|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.06.2001
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA BARAVAR TOʻLOV VOSITASI SIFATIDA “SOʻM-KUPONLAR”NI MUOMALAGA KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 22-iyundagi 263-son “Valyuta bozorini yanada erkinlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar va boshqa pul daromadlari aholiga oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash, respublikaning ichki isteʼmol bozorini muhofaza qilish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 7-maydagi 883-XII-son, 1993-yil 3-sentabrdagi 952-XII-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qarop qiladi:
1. 1993-yilning 15-noyabridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining hududida 1961—1992-yillarda chiqarilgan nusxadagi rubl bilan baravar toʻlov vositasi sifatida “Soʻm-Kuponlar” muomalaga kiritilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, “Soʻm-Kuponlar” 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10000 “Soʻm” qiymati bilan 1961—1992-yillar nusxasidagi 1 rublga 1 “Soʻm-Kupon” nisbatida va Rossiya bankining 1993-yil nusxasidagi qogʻoz pullariga ham xuddi shunday nisbatda muomalaga chiqariladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki 1993-yil 15-noyabrdan boshlab ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar va boshqa toʻlovlarni berishda rubllar bilan bir vaqtda va oʻz muddatida belgilangan nisbatlarda “Soʻm-Kuponlar” berilishini taʼminlasin. Navbatdagi toʻlovlarning 1993-yil 21-noyabrgacha berilishi taʼminlansin. 1993-yil dekabr oyi uchun pensiya va stipendiyalar 100 foiz miqdorida “Soʻm-Kuponlar” bilan toʻlansin.
“Soʻm-Kuponlar” Oʻzbekiston Respublikasining hududida davlat, kooperativ hamda boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoa xoʻjaliklari va aholi tomonidan barcha turdagi toʻlovlarga, shuningdek, bank muassasalari va Aloqa vazirligi korxonalari tomonidan joriy hisob-kitob schyotlariga, omonatlarga, akkreditivlarga qoʻshish uchun va pul oʻtkazish uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi majburiydir.
Xalq xoʻjaligida hisobga olish va Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari oʻrtasidagi naqd pulsiz hisob-kitoblar belgilangan tartibda rubllar hisobida saqlab qolinadi.
2. 1993-yilning 22-noyabridan Oʻzbekiston Respublikasining hududida kuponli varaqchalar (bir marotabali kuponlar)ning amalda boʻlishi bekor qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-dekabrdagi 611-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-dekabrdagi 611-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
5. Ilgari belgilangan tartibga muvofiq qiymati 25 ming rubldan yuqori boʻlgan tovarlarning hammasi savdo tarmoqlari orqali Oʻzbekiston Respublikasida faqat uning fuqarolariga berilgan hisob-kitob cheklari, chek daftarchalari boʻyicha yoki omonatchilarning topshiriqlariga koʻra pul oʻtkazish yoʻli bilan, pasport koʻrsatilgan va pasportga berilgan ilovada belgi mavjud boʻlgan taqdirda sotiladi.
6. Pasportga ilovaning shakli va u haqdagi Nizom Jamgʻarma banki Moliya vazirligi va Davlat matbuot qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jamgʻarma bankining muassasalariga yetkazilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. 1993-yilning 15-noyabridan boshlab 1961—1992-yillarda chiqarilgan nusxadagi naqd rubl pullarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kelish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-dekabrdagi 611-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
9. Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki “Soʻm-Kuponlar”ni Rossiyaning 1993-yil nusxasidagi rubllariga 1:1 nisbatida va erkin muomaladagi valyutaga mavjud kurs boʻyicha almashtirib beradigan maxsus punktlar ochsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasining Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi respublikaning butun hududida takomillashtirilgan shakldagi № 1-torg blanki boʻyicha oylik statistika hisobotini joriy etib, unga quyidagi grafalar qoʻshilishini hisobga olsin:
“Soʻm-Kuponlar” boʻyicha oborot;
tovarlarni meʼyorlangan miqdorda berish boʻyicha oborot.
11. “Soʻm-Kuponlar”ni muomalaga chiqarish, hisobga olish, inkassatsiya qilish, berish va saqlash tartibi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki ishlab chiqqan Muvaqqat nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, “Oʻzbeksavdo” davlat uyushmasi va “Oʻzbekbirlashuv” boshqaruvining raislari, savdo tarmoqlariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralarning rahbarlari zimmasiga “Soʻm-Kuponlar” bilan rubl baravar muomalada boʻlishiga oid tasdiqlangan tartibni soʻzsiz bajarish, shuningdek, mazkur qaror talablariga muvofiq tovarlar sotish va xizmatlar koʻrsatish borasidagi chora-tadbirlar majmui hududlarda taʼminlanishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari joylarda Jamgʻarma banki va tijorat banklarining muassasalari bilan, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar bilan birgalikda ish haqi va boshqa daromadlarni naqd pulsiz hisob-kitoblar boʻyicha bank muassasalari orqali olib borish tajribasini kengaytirishga doir qoʻshimcha ishlarni amalga oshirsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 25-fevraldagi 96-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
15. Ushbu qaror roʻyobga chiqarilishini taʼminlovchi respublika komissiyasining tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
Respublika komissiyasiga ilgari qabul qilingan normativ hujjatlarni bir hafta muddat ichida mazkur qarorga muvofiq holga keltirish topshirilsin.
16. Ushbu qarorning qanday bajarilayotganini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri oʻrtoq A. M. Mutalov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 12-noyabr,
550-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-dekabrdagi 611-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
“Soʻm-Kuponlar”ni muomalaga chiqarish, hisobga olish, inkassatsiya qilish, berish va saqlash tartibi toʻgʻrisida
MUVAQQAT NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. “Soʻm-Kuponlar” Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida SSSR Davlat banki va Rossiya Bankining 1961—1992-yillarda chiqarilgan nusxadagi qogʻoz pullari bilan bir qatorda aholining pul daromadlarini toʻlash hamda ularga tovarlar sotib olish va xizmatlar haqini toʻlash uchun toʻlov vositasi sifatida foydalaniladi.
2. “Soʻm-Kuponlar” tasdiqlangan nusxalarga muvofiq 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000 va 10000 soʻm qiymati bilan chiqariladi. Bir “Soʻm-Kupon” 1961—1992-yillar nusxasidagi bir rublga va tegishli ravishda Rossiya Bankining 1993-yil nusxasidagi qogʻoz pullariga teng.
3. SSSR Davlat banki va Rossiya Bankining qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50 va 100 rubl boʻlgan 1961—1992-yillar nusxasidagi qogʻoz pullaridan “Soʻm-Kuponlar” bilan bir qatorda toʻlov vositasi sifatida cheklovlarsiz foydalanilishi mumkin. Rossiya Bankining 1993-yil nusxasidagi barcha qiymatlardagi qogʻoz pullari toʻlov vositasi sifatida cheklovlarsiz qabul qilinadi.
4. “Soʻm-Kuponlar”ni muomalaga chiqarishni va ularni inkassatsiya qilishni Markaziy bankning muassasalari rubllarga aynan oʻxshash tarzda amalga oshiradilar.
5. “Soʻm-Kuponlar”ni qalbakilashtirish bank qogʻoz pullarini qalbakilashtirish kabi bab-baravar darajada qonun boʻyicha taʼqib qilinadi.
6. Chiqarilayotgan “Soʻm-Kuponlar” aholiga tovar sotuvchi va xizmat koʻrsatuvchi barcha yuridik shaxslar hamda jamiki mulkchilik shakllaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar va oddiy shaxslar tomonidan isteʼmol mollari va pulli xizmatlar hisob-kitobi uchun, shuningdek, bank muassasalari va Aloqa vazirligi korxonalari tomonidan schyotlarga, omonatlarga qoʻshish uchun, pul oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi doirasida hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi majburiydir.
7. “Soʻm-Kuponlar”ni aholi maxsus omonat shaxsiy hisoblariga qoʻyishlari va birinchi talab qilishdayoq ulardan “Soʻm-Kuponlar”da berilishi mumkin.
8. Xalq xoʻjaligida va barcha mulkchilik shaklidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarda buxgalteriya hisob-kitobi belgilangan tartibda—rubllar hisobida olib boriladi. “Soʻm-Kuponlar”dan foydalanish va ularning harakati yuridik shaxslarning tegishli subschyotlarida rublga teng qiymat bilan alohida aks ettiriladi.
9. Barcha mulkchilik shaklidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi hisob-kitoblar, shuningdek, yuridik shaxslar bilan oddiy shaxslar oʻrtasidagi naqd pulsiz hisob-kitoblar belgilangan tartibda rubllar hisobida amalga oshiriladi.
10. “Coʻm-Kuponlar” Rossiyaning 1993-yil nusxasidagi rubllariga 1:1 nisbatida va erkin muomaladagi valyutaga mavjud kurs boʻyicha maxsus punktlarda almashtirib berilishi mumkin.
II. “Soʻm-Kuponlar”ni berish miqdori
1. “Soʻm-Kuponlar”ni berish miqdori aholiga toʻlanadigan oylik pul miqdorida “Soʻm-Kuponlar” va rubllarning nisbatini belgilash yoʻli bilan aniqlanadi.
2. Berilishi lozim boʻlgan “Soʻm-Kuponlar” va rubllarning nisbatini Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi bilan birgalikda aniqlaydi hamda u vaqti-vaqti bilan qayta koʻrib chiqiladi.
3. “Soʻm-Kuponlar” va rubllarning belgilangan nisbati ommaviy axborot vositalari orqali Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga maʼlum qilinadi.
III. “Soʻm-Kuponlar”ni berish, hisobga olish va saqlash tartibi
1. “Soʻm-Kuponlar” fuqarolarga asosiy ish (oʻqish) joyida maosh (mehnat haqi), stipendiya, pensiya, nafaqalar hamda boshqa pullarni toʻlash chogʻida rubllar bilan bir vaqtda beriladi.
2. Oʻrindoshlik boʻyicha ishlayotgan fuqarolarga “Soʻm-Kuponlar” asosiy ish joyida ham, oʻrindoshlik boʻyicha ishlayotgan joyida ham belgilangan nisbatlarda beriladi.
3. Banklardagi omonatlari boʻyicha schyotlarga oldindan pul oʻtkazib ish haqi oluvchi fuqarolarga bank muassasalari “Soʻm-Kuponlar”ni belgilangan nisbatlarda beradilar. Shu munosabat bilan ish haqi, pensiyalar va boshqa daromad turlarini bank muassasalari orqali toʻlaydigan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar taqdim etadigan hujjatlarida “Soʻm-Kuponlar” va rubllar bilan berilishi lozim boʻlgan mablagʻ miqdorlarini alohida-alohida koʻrsatadilar.
4. Pensionyerlarga va nafaqa, tovon puli, bir yoʻla beriladigan toʻlovlarni oluvchi shaxslarga “Soʻm-Kuponlar” belgilangan nisbatda ular olinadigan joylarda beriladi va har bir toʻlov turi boʻyicha alohida qoʻshib hisoblanadi.
5. Alimentlar oylik pul daromadining rubl qismidan ham, “Soʻm-Kuponlar” qismidan ham mutanosib ravishda ushlab qolinadi.
Alimentlarni korxonalar, tashkilotlar, muassasalardan pochta orqali oʻtkazish yoʻli bilan oluvchi fuqarolar “Soʻm-Kuponlar”ni alimentlar olinadigan joylarda belgilangan nisbatlar bilan oladilar.
6. Pensiyalarni aloqa boʻlimlari orqali oluvchi pensionyerlarga shuningdek, ish haqi (daromadlar)ni, qalam haqi (gonorarlar)ni pul oʻtkazish yoʻli bilan oluvchi fuqarolarga “Soʻm-Kuponlar” oylik pul daromadlarining umumiy belgilangan nisbatlarida beriladi.
7. Respublika ichkarisida pochta orqali oʻtkazilgan pullar boshlangʻich aloqa manzilida qanday toʻlov vositalarida berilgan boʻlsa, xuddi shunday toʻlov vositalari (rubllar yoki “Soʻm-Kuponlar”) bilan beriladi. Aloqa boʻlimining pul oʻtkazish hujjatlarida qanday toʻlov vositalari (rubllar yoki “Soʻm-Kuponlar”) oʻtkazilayotganligi toʻgʻrisida tegishli belgi qoʻyiladi.
8. Ishsizlik boʻyicha nafaqalar, bolani parvarish qilish uchun qisman haq toʻlanadigan taʼtil puli, bolalar uchun pul nafaqalari va tovon pullari “Soʻm-Kuponlar”da beriladi.
9. Kashfiyotlarning, joriy etilgan ixtirolar, ratsionalizatorlik takliflarining mualliflariga ixtiro uchun ragʻbatlantiruvchi mukofotlar, shuningdek, ixtirochilik va ratsionalizatsiyaga koʻmaklashganlik uchun mukofotlar, taqdirlash pullari asosiy ish joyida boshqa pul daromadlari bilan qoʻshilib belgilangan nisbatlarda “Soʻm-Kuponlar” bilan toʻlanadi.
10. Fuqaro — huquqiy shartnomalar (shartnoma-topshiriqlar, mualliflik shartnomalari, pudrat shartnomalari boʻyicha, shu jumladan, muvaqqat ijodiy jamoalar tarkibida) boʻyicha ishlarni bajaruvchi fuqarolarga “Soʻm-Kuponlar” pul toʻlanadigan joylarda belgilangan nisbatlarda beriladi.
11. Donorlarga tovon pullarini sogʻliqni saqlash muassasalari “Soʻm-Kuponlar” bilan toʻlaydilar.
12. Muddatli xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga, shuningdek, harbiy bilim yurtlarining kursantlariga “Soʻm-Kuponlar” pul taʼminoti doirasida toʻlanadi.
13. Har bir chaqaloq tugʻilganida beriladigan bir yoʻla toʻlovlar, balogʻatga yetmagan bolalari boʻlgan oilalarga tasdiqlangan tovon pullari ular olinadigan joylarda “Soʻm-Kuponlar” bilan toʻlanadi.
14. Aholiga pul toʻlovlari (ish haqi, mehnat haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar, bolalar uchun tovon pullari va boshqa pul toʻlovlari) “Soʻm-Kuponlar” muomalaga kiritilgandan oldingi oylar uchun faqat rubllarda beriladi.
15. Respublikada ishlayotgan va ish haqini rubllarda olayotgan chet ellik fuqarolarga “Soʻm-Kuponlar” Oʻzbekiston Respublikasining ishlovchi aholisi uchun amalda boʻlgan shartlar asosida beriladi.
16. Ish haqini rublda olmayotgan, ammo respublikada yashab turgan yoki safarda boʻlgan chet ellik fuqarolar erkin muomaladagi valyutani Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki belgilagan tartibda almashtirib olish huquqiga egadirlar.
17. Markaziy bank muassasalaridan “Soʻm-Kuponlar”ni olgan barcha mulkchilik shaklidagi korxonalar, tashkilotlar, muassasalar xalq xoʻjaligida kassa operatsiyalari yuritishning tasdiqlangan Tartibiga (Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 1992-yil 3-apreldagi 5-son qarori) muvofiq pul harakatini alohida kassa daftarida hisobga olib boradilar.
18. Toʻlanadigan “Soʻm-Kuponlar” umumiy hisob-kitob vedomostiga qoʻshilib, toʻlanishi lozim boʻlgan ish haqi (daromad) “Soʻm-Kuponlar” va rubllarda ajratib koʻrsatiladi.
19. Korxonalar va xoʻjalik tashkilotlarining kassasida qoldiq pullarning buxgalteriya hisobi quyidagicha yuritiladi:
— rubllar bilan operatsiyalar boʻyicha — 50-schyotida 1-subschyot “Rubllar kassasi”;
— “Soʻm-Kuponlar” bilan operatsiyalar boʻyicha — 50-schyotida 4-subschyot “Soʻm-Kuponlar” kassasi”.
Budjet tashkilotlari ham xuddi shunday tartibda 120 va 121-schyotlarning subschyotlarida tegishli ravishda rubllar va “Soʻm-Kuponlar”ning buxgalteriya hisobini yuritadilar.
20. Deponentga qoʻyilgan rubllar va “Soʻm-Kuponlar”dagi ish haqining buxgalteriya hisobi quyidagi alohida subschyotlarda yuritiladi:
Xoʻjalik tashkilotlari:
— 76-schyotning “Rubllarda deponentga qoʻyilgan ish haqi” 1-subschyoti, “Turli debitorlar va kreditorlar bilan hisob-kitoblar”;
— 76-schyotning “Soʻm-Kuponlar”da deponentga qoʻyilgan ish haqi” 4-subschyoti, “Turli debitorlar va kreditorlar bilan hisob-kitoblar”.
— Budjet muassasalari:
— 177-schyot — “Deponentlar bilan rubllarda hisob-kitoblar”;
— 175-schyot—“Deponentlar bilan “Soʻm-Kuponlar”da hisob-kitoblar”.
21. Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxonalarning, tashkilotlar va muassasalarning vakillari oldindan berib qoʻyilgan buyurtmaga muvofiq bank muassasalaridan “Soʻm-Kuponlar”ni cheklar boʻyicha naqd rubllar bilan birga oladilar.
22. Pensiyalar, nafaqalarni beruvchi aloqa korxonalari “Soʻm-Kuponlar”ni ijtimoiy taʼminot organlari tuzgan toʻlov vedomostiga muvofiq bank muassasalaridan oladilar. Ana shu vedomostda berilishi lozim boʻlgan “Soʻm-Kuponlar” miqdori alohida satrda koʻrsatiladi.
23. Davlat soliq organlari iqtisodiyotning davlatga daxldor boʻlmagan sohasida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy faoliyatini taftish qilish chogʻida olingan “Soʻm-Kuponlar”ning miqdori ish haqi toʻlash vedomostlari bilan muvofiq ekanligini tekshirishlari majburiydir.
IV. Tovarlarni “Soʻm-Kuponlar”ga sotish
1. “Soʻm-Kuponlar”ning joriy etilishi tovarlarni belgilangan meʼyorlarda (talonlar bilan) va chegaralangan narxlarda sotishning mavjud Tartibi va qoidalarini bekor qilmaydi.
2. Davlat savdosidagi, matlubot kooperatsiyasidagi va boshqa idoralarni savdo tarmoqlaridagi qiymati 25 ming rubldan kamroq boʻlgan barcha tovarlari (“Soʻm-Kuponlar”ga ham, rubllarga ham (qiymati 5000 va 10000 boʻlgan rubllardan tashqari) sotiladi.
Roʻyxati Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadigan ayrim tovarlar faqat “Soʻm-Kuponlar”ga sotiladi, shuningdek, SSSR Davlat banki va Rossiya Bankining qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50 va 100 pybl boʻlgan 1961—1992-yillar nusxasidagi qogʻoz pullariga va Rossiya Bankining 1993-yil chiqarilgan barcha qiymatlardagi qogʻoz pullariga ham sotilishi mumkin.
3. 1993-yil 15-noyabrdan boshlab Rossiya Bankining qiymati 5000 va 10000 rubl boʻlgan qogʻoz pullarini barcha turdagi toʻlovlarga qabul qilish taqiqlanadi, ulardan faqat belgilangan tartibda Jamgʻarma banki muassasalariga omonat sifatida qoʻyish uchun foydalanish mumkin.
4. Qiymati 25 ming rubldan ortiq boʻlgan tovarlar va pulli xizmatlarning haqi respublikada faqat Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga berilgan hisob-kitob cheklari, chek daftarchalari boʻyicha yoki omonatchilarning topshiriqlariga koʻra pul oʻtkazish yoʻli bilan belgilangan tartibda toʻlanadi.
Tovar haqini toʻlash uchun hisob-kitob cheki yoki chek daftarchasi taqdim etilganida doʻkon sotuvchisi olinayotgan chekning raqami va seriyasini pasport ilovasidagi yozuv bilan solishtirib tekshirishi va ular bir-biriga mos kelganda tovarni berishi kerak.
5. Xoʻjalik (ishlab chiqarish) subyektlari erkin muomaladagi valyutaga yoki tovar ayirboshlash vositasida olib kelgan tovarlar oʻz xodimlariga faqat “Soʻm-Kuponlar”ga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Jamgʻarma bankining muassasalari mazkur korxona xodimlari nomiga yozib bergan cheklar yoki chek daftarchalari orqali haq toʻlash yoʻli bilan sotiladi.
6. Faqat “Soʻm-Kuponlar”ga sotiladigan tovarlarning chakana narxlari narxnomalarda “Soʻm-Kuponlar” bilan koʻrsatiladi.
7. Savdo tashkilotlari tovarlarni, “Soʻm-Kuponlar”ga sotish chogʻida qaytimini berish uchun shunday mayda pullar yoʻq boʻlgan taqdirda qiymati 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 rubl boʻlgan pullardan foydalanadilar.
8. Savdo tashkilotlarining rahbarlari tovarlarni “Soʻm-Kuponlar”ga sotish borasida belgilangan tartibga har bir savdo korxonasi qatʼiy rioya etishini taʼminlashlari shart.
Mana shu tartibga va “Soʻm-Kuponlar”ni inkassatsiya qilish tartibiga rioya etilishini taʼminlamaydigan savdo korxonalarining rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod qilinadilar.