Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.04.2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 17 apreldagi 214-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 26-noyabrdagi PF-5883-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri M.X. Saliyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 24-fevral,
108-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-fevraldagi 108-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda Inspeksiya deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatini tashkil etish va hisobot berishi tartibini, shuningdek, uning rahbariyatining funksional majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.
2. Inspeksiya ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya sohasida davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga (keyingi o‘rinlarda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi deb ataladi) hisobot beradi.
Inspeksiya o‘z vakolati doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. Inspeksiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining qapoplariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlariga va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi qarorlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
4. Inspeksiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shu jumladan, fuqarorlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. Inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
Inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy inspeksiyalari (keyingi o‘rinlarda hududiy inspeksiyalar deb ataladi) yuridik shaxs maqomiga ega emas.
6. Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalari faoliyati davlat budjeti va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.
7. Inspeksiyaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi;
qisqartirilgan nomi — Suvinspeksiya;
b) rus tilida:
to‘liq nomi — Inspeksiya po kontrolyu za ispolzovaniyem pityevoy vodi pri Ministerstve jiliщno-kommunalnogo obslujivaniya Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Vodinspeksiya;
v) ingliz tilida:
to‘liq nomi — Inspectorate for Oversight over Use of Drinking Water under the Ministry of Housing and Public Utilities of Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Waterinspectorate.
8. Inspeksiyaning markaziy apparati joylashgan joy: Toshkent shahri, Niyozbek yo‘li ko‘chasi, 1-uy.
9. Inspeksiya tizimiga Inspeksiyaning markaziy apparati va hududiy inspeksiyalari kiradi.
2-bob. Inspeksiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, ichimlik suvidan foydalanish, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash xizmatlari ko‘rsatish sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar (keyingi o‘rinlarda suv ta’minoti va kanalizatsiya korxonalari deb ataladi) tomonidan texnologik jarayonni takomillashtirishga va energiyani tejashga yo‘naltirilgan suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlari texnologik auditdan o‘tkazilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulanib olishga yo‘l qo‘ymaslik hamda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga ulanishning texnik shartlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarining holati va ulardan foydalanish shartlari, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimidagi shikastlanishlar va avariyalarning profilaktikasi hamda ularning oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan tadbirlarning amalga oshirilishi, ichimlik suvi yo‘qotilishining belgilangan me’yorlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar yer osti ichimlik suvi quduqlarining holati va ulardan foydalanish shartlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.
11. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) ichimlik suvini oqilona va samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish, ichimlik suvidan foydalanish, kanalizatsiya va oqova suvlarni tozalash xizmatlari ko‘rsatish sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir qonunlar va normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya korxonalari, shuningdek iste’molchilar tomonidan suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida xizmat ko‘rsatish qoidalariga amal qilinishini nazorat qilish;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya korxonalari tomonidan inshootlarda ichimlik suvining texnologik hisobi yuritilishi ta’minlanganligini va hisoblash uskunalari ishlashini nazoratga olish;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya korxonalari tomonidan ichimlik suvini yo‘qotishning belgilangan me’yorlariga rioya etilishi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatish;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, suv ta’minoti tashkilotlari tomonidan aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati, standartlar va o‘rnatilgan talablarga javob berishi yuzasidan nazorat o‘rnatish;
(11-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-maydagi 246-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.05.2022-y., 09/22/246/0405-son)
b) ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan texnologik jarayonni takomillashtirishga va energiyani tejashga yo‘naltirilgan suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlari texnologik auditdan o‘tkazilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
hududiy inspeksiyalar tomonidan suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlari texnologik auditdan o‘tkazilishini nazoratga olish;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlari samaradorligini oshirish bo‘yicha texnik jarayon va energiyani tejash tadbirlari bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlash;
v) suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulanib olishga yo‘l qo‘ymaslik hamda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga ulanishning texnik shartlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga ulanishda texnik shartlarga rioya etilishida qoidabuzarliklarni aniqlash tadbirlari bajarilishini nazorat qilish;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulanish, shuningdek, hisobga olinmagan iste’molchilarni aniqlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish;
investitsiya dasturlari asosida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv obyektlarida amalga oshirilgan qurilish, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari natijasida iste’molchilarning suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari bilan qamrab olinishi hamda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, suv ta’minoti va oqova suv tashkilotlari bilan iste’molchilar o‘rtasida shartnomaviy munosabatlar yo‘lga qo‘yilganligi ustidan nazorat qilish;
kanalizatsiya tarmoqlariga zararli moddalarning oqizilishida belgilangan talablarga amal qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
(11-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-maydagi 246-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.05.2022-y., 09/22/246/0405-son)
g) ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarining holati va ulardan foydalanish shartlari, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimidagi shikastlanishlar va avariyalarning profilaktikasi hamda ularning oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan tadbirlarning amalga oshirilishi, ichimlik suvi yo‘qotilishining belgilangan me’yorlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarida texnik talablarga asosan profilaktika ishlari amalga oshirilishini nazoratga olish;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlaridagi avariya va nosozliklar bo‘yicha ogohlantirish tadbirlari o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
d) tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar yer osti ichimlik suv quduqlarining holati va ulardan foydalanish shartlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
yer osti suvlaridan foydalanish sohasini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatish;
tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar yer osti ichimlik suv quduqlaridan foydalanishning holati va sharoitlarini nazorat qilish.
Inspeksiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita hamda hududiy inspeksiyalar orqali amalga oshiradi.
3-bob. Hududiy inspeksiyalarning vazifalari va funksiyalari
12. Hududiy inspeksiyalar quyidagilar ustidan nazoratni amalga oshiradilar:
aholini ularning yashash joylarida ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimida nosozlik va avariyalarning oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan tadbirlarni bajarish;
foydalanish bo‘linmalari texnik, xizmat hujjatlari va boshqa hujjatlar bilan ta’minlanishi;
ichimlik suvining sifati, ichimlik suvi ishlab chiqaruvchi inshootlar suvni zararsizlantirish uskunalar bilan ta’minlanishi;
tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar yer osti ichimlik suvi quduqlarining holati va ulardan foydalanish shartlariga rioya etilishi;
ichimlik suvi me’yoridan ortiqcha yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilganligi.
13. Hududiy inspeksiyalar o‘zlariga yuklangan vazifalar doirasida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
ichimlik suvini ishlab chiqarish, yetkazib berish va realizatsiya qilish ustidan taftish va nazoratni amalga oshiradi;
yer osti ichimlik suvi quduqlardan foydalanish va ularning holatini nazorat qiladi;
yer osti ichimlik suvi quduqlarini loyihalashtirish, burg‘ulash, qurish va o‘zlashtirish jarayonlari ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ichimlik suvi ta’minoti sohasidagi xavfsizlik talablariga rioya etilishini nazoratga oladi;
ichimlik suvi sifatini hamda ichimlik suvi ishlab chiqaruvchi va oqova suvi inshootlarining suvni tozalash va zararsizlantirish uskunalari bilan ta’minlanganligini nazorat qilib boradi;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlaridan foydalanish, shu jumladan ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlariga ulanish qoidalariga rioya etilishi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshiradi;
hisobga olinmagan iste’molchilarni (noqonuniy ulanma) aniqlashni tashkil etish, xususan investitsiya dasturlari asosida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv obyektlarida amalga oshirilgan qurilish, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari natijasida iste’molchilarning suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari bilan qamrab olinishi hamda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, suv ta’minoti va oqova suv tashkilotlari bilan iste’molchilar o‘rtasida shartnomaviy munosabatlar yo‘lga qo‘yilganligini nazorat qiladi;
(13-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-maydagi 246-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.05.2022-y., 09/22/246/0405-son)
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, suv ta’minoti tashkilotlari tomonidan aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati, standartlar va o‘rnatilgan talablarga javob berishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
kanalizatsiya tarmoqlariga ifloslantiruvchi moddalarning normativdan ortiqcha oqizilishida belgilangan talablarga amal qilinishi ustidan nazorat o‘rnatadi;
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-maydagi 246-sonli qaroriga asosan to‘qqizinchi va o‘ninchi xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.05.2022-y., 09/22/246/0405-son)
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarini texnologik auditdan o‘tkazadi;
ichimlik suvidan oqilona foydalanish hamda suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasiga ilg‘or texnologiyalarni olib kirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini amalga oshiradi.
4-bob. Inspeksiya markaziy apparatining huquqlari va javobgarligi
14. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
faoliyatiga daxldor bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalarda davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini belgilangan tartibda muvofiqlashtirish;
Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kiritish;
tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar barcha toifadagi suv ta’minoti va kanalizatsiya korxonalarida, jumladan, yer osti ichimlik suvi quduqlardan foydalanuvchi tashkilotlarda, ularning obyektlarida vakolati doirasiga kiruvchi masalalarda belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazish;
tekshirish ishlari amalga oshirilayotgan (amalga oshirilgan) tashkilotlarning tekshirishga daxldor bo‘lgan hujjatlari bilan tanishish;
yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda, shu jumladan, yashash joylarida, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish hamda foydalanish talablariga rioya etilishini belgilangan tartibda tekshirish;
kanalizatsiya tarmoqlariga ifloslantiruvchi moddalarning normativdan ortiqcha oqizilishi aniqlanganda, bu borada belgilangan tartibda javobgarlarga nisbatan kompensatsiya to‘lovlari hisoblash va undirish;
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-maydagi 246-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.05.2022-y., 09/22/246/0405-son)
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tashkilotlari ishchilarining texnik reglament hamda xavfsizlik talab va qoidalari bo‘yicha bilim darajasini tekshirish;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya sohasida huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish jarayonida aniqlangan salbiy holatlar hamda qoidabuzarliklar bo‘yicha huquqbuzarlarga belgilangan tartibda ma’muriy jarimalar qo‘llash;
yer osti ichimlik suvi zaxiralarining kamayishi yoki yer osti suvlaridan samarasiz foydalanish holatlari aniqlanganda yer osti suvlarini olishni to‘xtatish yoki bu borada ajratilgan limitni belgilangan tartibda qisqartirish choralarini ko‘rish;
zarurat bo‘lganda ichimlik va oqova suvlarni, uskuna va materiallarni tegishli tashkilotlar tomonidan nazorat sinovidan va tahlildan, shuningdek, loyiha qarorlarini belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazishni tayinlash;
davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlardan vakolati doirasiga kiruvchi masalalarda zarur axborotlarni so‘rash va olish;
Inspeksiya xodimlarining malakasini oshirish kurslarini tashkil etish.
Inspeksiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
15. Inspeksiya:
unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish, shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya sohasida davlat nazoratini samarali amalga oshirish;
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga Inspeksiya tomonidan kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalari, shuningdek, Inspeksiya tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning sifati va pirovard natijalari uchun javob beradi.
5-bob. Hududiy inspeksiyalarning huquqlari va javobgarligi
16. Hududiy inspeksiyalar yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun zarur ma’lumotlarni davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining hududiy bo‘linmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan belgilangan tartibda so‘rash va olish;
vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha takliflarni davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ko‘rib chiqishi uchun taqdim etish;
tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar barcha toifadagi suv ta’minoti va kanalizatsiya korxonalarida, jumladan, yer osti ichimlik suvi quduqlardan foydalanuvchi tashkilotlarda, ularning obyektlarida vakolati doirasiga kiruvchi masalalarda belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazish;
tekshirish ishlari amalga oshirilayotgan (amalga oshirilgan) tashkilotlarning tekshirishga daxldor bo‘lgan hujjatlari bilan tanishish;
yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda, shu jumladan, yashash joylarida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlariga ulanish hamda foydalanish talablariga rioya etilishini belgilangan tartibda tekshirish;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya sohasida texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya korxonalaridan tekshirish uchun zarur bo‘lgan loyiha, texnologik, ijro hujjatlarini va boshqa materiallarni olish;
ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya sohasida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya korxonalariga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;
vazifalar va funksiyalarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan salbiy holatlar hamda qoidabuzarliklar bo‘yicha huquqbuzarlarga belgilangan tartibda ma’muriy jarimalar qo‘llash;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya sohasida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida ishlarni yuritish.
17. Hududiy inspeksiyalar:
o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
ichimlik suvi ta’minoti obyektlarida aniqlangan muammolarni har tomonlama va chuqur o‘rganish hamda umumlashtirish asosida hududlarda tegishli sohani rivojlantirishga doir takliflar tayyorlash uchun mas’uldir.
6-bob. Inspeksiya faoliyatini tashkil etish
18. Inspeksiya boshlig‘i uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri taqdimnomasiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
(18-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-maydagi 246-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.05.2022-y., 09/22/246/0405-son)
Hududiy inspeksiyalar rahbarlari Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan kelishgan holda Inspeksiya boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Hududiy inspeksiyalar xodimlari hududiy inspeksiya rahbarlarining tavsiyasiga asosan Inspeksiya boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
19. Mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmatlari ko‘rsatish shartlariga ko‘ra:
Inspeksiya boshlig‘i — vazir o‘rinbosariga;
Inspeksiya markaziy apparati xodimlari — uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi markaziy apparati xodimlariga;
Hududiy inspeksiyalar bosh inspektorlari — hududiy uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari boshliqlariga;
Hududiy inspeksiya inspektorlari — hududiy uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalarining bo‘lim boshliqlariga tenglashtiriladi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-maydagi 246-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.05.2022-y., 09/22/246/0405-son)
20. Inspeksiya boshlig‘i Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hay’ati tarkibiga kiritiladi.
21. Inspeksiya faoliyatiga uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri mutasaddilik qiladi.
7-bob. Inspeksiya rahbarlarining asosiy funksional vazifalari
22. Quyidagilar Inspeksiya boshlig‘ining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Inspeksiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Inspeksiya faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va tadbirlar ijrosini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari va maslahatchilari, shuningdek, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining topshiriqlari sifatli va to‘liq ijro etilishini ta’minlash;
Inspeksiya faoliyatini rejalashtirish, Inspeksiyaning choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ular bajarilishini nazorat qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining qarorlari va topshiriqlari ijrosi ta’minlanishi va monitoring olib borilishining amaliy tizimini tashkil etish;
Inspeksiya faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, qonun hujjatlari talablariga muvofiq topshiriqlar o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi uchun markaziy apparatning mansabdor shaxslari va hududiy inspeksiyalar rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish;
Inspeksiya markaziy apparati va hududiy inspeksiyalar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;
qonun hujjatlariga muvofiq Inspeksiya tizimida lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, shuningdek, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, kadrlar zaxirasini shakllantirish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini keyinchalik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun sifatli ishlab chiqishni tashkil etish va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga kiritish;
Inspeksiya rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida samarali bo‘lish va O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy delegatsiyalar tashrifini tashkil etishda mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq amalga oshirish va tashkil qilish, xizmat safarlari asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safariga ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash;
hududiy inspeksiyalar faoliyatining samaradorligi va natijadorligining tanqidiy tahlilini muntazam ravishda o‘tkazish, ularning hisobotlarini Inspeksiya majlislarida eshitish, yakunlari bo‘yicha zarur hollarda ularni belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish;
Inspeksiya xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini belgilangan tartibda hal qilish, ularning egallab turgan lavozimlariga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqish, ularning shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rish;
Inspeksiya xodimlarining Odob-axloq qoidalarini tasdiqlash, shuningdek, ularga rioya qilinishini ta’minlash;
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Inspeksiya tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini qabul qilish, shuningdek, huquqiy amaliyot va qonun hujjatlarini takomillashtirish choralarini ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘li bilan ularning yuzaga kelishiga yordam beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf qilish;
Inspeksiya va uning tarkibiy bo‘linmalari ishini tashkil qilishning zamonaviy shakllarini joriy qilishni ta’minlash;
“Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, shu jumladan, Inspeksiyaning axborot tizimi samaradorligi va sifatini oshirish;
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomda belgilangan muddatlar va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha samarali ishni tashkil qilish, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, shaxsan qabul qilishni tizimli ravishda o‘tkazish, shu jumladan, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini joyning o‘ziga chiqib qabul qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushayotgan murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali ishlashni tashkil qilish, ularning faoliyatida Inspeksiya xodimlari va rahbarlarining faol ishtirokini ta’minlash;
davlat siri va maxfiy ma’lumotlar sirasiga kiradigan ma’lumotlar bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
markaziy apparatning tarkibiy bo‘linmalari va hududiy inspeksiyalar to‘g‘risidagi nizomlarni, lavozim yo‘riqnomalarini va Inspeksiyaning boshqa lokal hujjatlarini belgilangan tartibda tasdiqlash;
Inspeksiya xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqarish va ko‘rsatmalar berish, shuningdek, ularning ijrosi ustidan belgilangan tartibda nazorat qilish;
Inspeksiya markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga belgilangan shtatdagi xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga takliflar kiritish.
Inspeksiya boshlig‘i qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksional vazifalarni ham amalga oshiradi.
23. Quyidagilar Inspeksiya markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;
tarkibiy bo‘linmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
o‘z vakolatlari doirasida hududiy inspeksiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlari ijrosini ta’minlash, Inspeksiya tarkibiy bo‘linmalari xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning kotibiyatlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son va “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarorlariga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Inspeksiya bayonnoma qarorlari, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining va Inspeksiya rahbariyatining buyruqlari va topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
tarkibiy bo‘linmalarning ish rejalari ishlab chiqilishini, ularda ko‘rsatilgan vazifalar va chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish, Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalari faoliyatida amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish;
mutasaddilik qilinadigan tarkibiy bo‘linmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha Inspeksiya boshlig‘iga takliflar kiritish, ularning kasbiy mahorati, layoqati, amaliy tajribasi, ishchanlik va ma’naviy-axloqiy sifatlari yuqori darajasining kafolatlanganligini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish chora-tadbirlarini qabul qilish;
tarkibiy bo‘linmalarning xodimlari faoliyati samaradorligini tanqidiy tahlil qilib borish, yig‘ilishlarda ularning hisobotlarini eshitish, natijalar bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni qabul qilish;
xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga to‘liq muvofiq ravishda amalga oshirish, xizmat safarlari asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, xizmat safarlari xarajatlari uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash;
Inspeksiya xodimlari tomonidan odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini ta’minlash;
“Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Inspeksiyada korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish chora-tadbirlarini qabul qilish, huquqiy amaliyot va qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va tatbiq etish yo‘li bilan ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish;
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan muddatda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish;
davlat siri va boshqa maxfiy ma’lumotlar bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
vakolati doirasiga kiradigan masalalar yuzasidan faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish, qonun hujjatlarini takomillashtirish haqida takliflar ishlab chiqish va Inspeksiya boshlig‘iga kiritish.
24. Quyidagilar hududiy inspeksiyalar rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilish;
hududiy inspeksiyalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari hamda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Inspeksiya hujjatlari va qarorlari bilan ushbu inspeksiyalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, Vazirlar Mahkamasi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining topshiriqlari va hujjatlari ijrosini ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajadagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son va “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun hududiy inspeksiyalar xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rish;
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Inspeksiyaning buyruqlari, qarorlari va topshiriqlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
Inspeksiyaning faoliyati doirasiga kiradigan masalalar bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini ta’minlash;
“Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Inspeksiyada korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rish, huquqiy amaliyot va qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va tatbiq etish yo‘li bilan ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan muddatda va tartibda ko‘rib chiqish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlarda huquqbuzarliklar bo‘yicha dalolatnomalar tuzish va ko‘rsatmalar berish;
ushbu Nizomga muvofiq majburiyatlarni taqsimlashga ko‘ra boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
8-bob. Inspeksiya rahbarlarining javobgarligi
25. Inspeksiya boshlig‘i:
Inspeksiyaga yuklangan vazifalar va funksiyalarni, shuningdek, ushbu Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan masalalar bo‘yicha;
ushbu Nizomning 22-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalari sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
26. Markaziy apparatning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari:
tegishli tarkibiy bo‘linmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun;
ushbu Nizomning 15-bandida nazarda tutilgan Inspeksiya markaziy apparatining javobgarlik sohalari bo‘yicha;
ushbu Nizomning 23-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarini sifatli bajarish uchun shaxsan mas’uldir.
27. Hududiy inspeksiyalarning rahbarlari:
hududiy inspeksiyalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun;
ushbu Nizomning 17-bandida nazarda tutilgan hududiy inspeksiyalarning javobgarlik sohalari bo‘yicha;
ushbu Nizomning 24-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalari sifatli bajarilishi uchun shaxsan mas’uldir.
9-bob. Inspeksiyaning hisobot berishi hamda faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari
28. Inspeksiya boshlig‘i Inspeksiya faoliyati to‘g‘risida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi oldida muntazam ravishda hisobot beradi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Inspeksiya boshlig‘i faoliyatining unga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi bo‘yicha doimiy monitoringini olib boradi hamda Inspeksiya faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.
29. Inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam ravishda baholab boriladi.
30. Inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Inspeksiya faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va indikatorlarga asoslanadi.
31. Inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha quyidagi choralar ko‘riladi:
Inspeksiya rahbarlari va xodimlarini rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;
Inspeksiya faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish.
32. Inspeksiya faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
91-bob. Inspeksiya faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash
33. Inspeksiya budjet tashkiloti hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan, Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
34. Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasidan Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-iyundagi 409-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan Inspeksiya xodimlariga qo‘shimcha to‘lov va moddiy yordam ko‘rsatiladi.
(91-bob O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-maydagi 246-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.05.2022-y., 09/22/246/0405-son)
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
35. Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalari o‘z vazifalari hamda funksiyalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
36. Inspeksiyani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(10-bob O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-maydagi 246-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.05.2022-y., 09/22/246/0405-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.02.2020-y., 09/20/108/0206-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.05.2022-y., 09/22/246/0405-son)