Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 28-yanvarda 2756-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. ABDUHAKIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 15-yanvar,
2-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2016-yil 15-yanvardagi 2-B-son buyrugʻiga
ILOVA
Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
qoidalari
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi hamda 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq, izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanadigan tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar talablari ishlab chiqarish binolari va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, texnologik jarayonlarni va sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shartligini istisno etmaydi.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Xavfsizlikka qoʻyiladigan umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sogʻlomlashtirish boʻyicha qoidalarni oʻz ichiga olgan jamoa shartnomasi;
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq yuritiladigan ish joyining mehnat sharoitlari xaritasi;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni oʻqitish, yoʻl-yoʻriq berish va bilimlarini sinovdan oʻtkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha nazorat yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yongʻinga qarshi yoʻl-yoʻriq berish va yongʻin-texnikaviy minimum mashgʻulotlarini oʻtkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalar.
7. “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, xodimlar soni 50 nafar va undan ortiq boʻlgan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ziyod transport vositalariga ega boʻlgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati oʻz maqomiga koʻra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga boʻysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yoʻriqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarni oʻqitish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish va ularga yoʻl-yoʻriq berishni tashkil etish
11. Xodimlar oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha oʻqishlari, ularning bilimlari sinovdan oʻtkazilishi va ularga yoʻl-yoʻriq berilishi kerak.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
13. Har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalar Mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 “Tabiatni muhofaza qilish. Atmosfera. Sanoat korxonalari zararli moddalarining yoʻl qoʻyiladigan chiqarishlarini oʻrnatish qoidalari” boʻyicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga taʼsir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari toʻgʻrisida toʻliq va xolisona maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
15. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim oʻlchovi natijalari, shuningdek mehnat sharoitlarini attestatsiya qilish orqali belgilanishi kerak.
16. Yangi zararli moddalar paydo boʻlishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yoʻqolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar oʻzgarganda, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga tashkilot rahbari tomonidan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxati
17. Tashkilotlar oʻta xavfli kasblar va ishlar roʻyxatiga ega boʻlishi lozim.
18. Lavozim yoʻriqnomalariga muvofiq, xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlarni, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlarni, bugʻ va suv isitish qozonlari, yuk koʻtarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sigʻimlar, elektr qurilmalarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlarni hamda tegishli tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomasiga muvofiq boshqa xavfli ishlarni bajarishni nazarda tutuvchi kasblar oʻta xavfli kasblar roʻyxatiga, mazkur vazifalarni bir martalik topshiriq asosida bajarilishini nazarda tutuvchi ishlar oʻta xavfli ishlar roʻyxatiga kiritilishi zarur.
19. Oʻta xavfli ishlarni bajarish faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Barcha xodimlar oʻta xavfli ishlarni bajarish topshirigʻini olishdan oldin, mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻl-yoʻriq olishlari va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini oʻzlashtirishlari shart.
21. Oʻta xavfli ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va xavfsiz bajarish belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi uchun tashkilot rahbariyati javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
22. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalari bilan himoyalangan boʻlishi lozim.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari ishlab chiqarish xonalari va ish joylaridagi barcha xodimlarga taʼsir qilgan taqdirda qoʻllanilishi zarur hamda tashkilot binolarini qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi kerak.
24. Jamoaviy himoya vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo harorati va namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda qurilmalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
25. Tashkilot xodimlari Radiotexnik va elektron buyumlar ishlab chiqarish xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibda himoyalanishning boshqa vositalarini bepul berishning namunaviy normalariga (roʻyxat raqami 2735, 2015-yil 1-dekabr) muvofiq maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibda himoyalanishning boshqa vositalari bilan taʼminlanishi kerak.
26. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qoʻllash, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlishi lozim.
27. Tashkilotda quyidagilar taʼminlanishi shart:
jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarining samaradorligi va sozligi;
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash va ulardan toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
xavfli va zaharli moddalar bilan ishlashda foydalanilgan yakka tartibdagi himoya vositalarini dezinfeksiya qilish, bir marta qoʻllaniladigan vositalar bundan mustasno.
28. Xavfli moddalar bilan ishlashda teri kasalliklarining oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish zarur.
6-§. Kasbiy tanlov
29. Tashkilotlarda tanlov oʻtkazilishi lozim boʻlgan kasblar va mutaxassisliklar roʻyxati boʻlishi lozim.
30. Xodimlar va ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomasiga muvofiq zarur maʼlumotga va ish tajribasiga ega boʻlishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
Oldingi tahrirga qarang.
32. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning roʻyxatiga muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar ogʻir ishlarga hamda zararli va xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻalli kn i qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 29-noyabrdagi 81-2023/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3484, 18.12.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)
33. Bosim ostida va boshqa oʻta xavfli ishlarda ishlovchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlishi lozim.
7-§. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qoʻyish shart-sharoitlari
34. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qoʻyish oldidan quyidagilar tekshirilishi zarur:
ish joyining mazkur Qoidalarda belgilangan sanitariya va gigiyena, xavfsizlik talablariga, shuningdek shovqin va tebranishga, shamollatish va isitishga qoʻyiladigan talablarga muvofiqligi;
xodimning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish, unga yoʻl-yoʻriq berish va salomatligini nazorat qilish davriyligiga amal qilinganligi;
texnologik jarayonlarda ishtirok etuvchi asbob-uskunalar va ularning himoya vositalari sozligi;
jamoaviy himoya vositalarining sozligi, xodimning yakka tartibdagi himoya vositalariga egaligi.
8-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
35. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
36. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash muassasasi bilan birgalikda har yili davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy koʻrikdan oʻtishini taʼminlashi zarur.
37. Tibbiy koʻriklar tashkilotga tibbiyot xizmati koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, agar ular boʻlmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkaziladi.
38. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qoʻymaslikka haqlidir.
39. Tashkilot rahbariyati oʻz xodimlarining majburiy tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtishi uchun va majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan shaxslarni ishga qoʻyish natijasida fuqarolarning sogʻligʻiga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar boʻladilar.
40. Xodimlarni sogʻligʻining holati tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarga qoʻyish taqiqlanadi.
9-§. Sanitariya va gigiyenaga qoʻyiladigan talablar
41. Tashkilot ish hududidagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
42. Tashkilotning xonalari quyidagi talablarga muvofiq saqlanishi lozim:
havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning ogʻirlik darajasiga koʻra toifasi va yil mavsumini hisobga olgan holda belgilanishi;
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorugʻligi QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish. Loyihalashtirish meʼyorlari”ga muvofiq boʻlishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorugʻlik kuchini taʼminlashi;
yoritish asboblari chang toʻplanishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega boʻlishi, shuningdek singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq boʻlishi.
43. Noqulay omillar taʼsiriga qarshi himoya tadbirlarini amalga oshirishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilyatsiya va konditsionerlash” talablariga muvofiq tashkil qilish lozim.
10-§. Tashkilot maydonlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
44. Tashkilotning hududi chegara boʻylab toʻsilgan va uning hududiga begonalarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan boʻlishi lozim.
45. Tashkilotda transport vositalari va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan boʻlishi hamda tashkilotga kirish va chiqish joylari hamda ish joylarining koʻrinarli qismiga osib qoʻyilishi zarur.
46. Tashkilot maydonlari koʻkalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim. Maydonlardagi oʻtish joylari mustahkam yopqichlar, suv oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
47. Yozgi mavsumda yoʻlaklar va oʻtish joylariga suv sepilgan boʻlishi kerak.
48. Qishki mavsumda yoʻlaklar va oʻtish joylari qordan tozalanib, qum sepilgan hamda binolarning tomlari qordan, karnizlari esa muzdan tozalab turilishi zarur.
49. Yoʻlovchilar uchun moʻljallangan yoʻlaklar va tashkilotga kirish joyi tekis, kengligi kamida 1,5 m boʻlib, yon tomonlari devorcha va toʻsiqlarga ega boʻlishi kerak.
50. Tashkilot hududida har kuni tozalab va dezinfeksiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar boʻlishi shart.
11-§. Bino va inshootlarga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
51. Tashkilotdagi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
52. Binolar va xonalardagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
53. Muntazam ishlashga moʻljallangan xonalarning pollariga yogʻoch toʻshamalar va panjaralar yotqizilgan boʻlishi, mazkur pol toʻshamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalangan boʻlishi zarur.
54. Binoning transport vositalari kirish joylarida darvozalar va signal asbob-uskunalari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
55. Darvoza tavaqalari darvozaning yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar bilan mustahkam tutib turilgan boʻlishi kerak.
56. Transport vositalarining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari enidan ortiq boʻlishi, darvozalarning balandligi transport vositalarining balandligidan kamida 0,2 m ortiq boʻlishi zarur.
57. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan boʻlishi kerak.
58. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda kamida ikki marta (bahorgi va kuzgi mavsumda) tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim. Texnik koʻrik xulosalari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari koʻrsatilgan dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi zarur.
59. Xodimlar uchun xavf tugʻdiruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Bunda xavfli hududlardagi ishlar halokat bartaraf etilgunga qadar toʻxtatib turilishi va u yerdagi xodimlar xavfsiz joyga koʻchirilishi kerak.
60. Tashkilotning binolari va inshootlari yongʻindan xabar beruvchi va yongʻinni bartaraf etuvchi avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
61. Kirish va chiqish yoʻllari turli jismlar va asbob-uskunalar bilan toʻsib qoʻyilmasligi kerak. Evakuatsiya chiqish yoʻllarining barcha eshiklari binodan chiqish yoʻnalishi boʻyicha ochilishi zarur.
12-§. Shovqin va tebranishga qoʻyiladigan talablar
62. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yoʻl qoʻyilgan darajasining sanitariya meʼyorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya meʼyorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
63. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasi muntazam nazorat qilib turilishi kerak. Agarda u belgilangan meʼyorlardan yuqori boʻlsa, uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qoʻllanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga oʻzgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni toʻsuvchi qobiqlar oʻrnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush soʻndirgichlar qoʻllash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) toʻsilgan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalaridan tashqariga joylashtirish;
tebranish manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va boshqalar) poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolyatsiyalangan mustaqil poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga oʻrnatish.
64. Shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etish imkoni boʻlmasa, eshitish aʼzolarini yakka tartibdagi himoya vositalari va shovqinga qarshi kaskalardan foydalangan holda himoyalash kerak.
13-§. Shamollatish va isitish tizimiga qoʻyiladigan talablar
65. Shamollatish va isitish tizimi QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
66. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
67. Oʻtish joylarida joylashgan isitish jihozlari oʻtish yoʻlaklarining kengligiga qoʻyilgan talablarni buzmasligi zarur.
68. Ish joylaridagi havo harorati yengil jismoniy ishda 21º S, oʻrtacha ogʻir ishda 17º S va ogʻir ishda 16º S dan past boʻlmasligi kerak.
69. Xodimlarning isinishi uchun moʻljallangan xonalardagi havo harorati 22º S dan kam boʻlmasligi kerak.
70. Xodimlarning isinishi uchun moʻljallangan xonalargacha boʻlgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan va bino tashqarisidagi ish joylaridan 150 m dan koʻp boʻlmasligi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
14-§. Suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga qoʻyiladigan talablar
(14-paragrafning nomi Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
71. Suv bilan taʼminlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” talabiga mos kelishi kerak.
(71-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
72. Ichimlik suvi O`zDSt 950-2011 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” talablariga muvofiq boʻlishi, uning harorati 8° S dan 20° S gacha boʻlishi kerak.
73. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar oʻrnatilishi yoki maxsus idishlarda qaynatilgan suv boʻlishi lozim.
15-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
74. Tashkilot hududi va xonalarini tabiiy va sunʼiy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
75. Yoritish vositalari toza va soz holatda boʻlishi zarur. Yorugʻlik tushuvchi oynalar har yili kamida ikki marotaba tozalanishi lozim.
76. Yorugʻlik tushuvchi oyna va eshiklar turli buyumlar bilan toʻsib qoʻyilmasligi kerak.
77. Sunʼiy yoritish umumiy va birlashgan tizim orqali amalga oshirilishi zarur. Birgina mahalliy yoritishni qoʻllash taqiqlanadi.
78. Tashkilot hududi va xonalarida yoritish vositalarining koʻzni qamashtirishidan saqlash choralari koʻrilgan boʻlishi kerak.
79. Ish joylari va xonalarda portlash xavfi boʻlgan gaz va chang konsentratsiyasi yigʻilib qolish ehtimoli mavjud boʻlsa, elektr yoritish tizimi xonadan tashqarida oʻrnatilishi kerak.
80. Xavflilik darajasi yuqori boʻlgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori boʻlmagan koʻchma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlarning ichki sirtini yoritish uchun ishlatiladigan koʻchma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
81. Koʻchirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall toʻr bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa koʻchirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan elektr oʻtkazgichlar qoʻllanilishi zarur.
82. Evakuatsiya yoʻlaklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari boʻlishi kerak.
83. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, oʻlchami va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalab turilishi lozim.
84. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya isteʼmolchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritilishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi zarur.
16-§. Maishiy imoratlarga qoʻyiladigan talablar
85. Tashkilotlarning maishiy bino va xonalari SHNQ 2.09.04-09 “Tashkilotlarning maʼmuriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
86. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning oʻlchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, qoʻl-yuz yuvgichlar, ichimlik suvi taʼminoti qurilmalari, hojatxonalar va boshqa maishiy xona va jihozlarning soni smenadagi eng koʻp xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi zarur.
87. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
88. Barcha maishiy imoratlar ozoda saqlanishi, muntazam dezinfeksiya qilinishi va sutkaning qorongʻi paytida yoritilgan boʻlishi kerak.
17-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qoʻyiladigan talablar
89. Tashkilot faoliyati atrof tabiiy muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarning tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
90. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarish ishlarini amalga oshirishda atrof tabiiy muhitning oqova suvlar va boshqa chiqindilar bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar taʼminlanishi lozim.
91. Tashkilotlarda chiqindilarni yigʻish uchun atrofi oʻralgan maxsus joy ajratilishi va chiqindilar uchun maxsus idishlar bilan taʼminlanishi kerak. Ushbu idishlar chiqindilar boʻshatilganda xlorli ohak eritmasi bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi kerak.
18-§. Mehnat va dam olishga qoʻyiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
92. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilot tomonidan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(92-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 13, 14-boblari.
3-bob. Ishlab chiqarish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Umumiy talablar
93. Ish jarayonlari GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Xavfsizlikning umumiy talablari”ga muvofiq tashkil etilishi kerak.
94. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarishda zaharli, yalligʻlantiruvchi va tez alangalanadigan moddalar ishlatilsa yoki ajralib chiqsa, alohida maxsus jihozlangan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalarining maxsus ajratilgan uchastkalarida, ishchilarni himoya qilish vositalari hamda yongʻindan himoya qilish vositalari bilan taʼminlangan holda bajarilishi lozim.
95. Tashkilotlarda ish jarayonlarida qoʻllaniluvchi barcha uskunalarning texnik hujjatlari (chizmasi va ishlatishga doir qoʻllanmasi) boʻlishi kerak.
96. Ish uskunalariga tashkilot rahbari tomonidan mazkur ishni bajarish topshirilgan xodim tomonidan xizmat koʻrsatilishi lozim. Begona shaxslarning ishlab chiqarish joylarida boʻlishlariga yoʻl qoʻyilmasligi zarur.
2-§. Yongʻin va portlash xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
97. Ishlab chiqarish jarayonlarini rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda yongʻin va portlash xavfsizligi GOST 12.1.004-91 “Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablar” va GOST 12.1.010-76 “Portlash xavfsizligi. Umumiy talablar”ga muvofiq taʼminlanishi lozim.
98. Sinovdan oʻtkazilmagan, yongʻin va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega boʻlgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarishda qoʻllash taqiqlanadi.
99. Shamollatish va tutun tortish tizimlari yongʻin avtomatikasi tizimlari bilan bogʻlangan boʻlishi lozim.
100. Ishlab chiqarish binolari va xonalari birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
101. Ishlab chiqarish binolari va xonalarining portlash jihatidan xavflilik darajalari SHNQ 2.01.19-09 “Bino, xona va tashqi qurilmalarning portlash, yongʻin va yongʻin xavfliligi toifalarini aniqlash”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
102. Suv manbai yoʻlaklari hamda yongʻinni oʻchirish vositalariga boradigan yoʻlaklar doimo boʻsh boʻlishi kerak.
103. Yongʻin va portlash xavfi mavjud boʻlgan uskunalarda va ish joylarida ochiq olovdan foydalanishni taqiqlovchi hamda alangalanuvchi va portlovchi moddalar bilan ishlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarurligi toʻgʻrisida ogohlantiruvchi belgilar boʻlishi zarur.
104. Aralashganida portlovchi modda hosil qilishi mumkin boʻlgan gazlarni umumiy kollektorga chiqarish taqiqlanadi.
105. Ishlab chiqarish amalga oshiriladigan boʻlimlarda tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish taqiqlanadi.
106. Xodimlar bilan yongʻin xavfsizligi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazilishi va ularga yongʻinning oldini olish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar berilishi kerak.
3-§. Elektr qurilmalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
107. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini oʻrnatishda va ulardan foydalanishda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) hamda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) talablariga rioya qilinishi kerak.
108. Elektr energiyasidan foydalanadigan tashkilotlarda tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xavfsizligi uchun masʼul xodim tayinlangan boʻlishi va bu xodim elektr xavfsizligi boʻyicha tegishli malaka guruhiga ega boʻlishi shart.
109. Elektr xavfsizligi uchun masʼul xodim kuchlanishi 1000 V va undan yuqori boʻlgan elektr uskunalariga xizmat koʻrsatishi uchun elektr xavfsizligi boʻyicha V malaka guruhiga, kuchlanishi 1000 V gacha boʻlgan elektr uskunalariga xizmat koʻrsatishi uchun esa, IV malaka guruhiga ega boʻlishi lozim. Masʼul xodim davriy ravishda va oʻrnatilgan tartibda tashkilotda tuzilgan elektr xavfsizligi boʻyicha komissiyada sinovdan oʻtishi shart.
110. Elektr xavfsizligi uchun masʼul xodim:
elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr qurilmalari va tarmoqlarida rejali taʼmirlash ishlari hamda profilaktik sinovlarning belgilangan muddatlarda oʻtkazilishini;
elektr energiyasi sarfining hisobi olib borilishini;
himoya vositalari va yongʻinga qarshi jihozlar mavjudligi hamda ularning oʻz vaqtida sinovdan oʻtkazib turilishini taʼminlashi kerak.
111. Elektr toki oʻtkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va oʻlchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslarda montaj qilinishi lozim.
112. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa, suyuqlik sachrashidan himoyalangan boʻlishi shart.
113. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi zarur.
114. Ishlab chiqarish binolari va maishiy xonalarda qoʻllaniluvchi lyuminessent yoritqichlar yopiq holda namlik va chang oʻtkazmaydigan maxsus armaturada bajarilishi lozim.
115. Kabellar va elektr simlarining izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, elektr tokidan himoyalovchi yerga ulangan simlar, elektr dvigatellarining ishlash rejimi koʻrikdan oʻtkazilishi va oʻlchash asboblari orqali tekshirib turilishi kerak.
116. Elektr apparatlari va agregatlarining nol simiga ulash va yerga ulash simlari butunligi 6 oyda kamida bir marta tekshirilishi, tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi zarur.
117. Quyidagi elektr qurilmalari nol simiga yoki yerga ulanishi lozim:
kuchlanishi 380 V va undan yuqori boʻlgan oʻzgaruvchan tok hamda 440 V va undan yuqori boʻlgan oʻzgarmas tokda ishlovchi barcha elektr qurilmalari;
nominal kuchlanishi 42 V dan yuqori va 380 V gacha boʻlgan oʻzgaruvchan tok va 110 V dan yuqori va 440 V gacha boʻlgan oʻzgarmas tokda ishlovchi yuqori xavfli tashqi qurilmalar.
118. Nominal kuchlanishi 42 V gacha boʻlgan oʻzgaruvchan tokda va 110 V gacha boʻlgan oʻzgarmas tokda ishlaydigan elektr qurilmalarini nol simiga ulash yoki yerga ulash talab etilmaydi, metall konstruksiyaga oʻrnatilgan nazorat kabellari, kuch kabellarining metall qobiqlari hamda portlash xavfi boʻlgan xonalardagi elektr qurilmalar, payvandlash transformatorining ikkilamchi chulgʻamalari bundan mustasno.
119. Bitta elektr shtepseliga bir nechta isteʼmolchilarni ulash taqiqlanadi.
120. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun uskunalarning gʻiloflari, asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan boʻlishi lozim.
121. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall toʻr bilan oʻralgan va toʻr yerga ulangan boʻlishi lozim.
122. Tashkilotning bino va inshootlari yashin qaytargichlar oʻrnatilgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri yashin urishidan himoyalangan boʻlishi zarur. Yashin qaytargichlar har yili bahorgi mavsumda tekshirib turilishi, aniqlangan nosozliklar bartaraf etilishi lozim.
4-§. Materiallar va tayyor mahsulotlarni saqlash va transportda tashishga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
123. Yuklarni ortish va tushirish hamda tashish ishlari Yuk ortish va tushirish ishlaridagi xavfsizlik qoidalariga (roʻyxat raqami 1582, 2006-yil 13-iyun) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
124. Omborxonada va yuk saqlash maydonchalarida ogʻir va oʻta ogʻir yuklarni ortish va tushirish hamda harakatlantirish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
125. Binolarda mahsulotlarni joylashtirishda oraliq masofa quyidagicha boʻlishi lozim:
bino devoridan 70 sm;
isitish tizimidan 20 — 50 sm;
yoritish tizimidan 50 sm;
poldan 15 — 30 sm.
126. Yuklarning joylashtirish balandligi binoning balandligidan, yer maydonining ogʻirlik koʻtarish qobiliyatidan, mexanik tarzda ishlash jarayonidan, texnologik qoidalar va saqlash sharoitlaridan kelib chiqib belgilanadi. Shtabellarda qoʻl bilan taxlanayotgan yashiklarning ogʻirligi 50 kg gacha, qoplarning ogʻirligi 70 kg gacha boʻlishi hamda uzunligi 2 m dan ortmasligi lozim.
127. Tez yonuvchi suyuqliklar gorizontal va bir qatorda joylashtirilishi lozim.
128. Yuklarni koʻtarish va joyiga olib borishdan oldin yukning mustahkamligi hamda toʻgʻri bogʻlanganligi tekshirilishi zarur.
129. Yuk ortiladigan joy axlat, qor va boshqa narsalardan toza boʻlishi kerak. Agar ortish va tushirish ishlarida koʻtarish moslamalaridan foydalanilsa, u holda koʻtarilgan yuk ostida ishchilar turmasligi lozim. Yuk ortilayotgan va tushirilayotgan vaqtda haydovchi kabinadan chiqib turishi shart.
130. Omborxonaning devorlari boʻylab oʻralgan har bir javonda olti taxlamgacha boʻlgan miqdorda xom ashyo, yarim tayyor va tayyor mahsulotlarni saqlash lozim. Taxlamlar oraligʻidagi masofa 0,5 m dan, yon tomon maydonlardagi taxlamlar oraligʻi esa, 1,5 m dan kam boʻlmasligi kerak.
131. Tashkilotlarda chiqindilarni inventarizatsiya qilish, shuningdek ularning turlari boʻyicha xavflilik darajasini belgilash lozim.
132. Chiqindilarni ruxsat etilmagan joylarda saqlash, qayta ishlash va koʻmib tashlash taqiqlanadi.
133. Chiqindilarni yigʻish joyi sexlardan kamida 50 m uzoqlikda boʻlishi lozim.
134. Yuk saqlanadigan omborxona va maydonchalar hududining kirish joylarida transport vositalarining harakat yoʻnalishi hamda yuklarni ortish va tushirish joylari koʻrsatilgan sxemalar osib qoʻyilgan boʻlishi lozim.
135. Har bir kimyoviy modda texnik koʻrsatmalar talablari hisobga olingan holda saqlanishi lozim. Kimyoviy moddalarni ochiq holda (tarada) saqlash taqiqlanadi. Taralarda yozuv, etiketka yoki modda nomi tushirilgan yorliq, texnik talablar koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
136. Kislotalar kislotaga chidamli pol va devorli maxsus binoda yopiq rezervuarda yoki tarada saqlanishi zarur. Kislotalarni yertoʻlalarda saqlash taqiqlanadi.
137. Kislota saqlash xonalarida favqulodda holatda kislota, suv, ohak eritmasi yoki toʻkilgan kislotani neytrallash uchun soda va individual himoya vositalari uchun zaxira idishlar boʻlishi lozim.
138. Omborxonalarda mahsulotlarni saqlash harorati va omborxonadagi namlik darajasi mahsulotlar standartlarida belgilangan meʼyorlarda boʻlishi lozim.
139. Mahsulotlar omborxonalarda turlari boʻyicha saqlanishi lozim.
140. Mahsulot saqlash omborxonalari yashiklar bilan toʻldirilmasligi lozim. Yashiklar mahsulotlar sarflangandan keyin ish joyiga yetkazib borilishi kerak.
141. Yashiklarni yigʻish va saqlash maxsus ajratilgan joylarda bajarilishi lozim.
142. Tayyor mahsulotlarni omborxonalardan transport vositasi kuzoviga yetkazib berish transportyorlar yordamida yoki boshqa mexanizatsiyalashgan usulda bajarilishi kerak.
143. Estakadada oʻrnatilgan transportyordan oʻtish uchun zarur hollarda panjarali oʻtish koʻprikchalari oʻrnatilishi lozim.
5-§. Ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash joylariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
144. Chiqindilarni yigʻish oʻralarining atrofi kamida 1,2 m balandlikdagi toʻsiqlar bilan toʻliq holda oʻralgan boʻlishi hamda balandligi 1,2 m panjarasi boʻlgan mustahkam oʻtish koʻprikchalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak. Bunda toʻsiqlar va oʻtish koʻprikchasi panjaralarining tagi kamida 0,15 m balandlikkacha yoppasiga toʻsilgan boʻlishi zarur.
145. Xodimlarni oʻraga tushirishdan avval oʻralardan zararli gazlarning chiqib ketishi taʼminlanishi kerak.
146. Zararli gazlarning yoʻqligi oʻra tubiga yonib turgan shamni tushirish yoʻli bilan tekshiriladi.
147. Chiqindilardan boʻshatilgan oʻralar taxtali shitlar bilan yopilishi lozim.
148. Chiqindilarni taqiqlangan joylarda saqlash, qayta ishlash va koʻmib tashlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
149. Tashkilotlarda chiqindilar bilan ishlashga oid yoʻriqnomalar ishlab chiqilgan boʻlishi lozim.
6-§. Muayyan texnologik jarayonga taalluqli ish joylariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
150. Ishlarning xavfsizligini taʼminlash uchun barcha jarayonlarni toʻliq mexanizatsiyalashtirish, tosh maydalash qurilmasi va avtoblokirovkali texnologik jarayonlarni uzoqdan turib avtomatik tarzda boshqarishni tashkil etish lozim.
151. Uzoqdan turib boshqarish va avtoblokirovka quyidagilarni koʻzda tutishi lozim:
mexanizmlarning ishga tushganligi toʻgʻrisida ogohlantiruvchi signalizatsiya;
texnologik potok mexanizmlarini chaqir toshni tushirishdan toʻxtatish;
bitta mexanizm avariya tufayli toʻxtab qolganda, zanjirning ushbu mexanizmga material yetkazib berayotgan qismini toʻxtatishni taʼminlaydigan dvigatellar blokirovkasi;
biror mexanizmda avariya sodir boʻlganda, uni darhol toʻxtatish imkoniyati.
152. Xavfsizlikni oshirish va zararli mehnat sharoitlarida ishlaydigan ishchilar sonini kamaytirish uchun sexlar hamda qurilmalarda boshqarishni avtomatlashtirish va uzoqdan turib boshqarishni joriy etish orqali ish joylarini changlanish darajasi yuqori boʻlgan hududlardan uzoqroqqa koʻchirish lozim.
7-§. Texnologik operatsiyalarda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yuzaga kelganligi toʻgʻrisida oʻz vaqtida maʼlum qilish
153. Uskuna va avtomatlashtirilgan liniyalar ularni ishga tushirilganligi toʻgʻrisida ishlovchilarni ogohlantiruvchi signalizatsiya tizimlari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
154. Signal qurilmalari (qoʻngʻiroqlar, sirenalar, chiroqlar) mexanik shikastlanishdan himoyalangan boʻlishi, xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning ish hududida eshitish va koʻrish ishonchli taʼminlangan holatda joylashtirilishi lozim.
155. Agar signal qurilmalari boʻlmasa yoki ular nosoz holatda boʻlsa, uskunani ishlatish taqiqlanadi.
156. Sexlarda va ish joylarida signallarga doir jadvallar va uskunani ishga tushirish va toʻxtatish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomalar osilgan boʻlishi lozim.
8-§. Zararli omillar taʼsirining sanitariya normalari va qoidalarida belgilangan miqdorgacha kamaytirilishini taʼminlovchi usul va tadbirlar
157. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarishda sexlaridagi asosiy zararli omillar — chang, ishlab chiqarishdagi zaharlar, shovqin, vibratsiya hisoblanadi.
158. Chang koʻp hosil boʻladigan hududlarda ishlash chogʻida changni oʻtkazmaydigan qattiq matodan tayyorlangan maxsus kiyim, nafas olish organlari uchun individual himoya vositalari qoʻllanilishi lozim.
159. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarishda bajarilayotgan ish xususiyatiga qarab himoya vositalaridan foydalanish zarur.
160. Himoya vositalari shikastlanishning oldini olish va ishlab chiqarishning zararli omillaridan himoyalanish uchun shaxsan ishchilar tomonidan ishlatilishi kerak.
161. Qoʻl orqali xodimlar organizmiga oʻtadigan vibratsiyaning chegaraviy yoʻl qoʻyiladigan darajalari SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va mahalliy vibratsiyaning sanitariya meʼyorlari”ga mos boʻlishi lozim.
9-§. Izolyatsiyali elektr materiallarni tayyorlashda xavfsizlik talablari
162. Yonuvchan mahsulotlar qoʻllaniluvchi texnologik jarayonlar, har qanday ish tartibida ham atrof muhitda ushbu moddalarning xavfli konsentratsiyasining vujudga kelishini oldini oluvchi zich yopilgan germetik texnologik uskunada amalga oshirilishi zarur.
163. Zararli bugʻ va gazlarning xavfli konsentratsiyasi vaqti-vaqti yoki birdaniga hosil boʻlishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish xonalari tashqariga chiqish eshiklari bilan taʼminlangan va halokat ventilyatsiyalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
164. Alohida zaharli moddalarni ishlab chiqarish uchun qoʻllaniluvchi uskuna alohida xonadan turib boshqariladigan boʻlishi zarur.
10-§. Izolyatsiyalashda singdiriluvchi lak, emal va kompaundlarni tayyorlashda xavfsizlik talablari
165. Lak, emal va kompaundni tayyorlashga zarur boʻlgan suyuqliklar idishda alohida xonada yoki ayvonli maxsus jihozlangan joyda, buning uchun moʻljallangan maxsus sigʻimlarda saqlanishi zarur.
166. Sigʻimlar va oʻlchagichlar zich yopilgan, moddaning nomi aniq yozilgan va sigʻim sathini oʻlchovchi nazorat asboblari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
167. Sigʻimlar avariya holatlarida suyuqlikni toʻkish moslamalari bilan jihozlanishi lozim.
168. Suyuq moddalarni transportirovka qilish uskunalari, nasoslar, elektr motorlar hamda quvurlar qulay holatda taʼmirlash va xizmat koʻrsatish uchun erkin borish mumkin boʻlgan tarzda joylashtirilishi kerak.
169. Qattiq moddalar koʻrinishidagi komponentlar (fenol, kanifol, epoksid yelimlar, bitum) yopiq idishda maxsus joyda saqlanishi lozim.
170. Transport tarasidan fenolni olish uchun uni qizdirish uskunasi fenol bugʻlarining xonada toʻplanishining oldini olish maqsadida zich yopilgan boʻlishi zarur.
171. Uskuna, transportirovka quvurlari va eritilgan fenolni saqlash sigʻimlariga xizmat koʻrsatish chogʻida xodimlarning kuyib qolishidan saqlaydigan himoya moslamalariga ega boʻlishi kerak.
172. Fenol zaharli boʻlganligi sababli, uning ishtirokidagi barcha ishlab chiqarish jarayonlari mexanizatsiyalashtirilgan hamda uskunalar germetik holda boʻlishi va fenol yoki uning eritmasining xodim terisiga tushish ehtimoli yoʻq boʻlishi zarur.
173. Lak, emal va kompaundlarni tayyorlash uchun asosiy texnologik uskuna — reaktorlar, laklash qozonlari, eritish apparatlari, aralashtirgichlar, sharli tegirmonlar, boʻyoq qirgich, gidrolizer va boshqalar qulay holatda taʼmirlash va xizmat koʻrsatish uchun erkin borish mumkin boʻlgan tarzda joylashtirilishi kerak.
174. Uskuna va sigʻimlarning barcha qismlari yerga ulanishi zarur.
175. Qattiq, toʻkiluvchan va pastasimon komponentlarni solish mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
176. Texnologik jarayonlar vaqtida bugʻ, gaz yoki chang hosil boʻluvchi uskunalar ushbu zararli va xavfli moddalarni ushlab qoluvchi moslamalar bilan jihozlanishi zarur.
177. Ish vaqtida uskunaning qopqogʻi va koʻrish darchasi zich yopilgan boʻlishi lozim.
178. Texnologik uskunani tozalashda quyidagilarga amal qilish shart:
aralashtirgich dvigateli elektr tarmogʻidan oʻchirilgan va yoqish apparaturasiga “Yoqilmasin — odamlar ishlayapti!” ogohlantiruvchi belgisi osilgan boʻlishi;
barcha qizdiruvchi tizimlar oʻchirilishi;
xom ashyoni uzatish quvurlari oʻchirilishi;
qopqoq va lyuklarni ochishdan avval ular suv bilan yuvilishi va quritilishi;
uskuna ichki devorlarini tozalash ishlari kamida ikki kishi tomonidan amalga oshirilishi;
reaktorni tozalash ishlarini amalga oshirishda unga toza havo berib turilishi;
uchqun hosil qilmaydigan asbob ishlatilishi shart.
179. Sentrifuga oʻrnatilgan xona boshqa xonalardan olovga chidamli devor bilan ajratilishi lozim. Bundan tashqari, Yongʻin xavfsizligini taʼminlash maqsadida sentrifuga korpusi himoyaviy saqlovchi gʻilof bilan qoplanishi lozim.
180. Laklarni tindirish va pishitish uchun sigʻimlar izolyatsiyalangan xonalarda oʻrnatilishi zarur.
181. Laklarni pishitish uchun tindirgichlarga quyish va tayyor laklarni toʻkish quvur orqali amalga oshirilishi zarur. Barcha tindirgichlar atmosfera bilan havo klapani va yongʻinni toʻsuvchi moslama orqali bogʻlangan boʻlishi lozim.
11-§. Qatlamli plastiklarni ishlab chiqarishda xavfsizlik talablari
182. Qatlamli plastiklarni ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan suyuq moddalar koʻrinishidagi xom ashyo izolyatsiyalangan xonalarda joylashgan sigʻimlarda saqlanishi zarur.
183. Bogʻlovchi moddalarni tayyorlash uchun asosiy texnologik uskuna alohida izolyatsiyalangan xonada unga qulay va xavfsiz xizmat koʻrsatish imkoniyati nazarda tutilgan holatda joylashtirilishi kerak.
184. Aralashtirgichlar bugʻ va gazlarni tortib olish uchun mahalliy ventilyatsiya bilan jihozlanishi zarur.
185. Quritish moslamali singdiruvchi mashina, toʻldirgichlarni singdirish va quritish jarayonida ajraluvchi zararli gaz va bugʻlarni ushlab qolish uchun tortuvchi-chiqaruvchi ventilyatsiya va mahalliy soʻruvchi ventilyatsiya bilan taʼminlanishi zarur.
186. Singdirish mashinalari shimdirilgan toʻldirgichlar polotnosidan statik elektr zaryadlarini olish moslamalari bilan jihozlanishi kerak.
187. Singdirish mashinalarining kesuvchi moslamalari hamda rotorli va gilotinli pichoqlari yaxlit toʻsiqqa ega boʻlishi lozim.
188. Singdirish mashinalari va kesuvchi qurilmalarning toʻsiqlari ogohlantiruvchi rangda boʻlishi zarur.
189. Singdirish mashinasining valigiga toʻldirgich polotnosini oʻrnatish mashinaning aylanuvchi qismlari toʻliq toʻxtagandan soʻng amalga oshirilishi lozim.
190. Singdirish mashinalarining vannalarini lak bilan toʻldirish quvurlar yordamida bajarilishi lozim. Ish tugagandan soʻng lak qoldiqlarini maxsus yopilgan sigʻimlarga quyish lozim.
191. Singdirish mashinalari bugʻli yoki karbonat angidridli turgʻun yongʻinni oʻchirish tizimi bilan jihozlangan boʻlishi shart. Ish davomida vaqti-vaqti bilan singdirish mashinasi shaxtasidan oʻtuvchi havo oqimining kattaligi tekshirib turilishi lozim.
192. Singdirilgan toʻldirgichning kesilgan listlari va oʻramlarini taxlash uchun alohida maydoncha ajratilishi zarur. Ularni piyoda oʻtish yoʻlaklari va transport yoʻllarida taxlash taqiqlanadi.
193. Gidravlik presslar presslash vaqtida ajraluvchi zararli gaz va bugʻlarni ushlab qolish uchun mahalliy tortish ventilyatsiyasining soʻrgichlari bilan jihozlanishi zarur.
194. Gidravlik presslar ular oʻrnatilganidan soʻng va ekspluatatsiya davrida ulardagi ulanish va zichlanish joylarining ishonchliligini tekshirish uchun sinovdan oʻtkazib turilishi shart.
195. Gidravlik zarbalar kuchini kamaytirish va bosimning toʻsatdan oshishining oldini olish uchun quvurlar saqlovchi klapan yoki boshqa moslamalar bilan jihozlanishi lozim.
196. Suyuqlikning bexosdan koʻp sarflanishi vaqtida akkumulyator qarshi ogʻirligining tez tushib ketishining oldini olish uchun akkumulyatordan gidravlik presslargacha boʻlgan quvurdagi asosiy klapan suyuqlikning kelishini avtomatik toʻxtatuvchi qurilma bilan jihozlanishi kerak.
197. Saqlovchi klapan qarshi ogʻirligi qulflangan va plombalangan metall korpusga joylashtirilishi zarur.
198. Nasos yopuvchi klapangacha boʻlgan liniyada oʻrnatilgan saqlovchi klapan, shuningdek press gidrotizimida belgilangan bosim oshganda nasosni avtomatik oʻchiruvchi qurilmaga ega boʻlishi lozim.
199. Pressning gidravlik qurilmalari eng yuqori nuqtalarida havoni chiqarish kranlari bilan, quyi nuqtalarida esa, ishchi suyuqlikni toʻkish armaturasi bilan jihozlanishi kerak.
200. Nosoz holatdagi gidrotizim, saqlovchi klapan, manometr va boshqa nosoz qismlar bilan pressda ishlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
201. Ish vaqtida toʻsiqlar, saqlovchi moslamalarni yechish, pressni tozalash va moylash taqiqlanadi.
202. Presslangan elektr izolyatsiya materiallarining paketlarini ajratish tayyor materiallarning listlarida toʻplanuvchi statik elektr zaryadlarni yechish moslamalari bilan jihozlangan maxsus stollarda bajarilishi kerak.
203. Qaychilar va frezer stanoklar qatlamli plastiklarning chetlarini kesish chogʻida hosil boʻluvchi changni yutadigan mahalliy ventilyatsiya qurilmasi bilan jihozlanishi zarur.
204. Qatlamli plastiklarga pichoq bilan ishlov berish har bir uskuna uchun belgilangan qalinlik chegarasida amalga oshirish lozim.
205. Qaychilar ish stolining yuzasi poldan 800 mm balandlikda boʻlishi lozim. Stolning oʻlchamlari ishlov beriluvchi materiallarning qulay joylashuvini taʼminlashi zarur.
206. Ish stollari, yoʻnaltiruvchi chizgʻichlar, shablonlar va boshqalarning yuzalari tekis, biror-bir nuqsonlarsiz boʻlishi kerak.
207. Arra yoki qaychilarda kesilgan qogʻozlarning qoldiqlari va qirindilari oʻz vaqtida tozalab turilishi lozim.
208. Qogʻoz qatlamli plastiklar isituvchi qurilmalardan kamida 1 m uzoqlikda oʻrnatilgan tokchalarda, gorizontal holatda saqlanishi lozim.
12-§. Lakli matoni ishlab chiqarishda xavfsizlik talablari
209. Lakli matoni ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan suyuq moddalar koʻrinishidagi xom ashyo alohida izolyatsiyalangan xonalarda joylashgan sigʻimlarda saqlanishi zarur.
210. Lakli matolarni ishlab chiqaruvchi asosiy texnologik qurilmalar maxsus singdirish mashinalari, valikli mashinalar hamda shisha matolardan parafinni tozalash mashinalari ularga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash qulay boʻlgan tarzda joylashtirilishi lozim.
211. Singdirish, valikli hamda parafin moyini tozalash mashinalari mato tasmasidan statik zaryadni yechish moslamalari bilan jihozlanishi lozim.
212. Texnologik uskunaning aylanuvchi qismlari toʻsilgan boʻlishi zarur. Xavfli joylarning toʻsiqlari ogohlantiruvchi rangda boʻlishi kerak.
213. Singdirish mashinalari, valikli mashinalar, parafin moyini tozalash mashinalarining uzatish mexanizmiga oʻramlarni oʻrnatish va undan olish faqat koʻtarish qurilmalari yordamida amalga oshirilishi zarur.
214. Singdirish mashinalarining vannalari quvurlar yordamida toʻldirilishi zarur. Ish yakunlangandan soʻng lak qoldiqlari maxsus idishga quyilishi kerak.
215. List yoki oʻramlarni taxlash uchun maxsus maydonchalar ajratilishi zarur. Oʻramlar isituvchi qurilmalardan kamida 1 m uzoqlikda oʻrnatilgan tokcha yoki tagliklarda saqlanishi lozim.
13-§. Plastmassali elektr izolyatsiya materiallarini ishlab chiqarishda xavfsizlik talablari
216. Polimer kukun va granula koʻrinishidagi xom ashyo ishlab chiqaruvchi tarasida quruq va yopiq xonada saqlanishi zarur.
217. Quritish kameralariga xizmat koʻrsatish uskunasi ishlash jarayonida kuyishdan saqlanish uchun himoya moslamalariga ega boʻlishi lozim.
218. Texnologik uskuna erigan polimerdan ajralayotgan gazlarni tortib oluvchi mahalliy ventilyatsiya bilan jihozlanishi zarur. Termoplastlarni eritgichda eritish havo tortuvchi shkafda amalga oshirilishi zarur.
219. Ishlab chiqarish xonalariga issiqlik ajralishini kamaytirish va xodimlarni kuyib qolishdan saqlash uchun qizigan yuzalarni issiqlikdan izolyatsiya qilishi lozim.
220. Quyish mashinalari konstruksiyasida xavfli hududlarni toʻsish koʻzda tutilishi kerak.
221. Press qoliplarning birikish hududi toʻsiqlarining konstruksiyasi xavfli hududni yon va yuqori tomondan yopib turishi zarur.
222. Quyish mashinalari ochiq yoki yechilgan toʻsiqlar holatida press qoliplarning birikishini oʻchiruvchi va mashinaning ish tartibi oʻzgarganda plastmassaning press qolipga yuborilishini toʻxtatuvchi bloklash qurilmasiga ega boʻlishi lozim.
223. Press qoliplarning konstruksiyasida uni quyish mashinasiga mexanizatsiyali oʻrnatish qurilmasi boʻlishi lozim.
224. Quyish qoliplarini almashtirishdan avval yuk koʻtarish mexanizmlarini tayyorlash kerak.
225. Qizigan massani chiqarishda (mashinaga havo berishda) ushbu massaning xodimlarga tegib ketishiga qarshi choralar koʻrilishi lozim.
226. Texnologik uskuna erigan polimerdan ajralayotgan gazlarni tortib oluvchi mahalliy ventilyatsiya bilan jihozlanishi zarur. Termoplastlarni eritgichda eritish havo tortuvchi shkafda amalga oshirilishi zarur.
227. Plastmassa mahsulotlari isituvchi qurilmalardan kamida 1 m uzoqlikda oʻrnatilgan tokchalarda saqlanishi lozim.
14-§. Egiluvchan elektr izolyatsiya naychalarini ishlab chiqarishda xavfsizlik talablari
228. Egiluvchan laklangan elektr izolyatsiya naychalarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan suyuq moddalar koʻrinishidagi xom ashyo alohida izolyatsiyalangan xonalarda joylashgan sigʻimlarda saqlanishi zarur.
229. Arqon oʻramlari, polimer granulalari, elektr izolyatsiyali rezina aralashmalari quruq joyda saqlanishi lozim.
230. Texnologik uskuna ish vaqtida hosil boʻluvchi chang, gaz va bugʻlarni tortuvchi mahalliy ventilyatsiya qurilmasi bilan jihozlanishi zarur.
231. Texnologik uskuna singdirish, laklash va naychalarni quritish jarayonida hosil boʻluvchi gaz va bugʻlarni tortuvchi mahalliy ventilyatsiya qurilmasi bilan jihozlanishi zarur.
232. Arqon-qobiqni kalavadan yechish ishlari mahalliy ventilyatsiya bilan taʼminlangan maxsus yechish stanogida bajarilishi zarur.
233. Arqon-qobiqni quritgich shaxtasi orqali oʻrnatish maxsus moslamalar yordamida hamda aylanuvchi qismlar toʻxtatilganidan soʻng amalga oshirilishi lozim.
234. Qisqa oʻlchamli naychalar tayyorlashga moʻljallangan laklash vannasi va laklash-quritish pechi naychalarni singdirish, laklash va quritish jarayonida hosil boʻluvchi gaz va bugʻlarni tortuvchi mahalliy ventilyatsiya qurilmasi bilan jihozlanishi zarur.
15-§. Olov bilan bajariladigan ishlarni amalga oshirishda xavfsizlik talablari
235. Olovli ishlar alohida joylarda bajarilishi zarur.
236. Katta detallar, bloklar, fermalar, staninalar payvandlash va kesish vaqtida kesilgan qismlarning ishchilarga tegishining oldini olish uchun xavfsizlik choralari koʻrilishi lozim.
237. Payvandlash transformatorlari va generatorlari orasidagi oʻtish yoʻlaklari, shuningdek stol va tokchalarning ikki tomonidan oʻtish yoʻlaklarining kengligi 1 m dan kam boʻlmasligi lozim.
238. Ogʻirligi 20 kg dan ortiq boʻlgan mahsulotlarni payvandlash ishlari mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi zarur.
239. Payvandlash ishlari faqat sigʻim tuynuklari, lyuk va qopqoqlarning ochiq holatida amalga oshirilishi lozim. Yopiq boʻshliq ichida ventilyatsiyasiz payvandlash taqiqlanadi.
240. Bosim ostidagi har qanday quvur va rezervuarni har qanday gaz yoki suyuqlik bilan toʻldirilganidan qatʼi nazar, payvandlash taqiqlanadi.
241. Elektrpayvandlash ishlari olib boriladigan joylarda doimiy ventilyatsiya mavjud boʻlishi shart.
242. Elektrpayvandlash qurilmasini yoqishdan avval uni tashqi kuzatish va qurilmaning sozligiga ishonch hosil qilish lozim. Kontaktlar va yerga ulash simlarining holati, ishchi simlar izolyatsiyasi, himoya vositalarining mavjudligi va sozligi tekshirilishi kerak. Biror-bir nosozliklar aniqlangan hollarda qurilmani yoqish taqiqlanadi.
243. Elektr tarmoqlaridan payvandlash qurilmasigacha boʻlgan simlarning uzunligi 10 m dan oshmasligi kerak. Simlarning izolyatsiyasi mexanik shikastlanishdan saqlangan boʻlishi lozim.
244. Elektrpayvandlash qurilmasini bir joydan ikkinchi joyga koʻchirishga faqat elektr tarmogʻidan uzilganidan soʻng yoʻl qoʻyiladi.
4-bob. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
245. Ishlab chiqarish uskunasi foydalanish davrida GOST 12.2.003-91 “Ishlab chiqarish uskunasi. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST 12.2.049-80 “Ishlab chiqarish uskunasi. Umumiy ergonomik talablar”, GOST 12.2.062-81 “Ishlab chiqarish uskunasi. Himoya toʻsiqlari. Umumiy xavfsizlik talablari”, GOST 12.2.064-81 “Ishlab chiqarish uskunasini boshqarish organlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq boʻlishi lozim.
246. Ishlab chiqarish uskunalari ularning texnik hujjatlari talablariga muvofiq holda saqlanishi lozim.
247. Ishlab chiqarish uskunasining xavfsizligi quyidagilar yordamida taʼminlanishi lozim:
ishlash prinsiplari, konstruktiv sxemalar, xavfsiz konstruksiya elementlarini tanlash;
konstruksiyalarda mexanizatsiya, avtomatizatsiya va uzoqdan turib boshqarish vositalarini qoʻllash;
konstruksiyalarda himoya vositalarini qoʻllash;
ergonomik talablarni bajarish;
montaj qilish, foydalanish, taʼmirlash, tashish va saqlashga doir texnik hujjatlarga xavfsizlik talablarini kiritish.
248. Zararli moddalar chiqaradigan ishlab chiqarish uskunasidan foydalanilganda bu moddalarning ish hududi havosidagi miqdori GOST 12.1.005-88 “Ish joyining havosiga qoʻyiladigan umumiy sanitar-gigiyenik talablar. Xavfsizlikning umumiy talablari”da belgilangan chegaraviy yoʻl qoʻyiladigan konsentratsiyalar miqdoridan oshmasligi kerak.
2-§. Saqlovchi va blokirovkalovchi qurilmalarga boʻlgan xavfsizlik talablari
249. Dastgohlarning detallari sinmasligi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga jarohat yetkazmasligi uchun dastgohlar ortiqcha yuklanishdan saqlovchi qurilmaga ega boʻlishi lozim.
250. Dastgohlarning jihozlari oʻz-oʻzidan pastga tushib ketishining oldini oluvchi qurilmalarga ega boʻlish lozim.
251. Mexanizatsiyalashgan yoki avtomatlashgan usulda mahkamlanadigan dastgohlarda ishlov berish jarayoni faqat detal mahkamlab boʻlingandan soʻng ishga tushishini taʼminlaydigan blokirovka qurilmasi boʻlishi lozim.
252. Avtomat va yarim avtomatlar, ularda ishlov berish hududi ochiq holatda ish bajarilganda jarohatlanish yuz bermasligi uchun blokirovka qurilmalariga ega boʻlishi, ular avtomatik ish sikli himoya qurilmasi yopiq boʻlganda ishga tushishini taʼminlashi lozim.
253. Dastgohlarda operatsiyalar bajarilayotgan vaqtda detal yoki asbob aylanishi tufayli jarohatlanish mumkin boʻlsa, dastgohlarda shpindel oʻchirilgan zahoti uni avtomatik tarzda toʻxtatadigan qurilma boʻlishi kerak.
254. Dastgohni sozlash paytida saqlovchi blokirovka qurilmalarini oʻchirish imkoniyati koʻzda tutilishi zarur.
255. Uzoqdan turib yoki avtomatik tarzda ishga tushiriladigan uskunada ogohlantiruvchi “Ehtiyot boʻling, avtomatik tarzda yurgiziladi!” degan belgi va yozuvlar boʻlishi lozim.
3-§. Boshqarish organlariga boʻlgan xavfsizlik talablari
256. Boshqarish organlarining ish vazifasi GOST 12.4.040-78 “Ishlab chiqarish uskunasining boshqarish organlari. Belgilanishi. Umumiy talablar”ga asosan yozuvlar yoki belgilar bilan koʻrsatilishi kerak.
257. Uskuna shoshilinch toʻxtatilishi uchun qulay joylarda, doimiy ish oʻrni hududida yoki tez-tez xizmat koʻrsatiladigan xavfli uzel yaqinida joylashgan “Toʻxtatish” knopkasi bilan jihozlanishi kerak.
258. Xavf soladigan uskuna qismi operator koʻrish doirasidan tashqarida, xavfli ish boshqarish organlari hududida joylashgan boʻlsa qoʻshimcha avariyaviy oʻchirish qurilmalari bilan jihozlanishi kerak.
259. Avariyaviy oʻchirgich va tugmalar konstruksiyasi va joylashishi ulardan har xil ish vaziyatlarida foydalanish imkonini taʼminlashi lozim.
260. Uskunani avariyaviy oʻchirish qurilmasi eng katta quvvatli dvigetelni nominal kuchlanishdagi boshlangʻich yurgizish tokiga va boshqa hamma isteʼmolchilarning nominal toklari yigʻindisiga mos boʻlgan maksimal yuklanishga moʻljallangan boʻlishi zarur.
261. Uskunaning avariyaviy oʻchirish qurilmasi, ish paytida tanaffus yuz berganda avariyaga yoki xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni jarohatlanishga olib kelishi mumkin boʻlgan qurilmalarni oʻchirmasligi lozim.
262. Uskunani avariyaviy oʻchirish qurilmasini boshlangʻich holatiga qaytarish qurilmasi uskunani ishga tushirib yubormasligi lozim.
263. Ishga tushirish qurilmalarining konstruksiyasi va holati (tugma, richag va hokazo) uskunani tez, ishonchli tarzda yurgizilishi va oʻchirilishini taʼminlashi hamda ularning oʻz-oʻzidan ishlab ketishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
264. Qoʻl bilan boshqarish organlari (shu jumladan elektr boshqaruv pultlarida joylashgan) shunday yasalgan va joylashgan boʻlishi kerakki, ulardan foydalanish qulay boʻlishi, qoʻllarni qisib qolish yoki boshqa boshqarish organlari va dastgoh qismlariga tiqilib qolish hollariga olib kelmasligi hamda tasodifan boshqarish organlarining ishlatilishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
265. Bir nechta xodimlar xizmat koʻrsatadigan uskunaning boshqarish organlari, harakatlarning zaruriy ketma-ketligini taʼminlaydigan blokirovka qurilmasiga ega boʻlishi lozim.
266. Blokirovka qurilmalarini qoʻllamaslikka texnik jihatdan asoslar boʻlgan hollarda boshqarish organlari yoniga ogohlantirish yozuvlari va belgilari oʻrnatilishi kerak.
267. Murakkab va xavfli uskunaning boshqaruv organlari unda rostlash ishlarini oʻtkazish va begona shaxslar ishlashiga yoʻl qoʻymaslik uchun qulflar yoki plombalar bilan taʼminlangan, eshikchalari yopiq boʻlishi lozim.
4-§. Qoʻl elektr mashinalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
268. Qoʻl elektr mashinalari GOST 12.2.013.0-91 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Qoʻl elektr mashinalari. Xavfsizlikning umumiy talablari va sinash usullari” talablariga, shuningdek alohida olingan mashina turining standartlariga va texnik hujjatlariga toʻgʻri kelishi zarur.
269. Qurilma va mexanizmlarni taʼmirlash boʻyicha ishlar faqat ular elektr tarmogʻidan oʻchirilganidan va ularga majburiy tarzda ogohlantiruvchi plakatlar ilinganidan soʻng amalga oshirilishi zarur.
270. Koʻchma elektr asbobning kuchlanishi quyidagicha boʻlishi kerak:
yuqori xavflilikda boʻlmagan binolarda 220 V gacha;
yuqori xavflilikdagi binolarda 42 V gacha;
oʻta xavfli binolar va binodan tashqarida 12 V gacha.
271. Qoʻl elektr asbobini ulashga moʻljallangan shtepsel ulagichlarning tok oʻtkazuvchi qismlari qoʻl yetmaydigan tarzda himoyalangan boʻlishi lozim.
272. Kuchlanishdagi shtepsel ulagichlar oʻzining konstruksiyasi va rangiga koʻra odatdagi 220 V li shtepsel ulagichlardan ajralib turishi va 42 V gacha boʻlgan shtepsellarning 220 V rozetkalariga ulanish imkoni boʻlmasligi lozim.
273. Elektromontaj ishlari uchun moʻljallangan qoʻl chiroqlari va qoʻl asboblari sozligi bir yilda ikki marta tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim.
274. Elektromontaj ishlari uchun foydalaniladigan qoʻl asboblarining dastaklari izolyatsiyalangan boʻlishi kerak.
5-§. Nazorat-oʻlchov asboblariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
275. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarishda texnologik jarayonlarning koʻrsatkichlarini nazorat qilish uchun qoʻllaniluvchi nazorat-oʻlchov asboblari GOST 12.3.019-80 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Elektr sinashlar va oʻlchashlar. Xavfsizlikning umumiy talablari”ga mos boʻlishi shart.
276. Nazorat-oʻlchov asboblarining shkalasidagi chiziq koʻrsatkichlar aniq koʻrinib turishi lozim.
6-§. Xizmat koʻrsatish maydonchalari va zinalarga boʻlgan xavfsizlik talablari
277. Dastgohga xizmat koʻrsatish yoki ishlov berish hududini kuzatish uchun xodimning pol sathidan 0,5 m va bundan balandroqda turishi talab etilsa, dastgoh zinapoya bilan jihozlangan xizmat koʻrsatish maydonchalari yoki sirpanmaydigan qoplamali galeryalarga ega boʻlishi kerak.
278. Maydonchalar sifatida uskunaning gorizontal yuzalaridan foydalanish mumkin. Xizmat koʻrsatish maydonchalaridan ustyopma yoki uskunaning chiqib turgan qismlarigacha boʻlgan balandlik 2 m dan kam boʻlmasligi zarur.
279. 0,5 m dan balandda joylashgan maydonchalar va ularga olib chiqadigan zinalarda, pastida balandligi 100-50 mm yaxlit yon qoplama oʻrnatilgan balandligi 1 m dan kam boʻlmagan toʻsiq (panjara)lar boʻlishi kerak.
280. Maydoncha sathidan 0,5-0,6 m balandlikda qoʻshimcha gorizontal planka oʻrnatilishi lozim.
281. Vertikal ustunlar orasidagi masofa 1,5 m boʻlishi kerak.
282. Xizmat koʻrsatish maydonchalari va zinalarning eni 0,5 m dan kam boʻlmasligi zarur.
283. Zinalarning ikkala tarafida toʻsiq (panjara)lar boʻlishi lozim.
284. Xizmat koʻrsatish maydonchasi 10 m dan balandroqda joylashgan boʻlsa, har 5 m da dam olish maydonchalari oʻrnatilishi zarur.
285. Zina va maydonchalarning tutqichlari qoʻl bilan ushlash uchun qulay boʻlishi, oʻtkir qirralari, qirov va kiyim ilinishi mumkin boʻlgan chiqib turgan joylari boʻlmasligi lozim.
7-§. Ishlab chiqarish uskunasi, kommunikatsiyalarni joylashtirishda xavfsizlik talablari
286. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarishda asosiy va yordamchi uskunani joylashtirish, uskuna va binolar devorlari orasidagi masofa 0,6 m dan kam boʻlmasligi lozim.
287. Asosiy va yordamchi uskunalar asosiy yuk tashish yoʻnalishiga muvofiq oʻrnatilishi zarur.
288. Ishlab chiqarish uskunasining joylashishi unga bexatar va qulay xizmat koʻrsatish, taʼmirlash, montaj va demontaj qilishni taʼminlashi kerak.
289. Ish oʻrinlarini rejalash uskunani boshqarish organi va pultlariga erkin oʻtish yoʻlaklari va kirish joylarini, ish jarayonlarining qulay va bexatar bajarilishini taʼminlashi va GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga javob berishi lozim.
290. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida uchib chiqayotgan material parchalaridan saqlash choralari koʻrilishi lozim.
291. Ish joylarida jihozlar, material, tanovar, yarim tayyor mahsulot, tayyor mahsulot va chiqindilar solinishi uchun stellaj, idish, stol va boshqa qurilmalar qoʻyiladigan maydonchalar koʻzda tutilishi lozim.
292. Sex va uchastkalarda uskunalarni joylashtirish va ish oʻrinlarini rejalash favqulodda vaziyatlar yuz berganda xodimlarni xavfsiz evakuatsiya qilish imkoni koʻzda tutilishi zarur.
293. Sexlardagi oʻtish joylarining kengligi quyida koʻrsatilgan miqdorlardan kam boʻlmasligi kerak:
magistral oʻtish joylari uchun 1,5 m;
uskunalar oʻrtasidagi oʻtish joylari uchun 1,2 m;
ishlab chiqarish binosi devorlari va uskuna oʻrtasidagi oʻtish joylari uchun 1,0 m;
uskunaga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash maqsadida unga boriladigan oʻtish joylari uchun 0,7 m.
294. Konveyer qurilmalari, ishlab chiqarish binolari, galereyalar, tunnellar va estakadalarning joylashishi GOST 12.2.022-80 “Konveyrlar. Xavfsizlikning umumiy talablari”ga javob berishi lozim.
8-§. Tashkilotlarda zararli omillar taʼsirining sanitariya normalari va qoidalarida belgilangan miqdorgacha kamaytirilishini taʼminlovchi usul va tadbirlar
295. Chang koʻp hosil boʻladigan hududlarda ishlash vaqtida changni oʻtkazmaydigan qattiq matodan tayyorlangan maxsus kiyim, nafas olish organlari uchun individual himoya vositalari qoʻllanilishi lozim.
296. Izolyatsiyali elektr materiallar, shu jumladan elektr sopol materiallar ishlab chiqarishda bajarilayotgan ish xususiyatiga qarab himoya vositalaridan foydalanish lozim.
297. Shovqinning ishlovchilarga koʻrsatadigan zararli taʼsirini bartaraf etish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar qabul qilinishi lozim:
shovqin hosil qiladigan uskunani almashtirish yoʻli bilan texnologiyaga oʻzgartirish kiritish yoki shovqinni yutadigan qurilmalarni qoʻllash;
statsionar mashina va mexanizmlar ostiga izolyatsion qistirmali poydevorlar qurish;
agregatlar yoki ularning qismlari uchun shovqinni oʻtkazmaydigan kojuxlarni qoʻllash;
titraydigan yuzalarni vibratsiyani yutuvchi ichki ishqalanishi yuqori boʻlgan materiallar bilan berkitish;
metall detallarni plastmassadan yasalgan detallar bilan almashtirish, xizmat koʻrsatuvchi ishchilar uchun shovqin oʻtkazmaydigan kabinalar qurish;
agregatlarning gaz chiqaradigan va havo soʻradigan tuynuklarida shovqinni kamaytiradigan moslamalarni oʻrnatish, koʻtarib turuvchi konstruksiyalarga (toʻsinlar, fermalar) turli shovqin yutqichlar bilan ishlov berish;
kichik hajmdagi xonalarning ichki yuzalarini shovqinni yutadigan materiallar bilan qoplash.
298. Agar ish sharoitiga koʻra ish joylarida shovqin darajasini kamaytirish imkoni boʻlmasa, ishchilarning ish va dam olish rejimini oʻzgartirish, quloqni bezovta qilmaydigan va shovqinni belgilangan meʼyorlar darajasigacha kamaytiradigan individual himoya vositalari (naushniklar, shlemlar, tiqinlar, shovqinga qarshi vkladishlar) bilan taʼminlash orqali ishchilarning sogʻligʻini muhofaza qilish boʻyicha profilaktik chora-tadbirlar tizimi koʻzda tutilishi lozim.
299. Qoʻl orqali ishchilarning organizmiga oʻtadigan vibratsiyaning chegaraviy yoʻl qoʻyiladigan darajalari SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va mahalliy vibratsiyaning sanitariya meʼyorlari”ga mos boʻlishi lozim.
5-bob. Taʼmirlash ishlarini amalga oshirishga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Taʼmirlash ishlarini olib borish
300. Taʼmirlash ishlarini oʻtkazishda bajariladigan ishlarning texnologik ketma-ketligi aks ettirilgan taʼmirlash hujjatlari rasmiylashtirilgan boʻlishi va ularda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
ishlarni bajarish usullari va uslublari;
amalga oshirilishi lozim boʻlgan xavfsizlik choralari va maxsus texnologik jarayonlar;
taʼmirlash uchun zarur boʻlgan asbob-uskuna va anjomlarning turlari;
taʼmirlangan uskunalar va ularning qismlari texnik talablarga muvofiqligi haqidagi hujjatlar.
301. Kapital va joriy taʼmirlash dasturlarida taʼmirlashni oʻtkazish uchun masʼul shaxslar, shuningdek taʼmirlash ishlarini bajarish tartibi va xodimlarning xavfsizligini taʼminlash choralari belgilanishi lozim.
2-§. Taʼmirlash ishlarini bajarishni tashkilot rahbariyati bilan kelishish va taʼmirlash ishlarini olib borish uchun masʼul shaxslarni tayinlash
302. Barcha hollarda taʼmirlash ishlarini bajarish va usullari bosh muhandis yoki uning oʻrinbosari bilan kelishilishi kerak.
303. Taʼmirlash ishlari tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan masʼul xodim rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
304. Taʼmirlash tashkilotlari tomonidan bajariladigan taʼmirlash, qurilish va montaj ishlari naryad-ruxsatnoma bilan rasmiylashtirilishi zarur.
3-§. Taʼmirlash ishlarini bajaruvchi shaxslarning malakasiga qoʻyiladigan talablar va taʼmirlanadigan uchastkalarni ajratish
305. Asbob-uskunalarni taʼmirlash va sozlash ishlari maxsus oʻqitilgan va yoʻl-yoʻriq berilgan, tegishli bilim va malakaga ega xodim tomonidan amalga oshirilishi kerak.
306. Kapital taʼmirlashdan soʻng asbob-uskunani ishga tushirishga tashkilot bosh mexanigi (bosh energetik), mehnat muhofazasi xizmati xodimi, ishlab chiqarish majmuasi boshligʻi va kasaba uyushmasi vakillaridan iborat tarkibdagi komissiya tomonidan tashkilot rahbari yoki bosh muhandis tasdiqlaydigan tegishli dalolatnoma tuzilib, qabul qilingandan soʻng ruxsat beriladi.
307. Taʼmirlash ishlari bajarilgandan soʻng uskunani ishga tushirish faqat masʼul xodim ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
308. Taʼmirlash ishlari bajariladigan hudud toʻsilgan va u yerda xavfsizlik belgilari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
309. Taʼmirlash ishlarini boshlashdan oldin unda ishtirok etadigan barcha xodimlar taʼmirlash ishlarini tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va ularga taʼmirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriq berilishi zarur.
4-§. Taʼmirlash ishlarining xavfsiz olib borilishini taʼminlash, zinapoyalarda va koʻtarish mexanizmlarida ishlash shartlari
310. Taʼmirlash jarayonida yechib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yigʻishtirib qoʻyilishi lozim.
311. Taʼmirlash paytida ish joylari, yoʻllar va zinapoyalarni turli buyumlar bilan toʻsib qoʻyish taqiqlanadi.
312. Balandlikda taʼmirlash ishlarini bajarishda havoza va taxta toʻshamalardan foydalanish zarur.
313. Havoza va taxta toʻshama oʻrnatishning imkoni boʻlmasa, xodimlar balandlikda ishlash uchun ehtiyot kamarlari va arqonlardan foydalanishlari shart. Ehtiyot kamarlari va arqonlar mahkamlanadigan joylar konstruksiyalarda oldindan belgilab qoʻyilgan boʻlishi lozim.
314. Balandlikda taʼmirlash ishlarini bajarganda asbob-uskuna va materiallarni maydoncha qirgʻogʻiga qoʻyish yoki yerga tashlash taqiqlanadi. Asbob-uskunalarni saqlash va tashishda maxsus sumka yoki qutilardan foydalanish zarur.
315. Materiallarni uskunaning ish maydonchasiga uzatish mexanizatsiyalashgan boʻlishi va tushib ketmaydigan usulda bajarilishi kerak.
316. Yoritish chiroqlarini taʼmirlash ishlarida faqat 12 V kuchlanishdagi koʻchma lampalar, portlashdan himoyalangan akkumulyatorli chiroqlardan foydalanish kerak.
317. Yoritish maqsadida mashʼala, gugurt, kerosinli fonarlar, shamchiroqlardan foydalanish taqiqlanadi.
318. Suyuq yonilgʻi saqlanadigan idishlar, bitum saqlagichlar, konveyerlar, shimdirish vannalari va neft mahsulotlari mavjud boshqa sigʻimlarni taʼmirlashda ushbu sigʻimlar undagi mahsulotlardan boʻshatilishi zarur.
319. Idishlar, bunkerlar va boshqa chuqur joylarda ishlayotgan xodim mahkamlangan qutqaruv arqoniga ega boʻlishi, arqonning ikkinchi uchi tashqariga chiqarilgan va kuzatuvchi nazorati ostida boʻlishi kerak.
320. Taʼmirlash ishlari tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, asbob-uskunalar, materiallar va chiqindilar ish joyidan olib ketilishi, toʻsiqlar, saqlovchi moslamalar oʻz joyiga oʻrnatilishi kerak.
6-bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
321. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
322. Mansabdor shaxslar va xodimlar xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(322-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 49-moddasi.
7-bob Yakuniy qoida
323. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2015-yil 24-dekabr.
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2015-yil 24-dekabr.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2015-yil 24-dekabr.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2015-yil 24-dekabr.
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2015-yil 24-dekabr.
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2015-yil 25-dekabr.
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi direktori A. QURBONOV
2015-yil 25-dekabr.
“Oʻzeltexsanoati”aksiyadorlik jamiyati raisi E. IMINOV
2015-yil 25-dekabr.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B. ABDUSAMATOV
2015-yil 25-dekabr.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 4-son, 40-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)