanadigan obyektlarda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf qilishda ishtirok etishni hamda qoʻriqlashning ilgʻor muhandislik, texnik vositalari va usullarini joriy etishni, ulardan foydalanishni oʻrgatish;
ishchi va xizmatchilarning turli holatlarda mohirona hamda samarali harakatlanishi, qurol va maxsus vositalarni jangovar shay holatda saqlashi boʻyicha bilim va koʻnikmalarini shakllantirish;
ishchi va xizmatchilarga qoʻriqlanadigan obyektlarni tajovuzlardan hamda obyektdagi jismoniy shaxslarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilishni oʻrgatish;
ishchi va xizmatchilarda yuqori ruhiy barqarorlik, jasoratlilik, qatʼiyatlilik, jismoniy chidamlilik va epchillik, zukkolik, ogʻir sharoitlarda jismoniy va axloqiy-ruhiy zoʻriqishga bardosh berish qobiliyatini shakllantirish, ziyraklik, hushyorlik, xotira, tafakkur va qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirishda zarur boʻladigan boshqa aqliy-hissiy koʻnikmalarini rivojlantirish.
5. Ishchi va xizmatchilar kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari bilan toʻliq qamrab olinadi. Xizmatda, mehnat taʼtilida boʻlganlar, kasallik varaqasi boʻyicha ishda boʻlmaganlar yoki boshqa uzrli sabablar bilan qatnashmaganlar uchun qoʻshimcha mashgʻulotlar tashkil etiladi.
2-bob. Kasbiy tayyorgarlikni rejalashtirish va tashkil etish
6. Kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari ikki oʻquv bosqichida oʻtkaziladi:
birinchi oʻquv bosqichi yanvar — may oylarida;
ikkinchi oʻquv bosqichi iyul — noyabr oylarida.
Iyun va dekabr oyi yangi oʻquv bosqichiga tayyorgarlik oylari hisoblanadi.
7. Kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari nazariy, amaliy, mustaqil tayyorgarlik va sinovlarni qabul qilish kabi oʻqitish usullaridan foydalangan holda tashkil etiladi.
Kasbiy tayyorgarlikni amalga oshirishda oʻqitishning zamonaviy usullaridan foydalaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Kasbiy tayyorgarlik boʻyicha ishchi va xizmatchilarning xizmat-jangovar, ijtimoiy-huquqiy, axloqiy-ruhiy va jismoniy tayyorgarlik mashgʻulotlarini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-martdagi 94-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.03.2026-y., 09/26/94/0218-son)
9. Kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari tarkibida idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari boʻlgan davlat boshqaruvi organi, xoʻjalik birlashmasi, mahalliy davlat hokimiyati organi yoki boshqa tashkilotlar rahbarining buyrugʻi (farmoyishi) asosida tashkil etiladi va ushbu buyruqda (farmoyishda) mashgʻulotlarni tashkil etish uchun masʼullar, tayyorgarlik mashgʻulotlarni tashkil etish kuni, joyi, vaqti, kim tomonidan oʻtkazilishi belgilanadi.
10. Kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarini tashkil etish uchun masʼul etib belgilangan mutaxassislarning vazifalari:
oʻquv jarayonini rejalashtirish va ishlab chiqishda qoʻl ostidagi ishchi va xizmatchilarga vazifalarni taqsimlab berish hamda ularning bajarilishini nazorat qilish;
oʻquv jarayonini tashkil etish uchun maʼlumotlar va maʼruzalar resurslarini shakllantirish hamda yangilab borish;
mashgʻulotlar guruhlar tarkibida va maxsus taktik mashqlar oʻquv rejalari hamda dasturlariga asosan oʻtkazilib, oʻquv guruh jurnallarini toʻgʻri yuritilishini nazorat qilish;
oʻquv-moddiy bazani yaxshilash va talab darajasida saqlab turishga rahbarlik qilish;
mashgʻulotlarni oʻtkazishda xavfsizlik qoidalari hamda talablarining bajarilishi, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish.
3-bob. Kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlarini oʻtkazish tartibi
11. Ishchi va xizmatchilar kasbiy tayyorgarlik yakunlari boʻyicha sinov imtihonlaridan (keyingi oʻrinlarda — sinov) oʻtkaziladi. Sinov kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarining ikkinchi oʻquv bosqichi yakunida oʻtkaziladi.
Sinovni oʻtkazish va baholash tarkibida idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari boʻlgan davlat boshqaruvi organi, xoʻjalik birlashmasi, mahalliy davlat hokimiyati organi yoki boshqa tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan tashkil etilgan komissiya (keyingi oʻrinlarda — komissiya) tomonidan amalga oshiradi.
12. Sinov quyidagi yoʻnalishlarda va ketma-ketlikda oʻtkaziladi:
a) amaliy sinovlar:
jismoniy tayyorgarlik boʻyicha (erkaklar uchun toʻsinda tortilish, ayollar uchun kuch ishlatish mashqlari, belgilangan masofalarga yugurish);
jangovar tayyorgarlik boʻyicha xizmat qurolidan oʻq otish mashgʻuloti bajariladi (xizmat quroli biriktirilmagan ishchilar va xizmatchilar bundan mustasno);
b) nazariy sinovlar — qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirish, ijtimoiy-huquqiy, axloqiy-ruhiy, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va xizmat qurolini qoʻllash shartlari, shaxsiy koʻrikdan oʻtkazishni, ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va transport vositalarini koʻzdan kechirish qoidalarini va huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni ushlash va qoʻlga olish boʻyicha oʻquv bosqichida oʻtilgan nazariy bilimlarni test topshirish orqali aniqlash.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Amaliy sinovlar boʻyicha meʼyorlar Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi. Amaliy sinovlarni muvaffaqiyatli topshirganlar (“qoniqarli”, “yaxshi” va “aʼlo” baholanganlar) nazariy sinoviga kirishiga ruxsat beriladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-martdagi 94-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.03.2026-y., 09/26/94/0218-son)
14. Nazariy sinovlar test savollar toʻplami asosida oʻtkaziladi. Test savollari oʻquv yili davomida oʻtkazilgan mashgʻulotlar mavzularidan kelib chiqqan holda, oʻz xizmat yoʻnalishlari boʻyicha ishlab chiqiladi.
15. Test savollarining matni “Times New Roman” shriftida Misrosoft Word matn redaktorida quyidagi tartibda ketma-ketlikda tayyorlanadi:
savollar ketma-ketlikni bildiruvchi raqamlar (“1.”, “2.”, “3.” va hokazo) bilan belgilanadi;
javob variantlarining har biri yangi xatboshidan boshlanadi va kamida uchta boʻladi, harflar (“A)”, “B)”, “V)” va boshqalar) bilan belgilanadi, javoblarning bittasi toʻgʻri boʻladi.
16. Test savollari komissiya tomonidan tekshiriladi, toʻgʻri javobning xatboshida “*” belgisi koʻrsatiladi va zarur holatlarda oʻzgartirishlar kiritilib, toʻgʻriligiga ishonch hosil qilingandan soʻng test bazasiga kiritiladi.
17. Ishchi va xizmatchilardan qabul qilinadigan kasbiy tayyorgarlik boʻyicha nazariy sinovlar testi 50 ta savoldan iborat boʻlib, ularni yechish uchun 60 daqiqa vaqt ajratiladi.
18. Nazariy sinovlar test savollari toʻplami uchta yoʻnalishdan iborat:
qoʻriqlash faoliyati yoʻnalishi boʻyicha (20 ta savol);
ijtimoiy-huquqiy hamda axloqiy-ruhiy yoʻnalish boʻyicha (15 ta savol);
jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va xizmat qurolini qoʻllash shartlari boʻyicha (15 ta savol).
19. Nazariy sinovlar testlarini baholashda har bir toʻgʻri topilgan javob uchun 2 ball beriladi va quyidagicha baholanadi:
“aʼlo” baho — 43 tadan 50 tagacha toʻgʻri javob (86,0 balldan 100 ballgacha);
“yaxshi” baho — 36 tadan 42 tagacha toʻgʻri javob (72,0 balldan 84,0 ballgacha);
“qoniqarli” baho — 28 tadan 35 tagacha toʻgʻri javob (56,0 balldan 70,0 ballgacha);
“qoniqarsiz” baho — 27 tagacha toʻgʻri javob (54,0 ballgacha).
20. Nazariy sinovlarni topshiradigan ishchi va xizmatchilar kundalik xizmat kiyimida boʻladi, ularga yordamchi maʼlumotlardan (shpargalka, uyali aloqa va boshqa vositalar) foydalanish, test kitobchasini sinov olinayotgan xonadan olib chiqib ketish qatʼiyan man etiladi. Sinov olish jarayonida belgilangan tartib va xizmat intizomiga toʻliq rioya etilishi lozim.
21. Nazariy sinovlar kompyuter texnika vositalari va videokuzatuv orqali toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn translyatsiya qilish vositalari bilan jihozlangan maxsus xonalarda yoki bunday maxsus xonalar mavjud boʻlmasa, yozma ravishda qabul qilinadi.
Nazariy sinovlarni qabul qilishdan oldin ishchi va xizmatchilarga komissiya tomonidan berilgan koʻrsatmani (tizimga kirish, test savollarini tanlash va ular bilan ishlash tartibi) aniq tushuntiriladi.
Agarda, ishchi va xizmatchi kompyuterda ishlash jarayonida xatoga yoʻl qoʻysa, sinovni qayta topshirishga ruxsat berilmaydi va uning bahosi “qoniqarsiz” deb baholanadi.
Ishchi va xizmatchiga nazariy sinovni qayta topshirishga kompyuterda yoki elektr tarmoqda texnik sabablarga koʻra nosozliklar paydo boʻlganda ruxsat beriladi.
22. Amaliy va nazariy sinovlar jarayonlari video tasvirga tushirib boriladi hamda bir yil davomida saqlanadi.
23. Oʻtkazilgan sinov natijalari boʻyicha komissiya tomonidan bayonnoma rasmiylashtirilib, imzolanadi va belgilangan tartibda saqlanadi.
24. Uzrli sabablarga koʻra (taʼtil, xizmat safari, mehnatga vaqtincha layoqatsiz boʻlgan davr) oʻquv bosqichi yakuni boʻyicha oʻtkazilgan sinovda qatnasha olmagan ishchi va xizmatchilar uchun qoʻshimcha ravishda sinovlar oʻtkaziladi.
Oʻquv bosqichi davrlari oʻrtasida ish (xizmat)ga qabul qilingan ishchi va xizmatchilar uchun ish (xizmat)ga qabul qilingan yilda belgilangan sinov oʻtkazilmaydi.
25. Sinovdan oʻta olmagan ishchi va xizmatchilarga bevosita boshligʻining tavsiyasiga muvofiq mazkur Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan sinovlarni bir marotaba qaytadan topshirishga ruxsat beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Sinov natijalari boʻyicha va qayta topshirishda qoniqarsiz baholangan ishchi va xizmatchilar malakasi yetarli emas deb hisoblanib, navbatdan tashqari kasbiy yaroqliligini aniqlash maqsadida davriy tekshiruvlardan oʻtish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mintaqaviy oʻquv markazlarining maxsus oʻquv kurslarida oʻz mablagʻlari hisobidan oʻqiga yuboriladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-martdagi 94-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.03.2026-y., 09/26/94/0218-son)
4-bob. Yakunlovchi qoida
27. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor deb topilgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekitson Respublikasi Jinoyat kodeksining XXIV bobi (Harbiy mansabdorlik jinoyatlari)
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 630-son qaroriga
3-ILOVA
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchi va xizmatchilari tomonidan shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va transport vositalarini koʻzdan kechirish
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — boʻlinma) ishchi va xizmatchilari tomonidan qoʻriqlanadigan obyektning (keyingi oʻrinlarda — obyekt) nazorat-oʻtkazish joyida obyekt xodimlari va tashrif buyuruvchilarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish hamda ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va transport vositalarini koʻzdan kechirish tartibini belgilaydi.
2. Boʻlinmalar obyektda shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish va koʻzdan kechirish huquqiga ega boʻlgan vakolatli tuzilma hisoblanadi.
3. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ashyo — muayyan moddiy qiymatga ega boʻlgan hamda iqtisodiy munosabatning predmeti boʻla oladigan, obyekt xodimlari va tashrif buyuruvchilar tomonidan yoki ulardan alohida tarzda olib kiriladigan (olib chiqiladigan) narsa;
koʻzdan kechirish — obyekt xodimlariga va tashrif buyuruvchilarga obyektning nazorat-oʻtkazish joyida ashyolar, qoʻl yuki va bagaj shaklida olib kirish (chiqish) taqiqlangan, noqonuniy aralashish harakatini sodir etish uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan xavfli moddalar va buyumlarni aniqlashga moʻljallangan tadbirlar kompleksi;
qoʻl yuki — oʻz oʻlchamiga koʻra obyektning nazorat-oʻtkazish joylarida obyekt xodimlari va tashrif buyuruvchilar tomonidan qiyinchiliksiz olib kirilishi (chiqilishi) mumkin boʻlgan, oʻrashning turi va xilidan qatʼi nazar, yengil tashiladigan buyumlar va ashyolar;
noqonuniy aralashish harakati — obyektning barqaror faoliyat koʻrsatishini izdan chiqarishga qaratilgan, odamlar hayoti va sogʻligʻiga, obyektga moddiy zarar yetkazadigan yoxud bunday oqibatlarning kelib chiqish xavfini yaratgan noqonuniy harakatlar yoki urinishlar;
obyekt xodimi — qoʻriqlanadigan korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlayotgan jismoniy shaxslar;
tashrif buyuruvchi — obyektga vaqtincha (oʻz ixtiyori yoki xizmat vazifalarini bajarish munosabati bilan) kelgan jismoniy shaxs;
shaxsiy koʻrik — obyektning nazorat-oʻtkazish joyida boʻlgan jismoniy shaxsga nisbatan oʻtkaziladigan tadbirlar kompleksi;
mansabdor shaxs — idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirish vakolati yuklatilgan, obyekt xodimlari va tashrif buyuruvchilarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish va koʻzdan kechirish vakolatiga ega boʻlgan ishchi va xizmatchilari;
Oldingi tahrirga qarang.
shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar — fuqaroning biometrik pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi, harbiy guvohnoma, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, haydovchilik guvohnomasi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning yashash guvohnomasi, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning harakatlanish hujjatlari.
(3-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi 442-sonli qarori tahririda)
2-bob. Shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi
4. Shaxsiy koʻrik obyektga olib kirish (chiqish) taqiqlangan ashyolarni obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar yonida yashirgan deb taxmin qilishga asoslar boʻlganda, yashirmoqchi boʻlganda va ularni oʻz ixtiyori bilan taqdim etish soʻralganda, taqdim etish rad etilganda mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
5. Mansabdor shaxs tomonidan shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida yozma shaklda qaror qabul qilinadi.
6. Shaxsiy koʻrikdan oʻtkazishni boshlashdan avval mansabdor shaxs:
shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorni obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarga eʼlon qilishi;
shaxsiy koʻrik oʻtkazilayotganda obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarning huquqlari hamda shaxsiy koʻrikni amalga oshirish tartibi bilan tanishtirishi shart.
7. Obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar shaxsiy koʻrikni rad etgan taqdirda, shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorga mansabdor shaxs tomonidan rad etilganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi hamda ushbu shaxslarning obyekt hududiga kirishiga (hududdan chiqishiga) yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Agar shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilayotgan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar mansabdor shaxsning qonuniy talablarini bajarmasa yoki bajarishga qarshilik koʻrsatsa, ushbu harakatlar maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ushbu shaxslarni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish uchun asos boʻladi.
9. Shaxsiy koʻrik sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan alohida xonada boʻlinmaning shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilayotgan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar bilan bir jinsdagi mansabdor shaxs tomonidan xuddi shu jinsdagi ikki xolis hozirligida oʻtkaziladi. Boshqa shaxslarning bu xonaga kirishi va shaxsiy koʻrikdan oʻtkazishni kuzatishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Zarur hollarda, shaxsiy koʻrik oʻtkazilayotganda tarjimon jalb qilinadi.
Voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz tashrif buyuruvchilar shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilayotganda ularning qonuniy vakillari yoki ularni kuzatib boruvchi shaxslar hozir boʻlishga haqli.
10. Shaxsiy koʻrik koʻrikdan oʻtkazilayotgan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar tomonidan oʻzida yashirib qoʻyilgan ashyolarni topish uchun zarur boʻlgan doirada hamda inson shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishini, uning sogʻligʻi va mol-mulkiga ziyon yetkazilishini istisno etadigan shaklda amalga oshiriladi.
11. Obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar shaxsiy koʻrikdan oʻtish jarayonida quyidagi huquqlarga ega:
mansabdor shaxsning shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori eʼlon qilinishini talab qilish;
oʻz ona tilidan foydalanish, shuningdek, tarjimondan foydalanish;
oʻz huquqlari va majburiyatlari bilan tanishish;
tushuntirishlar, iltimosnomalar berish;
shaxsiy koʻrik bayonnomasi tuzilgandan soʻng u bilan tanishib chiqish va mazkur bayonnomaga kiritilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni bayon etish;
mansabdor shaxsning shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori va uning harakatlari (harakatsizligi) boʻyicha belgilangan tartibda shikoyat qilish.
Shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilayotgan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
12. Shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilayotgan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar mansabdor shaxslarning qonuniy talablarini bajarishlari shart.
13. Shaxsiy koʻrik natijalari boʻyicha belgilanadigan shaklda bayonnoma tuziladi yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaga yoxud maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish toʻgʻrisidagi bayonnomaga tegishlicha yozib qoʻyiladi. Bayonnoma quyidagilar tomonidan imzolanadi:
shaxsiy koʻrikni oʻtkazgan mansabdor shaxs;
xolislar;
shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilgan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar.
Shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilgan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarga shaxsiy koʻrik oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi bayonnomaning koʻchirma nusxasi imzo qoʻydirib taqdim etiladi.
14. Shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish yoki ashyolarni koʻzdan kechirish vaqtida aniqlangan huquqbuzarlikni sodir etish quroli yoki bevosita shunday ashyolar va hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida nazarda tutilgan organlar tomonidan olib qoʻyiladi.
3-bob. Koʻzdan kechirishning umumiy qoidalari
15. Quyidagilar koʻzdan kechirishda asosiy prinsiplar hisoblanadi:
koʻzdan kechirishda qonunchilikka qatʼi rioya qilish;
ushbu Qoidalar talablariga rioya qilish;
koʻzdan kechirilayotgan ashyolar, qoʻl yuki, bagajda va avtotransport vositasida obyektga olib kirish (olib chiqish) taqiqlangan moddiy boyliklar va buyumlarni obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilardan belgilangan tartibda (vaqtincha muddatga qaytarib berish sharti bilan yoki butunlay) olib qoʻyish;
qonunchilik hujjatlari va ushbu Qoidalar talablarini buzuvchi obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarni aniqlash.
16. Koʻzdan kechirish quyidagilarni nazarda tutadi:
koʻzdan kechirishdan oʻtishning maqsadlari va qoidalaridan, ularning huquq va majburiyatlaridan, shuningdek, obyektga ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va avtotransport vositasida olib kirilishi (chiqilishi) taqiqlangan moddiy boyliklar va buyumlar hamda ular noqonuniy olib kirilganligi (chiqilganligi) uchun javobgarlik toʻgʻrisida obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarni xabardor qilish;
maxsus texnik vositalarni zarurat boʻlganda xizmat itlaridan foydalangan holda ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va avtotransport vositalarini puxta va sifatli koʻzdan kechirish;
obyektga ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va avtotransport vositasida olib kirilishi (chiqilishi) taqiqlangan moddiy boyliklar va buyumlarning noqonuniy olib kirilishini (chiqilishini) oʻz vaqtida aniqlash va oldini olish;
koʻzdan kechirilgan va obyektga qoʻyilgan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarning koʻzdan kechirishdan oʻtmagan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar bilan muomala qilishini istisno etish;
obyektga kirish uchun beriladigan ruxsatnomalarga ega boʻlmagan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarni obyekt hududiga qoʻymaslik.
17. Obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar ashyolari, qoʻl yuki, bagaji va avtotransport vositasini koʻzdan kechirishga taqdim etishni rad etgan taqdirda, obyektga kirish uchun beriladigan ruxsatnomalarga ega boʻlishidan qatʼi nazar, ularning obyekt hududiga kirishiga (hududdan chiqishiga) yoʻl qoʻyilmaydi.
4-bob. Koʻzdan kechirish vakolatiga ega boʻlgan shaxslarning huquq va majburiyatlari
18. Koʻzdan kechirishni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
obyektga kirmoqchi boʻlgan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilardan ushbu Qoidalar talablarini soʻzsiz bajarishni talab qilish;
obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilardan shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlari, avtotransport vositalarida bagaj hujjatlari mavjudligini tekshirish;
nazorat-oʻtkazish joyidan kirayotgan shaxslardan koʻzdan kechirish jarayonida aniqlangan, obyektga olib kirilishi (chiqilishi) taqiqlangan ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va avtotransport vositasidagi moddiy boyliklar va buyumlarni mansabdor shaxslar tomonidan olib qoʻyish bayonnomasi tuzilib, uning nusxasini obyekt xodimlari va tashrif buyuruvchilarga bergan holda, belgilangan tartibda olib qoʻyish;
zaruratga koʻra, noqonuniy aralashish harakatini yoki boshqa jinoiy harakatlarni sodir etish niyatidagi obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar uchun xos boʻlgan bir qancha oʻzini tutish belgilari boʻyicha potensial xavfli shaxslarni aniqlash maqsadida koʻzdan kechirilayotganlarni psixologik soʻrab chiqish;
ayrim shaxslar tomonidan qurol-yarogʻ, oʻq-dorilarni obyektga kirib-chiqishning belgilangan tartibiga rioya qilinishini nazorat qilish;
noqonuniy aralashish harakatlarining oldini olish maqsadida obyektning butun hududini koʻzdan kechirib chiqish.
19. Mansabdor shaxslar koʻzdan kechirish davomida:
ushbu Qoidalarga, obyekt xavfsizligini taʼminlashga, obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarning hayoti, sogʻligʻi va huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan qonunchilik hujjatlarining boshqa normalari talablariga qatʼi rioya qilishi;
koʻzdan kechirilayotgan ashyolarning egalariga nisbatan hushyor, eʼtiborli va iltifotli munosabatda boʻlishi hamda ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarga yoʻl qoʻymasligi;
koʻzdan kechirilayotgan ashyolarning egalariga oʻzlarida boʻlishi mumkin boʻlgan ashyolar, qoʻl yuki va bagajda obyektga olib kirishi (chiqishi) taqiqlangan moddiy boyliklar va buyumlarni ixtiyoriy ravishda koʻrsatishni taklif etishi;
ashyolarni koʻzdan kechirish vaqtida obyekt xodimlari va tashrif buyuruvchilarning asossiz ravishda ushlanib qolishiga yoʻl qoʻymasligi;
qoida buzilishiga barham berish choralarini koʻrishi;
obyekt hududiga olib kirilishi (chiqilishi) taqiqlangan moddiy boyliklar va buyumlarni aniqlashning zarur koʻnikmalariga ega boʻlishi;
obyektdagi tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarida tan jarohati olgan obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarga birinchi yordam koʻrsatish, maxsus qutqaruv xizmatlarini chaqirish choralarini koʻrishi;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish uchun davlat organlariga xabar berishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining XX bobi (“Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma”).
20. Koʻzdan kechirish natijasida:
obyekt hududiga obyekt xodimlari va tashrif buyuruvchilarning ashyolari, qoʻl yuki, bagaji va transport vositasida olib kirilishi (chiqilishi) taqiqlangan moddiy boyliklar va buyumlar olib kirilishi mumkin boʻlgan yoki ular olib kirilishiga yoʻl qoʻyilgan koʻzdan kechirish boʻyicha xizmat majburiyatlari bajarmaganligi;
koʻzdan kechirilayotgan ashyolar egasining shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishga olib kelgan xizmat vakolatlaridan chetga chiqqan mansabdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekitson Respublikasi Jinoyat kodeksining XXIV bobi (Harbiy mansabdorlik jinoyatlari).
5-bob. Koʻzdan kechirish tartibi
21. Obyekt hududiga kirishdan oldin mansabdor shaxslar tomonidan nazorat-oʻtkazish joyida obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlari (obyekt hududiga kirish huquqini beruvchi hujjatlari) tekshiriladi.
Obyektga kirishda (chiqishda) har bir obyekt xodimlari va tashrif buyuruvchilar ashyolari, qoʻl yuki, bagaji va avtotransport vositasini koʻzdan kechirishga taqdim etgan holda koʻzdan kechirishdan oʻtishi (zaruratga koʻra shaxsiy koʻrikdan oʻtkazishi) kerak.
22. Obyekt xodimlari va tashrif buyuruvchilarning ashyolari, qoʻl yuki, bagaji va avtotransport vositasi nazorat-oʻtkazish joyida koʻzdan kechiriladi, huquqbuzarlik sodir etish holatlari bundan mustasno.
23. Koʻzdan kechirish maxsus texnik vositalarni qoʻllagan holda, zarurat boʻlganda — xizmat itlaridan foydalanib quyidagi izchillikda oʻtkaziladi:
obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar ushbu obyektning nazorat-oʻtkazish joyi orqali oʻtadilar hamda ularga tegishli ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va avtotransport vositasida obyektga olib kirilishi (chiqilishi) taqiqlangan moddiy boyliklar va buyumlar toʻgʻrisida maʼlumot berish taklif etiladi;
ashyolar koʻzdan kechirilayotganda, obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarga kiyimdagi mavjud metall buyumlarni (kalitlar, folgali qutilardagi sigaretlar, tangalar va shu kabilarni) nazarda tutilgan idishga qoʻyish va turgʻun metall detektor orqali oʻtish taklif etiladi, metall buyumlar mavjudligi toʻgʻrisida signal tushgan taqdirda, qoʻlda ishlatiladigan metall detektor qoʻllaniladi, u boʻlmaganda esa — vizual koʻzdan kechiriladi, zarur hollarda ashyolar, qoʻl yuki va bagaj maxsus qoʻshimcha uskunadan foydalangan holda koʻzdan kechiriladi;
koʻzdan kechirishda obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarga ashyolar, qoʻl yuki, bagaj va avtotransport vositasida obyektga olib kirilishi (chiqilishi) taqiqlangan moddiy boyliklar va buyumlar aniqlangan taqdirda mansabdor shaxslar tegishli choralar koʻrish uchun darhol obyekt rahbariyatini va ichki ishlar organlari xodimini xabardor qiladi;
hajmi katta buyumlar, obyekt xodimlari va tashrif buyuruvchilarning qoʻlidagi ustki kiyimlar va ularning ichida nimalar borligini texnik vositalar orqali aniqlab boʻlmaydigan ashyolar qoʻl yordamida tekshiriladi;
qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ushlash maqsadida shubhali tashrif buyuruvchilarning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlari qoʻshimcha manbalardan oʻrganiladi;
texnik sabablarga koʻra introskopdan yoki turgʻun metall detektordan foydalanish mumkin boʻlmagan holatda, obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilar, shuningdek, ularning ashyolari, qoʻl yuki va bagaji qoʻlda ishlatiladigan metall detektor yordamida koʻzdan kechiriladi.
24. Ashyo va qoʻl yuki sifatida olib kirilayotgan maishiy maqsaddagi radioelektron apparatlar umumiy asoslarda koʻzdan kechiriladi.
25. Foto va video apparatlar maxsus texnik vositalar qoʻllanmasdan koʻzdan kechiriladi.
26. Yashirin olib kirish (chiqish) uchun buyumlardan foydalanish holatlarini aniqlash maqsadida ashyolarni koʻzdan kechirishda:
uyali telefonlar va shu kabi elektron priborlar ishlashi tekshiriladi;
foto va video apparatlarining gʻiloflari, jildlari, quvvatlantirish bloklari tekshiriladi (apparatni oʻchirib-yoqish, quvvatlantirish bloklarini ochish ushbu ashyolar egasi tomonidan amalga oshiriladi);
suyuqliklar solingan idishlar va termoslar vizual koʻzdan kechirish orqali tekshiriladi;
gabaritiga koʻra maxsus texnik vositalar yordamida tekshirib boʻlmaydigan musiqa asboblari gʻiloflari va jildlari ochib tekshiriladi.
27. Yurak faoliyatini ragʻbatlantiruvchi implantatsiya apparatlariga ega boʻlgan shaxslar maxsus texnik vositalar qoʻllanilmasdan shaxsiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
28. Koʻzdan kechirish tartib-qoidalaridan oʻtilgandan keyin obyekt xodimlari hamda tashrif buyuruvchilarga (taqiqlangan ashyolar yoʻqligi aniqlangandan soʻng) ularning ashyolari, qoʻl yuki va bagaji qaytariladi yoki maʼmuriy binodan chiqib ketishda olib ketish uchun vaqtincha muddatga saqlash uchun belgilangan joyda qoldiriladi.
Tegishli ruxsatnomaga ega boʻlgan va xizmat vazifalarini bajaruvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boʻlinma ishchi va xizmatchilarining xizmat quroli koʻzdan kechirilmaydi. Bunday hollarda qurol mavjudligi ushbu shaxslarning tegishli hujjatlarida koʻrsatiladi.
29. Koʻzdan kechirishdan oʻtish vaqti obyekt xodimlari va tashrif buyuruvchilarning obyektga kirib-chiqishidan kechikishi uchun shart-sharoitlar yaratmasligi zarur.
Bunda koʻzdan kechirish vaqtini qisqartirish maqsadida obyekt xodimlari va tashrif buyuruvchilarning ashyolarini koʻzdan kechirish tartib-qoidasini soddalashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-bob. Maxsus yuklar, maxsus pochta va soqchilar nazorati ostidagi shaxslarga hamrohlik qiluvchi shaxslarni, harbiy xizmatchilar, mergan sportchilar, ovchilar, geologlar, qurol saqlash va tashish huquqiga ega boʻlgan boshqa shaxslarning ashyolarini koʻzdan kechirish tartibi
30. Obyektning nazorat-oʻtkazish joyidan oʻtadigan maxsus yuklar, maxsus pochta va rasmiy xat-xabarlar hamda ularni kuzatib boruvchi vazirlik va idoralarning qurollangan xodimlari, feldegerlik va maxsus aloqa xodimlari, konsullik valezlari va Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari asosida ularga tenglashtirilgan, diplomatik maqomga ega boʻlgan shaxslar kuzatuvida kelgan xorijiy muassasalar va xalqaro tashkilotlarning vakillari tegishli hujjatlar taqdim etilgandan keyin koʻzdan kechirilmaydi va ushlab turilmaydi.
31. Qurollangan xodimlar tomonidan kuzatib kelingan maxsus yuklar va pochtani ortish, shuningdek, qurollangan xodimlarni va soqchilar nazorati ostidagi shaxslarni obyektga kirishi (chiqishi) qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
32. Obyektga (obyektdan) feldegerlik va maxsus aloqa xodimlari olib kelgan (olib chiqayotgan) maxsus yuklar va maxsus pochtada obyektga olib kirilishi (olib chiqilishi) taqiqlangan ashyolar, buyumlar boʻlmasligi kerak. Ushbu qoidalar buzilganligi uchun belgilangan tartibda feldegerlik va maxsus aloqa xodimlari javob beradi.
33. Obyektga kirish uchun tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, qurol saqlash va olib yurish huquqiga ega boʻlgan mergan sportchilar, ovchilar, geologlar oʻzlariga tegishli boʻlgan qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar, ov pichoqlari va raketnitsalar (signal beruvchi pistolet) bilan obyekt hududiga kirayotganda (chiqayotganda), ularning qurollari oʻqsizlantirilgan va gʻilof kiydirilgan boʻlishi kerak hamda magazinlarda oʻq-dorilar boʻlmasligi zarur.
7-bob. Yakunlovchi qoida
34. Ushbu Qoidalar talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 630-son qaroriga
4-ILOVA
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchilarining va xizmatchilarining oʻz majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qiladigan kasalliklar va jismoniy nuqsonlar
ROʻYXATI

1.

Yuqumli va parazitar kasalliklar.

2.

Nafas olish aʼzolarining sil kasalligi.

3.

Boshqa aʼzolar va tizimlarning sil kasalligi.

4.

Zaxm va asosan jinsiy yoʻl bilan yuqadigan, boshqa aniqlangan kasalliklar.

5.

Mikozlar.

6.

Oʻsmalar.

7.

Xavfli oʻsmalar (limfa, qon hosil qiluvchi va ularga turdosh toʻqimalarning oʻsmalari bundan istisno).

8.

Limfa, qon hosil qiluvchi va ularga turdosh toʻqimalarning xavfli oʻsmalari.

9.

Xavfsiz oʻsmalar (bosh va orqa miya oʻsmalari bundan istisno), in situ oʻsmalar.

10.

Qon, qon hosil qiluvchi aʼzolarning kasalliklari va immun mexanizmini (tizimini) jalb qiluvchi alohida buzilishlar.

11.

Endokrin tizimi kasalliklari, oziqlanish va moddalar almashinuvining buzilishlari.

12.

Ruhiy va xulq-atvor buzilishlari.

13.

Organik ruhiy buzilishlar.

14.

Endogen psixozlar: shizofreniya, shizotipik buzilishlar, shizoaffektiv, vasvasali, oʻtkir va oʻtkinchi psixotik buzilishlar va affektiv buzilishlar (kayfiyat buzilishlari).

15.

Simptomatik va boshqa ekzogen etiologiyali ruhiy buzilishlar.

16.

Stress bilan bogʻliq nevrotik va somatik shakldagi buzilishlar.

17.

Shaxs buzilishlari.

18.

Ruhiyatga faol taʼsir etuvchi vositalarni isteʼmol qilish natijasida kelib chiqqan ruhiy va xulq-atvor buzilishlari.

19.

Aqliy qoloqlik (zaiflik).

20.

Asab tizimi kasalliklari.

21.

Epilepsiya va epileptik tutqanoqlar.

22.

Markaziy asab tizimining yalligʻlanishlari, miyelinsizlantiruvchi kasalliklari va ularning asoratlari.

23.

Koʻproq markaziy asab tizimini zararlovchi tizimli atrofiyalar, ekstrapiramidal, boshqa asab tizimining degenerativ kasalliklari, asab-mushak sinaps va mushak kasalliklari, bolalarning serebral falaji, asab tizimining tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari), bosh va orqa miya oʻsmalari.

24.

Bosh va orqa miyaning tomir kasalliklari.

25.

Bosh va orqa miya jarohatlanishlari va ularning asoratlari. Tashqi taʼsir omillaridan boʻlgan markaziy asab tizimining zararlanish asoratlari.

26.

Periferik nervlar kasalliklari.

27.

Periferik nervlar jarohati va asoratlari.

28.

Oʻtkir kasallik, surunkali kasallikning xurujidan, jarohat va jarrohlik yoʻli bilan davolanishdan keyingi markaziy va periferik asab tizimlari faoliyatining vaqtincha buzilishlari.

29.

Qovoqlarning kasalliklari va shikastlanish oqibatlari.

30.

Konyunktiva, koʻz yoshi yoʻllari, koʻz kosasining kasalliklari, jarohatlar va kuyish oqibatlari.

31.

Koʻz sklerasi, shoh pardasi, tomirli pardasi, gavhari, shishasimon tanasi, toʻr pardasi, koʻrish nervining kasalliklari, jarohatlari va kuyishlar asoratlari.

32.

Koʻz toʻr pardasining koʻchishi.

33.

Glaukoma.

34.

Koʻz mushaklari kasalliklari, ikki koʻzning hamkorlikda barobar koʻrish faoliyati buzilishi.

35.

Refraksiya va akkomodatsiyaning buzilishlari.

36.

Koʻrlik, koʻrish oʻtkirligining pasayishi, rang ajratish anomaliyalari.

37.

Oʻtkir kasallik, surunkali kasallikning xurujlari, jarohat yoki jarrohlik amaliyotidan keyingi koʻrish aʼzolari faoliyatining vaqtincha buzilishlari.

38.

Quloq va soʻrgʻichsimon oʻsiq kasalliklari.

39.

Tashqi quloq (shu jumladan tugʻma) kasalliklari.

40.

Oʻrta quloq va soʻrgʻichsimon oʻsiq kasalliklari.

41.

Organizm vestibulyar qobiliyatining buzilishi.

42.

Karlik, kar-soqovlik, eshitish qobiliyatining pasayishi.

43.

Oʻtkir kasallik, surunkali kasallik xurujlari, jarohat yoki jarrohlik amaliyotidan keyingi quloq va soʻrgʻichsimon oʻsiq faoliyatining vaqtincha buzilishlari.

44.

Qon aylanish tizimi kasalliklari.

45.

Revmatizm, yurakning boshqa revmatik va revmatik boʻlmagan (shu jumladan tugʻma) kasalliklari.

46.

Gipertoniya (xafaqonlik) kasalligi.

47.

Yurakning ishemik kasalligi.

48.

Aorta, periferik yirik arteriya, vena va limfa tomirlari kasalliklari, rivojlanishning tugʻma anomaliyalari va shikastlanishlar asoratlari.

49.

Gemorroy (bavosil).

50.

Neyrotsirkulyator asteniya.

51.

Oʻtkir kasallik, surunkali kasallik xuruji, jarohat yoki jarrohlik amaliyotidan keyingi qon aylanish tizimi faoliyatining vaqtincha buzilishlari.

52.

Nafas olish aʼzolari kasalliklari.

53.

Burun boʻshligʻi, burunning yondosh boʻshliqlari va hiqildoq kasalliklari.

54.

Hiqildoq va traxeyaning boʻyin qismi kasalliklari va shikastlanishlari.

55.

Nafas olish aʼzolarining boshqa kasalliklari (shu jumladan tugʻma).

56.

Bronxial astma.

57.

Oʻtkir kasallik, surunkali kasallik xuruji, jarohat, jarrohlik amaliyotidan keyingi nafas olish aʼzolari faoliyatining vaqtincha buzilishlari.

58.

Tishlarning rivojlanishi va chiqish ildizidagi buzilishlar, tishning qattiq toʻqimalari va yumshoq qismi kasalliklari.

59.

Periapikal toʻqimalar, milklar va parodont, soʻlak bezlari, ogʻiz boʻshligʻi yumshoq toʻqimalari, tilning (shu jumladan tugʻma) kasalliklari.

60.

Yuz-jagʻ anomaliyalari, nuqsonlari, shakl oʻzgarishlari, jarohat asoratlari, boshqa kasalliklar va tishlarning tayanch vositalaridagi oʻzgarishlar, jagʻlarning kasalliklari.

61.

Qiziloʻngach, ichaklarning (oʻn ikki barmoqli ichakdan tashqari) va qorin pardaning (shu jumladan tugʻma) kasalliklari.

62.

Meʼda va oʻn ikki barmoq ichakning yara kasalligi.

63.

Meʼda va oʻn ikki barmoq ichakning boshqa kasalliklari, jigarning, oʻt qopining, oʻt ajratish yoʻllari va meʼda osti bezining kasalliklari.

64.

Churralar.

65.

Oʻtkir kasallik, surunkali kasalliklarining xurujlari yoki jarrohlik amaliyotidan keyingi ovqat hazm qilish aʼzolari faoliyatining vaqtincha buzilishlari.

66.

Teri va teri osti qavati surunkali, tizimli kasalliklari.

67.

Teri va teri osti qavatining oʻtkir kasalliklari asoratlari va surunkali kasalliklarining qaytalanishidan keyin faoliyatning buzilishi.

68.

Suyak-mushak tizimi va biriktiruvchi toʻqimalarning kasalliklari.

69.

Yuqumli, yalligʻlanish, autoimmun va boshqa sabablardan kelib chiqqan artritlar va artropatiyalar, biriktiruvchi toʻqimaning tizimli kasalliklari.

70.

Suyaklar, yirik boʻgʻimlar, togʻaylarning jarrohlik kasalliklari va zararlanishi.

71.

Umurtqaning kasalliklari va ularning asoratlari.

72.

Kaftning, barmoqlarning shakl oʻzgarishlari va umuman yoʻqligi.

73.

Yassioyoqlilik, oyoq panjasining boshqa shakl oʻzgarishlari va barmoqlari nuqsonlari.

74.

Oyoq-qoʻlning faoliyatini oʻzgartiruvchi va (yoki) xizmat kiyimlar, oyoq kiyimlar kiyishni va kamarlar taqishni qiyinlashtiruvchi tugʻma va orttirilgan shakl oʻzgarishlari.

75.

Oyoq yoki qoʻlning yoʻqligi.

76.

Jinsiy va siydik chiqarish aʼzolari kasalliklari.

77.

Buyraklarning surunkali kasalliklari.

78.

Buyrak va siydik toshi kasalligi.

79.

Siydik chiqarish yoʻllarida siydik chiqarishning buzilishi (gidronefroz), piyelonefrit (ikkilamchi), buyrak va siydik chiqarish yoʻllarining boshqa kasalliklari, qovuqning yalligʻlanishi va boshqa kasalliklari, tanosil kasalliklariga aloqasi boʻlmagan uretrit, siydik chiqarish yoʻlining torayishi va uning boshqa kasalliklari.

80.

Erkaklarning jinsiy aʼzolari kasalliklari (shu jumladan tugʻma).

81.

Ayollarning jinsiy aʼzolari surunkali yalligʻlanishlar bilan kechadigan kasalliklari.

82.

Endometrioz.

83.

Genital prolaps, siydikni tuta olmaslik, oqmalar, ayollar jinsiy aʼzolarining boshqa yalligʻlanishsiz kechadigan kasalliklari (shu jumladan tugʻma boʻlgan).

84.

Hayz koʻrish faoliyatining buzilishlari.

85.

Oʻtkir kasallik, surunkali kasallikning xuruji yoki jarrohlik amaliyotidan keyingi siydik chiqarish va jinsiy aʼzolarning faoliyatining vaqtincha buzilishlari.

86.

Homiladorlik, tugʻishdan keyingi davr va uning asoratlari.

87.

Jarohatlar, zaharlanishlar va boshqa tashqi omillar taʼsiri oqibatlari.

88.

Bosh suyaklari jarohat va jarrohlik amaliyotidan keyingi nuqsonlari.

89.

Umurtqa pogʻonasi, gavda, oyoq va qoʻllar suyaklari siniqlarining asoratlari (chanoq suyaklari, kurak, oʻmrov, toʻsh, qovurgʻalar, yelka, tirsak va bilak, son suyagi boʻyinchasi va son, kichik va katta boldir, tizza qopqogʻi suyagi va boshqa suyaklarining siniqlari).

90.

Koʻkrak qafasi, qorin boʻshligʻi va chanoq ichki aʼzolarining jarohatlari (jarohat tufayli yuzaga kelgan pnevmo va gemotoraks, yurak, oʻpka, meʼda ichak yoʻli, jigar, taloq, buyraklar, chanoq aʼzolari, qorin boʻshligʻining boshqa aʼzolari jarohatlari, koʻp tarmoqli ogʻir jarohatlar), yuqorida qayd etilgan aʼzolarning kasalliklari tufayli oʻtkazilgan jarrohlik amaliyotlari asoratlari.

91.

Teri va teri osti qavati toʻqimalarining jarohatlari asoratlari.

92.

Dori, tibbiy va biologik vositalar bilan zaharlanish, tibbiyotga daxli boʻlmagan moddalarning toksik taʼsiri, tashqi omillarning taʼsiri (radiatsiya, past yoki yuqori harorat va yorugʻlik, havoning yoki suvning ortiqcha bosimi va boshqalar).

93.

Suyak-mushak tizimining, biriktiruvchi toʻqimaning, teri va teri osti qavatining kasalliklaridan davolanishdan keyin, jarohatlar, zaharlanishlar va tashqi omillarning boshqa taʼsirlaridan keyingi faoliyatning vaqtincha buzilishlari.

94.

Jismoniy rivojlanish yetishmovchiligi.

95.

Siydik tutolmaslik (enurez).

96.

Nutqning buzilishi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 630-son qaroriga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Portlovchi moddalar va portlatish vositalarini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, transportda tashish, saqlash va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 6-maydagi 213-son qarorining 2-bandi sakkizinchi xatboshisidagi “idoraviy harbiylashtirilgan soqchilik” soʻzlari “idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 1-noyabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomobil yoʻllarini taʼmirlash va saqlash ishlari tasnifining 31-bandi uchinchi xatboshisidagi “soqchilik” soʻzi “qoʻriqlash” soʻzi bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-sentabrdagi 481-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.09.2023-y., 09/23/481/0716-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining harbiylashtirilgan soqchilik boʻlinmalari va qorovullik boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 16-dekabrdagi 757-son qarorida:
a) nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”;
b) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini, ularning mol-mulkini qoʻriqlash uchun tuziladigan shartnomalarga asosan qoʻriqlash xizmatlarini koʻrsatish evaziga tushadigan mablagʻlar hisobidan idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi;
idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari tomonidan toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini, ularning mol-mulkini qoʻriqlash boʻyicha koʻrsatiladigan qoʻriqlash xizmatlarining turlari;
idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalarining ishchi va xizmatchi lavozimlari, toifalari hamda shtatlarini tashkil etish, idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalariga ishga kiradigan nomzodlarga qoʻyiladigan talablar, ularni ishga qabul qilish, boshlangʻich tayyorlash va qayta tayyorlash tartibi;
idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining vazifalari, huquq va majburiyatlari, ularning faoliyatini tashkil etish, xizmatga toʻgʻri taqsimlash va nazorat qilish tartibi;
idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnik taʼminotini tashkil etish tartibi”;
v) ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-dekabrdagi 757-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy gvardiya) Qoʻriqlash bosh boshqarmasining tarkibida idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish hamda ushbu boʻlinmalar ishchi va xizmatchilarining huquqlari va majburiyatlarini, boʻlinmalarning moliyaviy va moddiy-texnik taʼminotini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasining (keyingi oʻrinlarda — Qoʻriqlash bosh boshqarmasi) idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari shaxsiy tarkibi mehnat munosabatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan ishchi va xizmatchilardan iborat boʻladi.
3. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining qoʻriqlash faoliyati ushbu Nizom, Milliy gvardiyaning ichki idoraviy hujjatlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
2-bob. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalarining faoliyatini tashkil etish
4. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari Qoʻriqlash bosh boshqarmasining vakolatlari doirasida oʻta muhim hamda toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qoʻriqlash uchun tuziladigan shartnomalarga asosan qoʻriqlash xizmatlarini koʻrsatish evaziga tushadigan mablagʻlar hisobidan Qoʻriqlash bosh boshqarmasi boshligʻining buyrugʻi asosida tashkil etiladi.
5. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari tomonidan quyidagi xizmatlar koʻrsatiladi:
a) idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari tomonidan:
obyekt yoki uning bir qismida xizmat oʻtash uchun belgilangan joy yoki hudud (keyingi oʻrinlarda — qoʻzgʻalmas post (yoʻnalish)) orqali qoʻriqlash va xavfsizligini taʼminlash;
piyoda yoki transport vositasida, shuningdek, boshqa vositalarda muayyan hududdagi obyektlarni yoki ularning hududlarini yoʻnalish boʻylab qoʻriqlash;
b) idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari tomonidan — qoʻzgʻalmas post (yoʻnalish) orqali obyekt yoki uning bir qismini qoʻriqlash va xavfsizligini taʼminlash.
6. Quyidagilar idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
oʻta muhim hamda toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini hamda obyektlarini tajovuzlardan himoya qilish;
yuridik shaxslarning qoʻriqlanadigan obyektlarida nazorat-oʻtkazish va obyektning ichki rejimlarini taʼminlash;
qoʻriqlanadigan obyektlar hududida jamoat tartibini taʼminlash, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga chek qoʻyish;
qoʻriqlanadigan obyektlarda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etishda ishtirok etish;
obyektlarning xavfsizligini taʼminlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, boshqa davlat organlari, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlik qilish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuklangan vazifalarni hal etishda oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashish.
Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
7. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining lavozimlari, toifalari hamda shtatlari mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq tashkil etiladi.
8. Obyektlarni qoʻriqlash boʻyicha ishchi va xizmatchilarning faoliyatini tashkil etish, xizmatga toʻgʻri taqsimlash va nazorat qilish uchun mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari guruhlari tuziladi.
9. Obyektlarni qoʻriqlash uchun qoʻzgʻalmas postlar (yoʻnalishlar)ni qoʻyish qoidalari va shartlari, shuningdek, ularning faoliyatini nazorat qilish tartibi Milliy gvardiyaning ichki idoraviy hujjatlariga asosan belgilanadi.
10. Obyektning joylashuvi, uning va xizmatni oʻtashning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari naryadlarining xizmati sutkalik va vaxta usulida tashkil etilishi mumkin.
Vaxtaning davomiyligi yetti sutkagacha belgilanadi va bunda naryadlarning xizmatni oʻtashi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Garnizon va qorovullik xizmati toʻgʻrisidagi nizomga asosan ishlab chiqilgan va Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan tasdiqlangan yoʻriqnomaga muvofiq tashkil etiladi.
Vaxta usulida xizmat tashkil etilganda ishchi va xizmatchilarning dam olishi, ovqatlanishi, yuvinishi va ular bilan oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish, ularning tabel qurollarini saqlash boʻyicha tegishli shart-sharoitlar yaratilgan boʻlishi shart.
11. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-bosh va xizmat guvohnomalari bilan taʼminlanadi.
12. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari tomonidan foydalaniladigan xizmat qurollari, ularning oʻq-dorilari va maxsus vositalar turlari, ularning soni, taʼminlash va foydalanish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
3-bob. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalariga ishga qabul qilish, ishchi va xizmatchilarni boshlangʻich tayyorlash va qayta tayyorlash
13. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalariga ixtiyoriy tartibda tanlov asosida, belgilangan talablarga javob beradigan oʻn sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha boʻlgan, shu jumladan, yigirma besh yoshdagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ish (xizmat)ga qabul qilinadi.
Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalariga ixtiyoriy tartibda mazkur nizomda belgilangan talablarga javob beradigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ish (xizmat)ga qabul qilinadi.
Qabul qilinadigan fuqarolar kamida umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlishi, sogʻligʻining holati va jismoniy tayyorgarligi boʻyicha xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlishi lozim.
Erkak nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni oʻtagan boʻlishi kerak.
14. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari boshliqlar tarkibiga Milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda samarali xizmat qilib, nafaqaga boʻshagan nomzodlar suhbat asosida, jismoniy tayyorgarligi va salomatligi holatiga koʻra ishga qabul qilinishi mumkin.
15. Nomzodlar bilan tanlov oʻtkazish, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish va ishga qabul qilish tartibi hamda nomzodlarga qoʻyiladigan maxsus talablar Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi. Qabul qilingan shaxslarga uch oydan ortiq boʻlmagan dastlabki sinov muddati belgilanadi.
16. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalariga qabul qilishda nomzodlarning boʻy oʻlchami quyidagi maxsus antropometrik parametrlarga javob berishi talab etiladi:
a) erkak nomzodlar uchun 178 santimetrdan past boʻlmasligi;
b) ayol nomzodlar uchun 170 santimetrdan past boʻlmasligi.
Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalariga qabul qilinadigan nomzodlarga antropometrik parametrlar belgilanmaydi.
17. Quyidagi shaxslarning ish (xizmat)ga qabul qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
jinoiy jazoni oʻtayotgan shaxslar;
mulkka tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, shuningdek, jamoat tartibiga yoki boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun bir yil ichida takroran maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslar;
ruhiy kasalliklari boʻlgan, narkologik kasalliklarga chalingan, shuningdek sogʻligʻining holatiga nisbatan belgilangan talablarga javob bermaydigan shaxslar;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
davlatning boshqa xizmatlaridan salbiy sabablarga koʻra boʻshatilgan;
oʻzi va yaqin qarindoshlari toʻgʻrisida bila turib notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim qilganligi aniqlangan;
ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlar;
nomzod va yaqin qarindoshlari boʻyicha belgilangan hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortganlar;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar;
chet el fuqarolari boʻlgan shaxslar.
18. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalariga ishga qabul qilinayotgan fuqarolar hududiy tibbiyot birlashmalarida tibbiy koʻrikdan oʻtadi. Tibbiy koʻrikdan oʻtish shartlari va uni tashkil etish tartibi, nomzodlarning sogʻligʻiga boʻlgan talablar Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
19. Tanlov yakuniga koʻra eng yuqori natijalarga erishgan nomzod bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi tuziladi. Mehnat shartnomasida xodim boshlangʻich tayyorlashga jalb etilishi va belgilangan tartibda oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlab sertifikat olgan taqdirda, mehnat munosabatlari davom ettirilishi, aks holda mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqidagi qoida nazarda tutiladi.
20. Ishga qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari majburiy tartibda boshlangʻich tayyorgarlikdan oʻtadi.
Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarini boshlangʻich tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish Milliy gvardiyaning taʼlim muassasalarida amalga oshiriladi.
21. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari maxsus oʻquv dasturlari boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan (maʼnaviy-psixologik, xizmat tayyorgarligidan, jismoniy va jangovar tayyorgarlikdan) oʻtadi. Mashgʻulotlar oʻtkaziladigan vaqt ish vaqtiga kiritiladi.
22. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalarining shaxsiy tarkibi bilan maxsus dasturlar asosida quyidagi tartibda xizmat va jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari oʻtkaziladi:
idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarida — oyiga 8 akademik soat (oʻquv yilida 80 akademik soat);
idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalarida — oyiga 4 akademik soat (oʻquv yilida 40 akademik soat).
23. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari yilda bir marta majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtadi. Maxsus tayyorgarlikdan, shuningdek, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda xizmat qurolini qoʻllash bilan bogʻliq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy yaroqliligini aniqlash uchun davriy tekshiruvlardan (keyingi oʻrinlarda — sinov) oʻtishi kerak. Maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan ishchi va xizmatchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar beriladi. Sinovlarni oʻtkazish tartibi Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
Sinov natijalari boʻyicha qoniqarsiz baholangan idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining malakasi yetarli emas deb hisoblanib, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda xizmat qurolini qoʻllash bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa lavozimga mehnat shartnomasiga muvofiq oʻtkaziladi yoki ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
24. Qoʻriqlash bosh boshqarmasi psixologlari tomonidan tuzilgan dastur (reja, jadval)larga asosan idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari bilan maʼnaviy-psixologik tayyorgarlik bosqichma-bosqich, maqsadli va doimiy ravishda oʻtkaziladi.
4-bob. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
25. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari xizmatni oʻtash vaqtida quyidagi huquqlarga ega:
jismoniy va yuridik shaxslardan belgilangan nazorat-oʻtkazish va obyektning ichki rejimlariga, shuningdek, jamoat tartibiga rioya etishini talab qilish;
qoʻriqlanadigan obyekt hududidan mol-mulkni qonunga xilof ravishda olib chiqishga yoki qoʻriqlanadigan obyektga taqiqlangan predmetlarni olib kirishga urinish chogʻida shaxslarni ushlash;
qoʻriqlanadigan obyektlardagi mol-mulkni saqlash sharoitlarini, qoʻriqlashning muhandislik va texnik vositalari holatini hamda sozligini tekshirish, aniqlangan qoidabuzarliklarning, kamchiliklarning bartaraf etilishini talab qilish;
qoʻriqlanadigan obyektga qonunga xilof ravishda kirgan yoki qoʻriqlanadigan obyektda huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning shaxsini aniqlash, ularni ushlash hamda qoʻriqlash xizmati xonasiga yetkazish (bunday vakolatlari mavjud boʻlmaganda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlarini chaqirish);
muomalada boʻlishi cheklangan moddalar, shu jumladan, obyektga olib kirish (undan olib chiqish) uchun taqiqlangan predmetlar roʻyxatiga qoʻriqlanadigan obyekt maʼmuriyati tomonidan kiritilgan moddalar bor deb hisoblash uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, fuqarolarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish, ularning ashyolari, qoʻl yuki, bagajini koʻzdan kechirish hamda ularni olib yurish hamda saqlash uchun asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda, mazkur predmetlar, vositalar va moddalarni olib qoʻyish, shuningdek, transport vositalarini koʻzdan kechirish, ularda tashilayotgan yuklarning ilova qilinadigan hujjatlarga muvofiqligini tekshirish;
qoʻriqlanadigan obyektdagi, patrullik yoʻnalishidagi hodisani, sodir etilgan huquqbuzarlikni belgilangan tartibda rasmiylashtirish, jinoyat izlarini saqlash maqsadida fuqarolardan hodisa joyini tark etishni talab qilish;
fuqarolarning hayoti va sogʻligiga, atrof muhitga zarar yetkazmaydigan qoʻriqlash texnik vositalaridan foydalanish;
qoʻriqlanadigan obyektlarga qonunga xilof ravishda kirgan yoki kirishga uringan shaxslarni aniqlash uchun, shuningdek, bunday kirishlarning oldini olish maqsadida xizmat (qoʻriqchi) itlaridan foydalanish;
qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda xizmat qurolini hamda maxsus vositalarni olib yurish va ulardan foydalanish, shuningdek, jismoniy kuch ishlatish.
Qoʻriqlash boʻlinmalarining xizmatni mehnat sharoitlari sogʻliq uchun zararli boʻlgan obyektlarda oʻtaydigan ishchi va xizmatchilari ushbu qoʻriqlanadigan obyektlarning ishchi va xizmatchilari uchun nazarda tutilgan mehnat sohasidagi qoʻshimcha imtiyozlardan hamda afzalliklardan foydalanadi. Mazkur imtiyozlar qoʻriqlash xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomada aks ettiriladi va ustuvor shartlar sifatida belgilanishi mumkin.
Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanadilar.
26. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari qoʻriqlash turi, shakllari va usullaridan qatʼi nazar, xizmatni oʻtash jarayonida quyidagilarga majbur:
obyektlarni qoʻriqlash va qonunga xilof tajovuzlardan himoya qilish, belgilangan tartibga va qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etish, mol-mulkini qoʻriqlash va uni kuzatib borish;
oʻz vakolatlari doirasida davlat, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek fuqarolar va davlat xavfsizligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan choralarni koʻrish;
xizmatni oʻtash joylarida jamoat tartibini saqlashi, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qoʻyish;
qoʻriqlanadigan obyektda shubhali buyum aniqlanganda vakolatli organlarga xabar berish, vakolatli organ xodimlari yetib kelguniga qadar shubhali buyumning daxlsizligini taʼminlash;
qoʻriqlanadigan obyektda huquqbuzarliklar va hodisalarning, shu jumladan, jinoyat, maʼmuriy huquqbuzarliklarning izlari saqlanishini taʼminlash;
hodisa joyida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek, hayotiga va sogʻligʻiga zarar yetkazilgan shaxslarga birinchi yordam koʻrsatish yoki shunday yordam koʻrsatilishini tashkil etish;
qoʻriqlanadigan obyektlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida fuqarolar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ularga yuklangan vazifalarni hal etishda oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashish;
qoʻriqlanadigan obyektlardagi tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etish;
qoʻriqlanadigan obyektda nazorat-oʻtkazish va obyektning ichki rejimlariga rioya etilishini qoʻriqlanadigan obyekt maʼmuriyati tomonidan qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar bilan kelishuvga koʻra tasdiqlangan qoidalarga muvofiq taʼminlash;
oʻziga ishonib topshirilgan xizmat qurolining va uning oʻq-dorilarining, maxsus va texnik vositalarning, shaxsiy himoya vositalari hamda mol-mulkning xavfsiz va lozim darajada saqlanishini taʼminlash;
belgilangan tartibda maxsus formali kiyim-bosh kiyish va farqlovchi belgilarini taqib yurish;
qoʻriqlash faoliyatini amalga oshirish chogʻida oʻzlariga maʼlum boʻlgan xizmatga doir axborot va boshqa axborotning maxfiyligini taʼminlash.
Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
27. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining xizmat majburiyatlarini bajarishi deganda quyidagilar tushuniladi:
lavozim majburiyatlarini bajarish;
xizmatni oʻtash;
xizmat safarida boʻlish;
kun tartibida belgilangan ish vaqti davomida yoki xizmat zarurati tufayli qoʻriqlash boʻlinmalari (qoʻriqlanayotgan obyekt) hududida boʻlish;
xizmat joyiga borish yoki ulardan qaytish;
oʻquv yigʻinlarida ishtirok etish;
sud tomonidan ishchi va xizmatchilarning shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan deb topilgan boshqa harakatlari.
28. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari davlat organi vakili hisoblanadi.
29. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilaridan faqat qoʻriqlash faoliyati bilan bogʻliq vazifalarni bajarish maqsadida shartnoma asosida foydalaniladi.
5-bob. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnik taʼminoti, ishchi va xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi
30. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari ish haqi va bepul formali kiyim-bosh bilan taʼminlanadi. Ularning moddiy-texnik taʼminoti normalari va formali kiyim-boshni kiyish qoidalari Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilanadi.
Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari yuqori kasbiy tayyorgarlik darajasiga va faoliyatida samarali natijalarga erishganligi uchun har yili Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan belgilangan tartibda “uchinchi malaka toifasi”, “ikkinchi malaka toifasi”, “birinchi malaka toifasi” malaka toifalari beriladi.
Malaka toifasiga ega boʻlgan idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilariga ularning lavozim maoshiga nisbatan quyidagi miqdorlarda har oylik ustamalar toʻlanadi:
“uchinchi malaka toifasi” — 10 %;
“ikkinchi malaka toifasi” — 15 %;
“birinchi malaka toifasi” — 20 %.
31. Qoʻriqlash bosh boshqarmasining shakllanadigan pul taʼminoti jamgʻarmasi doirasida idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilariga:
yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra lavozim maoshlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oshirilgan koeffitsiyentlar qoʻllaniladi;
bir yilda bir marta ikki oylik lavozim maoshi miqdorida ragʻbatlantiriladi;
bir yilda bir marta bir oylik lavozim maoshi miqdorida moddiy yordam koʻrsatiladi.
32. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari qonunchilik hujjatlarida belgilangan ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan foydalanadilar.
33. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari mehnat faoliyati davomidagi baxtsiz hodisalar va kasbiy kasalliklaridan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat majburiy ijtimoiy sugʻurtasi qilinishi lozim.
34. Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilari xizmat vazifalarini bajarish chogʻida jarohat olgan yoki halok boʻlgan taqdirda, yetkazilgan zarar tegishli jamoa shartnomalari va jamoa kelishuvlariga muvofiq amaldagi qonunchilikda belgilab qoʻyilgan normalardan kam boʻlmagan tartibda qoplanadi.
35. Qoʻriqlanayotgan obyektlar maʼmuriyati oʻz xizmat vazifasini vijdonan bajarayotgan idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarini ragʻbatlantirishi va mukofotlashi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoida
36. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekitson Respublikasi Jinoyat kodeksining XXIV bobi (Harbiy mansabdorlik jinoyatlari).
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchi va xizmatchilarining lavozimlari, toifalari hamda shtatlari
ROʻYXATI

T/r

Lavozim nomlari

Toifasi

Shtat soni

1.

Otryad boshligʻi

Katta boshliq

Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari soni 76 birlikdan oshganda kiritiladi.

2.

Otryad boshligʻi oʻrinbosari

3.

Otryad boshligʻining moddiy taʼminot boʻyicha yordamchisi

4.

Alohida komanda va otryad tarkibidagi komanda boshligʻi

Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari soni 16 birlikdan 75 birlikkacha boʻlganda kiritiladi.

5.

Otryad (komanda) qorovul itlari instruktori

Oʻrta boshliq

Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash otryadi (komandasi) tarkibidagi mavjud 7 birlik kinolog shtat lavozimiga 1 birlik qorovul itlari instruktori kiritiladi.

6.

Otryad (komanda) starshinasi

Kichik boshliq

Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash otryadi (komandasi) ish hajmi va xizmat zaruratiga muvofiq 1 birlik kiritiladi.

7.

Qorovul boshligʻi

Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari 16 birlikdan oshganda keyinchalik har 25 birlik uchun kiritiladi.

8.

Guruh boshligʻi

Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari soni 6 birlikdan 15 birlikkacha boʻlganda kiritiladi.

9.

Ruxsatnomalar byurosi boshligʻi

3 birlik ruxsatnomalar byurosi navbatchisi boʻlganda kiritiladi.

10.

Ruxsatnomalar byurosi navbatchisi

Ruxsatnomalar byurosi tashkil etilgan nazorat-oʻtkazish punktlarida 3 birlik ruxsatnomalar byurosi navbatchisi kiritiladi.

11.

Kinolog

Oddiy tarkib

Tuzilgan shartnomalarga asosan xizmat faoliyatida foydalanilayotgan har bir qorovul iti uchun idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash shtati hisobidan 1 birlik kiritiladi.

12.

Nazoratchi

Qoʻriqlash vaqti hisobi va toʻlov smetasiga muvofiq kiritiladi.

13.

Oʻqchi

Qoʻriqlash vaqti hisobi va toʻlov smetasiga muvofiq kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari guruhlari
ROʻYXATI

T/r

Guruhlar

Shtat soni

1.

Guruh

1 — 15 birlik

2.

3-guruh komandasi

16 — 35 birlik

3.

2-guruh komandasi

36 — 50 birlik

4.

1-guruh komandasi

51 — 75 birlik

5.

3-guruh otryadi

76 — 200 birlik

6.

2-guruh otryadi

201 — 350 birlik

7.

1-guruh otryadi

351 birlik va undan ortiq

Izoh.
Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari soniga muvofiq guruhlar belgilanadi.
Idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining guruhlarini oʻzgartirish va unga asosan mehnatga haq toʻlashni belgilash Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi”.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 630-son qaroriga
6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida” 2012-yil 1-martdagi 60-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Qoʻriqlash va nazorat-litsenziya faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2019-yil 9-iyuldagi 568-son qaroriga ilovaning 7-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Qurol muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 26-dekabrdagi 810-son qaroriga 3-ilovaning 10-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 279-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.11.2022-y., 09/22/630/0980-son; 20.09.2023-y., 09/23/481/0716-son; 10.03.2026-y., 09/26/94/0218-son)