|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.08.2018
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi to‘g‘risidagi nizomni hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestri to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-maydagi PQ-3699-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2018-yil 1-avgustdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
“Urug‘chilik to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestri to‘g‘risidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 26-noyabrdagi 419-son qaroriga 5-ilovaning III bo‘limidagi “O‘zbekiston davlat urug‘chilik markazi” so‘zlari “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. Belgilansinki, “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi”ni mablag‘ bilan ta’minlash budjet va sinov hamda sertifikatsiyalash uchun o‘z xizmatlariga to‘langan mablag‘lar, shuningdek boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 18-dekabr,
553-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 18-dekabrdagi 553-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QIShLOQ VA SUV XO‘JALIGI VAZIRLIGI HUZURIDAGI QIShLOQ XO‘JALIGI EKINLARI URUG‘LARINI SERTIFIKATSIYALASh VA SIFATINI NAZORAT QILISh DAVLAT MARKAZI TO‘G‘RISIDA
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi (keyingi o‘rinlarda “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi” deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 31-oktabrdagi 421-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
“O‘zdavurug‘nazoratmarkazi” maqomiga ko‘ra Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bosh boshqarmasiga tenglashtiriladi.
2. “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi” joylarda bo‘linmalari bo‘lgan urug‘larni sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat organi hisoblanadi.
3. “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi” O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish davlat markazi apparati bo‘linmalaridan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish markazi, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish viloyat markazlaridan, qishloq xo‘jaligi urug‘lari sifatini nazorat qilish tuman va tumanlararo inspeksiyalar (laboratoriyalar)dan iborat bo‘ladi va ularga rahbarlik qiladi.
4. “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi” yuridik shaxs hisoblanadi, bank muassasasida hisob-kitob schyotiga, muhrga, shtampga, o‘z nomi o‘zbek va ingliz tillarida yozilgan blanklarga ega bo‘ladi.
5. “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi” o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oliy Majlis qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining buyruqlariga hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Hay’atining qarorlariga, Sertifikatsiyalash milliy tizimining asosiy hujjatlariga, boshqa me’yoriy hujjatlarga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
6. “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi”ning faoliyati budjet va (yoki) sinov va sertifikatsiya uchun o‘z xizmatlariga to‘langan mablag‘lar hisobiga, shuningdek boshqa mablag‘lar hisobiga mablag‘ bilan ta’minlanadi.
7. “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi”ning boshqaruv tuzilmasi va shtat jadvali Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
II. “O‘ZDAVURUG‘NAZORATMARKAZI”NING ASOSIY VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI
8. Quyidagilar “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi”ning vazifalari hisoblanadi:
qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik sofligi va urug‘lari sifati sohasidagi davlat siyosatining bajarilishini nazorat qilish;
urug‘larni sertifikatsiyalash, akkreditatsiya viloyatiga muvofiq urug‘larni ishlab chiqaruvchilar va iste’mol qiluvchilardan qat’i nazar, urug‘lar sifatini belgilash va nazorat qilish ishlarini olib borish.
9. “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi” yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
mahalliy bo‘linmalarning barcha qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining sifati ustidan nazoratni tashkil etish bo‘yicha ishlariga rahbarlik qilish;
xo‘jaliklarda, korporatsiyalarda va boshqa korxonalarda, muassasalarda urug‘lar va ko‘chatlarning nav va ekish sifatlarini aniqlash;
urug‘lar sifatini aniqlash usullarini ishlab chiqish, takomillashtirish va tasdiqlash;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish markazi, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish viloyat markazlari, tuman va tumanlararo inspeksiyalari (laboratoriyalari)ning ishlariga uslubiy rahbarlik qilish;
urug‘larni yetishtirish va sifatini aniqlash bo‘yicha davlat standartlarini, yangi uslubiy qo‘llanmalar va yo‘riqnomalarni ishlab chiqishda bevosita qatnashish;
yuqori sifatli elita urug‘lar, birinchi va keyingi reproduksiyalar urug‘larini yetishtirishni, urug‘larni saqlashni, ularni ekishga tayyorlashni, sifatini aniqlashni hamda xo‘jaliklar va korxonalarning, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, davlat standartiga, mavjud yo‘riqnomalar va qoidalarga rioya qilgan holda tejab sarflashini nazorat qilish;
urug‘chilik sohasidagi jahon yutuqlarini joriy etish, jahon standartlari asosida urug‘lar sifatini aniqlash va nazorat qilish, standart urug‘larga sifat sertifikatlari berish;
urug‘larning ekish va nav sifatlarini aniqlashda barcha manfaatdor yuridik tashkilotlar va jismoniy shaxslarning qatnashishiga yordam berish;
mutaxassislarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning malakasini oshirish va attestatsiyadan o‘tkazish;
o‘z vakolatlari doirasida ilmiy-tadqiqot institutlari, seleksiya, urug‘chilik, konstruktorlik va loyihalash tashkilotlari bilan birgalikda shartnomalar asosida ish rejalarini, yangi texnologik liniyalar va asbob-uskunalarni ishlab chiqish yuzasidan buyurtmalar berish;
navlarni joylashtirish; navlarni rayonlashtirish hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan miqdorda navli urug‘lar tayyorlash rejalari bajarilishini nazorat qilish;
yangi usullar, kimyoviy preparatlarni shartnoma asosida sinash, shuningdek urug‘chilikda va urug‘chilik nazorati ishida qo‘llaniladigan boshqa takliflarning samaradorligini aniqlash va ularni joriy etishga tavsiya qilish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarining rayonlashtirilgan va istiqbolli navlarining nav sofligini tuproqda tahlil qilish va ularning natijalarini manfaatdor tashkilotlarga berish, qishloq xo‘jaligi ekinlari aprobatsiyasi to‘g‘ri o‘tkazilishini nazorat qilish;
ekinlar bo‘yicha urug‘lik arxivi saqlanishini tashkil etish hamda urug‘lik arxivlarini to‘g‘ri saqlash va yuritishda viloyat urug‘chilik markazlari va mintaqaviy laboratoriyalarga amaliy yordam ko‘rsatish;
o‘z faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, qishloq va suv xo‘jaligi viloyat boshqarmalari, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda yuritish;
sertifikatsiyalanmagan va davlat standartiga javob bermaydigan urug‘larning tarqatilishini taqiqlash;
qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini yetishtirish, tayyorlash, saqlash, qayta ishlash va ekish bo‘yicha qoidalarni buzgan aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida taqdimnomalar berish;
ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa tashkilotlarning mutaxassislarini urug‘larni tekshirish va tahlil qilish ishiga jalb etish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni bajarish.
III. “O‘ZDAVURUG‘NAZORATMARKAZI”NING HUQUQLARI
10. “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi” va uning barcha bo‘linmalari inspektorlari qonun hujjatlariga muvofiq qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘laridan foydalanish va ularni yetishtirish ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
11. “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi” boshlig‘i qishloq xo‘jaligi urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat inspektori hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish markazining boshlig‘i, shuningdek qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish viloyat markazlari boshliqlari tegishli ravishda viloyatlar qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari sifatini nazorat qilish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat inspektorlari hisoblanadilar.
12. Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat inspektori, “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi” inspektorlari, viloyatlarning davlat inspektorlari, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish bo‘yicha tuman inspektorlari o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga egadirlar:
urug‘larning sifat ko‘rsatkichlari ishonchliligini va davlat standartlariga muvofiqligini tekshirish maqsadida zarur tekshirishlar o‘tkazish uchun ularning namunalarini olish;
muhofaza qilinadigan navlarning urug‘laridan g‘ayriqonuniy (foydalanishni taqiqlash;
istalgan urug‘lik yetishtiruvchining, yetkazib beruvchining va savdo tashkilotining hududiga kirish;
urug‘chilik dalalari va urug‘lik partiyalari bo‘yicha zarur axborotni, hujjatlarni va namunalarni olish;
urug‘larning qonun hujjatlarini buzgan holda yetishtirilishi, saqlanishi, sotilishini to‘xtatish yoki taqiqlash;
urug‘lik partiyalarining nav va ekish sifati sertifikatisiz hamda fitosanitariya sertifikatisiz tashilishini taqiqlash;
respublikaga boshqa davlatlardan urug‘larning nav va ekish sifati sertifikatisiz, fitosanitariya sertifikatisiz va karantini ruxsatnomasisiz keltirilishiga yo‘l qo‘ymaslik.
(12-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 8-oktabrdagi 276-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2013-y., 41-son, 550-modda)
IV. “O‘ZDAVURUG‘NAZORATMARKAZI”NI BOShQARISh
13. “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi”ga O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri tomonidan tayinlanadigan boshliq boshchilik qiladi.
14. Boshliq “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi”ga yuklangan funksiyalarning bajarilishi uchun to‘liq javob beradi.
15. Boshliq “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi”ning mol-mulki va mablag‘larini tasarruf etadi hamda ularning saqlanishi uchun javobgar hisoblanadi, bankda joriy va boshqa schyotlar ochadi, buyruqlar chiqaradi, mehnat shartnomalari tuzadi. “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi” nomidan ishonchnomasiz ish ko‘radi hamda sud muassasalarida va boshqa muassasalar va tashkilotlarda uning manfaatlarini ifodalaydi.
16. Boshliq mehnat to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiq:
o‘z o‘rinbosarlarini, “O‘zdavurug‘nazoratmarkazi” bo‘limlari boshliqlari va laboratoriyalari mudirlarini ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish markazi boshlig‘ini ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi;
qishloq va suv xo‘jaligi viloyat boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga ko‘ra qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini sertifikatsiyalash va sifatini nazorat qilish viloyat, tuman va tumanlararo markazlar boshliqlarini ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi.
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 18-dekabrdagi 553-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA EKIShGA TAVSIYA QILINGAN QIShLOQ XO‘JALIGI EKINLARINING DAVLAT REESTRI TO‘G‘RISIDA
NIZOM
1. O‘zbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestri to‘g‘risidagi Nizom (keyingi o‘rinlarda Nizom deb ataladi) ekishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining Davlat reyestrini (keyingi o‘rinlarda Reyestr deb ataladi) joriy etish bilan bog‘liq ish tartibini amalga oshirish maqsadida amalga kiritiladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining qishloq xo‘jaligi ekinlari nav sinovi bo‘yicha davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) Reyestrni yuritadi va Reyestrni yuritish bilan bog‘liq ish tartibini amalga oshiradi: seleksiya yutuqlari bo‘yicha, shu jumladan seleksiya yutuqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bo‘yicha muhofaza qilish qobiliyati mezonlariga javob bermaydiganlar bo‘yicha buyurtmalar qabul qiladi, buyurtma berilgan ekinlarni sinovdan o‘tkazadi, ekishga tavsiya qilingan ekinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ro‘yxatdan o‘tkazadi va e’lon qiladi.
3. Davlat komissiyasi Reyestrni yuritish bilan bog‘liq ish tartibini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”, “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi qonunlariga, boshqa qonun hujjatlariga va mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Davlat budjeti mablag‘lari, ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar va materiallar uchun to‘lanadigan haq Reyestrni joriy etish bilan bog‘liq ish tartibini amalga oshirishni mablag‘ bilan ta’minlash manbalari hisoblanadi.
5. Quyidagilar Reyestrni yuritishda Davlat komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) patent egasining xohishiga ko‘ra muhofaza hujjatlari bilan himoya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ekishga tavsiyalar berish;
b) muhofaza hujjatlari bilan himoya qilinmagan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ekishga tavsiyalar berish;
v) O‘zbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya qilingan seleksiya yutuqlari sohasida axborot faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish;
g) O‘zbekiston Respublikasida seleksiya sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini va ijodiy yutuqlarni rivojlantirishga ko‘maklashish.
6. Davlat komissiyasi Reyestrni yuritishda quyidagi huquqlarga egadir:
a) patent egasining xohishiga ko‘ra, muhofaza hujjatlari bilan himoya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ekishga tavsiya berish;
b) buyurtmalar qabul qilish, muhofaza hujjatlari bilan himoya qilinmagan qishloq xo‘jaligi ekinlari sinovini amalga oshirish;
v) egasining xohishiga ko‘ra muhofaza hujjatlari bilan himoya qilinmagan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ekishga tavsiya berish;
g) muhofaza qobiliyati mezonlariga javob bermaydigan, biroq ekishga tavsiya qilish maqsadida xo‘jalik jihatidan foydaliligi bo‘yicha sinovdan o‘tgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini Reyestrda ro‘yxatdan o‘tkazish. Xo‘jalik jihatidan foydaliligi bo‘yicha sinovlar quyidagi tavsiflarni aniqlashi kerak; hosildorlik, kasalliklar va zararkunandalarga chidamlilik, tashqi muhit sharoitlariga (sovuqqa chidamlilik, qurg‘oqchilikka chidamlilik) ta’sirchanlik, olinadigan mahsulot sifati. Kiritiladigan seleksiya yutug‘i Reyestrda taqdim etilganlardan bir yoki ikki muhim xo‘jalik-biologik tavsifiga ko‘ra yaxshiroq bo‘lishi, qolganlari bo‘yicha esa ular darajasida bo‘lishi yoki Reyestrga kiritilgan seleksiya yutuqlaridan uncha past bo‘lmasligi kerak. Sinovlar kamida ikki yil o‘tkaziladi, ko‘p yillik ekinlar bo‘yicha to‘liq hosil berishning kamida ikki yilida o‘tkaziladi;
d) Reyestrni yuritishda zarur hujjatlarning yagona shakllarini belgilash;
e) Reyestrni yuritish bilan bog‘liq bo‘lgan ish tartibini amalga oshirishga oid qoidalar va tushuntirishlarni ishlab chiqish, qabul qilish va nashr etish;
j) egalari va patent egalari tomonidan bo‘limlarning xulosalari va Ekspert komissiya qarorlari yuzasidan berilgan e’tirozlar va shikoyatlarni ko‘rib chiqish;
z) ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imlarini undirish, shuningdek, Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar va taqdim etilgan materiallar uchun haq undirish;
i) amaldagi qonun hujjatlariga va mazkur Nizom vazifalariga muvofiq:
— noshirlik va reklama faoliyatini amalga oshirish uchun noshirlik huquqlariga ega bo‘lish, ilmiy-uslubiy va axborot materiallari, davriy nashrlar, audiovizual va boshqa bosma mahsulotlarni chiqarish va tarqatish;
— ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imlarini, turli xizmatlar ko‘rsatish va materiallar taqdim etilganligi uchun tushumlarni o‘tkazishga schyotlar, shu jumladan valyuta schyotlari ochish va keyinchalik ulardan foydalanish;
k) Reyestrni yuritish bilan bog‘liq ish tartibini amalga oshirish uchun mamlakatimiz mutaxassislarini va xorijiy mutaxassislarni jalb etish;
l) ekishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlaridan foydalanish huquqlarini berish to‘g‘risidagi shartnomalarni, bu huquqlarni boshqaga berish to‘g‘risidagi shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish.
7. Reyestr Davlat komissiyasi tomonidan yagona nusxada yuritiladi hamda o‘zida har biri seleksiya yutug‘ining hayot jarayoni bilan bog‘liq muayyan harakatlarni aks ettiruvchi bir necha ishlarni ifodalaydi. Navni Reyestrga kiritish va undan chiqarish bo‘yicha qabul qilinadigan bevosita uzil-kesil qaror ip o‘tkazib tikilgan, tartib raqami qo‘yilgan va muhr bosilgan daftarga kiritiladi. Mazkur daftar qishloq xo‘jaligi ekinlari yangi navlarini va duragaylarini ro‘yxatdan o‘tkazish va muhofaza qilish bo‘limida doimiy ravishda saqlanadi. Reyestrga seleksiya yutuqlarini boshqa seleksiya yutuqlaridan aniq farqlash uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlar kiritiladi.
8. Ekishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda Reyestrga quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
o‘simlikning jinsi, turi (xili);
navning nomi;
ariza beruvchi, manzil, mamlakat kodi;
buyurtmaning tartib raqami;
ustunlik sanasi;
qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari Reyestrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan sana;
qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari mualliflari;
qishloq xo‘jaligi ekinlari originatorining nomi va manzili;
vositachining nomi va manzili.
9. Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini Reyestrda ro‘yxatdan o‘tkazish Davlat komissiyasining qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishga tavsiya qilish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlangandan va tegishli ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imlari to‘langandan keyin 6 oydan kechikmay amalga oshiriladi.
10. Reyestrni yuritish bilan bog‘liq ish tartibini amalga oshirishda Davlat komissiyasining qarorlaridan norozi bo‘lgan shaxslar Davlat komissiyasining ishi yuzasidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadirlar.
11. Agar:
nazorat sinovlari o‘tkazishda seleksiya yutug‘ining o‘z tavsifiga muvofiq kelmay qolganligi aniqlansa;
seleksiya yutug‘i xo‘jalik jihatidan foydaliligini yo‘qotgan bo‘lsa;
seleksiya yutug‘ini Reyestrda saqlash uchun ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imlari to‘lanmagan bo‘lsa;
seleksiya yutug‘i 4 yildan ortiq vaqtda xo‘jalik muomalasiga kiritilmasa;
ariza beruvchining seleksiya yutug‘ini Reyestrdan chiqarish to‘g‘risidagi arizasi berilgan bo‘lsa, seleksiya yutug‘i Reyestrdan chiqariladi.