Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 24.07.2025
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 6-noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1719-3]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 13-iyundagi 12/16-sonli ““Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 1719-4, 23.07.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, 2019-yil 23-iyuldagi PQ-4400-son “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi 555-son “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘riqlash xizmatining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2007-yil 21-iyuldagi 20/3-son qarori (ro‘yxat raqami 1719, 2007-yil 24-sentabr) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 39-son, 405-modda) bilan tasdiqlangan Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 24-avgust,
21/10-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 24-avgustdagi 21/10-son qaroriga
ILOVA
Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Nobank kredit tashkilotlari kassadagi naqd pul qoldig‘ining belgilangan limitidan ortiqcha bo‘lgan qismini bankdagi hisobvaraqlariga kiritish uchun inkassatsiya xizmatlari orqali yoki mustaqil ravishda bank kassalariga topshiradilar.”.
2. 1b-ilova mazkur o‘zgartirishlarning ilovasiga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
3. 2-ilovaning 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Nobank kredit tashkilotlarining pul mablag‘lari va boyliklarini bank muassasalaridan olib kelish yoki ularga topshirishda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘riqlash xizmati tomonidan shartnoma asosida transportda kuzatib borilishi mumkin.”.
4. Mazkur o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni B. TASHMATOV
2019-yil 9-oktabr
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri v.b. T. XUDAYBERGENOV
2019-yil 14-oktabr
Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga
ILOVA
“Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga
1b-ILOVA
Nobank kredit tashkilotlarining kassa xonalarini texnik jihatdan mustahkamlash va qo‘riqlash — yong‘indan ogoh etish vositalari bilan jihozlash bo‘yicha
TALABLAR
1. Mazkur talablar nobank kredit tashkilotlarida kassa xonalarini texnik jihatdan mustahkamlash va qo‘riqlash — yong‘indan ogoh etish vositalari bilan jihozlash bo‘yicha me’yorlarini belgilaydi.
2. Nobank kredit tashkilotlari tomonidan tashkil etiladigan kassalar g‘ishtli yoki temir beton devorlarga, mustahkam eshiklarga, pol va shiftlarga ega bo‘lishi lozim.
3. Kassa xonalari pul va boshqa qimmatliklarni saqlash uchun yonmaydigan seyflar bilan jihozlangan, shuningdek ular devorga yoki polga qotirilgan bo‘lishi lozim.
4. Nobank kredit tashkilotlari kassalarining qurilish-montaj, texnik jihatdan mustahkamligi va xavfsizligi, ularda qimmatliklarning butligi, daxlsizligi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyat ushbu tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
5. Kassa xonalariga nobank kredit tashkilotlari ixtiyoriga ko‘ra zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan, dasturiy ta’minotga asoslangan vositalar yordamida moddiy javobgar shaxslarning biometrik (“barmoq izi”, “ko‘z gavhari”, “tovush diapazoni” va boshqa) belgilariga qarab identifikatsiya qilishga qodir bo‘lgan eshiklar o‘rnatilishi mumkin.
6. Yong‘in yoki favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda insonlarni va moddiy boyliklarni saqlash maqsadida, binoning deraza romlariga panjaralar xonaning ichki tomonidan yengil ochiladigan qilib o‘rnatilishi lozim.
7. Kassa xonalari qo‘riqlash signalizatsiyasining ikkita himoya to‘sig‘i bilan jihozlanishi shart:
a) birinchi himoya to‘sig‘i — xonaning perimetrini himoya qiladi. Kassa xonalarida derazalar mavjud bo‘lganda, ular deraza ochilishi va oyna sinishini qayd etish qurilmalari bilan jihozlanadi;
b) ikkinchi himoya to‘sig‘i — xonaning hajmini himoya qiladi. Buning uchun hajmni qo‘riqlash (ultratovush, infraqizil, optik-elektron, radioto‘lqin rusumli) qurilmalari qo‘llaniladi.
8. Kassa xonalarida kassirlarning ish joylari tashvish tugmalari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
9. Kassa xonalaridagi qo‘riqlash signalizatsiyasiining ikkita himoya to‘sig‘i ishdan tashqari vaqtda qabul-nazorat uskunasi orqali texnik qo‘riqlash punktiga qo‘riqlashga topshiriladi. Kassa xonalaridagi tashvish tugmalari ish vaqti davomida texnik qo‘riqlash punktiga ulanadi.
10. Kassa xonalaridagi qo‘riqlash signalizatsiyasining ikkita himoya to‘sig‘i alohida shleyflar bilan qabul-nazorat uskunalariga ulanib, uning chiqishi bitta shleyf orqali texnik qo‘riqlash punktiga va kassaning navbatchilik xonasidagi xabar berish uskunasiga ulanadi, shuningdek elektr energiyasi bo‘lmagan taqdirda qo‘riqlash signalizatsiyasining o‘n ikki soat ishlab turishini ta’minlovchi zaxira elektr manbai bilan ta’minlanishi lozim.
11. Kassa xonalari normativ hujjatlarda belgilangan tartibda yong‘indan avtomatik xabar beruvchi qurilmalar (tutunli, issiqli va h. k.) bilan jihozlanadi va ular texnik qo‘riqlash punktiga yoki navbatchi xodimlar postidagi yong‘indan xabar beruvchi nazorat qilish uskunasiga ulanadi.
12. Qo‘riqlash signalizatsiyasi va yong‘indan avtomatik xabar beruvchi qurilmalar tizimi va kassani yoritish tizimi alohida-alohida montaj qilinadi hamda ularning uzluksiz ishlashi ta’minlanishi lozim. Simlarning barcha turlari plastmassa quvurlarda yashirilgan holda o‘tkaziladi.
13. Kassa xonalarining yong‘indan avtomatik xabar beruvchi qurilmalari tizimi SHNQ 2.04.09-2007 “Bino va inshootlarning yong‘in avtomatikasi” talablariga muvofiq kelishi va doimo ishchi holatda bo‘lishi lozim.
14. Kassa xonalarini qo‘riqlash signalizatsiya vositalari va yong‘indan avtomatik xabar beruvchi qurilmalar bilan jihozlashga doir ishlar ruxsatnomaga (litsenziyaga) ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
15. Kassa xonalarida montaj qilingan qo‘riqlash va yong‘indan avtomatik xabar beruvchi qurilmalarni montaj tashkilotidan foydalanishga qabul qilish va dalolatnomani imzolash O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining qo‘riqlash bo‘linmalari, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘linmalari va nobank kredit tashkilotlarining vakillari bilan birgalikda tuzilgan komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Montaj tashkiloti majburiy tartibda qo‘riqlash va yong‘indan avtomatik xabar beruvchi qurilmalar montajining ijro chizmasi va montaj qilingan signalizatsiya apparatlarini ishlatish yo‘riqnomasini taqdim etadi.”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.11.2019-y., 10/19/1719-3/3999-son)