Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy va moliyaviy mexanizmlarini takomillashtirish, bu jarayonga jamoatchilikni jalb qilish hamda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlikni taʼminlashga oid materiallarni tayyorlash uchun buyurtmalar berish;
nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlashga qaratilgan loyihalarini hamda bu borada oʻtkaziladigan tadqiqotlarini va ijtimoiy soʻrovlarini moliyalashtirish;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga koʻmaklashish.
2. Agentlikda unga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga koʻmaklashuvchi, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
har yili Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablagʻlar;
boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
xalqaro tashkilotlarning grantlari hamda mablagʻlari;
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik hamda davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari tashabbusi bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan materiallar asosida Jinoyat kodeksining 167-moddasi boʻyicha davlat foydasiga undirilgan moddiy zarar va jarimalar summasining 5 foizi;
Agentlik tomonidan tuzilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar asosida sud tartibida undiriladigan maʼmuriy jarimalarning 95 foizi;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoniga asosan oltinchi va yettinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, 2022-yil 1-yanvardan boshlab:
a) Agentlik oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlardan foydalanadi:
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning elektron maʼlumotlar bazalaridan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga doir maʼlumotlarni olish;
tadqiqotlar va maʼmuriy surishtiruvlar oʻtkazish hamda tahliliy materiallar tayyorlash boʻyicha qoʻshma ishchi guruhlarini tuzish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyat ishini qoʻzgʻatish yoki boshqa taʼsir choralarini koʻrish uchun korrupsiya faktlari toʻgʻrisidagi xabarlarni yuborish va ushbu xabarlarni tekshirish natijalari boʻyicha qabul qilingan qaror toʻgʻrisida maʼlumotni talab qilib olish;
ommaviy rezonans va muhokamalar, yaʼni jamiyatning maʼlum bir hodisaga nisbatan hissiy munosabatiga sabab boʻlgan, jamoatchilik eʼtiborini tortgan va turli bahs-munozaralarni keltirib chiqargan korrupsiyaga oid faktlar boʻyicha ishni koʻrib chiqayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda matbuot anjumanlari oʻtkazish;
b) Agentlik tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda korrupsiyaviy jinoyatlar borasida jamoatchilikni xabardor qilinishining quyidagi tartibi oʻrnatiladi:
ommaviy rezonans va muhokamalar, yaʼni jamiyatning maʼlum bir hodisaga nisbatan hissiy munosabatiga sabab boʻlgan, jamoatchilik eʼtiborini tortgan va turli bahs-munozaralarni keltirib chiqargan korrupsiyaga oid faktlar aks etgan xabarlar boʻyicha — oʻn kun muddatda;
boshqa korrupsiyaviy jinoyat va huquqbuzarliklar toʻgʻrisida — hamkor organlar bilan kelishuvga koʻra har chorak yoki yarim yillik yakunlari boʻyicha;
korrupsiyaga oid jinoyatchilik holati, tendensiyalari, sodir boʻlish sabab va shart-sharoitlari, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida — yil yakuni boʻyicha.
5. Moliya vazirligi:
Jamgʻarmaga Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan 2021-yil uchun 1,8 mlrd soʻm ajratilishini taʼminlasin;
2022-yildan boshlab har yili Agentlikning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq Davlat budjeti parametrlarida alohida modda bilan Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Agentlik 2022-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolarga korrupsiya haqida tezkor xabar berish imkonini beruvchi tunu kun faoliyat yuritadigan “Call-markaz”ni ishga tushirsin.
8. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar qilib Agentlik direktori A.E. Burxanov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 7-dekabr,
PQ-34-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-dekabrdagi PQ-34-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma yuridik shaxs tashkil etmagan holda, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash maqsadida tashkil etiladi.
3. Jamgʻarma mablagʻlari Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Moliya vazirligi Gʻaznachiligida belgilangan tartibda ochiladigan milliy valyutadagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish tartibi
4. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
har yili Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar;
boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
xalqaro tashkilotlarning grantlari hamda mablagʻlari;
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik hamda davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari tashabbusi bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan materiallar asosida Jinoyat kodeksining 167-moddasi boʻyicha davlat foydasiga undirilgan moddiy zarar va jarimalar summasining 5 foizi;
Agentlik tomonidan tuzilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar asosida sud tartibida undiriladigan maʼmuriy jarimalarning 95 foizi;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoniga asosan beshinchi-oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
5. Jamgʻarma mablagʻlaridan har yili Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan, Moliya vazirligi bilan kelishilgan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq ravishda foydalaniladi.
6. Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlikni taʼminlashga oid materiallarni tayyorlash uchun buyurtmalar berish;
nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlashga qaratilgan loyihalarini hamda bu borada oʻtkaziladigan tadqiqotlarini va ijtimoiy soʻrovlarini moliyalashtirish;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi mavzusida konferensiya, seminar, simpozium, treninglar oʻtkazish hamda broshyura, buklet, kitob, toʻplam va boshqa axborot-maʼrifiy materiallarni tayyorlash va nashr etish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini, shu jumladan xorijda oshirish;
fuqarolarga korrupsiya haqida tezkor xabar berish imkonini beruvchi tunu kun faoliyat yuritadigan Agentlikning “Call-markaz” faoliyatini moliyalashtirish;
Agentlikning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
Agentlikning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish;
Agentlikka yuklangan vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni qoplash.
7. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi kelgusi yilda kelib tushishi kutilayotgan mablagʻlar doirasida va bajarilishi lozim boʻlgan tadbirlardan kelib chiqib tuziladi.
8. Agentlik direktori Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchi hisoblanadi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish hisobi, hisoboti va nazorati
9. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi hisobi Agentlik tomonidan alohida yuritiladi, har chorak va yil yakuni boʻyicha hisobotlar tuziladi.
10. Buxgalteriya hisobining toʻgʻri yuritilishi, Jamgʻarmaga mablagʻlar kelib tushishi va uning sarflanishi haqidagi har chorak va yil yakuni boʻyicha tuziladigan hisobotlarni tayyorlash hamda ularni Moliya vazirligiga oʻz vaqtida taqdim qilishga Agentlikning buxgalteriyasi javobgar hisoblanadi.
11. Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona va maqsadli foydalanish yuzasidan nazorat Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
12. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-dekabrdagi PQ-34-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan oʻzaro idoralararo munosabatlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom doirasidagi oʻzaro aloqalar tegishli individual va tizimli ishlar boʻyicha maʼlumot almashish, elektron maʼlumotlar bazalariga kirish, qoʻshma ishchi guruhlarini tuzish, birgalikda oʻquv va ilmiy-tadqiqot hamda boshqa tadbirlarni oʻtkazishni oʻz ichiga oladi.
Ushbu Nizom Agentlikning huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligida oʻz vaqtidalik, samaradorlik va natijadorlikni taʼminlashga hamda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari, shuningdek, ushbu sohada koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilishga qaratilgan.
2. Ushbu Nizom doirasida Agentlik quyidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qiladi:
Bosh prokuratura;
Davlat xavfsizlik xizmati;
Davlat bojxona qoʻmitasi;
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti;
Ichki ishlar vazirligi;
Adliya vazirligi;
normativ-huquqiy hujjatlarga koʻra, qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish va tekshirish vazifasi yuklatilgan, shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga vakolatli boʻlgan boshqa organlar.
3. Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qiladi:
mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
vazirlik va idoralarning korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish samaradorligini taʼminlash;
budjet mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi nazorat tizimining samaradorligini tahlil qilish, shuningdek, uni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha axborot tarqatish, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni taʼminlash;
korrupsiyaning holati, rivojlanishi va sabablarini aniqlash maqsadida sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlarni tashkil etish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash.
4. Ushbu Nizom doirasida oʻzaro hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot almashish;
korrupsiya faktlari boʻyicha jinoyat ishlari, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar, shuningdek, korrupsiya faktlariga munosabat bildirish boʻyicha koʻrilgan choralar toʻgʻrisida maʼlumot almashish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning elektron maʼlumotlar bazalaridan Agentlikning vakolatli xodimlari korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga oid maʼlumotlarni olishi uchun sharoit yaratish;
tadqiqotlar va maʼmuriy surishtiruvlar oʻtkazish hamda tahliliy materiallar tayyorlash boʻyicha qoʻshma ishchi guruhlarini tuzish;
statistik maʼlumotlar almashish;
jamoatchilik eʼtiborini tortgan korrupsiya toʻgʻrisidagi faktlarga oid mavjud maʼlumotlarni birgalikda oʻrganish va nashr etish.
5. Agentlik va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari oʻzaro hamkorlik jarayonida davlat sirlarini, tijorat yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor qilmasligi shart.
2-bob. Korrupsiyaning oldini olish sohasida yagona davlat siyosati borasidagi oʻzaro hamkorlik
6. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Agentlik tomonidan yuborilgan jinoyat ishini qoʻzgʻatish yoki boshqa taʼsir choralarini koʻrish uchun oʻzlariga yuborilgan korrupsiya faktlari toʻgʻrisidagi xabarlarni koʻrib chiqib, uning natijalari boʻyicha Agentlikka xabar beradi.
Agentlik ommaviy rezonans va muhokamalar, yaʼni jamiyatning maʼlum bir hodisaga nisbatan hissiy munosabatiga sabab boʻlgan, jamoatchilik eʼtiborini tortgan va turli bahs-munozaralarni keltirib chiqargan korrupsiyaga oid faktlar aks etgan xabarlar (keyingi oʻrinlarda — muhokamaga sabab boʻlgan huquqbuzarliklar) haqidagi masalalarning koʻrib chiqilishi bilan bogʻliq maʼlumotlarni soʻrab olishi mumkin.
7. Agentlik ishni koʻrib chiqayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda muhokamaga sabab boʻlgan huquqbuzarliklar yuzasidan jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida, protsessual qonunchilik talablariga rioya qilgan va tergov sirlarini oshkor qilmagan holda, matbuot anjumanlari oʻtkazishi mumkin.
8. Agentlik ushbu Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan organlar bilan hamkorlikda muhokamaga sabab boʻlgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida 10 kunda, qolgan korrupsiyaviy jinoyat va huquqbuzarliklar toʻgʻrisida hamkor organlarning kelishuviga asosan muayyan muddatda (chorak va yarim yillik yakunlari) yoxud har yili protsessual qonunchilikka muvofiq tergov sirlari, shuningdek, davlat siri yoki qonun hujjatlari bilan muhofaza qilinadigan boshqa maʼlumotlarni oshkor qilmagan holda, korrupsiyaga oid jinoyatchilik holati, tendensiyalari, sodir boʻlish sabab va shart-sharoitlari, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida yil yakuni yuzasidan jamoatchilikni xabardor qiladi.
3-bob. Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi murojaatlar yuzasidan hamkorlik
9. Agentlikka jismoniy va yuridik shaxslardan korrupsiyaviy jinoyat alomatlari mavjudligi toʻgʻrisida murojaatlar kelib tushgan taqdirda, ushbu murojaat jinoyat va huquqbuzarlik alomatlarini tasdiqlovchi holatlar, yaʼni xizmat xati yoki tasdiqlangan telefonogramma, telegramma yoxud radiogramma ilova qilingan holda Bosh prokuraturaga holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal qilish uchun yoʻnaltiriladi.
Bosh prokuratura va Agentlik oʻrtasida murojaatlar boʻyicha hamkorlik hamda ular yuzasidan masʼul shaxslar belgilanadi.
4-bob. Budjet mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari boʻyicha qonunbuzarliklar toʻgʻrisidagi xabarlarni oʻrganish sohasidagi hamkorlik
10. Budjet mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari boʻyicha qonunbuzarliklar toʻgʻrisidagi xabarlarni oʻrganish jarayonida Agentlik quyidagi huquqlarga ega:
huquqni muhofaza qiluvchi organlardan oʻrganish predmetiga oid maʼlumotlarni soʻrab olish;
aniq faktlar boʻyicha tekshiruv oʻtkazish haqida soʻrov yuborish va tekshiruv natijalari toʻgʻrisidagi axborotni olish;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ochiq elektron maʼlumotlar bazalaridan foydalanish.
11. Agentlik oʻz vakolatlari doirasida oʻtkazgan oʻrganish materiallari boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagilar haqida takliflarni kiritadi:
jinoyat ishini qoʻzgʻatish;
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish;
intizomiy huquqbuzarlikka oid ish qoʻzgʻatish yoki boshqa tegishli choralarni koʻrish.
12. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar budjet mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari boʻyicha qonunbuzarliklar doirasida jinoiy yoki maʼmuriy ish qoʻzgʻatgan taqdirda, elektron maʼlumotlar bazalaridan Agentlikning vakolatli xodimlariga ushbu axborotlarni olish imkoniyatini yaratadi.
Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan koʻrib chiqilgan, budjet mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasidagi qonunbuzarliklarga oid ishlar boʻyicha mustaqil ravishda maʼmuriy surishtiruv oʻtkazish hamda oʻrganish natijalari haqidagi maʼlumotlarni tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish huquqiga ega.
5-bob. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish sohasidagi oʻzaro hamkorlik
13. Agentlik jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini, ommaviy axborot vositalarining xabarlarini oʻrganish asosida, shuningdek, oʻz tashabbusi bilan normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini tashkil etishga haqlidir.
Agentlikning soʻroviga binoan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar soʻrov kelib tushgan kundan boshlab 10 kundan kechiktirmay normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasi yuzasidan korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazadi va korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarning mavjudligi toʻgʻrisida oʻz xulosasini taqdim qiladi.
14. Normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning loyihalari boʻyicha korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazish uchun Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarini jalb qilgan holda, ishchi guruhi tuzishga haqli.
Agentlikning soʻroviga binoan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uch kun muddatda oʻz vakillarini korrupsiyaga qarshi ekspertiza boʻyicha ishchi guruhida ishtirok etish uchun yuboradi.
15. Adliya vazirligi budjet mablagʻlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasi natijalari boʻyicha korrupsiya bilan bogʻliq faktlarni aniqlagan taqdirda, Agentlikni bu haqda xabardor qiladi hamda huquqiy xulosa nusxasini normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali yuboradi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
16. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Agentlik maʼlumot almashish jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishi mumkin.
17. Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik doirasida olgan maʼlumotlarni toʻplaydi, saqlaydi, qayta ishlaydi hamda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida ushbu maʼlumotlardan foydalanadi.
18. Agentlik mazkur Nizom ijrosini har yili tahlil qilib boradi va zaruratga qarab aloqalarni yanada takomillashtirish boʻyicha oʻz takliflarini beradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2021-y., 07/21/34/1140-son; 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)