O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston Respublikasining qurilish sohasida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Qurilish sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, qurilishning barcha bosqichlarida shaffoflikni ta’minlash maqsadida:
1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi hududida 2028-yil 31-dekabrga qadar shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatidan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlar bilan bir vaqtda, shu jumladan loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bosqichida 1-ilovada keltirilgan xorijiy normativ hujjatlar qo‘llanishiga ruxsat etiladi:
mahalliy loyiha-qidiruv tashkilotlarini jalb etgan va milliy normativ hujjatlarga nomutanosib bo‘lgan qismlar uchun kompensatsiyalovchi choralarni ta’minlash bo‘yicha maxsus texnik shartlarni ishlab chiqqan holda, xorijiy normativ hujjatlar asosida ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarining moslashtirilishi;
zarur hollarda moslashtirilgan loyiha hujjatlarini ko‘rib chiqish uchun vakolatli organ tomonidan jalb qilingan mustaqil xorijiy mutaxassislar va konsultantlar xizmatlari uchun to‘lov xarajatlari, ushbu hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalaridan qat’iy nazar, buyurtmachi (investor) tomonidan qoplanishi;
b) 2020-yil 1-iyuldan:
Oldingi tahrirga qarang.
soliq va statistika hisobotlari ma’lumotlari (ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar va to‘langan soliqlar, ish haqi to‘lash fondi) asosida avtomatik tarzda shakllanadigan loyiha-qidiruv tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi;
(1-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
v) 2020-yil 1-sentabrdan:
Oldingi tahrirga qarang.
soliq va statistika hisobotlari ma’lumotlari (ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar va to‘langan soliqlar, ish haqi to‘lash fondi), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ma’lumotlari (qurilishi tugallangan obyektlar hajmi, shaharsozlik qonunchiligini buzish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarning mavjudligi va ularning ijrosi) asosida qurilish ishlari hajmlari va obyektlariga muvofiq tabaqalashtirilgan holda avtomatik tarzda shakllantiriladigan qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi;
(1-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
g) 2021-yil 1-yanvardan:
qurilish sohasidagi davlat xaridlari doirasida xarid tartib-taomillari, loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining xarid tartib-taomillarida belgilangan malaka talablariga muvofiqligini baholashda ularning elektron reytingi ma’lumotlaridan foydalanish va boshqa elektron tizimlar bilan integratsiyalash imkoniyatini hisobga olgan holda, elektron shaklda onlayn rejimida amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
qurilish sohasida o‘tkaziladigan davlat xaridlarida elektron reytinglarga kiritilgan va tegishli mezonlar (ish tajribasi, moliyaviy barqarorligi, shtatida ma’lumotlari “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritilgan malakali xodimlarning mavjudligi) bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan loyiha-qidiruv va qurilish pudrat tashkilotlarining ishtirok etishiga yo‘l qo‘yiladi;
(1-band “g” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
davlat xaridlarida ishtirok etish uchun ruxsat berishda elektron reytinglarga kiritilgan va tegishli mezonlar bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarning dastlabki malakaviy baholashdan o‘tishi, shuningdek, tanlov (tender) hujjatlarining umumiy va texnik qismlarini taqdim etishi talab etilmaydi;
davlat buyurtmachilari va davlat xarid subyektlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlarning loyiha hujjatlari kompleks ekspertiza o‘tkazish uchun belgilangan muddatlarda energiya samaradorligi talablariga muvofiqligi bo‘yicha majburiy tartibda ekspertizadan o‘tkazilishi shart;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 579-sonli qarori bilan tasdiqlangan Obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash bo‘yicha shaharsozlik va loyiha hujjatlarining loyihaviy yechimlarini shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
qurilish sohasidagi davlat xaridlari doirasida xarid tartib-taomillarida g‘olib deb topilgan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari ishlar (xizmatlar) narxining kamida o‘ttiz foizini o‘z kuchi bilan bajarishi bo‘yicha talab joriy etiladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahrida xususiy tadbirkorlik subyektlarini buyurtmachi funksiyasini bajarishga jalb qilish bo‘yicha eksperiment (keyingi o‘rinlarda — eksperiment) o‘tkazish to‘g‘risidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifiga rozilik berilsin:
Toshkent shahrida 2021-2022-yillarda loyihalashtirilishi va qurilishi rejalashtirilgan 10 ta qurilish obyektini tanlab olish;
eng yaxshi takliflarni tanlab olish natijalariga ko‘ra xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan injiniring xizmatlarini ko‘rsatish (shu jumladan texnik nazorat va loyiha boshqaruvi) yuzasidan shartnomalar imzolash;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan eksperimentda ishtirok etuvchi qurilish obyektlari va xususiy tadbirkorlik subyektlari ro‘yxatining tasdiqlanishi.
Belgilab qo‘yilsinki, eksperiment tanlab olingan obyektlarning qurilish-montaj ishlari yakunlanib, ular foydalanishga topshirilguniga qadar amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda — Institut) tashkil etilsin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
(4-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
qurilishda me’yorlash tizimidagi va innovatsion texnologiyalarni joriy qilishdagi muammolarni o‘rganib borish;
qurilish sohasidagi xalqaro normalar, qoidalar va standartlarni o‘rganish va tahlil qilish asosida milliy normativ hujjatlarni ular bilan uyg‘unlashtirish;
binolar, inshootlar va ularning alohida elementlariga bo‘lgan xavfsizlik talablarini, shuningdek, bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
normativ, shu jumladan xorijiy hujjatlarlarning ilmiy-texnik kutubxonasi va elektron bazasini tashkil qilish va yuritish;
xorijiy va xalqaro tashkilotlar, konsultantlar va mutaxassislar bilan hamkorlik qilish hamda ularni milliy normativ hujjatlar bazasini takomillashtirishga jalb qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Institutning tuzilmasi va shtat birliklari soni uning faoliyat yo‘nalishlari va ish hajmidan kelib chiqqan holda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
Belgilab qo‘yilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, XMI/XHMTning texnik ko‘mak mablag‘lari (grantlari) va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
Markaz shtat birliklari tegishli vazirlik va idoralarning boshqaruv xodimlarini 2020-yilda maqbullashtirish hisobidan jamlanadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi ikki oy muddatda 2020 — 2023-yillarda shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish dasturini (keyingi o‘rinlarda — Dastur) tasdiqlasin.
Belgilansinki, Dasturni amalga oshirish doirasida:
milliy normativ, shu jumladan idoraviy hujjatlarni ishlab chiqish, qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish qurilish sohasida tajribaga ega bo‘lgan xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda amalga oshiriladi;
tarmoq vazirliklari va idoralari ishlab chiqilgan va qayta ko‘rib chiqilgan normativ, shu jumladan idoraviy hujjatlarni tasdiqlashdan oldin ularning loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga kelishish uchun majburiy tartibda kiritilishini ta’minlaydi;
tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladigan budjet mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish ishlarining moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
bir oy muddatda qurilish tarmog‘ini isloh qilish, shu jumladan milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish maqsadida xalqaro ekspertlar va konsultantlarni jalb etishda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga amaliy yordam ko‘rsatsin;
2020-yilda milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, xalqaro ekspertlar va konsultantlar xizmatlari to‘lovini amalga oshirish uchun bir oy muddatda Qurilish vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 15 milliard so‘m ajratilishini ta’minlasin;
2021 — 2023-yillar uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini ishlab chiqishda milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratishni nazarda tutsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Qurilish vazirligi uch oy muddatda ilg‘or xorijiy tajriba asosida, bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining turlari va boshqa mezonlarga qarab minimal talablarni tabaqalashtirgan holda qurilish sohasida mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligiga oid me’yorlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qurilish vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda qurilish sohasida xarid tartib-taomillarini tashkil qilish va o‘tkazish tartibini, shu jumladan loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashda xarid hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha talablarni takomillashtirishga doir takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:
a) 2020-yil 1-avgustga qadar xalqaro moliya institutlarini jalb etgan holda quyidagilar ishlab chiqilishini ta’minlasin:
O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasini modernizatsiyalash, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2020 — 2025-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi;
shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlarga nomutanosib bo‘lgan qismlar uchun kompensatsiyalovchi choralarni ta’minlash bo‘yicha maxsus texnik shartlarni kelishish va tasdiqlash tartibini;
“fast-track” usuli (bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari) bilan “tayyor holda topshirish” shartlari (Engineering Procurement Construction) asosida obyektlarni qurishga ruxsat berish tartibini;
b) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga quyidagi hukumat qarorlari loyihalarini kiritsin:
ikki oy muddatda — eksperimentda ishtirok etayotgan qurilish obyektlari va xususiy tadbirkorlik subyektlarini tasdiqlash haqida;
eksperiment natijasidan kelib chiqib hamda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda — markazlashgan manbalar hisobidan amalga oshiriladigan va buyurtmachi funksiyasini xususiy tadbirkorlik subyektlari bajaradigan obyektlar qurilishini tashkil qilish va moliyalashtirish, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar qoshidagi qurilish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi xizmatlari faoliyatini isloh qilish haqida;
v) Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda keng jamoatchilikni jalb etgan holda 2020-yil 1-mayga qadar ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, bunda quyidagi talablarni o‘rnatish nazarda tutilsin:
ulush kiritish asosida uy-joylarni qurish uchun mablag‘larni jalb etishdan avval kelishilgan loyiha-smeta hujjatlarining mavjud bo‘lishi, quruvchi tashkilotning bank hisob raqamlarida jamlanadigan ulush qo‘shganlarning mablag‘laridan maqsadsiz foydalanishni cheklab qo‘yish;
qurilishda ulush kiritish asosida ishtirok etish bo‘yicha shartnomalarni majburiy tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ulush kiritish asosida qurilishda ishtirok etish uchun mablag‘larni jalb etuvchi qurilish tashkilotlarining yagona reyestrini yuritish;
g) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi bilan birgalikda 2020-yil 1-mayga qadar kasbga muvofiqlik sertifikatlari berilishini ta’minlagan holda qurilish sohasi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etsin;
d) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingini yaratish doirasida:
2020-yil 1-aprelga qadar loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining elektron reytingini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini aniqlasin hamda ularni vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga taqdim etish tartibi belgilansin;
elektron reytinglarni joriy etish uchun o‘rnatilgan muddatlarda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bilan integratsiyalashtirgan holda zarur dasturiy ta’minotni ishlab chiqsin;
e) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining moddiy texnika bazasini mustahkamlash va yangilash bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
j) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini tashkil qilishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov — mazkur Farmonning sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlasin, normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish uchun mas’ul bo‘lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har oyda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini qabul qilsin va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etsin;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiyot va sanoat vaziri J.A. Qo‘chqorov — qurilish sohasida xarid tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish tartiblariga ilg‘or xorijiy tajribaning joriy qilinishini, shuningdek, milliy normativ hujjatlarni ishlab chiqish va qayta ko‘rib chiqish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri B.I. Zakirov — loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari, idoraviy ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish hamda qurilish sohasida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi me’yorlarini takomillashtirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rsin;
O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sh.S. Xidoyatov — barcha milliy normativ hujjatlarning bosqichma-bosqich va sifatli ishlab chiqilishi va qayta ko‘rib chiqilishini, qurilish sohasiga, shu jumladan xarid tartib-taomillariga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Ko‘chimov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. A.D. Xadjayev — mazkur Farmonning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid brifinglar, press-konferensiyalar tashkil etib, maqolalar va tematik teleko‘rsatuvlar e’lon qilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 13-mart,
PF-5963-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-martdagi PF-5963-son Farmoniga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi hududida shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlar bilan bir vaqtda qo‘llanilishiga ruxsat etiladigan xorijiy normativ hujjatlar
RO‘YXATI

T/r

Normativ hujjatlar nomi

Davlatlar

1.

Yevrokodlar (European Codes, ES)

Yevropa Ittifoqi

2.

Britaniya standartlari (British Standards, VS)

Buyuk Britaniya

3.

Xitoy milliy qurilish standartlari
(GB, CJ, JC, JG va boshqalar)

Xitoy Xalq Respublikasi

4.

Koreya qurilish kodlari
(Korean building code, KVS)

Koreya
Respublikasi

5.

Qurilish me’yorlar va qoidalar (SNiP)

Rossiya Federatsiyasi

6.

AQSh xalqaro qurilish kodlari
(International building code, IBC)

Amerika Qo‘shma Shtatlari

7.

Yaponiya milliy standartlari
(Japanese Industrial Standards, JIS)

Yaponiya

Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 13-martdagi PF-5963-son Farmoniga
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-maydagi “Kapital qurilishda loyiha va qurilish ishlarini amalga oshirish tartibini optimallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5445-son Farmonida:
ikkinchi xatboshidagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik deb yuritiladi)” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “Agentlik” so‘zi “O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 3-bandning uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
v) 4-bandi chiqarib tashlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-noyabrdagi “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5577-son Farmonida:
3-bandning birinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
ikkinchi — yettinchi xatboshilar tegishli ravishda birinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
ilova chiqarib tashlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-avgustdagi “Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3895-son qarorining 8-bandi chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.03.2020-y., 06/20/5963/0300-son, 28.11.2020-y., 06/20/6119/1570-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)