1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.02.00.00 Raqobat toʻgʻrisida qonunchilik. Tabiiy monopoliyalar / 09.02.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublikada ulgurji va birja savdosi korxonalari faoliyati uchun zarur huquqiy asos yaratilgan, zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilgan holda chakana savdo tarmoqlari jadal rivojlanmoqda, tadbirkorlik subyektlarining moddiy-texnik resurslardan foydalanishi kengaymoqda.
Shu bilan birga, tovar bozorlarining hozirgi holati, ulgurji va birja savdosining rivojlanish darajasi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Savdo aylanmasining kengayishiga, ichki bozorni va ishlab chiqaruvchilarni zarur tovarlar bilan taʼminlashga hamda respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator muammolar mavjud, xususan:
ulgurji savdoning rivojlanishi, keyinchalik qayta ishlash uchun yarim tayyor mahsulotlarni va sanoat mahsulotlarini, “biznes uchun — biznes” (B2B) tamoyili boʻyicha boshqa tovarlarni yetkazib berish tizimi darajasining pastligi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tranzaksiya xarajatlarining oshishiga va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tashqi bozorlarda raqobatbardoshligi pasayishiga olib kelmoqda;
tadbirkorlarni, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarini bozor narxlarining noqulay oʻzgarishi oqibatlaridan muhofaza qilish imkonini beruvchi fyucherslar, hosila moliyaviy vositalar va birja tovarlari savdosi boshqa zamonaviy mexanizmlarining sust joriy etilishi natijasida operatsiyalar hajmi va savdoga chiqariladigan tovarlar turlari cheklanmoqda;
savdo subyektlarining ustav kapitalida davlat ulushining yuqoriligi, chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida eskirgan cheklovlarning saqlanib qolinayotganligi mazkur sohalarda raqobat muhitining izchil rivojlanishiga toʻsqinlik qilmoqda;
tovar ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilarni, shu jumladan, xorijiy isteʼmolchilarni mamlakatda ishlab chiqarilayotgan talab yuqori boʻlgan mahsulotlar turlari va hajmlari toʻgʻrisida xabardor qilishga doir ishlarning tizimli yoʻlga qoʻyilmaganligi respublika ichida, shuningdek, xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan ishlab chiqarish kooperatsiyasining rivojlanishiga toʻsqinlik qilmoqda.
Savdo mexanizmlarini yanada takomillashtirish, tovarlar bozorida sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatining samaradorligini oshirish va xarajatlarini kamaytirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:
a) 2019-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilarni:
ulgurji savdoni amalga oshirish faoliyatini litsenziyalash va savdo korxonalarini soliqqa tortishning maxsus tartibini;
aksiz soligʻi solinadigan tovarlarning ayrim turlarini (avtomobil, oʻsimlik yogʻi va boshqalar) sotishdan tushadigan tushumlar hisobini yuritish va undan foydalanishning maxsus tartibini;
davlat ulushi 50 foizdan kam boʻlgan korxonalar kontragentlari bilan oʻzaro munosabatlarda kechiktirilgan debitorlik qarzlar uchun sanksiyalarni, tashqi savdo shartnomalari boʻyicha qarzlar bundan mustasno;
(1-band “a” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-oktabrdagi PF-5856-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2019-y., 06/19/5856/3956-son)
davlat ulushi 50 foizdan kam boʻlgan korxonalar bilan shartnomalar boʻyicha ichki bozorda oldindan 15 foiz toʻlovni amalga oshirishga doir talabni;
1-ilovaga muvofiq ayrim turdagi tovarlar eksportiga cheklovlarni;
kelishishning xabardor qilish tartibini joriy etgan holda, mahsulotlarni birja savdosiga chiqarish jadvallarini Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan kelishishning amaldagi tartibini;
(1-band “a” kichik bandining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-noyabrdagi PF-5870-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2019-y., 06/19/5870/4010-son)
moliyaviy isteʼmol kreditini ishlab chiqaruvchidan yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotdan faqat Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan isteʼmol tovarlari (xizmatlari)ni sotib olish uchun berish toʻgʻrisidagi talablarni bekor qilish;
b) 2018-yil 1-noyabrdan boshlab quyidagilar:
tovar-xom ashyo birjalariga birjada sotiladigan mahsulotlarni saqlash va logistika qilish, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha shuʼba xoʻjalik birlashmalarini tuzish;
import boʻyicha olib kelingan yuqori likvidli mahsulot turlarini, egalarining xohishiga koʻra, ichki bozorda, shu jumladan, birja savdolarida cheklovlarsiz sotish;
birja savdolarida xarid qilingan yuqori likvidli mahsulotlar, xom ashyo va materiallar turlarini sotuvchi tomonidan chiqarib yuborish toʻlov muddatidan kelib chiqqan holda birjalarning elektron tizimi orqali qatʼiy belgilanadigan muddatlar va navbatlar boʻyicha amalga oshirish tartibini belgilash;
v) 2018-yil 1-noyabrdan boshlab naqd pul tushumini topshirish va undan foydalanishning quyidagilarni:
bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan ortiq miqdorda kunlik oʻrtacha naqd pul tushumi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali yoki mustaqil ravishda kunlik topshirish imkoniyati;
(1-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)
ushbu kichik bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan miqdordan kam boʻlgan kunlik oʻrtacha naqd pul tushumiga ega xoʻjalik yurituvchi subyektlar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali oʻzlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirishi imkoniyati;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muqobil inkassatsiya xizmatlarini tashkil etgan holda naqd pul tushumini faqat Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining inkassatsiya xizmati orqali topshirishni bekor qilish;
yuridik shaxslar, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan naqd pulsiz hisob-kitoblarni oldi-sotdi shartnomalarini tuzmasdan invoys (hisob-faktura) berish orqali korporativ bank kartochkalaridan foydalangan holda amalga oshirilishini nazarda tutuvchi tartibini joriy etish haqidagi takliflariga rozilik berilsin.
g) ulgurji savdo korxonalariga oʻzining firma doʻkonlari orqali naqd pulga mayda ulgurji va chakana savdoni amalga oshirishga nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish va naqd tushumni belgilangan tartibda inkassatsiya qilish (banklarga topshirish) sharti bilan ruxsat berilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan “g” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.24.00.00 Qimmatli qogʻozlar. Qimmatli qogʻozlar bozori / 07.24.07.00 Fond birjalari. Tovar va valyuta birjalarining fond boʻlimlari;
2.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.08.00.00 Bojxona rasmiylashtiruvi;
3.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.03.00 Internet global tarmoq]
2. Belgilansinki:
xalqaro toʻlov tizimi orqali toʻlangan holda butunjahon Internet tarmogʻi orqali bitta invoys boʻyicha 5 ming AQSH dollarigacha tovar (xizmat)larni eksport qilishda xaridor bilan yozma shartnoma tuzish talab etilmaydi va barcha yuridik va jismoniy shaxslarga umumqabul qilingan xalqaro amaliyotga muvofiq hisobot yuritgan holda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga axborot kiritmasdan hamda pochta aloqa xizmatlari koʻrsatish qoidalariga muvofiq yukning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan amalga oshirishga ruxsat etiladi;
2019-yil 1-yanvardan boshlab tovar-xom ashyo birjasi aʼzolarining daromadlariga qimmatli qogʻozlar bozorida brokerlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar uchun belgilangan soliqqa tortish shartlari tatbiq etiladi;
jismoniy shaxslarga umumiy qiymati 5 ming AQSH dollaridan koʻp boʻlmagan tovarlarni bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqishga ruxsat etiladi.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.02.00 Vazirliklar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.14.00 Bozorlarda savdo;
3.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari / 12.04.02.00 Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni taʼminlash vositalari]
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzurida 38 nafar shtat birligidan iborat Tarmoq bozorlari va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markazi davlat muassasasi shaklida tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
respublikada ishlab chiqariladigan va import qilinadigan mahsulotlar (tovarlar va xizmatlar) nomenklaturasi va turlari toʻgʻrisida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga axborot berish uchun muntazam yangilanib boriladigan elektron-axborot portalini yaratish;
ichki ishlab chiqarish quvvatlari, tovarlarga boʻlgan talab va taklifning hajmlari, shuningdek, ishlab chiqariladigan va isteʼmol qilinadigan mahsulotga ichki bozorda narxlarning oʻzgarishi haqidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
tovar bozorlaridagi narxlar, talab va takliflarning oʻzgarishi dinamikasini tahlil va monitoring qilish hamda shu asosida tegishli takliflar tayyorlash;
tarmoq bozorlar konyunkturasini respublika va hududlar kesimida kompleks oʻrganish, ularning muvozanatli rivojlanishi toʻgʻrisida takliflar tayyorlash.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda respublikaning barcha hududlarida seminarlar oʻtkazsin va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga birja va ulgurji savdo faoliyatini tashkil etish boʻyicha zarur amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini “Toshkent” respublika fond birjasida birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy takliflar berish orqali sotish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda MDHga aʼzo davlatlarning monopoliyaga qarshi kelishilgan siyosatini amalga oshirish toʻgʻrisidagi Shartnomani belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmon qoidalari va tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan qoʻshimcha imkoniyatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning keng yoritilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari G.K. Saidova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-oktabr,
PF-5564-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son Farmoniga 1-ILOVA
2019-yil 1-yanvardan boshlab eksport cheklovi bekor qilinadigan ayrim tovarlar
Roʻyxati
T/r
Tovar nomi
TIF TN kodi
1.
Choʻchqa goʻshti
0203
2.
Uy parrandasining goʻshti va qoʻshimcha ozuqabop goʻshtli mahsulotlari
0207
3.
Yogʻsiz goʻshtdan alohida ajratib olingan choʻchqa yogʻi va eritilmagan yoki boshqa yoʻl bilan ajratib olinmagan uy parrandasi yogʻi
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-sentabrdagi PF-6313-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.09.2021-y., 06/21/6313/0871-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi bozorlarda mahalliy tovarlar eksport qilinishini ragʻbatlantirish va raqobatdoshligini taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 15-dekabrdagi PF-5286-son Farmoni 1-ilovasining rus tilidagi matnida:
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-yanvardagi PF-5303-son Farmonida:
a) 9-bandidagi “2019-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari “2020-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori boʻlgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 17-yanvardagi PQ-3479-son qarorida:
“2020-yil 1-yanvarga qadar muddatga ichki isteʼmol bozorlarida, shu jumladan, birja savdolarida egalarining ixtiyoriga koʻra cheklovlarsiz sotilishi mumkin boʻlgan hamda import qilishda bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyoz beriladigan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno) mahsulot, xom ashyo va materiallar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin”;
b) 3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2020-yil 1-yanvarga qadar muddatga import qilishda bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyoz beriladigan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno) mahsulot, xom ashyo va materiallar ROʻYXATI
T/r
Tovar nomi
TIF TN kodi
1.
Sement, shu jumladan, sement klinkeri
2523
2.
Asbest
2524
3.
Qurilish oynasi
7003, 7004, 7005
4.
Yogʻoch-taxta va yogʻoch-taxta materiallari
4403, 4404, 4406, 4407
5.
Koʻmir
2701, 2702
Izoh: Asosiy qurilish materiallari, shu jumladan, sement klinkeri va asbest import qilinishida bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyozlar (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno) ishlab chiqaruvchi korxonalarga oʻzlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun ham qoʻllaniladi”.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-yanvardagi PF-5-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2026-y., 06/26/5/0051-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 14-maydagi PQ-3724-son qarorining 1-bandi beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“xalqaro toʻlov tizimi orqali toʻlangan holda butunjahon Internet tarmogʻi orqali bitta invoys boʻyicha 5 ming AQSH dollarigacha tovar (xizmat)larni eksport qilishda xaridor bilan yozma shartnoma tuzish talab etilmaydi va barcha yuridik va jismoniy shaxslarga umumqabul qilingan xalqaro amaliyotga muvofiq hisobot yuritgan holda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga axborot kiritmasdan hamda pochta aloqa xizmatlari koʻrsatish qoidalariga muvofiq yukning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan amalga oshirishga ruxsat etiladi”.
Izoh.
Ushbu ilovaning 1 va 2-bandlari 2019-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2018-y., 06/18/5564/2137-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2019-y., 06/19/5856/3956-son; 09.11.2019-y., 06/19/5870/4010-son; 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son, 15.09.2021-y., 06/21/6313/0871-son; 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son; 19.01.2026-y., 06/26/5/0051-son)