|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.02.2003
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOVARLARNING AYRIM TURLARINI ChAKANA SOTISh QOIDALARINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-sonli “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasi, O‘zbekbirlashuv, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ko‘rsatib o‘tilgan qoidalarning, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, tovarlar sotuvchi va xizmatlar ko‘rsatuvchi barcha korxonalarga yetkazilishini ta’minlasinlar, shuningdek, aholini belgilangan tartibda xabardor qilsinlar.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-oktabrdagi 412-sonli qarori tahririda)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari M.3. Usmonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 23-oktabr,
485-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 23-oktabrdagi 485-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi hududida yangi avtomototransport vositalarini chakana sotish
QOIDALARI
1. Mazkur Qoidalar “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan hamda mamlakatimizda va chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar, mototsikllar, tirkamalar, tartib raqami qo‘yiladigan agregatlar (keyingi o‘rinlarda avtomototransport vositalari deb ataladi) sotuvchilariga (yuridik shaxslarga), shuningdek aniqlangan kamchiliklar masalasida avtomototransport egasining talablarini qondirish borasida ishlab chiqaruvchilarga qo‘yiladigan asosiy talablarni belgilab beradi.
2. Belgilangan namunadagi hujjat berilgan holda sertifikatsiyadan o‘tgan avtomototransport vositalarigina sotuvga qo‘yiladi.
Avtomototransport vositalarini sotuvchi do‘konlarning joylashishi, avtomototransport vositalarini namoyish qilish uchun zarur savdo maydonlari xamda sotish uchun tegishli sharoitlar mavjudligini hisobga olgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
3. Yangi avtomototransport vositalari savdo zaliga qo‘yilgunga qadar ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan ishlar hajmiga muvofiq sotuv oldi tayyorgarligidan o‘tishi kerak, bunday tayyorgarlik sotuvchi yoki sotuvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida bunday talabni bajaruvchi korxona tomonidan amalga oshiriladi. Servis daftarida yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatda tayyorgarlik o‘tkazilganligi to‘g‘risida belgi qayd etiladi. Hujjatda bunday belgi qo‘yilmasdan avtomototransport vositalari sotilishi mumkin emas.
4. Sotuvchi xaridorga rasmiylashtirishgacha avtomototransport vositasini sotishdan oldin tayyorlashga doir bajarilgan ishlarning sifatini, uning butlanganligini tekshirish, shuningdek kafolat majburiyatlari shartlari bilan tanishish imkonini berishi kerak.
Chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtomototransport vositasidan foydalanishga doir amaliy qo‘llanma davlat tiliga qo‘shimcha haq undirilmasdan tarjima qilinishi kerak.
5. Sotuvchi avtomototransport vositasini tanlashda malakali yordam berilishini ta’minlashi, xaridorni ushbu vositalarning sotuvda mavjud bo‘lgan rusumlari va modellari bilan tanishtirishi kerak.
Avtomototransport vositalari savdo zalida yoki sotish qulay bo‘lgan boshqa joylarda xaridor uni erkin ko‘rib chiqadigan qilib joylashtirilishi kerak.
Sotuvchi qo‘shimcha tovarlar sotilishini tashkil etishi va qo‘shimcha haq to‘lash evaziga xaridorga kompleks xizmatlar (avtomobilga qo‘shimcha aksessuarlar, qurilmalar va mexanizmlar o‘rnatish, bufet xizmati ko‘rsatish, avtomobillarni saqlash, yoqilg‘i quyish va boshqalar) ko‘rsatishi mumkin.
6. Sotilgan avtomototransport vositasi uchun sotuvchi xaridorga quyidagilarni berishi kerak: servis daftarchasi, foydalanish bo‘yicha amaliy qo‘llanma, pul bank muassasasi orqali olinganligini tasdiqlovchi tovar (kassa) cheki yoki boshqa hujjat, avtomototransport vositasi komplektiga kiruvchi anjomlar to‘plami, agar bunday to‘plam ishlab chiqaruvchi tomonidan nazarda tutilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat avtomobil inspeksiyasi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi ma’lumotnoma-schet.
Nomerli agregat (dvigatel, shasse, kuzov, rama) sotilganda xaridorga quyidagilar beriladi:
ishlab chiqaruvchi tomonidan nazarda tutilgan texnik hujjatlar (bayoni), tovar (kassa) cheki yoki pul bank muassasasi orqali olinganligini tasdiqlovchi boshqa hujjat, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat avtomobil inspeksiyasi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi ma’lumotnoma-schyot.
7. Haqi to‘langan yangi avtomototransport vositasini olish xaridor tomonidan rad etilgan taqdirda to‘langan summa unga qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.
8. Yangi avtomototransport vositasiga ishlab chiqaruvchining kafolatnomasi normativ texnik hujjatlarda belgilangan muddat davomida yoki muayyan kilometr yurilishi mobaynida amal qiladi.
Kafolat muddati avtomototransport vositasi xaridorga sotilgan kundan boshlanadi.
9. Foydalanishning kafolat muddati davrida sotilgan avtomototransport vositalarida sotuvchi tomonidan qayd etilmagan kamchiliklar va yashirin ishlab chiqarish nuqsonlari aniqlangan taqdirda avtomototransport vositasi egasining tanlovi bo‘yicha shunga o‘xshash rusumdagi yangi avtomototransport vositasi bilan yoki xarid narxi tegishli ravishda qayta hisob-kitob qilingan holda boshqa rusumdagi avtomototransport vositasi bilan almashtirilishi, yoxud ulardagi kamchiliklar tekin bartaraf etilishi yoki ularni bartaraf etish xarajatlari to‘lanishi, yoxud xarid narxi tegishlicha kamaytirilishi kerak (avtomobillar bundan mustasno). Kafolat muddati mobaynida avtomobillar almashtirish, kuzov yoki kamida ikkita agregatni almashtirish zarur bo‘lgan taqdirda, ekspert komissiyasi qaroriga ko‘ra (ushbu Qoidalarning 13-bandiga muvofiq) amalga oshiriladi. Avtomototransport egasi, shuningdek zararlar to‘langan holda oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishga haqlidir (avtomobillar bundan mustasno). Ko‘rsatib o‘tilgan talablar avtomototransport vositasini sotuvchiga qo‘yiladi.
Istisno hollarda (sotuvchi qonun hujjatlarida belgilangan taqdirda tugatilganda) kamchiliklarni tekin bartaraf etish yoki bartaraf etish bo‘yicha o‘z xarajatlarini qoplash, boshqa avtomototransport vositasiga almashtirish to‘g‘risidagi talab avtomototransport vositasi egasi tomonidan tovarni ishlab chiqaruvchiga berilishi mumkin. Avtomototransport vositasi egasi ushbu talablarni qo‘yish o‘rniga nosoz avtomototransport vositasini ishlab chiqaruvchiga qaytarishga hamda uning uchun to‘langan summa qaytarilishini talab qilishga haqlidir.
Sotuvchi, ishlab chiqaruvchi aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha avtomototransport vositasi egasining talablarini qondirish borasida ularning funksiyasini bajarishga vakil qilingan korxonalar tashkil etishlari, shuningdek ushbu maqsadlarda boshqa korxonalar bilan (keyingi o‘rinlarda ularning funksiyalarini bajaruvchi korxonalar deb ataladi) shartnomalar tuzishlari mumkin.
Sotuvchi, tayyorlovchi (ularning funksiyalarini bajaruvchi korxona) tomonidan avtomototransport vositasi egasining shaxsiy arizasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan kun ushbu bandda sanab o‘tilgan talablar qo‘yiladigan muddat boshlanadigan kun hisoblanadi.
10. Yangi avtomototransportda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish quyidagi (respublika tashqarisidan keltiriladigan zarur ehtiyot qismlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ularni keltirish talab qilinadigan vaqtni hisobga olmasdan, biroq uch oydan ortiq bo‘lmagan) muddatlarda amalga oshiriladi:
ko‘pi bilan 10 kun — avtomototransport vositasi egasi tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida tegishli talab berilgan paytdan boshlab ishlab chiqaruvchi (uning funksiyalarini bajaruvchi korxona) tomonidan;
ko‘pi bilan 20 kun — avtomototransport vositasi tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida tegishli talab berilgan paytdan boshlab savdo korxonasi (uning funksiyalarini bajaruvchi korxona) tomonidan.
11. Avtomototransport vositasidagi kamchiliklar bartaraf etilgan taqdirda ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan belgilangan kafolat muddati transport vositasidan foydalanilmagan vaqtga uzaytiriladi. Ko‘rsatib o‘tilgan vaqt avtomototransport egasining kamchiliklarni bartaraf etish haqidagi talab bilan murojaat qilgan kundan hisoblanadi va avtomototransport vositasi tuzatilgandan keyin olingan paytdan boshlab tamom bo‘ladi.
12. Nuqsonlari bor bo‘lgan avtomototransport vositasini sotuvchi, ishlab chiqaruvchi (uning funksiyalarini bajaruvchi korxona) tomonidan almashtirish yetti kun muddatda (agar almashtirish to‘g‘risida talab berilgan paytda shunga o‘xshash avtomototransport vositasi bor bo‘lsa), sifatni qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganda esa avtomototransport vositasi egasi tomonidan talab berilgan kundan boshlab 20 kun ichida amalga oshiriladi. Avtomobillarni almashtirish muddatlari 9-bandga muvofiq ekspert komissiyasi qarori qabul qilingan sanadan boshlab hisoblanadi.
Shunga o‘xshash avtomototransport vositasi mavjud bo‘lmaganda avtomototransport vositasi egasining nuqsonli avtomototransport vositasini almashtirish to‘g‘risidagi talabi e’tiroz berilgan paytdan boshlab bir oy ichida qondirilishi kerak.
Avtomototransport vositasini almashtirishda kafolat muddati avtomototransport vositasi egasiga berilgan kundan boshlab yangidan hisoblanadi.
13. Kamchiliklar (nosozliklar) paydo bo‘lishi masalasida tafovutlar kelib chiqqan taqdirda sotuvchi, ishlab chiqaruvchi (uning funksiyalarini bajaruvchi korxona) avtomototransport vositasi egasi murojaat qilgan joy bo‘yicha ekspert komissiyasi tashkil etadi. Komissiya tarkibiga tayyorlovchining, sotuvchining (uning funksiyalarini bajaruvchi korxonaning) vakili va avtomototransport egasining xohishi bo‘yicha iste’molchilar jamoatchilik tashkiloti vakili yoki boshqa manfaatdor shaxs kiradi. Avtomototransport vositasi egasi ekspertiza o‘tkazilishida qatnashish huquqiga egadir.
Komissiya kamchilik (nosozlik):
a) agar avtomototransport egasi tomonidan avtomototransport vositasidan foydalanish bo‘yicha zavod yo‘riqnomasi talablariga rioya etmaslik, shu jumladan yo‘riqnomada ko‘rsatilgan foydalanish materiallarini qo‘llash bo‘yicha talablarga rioya etmaslik;
b) avtomototransport vositasi avariya natijasida shikastlanishi, agar avariya avtomototransport vositasining texnik nosozligi natijasida yuz bermasa;
v) agar uzellar va agregatlar avtomototransport vositasi egasi tomonidan avtomototransport vositasini kafolatli tuzatish punktiga yoki zavod vakiliga joyida ko‘rsatmasdan qismlarga ajratilishi yoki tuzatilishi;
g) avtomototransport egasi tomonidan avtomototransport vositasi konstruksiyasiga o‘zgartirishlar kiritilishi, konstruksiyasi avtomototransport vositasini zavod bilan kelishilgan qo‘l bilan boshqarish detallari namunaviy komplektlarini mustaqil o‘rnatishdan tashqari;
d) agar avtomototransport vositasi egasi tomonidan o‘z tashabbusi bilan yoki o‘z kuchi bilan standart uzellar va detallar qismlarga ajratilishi va normativ texnik hujjatlarda nazarda tutilmagan boshqa uzellar va detallar montaj qilinishi;
e) ishlab chiqaruvchi zavodning roziligisiz avtomototransport vositasidan poygalarda yoki musobaqalarda foydalanish natijasida kelib chiqqan avtomototransport vositasi egasining talabini ko‘rib chiqmasligi mumkin.
Mazkur bandda sanab o‘tilgan sabablar tufayli paydo bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
14. Avtomototransport vositalarini tuzatish, narxini kamaytirish, almashtirish uchun keltirish va ularni xaridorga qaytarish sotuvchi, ishlab chiqaruvchi (uning funksiyalarini bajaruvchi korxona) tomonidan tekin amalga oshiriladi.
Ushbu majburiyatlar bajarilmagan taqdirda sotuvchi, ishlab chiqaruvchi (uning funksiyalarini bajaruvchi korxona) tovarni keltirish va qaytarish bilan bog‘liq zarur xarajatlarni avtomototransport vositasi egasiga to‘lashga majburdir.
15. Ekspertiza o‘tkazish, avtomototransport vositasini tuzatish, narxini pasaytirish, almashtirish uchun keltirish va qaytarish bilan bog‘liq xarajatlarni, agar kamchiliklar avtomototransport egasining aybi tufayli yoki yengib bo‘lmaydigan kuch oqibatida kelib chiqqanligi isbot qilinmagan bo‘lsa, sotuvchi, ishlab chiqaruvchi (uning funksiyalarini bajaruvchi korxona) to‘laydi.
17. Nosoz avtomototransport vositasi ana shunday rusumdagi avtomototransport vositasiga, biroq o‘zgartirilgan narx bilan almashtirilganda qiymati qayta hisoblanmaydi, narx oshgan taqdirda boshqa modelga almashtirishda qiymatni qayta hisoblash almashtirish kunida amalda bo‘lgan narxdan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Nosoz avtomototransport vositasi qaytarilganda va shu munosabat bilan oldi-sotdi shartnomasi bekor qilinganda avtomototransport vositasi egasi bilan hisob-kitoblar narx oshgan taqdirda — tegishli talab qo‘yilgan kunda ushbu transport vositasining qiymatidan kelib chiqib, narx pasaygan taqdirda esa — xarid kunidagi qiymatdan kelib chiqib amalga oshiriladi.
18. Kafolat muddati tamom bo‘lgach avtomototransport vositasining kamchiliklarini bartaraf etish “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Avtomototransport vositalari bilan vositachilik savdosi maxsus qoidalarga ko‘ra amalga oshiriladi.
20. Sotuvchi, ishlab chiqaruvchi (uning funksiyalarini bajaruvchi korxona) tomonidan yo‘l qo‘yilgan Avtomototransport vositalarini sotish qoidalari buzilishi ustidan qonunda belgilangan tartibda xaridor tomonidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
21. Yangi avtomototransport vositalarini sotuvchi ushbu Qoidalarni xaridorga ko‘rinarli joyga osib qo‘yish yo‘li bilan xaridorga asosiy qoidalar bilan tanishish imkoniyatini berishga majburdir.
22. Mazkur Qoidalarga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish tegishli qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Nazorat qiluvchi organlar mazkur Qoidalarga rioya etilishini tekshirishga mutaxassislarni, iste’molchilar jamoatchilik tashkilotlari vakillarini jalb etishi mumkin.
Sotuvchi tekshirish o‘tkazilishiga ko‘maklashishi hamda kamchiliklar va Qoidalarni buzish bartaraf etilishi chora-tadbirlarini ko‘rishi kerak.
23. Sotuvchi bilan xaridor o‘rtasida nizo kelib chiqqan taqdirda ularning xatti-harakati ustidan shikoyat yoki qaror buzilgan huquqlar himoya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga vakil qilingan organlarga, yoxud sudga beriladi.
24. Mazkur Qoidalar va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Metrologiya to‘g‘risida”, “Mahsulotlar va xizmatlar sertifikatsiyasi to‘g‘risida” Qonunlar talablari buzilishi javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 23-oktabrdagi 485-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi hududida alkogolli ichimliklar va pivo bilan chakana savdo qilish
QOIDALARI
1. Ushbu Qoidalar belgilangan tartibda sertifikatlangan alkogolli mahsulotlarning quyidagi turlarini chakana savdoda sotishni amalga oshiruvchi sotuvchilarga qo‘yiladigan asosiy talablarni belgilaydi: mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va import aroqlar, liker-aroq mahsulotlari, konyaklar (brendilar), kalvadoslar, uzum, meva-rezavor vinolari, o‘tkir uzum va meva ichimliklari, shampan va vijillovchi vinolar, pivolar (bundan keyin alkogolli ichimliklar va pivo deb ataladi). Ular, ko‘rsatib o‘tilgan tovarlarni chakanalab sotish huquqiga ega bo‘lgan, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, barcha korxona va tashkilotlarga hamda jismoniy shaxslarga tatbiq etiladi.
Alkogolli mahsulotlarning boshqa turlarini (ichimlik spirt, shu jumladan import ichimlik spirt, vinobop spirt, farmokopeya, moddalari bo‘yicha tarkibida alkogol bo‘lgan mahsulot, etil rektifikat spirti, etil xomashyosi spirti, nooziq-ovqat xomashyodan olingan etil rektifikat spirti (gidroliz sintetik), spirtlangan meva-rezavor vino materiallarini) chakana savdoda sotishga ruxsat etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Alkogolli ichimliklar va pivoni chakana sotish, shu jumladan, alkogolli ichimliklar va pivoni quyib sotish tegishli hokimliklar tomonidan berilgan maxsus ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.
Ruxsat guvohnomasida savdo korxonasining manzili, ish soatlari, sotiladigan ichimliklar turi, sotish turi (o‘zi bilan olib ketishga yoki quyib) hamda boshqa zarur ma’lumotlar aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Ruxsat guvohnomasi hokimliklar tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar savdo tashkilotlari tomonidan tuzilgan hamda ularning rahbarlari tomonidan tasdiqlangan dislokatsiyalar asosida beriladi. Alkogolli ichimliklar va pivo sotiladigan savdo obyektlarining dislokatsiyasi majburiy tartibda hududiy ichki ishlar organlariga va sanepidemstansiyalarga ma’lumot uchun taqdim etiladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 2-fevraldagi 51-sonli qarori tahririda)
3. Sotuvchi amalda bo‘lgan sanitariya qoidalariga va boshqa zarur normativ-texnik hujjatlarga ega bo‘lishga hamda ularda belgilangan talablarga rioya etishga majburdir.
4. Sifati bo‘yicha majburiy standart talablariga va texnik shartlarga muvofiq bo‘lgan alkogolli ichimliklar va pivo sotilishi mumkin. Alkogolli ichimliklar va pivoni, shu jumladan ularning import qilinganlarini sotuvchida har qaysi nomdagi mahsulot bo‘yicha ishlab chiqaruvchining yoki yetkazib beruvchining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan hamda har qaysi nomdagi mahsulot bo‘yicha muvofiqlik sertifikati mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lgan, hisobga va ro‘yxatga olish nomyerlari, sertifikatning amalda bo‘lish muddati va uni bergan organ ko‘rsatilgan tovar-transport hujjati bo‘lishi kerak.
Ushbu ma’lumotlar xaridorga uning talabiga binoan taqdim etilishi kerak, bundan tashqari xaridor tovarning chakana narxi to‘g‘ri belgilanganligini tekshirishga haqlidir.
Sertifikatlangan mahsulot bir xil turdagi mahsulot guruhlari uchun sertifikatlash qoidalarida belgilangan tartibda muvofiqlik belgisi bilan markalanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Alkogolli mahsulotlar savdo zaliga ega bo‘lgan turg‘un savdo tarmog‘i orqali faqat yuridik shaxslar tomonidan sotiladi.
Aksiz markalari bilan markalanmagan alkogolli mahsulotlarni sotish yuridik shaxslarni alkogolli mahsulot bilan savdo qilish huquqidan mahrum etish uchun asos bo‘lib hisoblanadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-yanvardagi 2-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan to‘ldirilgan)
5. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, chakana savdo korxonalari tomonidan alkogolli ichimliklarni sotish vaqtini hokimliklar belgilaydi.
6. Alkogolli ichimlik va pivolarni:
muvofiqlik sertifikatisiz;
ishlab chiqargan korxonani aniqlash imkonini beradigan darajada aniq markalanmagan holda;
yaroqlilik muddati o‘tib ketgan holda;
aksiz markalari bilan markalanmagan va yaroqlilik muddati o‘tib ketgan holda;
litsenziyasi bo‘lmagan ishlab chiqaruvchidan yoki ulgurji sotuvchidan olinganda;
ko‘rsatib o‘tilgan mahsulotlarni saqlash va sotish uchun sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq bo‘lmagan xona va joylarda (shu jumladan, nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash, moddiy boyliklarni zarur darajada saqlashni ta’minlash uchun shart-sharoitlar va yordamchi xona mavjud bo‘lmaganda);
18 yoshga to‘lmagan shaxslarga;
Oldingi tahrirga qarang.
mayda chakana savdo tashkilotlarida (savdo zaliga ega bo‘lmagan do‘konlar, kioskalar, palatkalarda), dehqon bozorlarida va ulgurji bozorlarda (alkogolli mahsulotlar uchun).
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 16-iyundagi 256-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
lotoklarda (joylashtirilishi hokimliklar va sanepidemstansiya organlari bilan kelishiladigan izometrik idishlardan quyib sotilishi mumkin bo‘lgan pivodan tashqari) va avtomashinalarda, o‘quv yurtlari, diniy muassasalar va machitlar, bolalar muassasalari yonida, shuningdek, bevosita davolash-profilaktika va sport sog‘lomlashtirish muassasalari hududida joylashgan chakana savdo obyektlarida (umumiy ovqatlanish obyektlaridan tashqari), o‘quv yurtlari va ishlab chiqarish korxonalari oshxonalarida o‘quv va ishlab chiqarish jarayonida, diskotekalarda quvvati 30 va undan ortiq daraja bo‘lgan spirtli ichimliklarni, shuningdek, xususiy uylarda tashkil etilgan umumiy ovqatlanish korxonalarida soat 22 dan boshlab.
(6-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 2-fevraldagi 51-sonli qarori tahririda)
etiketkalarsiz, iflos (ichki yoki tashqi tomoni), singan (og‘zi uchgan, yorilgan), tiqini uchgan, umumiy ko‘rinishi tiniq bo‘lmagan, chet narsalar aralashgan, cho‘kindili butilkalarda (vinolar to‘plamidan tashqari) sotish taqiqlanadi.
7. Alkogolli ichimliklar va pivolarni sotuvchi xaridorlarni (tovarni sotib olayotgan yoki sotib olmoqchi bo‘lgan shaxslarni, ushbu Qoidalar, alkogolli ichimliklar va pivoni sotish vaqti, ularning turlari, iste’mol xususiyatlari, ishlab chiqaruvchi korxonalar va mahsulotning yaroqlilik muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan qulay va ko‘rgazmali shaklda ta’minlashga majburdir.
8. Alkogolli ichimliklar va pivo mahsulotning tegishli turi bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga muvofiq holda saqlanishi kerak.
Uzum, meva vinolari, konyaklar, shampan quyilgan, po‘stloq tiqinli butilkalar tiqinlarning qurib qolmasligi va havo kirmasligi uchun omborxonalarda yotiq holatda, boshqacha tiqinli butilkalar esa tik holatda saqlanadi.
Alkogolli ichimliklar va pivo guruhlari va markalari bo‘yicha joylanadi.
9. Sotuvchi alkogolli ichimlik va pivolarni berishdan oldin tashqi belgilariga qarab ularning sifatini tekshirib ko‘rishga majburdir.
10. Alkogolli ichimliklar va pivoni sotish chog‘ida sotuvchi sotuvdagi mavjud tovar namunalariga ichimlik nomi yozilgan, ularning idishi va qadoqlash qiymati qo‘shilgan narxlari ko‘rsatilgan narxnomalarni birkitib qo‘yadi. Vino va pivoni quyib sotishda narxnomada uning nomi va 1 litri va 0,1 litrining (vinolarga nisbatan) narxi ko‘rsatiladi.
Umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogolli ichimliklar va pivo narxnomalarida ichimliklar nomi, butilkasining sig‘imi, butilka umumiy sig‘imining, shuningdek 100 yoki 50 grammining narxi (alkogolli ichimliklarga nisbatan) ko‘rsatilishi kerak.
11. Sotuvchilar, bufetchilar, barmenlar va alkogolli ichimliklarni quyib sotuvchi boshqa shaxslarning ish o‘rinlari tegishli davlat tekshiruvidan o‘tkazilgan savdo anjomlari, o‘lchov menzurkalari va o‘lchamli krujkalar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
12. Alkogolli ichimliklar va pivoni sotish maxsus ruxsat guvohnomasi asosida, amaldagi qonunchilikka muvofiq nazorat-kassa mashinalarini albatta qo‘llagan holda amalga oshiriladi.
13. Xaridor kamchiliklari bo‘lgan alkogolli ichimliklar va pivo sotib olgan taqdirda sotuvchi xaridor talabiga ko‘ra ularni sifatli tovarga almashtirib berishga yoki, agar mazkur kamchiliklar tovarning yaroqlilik muddati doirasida aniqlangan bo‘lsa, xaridorga uning to‘lagan summasini qaytarib berishga majburdir.
Sotuvchi aybi bilan belgilangan yaroqlilik muddati doirasidagi kamchiliklari bo‘lgan alkogolli ichimliklar va pivoni sotish oqibatida iste’molchi hayoti va salomatligiga yetkazilgan zarar amaldagi qonunchilikka muvofiq qoplanishi kerak.
14. Tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar, savdo korxonalarining sotuvchilari, rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari aholiga alkogolli ichimliklar va pivo sotish tartibini buzganlik yoki yomon sifatli alkogolli ichimliklar va pivo sotganlik, shuningdek ularni saqlash tartibini buzganlik uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
15. Ushbu Qoidalarga rioya etishni nazorat qilish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
16. Sotuvchi bilan xaridor o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan taqdirda ularning xatti-harakatlari bo‘yicha shikoyat yoki qaror davlat nazoratini amalga oshirishga vakolatli organga yoki sudga beriladi.
17. Ushbu Qoidalar va “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida”, “Metrologiya to‘g‘risida”, “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunlar talablarini buzganlik javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi.
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 1997-y., 10-son, 36-modda)