Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.04.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-221-sonli “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 8-fevraldagi PQ-4168-son va “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-iyuldagi PQ-4380-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-iyul,
609-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-iyuldagi 609-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligini, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek uning rahbarlarining funksional vazifalari va masʼuliyatini belgilaydi.
2. Agentlik intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi va oʻz faoliyatida bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga (keyingi oʻrinlarda Adliya vazirligi deb ataladi) boʻysunadi.
3. Agentlik Adliya vazirligining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi va uning tizimiga kiradi.
Agentlik faoliyatini muvofiqlashtirish, unga umumiy rahbarlik qilish va uni nazorat qilish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va Agentlik xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek Adliya vazirligining qarorlariga amal qiladi.
5. Agentlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shu jumladan, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
6. Agentlik oʻz faoliyatini Adliya vazirligi boʻlinmalari, shu jumladan uning hududiy boʻlinmalari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi, shuningdek, Butunjahon intellektual mulk tashkilotida va intellektual mulk sohasidagi boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan vakillik qiladi.
7. Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisobraqamlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisobraqamlariga egadir.
8. Agentlikning rasmiy nomi:
1) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi, qisqartirilgan nomi — Intellektual mulk agentligi;
2) rus tilida:
toʻliq nomi — Agentstvo po intellektualnoy sobstvennosti pri Ministerstve yustitsii Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Agentstvo po intellektualnoy sobstvennosti;
3) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Intellectual Property Agency under the Ministry of Justice of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Intellectual Property Agency.
2 bob. Agentlikning vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni taʼminlash, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish;
intellektual mulk obyektlarining huquqiy himoyasi holatini kompleks tahlil qilish, mazkur sohasini rivojlantirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish;
intellektual mulk sohasidagi huquqni qoʻllash amaliyotini izchil va bir xilda taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
intellektual mulk masalalari boʻyicha xalqaro-huquqiy hamkorlikni, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni oʻzaro muhofaza qilish haqida xalqaro shartnomalarni tuzish orqali oʻrnatish va mustahkamlash;
intellektual mulk sohasidagi ilmiy-tadqiqotlar va boshqa ishlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
jamiyatda intellektual mulkka nisbatan huquqiy madaniyatni oshirish va hurmat hissini shakllantirish.
10. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
1) intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni taʼminlash, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish sohasida:
intellektual mulk sohasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va takliflarini ishlab chiqadi hamda Adliya vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi reglamentlarida belgilangan muddatlarda keyinchalik kelishish (viza qoʻyilishi) uchun kiritadi;
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlari, elektron hisoblash mashinalari (keyingi oʻrinlarda EHM deb ataladi), maʼlumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyasi uchun muhofaza hujjatlarini berish yuzasidan talabnomalarni koʻrib chiqishga qabul qiladi;
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazadi, talabnoma topshirilgan obyektlarning ustuvorligini belgilaydi, seleksiya yutuqlari, EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyalarining rasmiy ekspertizasini oʻtkazadi;
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlarini roʻyxatdan oʻtkazishni, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazishni hamda integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshiradi, muhofaza hujjatlarini beradi, Oʻzbekiston Respublikasida hammaga maʼlum tovar belgilari Roʻyxati va tegishli reyestrlarini yuritadi;
ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomlari, EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyalariga topshirilgan talabnomalarning oʻrnatilgan talablarga muvofiqligini tekshirish natijalari boʻyicha muhofaza hujjatlarini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
koʻrsatilgan seleksiya yutuqlarining patentga layoqatlilik shartlariga muvofiqligini belgilash natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi xulosalari asosida muhofaza hujjatlarini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
muhofaza va boshqa zarur hujjatlarning yagona shakllarini belgilaydi;
depozitariyda saqlanayotgan intellektual mulk obyektlarining ochiqligi va ulardan erkin foydalanishni taʼminlovchi depozitariy funksiyasini bajaradi, shu jumladan depozitariyga zarur boʻlgan nusxani depozitariy bilan shartnoma asosida olish uchun murojaat qilgan har qanday shaxsga imkoniyat yaratadi;
intellektual mulk obyektlaridan foydalanishga huquqlar berish toʻgʻrisidagi litsenziya shartnomalarini, shuningdek ularni toʻliq yoki qisman berish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazadi va tegishli reyestrlarni yuritadi;
intellektual mulkning rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilgan obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantiradi, ularning saqlanishi va foydalanilishi uchun shart-sharoitlarni taʼminlaydi;
Davlat patent fondini jamlash ishlarini tashkil etadi va amalga oshiradi, undan iqtisodiyotning real sektoridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar, ilmiy tashkilotlar, olimlar va mutaxassislar tomonidan samarali foydalanish uchun uning saqlanishi va qulayligini taʼminlaydi;
Agentlikning byulletenlarini va boshqa rasmiy nashrlarini, shuningdek intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza va himoya qilish masalalari boʻyicha boshqa maʼlumotlar va materiallarni chop etishni tashkil qiladi hamda amalga oshiradi;
patent vakillarini attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazadi, patent vakillarining davlat reyestrini yuritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(10-bandning birinchi kichik bandi oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son)
2) intellektual mulk obyektlarining huquqiy himoyasi holatini kompleks tahlil qilish, mazkur sohasini rivojlantirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish sohasida:
intellektual mulk sohasining rivojlanish holatini, jumladan, ushbu sohadagi xalqaro reytinglar va indekslar metodologiyasi va mezonlarini hisobga olgan holda har tomonlama tahlil qiladi va baholaydi;
intellektual mulk obyektlarini ishonchli huquqiy himoyasi va muhofazasi taʼminlanishiga, shuningdek, ushbu sohani rivojlantirishga salbiy taʼsir koʻrsatadigan tizimli muammolar va kamchiliklarni tahlil qiladi hamda natijasi boʻyicha ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
intellektual mulk sohasining kelgusidagi rivoji va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasini takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha tegishli davlat organlari va tashkilotlariga takliflarni tayyorlaydi va kiritadi;
zamonaviy tendensiyalar hisobga olingan holda qonunchilikni izchil rivojlantirishga, intellektual mulk sohasida umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotiga implementatsiya qilishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqadi hamda belgilangan tartibda kiritadi;
intellektual mulk obyektlarining ishonchli huquqiy muhofazasi va himoyasini taʼminlash sohasida Oʻzbekiston Respublikasi qabul qilgan xalqaro majburiyatlar bajarilishining monitoringini oʻtkazadi;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro mavqeyini, jumladan, jahon hamjamiyatiga mamlakatda intellektual mulk sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida xolisona axborot yetkazish orqali mustahkamlash, obzorli, maʼlumotnoma va boshqa materiallarni tayyorlash choralarini koʻradi;
3) intellektual mulk sohasidagi huquqni qoʻllash amaliyotini izchil va bir xilda taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida:
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida intellektual mulk sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning tatbiq etilishi amaliyotini oʻrganadi va tahlil qiladi;
huquqni qoʻllash amaliyoti tahlili natijalari boʻyicha qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlaydi va belgilangan tartibda kiritadi;
aniqlangan qonunbuzarliklar, ularning sodir etilishiga sabab boʻlgan shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrish uchun huquqni qoʻllash amaliyoti boʻyicha umumlashtirilgan materiallarni davlat organlari va tashkilotlariga yuboradi;
intellektual mulk sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni notoʻgʻri va ziddiyatli qoʻllash amaliyotini, shuningdek, ushbu sohada huquqbuzarliklar sodir etilishiga yordam beradigan salbiy omillar, sabablar va sharoitlarni bartaraf etishga doir amaliy choralar koʻradi;
normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllash masalalari yuzasidan oʻz xulosasini shakllantiradi va yetkazadi;
qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyotini umumlashtiradi hamda intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish sohasida davlat siyosatining amalga oshirilishi holatini tahlil qiladi, uning asosida huquqni qoʻllash faoliyatini takomillashtirish choralarini ishlab chiqadi;
intellektual mulk sohasida huquqbuzarliklarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi, soliq va boshqa davlat organlari bilan hamkorlik qiladi;
mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonun buzilishlari toʻgʻrisida belgilangan tartibda xulosa beradi;
qonunchilikka muvofiq ravishda intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya etish masalalari boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi;
4) intellektual mulk masalalari boʻyicha xalqaro-huquqiy hamkorlikni oʻrnatish va mustahkamlash sohasida:
intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi sohasida xalqaro hamkorlik va oʻzaro aloqalarni amalga oshiradi;
xalqaro shartnomalarni tuzish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritadi, intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi topshirigʻiga koʻra ushbu shartnomalarni imzolaydi;
tegishli xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlar bilan muzokaralar olib boradi va intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi sohasida belgilangan tartibda idoralararo shartnomalar tuzadi;
xorijiy patent idoralari, xalqaro, mintaqaviy va xorijiy tashkilotlar bilan patent hujjatlari va patent-huquqiy adabiyotlarning xalqaro almashinuvini amalga oshiradi, intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi sohasida chet el tajribasini oʻrganish va ulardan foydalanilishini tashkil qiladi;
belgilangan tartibda intellektual mulk sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi va ushbu hamkorlik doirasida intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi masalalari boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning ishida ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini oʻz vakolati doirasida taʼminlaydi;c
5) intellektual mulk sohasidagi ilmiy-tadqiqotlar va boshqa ishlarni amalga oshirishda ishtirok etish, shuningdek, jamiyatda intellektual mulkka nisbatan huquqiy madaniyatni oshirish va hurmat hissini shakllantirish sohasida:
intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi sohasida manfaatdor shaxslarga uslubiy yordam koʻrsatadi;
intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi masalalari boʻyicha idoralararo axborot almashinuvini amalga oshiradi;
intellektual mulk sohasidagi faoliyatni rivojlantirish va takomillashtirish muammolari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qiladi va ularda ishtirok etadi;
mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishi uchun intellektual mulk obyektlariga huquqlarni huquqiy muhofaza va himoya qilishning maqsadi va ahamiyatini keng tushuntirish boʻyicha tadbirlar oʻtkazadi;
intellektual mulk masalalari boʻyicha xalqaro va milliy ilmiy anjumanlar, simpoziumlar, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni tashkil qiladi hamda ularda ishtirok etadi;
intellektual mulk obyektlarini himoya qilish va ulardan qonuniy foydalanish masalalarida aholi keng qatlamlarining huquqiy madaniyati hamda savodxonligini oshirish tadbirlarini amalga oshiradi;
intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasini taʼminlash sohasida oʻz vakolati doirasida tegishli tadbirlarni amalga oshiradi va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
3-bob. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
11. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga egadir:
1) Agentlik vakolatlariga taalluqli masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
2) davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatida intellektual mulk sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini oʻrganish;
3) davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga intellektual mulk sohasida aniqlangan qonun buzilishlari, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
4) intellektual mulk sohasidagi qonun hujjatlari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida mansabdor shaxslarni yozma ravishda ogohlantirish;
5) intellektual mulk sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllash;
6) Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha uslubiy materiallar va tavsiyalar ishlab chiqish;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, malakali xorijiy mutaxassislarni ularga istisno tariqasida Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xorijiy valyutada ish haqi va boshqa toʻlovlarni belgilagan holda xodimlar va maslahatchilar sifatida jalb qilish;
8) davlat organlari va mansabdor shaxslardan Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va axborotlarni, shu jumladan statistik maʼlumotlarni soʻrash va tekin olish;
9) Agentlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha tekshirishlar oʻtkazish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻrganish, shuningdek, axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash uchun vazirliklar va idoralar, shuningdek boshqa tashkilotlar vakillarini chaqirish va jalb etish;
10) teshkirish va tahlil davomida aniqlangan holatlarga aniqlik kiritish maqsadida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari hamda boshqa xodimlarini chaqirish, qonun hujjatlarining buzilishi holatlari yuzasidan ogʻzaki va yozma tushuntirishlar talab qilish;
11) Adliya vazirligiga belgilangan tartibda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Agentlikka yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni kiritish;
12) Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyxat va tariflarga muvofiq pullik xizmatlar koʻrsatish;
13) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini belgilangan tartibda ishlab chiqish, Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda Agentlik vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha idoralararo xarakterdagi xalqaro shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish;
14) Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda, Agentlik vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan xalqaro darajada Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini belgilangan tartibda ifoda etish;
15) Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda, oʻz vakolati doirasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish;
16) Agentlik faoliyatini keng yoritish maqsadida rasmiy veb-saytlar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar yaratish;
17) oʻz vakolati doirasida konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar oʻtkazish hamda boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan shunday tadbirlarda ishtirok etish;
18) Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha uslubiy materiallar va tavsiyalar ishlab chiqish;
19) intellektual mulk sohasini rivojlantirishga oid dolzarb va istiqboldagi muammolar yechimini ishlab chiqish maqsadida, jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ishchi guruhlarini tuzish;
20) huquq egalarining intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlari himoyasi yuzasidan sudlarga ariza va daʼvolar kiritish;
(11-bandning 20-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyundagi 384-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)
21) oʻz vakolati doirasida litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etishni yuklovchi koʻrsatmalar berish;
22) ixtirochilik va ijodkorlikning boshqa turlari sohasidagi ulkan yutuqlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini berish toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritish;
23) ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovarlarning kelib chiqish joylari nomi, EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalari, integral mikrosxemalar topologiyasi boʻyicha talabnomalarni koʻrib chiqish va davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallarni talabnoma topshiruvchilardan belgilangan tartibda soʻrab olish;
24) intellektual mulk obyektlari boʻyicha talabnomalarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq masalalarning muhokamasini tashkil etish va oʻtkazish;
25) intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi va himoyasi masalalari sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish;
26) oʻz vakolati doirasida qonunchilikni buzish orqali maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladigan holatlar boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalarni tuzish;
27) Agentlik vakolatiga kiradigan masalalarni koʻrib chiqishda Adliya vazirligi Hayʼati yigʻilishlarida ishtirok etish;
28) oʻz vakolati doirasida xorijiy davlat organlari va xalqaro tashkilotlar bilan bevosita aloqalarni saqlash;
29) qonunchilikda belgilangan tartibda budjetdan tashqari mablagʻlar fondini shakllantirish;
30) Agentlik xodimlarini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
31) Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda, Agentlik faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan tegishli tuzilmalarni tashkil etish, ularni qayta tashkil etish va tugatish, shuningdek, ularning ustavlari (nizomlari)ni tasdiqlash.
Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
12. Agentlik:
intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi;
Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning oʻz vaqtida hamda samarali bajarilishi;
Agentlik tarkibiy boʻlinmalarining Agentlik faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlash boʻyicha ishlarining tashkil etilishi;
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, xizmatlar koʻrsatish belgilari, tovarlarning kelib chiqish joylari nomi, integral mikrosxemalar topologiyalari boʻyicha talabnomalarning davlat ekspertizasidan oʻz vaqtida, sifatli va maxfiy oʻtkazilishi;
Agentlik tomonidan Adliya vazirligiga koʻrib chiqish uchun kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, shuningdek, Agentlik qabul qiladigan buyruqlarning sifatli tayyorlanishi va ekspertizadan oʻtkazilishi;
intellektual mulk sohasini rivojlantirish boʻyicha dasturlar, ishlar rejasi, tadbirlar, “yoʻl xarita”lari va boshqa dasturiy hujjatlarning amalga oshirilishi boʻyicha javobgar hisoblanadi.
4-bob. Agentlik rahbariyatining asosiy funksional vazifalari
13. Quyidagilar direktorning asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) intellektual mulk sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
2) Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonun hujjatlari bilan Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlangan Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha kompleks dasturlar va tadbirlarning bajarilish holatini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
4) Agentlik faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlarga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha amaliy choralarni ishlab chiqish va qabul qilish;
5) intellektual mulk obyektlari huquqiy muhofazasini taʼminlash masalalari boʻyicha Adliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilish;
6) intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish choralarini koʻrishda Adliya vazirligi hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) adliya boʻlimlari faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining topshiriqlarini bajarish;
8) oʻz oʻrinbosarlari va Agentlikning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, ular oʻrtasida vazifalarni taqsimlash, Agentlik faoliyatining alohida uchastkalariga rahbarlik qilish uchun oʻz oʻrinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyati darajasini belgilash;
9) Agentlik faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, intellektual mulk sohasini rivojlantirish tendensiyalaridan kelib chiqib, Agentlik va oʻz oʻrinbosarlarining har choraklik ish rejalarini tasdiqlash va ularning bajarilishi nazoratini taʼminlash;
10) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoring olib borishning amaliy tizimini yaratish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq Agentlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish;
11) Agentlik xodimlarini tizimli ravishda qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
12) Agentlikda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularning samarali faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Agentlikning kadrlar zaxirasini shakllantirish;
13) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Adliya vazirligi nomenklaturasiga kiradigan boʻsh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, Agentlikka ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professional, oʻz ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini taʼminlash;
14) “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining reglamentlari talablariga muvofiq intellektual mulk sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, ularning Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida puxta ishlab chiqilishida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rahbariyati huzurida himoya qilinishi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida koʻrib chiqilishida ishtirok etish;
15) “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”, “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihasi faoliyatining namunaviy reglamentiga muvofiq Agentlikning qonun loyihalarini tayyorlash faoliyatini tashkil etish;
16) intellektual mulk sohasida Agentlikka taqdim etilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari koʻrib chiqilishini taʼminlash, ularni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining va Vazirlar Mahkamasining reglamentlarida belgilangan muddatlarda kelishish (viza qoʻyilishi) uchun Adliya vazirligiga oʻz vaqtida kiritish;
17) Agentlik rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida boʻlishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq tashkil etish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanishni taʼminlash;
18) oʻz oʻrinbosarlarining faoliyati natijadorligi va samaradorligini tizimli ravishda tanqidiy oʻrganish, ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, hisobotlar yakunlari boʻyicha zarur choralar koʻrish;
19) Agentlik xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, oʻz oʻrinbosarlarini va Agentlikning boshqa mansabdor shaxslarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan, ularning egallab turgan lavozimida qolishi maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni koʻrib chiqish boʻyicha taklfilar kiritish, ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirishga doir tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
20) Agentlik xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Agentlik xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
21) “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Agentlik tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
22) Agentlik ishini tashkil etishning zamonaviy shakllari joriy etilishini taʼminlash;
23) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishga doir samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan, joylarga borib qabul qilish;
24) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, ularning faoliyatida Agentlik xodimlari va rahbarlarining faol ishtirok etishini tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalaridan tushgan murojaatlari oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash;
25) davlat siri sirasiga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish;
26) Agentlik boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlash;
27) Agentlik xodimlarini (direktor oʻrinbosarlaridan tashqari) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;
28) Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda, belgilangan tartibda Agentlik huzuridagi Intellektual mulk konsultativ markazi direktorini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;
29) Agentlik va Agentlik huzuridagi Intellektual mulk maslahat markazi mansabdor shaxslari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar, farmoyishlar chiqarish va koʻrsatmalar berish, shuningdek, ularning ijrosini belgilangan tartibda nazorat qilish;
30) xodimlarning umumiy belgilangan soni doirasida Agentlik shtatlar jadvalini, shuningdek, Agentlik xarajatlar smetasini belgilangan tartibda tasdiqlash.
14. Quyidagilar direktor oʻrinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
2) Direktor vaqtincha boʻlmaganda tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish;
3) Agentlikning mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va ularga bevosita rahbarlik qilish, ularning xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlangan Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha kompleks dasturlar va tadbirlarning bajarilishi holatini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
5) mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalar tomonidan prognoz koʻrsatkichlariga erishishni soʻzsiz taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrish, boʻlinmalar rahbarlarining hisobotlarini muntazam eshitish va ushbu koʻrsatkichlarga erishish uchun ularning shaxsiy javobgarligini oshirish;
6) mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalarning ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish, Agentlik faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarori, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi yuzasidan matasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlarini koʻrish;
8) Adliya vazirligi hayʼati, Adliya vaziri va Agentlik direktorining buyruqlari va topshiriqlari oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishini taʼminlash;
9) mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish boʻyicha Agentlik direktoriga takliflar taqdim etish, ularning professionalligi, oʻz ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-ahloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini taʼminlash, ularning kasbiy malakasini oshirish chora-tadbirlarini koʻrish, mutasaddilik qilinadigan boʻlinmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
10) intellektual mulk sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalar tomonidan sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, Agentlikning tarkibiy boʻlinmalarida tayyorlangan hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqish va ular keyinchalik Agentlik direktori tomonidan koʻrib chiqilishi, imzolanishi (viza qoʻyilishi) uchun viza qoʻyish, keyinchalik ularni Adliya vazirligiga oʻz vaqtida kiritilishini taʼminlash,
11) Agentlikka taqdim etilgan intellektual mulk sohasidagi takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqish;
12) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida boʻlishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq xizmat safarlariga chiqish va boʻlish, xizmat safarlarining asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanishni taʼminlash;
13) Agentlikning mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va xodimlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini muntazam tanqidiy tahlil qilish, ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish;
14) intellektual mulk sohasiga tegishli masalalar boʻyicha Agentlik faoliyatini takomillashtirishga doir amaliy chora-tadbirlar koʻrish, intellektual mulk sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va ularni Agentlik direktoriga kiritish;
15) mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan ularning egallab turgan lavozimida qolishi maqsadga muvofiqligi masalasini koʻrib chiqish boʻyicha takliflarni direktorga kiritish, funksional vazifalar va yuklangan vazifalar bajarilishi uchun ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrish;
16) Agentlik xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini, mutasaddilik qilinadigan tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va xodimlarining ushbu qoidalarga rioya etishini taʼminlash;
17) “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Agentlik tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
18) intellektual mulk sohasi faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga doir takliflarni direktorga kiritish;
19) “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan muddatlarda va tartibda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha samarali ishlarni tashkil etish, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan joylarga borib qabul qilish;
20) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalaridan tushgan murojaatlari oʻz vaqtida va toʻlaqonli koʻrib chiqilishini taʼminlash;
21) davlat siri sirasiga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish.
15. Quyidagilar Agentlik tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;
2) tarkibiy boʻlinmalar faoliyatiga bevosita rahbarlik qilish, ushbu boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
3) prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda ushbu koʻrsatkichlarga soʻzsiz erishishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish boʻyicha takliflarni Agentlik rahbariyatiga kiritish;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish, Agentlik tarkibiy boʻlinmalari xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlar oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi chora-tadbirlarini koʻrish;
5) Adliya vazirligi Hayʼati qarorlari, Adliya vaziri hamda direktor va uning oʻrinbosarlari buyruq va topshiriqlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
6) tarkibiy boʻlinmalarning har choraklik ish rejalari ishlab chiqilishini taʼminlash, ularni tasdiqlash uchun kiritish, ularda koʻrsatilgan vazifalar va tadbirlar oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishini taʼminlash;
7) tarkibiy boʻlinmalarga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish, Adliya vazirligining hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) adliya boʻlimlari faoliyatiga intellektual mulk obyektlari huquqiy himoyasi boʻyicha amaliy va uslubiy yordam koʻrsatish;
8) Agentlik faoliyatini hamda intellektual mulk sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalari yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
9) tarkibiy boʻlinmalarda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyishda direktorning mutasaddilik qilinadigan oʻrinbosarlariga takliflar taqdim etish, professionalligi, oʻz ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishlash xususiyatlariga va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini taʼminlash, ularning kasb malakasini oshirish choralarini koʻrish, tarkibiy boʻlinmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish;
10) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tarkibiy boʻlinmalar tomonidan sifatli ishlab chiqilishini tashkil etish, Agentlikning tarkibiy boʻlinmalarida tayyorlangan hujjatlar loyihalarini keyinchalik Agentlik rahbariyati tomonidan koʻrib chiqish, imzolash (viza qoʻyilishi) uchun koʻrib chiqish va viza qoʻyish, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining reglamentlari talablariga qatʼiy muvofiq ravishda Adliya vazirligiga oʻz vaqtida kiritilishini taʼminlash, Adliya vazirligi rahbariyatining topshirigʻi boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida ishlab chiqishda ishtirok etish;
11) safarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida boʻlishning samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga muvofiq xizmat safarlariga chiqishi va boʻlish, xizmat safarlari asoslanganligi, samaradorligi va natijadorligini, safar uchun ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va oqilona foydalanishni taʼminlash;
12) tarkibiy boʻlinmalar xodimlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda tanqidiy tahlil qilish, yigʻilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, hisobotlar yakunlari boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrish;
13) Agentlik xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya qilishini, tarkibiy boʻlinmalar xodimlarining ushbu qoidalarga rioya etishini taʼminlash;
14) “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq tarkibiy boʻlinmalarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga olib keluvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
15) intellektual mulk sohasi faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirishga doir takliflarni Agentlik rahbariyatiga kiritish;
16) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan muddatlarda va tartibda aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini muntazam ravishda shaxsan qabul qilish, shu jumladan joylarga borib qabul qilish;
17) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalaridan tushgan murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻlaqonli koʻrib chiqish;
18) davlat siri sirasiga kiritilgan maʼlumotlar va maxfiy axborot bilan ishlashda qonun hujjatlari talablariga rioya qilish.
5-bob. Agentlik rahbarlarining javobgarligi
16. Agentlik direktori:
1) Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun;
2) ushbu Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan Agentlikning javobgarlik sohalari boʻyicha;
3) ushbu Nizomning 13-bandida koʻrsatilgan oʻz funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
17. Agentlik direktorining oʻrinbosarlari:
1) Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun (direktor boʻlmagan davrda tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish yuklangan holatlarda);
2) ushbu Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan Agentlikning javobgarlik sohalari boʻyicha (direktor boʻlmagan davrda tegishli buyruq asosida uning vazifalarini bajarish yuklangan holatlarda);
3) ushbu Nizomning 14-bandida koʻrsatilgan oʻz funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
18. Agentlik tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari;
1) tegishli tarkibiy boʻlinmalarga yuklangan vazifalar va funksiyalarning amalga oshirilishi uchun;
2) ushbu Nizomning 12-bandida nazarda tutilgan Agentlikning javobgarlik sohalari boʻyicha;
3) ushbu Nizomning 15-bandida koʻrsatilgan oʻz funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
6-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish
1-§. Agentlik rahbariyati
19. Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor (keyingi oʻrinlarda direktor deb ataladi) rahbarlik qiladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi PF-5997-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2020-y., 06/20/5997/0634-son)
20. Direktor:
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikki nafar oʻrinbosarga ega boʻladi.
oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziriga hisobdordir.
21. Direktor oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun:
1) Agentlik faoliyatiga rahbarlik qiladi;
2) Agentlik xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi;
3) direktor oʻrinbosarlari va tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziriga:
Agentlik vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini;
Agentlik, tashkiliy-shtat tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflarni;
ushbu Nizomning 24-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan shaxslarni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish yuzasidan taqdimnomalarni;
Agentlik xodimlarini ragʻbatlantirish boʻyicha takliflarni, ularni davlat mukofotlariga tavsiya etish yuzasidan taqdimnomalarni;
Agentlik faoliyatining yakunlari boʻyicha hisobotni kiritadi;
5) oʻz vakolati doirasida Agentlikning barcha xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlarni chiqaradi, koʻrsatmalar beradi;
6) qonun hujjatlariga muvofiq Agentlik xodimlariga toʻlanadigan ustamalar, mukofotlar va boshqa taqdirlash pullarini toʻlash tartibi va shartlarini belgilaydi;
7) Agentlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha tezkor yigʻilishlar oʻtkazadi;
8) Agentlik tarkibiy boʻlinmalari va Agentlik xodimlarining lavozim majburiyatlari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi.
9) Xodimlarning umumiy oʻrnatilgan soni doirasida Agentlik shtatlar jadvalini, shuningdek, Agentlik xarajatlar smetasini belgilangan tartibda tasdiqlaydi.
Direktor qonun hujjatlari va ushbu Nizomga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
22. Direktor boʻlmagan davrda uning vakolatlarini direktor oʻrinbosarlaridan biri tegishli buyruq asosida bajaradi.
23. Direktor lavozimi boʻyicha Adliya vazirligi hayʼati tarkibiga kiritiladi.
24. Agentlik tarkibiy boʻlinma boshliqlari, shuningdek, Intellektual mulk agentligi qoshidagi Intellektual mulk konsultativ markazi direktori direktorning taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Agentlikning boshqa boshqaruv xodimlari, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlari direktor tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
2-§. Agentlikning Adliya vazirligi markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy mansub tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi
25. Agentlik oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bevosita, shuningdek, Adliya vazirligining markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari va uning hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) adliya boʻlimlari hamda Adliya vazirligining idoraviy mansub tashkilotlari bilan hamkorlikda hal etadi.
26. Agentlik:
Adliya vazirligi markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan hamkorligi bevosita direktor va uning oʻrinbosarlari tomonidan taʼminlanadi;
Adliya vazirligining hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) adliya boʻlimlari hamda Adliya vazirligining idoraviy mansub tashkilotlari bilan faqat direktor tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri bilan kelishgan holda taʼminlanadi.
27. Agentlikning Adliya vazirligi markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari va uning hududiy boshqarmalari hamda idoraviy mansub tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar vazirning topshirigʻiga binoan uning tegishli oʻrinbosari tomonidan koʻrib chiqiladi. Agar vazir oʻrinbosari tomonidan kelishmovchiliklarni bartaraf etishning imkoni boʻlmasa, soʻnggi qaror bevosita Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan qabul qilinadi.
3-§. Agentlikning boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi
28. Agentlik oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
4-§. Agentlikning kengash, maslahat va ekspert organlari
29. Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilishning eng muhim masalalari boʻyicha muammolarni ilmiy tahlil qilish, tavsiyalarni koʻrib chiqish va ishlab chiqish uchun Agentlikda yuqori malakali xodimlar, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining vakillari, intellektual mulk sohasidagi yetakchi olim va mutaxassislardan iborat ilmiy-texnik kengash tashkil etiladi.
Ilmiy-texnik kengash nizomi va uning shaxsiy tarkibi Direktorning taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
30. Agentlik Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk boʻyicha apellatsiya kengashining ishchi organi funksiyasini amalga oshiradi.
31. Agentlikda boshqa kengash, maslahat va ekspert organlari tuzilishi mumkin.
Agentlik huzurida tuziladigan kengash, maslahat va ekspert organlari tarkibi va ular toʻgʻrisidagi nizomlar direktorning taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi, ularning tarkibi va nizomlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlanadigan hollar bundan mustasno.
7-bob. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlari
32. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam baholanib boriladi.
33. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asoslanadi.
34. Agentlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari boʻyicha:
Agentlik rahbarlari va xodimlariniga nisbatan ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlik choralari;
Agentlik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari koʻriladi.
Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi va uslubi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan belgilanadi.
8-bob. Agentlikni moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ularni ijtimoiy himoya qilish
35. Agentlik quyidagi manbalardan moliyalashtiriladi:
Agentlik xodimlarining mehnatiga haq toʻlash boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
moddiy-texnik bazani shakllantirish va mustahkamlash, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va Agentlik xodimlarini ijtimoiy himoya qilish — Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan.
36. Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiradi:
Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari — jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan patent bojlari va toʻlovlarning 20 foizi;
Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari — jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan patent bojlari va toʻlovlarning 80 foizi;
EHM uchun dasturlar va maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun amalga oshirilgan toʻlovlar;
intellektual mulk sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarlik uchun qoʻllaniladigan maʼmuriy jarimalar summalari;
qonun hujjatlariga muvofiq pullik xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
adliya muassasalari va organlarining budjetdan tashqari mablagʻlari;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik hayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
37. Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlaridan:
Agentlikni moddiy-texnik taʼminlash;
Agentlik bino va inshootlarini qurish, kapital va joriy taʼmirlash hamda ularni inventarlar, mebel, kompyuter texnikasi va boshqa uskunalar bilan jihozlash;
Agentlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish (xodimlar uchun uy-joy qurish, sanatoriy-kurortda davolash va tibbiy xizmat koʻrsatish, mukofotlar toʻlash, ustamalar belgilash, moddiy yordam va boshqalar);
Agentlik rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlari xarajatlari, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlari xarajatlari;
lavozim maoshlarini aniqlashda Yagona tarif setkasi boʻyicha bir yarim barobar miqdorida koeffitsiyent qoʻllanilgandagi xarajatlar;
belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalarining martaba darajalariga ega boʻlgan Agentlikning xodimlariga martaba darajalari uchun qoʻshimchalar hamda koʻp yillik xizmati uchun ustamalar toʻlash;
Agentlik xodimlariga uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun toʻlovlarni kompensatsiya qilish;
Agentlik xodimlarining malakasini oshirish, ularni oʻqitish va stajirovka oʻtashiga, shu jumladan ularning xorijiy mamlakatlarga tashriflarini, xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan konferensiya, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etishini tashkil etish;
Agentlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyuradigan xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etish;
Agentlikning kommunal-foydalanish hamda boshqa joriy xarajatlari;
Agentlikning qoʻshimcha shtat birliklarini saqlab turish;
Agentlik faoliyatini yaxshilashga qaratilgan boshqa tadbirlar uchun foydalaniladi.
38. Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
39. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri ushbu Nizomning 36-bandida koʻrsatilgan manbalar boʻyicha tushadigan pul mablagʻlari yetarli boʻlmaganda, adliya organlari va muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlarini mazkur Nizomning 37-bandida koʻrsatilgan xarajatlarga yoʻnaltirish huquqiga ega.
40. Agentlik xodimlari maqomi, tibbiy xizmat koʻrsatish, mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlariga koʻra tegishli ravishda Adliya vazirligi markaziy apparati xodimlariga tenglashtiriladi.
Agentlik xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalarining martaba darajalarini berish, shuningdek Adliya vazirligi markaziy apparati xodimlari uchun nazarda tutilgan alohida mehnat sharoitlari uchun ustamalar toʻlash tartibi tatbiq etilmaydi.
41. Belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalarining martaba darajalariga ega boʻlgan Agentlik xodimlarining Agentlikda ishlagan davri koʻp yillik xizmati uchun ustamalar toʻlashda zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
42. Agentlik xodimlarini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida direktor tomonidan Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xodimning lavozim maoshining 200 foizigacha miqdorda har oylik shahsiy ustamalar qoʻllanilishi mumkin. Bunda, har oylik shaxsiy ustamalarning yillik miqdori Agentlikning budjet mablagʻlari boʻyicha yillik mehnatga haq toʻlash fondining 1,4 baravaridan oshmasligi lozim.
(42-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-dekabrdagi 1033-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2019-y., 09/19/1033/4223-son)
9-bob. Agentlikning Adliya vazirligi oldidagi hisobdorligi
43. Direktor tizimli ravishda Agentlik faoliyati boʻyicha Adliya vazirligiga hisobot beradi.
44. Adliya vazirligi Agentlik rahbarlariga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi boʻyicha ular faoliyati yuzasidan muntazam monitoring olib boradi, Agentlik faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.
45. Monitoring va baholash yakunlari boʻyicha Agentlikning alohida oʻrnak koʻrsatgan rahbarlari, mansabdor shaxslari va xodimlari ragʻbatlantiriladi yoxud yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan javobgarlikka tortiladi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
46. Agentlikni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
47. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-iyuldagi 609-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining budjetdan tashqari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2013-yil 7-dekabrdagi 322-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 12-son, 87-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2016-yil 24-noyabrdagi 394-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 12-son, 87-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining budjetdan tashqari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida” 2013-yil 7-dekabrdagi 322-son qaroriga oʻzgartirish kiritish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2017-yil 15-fevraldagi 81-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-yil, 2-son, 12-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 29-noyabrdagi PF-5264-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3416-son qarori)” 2018-yil 14-fevraldagi 109-son qaroriga ilovaning 7-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-yil, 2-son, 34-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq va suv xoʻjaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 17-apreldagi PF-5418-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 17-apreldagi PQ-3671-son qarori, “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 17-apreldagi PQ-3672-son qarori)” 2018-yil 7-dekabrdagi 995-son qaroriga 1-ilovaning 115-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-yil, 12-son, 299-modda).
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2019-y., 09/19/609/3458-son; 26.12.2019-y., 09/19/1033/4223-son; 20.05.2020-y., 06/20/5997/0634-son, 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son)