O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aliment to‘lovlari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, aliment to‘lovlari jamg‘armasi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmonining 20-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosida (keyingi o‘rinlarda — Majburiy ijro byurosi) yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilganligi va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 50 milliard so‘m ajratilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan shaxslardan undirilgan mablag‘lar;
vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro institutlar va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
Oldingi tahrirga qarang.
Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi PQ-202-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2025-y., 07/25/202/0541-son)
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. Belgilansinki:
Jamg‘arma hisobidan to‘lovlar faqat voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdorga nisbatan tatbiq etiladi;
Jamg‘arma faoliyatini boshqarish Majburiy ijro byurosi tomonidan amalga oshiriladi;
Jamg‘arma tomonidan to‘lovlarni to‘lash tartib-taomillari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish maqsadida barcha amaliyotlar Majburiy ijro byurosining Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda to‘lovlar ushbu tizim bilan integratsiya qilingan aliment oluvchilarning bank kartalariga o‘tkaziladi.
4. Jamg‘armaning mablag‘larini shakllantirish, taqsimlash va ulardan foydalanish hamda uning faoliyatini tashkil etish tartibini, shu jumladan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan aliment to‘lovlaridan qarzdorlik to‘lanadigan holatlar va shaxslar toifasini belgilashni nazarda tutuvchi Aliment to‘lovlari jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining:
Majburiy ijro byurosi tuzilmasida umumiy shtat birliklari doirasida Moliya-rejalashtirish bo‘limiga 1 ta shtat birligi ajratish;
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishni ta’minlash bo‘yicha samaradorlik va natijadorlik ko‘rsatkichlarida (KPI) Jamg‘armadan qoplangan aliment mablag‘larini undirishni asosiy mezonlardan biri sifatida belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
6. Majburiy ijro byurosi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 30-dekabrga qadar:
Jamg‘armani shakllantirish manbalarini kengaytirish, shu jumladan ijro hujjatlari bo‘yicha undirilib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga yo‘naltirilayotgan mablag‘larning bir qismini Jamg‘armaga yo‘naltirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin;
Byuroning Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimini Moliya vazirligining G‘aznachiligi elektron tizimi bilan integratsiya qilish choralarini ko‘rsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 3-avgust,
427-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-avgustdagi 427-son qaroriga
ILOVA
Aliment to‘lovlari jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining (keyingi o‘rinlarda — Byuro) Aliment to‘lovlari jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘armaning maqsadi Byuro organlari ish yurituvidagi aliment undirish bilan bog‘liq sud hujjati asosida berilgan ijro hujjati yoki ijro hujjati bo‘lgan sud hujjati bilan aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan va undirish imkoni bo‘lmagan mablag‘larni ushbu Nizomda belgilangan hollarda, Jamg‘arma mablag‘laridan aliment to‘lovlari bo‘yicha shakllangan qarzdorlikni biryo‘la to‘lash uchun moliyalashtirish hisoblanadi.
3. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari shaklida tashkil etiladi va Moliya vazirligining G‘aznachiligi hisobvarag‘ida mablag‘lari milliy va chet el valyutasida bank hisobvaraqlarida jamlanadi.
4. Aliment to‘lovlari jamg‘armasidan foydalanish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va sarflash
5. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan shaxslardan undirilgan mablag‘lar;
vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro institutlar va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
Oldingi tahrirga qarang.
Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi PQ-202-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2025-y., 07/25/202/0541-son)
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Jamg‘arma mablag‘lari voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda, aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni (ushbu jinoyat natijasida yetkazilgan zararni) qoplab berishga (biryo‘la undiruvchiga to‘lab berishga) yo‘naltiriladi.
7. Jamg‘arma mablag‘laridan mazkur Nizomning 6-bandida nazarda tutilmagan boshqa maqsadlar uchun foydalanish taqiqlanadi.
8. Jamg‘armadan aliment to‘lovlarini qoplab berish uchun majburiy ijro harakatini amalga oshirgan davlat ijrochisining aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risidagi qarori asos bo‘lib hisoblanadi.
9. Aliment to‘lovlarini qoplab berish Byuroning Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda to‘lovlar ushbu tizim bilan integratsiya qilingan aliment oluvchilarning bank kartalariga o‘tkaziladi.
10. Byuro Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi.
11. Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmagan mablag‘lari budjetga olib qo‘yilmaydi va ulardan keyingi davrda foydalaniladi.
3-bob. Jamg‘arma mablag‘larini ajratish, ularni qaytarish va hisobdan chiqarish tartibi
12. Voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdordan jinoyat ishlari bo‘yicha suddan kelib tushgan aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni (ushbu jinoyat natijasida yetkazilgan zararni) undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan undirish choralari ko‘riladi.
Qonunchilik hujjatlarida belgilangan barcha choralar natijasiz bo‘lgan taqdirda, davlat ijrochisi tomonidan aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi hamda ikki ish kunidan kechiktirilmagan holda to‘lovlarni amalga oshirish uchun tizim orqali Jamg‘armaga yuboriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi 116-moddasining birinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 474-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 122-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2009-yil 10-apreldagi 7-sonli “Sud hujjatlarini bajarishdan bo‘yin tovlash hamda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlikka doir qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori.
13. Aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risidagi qarorda quyidagilar ko‘rsatiladi:
aliment undirish to‘g‘risidagi va jinoyat ishlari bo‘yicha sudning ijro hujjati bo‘yicha yuritilgan ijro ishi raqamlari;
aliment to‘lovlari qoplab berilishi lozim bo‘lgan jami mablag‘lar summasi;
aliment to‘lovlari qoplab berilishi lozim bo‘lgan davr;
undiruvchining bank rekvizitlari.
14. Aliment to‘lovlarini qoplab berish Jamg‘arma tomonidan aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risidagi qaror olingan kundan boshlab ikki ish kunidan kechiktirilmagan holda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
15.Jamg‘arma mablag‘lari aliment to‘lovlarini qoplab berish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, aliment to‘lovlari Jamg‘armaga mablag‘lar kelib tushgan kundan boshlab qoplanadi.
Bunda, to‘lovlar aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risidagi qarorlar kelib tushgan ketma-ketlikka muvofiq amalga oshiriladi.
16. Davlat ijrochisi jamg‘armadan qoplangan aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdordan mablag‘larni Jamg‘armaga qaytarish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda ijro harakatlarini amalga oshiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 3-bobi (Ijro harakatlarini amalga oshirishning umumiy shartlari).
17. Qarzdorning undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki yoki daromadlari bo‘lmasa va uning mol-mulki yoki daromadlarini qidirish yuzasidan davlat ijrochisi tomonidan qonunda yo‘l qo‘yiladigan doirada ko‘rilgan barcha choralar natijasiz bo‘lsa, ijro hujjati va ijro ishi yuritishda tarafni almashtirish to‘g‘risidagi qarori “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 40-moddasida belgilangan tartibda davlat ijrochisining qaroriga asosan Jamg‘armaga qaytariladi.
18. Davlat ijrochisining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 40-moddasiga asosan qabul qilingan qarori Jamg‘arma tomonidan qabul qilinib, ikki oy davomida ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorliklarni undirish masalalari bo‘yicha yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali muntazam ravishda mulkiy ahvoli o‘rganilib boriladi. Mulkiy ahvoli o‘zgarmagan taqdirda qarzdorlik Jamg‘arma tomonidan hisobdan chiqariladi.
4-bob. Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish
19. Jamg‘armani boshqarish, shu jumladan, Jamg‘arma joriy faoliyatiga rahbarlik qilish, mablag‘lari to‘planishi va sarflanishini tezkor boshqarish Byuro tomonidan amalga oshiriladi.
20. Byuro Jamg‘armaning joriy faoliyatiga rahbarlikni amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlarga ega:
mablag‘lar ajratishga kelib tushgan qarorlar bo‘yicha ma’lumotlar olish;
undirilgan va Jamg‘armaga o‘tkaziladigan pul mablag‘larining amalda kelib tushgan summasi bo‘yicha tijorat banklari va tegishli tashkilotlardan axborotlar hamda statistika ma’lumotlarini so‘rab olish;
xorijiy valyutada hisobvaraqlar ochish va yuritish, belgilangan tartibda ular bo‘yicha tegishli operatsiyalarni amalga oshirish;
Jamg‘arma bo‘sh mablag‘larini milliy va chet el valyutasida O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklari depozitlariga joylashtirish, shuningdek, chet el valyutasidagi pul mablag‘lari bo‘yicha ayirboshlash va boshqa operatsiyalarni amalga oshirish.
21. Byuro Jamg‘armaning joriy faoliyatiga rahbarlikni amalga oshirish doirasida quyidagilarga majbur:
Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari hisobini yuritish, shuningdek, ular bo‘yicha choraklik va yillik hisobotlarni shakllantirish;
Jamg‘arma daromadlarini shakllantirish tartibini takomillashtirish ishlarini amalga oshirish.
22. Byuro hududiy boshqarmalari tomonidan har hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmasdan Jamg‘armaga yuborilgan aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risidagi qarorlar va Jamg‘armaga undirilgan mablag‘lar to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
23. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risidagi hisobot har chorakda Byuro tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
24. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Aliment to‘lovlari jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Aliment to‘lovlari jamg‘armasidan foydalanish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Chora-tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Davlat ijrochisi

(Majburiy ijro byurosi mas’ul xodimi)

Voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda, aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni (ushbu jinoyat natijasida yetkazilgan zararni) qoplab berish (biryo‘la undiruvchiga to‘lab berish) maqsadida Aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Zarurat yuzaga kelganda

2-bosqich

Davlat ijrochisi

(Majburiy ijro byurosi mas’ul xodimi)

Aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risidagi qarorni unga jinoyat ishlari bo‘yicha sudning ijro hujjatini ilova qilgan holda Jamg‘armaga yuboradi.

Qaror qabul qilingan kundan boshlab 2 ish kunidan kechiktirilmagan holda

3-bosqich

Aliment to‘lovlari jamg‘armasi

Aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risidagi qaror asosida aliment to‘lovlari qoplab beriladi.

Qaror qabul qilingan kundan boshlab 2 ish kunidan kechiktirilmagan hol?a

4-bosqich

Davlat ijrochisi

(Majburiy ijro byurosi mas’ul xodimi)

Jamg‘armadan qoplangan aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdordan mablag‘larni Jamg‘armaga qaytarish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda ijro harakatlari amalga oshiriladi.

Qarzdorlik bartaraf etilgunga qadar

5-bosqich

Davlat ijrochisi

(Majburiy ijro byurosi mas’ul xodimi)

Qarzdorning undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki yoki daromadlari bo‘lmasa va uning mol-mulki yoki daromadlarini qidirish yuzasidan qonunda yo‘l qo‘yiladigan doirada ko‘rilgan barcha choralar natijasiz bo‘lsa, ijro hujjati va ijro ishi yuritishda tarafni almashtirish to‘g‘risidagi qaror belgilangan tartibda Jamg‘armaga qaytariladi.

Undirishni imkoni bo‘lmagan taqdirda

6-bosqich

Aliment to‘lovlari jamg‘armasi

Ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorning mulkiy ahvoli yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali muntazam ravishda o‘rganib boriladi hamda mulkiy ahvoli o‘zgarmagan taqdirda qarzdorlik hisobdan chiqariladi.

2 oy muddatda

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.08.2022-y., 09/22/427/0706-son; 25.06.2025-y., 07/25/202/0541-son)