Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida
Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid qonunlarni qoʻllashda sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid qonun talablarini aniq va ogʻishmay bajarish mahkumlarni qayta tarbiyalash, takroran jinoyatlar sodir etilishining oldini olish hamda insonparvarlik kabi jinoyat-huquqiy prinsipni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
2. Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish (JK 73, 89-moddalari) va jazoni yengilroq jazo turi bilan almashtirishga oid (JK 74, 90-moddalari) masalani sudlar har bir mahkumga alohida yondashuvni taʼminlagan holda hal etishlari lozim.
Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilroq jazo bilan almashtirish, faqat sud tomonidan tayinlangan jazoning qonunda nazarda tutilgan qismini oʻtash paytida (hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar ushlab turilgan, qamoqda, uy qamogʻida saqlangan vaqtni hisobga olgan holda) oʻrnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda boʻlgan mahkumlarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Shuni taʼkidlash lozimki, muqaddam jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoki jazosi yengilrogʻi bilan almashtirilgan voyaga yetmagan mahkum jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etsa, unga nisbatan JK 89, 90-moddalari umumiy asoslarda qoʻllaniladi
3. Jazo amnistiya (afv) aktiga koʻra, qisqartirilgan yoki sud tomonidan kamaytirilgan hollarda jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishni qoʻllashda, jazoning haqiqatda oʻtalgan qismi amnistiya (afv) akti qoʻllanilganidan keyin qolgan yoki sud ajrimi (qarori)da koʻrsatilgan jazo muddatidan kelib chiqib hisoblanishi lozim.
Agar shaxs turli toifaga oid bir necha jinoyat yoki bir necha hukm majmui boʻyicha sudlangan boʻlsa, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish masalasini hal etishda, jinoyatlar yoki hukmlar majmui boʻyicha tayinlangan uzil-kesil jazodan kelib chiqish lozim. Jazoning uni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrogʻi bilan almashtirish imkoniyatini beruvchi va haqiqatda oʻtalishi shart boʻlgan jazo muddatini hisoblashda, sudlar jinoyatlar va hukmlar majmuiga kiruvchi va eng ogʻir jinoyat uchun JK 73, 74, 89, 90-moddalari uchinchi qismi “a” “b” “v” bandlarida nazarda tutilgan qoidalarni qoʻllashlari lozim;
Oldingi tahrirga qarang.
JK 73-moddasining 4-qismida koʻrsatilgan shaxslar boshqa jinoyat sodir etganligi aniqlanib, keyingi hukm boʻyicha jazolar JKning 59-moddasi 8-qismi yoki 60-moddasi tartibida qoʻshilganda, JK 73-moddasining 4-qismida nazarda tutilgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan boʻlsa jazoning oʻtalmagan qismi yengilrogʻi bilan almashtirilishi yoki jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari ozod qilinishi mumkin emas.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
31. Jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish:
a) umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxsga;
b) oʻta xavfli retsidivistga;
v) uyushgan guruh yoki jinoiy uyushmaning tashkilotchi va qatnashuvchilariga;
g) javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirganlik, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zoʻrlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirganlik, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxsni jinsiy aloqada boʻlish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish bilan bogʻliq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik, oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirganlik yoki unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qoʻshmachilik qilganlik, fohishaxonalarni tashkil etganlik yoki saqlaganlik, Oʻzbekiston Respublikasiga, tinchlikka va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlik, yadroviy, kimyoviy, biologik va boshqa xildagi ommaviy qirgʻin qurollarini, shunday qurollarni ishlab chiqarish uchun foydalanish mumkinligi ayon boʻlgan material va uskunalarni, kontrabanda qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 20-noyabrdagi 30-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
d) jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoki jazosi yengilrogʻi bilan almashtirilgan va jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qoʻllanilmaydi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan “d” kichik band bilan toʻldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Sudlarga tushuntirilsinki, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish chogʻida mahkumning zimmasiga JK 73-moddasi beshinchi qismidagi majburiyatlar yetarli asoslar mavjud boʻlgan taqdirdagina yuklanishi mumkin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
5. JK 74-moddasiga muvofiq ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash yoki axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtayotgan shaxsga nisbatan sud jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo turi bilan almashtirishi mumkin. Buning uchun mahkum tomonidan jazoning qonunda belgilangan qismi haqiqatda oʻtalganligi, mazkur jazo turi uchun oʻrnatilgan tartib-qoida talablarining bajarilganligi va mehnatga halol munosabatda boʻlganligi asos boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shuni nazarda tutish lozimki, JK 74-moddasi toʻrtinchi qismiga koʻra, ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmagan qismini axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilganda, u ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmagan qismi muddatiga tayinlanadi. Ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash, axloq tuzatish ishlarining oʻtalmagan qismi jarima jazosi bilan almashtirilganda esa, sudlar JK 44-moddasining uchinchi qismi yoki 82-moddasi ikkinchi qismi qoidalariga rioya etishlari va bunda jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqishlari lozim.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
6. Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish instituti JK 74-moddasiga muvofiq jazosi yengilroq jazo turi bilan almashtirilgan shaxslarga nisbatan ham qoʻllanilishi mumkin. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, mahkum tomonidan yengilroq jazoning JK 73-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga binoan, mazkur jazo ijrosi boshlangan kundan hisoblanadigan muayyan muddati amalda oʻtalganidan soʻng u jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi mumkin.
7. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, ular nafaqat mahkumlarni jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishni asossiz ravishda rad etishga, balki asossiz ravishda jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga ham yoʻl qoʻymasliklari lozim.
Sud qonunda nazarda tutilmagan asoslar, jumladan, oldingi jinoyatlari uchun sudlanganlik holati mavjudligi, tayinlangan jazo yengilligi, mahkum aybiga iqror emasligi, muayyan jazoni ijro etish muassasasida qisqa vaqt mobaynida boʻlganligi va h.k. boʻyicha jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishni rad etishga haqli emas. Sodir etilgan jinoyat xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi (uning ogʻirligi va oqibatlari) ham iltimosnoma yoki taqdimnomani rad etish uchun asos boʻlmaydi, chunki bu holatlar jazo tayinlangan vaqtda inobatga olingan boʻlib, bundan tashqari, JK 73, 74, 89 va 90-moddalarida nazarda tutilgan muddatlar belgilanishi mezoni hisoblanadi.
Mahkumda jazoni ijro etish davrida qoʻllanilgan taʼsir choralarining mavjudligi, oʻz-oʻzidan, uning tayinlangan jazoni oʻtashni davom ettirishi zarurligidan dalolat bermaydi. Mazkur masalani hal etishda, har doim, nafaqat bevosita iltimosnoma kiritilishi arafasida, balki jazoni oʻtashning butun davrida mahkum tomonidan yoʻl qoʻyilgan har bir tartib-buzarlikning muayyan holatlari, ogʻirligi va xususiyati, taʼsir choralari olib tashlanishi yoki tugallanishiga oid maʼlumotlar, oxirgi taʼsir chorasi qoʻllanilganidan soʻng oʻtgan vaqt, mahkumning keyingi xulq-atvori va uni tavsiflovchi boshqa maʼlumotlar inobatga olinishi lozim.
8. Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid masalani hal etishda sud jazoning oʻtalmagan qismini JK 72-moddasi tartibida shartliga almashtirishga haqli emas. Bunda sud, faqat, iltimosnomani qanoatlantirishi yoki rad etishi mumkin.
Agar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid iltimosnoma sudga kelib tushgandan soʻng mahkumni jazodan ozod qilishni yoki unga nisbatan tayinlangan jazoni qisqartirishni (kamaytirishni) nazarda tutuvchi amnistiya akti eʼlon qilinsa, sud muhokamasi boshlanganidan qatʼiy nazar, sud iltimosnomani koʻrmasdan qoldiradi va bu haqda jazoni ijro etuvchi organga xabar beradi.
9. Qoʻshimcha jazo tayinlangan mahkumni asosiy jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish chogʻida, sudlar mahkumni oʻtalmagan qoʻshimcha jazodan ozod qilish toʻgʻrisidagi masalani ham muhokama qilishlari lozim (JK 73-moddasi birinchi qismi).
Qoʻshimcha jazo qisman oʻtalganda, sud shaxsni qoʻshimcha jazoning qolgan qismidan toʻliq yoki qisman ozod qilishga oid masalani hal etishga haqli. Sudning mazkur masalaga oid qarori ajrimning qaror qismida bayon etilishi lozim.
Agar mahkum asosiy jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinib, qoʻshimcha jazodan ozod qilish toʻla yoki qisman rad etilgan boʻlsa, qoʻshimcha jazodan ozod qilish toʻgʻrisida takroran qoʻyilgan masala JIK 164-moddasi beshinchi qismida belgilangan muddatlarga rioya etilgan holda koʻrib chiqilishi mumkin.
10. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JPK 536-moddasi birinchi qismiga muvofiq, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid masala, jinoyat ishi qaysi sudlovga tegishliligidan qatʼiy nazar, mahkum jazoni oʻtayotgan jazoni oʻtash muassasasi yoki jazoni ijro etuvchi organ (bundan buyon matnda-jazoni ijro etuvchi organ) joylashgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi, harbiy sudi sudyasi tomonidan yakka tartibda hal etiladi.
Agar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid (jumladan, sud qarori bekor qilinib, ish yangitdan sudda koʻrishga yuborilganda) iltimosnoma sudga kelib tushgandan soʻng mahkum boshqa jazoni oʻtash muassasasiga oʻtkazilgan boʻlsa, material shu muassasa joylashgan joydagi sudda koʻriladi. Bunday hollarda sud iltimosnoma va taqdim etilgan materiallarni darhol mahkum jazoni oʻtayotgan joydagi sudga yuborishi shart.
Mahkum tergov harakatlari yoki sud muhokamasiga jalb etilishi munosabati bilan vaqtincha tergov hibsxonasiga oʻtkazilganda, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid iltimosnoma mahkum tergov hibsxonasiga oʻtkazilgunga qadar saqlangan jazoni ijro etuvchi organ joylashgan joydagi sudga yuborilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Jazoni ijro etuvchi organning jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid taqdimnomasini oʻz ish yurituviga qabul qilish masalasini hal etishda, sudya u JIK 164-moddasi ikkinchi qismi talablariga javob berish-bermasligini va taqdim etilgan materiallarda mahkumning xulq-atvorini, uning butun jazoni oʻtash davrida mehnatga va oʻqishga nisbatan boʻlgan munosabatini tavsiflovchi maʼlumotlar, mahkumning jazo oʻtashi uchun asos boʻlgan hujjatlar nusxalari, jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar toʻliq yoki qisman qoplanganligi, mahkum muqaddam JK 73 va 74-moddalariga asosan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinganligi yoki jazosi yengilrogʻi bilan almashtirilganligi toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar mavjud-mavjud emasligini tekshirishi lozim.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Agar taqdim etilgan materiallarda taqdimnomani koʻrib chiqish uchun yetarli maʼlumotlar mavjud boʻlmay, ularni sud majlisida toʻldirishning iloji boʻlmasa, sudya taqdimnomani koʻrishga tayyorlash davomida oʻzining ajrimi bilan mazkur materiallarni tegishli tarzda rasmiylashtirish uchun qaytaradi.
Sudya mahkumning, uning qonuniy vakili, shuningdek, advokatning jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid iltimosnomasini qabul qilishni jazoni ijro etuvchi organ taqdim etishi shart boʻlgan hujjatlar yoʻqligi sababli rad etishga haqli emas. JIK 164-moddasi birinchi va uchinchi qismlari mazmuniga koʻra, bunday hollarda iltimosnoma nusxasi lozim darajada rasmiylashtirilgan materiallar keyinchalik sudga taqdim etilishi uchun jazoni ijro etuvchi organga yuboriladi.
Mahkumning yoki jazoni ijro etuvchi organ vakilining iltimosiga koʻra, sudya ularga mahkum yoki jazoni ijro etuvchi organ tomonidan olinishi yoki talab qilinishi mumkin boʻlmagan maʼlumotlarni toʻplashda koʻmaklashishi mumkin.
12. Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid iltimosnoma advokat tomonidan JIK 164-moddasiga muvofiq berilgan hollarda, u sud tomonidan umumiy asoslarda mazmunan koʻrib chiqilishi lozim.
13. Sudya mahkum, uning qonuniy vakili, advokat jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish toʻgʻrisida JK 73, 74, 89 va 90-moddalarida koʻrsatilgan muddatlar qismi haqiqatda oʻtalmasdan turib iltimosnoma bilan murojaat etganligini aniqlaganda, iltimosnomani qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi va uni ariza egasiga qaytaradi. Mazkur shaxslar jazo muddatining qonunda belgilangan qismi mahkum tomonidan oʻtalgandan soʻng qayta iltimosnoma bilan murojaat qilishga haqlidirlar.
14. Agar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish rad etilgan mahkumga nisbatan tegishli iltimosnoma takroran sudga JIK 164-moddasi beshinchi qismida belgilangan olti oylik muddatdan ilgari kelib tushsa, sudya iltimosnomani qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi va uni ariza egasiga qaytaradi. Bunda qonunda belgilangan olti oylik muddat sud tomonidan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
15. Mahkum, uning qonuniy vakili, advokat yoki jazoni ijro etuvchi organ tomonidan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma sud majlisi tayinlangunga qadar chaqirib olinsa, sudya xat bilan iltimosnomani ularga qaytaradi. Agar iltimosnoma sud majlisi tayinlangandan keyin chaqirib olinsa, sudya ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Iltimosnoma chaqirib olinganligi munosabati bilan ish yuritish tugatilishi bunday iltimosnoma bilan keyinchalik, shu jumladan ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgan kundan olti oy oʻtmasdan turib, sudga murojaat qilishga toʻsqinlik qilmaydi.
16. Sudya jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish toʻgʻrisidagi taqdimnoma (iltimosnoma) koʻriladigan sana, vaqt va joy toʻgʻrisida mahkum, uning qonuniy vakili, advokat, shuningdek jazoni ijro etuvchi organ maʼmuriyati va prokurorni oldindan xabardor etishi lozim.
Sud majlisida jazoni ijro etuvchi organ vakili sifatida mazkur organ rahbari tomonidan berilgan ishonchnoma asosida tegishli vakolatga ega shaxs ishtirok etishi mumkin.
Sudya jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrish paytida sud majlisida mahkumning shaxsan ishtirokini taʼminlashi shart.
17. Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish toʻgʻrisidagi taqdimnoma (iltimosnoma)ni koʻrib chiqish boʻyicha sud majlisi taqdimnoma (iltimosnoma)ni oʻqib eshittirish bilan boshlanadi. Shundan keyin sud masalani hal qilish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarni tekshirib chiqadi, sud majlisida hozir boʻlgan shaxslar va prokurorning fikrini eshitadi. Mahkum va uning himoyachisi eng oxirida soʻzga chiqadi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
18. Sud ajrimi qonuniy boʻlishi, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish toʻgʻrisidagi taqdimnoma (iltimosnoma)ni koʻrib chiqish natijasida sud chiqargan xulosalar batafsil asoslab berilgan boʻlishi shart. Taqdimnoma (iltimosnoma) rad etilganda sud ajrimida jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish imkoniyatini istisno etuvchi faktik holatlar aniq koʻrsatilgan boʻlishi shart. Bunday holatlar mavjudligi toʻgʻrisidagi xulosalar sud majlisida tekshirilmagan maʼlumotlarga asoslangan boʻlishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish toʻgʻrisidagi taqdimnoma (iltimosnoma) qanoatlantirilganda, sudya mahkumga, tegishlicha, JK 73-moddasining oʻninchi qismida yoki JK 74-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarni tushuntirishi shart boʻlib, bu haqda ajrimning qaror qismi va sud majlisi bayonnomasida koʻrsatilishi lozim.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
20. Sud tomonidan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, mahkum ozodlikdan mahrum qilish joylaridan jinoyat-ijroiya qonunida belgilangan tartibda ozod etiladi.
Taqdimnoma (iltimosnoma)ni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha ajrim nusxasini sud darhol jazoni ijro etuvchi organga, ariza egasiga, hukm chiqargan sudga, shuningdek ichki ishlar organlarining axborot markaziga yuborishi lozim.
21. Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxs jazoning oʻtalmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etsa, sud, shartli muddat oʻtgan yoki oʻtmaganligidan qatʼiy nazar, JK 60-moddasi tartibida uzil-kesil jazo tayinlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
22. JK 75-moddasi birinchi qismiga muvofiq, shaxs hukm chiqarilgandan keyin oʻz harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan va boshqara olmaydigan darajada ruhiy holati buzilganda, shuningdek, jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan boshqacha ogʻir kasallikka chalinib qolsa, jazoni oʻtashdan ozod qilinishi lozim.
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Qonunning mazkur normasi asosida mahkumni jazoni oʻtashdan ozod qilish uchun u kasallikka chalinganligi aniqlangan paytga qadar sud tomonidan tayinlangan jazoning qancha qismini oʻtaganligi ahamiyatga ega emas.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Sudlar mahkumni ruhiy holati buzilganligi munosabati bilan jazoni oʻtashdan ozod qilishga oid materiallarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi 2008-yil 12-dekabrdagi 23-sonli qarorida bayon etilgan tushuntirishlarga amal etishlari lozim.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
24. JK 75-moddasining birinchi qismi mazmuniga koʻra, shaxsni ogʻir kasallikka chalinganligi munosabati bilan jazoni oʻtashdan ozod qilish masalasini hal etishda mahkumda tayinlangan jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan kasallikning aniqlanishi hal etuvchi ahamiyatga ega.
Jazoni ijro etuvchi organning tegishli taqdimnomasini koʻrishda, sud Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2008-yil 9-sentabrda 1854-son bilan roʻyxatga olingan Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2008-yil 13-avgustdagi 12/9-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ogʻir kasallikka chalingan mahkumlarni kasalligi tufayli jazoni oʻtashdan ozod qilishga taqdim etish uchun asos boʻladigan kasalliklar roʻyxati” asosida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi maxsus tibbiy komissiyasining xulosasiga baho beradi.
25. Jazoni ijro etuvchi organning mahkumni ogʻir kasallikka chalinganligi munosabati bilan jazoni oʻtashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomasini oʻz ish yurituviga qabul qilishga oid masalani hal etishda, sudya u JIK 165-moddasi ikkinchi qismi talablariga javob berish-bermasligini va taqdim etilgan materiallarda mahkumning jazo oʻtashi uchun asos boʻlgan hujjatlar nusxalari, mahkumning kasalligini tavsiflovchi batafsil maʼlumotlar, shu jumladan, tibbiy komissiya xulosasi mavjud-mavjud emasligini tekshirishi lozim.
Sudya mahkumni ogʻir kasallikka chalinganligi munosabati bilan jazoni oʻtashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomani qabul qilishni JIK 165-moddasi birinchi qismiga muvofiq taqdim etilishi shart boʻlgan hujjatlar (tibbiy komissiya xulosasi, mahkumning shaxsiy ishi) yoʻqligi sababli rad etishga haqli emas. Bunday hollarda sud jazoni ijro etuvchi organga tegishli materiallarni sudga darhol taqdim etish toʻgʻrisida soʻrovnoma yuborishi lozim.
26. Intizomiy qismga joʻnatish yoki xizmat boʻyicha cheklash tariqasidagi jazoni oʻtayotgan va sogʻligi holati tufayli harbiy xizmatga noloyiq deb topilgan mahkum harbiy xizmatchilar JK 75-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq sud tomonidan jazodan ozod etiladilar.
Jazoni ijro etuvchi organning harbiy xizmatchilarni jazoni oʻtashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomasi ular harbiy xizmatga noloyiq deb topilganligi toʻgʻrisidagi tegishli harbiy-tibbiy komissiyasining xulosasi asosida kiritiladi. Xizmat boʻyicha cheklash tariqasidagi jazoni oʻtayotgan ayol harbiy xizmatchilar, shuningdek, homiladorlik va tugʻish uchun taʼtil berilganligi munosabati bilan ham jazodan ozod etiladilar.
27. JK 75-moddasining beshinchi qismiga muvofiq axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtash davrida mehnat qobiliyatini yoʻqotgan yoki pensiya yoshiga yetgan shaxslar, shuningdek, bunday jazoni oʻtash davrida homiladorlik va tugʻish uchun taʼtil berilgan ayollar jazodan ozod etiladilar.
Mahkumni mehnat qobiliyatini yoʻqotganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish toʻgʻrisidagi taqdimnoma jazoni ijro etuvchi organ tomonidan tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining xulosasi asosida, jazoni oʻtash davrida homiladorlik va tugʻish uchun taʼtil berilgan ayollarni jazodan ozod qilish toʻgʻrisidagi taqdimnoma esa, bunday taʼtil berilishi uchun huquq beruvchi tibbiy hujjat asosida kiritiladi,
28. Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish, kasallikka chalinganligi yoki mehnat qobiliyatini yoʻqotganligi munosabati bilan jazodan ozod qilishga oid materiallarni sud tomonidan koʻrib chiqish muddatlari qonunda tartibga solinmaganligi tufayli, sudlar ular kelib tushgan paytdan boshlab oʻn sutka mobaynida koʻrib chiqilishini taʼminlashlari lozim (JPK 590-moddasi ikkinchi qismiga analogiya).
Oldingi tahrirga qarang.
29. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, jazoni ijro etuvchi organ rahbari, shuningdek, uning vakili sudning JPK 534 yoki 536-moddasiga muvofiq chiqarilgan ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqiga ega emas, chunki qonunga (JPK 56-bobi) koʻra, sud qarori ustidan shikoyat (protest) berish huquqi mahkumga, uning qonuniy vakiliga, advokatga, prokurorga, shuningdek, jabrlanuvchi va uning qonuniy vakiliga (vakiliga) tegishli.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
30. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari va Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid qonunlarni qoʻllash boʻyicha sud amaliyotini muntazam umumlashtirishlari, bunday toifaga oid materiallar boʻyicha sud qarorlarining qonuniy va asoslantirilganligini sinchiklab tekshirishlari, qonun buzilishi holatlarini oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrishlari lozim.
(30-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oliy sud raisi Sh. GAZIYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi D. KAMILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 27-dekabr,
28-son