Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.06.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“SOʻM-KUPONLAR” NI ChET EL VALYuTASIGA ALMAShTIRISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 22-iyundagi 263-son “Valyuta bozorini yanada erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Naqd chet el valyutasining va Rossiya Bankining 1993-yil nusxasidagi qogʻoz pullarining kelib tushishini koʻpaytirish hamda “Soʻm-Kuponlar”ning xarid quvvatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan mavjud pul almashtirish statsionar punktlari tarmogʻini kengaytirish, vaqtinchalik va koʻchma pul almashtirish punktlarini ochish va erkin almashtiriladigan valyutani sotib olish hamda 1993-yilning noyabr-dekabr oylari mobaynida “Soʻm-Kuponlar”ni Rossiyaning 1993-yil nusxasidagi rubllariga almashtirish miqdori boʻyicha bank muassasalari tomonidan topshiriqlar belgilash toʻgʻrisida kiritilgan takliflar maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda “Soʻm-Kuponlar”ni erkin almashtiriladigan valyutaga va Rossiyaning 1993-yil nusxasidagi rubllariga almashtirish boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisida vaqtinchalik nizom” va “Naqd “Soʻm-Kuponlar”ni erkin almashtiriladigan valyutaga almashtirish kursini belgilash toʻgʻrisida vaqtinchalik nizom” tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yangi tashkil etilayotgan statsionar, vaqtinchalik va koʻchma pul almashtirish punktlarining zarur darajada qoʻriqlanishini taʼminlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari pul almashtirish punktlarining ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishni taʼminlasinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 19-noyabr,
562-son