1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.07.00.00 Maʼmuriy-huquqiy tartiblar (rejimlar) / 02.07.06.00 Pasport va viza rejimlari (shuningdek, 16.05.03.00ga qarang);
2.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat xizmati. Arxiv ishi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son Farmoniga muvofiq jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (keyingi oʻrinlarda — shaxsiy identifikatsiya raqami) barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni koʻrsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanishi, soliq organlarida soliq toʻlovchilarning hisobi shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda yuritilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibi toʻgʻrisidagi maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan barcha shaxslarga tugʻilganlikni qayd etish jarayonida shaxsiy identifikatsiya raqamini berish;
chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga identifikatsiyalovchi ID-kartasi berilganda, shaxsiy identifikatsiyalovchi raqamini berish;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi 442-sonli qarori tahririda)
chet davlat fuqarosiga Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turganda yoki oʻz faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotganda, shaxsiy identifikatsiya raqamini berish;
fuqaroligi boʻlmagan shaxsga biometrik harakatlanish hujjati rasmiylashtirilganda, shaxsiy identifikatsiya raqamini berish;
chet davlatda vaqtincha yoki doimiy yashaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, ularning farzandlari, chet davlat fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga shaxsiy identifikatsiya raqamini berish;
chet el fuqarolariga hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga “e-Residency” platformasi orqali shaxsiy identifikatsiya raqamini berish;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qaroriga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
jismoniy shaxsning elektron talabnomasini shakllantirish.
21. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “e-Residency” platformasining operatori hisoblanadi hamda ushbu platformani ishlab chiqish va texnik taʼminlash uchun xarajatlar Vazirlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2025-yil 1-oktabrga qadar chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan masofadan turib, ariza berish hamda JSHSHIR olish imkoniyati boʻlgan “e-Residency” platformasini ishlab chiqsin va ishga tushirsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025-yil 15-oktabrga qadar JSHSHIR olgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun masofadan turib, Yagona identifikatsiya tizimidan toʻsiqlarsiz roʻyxatdan oʻtkazish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratsin.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2022-yil 1-iyunga qadar:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda shaxsiy identifikatsiya raqamini olish toʻgʻrisidagi murojaatlarni qabul qilish hamda tayyor boʻlgan shaxsiy identifikatsiya raqamini berish boʻyicha axborot tizimlari integratsiya qilinishini taʼminlasin;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari orqali chet davlatlar jismoniy shaxslarining maʼlumotlarini onlayn ravishda tekshirish boʻyicha veb-servis ishlab chiqib va uni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
4. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyundan boshlab mazkur qarorga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yoki doimiy yashayotgan chet davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, xorijiy davlatda doimiy yashaydigan chet davlat fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turgan yoki oʻz faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet davlat fuqarolariga shaxsiy identifikatsiya raqamlarini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatilishini yoʻlga qoʻysin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va ilmiy faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi va adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-aprel,
177-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 177-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibi toʻgʻrisidagi
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (keyingi oʻrinlarda — shaxsiy identifikatsiya raqami) aniqlash va berish tartibini belgilaydi.
2. Shaxsiy identifikatsiya raqami Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yoki doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, chet elda doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turgan yoki oʻz faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet el fuqarolariga (keyingi oʻrinlarda — talabgorlar) beriladi. Shaxsiy identifikatsiya raqami berilganligi uchun toʻlov undirilmaydi.
3. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
maʼlumotlarni toʻplash punkti — shaxsiy identifikatsiya raqamini olish uchun murojaat qilgan jismoniy shaxsning biografik maʼlumotlari va biometrik parametrlarini jamlash, ushbu maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yuborish hamda shakllantirilgan tayyor shaxsiy identifikatsiya raqamini berish vazifasini bajaruvchi ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari, davlat xizmatlari markazlari, FHDE organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
operator — maʼlumotlarni toʻplash punktining shaxsiy identifikatsiya raqamini berish uchun elektron talabnomani toʻldiruvchi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan shaxsiy identifikatsiya raqamini taqdim etuvchi masʼul xodimi;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
elektron talabnoma — maʼlumotlarni toʻplash punktidan shaxsiy identifikatsiya raqamini oladigan shaxsning biografik maʼlumotlari va biometrik parametrlarini oʻz ichiga olgan elektron hujjat;
“e-Residency” platformasi (keyingi oʻrinlarda — Platforma) — chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga muayyan mamlakatda masofadan turib, Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlikni yuritish yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun identifikatsiyadan jismonan ishtirokisiz oʻtish va shaxsiy identifikatsiya raqamini olish imkoniyatini beradigan raqamli tizim.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
2-bob. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash
4. Shaxsiy identifikatsiya raqami mashinada hisoblanadigan hujjatlar uchun xalqaro standartlarga (ICAO) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining biometrik pasportlarida (identifikatsiya ID-kartalarida), chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomalari va identifikatsiya ID-kartalari hamda boshqa hujjatlarda foydalaniladi.
5. Shaxsiy identifikatsiya raqami quyidagi tartibda joylashgan oʻn toʻrtta raqamdan iborat boʻladi:
X
XXXXXX
XXX
XXX
X
nazorat raqami
jismoniy shaxsning tartib raqami (000 — 999)
tuman, shahar kodi (000 — 999)
tugʻilgan sanasi (KKOOYY)
jinsi va tugʻilgan asri indeksi (1 — 6)
1-guruh — jinsi va tugʻilgan asri indeksi:
1 — 1800.1.01. — 1899.31.12 da tugʻilgan erkaklar;
2 — 1800.1.01 — 1899.31.12 da tugʻilgan ayollar;
3 — 1900.1.01 — 1999.31.12 da tugʻilgan erkaklar;
4 — 1900.1.01 — 1999.31.12 da tugʻilgan ayollar;
5 — 2000.1.01 — 2099.31.12 da tugʻilgan erkaklar;
6 — 2000.1.01 — 2099.31.12 da tugʻilgan ayollar.
2-guruh — formatdagi tugʻilgan sana: KKOOYY (kun, oy, yil).
3-guruh — shaxsiy identifikatsiya raqamini shakllantirish uchun talabnoma rasmiylashtirilgan tuman, shahar kodi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari joylashgan joy.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yoki doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, xorijiy davlatda yashaydigan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turgan yoki oʻz faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet el fuqarolariga shaxsiy identifikatsiya raqamini berishda 3-guruh raqami mazkur shaxslar murojaat qilgan joydan kelib chiqib tanlanadi.
4-guruh — ushbu kunda tugʻilgan va mazkur tumanda, shaharda biometrik pasport (identifikatsiyalovchi ID-kartasi), yashash yoki tugʻilganlik guvohnomasini olgan jismoniy shaxsning tartib raqami.
(5-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi 442-sonli qarori tahririda)
Tartib raqami biometrik pasport (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) yoki tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani olish navbatiga muvofiq shakllantiriladi.
(5-bandning oʻn toʻrtinchixatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi 442-sonli qarori tahririda)
5-guruh — nazorat raqami.
Nazorat raqami (14-pozitsiya) 10 moduli boʻyicha doimiy ravishda takrorlanuvchi 731 731... salmoq funksiyasi bilan quyidagi tarzda hisoblanadi:
raqamli maʼlumotlarning tegishli elementi raqami tegishli muntazam pozitsiyada turgan salmoq koʻrsatkichiga chapdan oʻnga koʻpaytiriladi.
Har bir koʻpaytirish natijalari jamlanadi.
Hosil boʻlgan yigʻindi 10 moduliga boʻlinadi.
Boʻlishda qolgan qoldiq nazorat raqami hisoblanadi.
Kodning haqiqiyligi tekshiriladi.
1-misol.
1993-yil 12-oktabrda tugʻilgan, 024 tartib raqami berilgan erkak uchun hisoblangan nazorat raqami:
3
12
10
93
204
024
7
31
73
17
317
317
21
32
70
921
6028
0228
Hosil boʻlgan raqamlar jamlanadi:
21+3+2+7+0+9+21+6+0+28+0+2+28=127
Natija 10 moduliga boʻlinadi: 127/10=12 (qoldiq — 7), shunday qilib nazorat raqami 7 ga teng, fuqaroning kodi esa — 3 121093 204 024 7.
2-misol.
1990-yil 2-yanvarda tugʻilgan, 001 tartib raqami berilgan ayol uchun hisoblangan nazorat raqami:
4
02
01
90
205
001
7
31
73
17
317
317
28
02
03
90
6035
007
Hosil boʻlgan raqamlar jamlanadi:
28+0+2+0+3+9+0+6+0+35+0+0+7=90
Natija 10 moduliga boʻlinadi: 90/10=9 (qoldiq — 0), shunday qilib nazorat raqami 0 ga teng, fuqaroning kodi esa — 4 020190 205 001 0.
6. Talabgorlarga shaxsiy identifikatsiya raqami Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan maʼlumotlarni toʻplash punkti yoki Platforma orqali rasmiylashtirilgan talabnoma asosida avtomatlashtirilgan tizim orqali shakllantiriladi va beriladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
7. Shaxsiy identifikatsiya raqami ushbu Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha beriladi.
8. Shaxsiy identifikatsiya raqami:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan barcha shaxslarga tugʻilganlikni qayd etish jarayonida — qatʼiy ravishda FHDY organlari tomonidan;
xorijiy davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga identifikatsiyalovchi ID-kartasi berilganda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turgan yoki oʻz faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet el fuqarolariga — davlat xizmatlari markazlari tomonidan;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi 442-sonli qarori tahririda)
xorijiy davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga identifikatsiyalovchi ID-kartasi berilganda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turgan chet el fuqarolariga — ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari tomonidan;
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi 442-sonli qarori tahririda)
chet elda boʻlgan xorijiy davlatlar fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga — Platforma orqali Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan;
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga biometrik harakatlanish hujjati rasmiylashtirilganda — ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari tomonidan;
chet davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarning chet ellik diplomatik xodimlari hamda ularning oila aʼzolariga — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan;
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 13-iyuldagi 289-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
xorijiy davlatda yashaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning farzandlariga (shaxsiy identifikatsiya raqami mavjud boʻlmaganda), chet el fuqarolariga hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga — Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan beriladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha va doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga shaxsiy identifikatsiya raqami quyidagi hujjatlar asosida rasmiylashtirib beriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yashayotgan chet el fuqarolariga — xorijiy davlat fuqarosining pasporti;
chet davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarning chet ellik diplomatik xodimlari hamda ularning oila aʼzolariga — chet davlat fuqarosining pasporti va akkreditatsiya kartasi;
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 13-iyuldagi 289-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yashayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga — harakatlanish hujjati;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga — yashash guvohnomalari;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet el fuqarolariga — qonunchilikda belgilangan tartibda tan olingan ishonchnoma, xalqaro shartnoma va kelishuvlarda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno, ishonchnoma bergan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va xalqaro standartlarga (ICAO) mos raqamli fotosurati, vakilning shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
chet elda boʻlgan xorijiy davlatlar fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga — shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va xalqaro standartlarga (ICAO) mos raqamli fotosurati.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qaroriga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
10. Shaxsiy identifikatsiya raqami talabgorlarga ularning maʼlumotlarni toʻplash punktiga yoki Platforma orqali murojaatlari asosida beriladi.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
Talabgorlar shaxsiy identifikatsiya raqamini olish uchun maʼlumotlarni toʻplash punkti operatoriga oʻzi kelib (Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet el fuqarolari bundan mustasno) yoki Platforma orqali murojaat etadi. Maʼlumotlarni toʻplash punkti operatori talabgorlar nomidan ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi elektron talabnomani toʻldiradi.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
Toʻldirilgan talabnomadagi maʼlumotlar talabgorlar tomonidan tekshirilib, ularning toʻgʻriligi tasdiqlanadi.
11. Maʼlumotlarni toʻplash punkti operatori tomonidan jismoniy shaxsning biografik (familiyasi, ismi, otasining ismi (mavjud boʻlganda), tugʻilgan sanasi, jinsi, shaxsiy identifikatsiya raqamini berish uchun asos boʻladigan hujjatining seriyasi (mavjud boʻlganda) va raqami, uni bergan organning nomi va sanasi) hamda biometrik (barcha qoʻl barmoq izlari (16 yoshga toʻlmagan shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet el fuqarolari, chet davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarning chet ellik diplomatik xodimlari hamda ularning oila aʼzolari bundan mustasno) va fotosurati) maʼlumotlari avtomatlashtirilgan tizimga kiritilib, elektron talabnoma shakllantiriladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 13-iyuldagi 289-sonli qarori tahririda)
Platforma orqali murojaat qilgan xorijiy davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan maʼlumotlar (barmoq izlari bundan mustasno) bilan birga shaxsini tasdiqlovchi hujjatini (undagi fotosurat bilan birga) mustaqil ravishda elektron tizimga kiritadi va real vaqt rejimidagi yuz qiyofasi orqali “lifeneest detection” usuli qoʻllanilgan holda biometrik identifikatsiyadan (Face-ID) oʻtadi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
12. Shaxsiy identifikatsiya raqamini shakllantirish uchun talabnoma quyidagi hollarda rad etiladi:
shaxs oʻzi haqida yolgʻon maʼlumot berganda;
shaxsga avval shaxsiy identifikatsiya raqami biriktirilganda (shaxsiy identifikatsiya raqami xato shakllantirilgan holatlar bundan mustasno);
taqdim etilgan hujjatlar ushbu Reglament talablariga muvofiq boʻlmaganda.
Talabgorlar ixtiyoriga koʻra asoslantirilgan rad javobi yozma ravishda beriladi.
13. Elektron talabnoma Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan qabul qilib olingandan soʻng:
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga shaxsiy identifikatsiya raqami axborot tizimi vositasida real vaqt rejimida;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha va doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga bir ish kuni davomida shaxsiy identifikatsiya raqami shakllantirilib, maʼlumotlarni toʻplash punktiga elektron shaklda;
chet davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarning chet ellik diplomatik xodimlari hamda ularning oila aʼzolariga bir ish kuni davomida shaxsiy identifikatsiya raqami shakllantirilib, maʼlumotlarni toʻplash punktiga elektron shaklda;
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 13-iyuldagi 289-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
chet el fuqarolariga hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun shaxsiy identifikatsiya raqami uch ish kuni davomida Platforma orqali elektron shaklda (Platforma orqali murojaat qilinganda);
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
xorijiy davlatda vaqtincha yoki doimiy yashaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning farzandlariga (shaxsiy identifikatsiya raqami mavjud boʻlmaganda), chet el fuqarolariga hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun shaxsiy identifikatsiya raqami bir ish kuni davomida Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga yuboriladi.
14. Talabgorlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ushbu Reglamentga 3-ilovaga muvofiq shakllantirilgan QR-kodli shaxsiy identifikatsiya raqami maʼlumotnomasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham olishi mumkin.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
Talabgorlarning ixtiyoriga koʻra maʼlumotlarni toʻplash punkti operatori uning shaxsiy identifikatsiya raqami maʼlumotnomasini taqdim etadi.
15. Shaxsiy identifikatsiya raqami quyidagi hollarda qayta shakllantiriladi:
birlamchi shaxsiy identifikatsiya raqami xatolik bilan shakllantirilganligi aniqlanganda;
shaxsning tugʻilgan sanasi oʻzgartirilganda;
shaxsning jinsi oʻzgartirilganda;
farzandlikka olinganda.
16. Shaxsiy identifikatsiya raqamini qayta shakllantirish uchun asos boʻlgan hollarda, talabgorlar ushbu bobda belgilangan tartibda mazkur oʻzgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlar asosida maʼlumotlarni toʻplash punktiga murojaat qiladi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qayta shakllantirilgan shaxsiy identifikatsiya raqami barcha manfaatdor davlat tashkilotlarining axborot tizimlariga yuborilishini taʼminlaydi. Davlat tashkilotlari oʻzlarining axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarida jismoniy shaxsga tegishli maʼlumotlar birlashtirilishi yoki muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
18. Shaxsiy identifikatsiya raqamini olish boʻyicha murojaat qilgan talabgorlar davlat organlari va tashkilotlari yoki maʼlumotlarni toʻplash punkti tomonidan shaxsiy identifikatsiya raqamini berishni rad etish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari hamda maʼlumotlarni toʻplash punkti mansabdor shaxslari xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
19. Ushbu Reglament talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibi toʻgʻrisidagi maʼmuriy reglamentga 1-ILOVA
Jismoniy shaxslarga shaxsiy identifikatsiya raqamini berish
(Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yoki doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, xorijiy davlatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turgan yoki oʻz faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet el fuqarolari)
Shaxsiy identifikatsiya raqamini olish uchun maʼlumotlarni toʻplash punktiga shaxsan murojaat qilish yoki Platforma orqali talabnoma yuborish.
Zaruratga koʻra
2-bosqich
Maʼlumotlarni toʻplash punkti
(Ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari, davlat xizmatlari markazlari, FHSYO organlari, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari)
1. Jismoniy shaxsga shaxsiy identifikatsiya raqami biriktirilganligini oʻrganish.
2. Talabgor nomiga elektron talabnomani rasmiylashtirish.
3. Talabnomani Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yuborish.
Real vaqt rejimida,
1 soat ichida
3-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
1. Elektron talabnomaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi uchun shaxsiy identifikatsiya raqamini shakllantirish va maʼlumotlarni toʻplash punktiga elektron shaklda yuborish.
Real vaqt rejimida
2. Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yoki doimiy yashayotgan chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxs uchun shaxsiy identifikatsiya raqamini shakllantirish va maʼlumotlarni toʻplash punktiga elektron shaklda yuborish.
Bir ish kunida
3. Xorijiy davlatda yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning farzandlari (shaxsiy identifikatsiya raqami mavjud boʻlmaganda), chet el fuqarolariga hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun shaxsiy identifikatsiya raqamini xorijdagi maʼlumotlarni toʻplash punktiga yuborish.
4. Chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxs uchun shaxsiy identifikatsiya raqamini shakllantirish va Platforma orqali talabgorga elektron shaklda yuborish.
Bir ish kunida
Uch ish kunida
4-bosqich
Maʼlumotlarni toʻplash punkti
(Ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari, davlat xizmatlari markazlari, FHSYO organlari, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari)
Talabgorning ixtiyoriga koʻra maʼlumotlarni toʻplash punkti operatori uning shaxsiy identifikatsiya raqami maʼlumotnomasini taqdim etadi.
Real vaqt rejimida
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibi toʻgʻrisidagi maʼmuriy reglamentga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini olish boʻyicha
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha yashayotgan chet el fuqarolariga — chet el fuqarosining pasporti yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga — harakatlanish hujjati;
2. Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga — yashash guvohnomalari;
3. Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turgan chet el fuqarolari uchun — shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
4. Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotgan chet el fuqarolariga — qonunchilikda belgilangan tartibda tan olingan ishonchnoma, xalqaro shartnoma va kelishuvlarda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno, ishonchnoma bergan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va ICAO xalqaro standarti talablariga mos raqamli fotosurati, vakilning shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
5. Chet davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarning chet ellik diplomatik xodimlari hamda ularning oila aʼzolariga — chet davlat fuqarosining pasporti hamda akkreditatsiya kartasi.
6. Chet elda boʻlgan xorijiy davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun — shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va xalqaro standartlarga (ICAO) mos raqamli fotosurati.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-avgustdagi 538-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)
Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibi toʻgʻrisidagi maʼmuriy reglamentga 3-ILOVA
Maʼlumotnoma raqami: maʼlumotnoma berilgan vaqt:___.___.20___.
Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami berilganligi haqida
MAʼLUMOTNOMA
JISMONIY SHAXS TOʻGʻRISIDA MAʼLUMOT:
1. Familiyasi:
2. Ismi:
3. Otasining ismi:
4. Tugʻilgan sanasi (kun, oy, yil):
5. Biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi (yashash yoki tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi) seriyasi (mavjud boʻlsa)
6. Biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi (yashash yoki tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi) raqami
7. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami:
____________________________
____________________________
(masʼul shaxsning lavozimi)
(F.I.O)
QR-kod
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi 442-sonli qarori tahririda)
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 177-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash tartibi toʻgʻrisida” 1996-yil 31-maydagi 200-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2018-yil 19-noyabrdagi 934-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/177/0299-son; 27.08.2025-y., 09/25/538/0782-son)