O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 630-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.11.2022-y., 09/22/630/0980-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 20-fevraldagi PQ-4997-son qarorini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini, ularning mol-mulkini qo‘riqlash uchun tuziladigan shartnomalarga asosan qo‘riqlash xizmatlarini ko‘rsatish evaziga tushadigan mablag‘lar hisobidan idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi;
idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari tomonidan toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini, ularning mol-mulkini qo‘riqlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan qo‘riqlash xizmatlarining turlari;
idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalarining ishchi va xizmatchi lavozimlari, toifalari hamda shtatlarini tashkil etish, idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalariga ishga kiradigan nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, ularni ishga qabul qilish, boshlang‘ich tayyorlash va qayta tayyorlash tartibi;
idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilarining vazifalari, huquq va majburiyatlari, ularning faoliyatini tashkil etish, xizmatga to‘g‘ri taqsimlash va nazorat qilish tartibi;
idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalarining moliyaviy va moddiy-texnik ta’minotini tashkil etish tartibi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 630-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.11.2022-y., 09/22/630/0980-son)
2. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni R.M. Djurayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-dekabr,
757-son
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-dekabrdagi 757-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi (keyingi o‘rinlarda — Milliy gvardiya) Qo‘riqlash bosh boshqarmasining tarkibida idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish hamda ushbu bo‘linmalar ishchi va xizmatchilarining huquqlari va majburiyatlarini, bo‘linmalarning moliyaviy va moddiy-texnik ta’minotini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasining (keyingi o‘rinlarda — Qo‘riqlash bosh boshqarmasi) idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari shaxsiy tarkibi mehnat munosabatlari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan ishchi va xizmatchilardan iborat bo‘ladi.
3. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilarining qo‘riqlash faoliyati ushbu Nizom, Milliy gvardiyaning ichki idoraviy hujjatlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
2-bob. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalarining faoliyatini tashkil etish
4. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari Qo‘riqlash bosh boshqarmasining vakolatlari doirasida o‘ta muhim hamda toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlash uchun tuziladigan shartnomalarga asosan qo‘riqlash xizmatlarini ko‘rsatish evaziga tushadigan mablag‘lar hisobidan Qo‘riqlash bosh boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i asosida tashkil etiladi.
5. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari tomonidan quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi:
a) idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari tomonidan:
obyekt yoki uning bir qismida xizmat o‘tash uchun belgilangan joy yoki hudud (keyingi o‘rinlarda — qo‘zg‘almas post (yo‘nalish)) orqali qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlash;
piyoda yoki transport vositasida, shuningdek, boshqa vositalarda muayyan hududdagi obyektlarni yoki ularning hududlarini yo‘nalish bo‘ylab qo‘riqlash;
b) idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari tomonidan — qo‘zg‘almas post (yo‘nalish) orqali obyekt yoki uning bir qismini qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlash.
6. Quyidagilar idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
o‘ta muhim hamda toifalangan obyektlarni, davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini hamda obyektlarini tajovuzlardan himoya qilish;
yuridik shaxslarning qo‘riqlanadigan obyektlarida nazorat-o‘tkazish va obyektning ichki rejimlarini ta’minlash;
qo‘riqlanadigan obyektlar hududida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga chek qo‘yish;
qo‘riqlanadigan obyektlarda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etishda ishtirok etish;
obyektlarning xavfsizligini ta’minlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, boshqa davlat organlari, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlik qilish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuklangan vazifalarni hal etishda o‘z vakolatlari doirasida ko‘maklashish.
Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
7. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari ishchi va xizmatchilarining lavozimlari, toifalari hamda shtatlari mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq tashkil etiladi.
8. Obyektlarni qo‘riqlash bo‘yicha ishchi va xizmatchilarning faoliyatini tashkil etish, xizmatga to‘g‘ri taqsimlash va nazorat qilish uchun mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari guruhlari tuziladi.
9. Obyektlarni qo‘riqlash uchun qo‘zg‘almas postlar (yo‘nalishlar)ni qo‘yish qoidalari va shartlari, shuningdek, ularning faoliyatini nazorat qilish tartibi Milliy gvardiyaning ichki idoraviy hujjatlariga asosan belgilanadi.
10. Obyektning joylashuvi, uning va xizmatni o‘tashning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari naryadlarining xizmati sutkalik va vaxta usulida tashkil etilishi mumkin.
Vaxtaning davomiyligi yetti sutkagacha belgilanadi va bunda naryadlarning xizmatni o‘tashi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Garnizon va qorovullik xizmati to‘g‘risidagi nizomga asosan ishlab chiqilgan va Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan tasdiqlangan yo‘riqnomaga muvofiq tashkil etiladi.
Vaxta usulida xizmat tashkil etilganda ishchi va xizmatchilarning dam olishi, ovqatlanishi, yuvinishi va ular bilan o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, ularning tabel qurollarini saqlash bo‘yicha tegishli shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lishi shart.
11. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan tasdiqlangan namunadagi formali kiyim-bosh va xizmat guvohnomalari bilan ta’minlanadi.
12. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari tomonidan foydalaniladigan xizmat qurollari, ularning o‘q-dorilari va maxsus vositalar turlari, ularning soni, ta’minlash va foydalanish tartibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
3-bob. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalariga ishga qabul qilish, ishchi va xizmatchilarni boshlang‘ich tayyorlash va qayta tayyorlash
13. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalariga ixtiyoriy tartibda tanlov asosida, belgilangan talablarga javob beradigan o‘n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan, yigirma besh yoshdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ish (xizmat)ga qabul qilinadi.
Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalariga ixtiyoriy tartibda mazkur nizomda belgilangan talablarga javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ish (xizmat)ga qabul qilinadi.
Qabul qilinadigan fuqarolar kamida umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lishi, sog‘lig‘ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lishi lozim.
Erkak nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni o‘tagan bo‘lishi kerak.
14. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari boshliqlar tarkibiga Milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda samarali xizmat qilib, nafaqaga bo‘shagan nomzodlar suhbat asosida, jismoniy tayyorgarligi va salomatligi holatiga ko‘ra ishga qabul qilinishi mumkin.
15. Nomzodlar bilan tanlov o‘tkazish, ularning hujjatlarini rasmiylashtirish va ishga qabul qilish tartibi hamda nomzodlarga qo‘yiladigan maxsus talablar Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi. Qabul qilingan shaxslarga uch oydan ortiq bo‘lmagan dastlabki sinov muddati belgilanadi.
16. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalariga qabul qilishda nomzodlarning bo‘y o‘lchami quyidagi maxsus antropometrik parametrlarga javob berishi talab etiladi:
a) erkak nomzodlar uchun 178 santimetrdan past bo‘lmasligi;
b) ayol nomzodlar uchun 170 santimetrdan past bo‘lmasligi.
Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalariga qabul qilinadigan nomzodlarga antropometrik parametrlar belgilanmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-oktabrdagi 524-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2023-y., 09/23/524/0750-son)
18. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalariga ishga qabul qilinayotgan fuqarolar hududiy tibbiyot birlashmalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish shartlari va uni tashkil etish tartibi, nomzodlarning sog‘lig‘iga bo‘lgan talablar Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
19. Tanlov yakuniga ko‘ra eng yuqori natijalarga erishgan nomzod bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi tuziladi. Mehnat shartnomasida xodim boshlang‘ich tayyorlashga jalb etilishi va belgilangan tartibda o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlab sertifikat olgan taqdirda, mehnat munosabatlari davom ettirilishi, aks holda mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqidagi qoida nazarda tutiladi.
20. Ishga qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari majburiy tartibda boshlang‘ich tayyorgarlikdan o‘tadi.
Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari ishchi va xizmatchilarini boshlang‘ich tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish Milliy gvardiyaning ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.
21. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari maxsus o‘quv dasturlari bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan (ma’naviy-psixologik, xizmat tayyorgarligidan, jismoniy va jangovar tayyorgarlikdan) o‘tadi. Mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan vaqt ish vaqtiga kiritiladi.
22. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalarining shaxsiy tarkibi bilan maxsus dasturlar asosida quyidagi tartibda xizmat va jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkaziladi:
idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalarida — oyiga 8 akademik soat (o‘quv yilida 80 akademik soat);
idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalarida — oyiga 4 akademik soat (o‘quv yilida 40 akademik soat).
23. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari yilda bir marta majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Maxsus tayyorgarlikdan, shuningdek, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda xizmat qurolini qo‘llash bilan bog‘liq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy yaroqliligini aniqlash uchun davriy tekshiruvlardan (keyingi o‘rinlarda — sinov) o‘tishi kerak. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan ishchi va xizmatchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar beriladi. Sinovlarni o‘tkazish tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
Sinov natijalari bo‘yicha qoniqarsiz baholangan idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilarining malakasi yetarli emas deb hisoblanib, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda xizmat qurolini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa lavozimga mehnat shartnomasiga muvofiq o‘tkaziladi yoki ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
24. Qo‘riqlash bosh boshqarmasi psixologlari tomonidan tuzilgan dastur (reja, jadval)larga asosan idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari bilan ma’naviy-psixologik tayyorgarlik bosqichma-bosqich, maqsadli va doimiy ravishda o‘tkaziladi.
4-bob. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
25. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari xizmatni o‘tash vaqtida quyidagi huquqlarga ega:
jismoniy va yuridik shaxslardan belgilangan nazorat-o‘tkazish va obyektning ichki rejimlariga, shuningdek, jamoat tartibiga rioya etishini talab qilish;
qo‘riqlanadigan obyekt hududidan mol-mulkni qonunga xilof ravishda olib chiqishga yoki qo‘riqlanadigan obyektga taqiqlangan predmetlarni olib kirishga urinish chog‘ida shaxslarni ushlash;
qo‘riqlanadigan obyektlardagi mol-mulkni saqlash sharoitlarini, qo‘riqlashning muhandislik va texnik vositalari holatini hamda sozligini tekshirish, aniqlangan qoidabuzarliklarning, kamchiliklarning bartaraf etilishini talab qilish;
qo‘riqlanadigan obyektga qonunga xilof ravishda kirgan yoki qo‘riqlanadigan obyektda huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning shaxsini aniqlash, ularni ushlash hamda qo‘riqlash xizmati xonasiga yetkazish (bunday vakolatlari mavjud bo‘lmaganda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlarini chaqirish);
muomalada bo‘lishi cheklangan moddalar, shu jumladan, obyektga olib kirish (undan olib chiqish) uchun taqiqlangan predmetlar ro‘yxatiga qo‘riqlanadigan obyekt ma’muriyati tomonidan kiritilgan moddalar bor deb hisoblash uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, fuqarolarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularning ashyolari, qo‘l yuki, bagajini ko‘zdan kechirish hamda ularni olib yurish hamda saqlash uchun asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda, mazkur predmetlar, vositalar va moddalarni olib qo‘yish, shuningdek, transport vositalarini ko‘zdan kechirish, ularda tashilayotgan yuklarning ilova qilinadigan hujjatlarga muvofiqligini tekshirish;
qo‘riqlanadigan obyektdagi, patrullik yo‘nalishidagi hodisani, sodir etilgan huquqbuzarlikni belgilangan tartibda rasmiylashtirish, jinoyat izlarini saqlash maqsadida fuqarolardan hodisa joyini tark etishni talab qilish;
fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga, atrof muhitga zarar yetkazmaydigan qo‘riqlash texnik vositalaridan foydalanish;
qo‘riqlanadigan obyektlarga qonunga xilof ravishda kirgan yoki kirishga uringan shaxslarni aniqlash uchun, shuningdek, bunday kirishlarning oldini olish maqsadida xizmat (qo‘riqchi) itlaridan foydalanish;
qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda xizmat qurolini hamda maxsus vositalarni olib yurish va ulardan foydalanish, shuningdek, jismoniy kuch ishlatish.
Qo‘riqlash bo‘linmalarining xizmatni mehnat sharoitlari sog‘liq uchun zararli bo‘lgan obyektlarda o‘taydigan ishchi va xizmatchilari ushbu qo‘riqlanadigan obyektlarning ishchi va xizmatchilari uchun nazarda tutilgan mehnat sohasidagi qo‘shimcha imtiyozlardan hamda afzalliklardan foydalanadi. Mazkur imtiyozlar qo‘riqlash xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada aks ettiriladi va ustuvor shartlar sifatida belgilanishi mumkin.
Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlardan ham foydalanadilar.
26. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari qo‘riqlash turi, shakllari va usullaridan qat’i nazar, xizmatni o‘tash jarayonida quyidagilarga majbur:
obyektlarni qo‘riqlash va qonunga xilof tajovuzlardan himoya qilish, belgilangan tartibga va qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, mol-mulkini qo‘riqlash va uni kuzatib borish;
o‘z vakolatlari doirasida davlat, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek fuqarolar va davlat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan choralarni ko‘rish;
xizmatni o‘tash joylarida jamoat tartibini saqlashi, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qo‘yish;
qo‘riqlanadigan obyektda shubhali buyum aniqlanganda vakolatli organlarga xabar berish, vakolatli organ xodimlari yetib kelguniga qadar shubhali buyumning daxlsizligini ta’minlash;
qo‘riqlanadigan obyektda huquqbuzarliklar va hodisalarning, shu jumladan, jinoyat, ma’muriy huquqbuzarliklarning izlari saqlanishini ta’minlash;
hodisa joyida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek, hayotiga va sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan shaxslarga birinchi yordam ko‘rsatish yoki shunday yordam ko‘rsatilishini tashkil etish;
qo‘riqlanadigan obyektlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida fuqarolar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari, jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ularga yuklangan vazifalarni hal etishda o‘z vakolatlari doirasida ko‘maklashish;
qo‘riqlanadigan obyektlardagi tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etish;
qo‘riqlanadigan obyektda nazorat-o‘tkazish va obyektning ichki rejimlariga rioya etilishini qo‘riqlanadigan obyekt ma’muriyati tomonidan qo‘riqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar bilan kelishuvga ko‘ra tasdiqlangan qoidalarga muvofiq ta’minlash;
o‘ziga ishonib topshirilgan xizmat qurolining va uning o‘q-dorilarining, maxsus va texnik vositalarning, shaxsiy himoya vositalari hamda mol-mulkning xavfsiz va lozim darajada saqlanishini ta’minlash;
belgilangan tartibda maxsus formali kiyim-bosh kiyish va farqlovchi belgilarini taqib yurish;
qo‘riqlash faoliyatini amalga oshirish chog‘ida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan xizmatga doir axborot va boshqa axborotning maxfiyligini ta’minlash.
Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
27. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilarining xizmat majburiyatlarini bajarishi deganda quyidagilar tushuniladi:
lavozim majburiyatlarini bajarish;
xizmatni o‘tash;
xizmat safarida bo‘lish;
kun tartibida belgilangan ish vaqti davomida yoki xizmat zarurati tufayli qo‘riqlash bo‘linmalari (qo‘riqlanayotgan obyekt) hududida bo‘lish;
xizmat joyiga borish yoki ulardan qaytish;
o‘quv yig‘inlarida ishtirok etish;
sud tomonidan ishchi va xizmatchilarning shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan deb topilgan boshqa harakatlari.
28. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari davlat organi vakili hisoblanadi.
29. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilaridan faqat qo‘riqlash faoliyati bilan bog‘liq vazifalarni bajarish maqsadida shartnoma asosida foydalaniladi.
5-bob. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalarining moliyaviy va moddiy-texnik ta’minoti, ishchi va xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi
30. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari ish haqi va bepul formali kiyim-bosh bilan ta’minlanadi. Ularning moddiy-texnik ta’minoti normalari va formali kiyim-boshni kiyish qoidalari Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari yuqori kasbiy tayyorgarlik darajasiga va faoliyatida samarali natijalarga erishganligi uchun har yili Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilangan tartibda “uchinchi malaka toifasi”, “ikkinchi malaka toifasi”, “birinchi malaka toifasi” malaka toifalari beriladi.
Malaka toifasiga ega bo‘lgan idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari ishchi va xizmatchilariga ularning lavozim maoshiga nisbatan quyidagi miqdorlarda har oylik ustamalar to‘lanadi:
“uchinchi malaka toifasi” — 10 %;
“ikkinchi malaka toifasi” — 15 %;
“birinchi malaka toifasi” — 20 %.
31. Qo‘riqlash bosh boshqarmasining shakllanadigan pul ta’minoti jamg‘armasi doirasida idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilariga:
yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra lavozim maoshlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oshirilgan koeffitsiyentlar qo‘llaniladi;
bir yilda bir marta ikki oylik lavozim maoshi miqdorida rag‘batlantiriladi;
bir yilda bir marta bir oylik lavozim maoshi miqdorida moddiy yordam ko‘rsatiladi.
32. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari qonunchilik hujjatlarida belgilangan ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan foydalanadilar.
33. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari mehnat faoliyati davomidagi baxtsiz hodisalar va kasbiy kasalliklaridan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat majburiy ijtimoiy sug‘urtasi qilinishi lozim.
34. Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilari xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida jarohat olgan yoki halok bo‘lgan taqdirda, yetkazilgan zarar tegishli jamoa shartnomalari va jamoa kelishuvlariga muvofiq amaldagi qonunchilikda belgilab qo‘yilgan normalardan kam bo‘lmagan tartibda qoplanadi.
35. Qo‘riqlanayotgan obyektlar ma’muriyati o‘z xizmat vazifasini vijdonan bajarayotgan idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari ishchi va xizmatchilarini rag‘batlantirishi va mukofotlashi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoida
36. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari ishchi va xizmatchilarining lavozimlari, toifalari hamda shtatlari
RO‘YXATI

T/r

Lavozim nomlari

Toifasi

Shtat soni

1.

Otryad boshlig‘i

Katta boshliq

Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari soni 76 birlikdan oshganda kiritiladi.

2.

Otryad boshlig‘i o‘rinbosari

3.

Otryad boshlig‘ining moddiy ta’minot bo‘yicha yordamchisi

4.

Alohida komanda va otryad tarkibidagi komanda boshlig‘i

Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari soni 16 birlikdan 75 birlikkacha bo‘lganda kiritiladi.

5.

Otryad (komanda) qorovul itlari instruktori

O‘rta boshliq

Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi (komandasi) tarkibidagi mavjud 7 birlik kinolog shtat lavozimiga 1 birlik qorovul itlari instruktori kiritiladi.

6.

Otryad (komanda) starshinasi

Kichik boshliq

Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi (komandasi) ish hajmi va xizmat zaruratiga muvofiq 1 birlik kiritiladi.

7.

Qorovul boshlig‘i

Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari 16 birlikdan oshganda keyinchalik har 25 birlik uchun kiritiladi.

8.

Guruh boshlig‘i

Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari soni 6 birlikdan 15 birlikkacha bo‘lganda kiritiladi.

9.

Ruxsatnomalar byurosi boshlig‘i

3 birlik ruxsatnomalar byurosi navbatchisi bo‘lganda kiritiladi.

10.

Ruxsatnomalar byurosi navbatchisi

Ruxsatnomalar byurosi tashkil etilgan nazorat-o‘tkazish punktlarida 3 birlik ruxsatnomalar byurosi navbatchisi kiritiladi.

11.

Kinolog

Oddiy tarkib

Tuzilgan shartnomalarga asosan xizmat faoliyatida foydalanilayotgan har bir qorovul iti uchun idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash shtati hisobidan 1 birlik kiritiladi.

12.

Nazoratchi

Qo‘riqlash vaqti hisobi va to‘lov smetasiga muvofiq kiritiladi.

13.

O‘qchi

Qo‘riqlash vaqti hisobi va to‘lov smetasiga muvofiq kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari va idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan qorovullik bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari guruhlari
RO‘YXATI

T/r

Guruhlar

Shtat soni

1.

Guruh

1 — 15 birlik

2.

3-guruh komandasi

16 — 35 birlik

3.

2-guruh komandasi

36 — 50 birlik

4.

1-guruh komandasi

51 — 75 birlik

5.

3-guruh otryadi

76 — 200 birlik

6.

2-guruh otryadi

201 — 350 birlik

7.

1-guruh otryadi

351 birlik va undan ortiq

Izoh.
Tuzilgan shartnomalarga asosan ajratilgan shtat birliklari soniga muvofiq guruhlar belgilanadi.
Idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalarining guruhlarini o‘zgartirish va unga asosan mehnatga haq to‘lashni belgilash O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 630-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.11.2022-y., 09/22/630/0980-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.12.2021-y., 09/21/757/1170-son; 02.11.2022-y., 09/22/630/0980-son; 04.10.2023-y., 09/23/524/0750-son)