Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VALYUTA BOZORINI YANADA ERKINLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi 2000-yilda va joriy yilning birinchi yarim yilligida valyuta siyosatini yanada erkinlashtirish, birjadan tashqari valyuta bozorini mustahkamlashga doir bir qancha aniq chora-tadbirlar ko‘rilganligini, unda tijorat banklarining roli ancha oshganligini qayd etadi.
Milliy valyutani konvertatsiya qilish huquqiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar soni jiddiy ravishda kengaymoqda, almashtirish shoxobchalari soni ko‘paydi, xorijiy valyuta sotib olish tartibi soddalashtirildi.
Valyuta siyosatini erkinlashtirish jarayonini yanada chuqurlashtirish, birjadan tashqari valyuta bozorini kengaytirish va naqd pulsiz hamda naqd valyutani konvertatsiya qilish ko‘lamlarini ko‘paytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston bozoriga konvertatsiya qilinadigan valyuta tushumini keskin ko‘paytirish uchun mavjud imkoniyatlar va resurslarni jalb qilish, investitsiya muhitini shakllantirish va eksportga ishlab chiqarish ko‘lamlarini kengaytirishga doir bugungi kunda olib borilayotgan ishlar tanqidiy qayta ko‘rib chiqilsin.
Eksport imkoniyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish respublika kengashi (Sultonov) ushbu masalalar bo‘yicha ishlarni tanqidiy baholasin va joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha 2002—2005-yillarga mo‘ljallangan aniq takliflar kiritsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida inflyatsiya darajasini pasaytirishga, maqroiqtisodiy barqarorlik darajasini oshirishga, ichki bozorni raqobatbardosh iste’mol tovarlari bilan to‘ldirish bo‘yicha sifat jihatidan yangicha yondashuvlarni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar dasturini ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish va pul agregatlari ustidan ta’sirchan nazoratni kuchaytirish, naqd pul muomalasini mustahkamlash va pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanmasini qisqartirishga doir takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-yanvardagi 16-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 09/18/16/0549-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-yanvardagi 16-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 09/18/16/0549-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bank ikki hafta muddatda:
yuqori likvidli mahsulotlarning ayrim turlarini kafolatli hajmlarda kimoshdi asosida sotish tartibini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
2001-yilning ikkinchi yarim yilligida sotish uchun ajratiladigan yuqori likvidli tovarlar turlari va hajmlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 2-martdagi 79-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2005-y., 8-9-son, 69-modda)
8. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligining quyidagi operatsiyalar bo‘yicha xorijiy valyutani xarid qilish va sotishni 2001-yil 1-iyuldan boshlab birjadan tashqari valyuta bozorining talab va taklifdan kelib chiqib shakllanadigan erkin kursiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin:
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-yanvardagi 16-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 09/18/16/0549-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tovarlar va xizmatlar importi;
(8-bandning uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 1-oktabrdagi 420-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 19-son, 178-modda)
yangidan jalb qilinadigan xorijiy kreditlarga xizmat ko‘rsatish;
xorijiy investorlar foydasi, dividendlari va boshqa daromadlarini repatriatsiya qilish;
xizmat safari xarajatlari.
Tijorat banklari eksport qiluvchi korxonalarga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun so‘mda qisqa muddatli kreditlar berishni keng joriy etsinlar.
(8-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-yanvardagi 16-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 09/18/16/0549-son)
9. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi, tijorat banklari bilan birgalikda 2001-yil 1-iyulgacha Birjadan tashqari valyuta bozorida talab va taklif asosida erkin almashtiriladigan valyutani sotish va xarid qilish bo‘yicha savdolar o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va Pul-kredit siyosati bo‘yicha respublika komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
10. Birjadan tashqari valyuta bozorining erkin kursi bo‘yicha xorijiy valyutani sotib oluvchi korxonalar 2001-yil 1-iyuldan boshlab erkin almashtiriladigan valyutani xarid qilishga besh foizli yig‘im to‘lashdan ozod qilinsin.
11. Pul-kredit siyosati bo‘yicha respublika komissiyasi ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni, shu jumladan butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar yetkazib berish bo‘yicha kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hisobiga yanada ko‘paytirish bilan bog‘liq takliflar kiritsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari:
valyuta-almashtirish operatsiyalarini ko‘paytirish uchun erkin almashtiriladigan valyutadagi resurslarni jalb qilish vositalaridan kengroq foydalanish;
banklararo kredit, shu jumladan xorijiy valyutadagi kimoshdi savdolarini yanada rivojlantirish va ular hajmlarini ko‘paytirish;
turistik komplekslar, savdo markazlari, bozorlar va savdo komplekslari, aeroportlar va bojxona postlarida almashtirish shoxobchalari tarmoqlarini qo‘shimcha ravishda ko‘paytirishga doir kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar.
(12-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-avgustdagi 253-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 35-son, 403-modda)
13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Birjadan tashqari valyuta bozorini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2000-yil 24-martdagi 103-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(13-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-iyundagi 235-sonli qarori bilan chiqarilgan — O‘R QHT, 2002-y., 11-12-son, 96-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
14. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy bank, Moliya vazirligi Xalqaro valyuta jamg‘armasi. Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliyaviy va iqtisodiy tuzilmalar bilan iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish chora-tadbirlari va bosqichlarini hamda valyuta siyosatini ishlab chiqish masalalari bo‘yicha hamkorlik kengaytirilishini ta’minlasinlar.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 4-son, 42-modda)
15. O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ilovaga muvofiq qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin, shuningdek ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda o‘z normativ hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari R.S. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 22-iyun,
263-son
Vazirlar Mahkamasining
2001-yil 22-iyundagi 263-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanayotgan, shuningdek o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilayotgan qarorlari
ro‘yxati
1. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida baravar to‘lov vositasi sifatida “So‘m-Kuponlar”ni muomalaga kiritish to‘g‘risida” 1993-yil 12-noyabrdagi 550-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “So‘m-Kuponlar”ni chet el valyutasiga almashtirish tartibi to‘g‘risida” 1993-yil 19-noyabrdagi 562-son qarori;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-yanvardagi 66-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.02.2018-y., 09/18/66/0635-son)
Vazirlar Mahkamasining “Valyuta va eksport-import operatsiyalari bo‘yicha hisob va hisobot tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2000-yil 28-apreldagi 171-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT., 2000-yil, 4-son, 22-modda)ning 1-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-yanvardagi 16-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 09/18/16/0549-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 29-martdagi 91-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2013-y., 14-son, 180-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2001-y., 12-son, 78-modda; 2002-y., 11-12-son, 96-modda; 2003-y., 1-2-son, 11-modda, 4-son, 42-modda, 19-son, 178-modda; 2004-y., 3-son, 31-modda, 16-son, 187-modda; 2005-y., 8-9-son, 69-modda; 2009-y., 7-son, 69-modda, 25-son, 288-modda; 2012-y., 35-son, 403-modda; 2013-y., 6-son, 70-modda, 14-son, 180-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 09/18/16/0549-son; 01.02.2018-y., 09/18/66/0635-son)