Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga har tomonlama koʻmaklashishni kuchaytirish, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga yuqori texnologiyali sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatishi uchun zarur sharoitlar yaratish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etishni kengaytirish, shuningdek, tibbiy turizm va tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirish maqsadida:
1. Quyidagilar sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalish va vazifalari etib belgilansin:
mamlakatimizning barcha hududlarida xususiy tibbiyot muassasalari tarmogʻi faoliyatini faollashtirish va kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimini takomillashtirish, sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorning barqaror rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan masalalarni tizimli hal etish;
xususiy tibbiyot muassasalarining tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha zamonaviy yuqori texnologiyali usullarni keng qoʻllagan holda, keng aholi qatlamlari, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yuqori malakali tibbiy yordam koʻrsatishga qaratilgan xizmatlar koʻlami va turlarini kengaytirishni har tomonlama ragʻbatlantirish;
xususiy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiyot uskunalari, maxsus inventar va asboblar bilan jihozlash, tibbiyot ixtisosliklari turiga mos keladigan va sanitariya norma hamda qoidalari talablariga javob beradigan bino va xonalar bilan taʼminlash;
qulay kredit va lizing mexanizmlarini faol jalb etish orqali xususiy tibbiyot muassasalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash koʻlami va hajmini tubdan oshirish, yetakchi xorijiy klinika hamda tibbiyot markazlari bilan hamkorlikda davolash-tashxis muassasalarini tashkil etgan holda xususiy tibbiyot sohasiga xorijiy investitsiyalar jalb qilishni kengaytirish;
aholiga davlat tomonidan koʻrsatiladigan kafolatli bepul tibbiy yordam bilan birga tibbiy sugʻurta tizimini keng joriy etgan holda sifatli va arzon maslahat-tashxis, davolash, sogʻlomlashtirish va boshqa turdagi tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadigan pulli tibbiy xizmatlar bozorini jadal rivojlantirish;
ilgʻor xalqaro tajribani inobatga olgan holda, xususiy tibbiyot sohasi uchun tibbiy taʼlimning zamonaviy usul va texnologiyalaridan foydalanish asosida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning sifatli va samarali tizimini shakllantirish, xususiy tibbiyot muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston xususiy amaliyot vrachlari uyushmasining xususiy tibbiyot muassasalari uchun ruxsat etilgan tibbiy faoliyat turlarini, jumladan tibbiyot sohasida talab yuqori boʻlgan kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, mikrojarrohlik, onkologiya, endokrinologiya, kardiologiya, qon-tomir, torakal va abdominal jarrohlik, urologiya va tibbiy faoliyatining boshqa, aholining hayoti, salomatligi va sanitariya-epidemiologik holatiga katta xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan turlaridan tashqari, turlarini tubdan kengaytirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin, bunda tibbiyot faoliyatning barcha tibbiyot turlari qamrab olinsin.
3. Tibbiy faoliyatning aholi hayoti, salomatligi va sanitariya-epidemiologik holatiga katta xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan va xususiy tibbiyot muassasalari uchun taqiqlangan ayrim turlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirishning asosiy vazifa va yoʻnalishlariga muvofiq ishlab chiqilgan Xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, xususiy tibbiyot muassasalarida tashxis qoʻyish va davolash, ayniqsa, jarrohlik amaliyotini oʻtkazish bilan bogʻliq hollarda yangi yuqori texnologiyali usullarni joriy etish faqat tegishli tibbiyot uskunalari, yuqori malakali tibbiyot xodimlari mavjud boʻlganda va sanitariya norma hamda qoidalariga qatʼiy rioya etilgandagina ruxsat etiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat vazirligining 2017-yil 1-maydan sogʻliqni saqlash sohasida kichik korxonalar xodimlari yillik oʻrtacha cheklangan sonining 100 kishigacha boʻlishi toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga “Oʻzmed-lizing” ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasi ustav kapitalini koʻpaytirish orqali, jumladan, xorijiy investorlar mablagʻlarini jalb etish hisobidan tibbiyot muassasalariga zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar xarid qilish hajmini kengaytirish va lizingga berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida aniq takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Quyidagilar:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-sentabrdagi PF-6318-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2021-y., 06/21/6318/0927-son)
Oldingi tahrirga qarang.
a) 2022-yil 1-yanvargacha aholiga pullik tibbiy xizmatlar koʻrsatadigan (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari) xususiy tibbiyot muassasalari, jumladan, xorijiy investorlar ishtirokidagi xususiy tibbiyot muassasalari tibbiy xizmatlar qismida, boʻshaydigan mablagʻlarni xususiy tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy, muhandislik-texnik uskunalar bilan jihozlash va ularga servis-texnik xizmat koʻrsatish, tibbiyot maqsadlari uchun ehtiyot qismlar, sarflash materiallari, inventar va boshqa buyumlar xarid qilish, tibbiy xizmatlar koʻrsatish uchun yangi binolar qurish, mavjud bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatishga maqsadli yoʻnaltirgan holda, barcha turdagi soliqlar toʻlashdan;
(8-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-sentabrdagi PF-6318-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2021-y., 06/21/6318/0927-son)
Oldingi tahrirga qarang.
b) 2025-yil 1-yanvargacha belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari bojxona bojidan ozod etilsin.
(8-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-apreldagi PF-102-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.04.2022-y., 06/22/102/0291-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Qishloq joylarda tibbiy xizmatlar koʻrsatish sohasida yangidan tashkil etiladigan (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga tibbiy xizmatlar qismida yagona soliq toʻlovidan ozod etilsin.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-oktabrdagi PF-5212-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2017-y., 06/17/5212/0153-son)
10. Belgilab qoʻyilsinki:
xususiy tibbiyot muassasalarida ishlash uchun jalb etiladigan xorijiy shifokorlar va zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalariga xizmat koʻrsatadigan texnik mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomalari doirasida olinadigan daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslar daromad soligʻini toʻlashdan ozod etiladi;
xorijiy shifokorlar va zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalariga xizmat koʻrsatadigan texnik mutaxassislarga tuzilgan mehnat shartnomalari doirasida toʻlanadigan daromadlar yagona ijtimoiy toʻlovdan ozod etiladi;
xususiy tibbiyot muassasalarining xorijlik xodimlari boshqaruv personali sifatidagi faoliyatidan oladigan daromadlari jismoniy shaxslar daromad soligʻidan ozod etiladi.
11. Tijorat banklariga:
xususiy tibbiyot muassasalariga zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalarini, jumladan, xorijdan sotib olish, boshlangʻich kapitalni shakllantirish, tibbiy xizmatlar koʻrsatish maqsadida bino va inshootlar xarid qilish uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlar;
aholiga zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan, bank kredit kartalari bilan hisob-kitob qilish asosida xususiy tibbiyot muassasalarining tibbiy xizmatlaridan foydalanish uchun isteʼmol kreditlari taqdim etish tavsiya etilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda xususiy tibbiyot muassasalarida ishlash uchun jalb etiladigan xorijiy shifokorlar va tibbiyot asbob-uskunalariga xizmat koʻrsatadigan texnik mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasiga kelish va yashash uchun ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam koʻrsatsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida takliflar kiritsin;
idoraviy meʼyoriy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirishni taʼminlasin.
14. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 4-apreldagi 66 (6760)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-aprel,
PQ-2863-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi PQ-2863-son qaroriga
1-ILOVA
Xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun taqiqlangan, aholining hayoti, sogʻligi va sanitariya-epidemiologik xotirjamligi uchun yuqori darajadagi xavf-xatar bilan bogʻliq tibbiy faoliyatning ayrim turlari
ROʻYXATI
1. Shoshilinch profilaktika va epidemiyaga qarshi choralar koʻrilishini talab qiluvchi yuqumli, alohida xavfli va karantin kasalliklari diagnostikasi va ularni davolash.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Toksikologik, ayrim ruhiy kasalliklarni, quturish, tuberkulyoz, lepra (moxov) kasalliklarini davolash.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2021-y., 06/21/6221/0428-son)
3. Infeksiya oʻchoqlarida barcha turdagi dezinfeksiya chora-tadbirlarini oʻtkazish.
4. Tugʻuruqni qabul qilish va homiladorlikni toʻxtatish (abort).
 LexUZ sharhi
5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-apreldagi PQ-4290-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
6. Organlarni koʻchirib oʻtkazish hamda ularni tayyorlash.
7. Qon donorligini tashkil etish, qon, uning komponentlari va preparatlarini tayyorlash hamda qayta ishlash.
8. I-II guruh infeksiyalarining bakteriologik va virusologik tadqiqotlarini oʻtkazish.
9. Tibbiy ekspertizani oʻtkazish, faqat davlat muassasalari tomonidan, shu jumladan tibbiy-mehnat, harbiy-tibbiy, sud-tibbiy, sud-psixiatriya, sanitariya-gigiyena ekspertizalarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
 LexUZ sharhi
1-ilova norasmiy tarjima.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi PQ-2863-son qaroriga
2-ILOVA
Xususiy tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari
DASTURI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Tadbirlar nomlanishi

Muddatlari

Bajaruvchilar

Amalga oshirish mexanizmi

I. Xususiy tibbiyot tashkilotlari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, ular faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimini takomillashtirish, xususiy sogʻliqni saqlash sektorida koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar hajmi va turlari koʻpaytirilishini ragʻbatlantirish

1.

Nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida yangi tahrirdagi Nizomni tasdiqlash boʻyicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish va kiritish, unda, jumladan quyidagilar nazarda tutiladi:

faoliyatning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda nodavlat tibbiyot tashkilotlariga nisbatan yangi litsenziya talablari, standartlari va sanitariya normalarini ishlab chiqish;

litsenziya beruvchi organ tomonidan litsenziya berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish muddatini litsenziya talabgorining barcha zarur hujjatlari bilan arizasi qabul qilingan kundan boshlab 30 kundan 20 kungacha qisqartirish;

litsenziya berish uchun davlat boji miqdorini eng kam ish haqining 10 barobari miqdoridan 5 barobari miqdorigacha kamaytirish.

2017-yil aprel

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, DSQ, Davlat raqobat qoʻmitasi, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston xususiy amaliyot vrachlari assotsiatsiyasi

Nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida Vazirlar Mahkamasi qarorini qabul qilish.

2.

Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam turi, hajmi va namunalarini hisobga olgan holda xususiy tibbiyot tashkilotlari faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnika bazasi, uskunalar va boshqa texnik vositalarga, shu jumladan tibbiyot asbob-uskunalariga nisbatan minimal talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash.

2017-yil aprel

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi

Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻini tasdiqlash.

3.

Xususiy tibbiyot tashkilotlari faoliyatiga aralashishni qatʼiyan taqiqlagan holda Sogʻliqni saqlash vazirligining Salomatlik va tibbiy statistika institutiga oʻzlari koʻrsatayotgan xizmat turlari va hajmlari, kasalliklar dinamikasi va nozoologiyasi toʻgʻrisida xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan hisobotlarni taqdim etish mexanizmi joriy etilishini nazarda tutuvchi tibbiy statistika hisoboti tizimini takomillashtirish.

2017-yil
III chorak

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston xususiy amaliyot vrachlari assotsiatsiyasi

Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻini tasdiqlash.

II. Xususiy tibbiyot tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiyot uskunalari, maxsus anjomlar va asboblar bilan jihozlash, tibbiy ixtisoslashuv turlariga mos keladigan hamda sanitariya normalari va qoidalari talablariga javob beradigan bino va xonalar bilan taʼminlash

4.

Davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga va xaridor tomonidan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki obyektlarini “nol” xarid qiymatida sotish Tartibiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish (Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-son qarori bilan tasdiqlangan), bunda davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish tanlovida ishtirok etish uchun zakalat miqdorini boshlangʻich narxning 15 foizidan 10 foizigacha kamaytirish nazarda tutiladi.

2017-yil
may

Davlat raqobat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

Davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga va xaridor tomonidan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki obyektlarini “nol” xarid qiymatida sotish Tartibiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining qarorini qabul qilish.

5.

Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish (Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 8-apreldagi 102-son qarori bilan tasdiqlangan), bunda kichik tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun davlat mulkini ijaraga olishning maksimal muddati 10 yilgacha oshirilishi koʻzda tutiladi.

2017-yil aprel

Davlat raqobat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi

Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining qarorini qabul qilish.

6.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tanlov asosida yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalarini doimiy foydalanishga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqish va kiritish (Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-oktabrdagi 285-son qarori bilan tasdiqlangan), bunda quyidagilar nazarda tutiladi:

tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisidagi tanlov faqat bitta talabgordan tanlov taklifi kelib tushganligi sababli tanlov boʻlib oʻtmadi deb eʼlon qilingan, tanlov takroran eʼlon qilinganida esa tanlov taklifi yana faqat bitta qatnashchidan tushgan taqdirda bunday tanlov boʻlib oʻtdi deb hisoblansin;

qishloq va olis hududlardagi tadbirkorlik subyektlariga tanlov yakunlari boʻyicha yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini qoʻlga kiritganlik uchun haq toʻlash muddatini 1 yilgacha choʻzishga ruxsat berish, tanlov zakalati hamda boshqa nazarda tutilgan avans toʻlovlari bundan mustasno.

2017-yil
may

“Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Davlat raqobat qoʻmitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, DSQ, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tanlov asosida yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalarini doimiy foydalanishga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar toʻgʻrisida takliflar kiritish.

7.

Shunday meʼyor kiritiladiki, unga muvofiq mahalliy ijro hokimiyati organlari tomonidan davlatning koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara haqining minimal stavkasini har yili belgilash chogʻida sogʻliqni saqlash tashkilotlari tomonidan davlat mulki uchun ijara haqining minimal stavkasi 20 foizga kamaytiriladi.

har yili

Davlat raqobat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

Sogʻliqni saqlash tashkilotlari tomonidan davlatning koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara haqining minimal stavkasi kamaytirilganligini hisobga olgan holda mahalliy ijro hokimiyati organlarining har yili qabul qiladigan qarorlari.

8.

Xususiy tibbiyot tashkilotlarining keyinchalik muhandislik-kommunal infratuzilma obyektlaridan erkin foydalanishlarini hisobga olgan holda ular faoliyatini tashkil etish uchun binolar va xonalar ajratib berilishini taʼminlash.

doimiy

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

Xususiy tibbiyot tashkilotlarining keyinchalik muhandislik-kommunal infratuzilma obyektlaridan erkin foydalanishlarini hisobga olgan holda ular faoliyatini tashkil etish uchun binolar va xonalar ajratib berish toʻgʻrisida mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa vakolatli organlarning qarorlarini qabul qilish.

9.

Tibbiyot tashkilotlarining talab-ehtiyojlarini oʻrganish va tahlil etishni hisobga olgan holda, olib kirilayotgandan bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadigan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno) yangi tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va tibbiyot uskunalariga sarflanadigan materiallar roʻyxatiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish Vazirlar Mahkamasining2013-yil 31-dekabrdagi 356-son qarori bilan tasdiqlangan.

2017-yil avgust

Sogʻliqni saqlash vazirligi, DBQ, DSQ, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi

Tibbiyot tashkilotlarining olib kirilayotganda bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadigan yangi tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va tibbiyot uskunalariga sarflanadigan materiallar roʻyxatiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining qarorini qabul qilish.

10.

Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini roʻyxatga olish hamda roʻyxat guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish (Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-dekabrdagi 352-son qarori bilan tasdiqlangan), bunda quyidagilar nazarda tutiladi:

tadbirkorlik subyektlari uchun roʻyxat guvohnomasini 180 ish kunidan:

birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun bogʻlash materiallari, tibbiy buyumlar, bemorlarni parvarish qilish buyumlari uchun — 120 ish kunigacha;

qadoqlangan va oʻralgan shifobaxsh oʻsimlik xomashyosi holidagi farmakopeya dori vositalari, “in bulk” asosida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanadigan dori vositalari, ilgari roʻyxatga olingan dori vositalari uchun — 60 ish kunigacha qisqartirish orqali ularning sarf-xarajatlarini kamaytirish.

2017-yil iyun

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi

Dori vositalari va tibbiyot buyumlarini roʻyxatga olish hamda roʻyxat guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻri?�da Vazirlar Mahkamasining qarorini qabul qilish.

III. Moslashuvchan kredit va lizing mexanizmlarini faol tatbiq etgan holda xususiy tibbiyot tashkilotlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash hajmlari va miqyoslarini oshirish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijiy investitsiyalar jalb etilishini kengaytirish, tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirish

11.

Ixtisoslashtirilgan “Uzmed-lizing” lizing kompaniyasining ustav kapitalini, shu jumladan lizing kompaniyasi muassislarining mablagʻlarini, shuningdek, xorijiy investorlarning mablagʻlarini jalb etish hisobiga 5 — 10 mln AQSH dollarigacha koʻpaytirish orqali zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiyot uskunalari xarid qilish va tibbiyot tashkilotlariga lizing asosida topshirish hajmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida aniq takliflarni ishlab chiqish hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2017-yil aprel

Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat raqobat qoʻmitasi, TIF Milliy banki, “Asaka” banki, Agrobank, Oʻzsanoatqurilishbank, Ipoteka-bank

Tegishli takliflarni ishlab chiqish va kiritish.

12.

Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokida tibbiyot klinikalari va markazlari qurilishida ishga tushirilgan obyektlar, davolash binolari va inshoatlari muhandislik kommunikatsiyalariga kafolatlangan tarzda ulanishi “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AK hamda boshqa muhandislik-kommunikatsiya va kommunal xizmatlarni yetkazib beruvchilar tomonidan taʼminlanishi haqida qonunchilik normasi joriy etilishi toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

2017-yil iyun

“Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AK, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

Tegishli takliflarni ishlab chiqish va kiritish.

13.

Xorijiy fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi va boʻlishi toʻgʻrisidagi qoidalarga qoʻshimcha va oʻzgartishlar haqida takliflar ishlab chiqish va kiritish (Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrdagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan) koʻzda tutiladigan vaqtincha roʻyxatga qoʻyish va mamlakatda boʻlish muddatini uzaytirishga ruxsatnoma tartibini, shuningdek, respublikaning tibbiyot muassasalariga tashxis qoʻyish va davolanishga kelgan xorijiy fuqarolar uchun tegishli tibbiy hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish.

2017-yil iyun

IIV, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi

Xorijiy fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi va boʻlishi toʻgʻrisidagi qoidalarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar haqida takliflar kiritish.

14.

Oʻzbekistonda Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarning yetakchi tibbiyot markazlari va klinikalari bilan birgalikda yirik davolash-diagnostika muassasalarini barpo etish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqish va kiritish

2017-yil avgust

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston xususiy amaliyot vrachlari assotsiatsiyasi

Tegishli takliflarni ishlab chiqish va kiritish.

IV. Tibbiy sugʻurta tizimini faol joriy etgan holda sifatli va arzon tibbiy xizmatlar bozorini jadal rivojlantirish, xususiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning sifatli, samarali tizimini shakllantirish

15.

“Tibbiy sugʻurta toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish, unda quyidagilar nazarda tutiladi:

tibbiy sugʻurta sohasidagi oʻzaro munosabatlarni tartibga solish, har bir fuqaroning tibbiy sugʻurta tizimiga yalpi va majburiy qamrab olinishi, har bir fuqaroning tibbiy va profilaktika xizmatlariga boʻlgan teng huquqlari, sugʻurta polisiga muvofiq haqi toʻlangan yuqori sifatli tibbiy xizmatning kafolatlangan tarzda koʻrsatilishi;

ixtiyoriy va majburiy tibbiy sugʻurtaning huquqiy asoslari, tibbiy va profilaktika xizmatlarining tariflarini tartibga solish, sugʻurta majburiyatlari, sugʻurta badallari va sugʻurta toʻlovlari miqdorlarini tartibga solish mexanizmlari, shuningdek, tibbiy sugʻurta mablagʻlarini boshqarish, shu jumladan majburiy tibbiy sugʻurta jamgʻarmasini tashkil etish;

majburiy tibbiy sugʻurta jamgʻarmasini shakllantirish manbalarini belgilash, shuningdek, majburiy va ixtiyoriy tibbiy sugʻurta tizimida ishtirok etishda fuqarolar uchun ragʻbatlantiruvchi imtiyoz va preferensiyalar ishlab chiqish.

2017-yil oktabr

Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat vazirligi,Davlat raqobat qoʻmitasi, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston sugʻurta bozori professional qatnashchilari assotsiatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston xususiy amaliyot vrachlari assotsiatsiyasi

“Tibbiy sugʻurta toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

16.

Qarorga muvofiq beriladigan soliq imtiyozlari natijasida boʻshaydigan mablagʻlar hisobidan aholining ijtimoiy hojatmand toifalariga xususiy tibbiyot tashk?l�tlari tomonidan bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash.

2017-yil aprel

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston xususiy amaliyot vrachlari assotsiatsiyasi

Nizomni barcha xususiy tibbiyot tashkilotlariga yetkazgan holda uni belgilangan tartibda tasdiqlash.

17.

Xususiy tibbiyot tashkilotlari tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirishni nazarda tutgan holda ilgʻor xalqaro tajribaga muvofiq oʻquv jarayoniga yangi taʼlim, tibbiyot va axborot texnologiyalari hamda usullarini keng koʻlamda joriy etish asosida tibbiyot xodimlarining professional darajasini uzluksiz va tizimli ravishda oshirib borishni taʼminlash.

2017-yil iyul

Sogʻliqni saqlash vazirligi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Respublika oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi,Oʻzbekiston xususiy amaliyot vrachlari assotsiatsiyasi

Chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va tasdiqlash.

18.

Respublikaning tibbiyot tashkilotlarini jihozlash uchun xorijda ishlab chiqarilgan yangi tibbiyot uskunalari va butlovchi buyumlarni yetkazib berish toʻgʻrisida hukumatlararo va xalqaro grant hamda kredit bitimlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish davomida mahalliy mutaxassislarni yangi uskunalarda ishlashga oʻrgatishni tashkil etishda grant jihatdan qoʻllab-quvvatlash va texnik yordam koʻrsatish nazarda tutilsin.

doimiy

Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar va savdo vazirligi, TIV

Hukumatlararo va xalqaro grant hamda kredit bitimlarining loyihalariga tegishli shartlarni kiritish.

 LexUZ sharhi
2-ilova norasmiy tarjima.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga
SHARH

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga har tomonlama koʻmaklashish, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishi uchun zarur sharoit yaratish maqsadida qabul qilindi.

Oxirgi yillarda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish sohasini tubdan isloh qilish va takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida tibbiyot sohasining xususiy sektorini barqaror rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu sohaga mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimining davlat sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan koʻrsatilayotgan keng turdagi tibbiyot xizmatlarini sifat jihatidan yuksaltirish va yanada toʻldirishga xizmat qiladigan muhim tarkibiy qism sifatida qaralmoqda.

Umuman olganda, mamlakatimizda tibbiyot sohasining xususiy sektori faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi qonunida mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirish koʻzda tutilgan. Xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimi faoliyat yuritmoqda. Ularga barcha turdagi soliqlar va qator majburiy toʻlovlar, shuningdek, chetdan olib kelinadigan yangi tibbiy asbob-uskunalar uchun bojxona toʻlovlaridan ozod etish boʻyicha imtiyozlar berilayotir.

Soʻnggi 6 yilda mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalari soni 2 barobar koʻpayib, 3,5 mingtaga yetdi. Ularni yuqori texnologiyali tibbiyot texnikasi bilan jihozlash darajasi 3 barobar oshdi. Ayniqsa, stomatologiya, laboratoriya tashxisi, terapiya, fizioterapiya, nevrologiya va boshqa sohalarga ixtisoslashgan xususiy tibbiyot muassasalari rivojlangan.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvlarida sogʻliqni saqlash tizimida xususiy sektorni rivojlantirishga hamon yetarlicha eʼtibor qaratilmayotganini taʼkidladi.

Bu boradagi tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatiga oid qonunchilikda mavjud cheklovlar ular tomonidan koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat turlarini kengaytirish va sifatini yanada yaxshilashga, ayniqsa, tor ixtisoslikdagi tibbiyot sohalariga ilgʻor davolash usul va texnologiyalarini joriy qilishga toʻsqinlik qilmoqda. Ayniqsa, xususiy tibbiyot subyektlarining qishloq joylarda rivojlanishi darajasi qoniqarsiz holatda, ularning uchdan bir qismidan ziyodi Toshkent shahri va viloyatida faoliyat koʻrsatmoqda.

Shu munosabat bilan qabul qilingan qarorga muvofiq, sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalish va vazifalari qatorida xususiy tibbiyot muassasalari tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy yuqori texnologiyali usullarini keng qoʻllagan holda sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ularga kredit ajratish va moliyaviy yordam koʻrsatish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijiy investitsiyalar va malakali mutaxassislarni jalb qilish, tibbiy xizmatlar eksportini kengaytirish, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish bozori infratuzilmasini rivojlantirish belgilangan.

Alohida taʼkidlash zarurki, qarorda sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektor tomonidan koʻrsatilayotgan xizmat turlarini yanada kengaytirish koʻzda tutilgan. Xususan, ayni paytgacha xususiy tibbiyot muassasalariga 177 turdagi tibbiy xizmatlarning atigi 50 tasiga ruxsat etilgan boʻlib, qolganlari taqiqlangan edi. Mazkur qarorga binoan, endi ularga tibbiy xizmatlarning deyarli barcha turlarini koʻrsatishga ruxsat berildi.

Ruxsat etilgan tibbiy xizmat turlariga kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, mikrojarrohlik, onkologiya, anesteziologiya va reanimatologiya, gelmintologiya, intervitsion kardiologiya, immunobiologik va immunoferment tashxis qoʻyish, qon-tomir, torakal va abdominal jarrohlik va tibbiyot sohasida talab yuqori boʻlgan boshqa yoʻnalishlar kiritildi.

Shuni qayd etish lozimki, agar avval qabul qilingan qonunchilik hujjatlarida xususiy tibbiyot muassasalari shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari tasdiqlangan boʻlsa, endi faqat davlat sogʻliqni saqlash muassasalari amalga oshirishi mumkin boʻlgan va xususiy tibbiyot muassasalari uchun taqiqlangan ayrim cheklangan faoliyat turlari tasdiqlanmoqda. Ushbu faoliyat turlari aholi hayoti, salomatligi va sanitariya-epidemiologik holatiga katta xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan, jumladan, oʻta yuqumli, xavfli va karantin kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolash, toksikologik, venerik va ruhiy xastaliklar, chaqaloqlar va 1 yoshgacha boʻlgan bolalar kasalliklari va patologiyasini davolash, tugʻruqni qabul qilish va homiladorlikni toʻxtatish, organlarni koʻchirish, qon donorligini tashkil etish va boshqa oʻziga xos yoʻnalishlar bilan bogʻliqdir.

Mazkur qaror xususiy tibbiyot muassasalariga keng koʻlamli imtiyoz va preferensiyalar berilgani bilan ham alohida eʼtiborga loyiq. Xususan, ushbu muassasalar 2022-yilning 1-yanvariga qadar barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod etildi. Alohida taʼkidlash lozimki, taqdim etilgan soliq imtiyozlari xususiy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini sezilarli darajada mustahkamlash imkonini beradi. Boʻshagan mablagʻlar ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, ularga servis-texnik xizmat koʻrsatish, tibbiyot maqsadlari uchun ehtiyot qismlar, inventar va boshqa buyumlar xarid qilish, yangi bino va inshootlarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishga maqsadli yoʻnaltiriladi.

Taqdim etilgan soliq imtiyozlari hisobidan tejalgan mablagʻlarning bir qismi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmat koʻrsatishga yoʻnaltiriladi. Shunday qilib, berilgan soliq imtiyozlari evaziga davlat bir vaqtning oʻzida aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish bilan birga, sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni kengaytirishni ragʻbatlantirish boʻyicha muhim vazifalarni hal etadi, shu bilan birga, xususiy tibbiyot muassasalari zimmasiga qoʻshimcha moliyaviy xarajatlar yuklanmaydi.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga Moliya vazirligi va Oʻzbekiston xususiy amaliyot vrachlari assotsiatsiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda yuqorida qayd etilgan soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida boʻshaydigan mablagʻlar hisobidan Xususiy tibbiyot muassasalarining aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi.

Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda materiallari uchun bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi. Bunda mazkur roʻyxatni tibbiyot muassasalarining ehtiyojidan kelib chiqqan holda yanada kengaytirish koʻzda tutilgan.

Alohida taʼkidlash lozimki, qishloq joylarda va chekka tumanlarda tibbiyot sohasida xususiy sektorni jadal rivojlantirish maqsadida qarorda qishloq joylarda tibbiy xizmat koʻrsatish sohasida tashkil etiladigan yangi mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq toʻlovidan ozod etilishi koʻzda tutilgan.

Qarorda 2017-yil 1-maydan boshlab sogʻliqni saqlash sohasida kichik korxonalar xodimlarining yillik oʻrtacha cheklangan sonini 25 kishidan 100 kishigacha koʻpaytirish toʻgʻrisidagi tasdiqlangan norma tibbiyot sohasining xususiy sektorida bandlikni kengaytirishni ragʻbatlantirish imkonini beradi, xususiy tibbiyot muassasalari xizmat koʻrsatadigan aholi sonini oshirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.

Qarorda mustaqillik yillarida ushbu soha uchun birinchi marta ishlab chiqilgan Xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlangani ham alohida eʼtiborga loyiqdir. Mazkur dasturda xususiy tibbiyot muassasalarini har tomonlama ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash, ular faoliyatining barcha yoʻnalishlarini qamrab olish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Xususan, xususiy tibbiyot muassasalariga litsenziya berishni sezilarli darajada soddalashtirish va muddatlarini tezlashtirish, jumladan, litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorni 30 kundan 20 kungacha qisqartirish, litsenziya berish uchun davlat bojini eng kam ish haqining 10 barobaridan 5 barobarigacha kamaytirish nazarda tutilgan.

Dasturda xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va kengaytirish uchun ularni bino va xonalar bilan taʼminlashga doir amaliy chora-tadbirlar koʻzda tutilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga foydalanilmayotgan binolar, obyekt va xonalarni, ayniqsa, sogʻliqni saqlash tizimida tugatilayotgan muassasalarning davlat mulki boʻlgan obyektlarini aholiga tibbiy xizmatlar koʻrsatadigan tadbirkorlik subyektlariga “nol” qiymatida belgilangan tartibda bepul sotish, bunda mulkdorlar investitsiya kiritish va yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha majburiyatlarni zimmasiga olishini taʼminlash vazifasi topshirildi.

Shu bilan birga, kichik tadbirkorlik subyektlari, jumladan, xususiy tibbiyot muassasalariga davlat mulkini ijaraga olishning maksimal muddatini amaldagi normalarga muvofiq 5 yildan 10 yilgacha uzaytirish koʻzda tutilgan. Bunda sogʻliqni saqlash muassasalarining davlat mulkidan foydalanish uchun ijara toʻlovining eng kam stavkasini 20 foizga qisqartirish nazarda tutilgan.

Yangi tibbiyot obyektlari barpo etadigan va mavjudlarini rekonstruksiya qiladigan xususiy tibbiyot muassasalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa vakolatli organlarga ularning muhandislik-kommunal infratuzilma obyektlaridan hech qanday toʻsiqlarsiz foydalanishini eʼtiborga olgan holda, ularga yer uchastkalari, bino va xonalar ajratish vazifasi topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga ikki oy muddatda yuridik va jismoniy shaxslar, jumladan, xususiy tibbiyot muassasalariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, xususan, tibbiy xizmatlarni, ayniqsa, qishloq joylar va olis tumanlarda koʻrsatish uchun yer uchastkalari ajratishda qoʻshimcha imtiyozlar berish toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Xususiy tibbiyot muassasalariga kredit ajratish va ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga “Oʻzmed-lizing” ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasi ustav kapitalini koʻpaytirish orqali, shuningdek, xorijiy investorlar mablagʻlarini jalb etish hisobidan tibbiyot muassasalariga zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar xarid qilish hajmini kengaytirish va lizingga berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida aniq takliflar kiritish topshirildi.

Tijorat banklariga xususiy tibbiyot muassasalariga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, jumladan, xorijdan sotib olish, boshlangʻich kapitalni shakllantirish, tibbiy xizmatlar koʻrsatish maqsadida bino va inshootlar xarid qilish uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, aholiga zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, jumladan, bank kredit kartalari bilan hisob-kitob qilish asosida xususiy tibbiyot muassasalarining tibbiy xizmatlaridan foydalanish uchun isteʼmol kreditlari taqdim etish tavsiya etilgan.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, qarorda tibbiyotning xususiy sohasiga, ayniqsa, yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va xorijiy kapital ishtirokida qoʻshma tibbiyot muassasalari tashkil etish orqali ilgʻor xalqaro tajribani joriy etishni kengaytirishga doir chora-tadbirlar koʻzda tutilgan. Mazkur qarorda xususiy tibbiyot muassasalarida ishlashga jalb etiladigan xorijlik shifokorlar va zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalariga xizmat koʻrsatadigan texnik mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomalari doirasida olinadigan daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslar daromad soligʻi hamda yagona ijtimoiy toʻlovlardan ozod etilishi belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston xususiy amaliyot vrachlari assotsiatsiyasiga Oʻzbekistonda Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya, Germaniya va boshqa davlatlarning yetakchi tibbiyot markazlari hamda klinikalari bilan hamkorlikda yirik davolash-tashxis qoʻyish muassasalari tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va kiritish tavsiya etildi. Bunda qarorga koʻra, xususiy tibbiyot muassasalarining xorijlik xodimlari boshqaruv personali sifatidagi faoliyatidan oladigan daromadlari jismoniy shaxslar daromad soligʻidan ozod etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligiga xususiy tibbiyot tashkilotlarida ishlash uchun jalb etiladigan xorijlik shifokorlar va tibbiyot asbob-uskunalariga xizmat koʻrsatadigan texnik mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasiga kirish va yashash uchun ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam koʻrsatish topshirildi.

Xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini keng koʻlamda ragʻbatlantirish tibbiy sugʻurta tizimini keng joriy etgan holda, aholiga davlat tomonidan koʻrsatiladigan kafolatli bepul tibbiy yordam bilan birga, sifatli va arzon tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadigan pulli tibbiy xizmatlar bozorini jadal rivojlantirishni taqozo etadi.

Shu munosabat bilan qarorda tibbiy sugʻurta sohasidagi oʻzaro munosabatlarni tartibga solish, ixtiyoriy va majburiy tibbiy sugʻurtaning huquqiy asoslarini belgilash, sugʻurta polislari boʻyicha kafolatli yuqori sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatish, fuqarolar uchun tibbiy sugʻurta tizimida ishtirok etishda ragʻbatlantiruvchi imtiyoz va preferensiyalar yaratish va boshqa masalalarga qaratilgan “Tibbiy sugʻurta toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirishni ragʻbatlantirish, xalqimiz uchun munosib va sifatli hayot sharoitlarini yaratishga doir amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarning mantiqiy davomi, shuningdek, “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan ezgu gʻoyani hayotga izchil tatbiq etish borasidagi navbatdagi muhim qadamdir.

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 14-son, 217-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2017-y., 06/17/5212/0153-son; 16.03.2018-y., 07/18/3606/0903-son; 17.04.2019-y., 07/19/4290/2959-son; 08.11.2019-y., 07/19/4513/4011-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son, 06.05.2021-y., 06/21/6221/0428-son, 30.09.2021-y., 06/21/6318/0927-son, 30.09.2021-y., 06/21/6318/0927-son, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son, 12.04.2022-y., 06/22/102/0291-son; 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)