Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.11.2022
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IDORAVIY HARBIYLAShTIRILGAN QO‘RIQLASh XIZMATI TO‘G‘RISIDAGI NAMUNAVIY NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 630-sonli “Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash hamda idoraviy qorovullik bo‘linmalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati faoliyatini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati to‘g‘risidagi Namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatiga ega bo‘lgan respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini va boshqa tashkilotlarni, ularning ro‘yxatini tuzish, xodimlari kontingenti, moliyalashtirish tartibi va manbalari, kiyim-boshlar, maxsus vositalar, o‘q otadigan qurollar va ularga o‘q-dorilar bilan ta’minlash yuzasidan yalpi xatlovdan o‘tkazsin;
Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatini tashkil etish huquqiga ega bo‘lgan respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar, qo‘riqlanadigan obyektlar va mol-mulklar ro‘yxatini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatiga ega bo‘lgan respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ikki oy muddatda idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati faoliyatini tashkil etish, shu jumladan uning xodimlarini Namunaviy nizom talablariga muvofiq belgilangan namunadagi formali kiyim-boshlar va boshqa asbob-anjomlar turlari bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Namunaviy nizom talablarini amalga oshirish mexanizmini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati va qo‘riqlanishi hamda harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati naryadlari tomonidan kuzatib borilishi kerak bo‘lgan yuklar ro‘yxati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2010-yil 12-avgustdagi 177-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 8-son, 44-modda) 1-bandining ikkinchi xatboshi, shuningdek qarorga 1-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 1-mart,
60-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-martdagi 60-son qaroriga
ILOVA
Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati to‘g‘risida
NAMUNAVIY NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati to‘g‘risidagi ushbu Namunaviy nizom (keyingi o‘rinlarda Namunaviy nizom deb ataladi) idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatini tashkil etish va uning amaliy faoliyati bo‘yicha asosiy talablarni belgilaydi va tartibga soladi, shuningdek uning xodimlarining huquq va vazifalarini belgilaydi.
2. Ushbu Namunaviy nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati — respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning obyektlar va mol-mulkni huquqqa zid tajovuzlardan qo‘riqlash hamda himoya qilish bo‘yicha maxsus vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan yuridik shaxs bo‘lmagan tarkibiy bo‘linmasi;
obyekt ichki rejimi — qo‘riqlanadigan obyektda belgilangan ichki tartib tadbirlari va qoidalarini hamda yong‘in xavfsizligini amalga oshirish tartibi;
qo‘riqlanadigan obyektlar — huquqqa zid tajovuzlardan qo‘riqlanishi va himoya qilinishi kerak bo‘lgan binolar, imoratlar, inshootlar, ularga tutash hududlar va akvatoriyalar;
qo‘riqlanadigan mol-mulk — transport vositalari, shuningdek yuklar, shu jumladan tashish paytida yuklarni qo‘riqlash, respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga tegishli bo‘lgan, huquqqa zid tajovuzlardan qo‘riqlanishi kerak bo‘lgan pul mablag‘lari va boshqa mol-mulk;
ruxsat berish rejimi — shaxslarning nazoratsiz kirishi (chiqishi), transport vositalarining chiqishi (kirishi), qo‘riqlanadigan obyektlarga mol-mulkni olib kirish va ulardan olib chiqishning oldini olish va ularga barham berishning qo‘riqlanadigan obyektda belgilangan tartibi.
II. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatining asosiy vazifalari
3. Quyidagilar idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
obyektlarni qo‘riqlash va huquqqa zid tajovuzlardan himoya qilish;
qo‘riqlanadigan obyektlarda ruxsat berish va obyekt ichki rejimini ta’minlash;
qo‘riqlanadigan obyektlarda jinoyatlar va ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga barham berish;
mol-mulkini qo‘riqlash va ularni kuzatib borish;
qo‘riqlashning ilg‘or muhandislik-texnik vositalari va usullarini joriy etish va ulardan foydalanish;
idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlarining jangovar va xizmat tayyorgarligini yuqori darajada ta’minlash va saqlash;
qo‘riqlanadigan obyektlarda texnogen va tabiiy tusdagi favqulodda hodisalar va vaziyatlarning oldini olish va ularni tugatishda qatnashish;
obyektlar va mol-mulkni qo‘poruvchilik-terroristik harakatlar sodir etilishidan, yoqish, o‘g‘irlash va boshqa jinoiy tajovuzlardan ishonchli qo‘riqlashni tashkil etish masalalari bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa davlat organlari, jamoatchilik vakillari bilan o‘zaro samarali hamkorlikni ta’minlash.
Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
(3-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
III. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatini tashkil etish
4. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatini tashkil etish huquqiga ega bo‘lgan respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning, qo‘riqlanadigan obyektlar va mol-mulkning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati tuzilmasi, ular xodimlari sonining normasi va idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati faoliyatini tashkil etish tartibi respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning ushbu Namunaviy nizomga muvofiq ishlab chiqiladigan hujjatlari bilan belgilanadi.
Obyektlar va mol-mulkni qo‘riqlash bo‘yicha xizmatni o‘tashni tashkil etish tartibi respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning idoraviy hujjatlari bilan belgilanadi.
5. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari xizmat vazifalarini O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan kelishgan holda respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan tegishli belgilari bo‘lgan yagona namunadagi formali kiyim-boshda (har bir organ (tashkilot) uchun alohida) bajaradilar.
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi 568-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.07.2019-y., 09/19/568/3403-son)
Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlarining xizmat guvohnomalari qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Obyektning o‘ziga xosligiga qarab idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xizmat itlaridan foydalanish maqsadida xizmat qo‘riqchi (iskovchi) itlarni o‘rgatishni tashkil etishlari mumkin.
7. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari uchun mo‘ljallangan xizmat quroli, uning o‘q-dorilari va maxsus vositalar turlari, tiplari (modellari), soni, shuningdek olish, saqlash, tashish, berish, qabul qilish va hisobga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishgan holda respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan belgilanadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
8. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatini maxsus vositalar, xizmat quroli va uning o‘q-dorilari bilan ta’minlash qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
IV. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatini xodimlar bilan ta’minlash tartibi
9. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatiga O‘zbekiston Respublikasining haqiqiy harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiriq zaxirasida xizmatni o‘tagan fuqarolar olinadi (boshqaruv, xizmat ko‘rsatuvchi va texnik xodimlar bundan mustasno).
Quyidagi shaxslarning:
doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan;
ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan;
qasddan jinoyat sodir etganligi uchun uzilmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganligi bo‘lgan;
jinoiy jazoni o‘tayotgan;
mulkka tajovuz qiladigan huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan, shuningdek jamoat tartibiga yoki boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun bir yil mobaynida takroran ma’muriy javobgarlikka tortilgan;
ruhiy kasalliklarga, giyohvandlikka, toksikomaniyaga, alkogolizmga chalingan bemor sifatida dispanser hisobida turgan, shuningdek sog‘lig‘ining holati to‘g‘risida tegishli tibbiy xulosa taqdim etmagan;
sud tomonidan huquqiy layoqatli emas yoki cheklangan huquqiy layoqatli deb e’tirof etilgan;
umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslarning idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatiga ishga qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
10. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari uchun jangovar xizmat, ijtimoiy-huquqiy, ma’naviy-psixologik va jismoniy tayyorgarlik vaqti hisobga olingan holda ish vaqtini jamlab hisobga olish belgilanadi.
11. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari yil mobaynida belgilangan dasturlarga muvofiq jangovar xizmat, ijtimoiy-huquqiy, ma’naviy-psixologik va jismoniy tayyorgarlik kurslaridan o‘tadilar.
Kurs dasturi va uni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan kelishgan holda respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi 568-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.07.2019-y., 09/19/568/3403-son)
V. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlarining huquqlari, vazifalari va javobgarligi
12. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari o‘zlariga yuklangan xizmat vazifalari bajarilishini ta’minlash maqsadida:
qo‘riqlanadigan obyektga kelgan va uning hududida turgan shaxslardan ruxsat berish va obyekt ichki rejimlarining belgilangan qoidalariga rioya etishni talab qilish;
shaxsini tasdiqlaydigan va qo‘riqlanadigan obyektga kirish (chiqish) va unda bo‘lish, shuningdek transport vositalarining kirishi (chiqishi), mol-mulkni qo‘riqlanadigan obyektlarga olib kirish (olib chiqish) huquqini beradigan hujjatlarni tekshirish;
qo‘riqlanadigan obyektlarda mol-mulkni saqlash shart-sharoitlarini, qo‘riqlashning muhandislik-texnik vositalari holatini tekshirish;
yong‘in xavfsizligini ta’minlash, obyektlarni qo‘riqlash va mol-mulk saqlanishi, ruxsat berish va obyekt ichki rejimi qoidalari buzilishi aniqlangan taqdirda ularga barham berish va ularga ko‘maklashadigan shart-sharoitlarni tugatish chora-tadbirlarini ko‘rish;
fuqarolar va mansabdor shaxslardan xizmat vazifalari bajarilishiga to‘sqinlik qiluvchi huquqbuzarliklar va xatti-harakatlarni to‘xtatishni talab qilish. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda huquqqa zid xatti-harakatlar, huquqbuzarliklarga barham berish yuzasidan qonunchilikda nazarda tutilgan tegishli choralarni qo‘llash;
(12-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
qo‘riqlanadigan obyektlar va mol-mulkka nisbatan jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda ushlash hamda ichki ishlar organlariga yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga, shuningdek idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatining xizmat binolariga olib kelish (ichki ishlar organlariga darhol xabar bergan holda);
(12-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
huquqqa zid tajovuzlarni amalga oshirish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan qurol, boshqa predmetlar va ashyolarni aniqlash maqsadida, shu jumladan maxsus-texnik va boshqa vositalardan, shuningdek xizmat itlaridan foydalangan holda shaxslarni, ularning shaxsiy buyumlarini va transport vositalarini ko‘zdan kechirish, tovar-transport hujjatlarining qo‘riqlanadigan obyektlar hududiga olib kiriladigan va olib chiqiladigan yuklarga muvofiqligini tekshirish;
xizmat qurolini va maxsus vositalarni olib yurish va ulardan foydalanish, shuningdek jismoniy kuch ishlatish va Namunaviy nizomda belgilangan tartibda xizmat itlaridan foydalanish.
(12-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanish huquqiga ega.
(12-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
13. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari quyidagilarga majbur:
obyektlar qo‘riqlanishini va tashilayotgan yuklarning saqlanishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikka qat’iy rioya qilish;
(13-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
mol-mulkni o‘g‘irlagan shaxslarga nisbatan murosasiz bo‘lish, qo‘riqlanayotgan mol-mulkning o‘g‘irlanishi yoki buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan xo‘jasizlik va beparvolik namoyon bo‘lishining har qanday ko‘rinishiga o‘z vaqtida munosabat bildirish;
ruxsat berish va obyekt ichki rejimlari buzilishining oldini olish va ularga barham berish tadbirlarini amalga oshirish;
obyektlar va mol-mulkni qo‘riqlashni hamda huquqqa zid tajovuzlardan himoya qilishni ta’minlash;
qo‘riqlanadigan obyektlarda jinoyatlar va ma’muriy huquqni buzishlarga barham berish;
qo‘riqlanadigan obyektlarga noqonuniy kirgan shaxslarni qidirish va ushlash;
qo‘riqlanadigan obyektlarda favqulodda hodisalar hamda texnogen va tabiiy tusdagi vaziyatlarning oldini olishda va ularni tugatishda belgilangan tartibda qatnashish;
rejimli-maxfiy organ binosiga kirish huquqisiz davlat sirini va qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirni tashkil etadigan ma’lumotlar saqlanishini ta’minlash tadbirlarini o‘tkazishda qatnashish;
huquqni muhofaza qilish organlariga o‘zlariga yuklangan vazifalarni hal etishda o‘z vakolatlari doirasida ko‘maklashish;
o‘ziga ishonib topshirilgan xizmat quroli, maxsus va texnik vositalar, formali kiyim-bosh, mol-mulkni ehtiyot qilish va ularni soz holatda saqlash;
(13-bandning o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
o‘zlariga yuklangan vazifalarni bajarishga halol va vijdonan munosabatda bo‘lish, intizomli bo‘lish, o‘z kasbiy bilimlarini doimo oshirib borish;
tegishli dasturlarda belgilangan shaxsiy jangovar xizmat, ijtimoiy-huquqiy, ma’naviy-psixologik va jismoniy tayyorgarlik darajasini ta’minlash;
xizmat vazifalarini bajarishda egallab turgan lavozimiga muvofiq belgilangan formali kiyim-boshni kiyish va farqlash belgilarini taqish.
Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vazifalarni ham bajaradilar.
(13-bandning o‘n beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
14. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari belgilangan tartibda har yili tibbiy ko‘rikdan, shuningdek jismoniy kuchni ishlatish, maxsus vositalar va xizmat qurolini qo‘llash bilan bog‘liq sharoitlarda harakat qilishga yaroqlilik yuzasidan davriy tekshirishlardan o‘tadilar.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
15. Obyektlarni va mol-mulkni qo‘riqlashga jalb etilgan idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari o‘zlariga ishonib topshirilgan moddiy boyliklar, xizmat quroli va maxsus vositalar saqlanishi uchun javob beradilar.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
16. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
(16-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
VI. Jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va xizmat qurolini qo‘llash
(VI bobning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
17. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari qo‘riqlanayotgan obyektlarda jinoyatni yoki ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarni ta’qib qilishda qo‘riqlanadigan obyektlarda hamda qo‘riqlanadigan obyektlar tashqarisida istisno hollarda (zarur mudofaa, o‘ta zaruriyat, ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxslarni ushlash sifatida) jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va xizmat qurolini qo‘llash huquqiga egadirlar.
Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va xizmat qurolini qo‘llashda quyidagilarga majbur:
ularni qo‘llash niyati to‘g‘risida ogohlantirish (qurolni qo‘llashda sustkashlik qilish fuqarolar yoxud idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlarining hayoti yoki sog‘lig‘iga bevosita xavf solgan yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar bundan mustasno);
jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar yoki xizmat quroli qo‘llanishi natijasida og‘ir tan jarohati olgan shaxslarga zarur hajmda tibbiy yordam chora-tadbirlarini ko‘rish;
jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va xizmat quroli qo‘llanilishining har bir holati to‘g‘risida ichki ishlar organiga darhol axborot berish.
Jismoniy kuchni ishlatishda, maxsus vositalar yoki xizmat qurolini qo‘llashda vakolatlarning oshirib yuborilishi qonunchilikda belgilangan javobgarlikka olib keladi.
(17-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
18. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari o‘zini o‘zi mudofaa qilish, jinoyatlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklarga barham berish, ularni sodir etgan shaxslarni ushlash, idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlarining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatishga barham berish uchun (agar boshqa usullar ularga yuklangan xizmat vazifalarini bajarishni ta’minlamasa) jismoniy kuch ishlatish huquqiga egadir.
19. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari quyidagi hollarda maxsus vositalarni qo‘llash huquqiga egadirlar:
qo‘riqlanadigan obyektlar va mol-mulkka hujumni qaytarishda;
idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlariga yoki qo‘riqlanadigan obyektlardagi shaxslarga hujumni qaytarishda;
xizmat vazifalarini bajarishda huquqni buzuvchi tomonidan idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlariga ko‘rsatiladigan qarshilikka barham berishda;
qo‘riqlanadigan obyektlarda ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etayotgan shaxslarni ushlash hollarida, basharti ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar yashirinishga urinsalar yoxud ular idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlariga qarshilik ko‘rsatish niyatida ekanligining yetarlicha asoslari mavjud bo‘lsa;
ushlangan shaxslarni ichki ishlar organlariga yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga, shuningdek idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatining xizmat binosiga keltirishda idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlariga qarshilik ko‘rsatishda;
haydovchisi idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari talablarini bajarmagan transport vositasini qo‘riqlanadigan obyektlarda to‘xtatish zarur bo‘lganda.
Maxsus vositalar idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan huquqni buzuvchilarga ogohlantiruvchi ta’sir ko‘rsatishning boshqa barcha shakllari foydalanilgan va istalgan natijalarni bermagan taqdirda qo‘llanadi.
20. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari quyidagi hollarda xizmat qurolini qo‘llash huquqiga egadirlar:
qo‘riqlanadigan obyektlardagi shaxslarni ularning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solayotgan hujumdan himoya qilishda;
idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlariga, ularning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid qilayotgan hujumni qaytarish, shuningdek ularning xizmat qurolini egallab olishga urinishga barham berishda;
huquqbuzarliklarni sodir etishda qo‘riqlanadigan obyektlar hududidan yashirinishga urinayotgan yoxud idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatuvchi shaxslarni ushlashda;
qo‘riqlanadigan obyektlar va mol-mulkka qurolli yoki guruh bo‘lib hujum qilishni qaytarishda;
basharti transport vositasining haydovchisi qo‘riqlanadigan obyektlardagi xodimlarning yoxud qo‘riqlanadigan obyektlardagi shaxslarning hayoti yoki sog‘lig‘iga aniq xavf tug‘dirgan, shuningdek ko‘rsatib o‘tilgan sharoitlarda to‘xtashni rad etgan, yoxud idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlarining qonuniy talabiga qaramay, qo‘riqlanadigan obyektlarga kirishga yoki qo‘riqlanadigan obyektlardan chiqishga intilgan hollarda transport vositasiga shikast yetkazish yo‘li bilan transport vositasini to‘xtatishda;
fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf solayotgan hayvonlarni zararsizlantirishda;
xizmat qurolini qo‘llash niyati to‘g‘risida ogohlantirishda, trevoga signalini berish yoki yordam chaqirish zarur bo‘lganda.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
21. Odamlar ancha to‘plangan hollarda, shuningdek homiladorligi yoki nogironligi yaqqol ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi yaqqol ko‘rinib turgan yoki idoraviy qo‘riqlash xizmati xodimlariga ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan xizmat qurolini qo‘llash taqiqlanadi, sanab o‘tilgan shaxslar:
(21-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlariga qurolli yoki guruh bo‘lib qarshilik ko‘rsatgan hollar;
idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari yoxud qo‘riqlanadigan obyektlardagi shaxslarning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soladigan qo‘riqlanadigan obyektlar va mol-mulkka qurolli yoki guruh bo‘lib hujum qilgan hollar bundan mustasno.
VII. Ijtimoiy-maishiy ta’minot
22. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlariga tegishli jamoaviy shartnomalar va bitimlarda nazarda tutilgan qoidalar va imtiyozlar joriy etiladi.
23. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasbiy kasalliklar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda, majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasidan o‘tadilar.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
24. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida jarohat olgan yoki halok bo‘lgan taqdirda zararni qoplash tegishli jamoaviy shartnomalar va bitimlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VIII. Moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash
25. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash davlat va xo‘jalik boshqaruvi respublika organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
26. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati xodimlari mehnatiga haq to‘lash, ularni kiyim-bosh va anjomlar bilan ta’minlash tegishli respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan belgilanadigan normalarga muvofiq amalga oshiriladi.
IX. Yakunlovchi qoidalar
27. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati faoliyatini nazorat qilish respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi bo‘linmalari tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-dekabrdagi 810-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son — 2021-yil 29-martdan kuchga kiradi)
28. Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmatini qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 10-son, 103-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.07.2019-y., 09/19/568/3403-son; 28.12.2020-y., 09/20/810/1673-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)