|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.02.2019
|
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
Urug‘chilik to‘g‘risida
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 16-fevraldagi O‘RQ-521-sonli “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:
“urug‘lik” — o‘simlikning nav va duragaylarni saqlab qolish, takror yetishtirish uchun ishlatiladigan botanik donlari yoki boshqa qismlari;
Oldingi tahrirga qarang.
“reproduksion urug‘liklar” — fond urug‘liklarini va ularning keyingi reproduksiyalarini ko‘paytirishdan olinadigan urug‘liklar;
(1-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 6-apreldagi O‘RQ–31-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2006-y., 14-son, 113-modda)
“duragay urug‘liklar” — turkumdoshlarni chatishtirishdan olinadigan urug‘liklar;
“genetik sifat (nav sifati)” — muayyan nav urug‘likning genetik (nav) jihatidan qanchalik toza ekanligini bildiruvchi ko‘rsatkichlar majmui;
“ekinboplik xususiyati” — urug‘liklarning ekishga qanchalik yaroqli ekanligini bildiruvchi ko‘rsatkichlar majmui;
“urug‘lik turkumi” — bir turdagi (muayyan ekin, nav, reproduksiya, toifa, genetik (nav) tozalikdagi, muayyan yil hosilidan olingan, kelib chiqishi bir), hujjat bilan tasdiqlangan maxsus jamlangan urug‘likning bir xil miqdori;
“aprobatsiya qilish” — o‘simliklarning genetik (nav) jihatidan qanchalik toza ekanligini, kasalliklarga, zararkunandalarga chidamliligi va ekishga mo‘ljallangan urug‘likning umumiy holatini aniqlash maqsadida dalada o‘tkaziladigan tadqiqot;
“patent egasi (litsenziar)” — seleksiya navining egasi, duragay egasi huquqini qonun hujjatlariga muvofiq olgan shaxs.
2-modda. Urug‘chilikning asosiy vazifalari
Urug‘chilikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘z urug‘chilik bazasini yaratish;
navni yangilash va nav almashtirish jarayonida urug‘lik navlari va duragaylarining biologik hamda xo‘jalik jihatidan qimmatli xususiyatlarini saqlab qolish;
mamlakatimiz va jahonning qimmatli genofondini saqlab qolish hamda undan samarali foydalanish;
respublikaning turli tabiiy-iqlim mintaqalariga moslangan yangi tezpishar, serhosil, intensiv navlarini yaratish va ko‘paytirish;
(2-moddaning to‘rtinchi va beshinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
qishloq xo‘jaligini serhosil va yuqori sifatli urug‘liklar bilan ta’minlash;
urug‘liklarning sifati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
urug‘chilikka jahon tajribasi yutuqlarini joriy etish.
3-modda. Urug‘chilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Urug‘chilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida urug‘chilik sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
4-modda. Urug‘lik yetishtirish va undan foydalanish huquqi
Patent bilan muhofaza qilinadigan navlar va duragaylar urug‘ligini yetishtirish hamda undan foydalanish huquqiga patent egalari, shuningdek litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar egadirlar.
Patent yoki guvohnoma bilan muhofaza qilinmaydigan navlar va duragaylar urug‘ligi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq yetishtirilishi va undan foydalanilishi mumkin.
Patent egalari, ular vakolat bergan shaxslar, shuningdek ular o‘rtasidagi shartnomalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gi Qonunining 38-moddasi.
5-modda. Urug‘chilik bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning vazifalari
Urug‘chilik bilan, duragaylar va yangi navlar yaratish bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning vazifasi quyidagilardan iborat:
birlamchi urug‘chilikning samarali tizimini va urug‘ yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish hamda joriy etish;
duragaylar va navlarga doir muallif ta’riflarini taqdim etish;
urug‘liklarni ishlatuvchilar bilan shartnoma tuzish asosida yuqori navli va ekinbop xususiyatli urug‘liklar yetishtirish;
vaqti-vaqti bilan urug‘lar kataloglarini tayyorlash hamda bosib chiqarish;
har bir turkumdagi urug‘lik navi va ekinboplik xususiyatlari bo‘yicha to‘liq hisobni olib borish.
6-modda. Urug‘likning sifatini aniqlash
Urug‘likning genetik (nav) sifati dala va laboratoriyada o‘tkaziladigan sinov natijalari bo‘yicha aniqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ekinbop urug‘liklar yetishtirish maqsadida ekilgan navli qishloq xo‘jalik ekinlari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi belgilaydigan tartibda aprobatsiya qilinadi.
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
7-modda. Urug‘liklarni sertifikatlash
Ekish uchun ishlatiladigan urug‘liklar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlanishi lozim.
Urug‘liklarni sertifikatlash amaldagi standartlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshidagi “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan hamda uning joylardagi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi O‘RQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Standart urug‘liklarga muvofiqlik sertifikati, nostandart urug‘liklarga esa ularning sifati to‘g‘risida talon beriladi.
(7-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
8-modda. Urug‘liklarni realizatsiya qilish
Urug‘liklarning navi va ekinboplik xususiyatlari ko‘rsatilgan muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lgan taqdirda ularni realizatsiya qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Kimyoviy yoki biologik ishlov berilgan urug‘lar iste’molchiga yoki savdo tarmog‘iga faqat o‘ralgan holda yetkazib beriladi. Har bir o‘ramda qaysi turda ishlov berilganligi ko‘rsatilgan yorliq va xavfsizlik chora-tadbirlari to‘g‘risidagi yo‘riqnoma bo‘lishi shart.
(8-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
Himoya qilinadigan navlar Davlat reyestriga hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reyestriga kiritilmagan navlar va duragaylarning urug‘ligini sotish mumkin emas.
Muomalaga kiritilayotgan urug‘liklar davlat standartlari talablariga muvofiq albatta tamg‘alanadi va idishlarga joylanadi.
Karantindagi va boshqa xavfli hasharotlar, o‘simlik kasalliklari yoki begona o‘tlar keng tarqalgan davlatlardan keltirilgan urug‘liklarni respublika hududida tarqatish taqiqlanadi.
9-modda. Urug‘liklarni import va eksport qilish
Urug‘liklarni import qilishga quyidagi shartlarda yo‘l qo‘yiladi, agar:
ular davlat sinovidan o‘tgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reyestriga kiritilgan navning urug‘i bo‘lsa;
ularni import qilishga o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmatining ruxsatnomasi mavjud bo‘lsa;
Oldingi tahrirga qarang.
ularning muvofiqlik sertifikati va muvofiqlik belgisi mavjud bo‘lsa;
(9-moddaning birinchi qismi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
ularga eksport qilayotgan mamlakat tomonidan fitosanitariya sertifikati berilgan bo‘lsa;
ular seleksiya va tadqiqot ishlariga, ko‘rgazmaga qo‘yishga mo‘ljallangan bo‘lsa.
Oldingi tahrirga qarang.
Ilmiy va nav sinash maqsadlarida import va eksport qilinayotgan urug‘liklar uchun boj to‘lovi undirilmaydi, ular kvotalanmaydi va litsenziyalanmaydi.
(9-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 21-dekabrdagi O‘RQ-134-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 50-51-son, 513-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Urug‘liklarni eksport qilishga O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi yoki u vakolat bergan organning xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
(9-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
Eksport qilinadigan urug‘liklarga O‘zbekiston Respublikasi o‘simliklar karantini xizmati tomonidan beriladigan fitosanitariya sertifikati ilova qilinadi.
10-modda. Realizatsiya qilinadigan urug‘liklarga kafolatlar
Urug‘liklar yetishtirish va ularni realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar urug‘larning navi va ekinboplik sifatlari tegishli hujjatlarda ko‘rsatilgandek bo‘lishiga kafolat beradilar va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
Basharti, urug‘liklar yetishtirish va ularni realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan urug‘liklarning sifat ko‘rsatkichlari yo‘qligi o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlarning oqibati ekanligini isbotlasalar, urug‘likni ishlatuvchi ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilishi mumkin emas.
Sotib olingan urug‘liklarga berilgan kafolatlar ularning sifati to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan muddat davomida amal qiladi.
11-modda. Sug‘urta urug‘lik fondi
Sug‘urta urug‘lik fondi imkoniyatlari cheklangan mintaqalarga, xalqaro shartnomalarga muvofiq navli urug‘liklarni yetkazib berish uchun, shuningdek tabiiy ofatlar ehtimolini nazarda tutgan holda va boshqa maqsadlarda tashkil etiladi.
Sug‘urta urug‘lik fondini tashkil etish va undan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
12-modda. Urug‘chilikni ilmiy jihatdan ta’minlash
Oldingi tahrirga qarang.
Urug‘chilik O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, tegishli tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy o‘quv yurtlari va boshqa ilmiy tashkilotlar tomonidan ilmiy jihatdan ta’minlanib, ular:
(12-moddaning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
seleksiya va urug‘chilik bo‘yicha ilmiy-texnika dasturlarini;
urug‘chilik, urug‘shunoslik va navshunoslikning ilmiy asoslangan tizimini;
yangi va istiqbolli navlarni joriy etishga doir tavsiyalarni;
yuqori sifatli urug‘lik yetishtirish samaradorligini oshirishning uslub va usullarini;
urug‘chilikda axborot bilan ta’minlash tizimini ishlab chiqadilar.
13-modda. Urug‘lik yetishtirishning davlat tomonidan rag‘batlantirilishi
Qonun hujjatlarida urug‘lik yetishtirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari nazarda tutilishi mumkin.
14-modda. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining urug‘chilik sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi:
urug‘chilik sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reyestrini yuritadi;
qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘liklarining navlarini sinash borasidagi ishga rahbarlik qiladi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar, davlat hokimiyati mahalliy organlari bilan birga qishloq xo‘jaligi ekinlarining muayyan hududlarga moslashtirilgan va istiqbolli navlarini ekish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jalik ekinlarining Davlat reyestri to‘g‘risidagi Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 18-dekabrdagi 553-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestri to‘g‘risidagi Nizom.
(14-moddaning nomi va birinchi qismi birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 25-apreldagi 421-I-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
15-modda. Urug‘liklarni sertifikatlashtirish va ularning sifatini nazorat qilish davlat organi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy bo‘linmalari urug‘liklarni sertifikatlashtirish va ularning sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat organidir.
(15-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi O‘RQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
16-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining urug‘chilik sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi:
asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlari (paxta va g‘alla) uchun ajratilgan ekin maydonlarini muntazam nazorat qiladi, ekin maydonlarining ishlab chiqaruvchilar — fermer xo‘jaliklari va boshqa xo‘jaliklar, tumanlar va viloyatlar tomonidan qabul qilingan hamda tasdiqlangan shartnoma majburiyatlariga muvofiqligi bo‘yicha tanlab tekshirishlarni amalga oshiradi;
paxta va don ekinlarining urug‘liklari sifati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va ushbu ekinlar urug‘liklarining sifati sohasidagi davlat siyosatining ijro qilinishi, qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini joylashtirish, rayonlashtirish va navli urug‘liklar tayyorlash rejalarining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yuqori sifatli elita urug‘liklarni, birinchi va keyingi reproduksiyalardan hosil qilingan urug‘liklarni yetishtirish, urug‘liklarni davlat standartiga, mavjud yo‘riqnomalar va qoidalarga rioya etilgan holda tejab sarflash ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qishloq xo‘jaligi ekinlari aprobatsiyasi to‘g‘ri o‘tkazilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining mahalliy va xorijiy seleksiya navlarining, shu jumladan biotexnologik navlarning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish hamda rivojlantirish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
tarmoq korxonalari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklarini tayyorlash, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha normativ talablarning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiq ishlab chiqilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ishlab chiqarishda kimyoviy preparatlarning samarali qo‘llanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
sertifikatlashtirilmagan va davlat standartiga javob bermaydigan urug‘liklarning tarqatilishini taqiqlaydi;
ekinlar bo‘yicha urug‘lar arxivining tarkibi va urug‘lar arxivlarining yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(16-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi O‘RQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
17-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlari xodimlarining huquqlari
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarining xodimlari o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
sifat ko‘rsatkichlarining to‘g‘riligini va davlat standartlariga muvofiqligini tekshirish maqsadida zarur tahlillar o‘tkazish uchun urug‘liklarning namunalarini tanlab olish;
urug‘liklarning himoya qilinadigan navlaridan g‘ayriqonuniy ravishda foydalanilishini taqiqlash;
har qanday urug‘lik yetishtiruvchining, urug‘lik yetkazib beruvchining va savdo tashkilotining hududiga kirish;
urug‘chilik dalalariga hamda urug‘liklarning turkumlariga doir zarur axborot, hujjatlar va namunalarni olish;
qonun hujjatlarini buzgan holda urug‘likni yetishtirish, saqlash va sotish hollarini to‘xtatib qo‘yish yoki taqiqlash;
muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya yoki karantin sertifikati mavjud bo‘lmasa, urug‘liklar turkumlarining tashilishini taqiqlab qo‘yish;
muvofiqlik sertifikati, fitosanitariya yoki karantin ruxsatnomasi bo‘lmagan urug‘liklarni boshqa davlatlardan respublikaga olib kirishga yo‘l qo‘ymaslik;
qishloq xo‘jaligi ekinlarining navini yangilash va navlarni joylashtirish tartibini buzganlik uchun xo‘jaliklarning rahbarlariga va boshqa mas’ul shaxslarga nisbatan choralar ko‘rish.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarining xodimlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(17-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi O‘RQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
18-modda. Urug‘chilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Urug‘chilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
19-modda. Xalqaro shartnomalar
Basharti, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ushbu Qonunda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 29-avgust,
267-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 130-modda; 1997-y., 4-5-son, 126-modda; 1999-y., 5-son, 124-modda; O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 14-son, 113-modda; 2007-y., 50-51-son, 513-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)