O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi PLENUMINING
Qarori
Jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini ijro etishga oid qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida
Sud amaliyotida hukm, ajrim va qarorlarni ijro etishda masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan hamda qonunlarning bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, qonuniy kuchga kirgan sud hukmi, ajrimi va qarorlarini ijro etish jarayonida qator huquqiy masalalar kelib chiqishi mumkin bo‘lib, ular Jinoyat-protsessual kodeksi (keyingi matnlarda JPK deb yuritiladi) 58 va 59-boblariga muvofiq faqat sud majlisida hal etiladi.
2. JPK 528-moddasiga muvofiq, sud hukmi apellyatsiya shikoyati (protesti) berish uchun belgilangan muddat o‘tgandan so‘ng, apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan hollarda esa, ish yuqori turuvchi sud tomonidan ko‘rilgan kuni qonuniy kuchga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs uni JPK 49710-moddasiga asosan chaqirib olgan hollarda, basharti boshqa shaxslar tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati yoki prokuror protesti bo‘lmasa, hukm JPK 528-moddasining ikkinchi qismi qoidasiga ko‘ra, apellyatsiya ish yurituvi tugatilganligi to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kuni qonuniy kuchga kirgan hisoblanadi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Mustaqil ravishda shikoyat berilmaydigan sud ajrimlari darhol qonuniy kuchga kiradi va ijroga qaratiladi (JPK 530-moddasi ikkinchi qismi). Ularning qonuniyligi va asosliligiga yuqori instansiya sudi tomonidan ishni mazmunan ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha baho beriladi.
3. Hukm, ajrim va qarorlarni (bundan buyon matnda-hukmni) ijro etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish va hal etish bo‘yicha ish yuritish JPK 59-bobida nazarda tutilgan. Ularga quyidagi masalalar kiradi:
hukm ijrosini kechiktirish (JPK 533-moddasi) to‘g‘risida;
mahkumni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilish (JPK 534-moddasi) to‘g‘risida;
jazoning shartliligini bekor qilish (JPK 535-moddasi) to‘g‘risida;
mahkumni jazoni o‘tashdan shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish (JPK 536-moddasi) to‘g‘risida;
mahkumni jazoni o‘tashdan amnistiya aktiga asosan ozod qilish (JPK 536-1-moddasi) to‘g‘risida;
jazoni o‘tash vaqtida ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarning saqlash sharoitlarini o‘zgartirish (JPK 537-moddasi) to‘g‘risida;
mahkumni tergov hibsxonasiga joylashtirish (JPK 538-moddasi) to‘g‘risida;
Oldingi tahrirga qarang.
jarima, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash jazolarini boshqa jazo choralari bilan almashtirish (JPK 539-moddasi) to‘g‘risida;
(3-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
hukmlarning fuqaroviy da’voga va boshqa mulkiy undiruvlarga oid qismini ijro etishda yuzaga kelgan masalalarni hal etish (JPK 539-1-moddasi) to‘g‘risida;
hukmlarni boshqa ijro etilmagan hukmlar mavjud bo‘lganda ijro etish (JPK 540-moddasi) to‘g‘risida;
sinov muddatini qisqartirish (JPK 543-moddasi) to‘g‘risida;
sudlanganlik holatini olib tashlash (JPK 544-moddasi) to‘g‘risida;
axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tash vaqtini mahkumning umumiy ish stajiga qo‘shish (JPK 545-moddasi) to‘g‘risida;
xizmat bo‘yicha cheklash, intizomiy qismda saqlash vaqtini harbiy xizmat muddati hisobiga kiritish (JPK 546-moddasi) to‘g‘risida.
4. Sud ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxsga nisbatan hukm ijrosini, faqat JPK 533-moddasida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud bo‘lganda, kechiktirishi mumkin. Kechiktirish uchun asos bo‘lgan holatlar barham topgandan yoki sud tomonidan belgilangan kechiktirish muddati tugagandan so‘ng hukm uni chiqargan sud tomonidan ijroga qaratilishi shart, amnistiya akti qo‘llanilgan yoki qilmishning jinoiyligini istisno etadigan yangi qonun qabul qilingan hollar bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
41. Sudlar, mahkum jazoni o‘tashiga monelik qiladigan darajada og‘ir kasal bo‘lib qolganida, — u sog‘ayguniga qadar kechiktirilgan hukm ijrosi yuzasidan har olti oyda kamida bir marta ekspertiza tayinlagan holda mahkumning sog‘lig‘ini aniqlash choralarini ko‘rishlari lozim.
(41-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
5. JPK 533-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, sud hukmning jarima solishga oid qismi ijrosini olti oygacha kechiktirishga yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashni belgilashga haqli.
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Shuni nazarda tutish lozimki, qonunning mazkur normasida hukmning jarimaga yoki ziyonni qoplashga oid qismi bo‘yicha to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash (ijroni uzaytirish) uchun belgilanadigan muddat chegaralanmagan. Bunday hollarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash davri, shuningdek oylik to‘lovlar summasi, sud tomonidan ishning muayyan holatlarini va mahkumning moddiy ahvolini e’tiborga olib hal qilinadi.
6. Agar shaxs jazoni o‘tash davrida surunkali ruhiy yoki boshqa og‘ir kasallikka chalingan bo‘lsa va bu holat jazoni o‘tashga to‘sqinlik qilsa, qonun uni jazodan ozod qilishga yo‘l qo‘yadi (JK 75, JPK 534-moddalari).
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur masalani hal etishda sudlar nazarda tutishlari lozimki, ruhiy holati surunkali buzilgan shaxsni jazodan ozod qilish uchun sodir etilgan jinoyatning xususiyati va og‘irligi, shaxsning xulq-atvori, tayinlangan va o‘talgan jazo muddati hamda boshqa holatlar ahamiyat kasb etmaydi. Boshqa turdagi og‘ir kasallikka chalingan shaxsni jazodan ozod qilish uchun sud mahkumning kasali Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2008-yil 13-avgustdagi 12/9 sonli qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligida 2008-yil 9-sentabrda 1854-son bilan ro‘yxatga olingan “Mahkumlarni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar ro‘yxati”ga kiritilganligini inobatga olishi shart.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
7. Shartli hukm qilinganda tayinlangan sinov muddatini qisqartirish masalasi (JPK 543-moddasi) sud tomonidan shartli hukm qilingan shaxs xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ taqdimnomasi, shuningdek mahkum yoki uning himoyachisi yoxud jamoat birlashmasi yoki jamoatchilik iltimosnomasi bo‘yicha ko‘rib chiqiladi (JPK 532, 40-moddalari).
8. JK 72-moddasi beshinchi qismiga muvofiq, sud sinov muddati davomida shartli hukm qilingan shaxs xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ taqdimnomasi bo‘yicha shartli hukm qilingan shaxsga nisbatan:
muqaddam belgilangan majburiyatlarni to‘liq yoki qisman bekor qilishi mumkin, basharti mahkum unga yuklatilgan majburiyatlarni vijdonan bajarayotganligi, yashash, ishlash, o‘qish yoki xizmat joyida ijobiy tavsiflanayotganligi, uning xulqi ustidan shikoyat kelib tushmaganligi, shuningdek, boshqa holatlar (homiladorlik yoki bola tug‘ilishi, pensiya yoshiga to‘lishi, nogironlik va h.k.) aniqlansa;
yangi majburiyatlar yuklashi mumkin, basharti mahkum uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organga unga nisbatan yuklatilgan majburiyatlarga rioya etayotganligi to‘g‘risida xabar bermaganligi, ushbu majburiyatlarni bajarmaganligi, o‘sha organ chaqiruvi bo‘yicha yetib kelmaganligi, shuningdek mahkumga boshqa majburiyatlar yuklash maqsadga muvofiqligidan dalolat beruvchi boshqa holatlar aniqlansa.
9. Agar mahkum sinov muddati davomida sud tomonidan unga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmasa yoki jamoat tartibini yoxud mehnat intizomini buzsa, sud uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ taqdimnomasi bo‘yicha jazoning shartliligini bekor qilish va hukmda belgilangan jazoni ijro etish to‘g‘risida (JK 72, JPK 535-moddalari) ajrim chiqarishi mumkin.
Bunda sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarning mahkum tomonidan bajarilmasligi deganda, shartli hukm qilingan shaxsning belgilangan muddatda yetkazilgan ziyonni qoplashdan, ishga yoki o‘qishga joylashishdan bosh tortishi, uning xulqi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organga yashash, ishlash yoki o‘qish joyi o‘zgarganligi to‘g‘risida xabar bermasligi, mazkur organga vaqti-vaqti bilan ro‘yxatdan o‘tish uchun kelmasligi, sud tomonidan taqiqlangan joylarga borishi, belgilangan vaqtda yashash joyida bo‘lmasligi, alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik yoki tanosil kasalliklariga qarshi davolanish kursini o‘tashdan bosh tortishi tushunilishi lozim.
Mahkum tomonidan jamoat tartibi yoki mehnat intizomini buzish u tomonidan sinov muddati davomida, tegishlicha, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi yoki mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etishda ifodalanib, ular faqat shaxsga nisbatan ma’muriy jazo yoki intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgandagina, jazoning shartliligi bekor qilinishiga olib keladi.
JK 72-moddasi oltinchi qismi mazmuniga ko‘ra, sud sodir etilgan huquqbuzarlik xususiyatini, mahkumning shaxsiga oid ma’lumotlarni va uning sinov muddati davridagi xulq-atvorini inobatga olib, jazoning shartliligini bekor qilish to‘g‘risidagi taqdimnomani rad etishi mumkin.
10. Shartli hukm qilingan shaxs tomonidan sinov muddati davomida yangi jinoyat sodir etilganda, sud uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ taqdimnomasi bor-yo‘qligidan qat’iy nazar, yangi hukm chiqarish paytida birinchi hukm bo‘yicha tayinlangan jazoning shartliligini bekor qiladi va JK 60-moddasi qoidalari bo‘yicha jazo tayinlaydi.
11. Agar amnistiya akti hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar e’lon qilingan bo‘lsa, uni qo‘llash masalasi hukm chiqargan sud tomonidan hukmni ijro etishda yuzaga kelgan noaniqlik sifatida (JPK 541-moddasi birinchi qismi), mahkum tomonidan unga nisbatan amnistiya aktini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma berilganligi yoki berilmaganligidan qat’iy nazar, ko‘rib chiqilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar amnistiya akti hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng, lekin u ijroga qaratilgunga qadar (JPK 528-moddasining to‘rtinchi qismi) e’lon qilingan bo‘lsa, amnistiya aktini qo‘llash masalasi amnistiya aktida belgilangan tartibda hal etiladi.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Amnistiya akti hukm qonuniy kuchga kirgan va ijroga qaratilganidan keyin e’lon qilingan hollarda, uni qo‘llash to‘g‘risidagi masala JPK 536-1-moddasida belgilangan tartibda mahkum jazo o‘tayotgan joydagi sud tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.
12. Sud qarorlarining to‘liq va tushunarliligi ularni samarali ijro etishning muhim shartlaridan biri hisoblanishi tufayli, har bir hukm JPK 457-moddasiga ko‘ra hukm chiqarish chog‘ida sud hal etishi shart bo‘lgan barcha masalalarga javoblarni o‘zida aks ettirishi lozim. Ayblov yoki oqlov hukmining qaror qismida JPK 468, 470 va 471-moddalarida nazarda tutilgan masalalar shunday tarzda hal qilinishi va bayon etilishi lozimki, toki hukm ijrosi paytida hech qanday qiyinchilik yuzaga kelmasin.
13. Tushuntirilsinki, sud zarurat tug‘ilganda, hukm chiqarish paytida yo‘l qo‘yilgan har qanday shubha va noaniqliklarni JPK 542-moddasi tartibida hukm mohiyatini o‘zgartirmagan va mahkumning ahvolini og‘irlashtirmagan holda hal etishga haqli. Bunday masalalarga, jumladan quyidagilar kiradi:
1) hukm chiqarilgunga qadar e’lon qilinib, jazodan ozod qilishni yoki jazoni qisqartirishni (kamaytirishni) nazarda tutuvchi amnistiya aktini qo‘llash to‘g‘risidagi, agar sud hukm chiqarish paytida mazkur masala muhokamasiga kirishmagan bo‘lsa;
Oldingi tahrirga qarang.
2) ehtiyot chorasini bekor qilish to‘g‘risidagi, agar sudlanuvchi oqlangan yoki u jazodan ozod qilinib, sudning hukmida ehtiyot chorasini bekor qilish ko‘rsatilmagan bo‘lsa;
(13-bandning 2-kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
3) surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan hukmning fuqaroviy da’voga oid qismi ijrosini ta’minlash uchun (JPK 290-moddasi birinchi qismi) qo‘llanilgan mol-mulkni xatlash chorasini bekor qilish to‘g‘risidagi, agar oqlov hukmi chiqarilganda yoki da’vo rad etilganda bu choralar hukmda bekor qilinmagan bo‘lsa;
4) ushlab turish, dastlabki qamoq, uy qamog‘i vaqtini jazoni o‘tash muddatiga qo‘shib hisoblash to‘g‘risidagi, agar sud hukmida bunday hisoblash amalga oshirilmagan yoki uni hisoblashda noaniqlikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa;
5) bir necha hukm majmui bo‘yicha jazo tayinlashda o‘talgan jazoni qo‘shib hisoblash to‘g‘risidagi, agar bunday hisob sud hukmida amalga oshirilmagan yoki noaniq hisoblangan bo‘lsa;
6) ashyoviy dalillar taqdiri, shu jumladan, jinoyat qurollarini musodara qilish to‘g‘risidagi, agar bu hukmda yoki amnistiya aktini qo‘llash haqidagi sud ajrimida hal etilmagan bo‘lsa;
7) sud xarajatlari miqdorini aniqlash va ularni taqsimlash to‘g‘risidagi, agar bu masalalar sud hukmida o‘z yechimini topmagan bo‘lsa;
8) sud tomonidan tayinlangan advokat mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risidagi, agar bu masala hukm chiqarish bilan bir vaqtda hal etilmagan bo‘lsa;
9) ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan shaxsning qarovsiz va yordamchisiz qolgan voyaga yetmagan bolalari, keksa ota-onalari, boshqa qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar taqdiri (ularni qarindoshlari yoki boshqa shaxslar yoxud muassasalar homiyligi yoki vasiyligiga berish) to‘g‘risidagi, agar sud bu masalalarni hukm chiqarish paytida hal etmagan bo‘lsa;
10) mol-mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi, agar qonunga ko‘ra, undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk xatlangan bo‘lsa;
11) ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxsning qarovsiz qolgan mol-mulkini qo‘riqlash choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi;
12) ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxs uchun jazoni o‘tash koloniyasi turini belgilash to‘g‘risidagi, agar hukmda jazoni o‘tash koloniyasi turi belgilanmagan bo‘lsa;
13) lavozim yoki faoliyat turini aniqlash to‘g‘risidagi, agar hukmda muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish tariqasidagi jazoni tayinlashda lavozim yoki faoliyat turi belgilanmagan bo‘lsa;
Oldingi tahrirga qarang.
14) alkogolizmga, giyohvandlikka, zaharvandlikka yo‘liqqan yoxud aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash (JK 96-moddasi) to‘g‘risidagi, agar sud asoslar mavjud bo‘la turib, hukm chiqarish paytida ushbu masalani hal etmagan bo‘lsa;
(13-bandning 14-kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
15) mahkumning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki shaxsiga doir boshqa ma’lumotlarni yozishda hukmda yo‘l qo‘yilgan xatolarni, shuningdek, arifmetik va/yoki imlo xatolarni bartaraf etish to‘g‘risidagi, agar bu aniq ko‘rinib turgan bo‘lib, ularning tuzatilishi shubha tug‘dirmasa;
16) jinoyat quroli deb topilgan mol-mulk va buyumlarni qaytarish to‘g‘risidagi, agar bu masala oqlov hukmi chiqarilgan yoki jinoyat ishi reabilitatsiya asoslari bo‘yicha tugatilgan paytda hal etilmagan bo‘lsa;
17) garov predmeti taqdiri to‘g‘risidagi, agar sud hukm chiqarish paytida mazkur masalani hal qilmagan bo‘lsa;
18) depozitga qo‘yilgan pul mablag‘lari taqdiri to‘g‘risidagi, agar sud hukm chiqarish paytida mazkur masalani hal qilmagan bo‘lsa;
19) jinoyat quroli yoki jinoyat yo‘li bilan orttirilgan deb topilgan mol-mulk va buyumlar ro‘yxatiga aniqlik kiritish to‘g‘risidagi, agar hukmda ularning faqat bir qismi musodara etilishi ko‘rsatilgan bo‘lsa;
20) jarima yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxsdan ushlab qolingan summalarni qaytarib berish to‘g‘risidagi, agar hukm yuqori turuvchi sud tomonidan keyinchalik, jarima qisman yoki to‘liq to‘langandan yoxud axloq tuzatish ishlari qisman yoki to‘liq o‘talgandan keyin, bekor qilingan va ish JPK 83-moddasi yoki 84-moddasi birinchi qismining 1, 2, 4 — 8-bandlariga muvofiq tugatilgan bo‘lsa;
21) shartli hukm qilingan shaxsga yuklatilgan majburiyatlarga aniqlik kiritish to‘g‘risidagi, agar ular hukmda noaniq bayon etilgan bo‘lsa;
22) ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxsga nisbatan belgilangan taqiq (cheklov)larga aniqlik kiritish to‘g‘risidagi, agar ular hukmda noaniq bayon etilgan bo‘lsa.
14. Sud tomonidan JPK 542-moddasi tartibida quyidagi masalalar ham ko‘rib chiqiladi:
1) ozodlikdan mahrum qilingan yoki ozodligi cheklangan va qidiruv e’lon qilingan mahkumga nisbatan ehtiyot chorasini qo‘llash yoki bekor qilish to‘g‘risidagi;
2) ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxsga nisbatan belgilangan taqiq (cheklov)larni to‘liq yoki qisman bekor qilish to‘g‘risidagi;
3) mahkumni mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilish to‘g‘risidagi;
4) jazoni ijro etish muddati o‘tib ketganligi munosabati bilan mahkumni asosiy va qo‘shimcha jazodan ozod qilish to‘g‘risidagi;
5) tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari muddatini uzaytirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi (JK 95-moddasi).
15. Hukmni ijro etish bilan bog‘liq masalalar quyidagi sudlar tomonidan hal etiladi:
JPK 541-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan masalalar — hukm chiqargan sud tomonidan, ya’ni birinchi instansiya yoki apellyatsiya instansiyasi (oqlov hukmi chiqarilganda) sudi tomonidan;
JPK 541-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan masalalar — mahkum jazoni o‘tayotgan joydagi (iltimosnoma yoki taqdimnoma sudga kelib tushganidan so‘ng mahkum boshqa jazoni ijro etish koloniyasiga o‘tkazilganda, u amalda jazoni o‘tayotgan joydagi) tuman (shahar) sudi tomonidan;
JPK 541-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan masalalar — mahkumning yashash joyidagi tuman (shahar) sudi tomonidan.
Oldingi tahrirga qarang.
Hukmni ijro etish bilan bog‘liq, JPK 541-moddasida nazarda tutilgan masalalar, ish apellyatsiya, kassatsiya, taftish instansiyasida ko‘rilganligidan qat’iy nazar, yuqorida ko‘rsatilgan sudlar tomonidan hal etiladi.
(15-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16 dekbrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Hukmni ijro etish bilan bog‘liq masalalarni hal etishda sudlovga tegishlilik qoidasi buzilishi jinoyat-protsessual qonunini buzish hisoblanadi.
16. Hukmni ijro etish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha iltimosnoma yoki taqdimnoma sudga kelib tushganida, sud quyidagilarni tekshiradi:
u mazkur sudda ko‘rilishi lozim yoki yo‘qligini;
u tegishli shaxs yoki vakolatli organ tomonidan berilgan-berilmaganligini;
unga masalani mazmunan hal etish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va tegishli sud qarorlari nusxalari ilova etilgan-etilmaganligini.
Agar kelib tushgan materiallarda iltimosnoma yoki taqdimnomani ko‘rib chiqish uchun yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa va ularni sud majlisida to‘ldirishning iloji bo‘lmasa, ularni ko‘rishga tayyorlash chog‘ida sudya o‘z ajrimi bilan bu materiallarni tegishli ravishda rasmiylashtirish uchun qaytaradi. Jazoni ijro etish muassasasi yoki organi ma’muriyati taqdim etishi shart bo‘lgan hujjatlar mavjud bo‘lmagan holda sud mahkum, uning qonuniy vakili yoki himoyachisining iltimosnomasini qabul qilishni rad etishga haqli emas. Sud mahkum, uning qonuniy vakili yoki himoyachisi, shuningdek, jazoni ijro etish muassasasi yoki organi ma’muriyatiga zarur ma’lumotlarni to‘plashda ko‘maklashishi lozim.
Materiallarni ko‘rishga tayyorlash chog‘ida sudya sud majlisi joyi, sanasi va vaqtiga, sud majlisi ishtirokchilarini xabardor qilishga doir masalalarni hal etadi.
JPK 542-moddasiga muvofiq hukmni ijro etish bilan bog‘liq masalalariga oid materiallarni ko‘rishda prokuror ishtiroki majburiy hisoblanadi.
17. JPK 59-bobida sud tomonidan hukmni ijro etish bilan bog‘liq materiallarni ko‘rib chiqish muddatlarini tartibga soluvchi norma mavjud emasligi tufayli, sudlar JPK 585-moddasi birinchi qismi va 590-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar analogiyasi bo‘yicha, materiallar sudga kelib tushgan paytdan e’tiboran o‘n sutkadan kechiktirmay, ularni hal etishni ta’minlashlari lozim.
18. JPK 22-moddasi uchinchi qismi qoidalaridan kelib chiqib, hukmni ijro etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha chiqarilgan sud ajrimlari qonuniy va asoslantirilgan bo‘lishi kerak. JPK 59-bobida belgilangan tartibda sud, jumladan, jazoni almashtirish, yengillashtirish, jazoni o‘tashdan ozod qilish masalalarini ham hal etishini inobatga olgan holda sud ajrimi, shuningdek jinoyat-huquqiy odillik prinsipiga ham javob berishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Hukmni ijro etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha chiqarilgan sud ajrimi apellyatsiya shikoyati (protesti) berish uchun belgilangan muddat o‘tishi bilan qonuniy kuchga kiradi (JPK 49711-moddasi).
(18-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
19. Hukmni ijro etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqayotgan sud ushbu masalalarga oid materiallarni ko‘rish chog‘ida jazoni ijro etish muassasasi yoki organi ma’muriyati tomonidan qonun talablari buzilishi holatlarini aniqlasa, xususiy ajrim chiqarishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi vaqti-vaqti bilan hukmni ijro etish bilan bog‘liq materiallarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyotini umumlashtirishlari va yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarini o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rishlari lozim.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oliy sud raisi Sh. GAZIYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi D. KAMILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 27-dekabr,
27-son