1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.03.00.00 Kommunal xoʻjalik / 08.03.05.00 Uy oldidagi hududlarni obodonlashtirish va saqlash. Maishiy chiqindilarni yigʻishtirish]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xizmat]
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining
Qarori
Maishiy chiqindilarni tashish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 8-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3195]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-apreldagi PQ-4291-son “2019 — 2028-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-son “Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Maishiy chiqindilarni tashish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktorining 2014-yil 16-oktabrdagi 104-son “Maishiy chiqindilarni tashish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 2625, 2014-yil 12-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 46-son, 555-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2019-yil 7-oktabr,
11-son
Oʻzbekiston Respubikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2019-yil 7-noyabrdagi 11-son qaroriga ILOVA
Maishiy chiqindilarni tashish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish qoidalariga muvofiq qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni (bundan buyon matnda maishiy chiqindilar deb yuritiladi) tashish qoidalarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
qattiq maishiy chiqindilar — jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati hamda yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil boʻluvchi organik va noorganik chiqindilar, shuningdek ularning hududida va obodonlashtirish obyektlaridagi tabiiy jarayonlar natijasida hosil boʻluvchi chiqindilar (oziq-ovqat va oʻsimlik chiqindilari, toʻqimachilik mahsulotlari, oʻrash-joylash (qadoqlash) materiallari, shisha, rezina, qogʻoz, plastmassa, yogʻoch chiqindilari, oʻzining foydalanish xususiyatlarini yoʻqotgan uy-roʻzgʻor buyumlari, supurindi, shuningdek qattiq yoqilgʻida ishlovchi maishiy pechkalar va isitish bugʻqozonlaridan foydalanish natijasida hosil boʻluvchi chiqindilar);
suyuq maishiy chiqindilar — jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati hamda yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil boʻluvchi chiqindilar (oqova suvlar, chiqindi toʻkiladigan oʻralar va septiklarda yigʻilgan turli xil suyuq chiqindilar, ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan yuvindi chiqindilari, markazlashmagan kanalizatsiyaning najas chiqindilari);
yirik gabaritli maishiy chiqindilar — jismoniy va maʼnaviy jihatdan eskirgan mebellar, maishiy texnikalar (sovutkichlar, kir yuvish mashinalari, televizorlar va shu kabilar), tashkiliy texnikalar (kompyuterlar, printerlar va shu kabilar), texnik uskunalar, avtotransport vositalarini almashtirish natijasida hosil boʻladigan qattiq maishiy chiqindilar, shuningdek daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishda hosil boʻladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, kesish ishlari qoldiqlari, barglar va boshqalar) va oʻlchamlari boʻyicha 0,75 m3 hajmli konteynerlarga joylashtirishning imkoni boʻlmagan qurilish chiqindilari;
isteʼmolchi — xizmat koʻrsatuvchi tashkilotga biriktirilgan hududda istiqomat qiluvchi va unga ommaviy shartnoma asosida maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatiladigan jismoniy shaxs, shuningdek xizmat koʻrsatuvchi tashkilot bilan maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga shartnoma tuzgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor;
xizmat koʻrsatuvchi tashkilot — oʻziga biriktirilgan hududda isteʼmolchilarga qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan tashkilot;
“signal” usuli — chiqindi tashish texnikasi bilan aholi yashash punktlarini aylanib chiqib, signal berish yoʻli bilan isteʼmolchilarni xabardor qilish orqali yakka tartibdagi turar joy sektoridagi qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish.
2. Mazkur Qoidalar radioaktiv va biologik chiqindilar, davolash-profilaktika muassasalari chiqindilari, zararli moddalarni atmosferaga chiqarib tashlash va zararli moddalarni suv obyektlariga oqizib yuborish bilan bogʻliq ishlar sohasidagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga keltiriladigan munosabatlarga tatbiq etilmaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
2-bob. Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish
1-§. Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishni tashkil qilish
3. Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish rejali yoki rejadan tashqari boʻlishi mumkin. Bunda maishiy chiqindilarni:
rejali olib chiqib ketish — qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha yoʻnalish jadvaliga muvofiq;
rejadan tashqari olib chiqib ketish — isteʼmolchilarning buyurtmasi asosida, kelishilgan holda, alohida toʻlov evaziga suyuq va yirik gabaritli maishiy chiqindilar, chorvachilik, qurilish chiqindilari, tuproq, shuningdek daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, kesish ishlari qoldiqlari, barglar va boshqalar) va smyotni olib chiqib ketish orqali amalga oshiriladi.
4. Xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan qattiq maishiy chiqindilarning uzluksiz olib chiqib ketilishini tashkil etish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
ixtisoslashtirilgan transport vositalarining (chiqindi tashish mashinalarining) harakat yoʻnalishlarini belgilash;
ixtisoslashtirilgan transport vositalarining ekipajiga (bundan buyon matnda ekipaj deb yuritiladi) xavfsizlik texnikasi, sanoat va yongʻin xavfsizligi, yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari, shuningdek ekologik nazorat boʻyicha yoʻriqnoma va tushuntirishlar berish;
ishchi xodimlarni belgilangan tartibda va normalar boʻyicha maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal hamda boshqa jamoaviy, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan taʼminlash;
qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha yoʻnalish chizmasi va jadvaliga rioya qilinishi yuzasidan monitoring (shu jumladan ixtisoslashtirilgan transport vositalari harakatini real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan kuzatish tizimidan (GPS) foydalangan holda) olib borish hamda hisobini yuritish.
2-§. Ixtisoslashtirilgan transport vositalarining harakat yoʻnalishlarini belgilash
5. Xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan ixtisoslashtirilgan transport vositalarining harakat yoʻnalishlarini belgilash maqsadida mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq shaklda Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha yoʻnalish chizmasi hamda 2-ilovasiga muvofiq shaklda Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha yoʻnalish jadvali (bundan buyon matnda yoʻnalish chizmasi va jadvali deb yuritiladi) tuziladi.
6. Yoʻnalish chizmasi va jadvalida maishiy chiqindilar tashib ketiladigan obyektlarning (mahalla fuqarolar yigʻinlari va tashkilotlarning), koʻchalarning nomi hamda yoʻnalish boʻyicha sarflanadigan vaqt va masofalar koʻrsatiladi.
7. Xizmat koʻrsatuvchi tashkilot yoʻnalish chizmasi va jadvalini ishlab chiqishda quyidagi maʼlumotlarga asoslanishi zarur:
xizmat koʻrsatilishi lozim boʻlgan obyektlar va hududlarning batafsil tavsifi;
obyektlar boʻyicha chiqindilarning toʻplanish hajmi;
hududdagi yoʻllarning texnik holati;
koʻchalardagi transport va yoʻlovchilar harakatining serqatnovligi;
chiqindilarni zararsizlantirish hamda qayta ishlash obyektlari haqidagi umumiy maʼlumotlar;
har bir hududdagi chiqindi saqlash konteynerlarining umumiy soni va hajmi;
chiqindilarni yuklash va tushirish ishlariga talab etiladigan vaqt.
8. Yoʻnalish chizmasi va jadvalini ishlab chiqishda quyidagilar inobatga olinadi:
ixtisoslashtirilgan transport vositalarida harakatlanishda yoʻldan unumli foydalanish koeffitsiyentining maksimal darajasiga erishish;
ixtisoslashtirilgan transport vositalarining yuk koʻtarish imkoniyatidan unumli foydalanish koeffitsiyentining maksimal darajasiga erishish;
qattiq maishiy chiqindilarni transport harakati serqatnov boʻlgan koʻchalardan olib chiqib ketish sutkaning tungi paytlarida amalga oshirilishi;
qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishda turar joy va noturar joy obyektlar yoʻnalishlarini birlashtirish;
qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash yoki zararsizlantirish obyektlariga olib boruvchi har bir yoʻnalishni imkon qadar maqbul yoʻllar boʻyicha belgilash.
9. Qattiq maishiy chiqindilar olib chiqib ketiladigan obyektlar, ularda toʻplanadigan chiqindilarning miqdori, xizmat koʻrsatiladigan hududlarda transport vositalarining harakatlanish shart-sharoitlari oʻzgargan hollarda ixtisoslashtirilgan transport vositalarining harakat yoʻnalishlari qayta koʻrib chiqilishi lozim.
3-§. Ixtisoslashtirilgan transport vositalarini yoʻnalishga chiqarishda qoʻyiladigan talablar
10. Xizmat koʻrsatuvchi tashkilot ixtisoslashtirilgan transport vositalarini belgilangan harakat yoʻnalishiga chiqarishdan oldin haydovchilarning tibbiy koʻrikdan oʻtishini, transport vositalarining texnik sozligini, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga hamda xavfsizlik texnikasi talablariga javob berishini taʼminlashi lozim.
11. Ixtisoslashtirilgan transport vositalarini yoʻnalishga chiqarishda haydovchining yonida quyidagi hujjatlar boʻlishi zarur:
haydovchining tibbiy koʻrikdan oʻtganligi va transport vositasining navbatchi mexanik tomonidan kunlik texnik koʻrikdan oʻtganligi qayd etilgan yoʻl varaqasi;
mazkur transport vositasi turini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi;
transport vositasining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnomasi (texnik pasporti);
(11-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2021-yil 10-maydagi 4-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 3195-1, 10.05.2021-y.) asosan 2021-yil 1-sentabrdan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2021-y., 10/21/3195-1/0460-son)
qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha yoʻnalish chizmasi va jadvali;
litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun beriladigan ruxsatnoma — litsenziya kartochkasi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan davlat unitar korxonalari va muassasalari bundan mustasno);
transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi.
12. Ixtisoslashtirilgan transport vositalarining har bir qatnovi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (transport vositasining davlat raqami, avtoparkdan yoʻnalishga chiqish va qaytib kelish sanasi, vaqti, spidometr koʻrsatkichlari, texnik holati, ekipaj tarkibining familiyasi, ismi, otasining ismi) ip oʻtkazib tikilgan jurnalda yoki elektron shaklda qayd etib boriladi.
4-§. Qattiq maishiy chiqindilarni yuklash va tashish
13. Qattiq maishiy chiqindilar ixtisoslashtirilgan transport vositalarida (chiqindi tashish mashinalari va boshqa ixtisoslashtirilgan mashinalarda) tashiladi (yirik gabaritli maishiy va qurilish chiqindilari, shuningdek daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilar bundan mustasno).
14. Chiqindi toʻplash shoxobchalaridagi, shuningdek tashkilotlardagi qattiq maishiy chiqindilarni vaqtinchalik toʻplash va saqlash uchun tashkil etilgan joylardagi chiqindi konteynerlari ekipaj yuklovchilari tomonidan ixtisoslashtirilgan transport vositasining manipulyator mexanizmiga oʻrnatiladi va uning maxsus mexanizmi yordamida (mexanik tarzda) chiqindi kuzoviga boʻshatiladi.
15. Manipulyator mexanizmi bilan jihozlanmagan ixtisoslashtirilgan transport vositasining chiqindi kuzoviga konteynerlarni boʻshatish ekipaj yuklovchilari tomonidan qoʻl kuchi bilan amalga oshiriladi.
16. “Signal” usulida yoʻnalish jadvali boʻyicha yetib kelgan ixtisoslashtirilgan transport vositasiga qattiq maishiy chiqindilarni joylashtirish isteʼmolchilar va ekipaj aʼzolari tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda qattiq maishiy chiqindilar maxsus chiqindi qoplarida (paketlarda) yoki gʻildirakli konteynerlarda (40 ― 120 l) saqlangan hollarda ularni ixtisoslashtirilgan transport vositasiga joylashtirish ekipaj yuklovchilari tomonidan amalga oshiriladi.
17. Qattiq maishiy chiqindilarni ixtisoslashtirilgan transport vositasiga yuklash jarayoni piyodalar, avtomototransport vositalari hamda velosipedlar harakatiga toʻsqinlik qilmasligi lozim.
18. Chiqindi saqlash konteynerlari qattiq maishiy chiqindilardan toʻliq, qoldiqsiz tozalanishi hamda sanitariya talablariga muvofiq dezinfeksiya qilinishi kerak.
19. Qattiq maishiy chiqindilarni yuklash va tashish ishlari ularni tushirib qoldirish, avariya holatini paydo qilish, insonlar sogʻligʻi va atrof-muhitga zarar yetkazish ehtimollarini istisno qiluvchi usullar bilan amalga oshiriladi.
20. Qattiq maishiy chiqindilarni tashishga ixtisoslashtirilmagan — agʻdarma va bortli maxsus transport vositalaridan maishiy chiqindilarni tashish maqsadida foydalanilganda, chiqindilarning toʻkilishi va suyuqlikning (filtrat) oqishi hamda chiqindi changlarining atmosfera havosiga tarqalishini oldini olish choralari koʻrilishi lozim.
21. Qattiq maishiy chiqindilarni yuklash va tashishda quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
konteynerlarda saqlanayotgan chiqindilar yoki chiqindi uyumlaridan ikkilamchi xom ashyo ajratib olish;
yuklash joyida chiqindi qoldiqlarini qoldirish yoki ularni yon atrofga sochib yuborish;
ekipaj aʼzosi boʻlmagan shaxslarni jalb qilish (“signal” usulida toʻplash va olib chiqib ketish hollari bundan mustasno) yoki ularni ixtisoslashtirilgan transport vositasida tashish.
5-§. Suyuq maishiy chiqindilarni yuklash va tashish
22. Suyuq maishiy chiqindilar ushbu turdagi chiqindilarni tashishga ixtisoslashtirilgan transport vositasida (assenizatsiya transport vositasida) tashiladi.
23. Assenizatsiya transport vositalarini suyuq maishiy chiqindilar yigʻiladigan oʻraga yaqinlashtirishdan oldin ish joyi diqqat bilan koʻzdan kechirilishi va transport vositasi hamda ekipaj aʼzosining oʻraga xavfsiz yaqinlashishini taʼminlaydigan minimal masofa aniqlab olinishi lozim.
24. Suyuq maishiy chiqindilar yigʻiladigan oʻrada toʻplangan zaharli gazlardan saqlanish maqsadida tegishli himoya vositalaridan (respiratorlardan) foydalaniladi.
25. Assenizatsiya transport vositasi yuk ortiladigan joyda qoʻl tormozi bilan ishonchli toʻxtatilgan boʻlishi, qiyalikda turib ishlash zarur boʻlgan hollarda gʻildiraklari ostiga ponalar yoki qistirmalar qoʻyiladi.
26. Yuklash ishlari yakunlangach, soʻruvchi shlang suyuq maishiy chiqindilar yigʻiladigan oʻraga oqib ketishini taʼminlagan holda, suv bilan yuvib tozalanishi zarur.
27. Assenizatsiya transport vositasining nasos va uzatma mexanizmini moylash ishlari transport vositasining dvigateli oʻchirilgan holatda amalga oshirilishi shart.
28. Assenizatsiya transport vositalarining koʻchalarda ifloslangan va nuqsonlari boʻlgan holda harakatlanishi, shuningdek ulardan boshqa turdagi yuklarni tashish maqsadida foydalanish taqiqlanadi.
6-§. Yirik gabaritli maishiy va qurilish chiqindilarini yuklash va tashish
29. Yirik gabaritli maishiy va qurilish chiqindilarini olib chiqib ketish uchun agʻdarma, bortli yoki multilift tizimi bilan jihozlangan transport vositalaridan foydalaniladi.
30. Yirik gabaritli maishiy va qurilish chiqindilarini yuklash ishlari ekipaj yuklovchilari tomonidan qoʻl kuchi bilan yoki tegishli maxsus yuklash mashina-mexanizmlari yordamida amalga oshiriladi.
31. Yirik gabaritli maishiy va qurilish chiqindilarini ochiq kuzovli transport vositalarida tashish, ularning ustiga maishiy chiqindilarni tushib qolishining (sochilib ketishining) oldini oluvchi brezent yoki boshqa materiallar bilan yopilgan holda amalga oshiriladi.
32. Maxsus ajratilgan maydonchalarda toʻplangan yirik gabaritli maishiy chiqindilar ularning toʻplanish meʼyorlariga muvofiq, biroq har oyda kamida ikki marta olib chiqib ketilishi zarur.
7-§. Maishiy chiqindilarni poligonga joylashtirish
33. Poligon hududiga kirayotgan va chiqib ketayotgan ixtisoslashtirilgan transport vositalari kirish/chiqish punktida maxsus nazorat-dezinfeksiya hududidan (hovuzdan) oʻtishi, ogʻirligi tarozida (yuk bilan va yuksiz) tortilishi va bu haqda yoʻl varaqalari hamda ip oʻtkazib tikilgan jurnalda yoki elektron shaklda qayd etib boriladi.
34. Ixtisoslashtirilgan transport vositalarining poligonga kirishi va uning hududida harakatlanishi yoʻnalish chizmasi boʻyicha amalga oshirilishi lozim.
35. Maishiy chiqindilarni tushirish vaqtida transport vositasi qoʻl tormozida ishonchli toʻxtatilgan va uzatmalar qutisi neytral holga keltirilgan boʻlishi kerak.
36. Maishiy chiqindilar poligonga ochiq kuzovli transport vositasida tashilgan hollarda:
transport vositasi yoki tirkamaning bortlari poligonning kamida ikki nafar masʼul xodimi yordamida ochilishi;
bortlar ochilishidan oldin yuklangan chiqindilar xavfsiz holatda ekanligiga ishonch hosil qilinishi lozim.
37. Maishiy chiqindilar ustiga yopilgan brezent yoki boshqa materialni olib tashlash uchun kuzov ustiga chiqish man etiladi. Bunday ishlar bortlar ochilganidan keyin, yerdan turib bajarilishi kerak.
38. Brezent yoki boshqa materialni bortlarni ochmasdan olib tashlash lozim boʻlganda mazkur ish transport vositasining zinapoyasi ustida yoki boshqa xavfsiz joyda turgan holda bajarilishi kerak.
39. Maishiy chiqindilar qoʻl kuchi bilan tushiriladigan hollarda, bunday ishlar shamolga teskari yoʻnalishda, kuzovning faqat bir tomonidan amalga oshirilishi lozim.
40. Ixtisoslashtirilgan transport vositalari maishiy chiqindilarni tushirish maydonchasida ketma-ket joylashtirilgan hollarda, ularning oraligʻi 1 metrdan kam boʻlmasligi, yonma-yon turgan transport vositalari orasidagi masofa 4 metrdan kam boʻlmasligi zarur.
41. Ekipaj yuklovchilarining poligon hududiga kirishlari taqiqlanadi. Ular transport vositasining qaytishini poligonning maishiy xonalarida kutishlari kerak.
3-bob. Ixtisoslashtirilgan transport vositasining ekipajiga qoʻyiladigan umumiy talablar
42. Ekipaj — haydovchi, shuningdek yuklovchilardan (1-2 kishi) iborat boʻladi.
43. Ekipaj quyidagilarga majbur:
xavfsizlik texnikasi, sanoat va yongʻin xavfsizligi, yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari, yuklarni tashishning umumiy qoidalari, qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish qoidalari, shuningdek sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga hamda ushbu Qoidalarga rioya qilish;
avariya yoki noxush hodisa yuz bergan taqdirda tegishli shaxslar hamda organlarga, shu bilan birga, oʻzi faoliyat yuritayotgan tashkilotning masʼul xodimiga bu haqda darhol xabar berish;
ehtiyotkorlikni taʼminlagan holda talofotlarning kuchayib ketishini oldini olish choralarini koʻrish.
Ekipaj qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(43-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
4-bob. Ixtisoslashtirilgan transport vositalaridan foydalanishga qoʻyiladigan talablar
44. Har bir ixtisoslashtirilgan transport vositasi rostlash va kichik taʼmirlash uchun zarur boʻlgan birlamchi asbob-uskunalar, moslamalar, zaxira gʻildiragi hamda tibbiyot qutichasi, oʻt oʻchirgich, avariya toʻxtash belgisi, shuningdek shatakka olish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
45. Ixtisoslashtirilgan transport vositalaridan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi:
transport vositalaridan oʻzga maqsadlarda foydalanish;
transport vositasining kabinasidan tashqarida odam tashish;
transport vositasining kuzovidan tashqarida chiqindi tashish;
transport vositasini siltantirish yoki keskin harakatlantirish yoʻli bilan kuzovdan qattiq maishiy chiqindilarni tushirish;
transport vositasini kuzovi koʻtarilgan holatda yurgizish;
chiqindilarni kuzovdan tushirmasdan undagi ikkilamchi xom ashyoni ajratib olish.
5-bob. Atrof-muhitni muhofaza qilishga qoʻyiladigan talablar
46. Xizmat koʻrsatuvchi tashkilot maishiy chiqindilarni tashishda atrof-muhitning chiqindilar bilan ifloslanishini oldini olish choralarini koʻrishi zarur.
47. Maishiy chiqindilarni aholi yashash punktlari yerlariga, tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlarga va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlarga, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, shuningdek tabiatni muhofaza qilish obyektlariga hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zarar yetkazish tahdidi kelib chiqishi mumkin boʻlgan boshqa joylarga koʻmib tashlash taqiqlanadi.
48. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(48-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 91, 911-moddalari.
49. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qurilish vazirligi va Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Transport vaziri A. RAMATOV
2019-yil 25-sentabr
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri M. SALIYEV
2019-yil 19-sentabr
Sogʻliqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
2019-yil 27-sentabr
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2019-yil 27-sentabr
Qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari B. ZAKIROV
2019-yil 23-sentabr
Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. GULYAMOV
* Ixtisoslashtirilgan transport vositalaridan samarali foydalanish va qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish tizimining uzluksiz ishlashini taʼminlash maqsadida dam olish kunlari haftaning boshqa kunlari uchun ham belgilanishi mumkin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2019-y., 10/19/3195/4007-son; 17.05.2021-y., 10/21/3195-1/0460-son, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)