|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
METROLOGIYA TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 7-apreldagi OʻRQ-614-sonli ““Metrologiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish xaqida”gi Qonuniga asosan yangi tahrirda qabul qilingan.
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar ishlatilmoqda:
“metrologiya” — oʻlchovlar, ularning yagona birlikda boʻlishini taʼminlash usullari va vositalari hamda talab qilinadigan aniqlikka erishish yoʻllari haqidagi fan;
“yagona oʻlchov birligi” — oʻlchovlarning natijalari qonunlashtirilgan birliklarda aks ettirilgan va xatoliklari berilgan ehtimollikda maʼlum boʻlgan oʻlchov holati;
“oʻlchov vositasi” — oʻlchovlar uchun foydalaniladigan va normalangan metrologik xususiyatga ega boʻlgan texnika vositasi;
Oldingi tahrirga qarang.
“birlik etaloni” — oʻlcham birligini boshqa oʻlchov vositalariga oʻtkazish maqsadida uni qayta hosil qilish va saqlash uchun moʻljallangan oʻlchov vositasi;
(1-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
“davlat etaloni” — vakolat berilgan milliy organning qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻlchov birligining oʻlchami sifatida eʼtirof etilgan etalon;
“metrologiya xizmati” — davlat organlari va yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tarmogʻi hamda ularning oʻlchovlar yagona birlikda boʻlishini taʼminlashga qaratilgan faoliyati;
“davlat metrologiya nazorati” — metrologiya qoidalariga rioya etilishini tekshirish maqsadida davlat metrologiya xizmati organlari amalga oshiradigan faoliyat;
“oʻlchov vositalarini tekshiruvdan oʻtkazish” — oʻlchov vositalarining belgilab qoʻyilgan texnik talablarga muvofiqligini aniqlash va tasdiqlash maqsadida davlat metrologiya xizmati organlari (vakolat berilgan boshqa organlar, tashkilotlar) tomonidan bajariladigan operatsiyalar majmui;
Oldingi tahrirga qarang.
“oʻlchov vositalarini kalibrlash” — metrologik jihatlarning haqiqiy qiymatlarini va oʻlchov birliklarining qoʻllashga yaroqliligini aniqlash hamda tasdiqlash maqsadida kalibrlash laboratoriyasi (markazi) bajaradigan operatsiyalar majmui;
(1-moddaning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-moddaning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni bilan chiqarib tashlangan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
“oʻlchov vositalarini metrologik attestatsiya qilish” — yagona namunalarda ishlab chiqariladigan (yoki Oʻzbekiston hududiga yagona namunalarda olib kiriladigan) oʻlchov vositalarining xossalarini sinchiklab tadqiq etish asosida ular qoʻllanish uchun haqqoniy ekanligining metrologiya xizmati tomonidan eʼtirof etilishi;
Oldingi tahrirga qarang.
“metrologiya xizmatlari, markazlari, laboratoriyalarini akkreditatsiya qilish” — metrologiya xizmatlari, markazlari, laboratoriyalarining belgilangan akkreditatsiya qilish sohasida oʻlchovlarning yagona birligini taʼminlash boʻyicha ishlarni bajarishga vakolatli ekanligining rasmiy jihatdan tasdiqlanishi;
“yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlarini, oʻlchov vositalarini kalibrlash boʻyicha kalibrlash laboratoriyalarini (markazlarini) akkreditatsiya qilish” — yuridik shaxslar metrologiya xizmatlarining, kalibrlash laboratoriyalarining (markazlarining) belgilangan sohada oʻlchov vositalarini kalibrlash boʻyicha ishlarni bajarishga vakolatli ekanligining rasmiy jihatdan tasdiqlanishi;
(1-moddaning oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
“oʻlchovlarning bajarilish uslubiyotlarini metrologik attestatsiya qilish” — oʻlchovlarni bajarish uslubiyotining unga qoʻyilgan metrologiya talablariga mosligini baholash hamda tasdiqlash maqsadida tadqiqot oʻtkazish;
“oʻlchovlarning bajarilish uslubiyoti” — operatsiyalar va qoidalar majmui boʻlib, ularning bajarilishi xatolari maʼlum boʻlgan oʻlchov natijalari olishni taʼminlaydi.
(1-moddaning oʻn beshinchi va oʻn oltinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
“sinov vositalarini metrologik attestatsiya qilish” — sinov vositalarining normalangan texnik tavsiflari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash;
“sinov vositasi” — sinovlar oʻtkazish uchun moʻljallangan, normalangan texnik tavsiflari boʻlgan texnik qurilma, modda va (yoki) material.
(1-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuniga asosan oʻn oltinchi va oʻn yettinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
(1-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuniga muvofiq oʻn ikkinchi—oʻn oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
2-modda. Metrologiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Metrologiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va Oʻzbekiston Respublikasining oʻzga qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida metrologiya sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
3-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar
Basharti xalqaro shartnomada yoki bitimda Oʻzbekiston Respublikasining metrologiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagidan oʻzgacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qoʻllanadi.
4-modda. Metrologiyaga oid faoliyatni davlat tomonidan boshqarish
Oldingi tahrirga qarang.
Metrologiyaga oid faoliyatni davlat tomonidan boshqarishni metrologiya boʻyicha milliy organ — Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (“Oʻzstandart” agentligi) amalga oshiradi.
(4-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzstandart” agentligi vakolatiga:
metrologiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, metrologiyaga oid faoliyatni mintaqalararo va tarmoqlararo muvofiqlashtirish;
milliy etalonlarni yaratish, tasdiqlash, saqlash va qoʻllab-quvvatlash hamda ularning xalqaro darajada solishtirilishini taʼminlash qoidalarini belgilash;
oʻlchov vositalari, usullari va natijalariga qoʻyiladigan umumiy metrologik talablarni aniqlash;
davlat metrologiya tekshiruvi va nazoratini amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
metrologiya masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni va normativ hujjatlarni qabul qilish, shu jumladan davlatning boshqa boshqaruv organlari bilan hamkorlikda qabul qilish;
(4-moddaning ikkinchi qismi oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
metrologiya sohasida ilmiy va muhandis-texnik kadrlar tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasining metrologiya sohasidagi xalqaro shartnomalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
metrologiya masalalari boʻyicha xalqaro tashkilotlar faoliyatida qatnashish;
Oʻzbekiston Respublikasining oʻlchovlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlash tizimi faoliyat olib borishi va rivojlanishini hamda uning xalqaro oʻlchov tizimi va boshqa mamlakatlarning oʻlchovlar tizimlari bilan uygʻunlashuvini taʼminlash;
isteʼmolchilar huquqlarini, fuqarolarning sogʻligʻi va xavfsizligini, atrof muhitni hamda davlat manfaatlarini notoʻgʻri oʻlchov natijalarining salbiy oqibatlaridan muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish kiradi.
(4-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
41-modda. Oʻlchovlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlashga oid normativ hujjatlar
Oʻlchovlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlashga oid, metrologiya normalari va qoidalarini belgilovchi hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida majburiy kuchga ega boʻlgan normativ hujjatlarni tasdiqlash va davlat roʻyxatidan oʻtkazishni “Oʻzstandart” agentligi amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining korxonalari, tashkilotlari, davlat boshqaruv organlari, yuridik shaxslar birlashmalari metrologiya sohasidagi davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doiradan tashqaridagi normalar va qoidalarni belgilaydigan, oʻlchovlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlashga oid, “Oʻzstandart” agentligi tomonidan tasdiqlangan normativ hujjatlarni aniqlashtiradigan va ularga zid boʻlmagan normativ hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqishlari hamda tasdiqlashlari mumkin.
(Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuniga muvofiq 41-modda bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
II BOʻLIM. OʻLChAM BIRLIKLARI, ULARNI QAYTA HOSIL QILISh VA QOʻLLASh
(II boʻlimning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5-modda. Oʻlcham birliklari
Oʻzbekiston Respublikasida Xalqaro oʻlchamlar tizimi (SI)ning oʻlcham birliklarini belgilangan tartibda qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi. Oʻlcham birliklarining nomi, belgisi, ularni yozish va qoʻllash qoidalari “Oʻzstandart” agentligining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Xalqaro oʻlchamlar tizimiga kiritilmagan oʻlchamlarni qoʻllashga ruxsat berishi mumkin.
Tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish chogʻida kontrakt shartlariga muvofiq oʻlchamlarning oʻzga birliklari ham ishlatilishi mumkin.
(5-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
6-modda. Oʻlchamlar birliklarining etalonlari
Oʻlchamlarning birliklari etalonlar vositasida saqlanadi va qayta tayyorlanadi.
Etalonlarni yaratish, tasdiqlash, saqlash va qoʻllash tartibini “Oʻzstandart” agentligi belgilaydi.
(6-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
7-modda. Oʻlchov vositalari va sinov vositalari
Foydalanishda boʻlgan oʻlchov vositalari va sinov vositalari oʻlchov natijalarining qonunlashtirilgan birliklarda belgilab qoʻyilgan aniqlikda boʻlishini taʼminlashi va qoʻllash shartlariga mos kelishi lozim.
Texnika vositalarini oʻlchov vositalari va sinov vositalari jumlasiga kiritish mezonlarini “Oʻzstandart” agentligi belgilaydi.
(7-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
8-modda. Oʻlchovlarni bajarish uslubiyotlari
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻlchovlarni bajarish uslubiyotlari oʻlchov natijalarining xatoliklarini baholashni oʻz ichiga olishi va oʻlchov oʻtkazishning mavjud sharoitlarida belgilab qoʻyilgan aniqlikni taʼminlashi lozim. Oʻlchovlar belgilangan tartibda attestatsiya qilingan oʻlchovlarning bajarilish uslubiyotlariga muvofiq holda amalga oshirilishi lozim.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻlchovlarni bajarish uslubiyotlarini ishlab chiqish va metrologik attestatsiya qilish tartibini “Oʻzstandart” agentligi belgilaydi.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
III BOʻLIM. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING METROLOGIYA XIZMATLARI
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi metrologiya xizmatining tuzilishi
Oʻzbekiston Respublikasi metrologiya xizmati davlat metrologiya xizmatidan va yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlaridan tarkib topadi.
10-modda. Davlat metrologiya xizmati
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzstandart” agentligi boshchilik qiladigan davlat metrologiya xizmatiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi davlat metrologiya xizmati organlari kiradi.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
Davlat metrologiya xizmati organlari davlat metrologiya tekshiruvi va nazoratini, shuningdek faoliyatning boshqa turlarini amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
11-modda. Yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari
Yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari zarurat boʻlgan hollarda oʻlchovlarning yagona birligini taʼminlash boʻyicha ishlarni bajarish va metrologiya nazoratini amalga oshirish uchun tuziladi.
Yuridik shaxslar metrologiya xizmatlarining huquq va burchlari davlat metrologiya xizmati organlari bilan kelishib olingan nizomlar bilan belgilanadi.
IV BOʻLIM. DAVLAT METROLOGIYA TEKShIRUVI VA NAZORATI
12-modda. Davlat metrologiya tekshiruvi va nazoratini oʻtkazish tartibi
Davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati davlat metrologiya xizmati organlari tomonidan metrologiya normalari va qoidalariga rioya etilishini tekshirish maqsadida amalga oshiriladi.
Davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati metrologiya sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
13-modda. Davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati obyektlari
Quyidagilar davlat metrologiya tekshiruvi va nazoratining obyektlari hisoblanadi:
etalonlar;
oʻlchov vositalari;
Oldingi tahrirga qarang.
sinov vositalari;
(13-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
moddalar va materiallar tarkibi hamda xossalarining standart namunalari;
axborot-oʻlchov tizimlari;
oʻlchovlarni bajarish uslubiyotlari;
metrologiya normalari va qoidalarida nazarda tutilgan oʻzga obyektlar.
14-modda. Davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doiralar
Davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati:
sogʻliqni saqlash, veterinariya, atrof-muhitni muhofaza qilish;
moddiy boyliklarni va energetika resurslarini hisobga olish;
Oldingi tahrirga qarang.
savdo-tijorat, bojxona, pochta va soliq operatsiyalarini oʻtkazish, telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish;
(14-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
zaharli, yengil alangalanuvchan, portlovchi va radioaktiv moddalarni saqlash, tashish hamda yoʻq qilib tashlash;
davlat mudofaasini taʼminlash;
mehnat xavfsizligini va transport harakati xavfsizligini taʼminlash;
sertifikatlanadigan mahsulotning xavfsizligi va sifatini aniqlash;
geodezik va gidrometeorologik ishlar;
oʻlchov vositalarini davlat sinovidan, tekshiruvdan, kalibrlashdan, taʼmirlash va metrologik attestatsiyadan oʻtkazish;
foydali qazilmalarni qazib olish;
milliy va xalqaro sport rekordlarini roʻyxatga olishga nisbatan tatbiq etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga binoan davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati faoliyatning oʻzga doiralariga nisbatan ham tatbiq etilishi mumkin.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
15-modda. Davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati turlari
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat metrologiya tekshiruvi quyidagi tarzda amalga oshiriladi:
oʻlchov vositalarining turlarini sinash va tasdiqlash;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻlchov vositalarini, sinov vositalarini va oʻlchovlarning bajarilish uslubiyotlarini metrologik attestatsiya qilish;
(15-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
oʻlchov vositalarini, shu jumladan etalonlarni tekshiruvdan oʻtkazish, kalibrlash;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻlchov vositalarini, sinov vositalarini hamda oʻlchovlarning bajarilish uslubiyotlarini sinash, tekshiruvdan oʻtkazish, metrologik attestatsiya qilish, oʻlchov vositalarini, sinov vositalarini va metrologiya faoliyatning boshqa muayyan turlarini kalibrlash huquqiga ega boʻlishi uchun metrologiya xizmatlari, markazlari, laboratoriyalarini akkreditatsiya qilish;
(15-moddaning birinchi qismi beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(15-moddaning birinchi qismi oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
oʻlchovlarning, sinovlarning bajarilish sifatini va metrologiya faoliyatining boshqa turlarini baholash.
(15-moddaning birinchi qismi oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Davlat metrologiya nazorati:
Oldingi tahrirga qarang.
oʻlchov vositalarini tayyorlash, taʼmirlash, ularning ijarasi bilan shugʻullanish, ularni realizatsiya qilish, ularning holati va qoʻllanilishi (oʻlchamlar birliklari etalonlarini, moddalar va materiallar tarkibi hamda xossalarining standart namunalarini, oʻlchov tizimlarini qoʻshgan holda);
(15-moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
oʻlchovlarning bajarilish uslubiyotlarining qoʻllanilishi;
belgilangan metrologiya normalari va qoidalariga rioya etilishi hamda akkreditatsiya qilingan metrologiya xizmatlari, markazlari, laboratoriyalari faoliyati ustidan amalga oshiriladi.
Zarur hollarda “Oʻzstandart” agentligi qaroriga binoan metrologiya tekshiruvi va nazoratning boshqa turlari va shakllari ham belgilanishi mumkin.
(15-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
16-modda. Oʻlchov vositalarining turlarini tasdiqlash
Ushbu Qonunning 14-moddasida koʻrsatilgan doiralarda foydalaniladigan, ishlab chiqarilishi va import boʻyicha chetdan olib kelinishi lozim boʻlgan oʻlchov vositalari davlat sinovlaridan (keyinchalik ularning turini tasdiqlash sharti bilan) yoki metrologik attestatsiyadan oʻtkazilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻlchov vositalarining davlat sinovlarini oʻtkazish, turini tasdiqlash va Davlat reyestriga kiritishni “Oʻzstandart” agentligi amalga oshiradi.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
Tasdiqlangan oʻlchov vositalariga yoki ularning foydalanish hujjatlariga ishlab chiqaruvchi Davlat reyestri belgisini qoʻyishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida oʻtkazilgan oʻlchov vositalarini sinash va metrologik attestatsiya qilish natijalarini Oʻzbekiston Respublikasida eʼtirof etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
(16-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
17-modda. Oʻlchov vositalarini tekshiruvdan oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
Tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan oʻlchov vositalari turkumlarining roʻyxati “Oʻzstandart” agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
(17-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
Yuridik shaxslarning akkreditatsiya qilingan metrologik xizmatlariga oʻlchov vositalarini tekshiruvdan oʻtkazish huquqi berilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida oʻtkazilgan oʻlchov vositalarini tekshiruvdan oʻtkazish natijalarini Oʻzbekiston Respublikasida eʼtirof etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
(17-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
171-modda.Oʻlchov vositalarini kalibrlash
Ushbu Qonunning 14-moddasida koʻrsatib oʻtilganidan boʻlak sohalarda qoʻllaniladigan va majburiy tekshiruvdan oʻtkazilmaydigan oʻlchov vositalari ularni ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, ishlatish, ijaraga berish, taʼmirlashda va Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda kalibrlashdan oʻtkazilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻlchov vositalarini kalibrlash huquqi yuridik shaxslarning akkreditatsiya qilingan metrologiya xizmatlariga, akkreditatsiya qilingan kalibrlash laboratoriyalariga (markazlariga) berilishi mumkin.
(171-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlarini, kalibrlash laboratoriyalarini (markazlarini) oʻlchov vositalarini kalibrlash boʻyicha ishlarni bajarish uchun akkreditatsiya qilish tartibi va kalibrlashni oʻtkazish tartibi “Oʻzstandart” agentligi tomonidan belgilanadi.
(171-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida oʻtkazilgan oʻlchov vositalarini kalibrlash natijalarini Oʻzbekiston Respublikasida eʼtirof etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
(171-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
(Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuniga muvofiq 171-modda bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(18-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
181-modda. Yuridik shaxslarni metrologiya ishlarini va xizmatlarini amalga oshirish huquqiga ega boʻlish uchun akkreditatsiya qilish
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning metrologik ekspertizasini, ushbu Qonunning 14-moddasida nazarda tutilgan sohada qoʻllanilishi va foydalanilishi mumkin boʻlgan oʻlchov vositalarining, sinov vositalarining, oʻlchovlar bajarilishi uslubiyotlarining metrologik attestatsiyasini oʻtkazish, oʻlchov vositalarini tekshiruvdan oʻtkazish, kalibrlash, sinash huquqiga ega boʻlishi uchun yuridik shaxslarni akkreditatsiya qilish belgilangan tartibda “Oʻzstandart” agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning metrologik ekspertizasini, ushbu Qonunning 14-moddasida nazarda tutilgan sohada qoʻllanilishi va foydalanilishi mumkin boʻlgan oʻlchov vositalarining, sinov vositalarining, oʻlchovlar bajarilishi uslubiyotlarining metrologik attestatsiyasini, oʻlchov vositalarini tekshiruvdan oʻtkazishni, kalibrlashni, sinashni amalga oshiruvchi akkreditatsiya qilingan metrologiya xizmatlari, markazlari, laboratoriyalari faoliyatining inspeksiya nazorati belgilangan tartibda “Oʻzstandart” agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
(181-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
19-modda. Metrologiya normalari va qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Ushbu Qonunning qoidalari, shuningdek metrologiya normalari va qoidalari buzilishida aybdor boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari, davlat boshqaruv organlari amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 213-moddasiga qarang.
V BOʻLIM. METROLOGIYA IShLARINI MOLIYAVIY TAʼMINLASh
20-modda. Davlat tomonidan albatta moliyaviy taʼminlash
Davlat tomonidan quyidagilar:
metrologiyani rivojlantirish istiqbollarini ishlab chiqish;
metrologiya sohasida rasmiy axborotlar bilan taʼminlash;
metrologiya boʻyicha xalqaro, mintaqaviy tashkilotlarning ishida qatnashish va metrologiya boʻyicha chet el milliy xizmatlari bilan ishlar bajarish;
metrologiya boʻyicha xalqaro, mintaqaviy normalar hamda qoidalarni ishlab chiqish va ishlab chiqishga qatnashish;
Oldingi tahrirga qarang.
metrologiya sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni va normativ hujjatlarni ishlab chiqish;
(20-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
metrologiya boʻyicha umumdavlat ahamiyatiga molik ilmiy-tadqiqot va oʻzga ishlarni oʻtkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻlchovlarning yagona birligini taʼminlashga doir “Oʻzstandart” agentligi tomonidan tasdiqlanadigan normativ hujjatlarni ishlab chiqish;
(20-moddaning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
oʻlcham birliklarining etalonlarini va oʻta aniq namunaviy oʻlchov vositalarini ishlab chiqish, takomillashtirish, yasash, saqlash, qoʻllash, sotib olish va asrash, shuningdek ularning xalqaro darajada solishtirilishini taʼminlash;
(20-moddaning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
moddalar va materiallar tarkibi hamda hossalarining standart namunalarini, shuningdek moddalar va materiallarning fizik konstantalari hamda xossalariga oid standart spravka maʼlumotlari ishlab chiqish va joriy etish davlat tizimlarini rivojlantirishga doir ishlar;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat metrologiya tekshiruvi va nazoratiga doir ishlar albatta budjetdan moliyaviy taʼminlanishi shart.
(20-moddaning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-apreldagi 482-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 67-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
21-modda. Metrologiya ishlari va xizmatlari uchun haq toʻlash
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻlchov vositalarini sinash, tekshiruvdan oʻtkazish, oʻlchovlar bajarilishining uslubiyotlarini attestatsiya qilish, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni metrologik ekspertiza qilish, texnik jihatdan asosliligi hamda belgilangan metrologiya normalari va qoidalariga muvofiqligini baholash, oʻlchovlar va sinovlar bajarilishining sifatini baholashga doir metrologiya ishlari hamda yuridik va jismoniy shaxslarga koʻrsatilayotgan xizmatlar, shuningdek metrologiya faoliyatining davlat tomonidan moliyalashtirish sohasiga kirmaydigan boshqa turlari uchun haq tuziladigan shartnomalar shartlariga muvofiq manfaatdor shaxslar tomonidan toʻlanadi.
(21-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-381-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 28-dekabr,
1004-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 2-son, 48-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda; 2003-y., 5-son, 67-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 18-son, 233-modda; 2014-y., 50-son, 588-modda)