|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
ELEKTRON TIJORAT TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 2015-yil 22-maydagi OʻRQ-385-sonli Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi elektron tijorat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Elektron tijorat
Axborot tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan, tovarlarni sotish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishga doir tadbirkorlik faoliyati elektron tijoratdir.
4-modda. Elektron tijorat ishtirokchilari
Elektron tijoratni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek tegishli tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xaridorlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar elektron tijorat ishtirokchilaridir.
Elektron tijoratda axborot vositachilari ham ishtirok etishlari mumkin. Elektron hujjat aylanishi bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslar axborot vositachilaridir.
5-modda. Elektron tijorat ishtirokchilarining huquqiy holati
Elektron tijorat ishtirokchilari ushbu Qonunda, boshqa qonun hujjatlarida, shuningdek tuzgan shartnomalarida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadilar va majburiyatlarni bajaradilar.
Elektron tijoratda ishtirok etish, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, uning ishtirokchilariga nisbatan axborot tizimlaridan foydalanmasdan amalga oshirilayotgan tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan qoʻshimcha talablar yoki cheklashlar belgilanishi uchun asos boʻla olmaydi.
6-modda. Elektron tijoratni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs toʻgʻrisidagi axborot
Elektron tijoratni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridoriga:
yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli koʻrsatilgan holdagi toʻliq nomini yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini;
pochta va elektron manzilini hamda oʻzining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda litsenziyasi borligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborotni taqdim etishi yoxud uning bunday axborotdan foydalanish erkinligini taʼminlashi shart.
Qonun hujjatlarida elektron tijoratni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs toʻgʻrisidagi axborotga nisbatan boshqa talablar ham belgilanishi mumkin.
7-modda. Axborot vositachilarining xizmatlari
Axborot vositachilarining xizmatlari shartnoma asosida koʻrsatiladi.
Axborot vositachilari, agar elektron tijorat ishtirokchilari bilan tuzilgan shartnomalarning shartlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, elektron hujjatlarning mazmunini yoki ulardan foydalanish tartibini oʻzgartirishga haqli emas.
8-modda. Elektron tijoratdagi shartnoma shartlari
Elektron tijoratdagi shartnoma shartlari qonun hujjatlarining talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Elektron tijoratdagi shartnoma unga hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot resursida joylashtirilgan elektron hujjatga havola qilish yoʻli bilan kiritiladigan alohida shartlarni oʻz ichiga olishi mumkin. Bu holda elektron hujjatni joylashtirgan elektron tijorat ishtirokchisi qonun hujjatlarida yoki shartnomada belgilangan muddat mobaynida undan erkin foydalanish imkoniyatini taʼminlashi, bu muddat oʻtgandan keyin esa ushbu elektron hujjatning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda saqlanishini taʼminlashi shart.
9-modda. Elektron tijoratda shartnoma tuzish
Elektron tijoratda shartnoma quyidagilar vositasida tuzilishi mumkin:
elektron hujjatlarni ayirboshlash;
elektron hujjat koʻrinishida boʻlmagan, qabul qilib olingan oferta (shartnoma tuzish taklifi) qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi elektron hujjatni joʻnatish;
elektron hujjat koʻrinishida boʻlgan, qabul qilib olingan ofertadagi shartnoma shartlarini bajarish boʻyicha harakatlarni amalga oshirish.
Elektron tijoratda shartnoma akseptni (taklif qabul qilinishini) oʻz ichiga olgan elektron hujjat elektron tijoratni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan qabul qilib olingan paytda yoxud ofertani oʻz ichiga olgan elektron hujjatda aksept uchun nazarda tutilgan harakatlar tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridori tomonidan amalga oshirilgan paytda tuzilgan deb eʼtirof etiladi.
Ofertani oʻz ichiga olgan elektron hujjat olinganligini oferta shartlariga rozilikni koʻrsatmasdan tasdiqlash, xuddi shuningdek tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridorining harakatsizligi, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, aksept hisoblanmaydi.
Agar qonun hujjatlarida shartnoma boʻyicha tarafning boshqa tarafga shartnomani tuzish yoki ijro etish bilan bogʻliq hujjatni taqdim etish majburiyati nazarda tutilgan boʻlsa, koʻrsatilgan majburiyatni bajarish shartnomani tuzish usulidan qatʼi nazar amalga oshiriladi.
Elektron tijoratda shartnoma, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, faqat elektron hujjatlardan foydalanilgan holda tuzilganligiga asoslanib haqiqiy emas deb topilishi mumkin emas.
10-modda. Elektron tijoratda ofertaga taklif etish
Elektron tijoratda ofertaga taklif etish, shu jumladan taklif qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) toʻgʻrisidagi reklama yoki boshqa maʼlumotlar maxsus bilimga ega boʻlmagan qabul qilib oluvchiga qabul qilib olingan axborotning elektron tijoratga taalluqliligini aniq belgilash va oferta joʻnatuvchining huquqiy holati, uning tovarlari (ishlari, xizmatlari), bu tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) narxlari va ularni olish shartlari haqida toʻgʻri tasavvur hosil qilish imkoniyatini beradigan shaklda taqdim etilishi kerak.
11-modda. Elektron tijoratda ofertaga qoʻyiladigan talablar
Elektron tijoratda shartnoma tuzish maqsadida yoʻllanadigan oferta, shu jumladan nomuayyan shaxslar doirasiga yoʻllanadigan oferta:
elektron hujjatlardan foydalangan holda shartnoma tuzish tartibini;
shartnoma shartlarini kelishib olish chogʻida oʻzgartishlar kiritish imkoniyati va tartibini;
akseptni elektron hujjat vositasida yuborish va chaqirib olish tartibini;
hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot resursida joylashtirilgan elektron hujjatga havola qilish yoʻli bilan shartnomaga kiritiladigan shartlarga taalluqli qaydlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
12-modda. Elektron hujjatlardan bitim tuzilganligining dalili sifatida foydalanish
Elektron hujjatlardan bitim tuzilganligining dalili sifatida foydalanish mumkin.
13-modda. Nizolarni hal etish
Elektron tijorat sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
14-modda. Elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 29-aprel,
613-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 20- son, 232-modda)