Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 06.01.2005
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2004-yil 3-dekabrdagi 711-II-sonli “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ushbu Qonun hozirgi va kelajak avlod manfaatlarini koʻzlab noyob hamda ekologik, iqtisodiy, ilmiy, madaniy, sanitariya-sogʻlomlashtirish, estetik nuqtai nazardan milliy boylik va umumxalq mulki boʻlmish qimmatli tabiiy majmuilarni muhofaza etishning umumiy huquqiy, ekologik, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilab beradi.
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari
Oʻzbekiston Respublikasida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlar ushbu Qonundan, shuningdek yer, suv, oʻrmon toʻgʻrisidagi qonunlar, yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza etish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi, atmosfera havosini muhofaza etish toʻgʻrisidagi hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlardan iborat alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlari bilan ham tartibga solib turiladi.
2-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining vazifalari
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining vazifalari noyob tabiiy majmuilarni, tabiat yodgorliklarini, oʻsimliklar va hayvonlarning irsiy fondini saqlab qolishdan, tabiiy jarayonlarni oʻrganishdan hamda tabiiy muhitni kuzatish va tadqiq etish majmuidan, aholini ekologiya bobida tarbiyalashdan, tabiatni muhofaza qilish ahamiyatiga molik hududlardan xoʻjalik maqsadida foydalanishni cheklashdan iboratdir.
3-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar taʼrifi va ularning huquqiy maqomi
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar — bu yerlar va suv kengliklari (akvatoriylar)ning ustuvor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, sanitariya-sogʻlomlashtirish ahamiyatiga molik qismlaridir.
Tabiat rang-barangligini saqlab qolish, ekologik muvozanatni va biosfera monitoringini saqlab turishga, shuningdek shikast yetgan tabiiy majmuilarni tiklashga moʻljallangan yagona tizimni tashkil etuvchi Oʻzbekiston Respublikasining alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlari xoʻjalik maqsadida foydalanishdan toʻliq yoki qisman, bir umrga yoki vaqtincha tortib olinishi mumkin.
Tabiiy zaxiralardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir rejalar va dasturlar, yer tuzilishi va joylarni tekislash kesmalari hamda boshqa rejalarni ishlab chiqishda alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hisobga olinadi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga Qonunda belgilab qoʻyilgan tartibda davlat qoʻriqxonalari (shu jumladan biosfera qoʻriqxonalari), davlat milliy bogʻlari, davlat tabiat yodgorliklari, davlat buyurtma qoʻriqxonalari maqomi beriladi.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari), kurort va rekreatsiya tegralari, yer usti va yer osti suvlari hosil boʻladigan tegralar (daryo uvalari, oqiziqli adirlar, togʻ yonbagʻirlarining etaklari), nodir va qimmatbaho mineral konlari, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qoʻriqlanma (oraliq) tegralari, baliq xoʻjaligi tegralari, oʻrmonlarning taqiqlangan mintaqalari, tarixiy-tabiiy va yodgoriy bogʻlar, botanika va hayvonot bogʻlari, dendrariylar hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va xalqaro shartnomalar bilan belgilab qoʻyiladigan tartib asosidagi boshqa hududlar ham alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga kiradi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralarining qarorlari bilan alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning boshqa toifalari ham nazarda tutilishi mumkin.
4-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga boʻlgan mulkchilik
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat mulkidir va uning muhofazasidadir.
Botanika, dendrologiya va hayvonot bogʻlari boshqa shakllardagi mulk asosida ham tashkil etilishi mumkin.
5-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari tabiatni muhofaza etish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar jumlasiga kiradi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlarida ularning maqsad-muddaosiga zid faoliyat taqiqlanadi.
Yuqorida aytib oʻtilgan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishning tartibi va shartlari ushbu Qonun va yer toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilab qoʻyiladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 9-bobiga qarang.
Davlat qoʻriqxonalari, davlat milliy bogʻlari yer uchun haq toʻlashdan ozod etiladilar. Alohida muhofaza etiladigan boshqa tabiiy hududlar ham Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qoʻyilgan tartibda yer uchun haq toʻlashdan ozod etilishlari mumkin. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda xoʻjalik faoliyati bilan shugʻullanilgan hollarda ijara haqi va yer soligʻi undirib olinadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 101-moddasiga, Yer soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning 19-bandiga qarang (roʻyxat raqami 1118, 27.03.02y.).
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari tortib olinishiga favqulodda hollarda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 37, 38-moddalariga qarang.
6-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat boshqaruvi
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat boshqaruvini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralari, shuningdek bu ishga maxsus vakil qilingan davlat idoralari amalga oshiradilar.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratini Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi amalga oshiradi.
7-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish tartibi
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va joylashtirishning bosh kesmasi yoki tabiatni muhofaza qilishning hududiy majmui kesmasiga muvofiq barpo etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va joylashtirishning bosh kesmasini yoki davlat hokimiyati mahalliy idoralari tabiatni muhofaza qilishning hududiy majmui kesmasini tasdiqlashi bilan ayni bir vaqtda muhofaza etishga tavsiya etilayotgan yer maydonini zaxiralash toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Alohida muhofaza etiladigan hudud tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar mazkur hududda yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning xoʻjalik faoliyati cheklanadi yoki toʻxtatiladi. Bunday hollarda yer egalari va yerdan foydalanuvchilar xoʻjalik faoliyatining cheklanishi yoki toʻxtatilishi tufayli qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishida koʻrilgan yoʻqotish va talofotlar uchun tovon olish huquqiga egadirlar hamda yer soligʻi boʻyicha imtiyozlardan foydalanadilar.
8-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri bu hududlarning huquqiy maqomi, ularning jugʻrofiy mavqeyi, miqdor va sifat koʻrsatkichlari, ekologik, ilmiy, maʼrifiy va boshqa xil ahamiyati toʻgʻrisidagi, yer egalari va yerdan foydalanuvchilar haqidagi maʼlumotlarni qamrab oladi.
Oʻzbekiston Respublikasining alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlari davlat kadastri mazkur hududlar tarmogʻini rejalashtirish, ularni muhofaza etishni taʼminlash va ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, tegishli qoidaga rioya etilishi ustidan davlat nazorati darajasini oshirish, shuningdek ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish va joylashtirishni rejalashtirish chogʻida bu hududlar oʻrni va ahamiyatini hisobga olish maqsadida yuritiladi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri respublika budjeti hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan yagona tizim asosida yuritiladi. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastrini yuritishni Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining idoralari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda amalga oshiradilar.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 10-martdagi 104-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlari davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga qarang.
9-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni yoʻlga qoʻyishda jamoat tashkilotlari bilan fuqarolarning ishtiroki
Jamoat tashkilotlari oʻz ustavlariga muvofiq va ayrim fuqarolar alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga oid tadbirlarni amalga oshirishda davlat idoralariga hamkorlik qiladilar.
Ana shu tadbirlarni amalga oshirish chogʻida davlat idoralari jamoat tashkilotlari bilan ayrim fuqarolarning takliflarini inobatga oladilar.
II BOʻLIM. DAVLAT KOʻRIQXONALARI
10-modda. Davlat qoʻriqxonalarining taʼrifi va vazifalari
Davlat qoʻriqxonalari oʻz oldiga oddiy, odatiy va noyob tabiiy majmuilar, oʻsimliklar va hayvonlarning irsiy fondlarini saqlab qolish va oʻrganish, tabiiy jarayonlar va hodisalar oʻzgarishi ustidan monitoring oʻtkazish maqsadini qoʻygan tabiatni muhofaza etuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari hisoblanadi.
Davlat qoʻriqxonalari hududidagi yer, suv, yer osti boyliklari, oʻsimlik va hayvonot dunyosi xoʻjalik foydalanishidan toʻliq va bir umrga tortib olinadi hamda doimiy foydalanish uchun qoʻriqxonalarga bepul beriladi. Davlat qoʻriqxonalari yerlarini ijaraga berish taqiqlanadi.
Hududi tabiiy landshaftlarning xos boʻlaklaridan iborat boʻlgan va belgilangan tartibda biosfera qoʻriqxonalarining xalqaro shoxobchasiga kiritilgan davlat qoʻriqxonalari biosfera davlat qoʻriqxonalari maqomiga egadir.
Davlat qoʻriqxonalari zimmasiga:
muhofaza ostiga olingan butun tabiiy majmuini tabiiy holatda asrash;
ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
roʻyobga chiqarilganda qoʻriqxonalar va muhofaza etilayotgan tegralarning tabiiy majmuiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan xoʻjalik obyektlari va boshqa obyektlarning loyihalari hamda ularni joylashtirish kesmalarining davlat ekologik ekspertizasida qatnashish;
tabiatni muhofaza qilish sohasida ilmiy xodimlar va mutaxassislar tayyorlashga hamkorlik qilish;
ekologik bilimlarni targʻib etish vazifalari yuklanadi.
11-modda. Davlat qoʻriqxonalarini tashkil etish tartibi va ularni boshqarish
Davlat qoʻriqxonalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qabul qiladi.
Davlat qoʻriqxonalarini boshqarish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir qoʻriqxona qaysi idoraning tasarrufida boʻlsa, shu idora Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishib turib tasdiqlaydigan nizom asosida faoliyat koʻrsatadi.
12-modda. Davlat qoʻriqxonalarining maqomi va mablagʻlari
Davlat qoʻriqxonalari yuridik shaxs boʻlib, respublika budjetidan taʼminlanadi, mustaqil balansda turadi, ularning bank muassasalarida oʻz hisob raqamlari, oʻz nomida va Oʻzbekiston Respublikasi davlat gerbi tushirilgan muhri boʻladi.
Davlat qoʻriqxonalarining mablagʻlari, shu jumladan chet el valyutasidan iborat mablagʻlari:
Oʻzbekiston Respublikasi budjeti ajratmalaridan;
ilmiy, tabiatni muhofaza qilish, reklama-noshirlik va maʼrifiy faoliyatdan keladigan daromadlardan;
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslar faoliyati natijasida davlat qoʻriqxonasiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tushumlaridan;
maʼmuriy va sud yoʻli bilan undirib olinadigan jarima pullaridan;
ovchilik va baliqchilikning musodara etilgan asboblarini, noqonuniy oʻlja qilingan mahsulotlarni sotishdan olingan pullardan;
korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, shuningdek fuqarolardan begʻaraz yordam tarzida keladigan tushumlardan hosil etiladi.
Davlat qoʻriqxonalari oʻz mablagʻlarini aniq maqsadga qaratgan holda mustaqil tarzda, ushbu Qonunning 11-moddasida belgilangan tartibga muvofiq tasarruf etadilar.
13-modda. Davlat qoʻriqxonalarining ish tartibi
Davlat koʻriqxonalarining hududida koʻriqxonalar maqsadlariga zid boʻlgan, tabiiy jarayonlarning oʻzicha rivojlanishiga putur yetkazadigan yoki tabiiy majmui va obyektlar holatiga tahdid soladigan har qanaqa xoʻjalik, rekreatsiya va boshqa yoʻsindagi faoliyat taqiqlanadi.
Qoʻriqxonalarning hududlarida va ularning qoʻriqlanma tegralarida iqlimlashtirish maqsadida oʻsimliklar va jonivorlar turlarini va xillarini joylashtirish taqiqlanadi.
Davlat qoʻriqxonalarida ular toʻgʻrisidagi tasdiqlangan nizomga muvofiq yongʻinga qarshi tadbirlar oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi.
Qoʻriqxonalarning yoki ularga mutasaddilik qiluvchi idoralarning xodimi boʻlmagan fuqarolarning qoʻriqxonalar hududida boʻlishiga ularda ana shu idoralar yoki qoʻriqxona maʼmuriyati bergan ruxsatnoma boʻlgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
14-modda. Davlat qoʻriqxonalarida ilmiy-tadqiqot faoliyati
Ilmiy tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyish va oʻtkazish uchun davlat qoʻriqxonalari oʻz ilmiy xodimlar shtati bilan taʼminlanadi. Ilmiy tadqiqotlar, shuningdek chet ilmiy tashkilotlarni va ayrim mutaxassislarni jalb etish yoʻli bilan ham oʻtkazilishi mumkin. Davlat qoʻriqxonalarida olimlar kengashi (ilmiy kengash) tuziladi.
“Tabiat solnomasi”ni yuritish barcha davlat qoʻriqxonalari uchun majburiydir.
Davlat qoʻriqxonalarining ilmiy jamgʻarmalarini saqlash muddati chegaralanmaydi.
Davlat qoʻriqxonalariga ilmiy asarlarni nashr etish huquqi beriladi.
Davlat qoʻriqxonalarining ilmiy tadqiqotlarini Oʻzbekiston Respublikasining Fanlar akademiyasi muvofiqlashtirib boradi.
III BOʻLIM. DAVLAT MILLIY TABIAT BOGʻLARI
15-modda. Davlat milliy tabiat bogʻlarining taʼrifi va vazifalari
Davlat milliy tabiat bogʻlari tabiatni muhofaza qilish muassasasi boʻlib, ularning hududlari (akvatoriylari) alohida ekologik, tarixiy va estetik qimmatga ega boʻlgan hamda tabiatni muhofaza qilish, rekreatsiya, maʼrifiy, ilmiy va madaniy maqsadlarda foydalanishga moʻljallangan tabiiy majmuilarni qamrab oladi.
Davlat milliy tabiat bogʻlari hududi davlat milliy bogʻlariga egalik qilish yoki ulardan foydalanish uchun beriladigan yerlarda, shuningdek boshqa yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning yerlarida joylashadi.
Davlat milliy tabiat bogʻlariga:
rekreatsiya, maʼrifiy va ilmiy maqsadlarda foydalanish uchun tabiiy majmuilar va tarixiy-madaniy meroslarni asrab qolishni taʼminlaydigan ish tartibiga rioya etish;
shikast yetgan tabiiy majmuilarni tiklash;
tarix, madaniyat, meʼmorchilik obidalarini saqlab qolish;
turizm, ekskursiya va dam olish uchun sharoit yaratish;
ekologiya bilimlarini targʻib qilish;
zaxiralarni tejaydigan, ekologik jihatdan sof texnologiyalarni qishloq xoʻjaligi, sanoat ishlab chiqarishi va boshqa faoliyatda ishlatishga joriy etishga koʻmaklashish;
tabiatni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, ilmiy kadrlar va mutaxassislar tayyorlashga hamkorlik qilish vazifalari yuklatiladi.
16-modda. Davlat milliy tabiat bogʻlarini tashkil etish tartibi va ularni boshqarish
Davlat milliy tabiat bogʻlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi manfaatdor idoralarning Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishib turib kiritgan taqdimiga koʻra qabul qiladi.
Davlat milliy tabiat bogʻlarini boshqarish ular faoliyati tabiatni muhofaza qilish bilan bogʻliq qaysi vazirlik, davlat qoʻmitasi yoki idora tasarrufida boʻlsa, shu vazirlik, davlat qoʻmitasi yoki idora tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir milliy bogʻ qaysi idora tasarrufida boʻlsa, shu idora tasdiqlab beradigan Nizom asosida faoliyat koʻrsatadi.
17-modda. Davlat milliy tabiat bogʻlarining maqomi va mablagʻlari
Davlat milliy tabiat bogʻlari yuridik shaxs boʻlib, davlat budjetidan taʼminlanadi, mustaqil balansda turadi, ularning bank muassasalarida oʻz hisob raqamlari, oʻz nomida va Oʻzbekiston Respublikasi gerbi tushirilgan muhri boʻladi.
Davlat milliy tabiat bogʻlarining mablagʻlari, shu jumladan chet el valyutasidagi mablagʻlari:
Oʻzbekiston Respublikasi budjeti ajratmalaridan;
rekreatsiya, turizm-ekskursiya, reklama-noshirlik va ushbu Qonun hamda Milliy bogʻlar toʻgʻrisidagi nizomda ruxsat etilgan boshqa faoliyatdan keladigan daromadlardan;
davlat, kooperativ va boshqa jamoat korxonalari, muassasalari, tashkilotlaridan, qoʻshma korxonalar, ajnabiy va xalqaro tashkilotlar hamda xususiy shaxslardan keladigan pul mablagʻlari va moddiy boyliklardan;
davlat milliy tabiat bogʻini muhofaza etish qoidasini buzuvchilardan belgilangan tartibda undirib olinadigan jarima pullardan iborat tushumlardan;
korxona, muassasa, tashkilot va fuqarolarning faoliyati natijasida davlat milliy tabiat bogʻiga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash hisobidan keladigan tushumlardan hosil etiladi.
Davlat milliy tabiat bogʻlari oʻz mablagʻlarini aniq maqsadga qaratgan holda mustaqil tarzda, ushbu Qonunning 16-moddasida belgilangan tartibga muvofiq tasarruf etadilar.
18-modda. Davlat milliy tabiat bogʻlarining ish tartibi
Davlat milliy tabiat bogʻlarining hududlarida tabiiy majmui va obyektlar holatini, ularning rekreatsiya, madaniy va estetik qimmatini inobatga olgan holda muhofaza etish va ulardan foydalanishning tabaqalashtirilgan tartibi belgilab qoʻyiladi.
Davlat milliy tabiat bogʻlarining tegrasida davlat qoʻriqxonalari hududlari uchun nazarda tutilgan tartibdagi qoʻriq tegralari, rekreatsiya, xoʻjalik va oʻzga yoʻsindagi foydalanish tegralari, tarixiy-madaniy obyektlarning muhofaza tegralari ajratiladiki, ularda davlat milliy tabiat bogʻlari vazifalariga zid boʻlmagan faoliyat bilan shugʻullaniladi.
Davlat milliy tabiat bogʻlarining hududida:
daraxt kesishga (sanitariya maqsadidagi va parvarishlash yoʻsinidagi kesish bundan mustasno);
ekologik jihatdan xavf-xatar tugʻdiruvchi sanoat korxonalarining faoliyat olib borishiga;
gidrologik va gidrogeologik tartibni oʻzgartirib yuboruvchi harakatlarga;
tuproq eroziyasini, shuningdek oʻsimlik va hayvonot dunyosining tanazzulini keltirib chiqaruvchi harakatlarga;
davlat milliy tabiat bogʻlarining faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl va muhandislik-kommunikatsiya ishlari olib borishga;
kimyo va radioaktiv moddalarning chiqindilarini koʻmishga;
iqlimlashtirish maqsadida tirik organizmlarni koʻchirib keltirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat milliy tabiat bogʻlarida ular hududining tabiiy, ilmiy, estetik va madaniy qimmati pasayishiga olib keluvchi boshqa faoliyat turlari taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin.
Bogʻning rasamadi bilan faoliyat koʻrsatishi uchun yoʻllar, boshqa kommunikatsiya va inshootlar qurish zarur boʻlib qolgan hollarda shikast topgan yerlarni madaniylashtirish, tabiatni muhofaza qilish tadbirlari majmuini oʻtkazish majburiyligi nazarda tutiladi.
IV BOʻLIM. DAVLAT BUYuRTMA QOʻRIQXONALARI VA DAVLAT TABIAT YoDGORLIKLARI
19-modda. Davlat buyurtma qoʻriqxonasi tushunchasi va bunday qoʻriqxonani tashkil etish
Davlat buyurtma qoʻriqxonalari tabiiy majmuilarni yoki ularning ayrim boʻlaklarini asrash, koʻpaytirish va tiklash maqsadida buyurtma qoʻriqxona oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarish uchun zarur muddatga ajratib beriladigan hududlar (akvatoriylar)dir.
Davlat buyurtma qoʻriqxonalari respublika va mahalliy ahamiyatga molik boʻlishi mumkin.
Buyurtma qoʻriqxonalar vazifasiga koʻra:
alohida qimmatga ega boʻlgan tabiiy landshaftlar va majmuilarni asrash va tiklash uchun moʻljallangan landshaft (yaxlit) buyurtma qoʻriqxonalarga;
qimmatli, nodir va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklar va jonivorlar turlarini asrab qolish va tiklash uchun moʻljallangan biologik (botanik, zoologik) buyurtma qoʻriqxonalarga;
ayrim qazilma boyliklar va ularning majmuini asrab qolish uchun moʻljallangan paleontologik buyurtma qoʻriqxonalarga;
jonsiz tabiatning qimmatli obyektlari va majmuilarini asrab qolish uchun moʻljallangan gidrologik (botqoq, koʻl, daryo) buyurtma qoʻriqxonalarga;
tabiat yaratgan nodir va noyob relyef shakllarini asrab qolish uchun moʻljallangan geomorfologik buyurtma qoʻriqxonalariga;
nodir geologik va mineralogik hosilalar va tuzilmalarni asrab qolish uchun moʻljallangan geologik va mineralogik buyurtma qoʻriqxonalarga boʻlinadi.
Noyob mineral va oʻzga xil geologik tuzilmalarga ega boʻlgan hamda fundamental ilmiy ahamiyatga molik geologik buyurtma qoʻriqxonalarga davlat qoʻriqxonasi maqomi berilishi mumkin.
Buyurtma qoʻriqxonalar faoliyat muddatlari koʻrsatilmay (muddatsiz), 5 yildan ortiq muddatga (uzoq muddatli) yoki 5 yildan kam muddatga (qisqa muddatli) qilib tashkil etiladi.
Respublika ahamiyatiga molik davlat buyurtma qoʻriqxonalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tashkil etadi.
Mahalliy ahamiyatga molik davlat buyurtma qoʻriqxonalari tabiatni muhofaza etish idoralarining taqdimiga koʻra viloyat hokimlarining qarori bilan tashkil etiladi.
20-modda. Davlat buyurtma qoʻriqxonalarining ish tartibi
Davlat buyurtma qoʻriqxonalari deb eʼlon qilingan hududlar ularni xoʻjalik maqsadlarida istifoda etayotgan yer egalari va yerdan foydalanuvchilardan tortib olinmaydi.
Yerida davlat buyurtma qoʻriqxonalari tashkil etilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar davlat buyurtma qoʻriqxonasi belgilaydigan tartibga rioya etishlari shart.
Davlat buyurtma qoʻriqxonalarining hududlarida buyurtma qoʻriqxona oldiga qoʻyilgan vazifalarga zid boʻlgan faoliyatning har qanaqa turi toʻxtatiladi yoki cheklab qoʻyiladi.
Har bir davlat buyurtma qoʻriqxonasining aniq vazifalari va ish tartibining xususiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining idoralari, yer egalari va yerdan foydalanuvchilar bilan kelishib turib ishlab chiqiladigan hamda davlat buyurtma qoʻriqxonasi tashkil etish toʻgʻrisida qaror chiqargan idora tasdiqlaydigan nizomda belgilab qoʻyiladi.
21-modda. Davlat tabiat yodgorliklari
Ekologik, ilmiy, estetik, madaniy jihatdan noyob, oʻrnini toʻldirib boʻlmas, qimmatli, kelib chiqishi tabiiy boʻlgan obyektlar davlat tabiat yodgorliklari deb eʼlon qilinadi.
Tabiat obyektlarini davlat hokimiyatining mahalliy idoralari tabiatni muhofaza etish boʻyicha davlat idoralari taqdimiga binoan davlat tabiat yodgorliklari deb eʼlon qiladilar.
Yer egalari va yerdan foydalanuvchilardan ular egallab turgan yer uchastkalarini tortib olmay turib ham obyekt davlat tabiat yodgorligi deb eʼlon qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
Davlat tabiat yodgorliklari joylashgan hududda ularni asrab qolishga tahdid etuvchi har qanday faoliyat taqiqlanadi.
Tabiat yodgorliklarini muhofaza etish tartibini taʼminlashga oid majburiyatlar bu yodgorliklar qaysi korxona, muassasa va tashkilot hududida boʻlsa, shu korxona, muassasa va tashkilot zimmasiga yuklanadi.
Tabiiy obyektni davlat tabiat yodgorligi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida qaror chiqargan idora obyektni muhofaza ostiga oʻtkazish va muhofaza etish majburiyatini rasmiylashtirish ishlarini amalga oshiradi.
Aholi diniy maqsadlarda foydalanib turgan davlat tabiat yodgorliklari ularni muhofaza etish va obodonlashtirish ishlari oʻtkazish maqsadida davlat tabiat yodgorligini asrab qolish sharti bilan diniy tashkilotlarga yoki alohida shaxslarga foydalanish uchun yoxud ijaraga berilishi mumkin.
V BOʻLIM. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN OʻZGA TABIIY HUDUDLAR
22-modda. Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) va ularni tashkil etish
Daryolarning, koʻllarning, suv omborlarining, kanallarning, kollektorlarning hamda boshqa suv obyektlarining oʻzanlariga tutash hudud suvni muhofaza qilish tegrasi deb eʼtirof etiladi va bu hudud uchun ifloslanish, bulgʻanish, sayozlanishning hamda suv obyektlari tuproq nurashi mahsullari boʻlmish loyqa bilan toʻlib qolishining oldini olish maqsadida, shuningdek eng maqbul suv maromini saqlab turish uchun maxsus tartib-qoida belgilab qoʻyiladi.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari)ning ish tartibi yer usti va yer osti suvlari hosil boʻladigan tegralar (daryo uvalari, oqiziqli adirlar, togʻ yonbagʻirlarining etaklari)ga ham taalluqlidir.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan tartibga muvofiq tabiatni muhofaza qilish va suv xoʻjaligi idoralarining taqdimiga binoan belgilanadi.
Davlatlararo daryolardagi suvni muhofaza qilish tegralari manfaatdor davlatlar oʻrtasida tuzilgan shartnomalarga binoan belgilanadi. Aholi punktlari hududida xoʻjaliklararo yer tuzish va yer tekislash chogʻida suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) barpo etishga doir masalalar tabiatni muhofaza qilish va suv xoʻjaligi idoralari bilan kelishib olinishi lozim.
23-modda. Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari)ning ish tartibi
Suvni muhofaza qilish tegrasi doirasida suv obyektlarini yoqalab xoʻjalik faoliyati yuritish qatʼiy cheklangan hududdan iborat qirgʻoq boʻyi mintaqalari ajratiladi.
Suvni muhofaza qilish tegrasi doirasida aholi punktlaridagi aholining ichishi va roʻzgʻorda foydalanishi uchun suv toʻplash maqsadida suv obyektlarini yoqalab sanitariya muhofazasi mintaqasi belgilanib, unda har qanday xoʻjalik faoliyati yuritish man etiladi.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) doirasida cheklangan xoʻjalik faoliyati yuritishga yoʻl qoʻyiladi. Suvni muhofaza qilish tegrasida:
buta-daraxtlarni kesish (sanitariya maqsadidagi va parvarish yoʻsinidagi kesish bundan mustasno);
zaharli kimyoviy moddalar qoʻllanish, zaharli kimyoviy moddalar va mineral oʻgʻitlar omborlari qurish hamda bunday modda va oʻgʻitlarni saqlash;
kanalizatsiya-tozalash inshootlari va oqova suvlar toʻplanadigan turli xil inshootlar qurish;
chorvachilik komplekslarini, axlat, ishlab chiqarish chiqindilari tashlanadigan, koʻmiladigan joylarni joylashtirish, shuningdek sugʻorishda “sharbat” (suyuq goʻng) ishlatish;
avtomobil transportini qoʻyib turish, ularga yonilgʻi quyish, ularni yuvish va taʼmir qilish joylarini tashkil etish;
neft mahsulotlari saqlanadigan omborxonalarni joylashtirish;
zigʻir, kanop va teri yuviladigan joylar tashkil etish man qilinadi.
Daryo oʻzanlarini oʻzgartirish, foydali qazilmalar kavlab olish va suv zaxiralari holatiga taʼsir qiladigan boshqa ishlar bajarishga faqat suv xoʻjaligi, suvni muhofaza qilish va geologiya idoralarining ruxsati bilangina yoʻl qoʻyiladi.
Suvni muhofaza qilish tegralaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish tartibi hamda shartlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 7-apreldagi 174-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasidagi suv omborlari va boshqa suv havzalari, daryolar, magistral kanallar va kollektorlarning shuningdek, ichimlik suv va maishiy suv taʼminotining, davolash va madaniy-sogʻlomlashtirishda ishlatiladigan suv manbalarining suvni muhofaza qilish zonalari haqida”gi Nizomga qarang.
24-modda. Kurort tabiiy hududlar va ularni tashkil etish
Davolash va salomatlikni tiklash xususiyatlariga, mineral manbalarga, davolovchi balchiq qatlamlariga, qulay iqlim sharoitlari va boshqa shart-sharoitlarga ega boʻlgan tabiiy hududlar kurort tabiiy hududlar deb eʼtirof etiladi.
Kurortlar mahalliy va respublika ahamiyatiga molik boʻlishi mumkin.
Respublika ahamiyatiga molik kurortlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining qoʻshma taqdimnomasiga binoan tashkil etadi.
Mahalliy ahamiyatga molik kurortlar davlat hokimiyati mahalliy idoralarining Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining qoʻshma taqdimnomasiga binoan qabul qilgan qarorlari bilan tashkil etiladi.
25-modda. Kurort tabiiy hududlarning ish tartibi
Kurort tabiiy hudud uch tegraga boʻlinadi. Davolash xususiyatiga ega manbalar, davolovchi balchiq qatlamlari bor hudud birinchi tegraga kiradi. Bunday tegrada har qanday xoʻjalik faoliyati bilan shugʻullanish man etiladi, davolash xususiyatiga ega manbalar va balchiq bilan davolash shifoxonalari tevarak-atrofini obodonlashtirish uchun zarur inshootlar qurish bundan mustasno.
Sanatoriylar, pansionatlar, dam olish uylarining dam oluvchilar hordiq chiqaradigan manzillari, ular davolanishi va yashashi uchun qurilgan binolar joylashgan hudud ikkinchi tegraga kiradi. Bu tegrada xoʻjalik faoliyati yuritish man etiladi, davolash va dam olishni tashkil etish uchun zarur boʻlgan faoliyat bundan mustasno, shuningdek bu hududda vaqtincha istiqomat qiladigan tibbiyot xodimlari va xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari boshqa aholining yashashi man etiladi.
Sanatoriylar, pansionatlar va dam olish uylariga tutash hudud uchinchi tegraga kiradi. Bu tegrada davolash manbalariga ziyon yetkazmaydigan hamda atrof muhitga zararli jismoniy taʼsir etish va ifloslantirish yoʻli bilan dam olish hamda davolanish uchun yaratilgan sharoitlarni yomonlashtirmaydigan cheklangan xoʻjalik faoliyati yuritishga ruxsat beriladi. Bunday kurort tabiiy hududlar doirasida:
foydali qazilmalarni kavlab chiqarish;
daraxt kesish (sanitariya maqsadidagi va parvarishlash yoʻsinidagi kesish bundan mustasno);
zaharli kimyoviy moddalar va mineral oʻgʻitlar omborlari qurish;
zaharli kimyoviy moddalar qoʻllanish;
axlat toʻkiladigan, kimyoviy va radioaktiv moddalarning chiqitlari koʻmiladigan joylarni joylashtirish, kimyo, sellyuloza-qogʻoz, metallurgiya sanoati korxonalarining ish olib borishi;
joyning gidrologiya maromini oʻzgartiruvchi ishlar bajarish qatʼiyan man etiladi.
26-modda. Rekreatsiya tegralari
Turizm va aholining ommaviy dam olishini tashkil etish uchun qulay jugʻrofiy va iqlim sharoitlariga ega hududlar rekreatsiya tegralari deb eʼtirof etiladi.
Rekreatsiya tegralari davlat hokimiyati mahalliy idoralarining Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining taqdimnomasiga binoan qabul qilgan qarori bilan tashkil etiladi.
Rekreatsiya tegralarida ommaviy dam olish va turizm manfaatlariga zid kelmaydigan cheklangan xoʻjalik faoliyati yuritishga ruxsat beriladi.
Rekreatsiya tegralarida kimyo, metallurgiya, mikrobiologiya korxonalari va tashkilotlarining faoliyat koʻrsatishi, pestitsidlarni qoʻllanish, harom oʻlgan chorva mollar koʻmiladigan, kimyoviy va radioaktiv moddalar, roʻzgʻor va ishlab chiqarish chiqindilari tashlanadigan va koʻmiladigan joylarni joylashtirish, daraxt kesish (sanitariya maqsadidagi va parvarishlash yoʻsinidagi kesish bundan mustasno), joyning gidrologik maromini buzadigan ishlar bajarish man etiladi.
27-modda. Botanika bogʻlari
Botanika bogʻlari botanika termalari tuzish, toʻldirish va asrash, ilmiy, oʻquv va taʼlim ishlari olib borish yoʻli bilan mahalliy miqyosdagi va jahon miqyosidagi oʻsimliklar majmuilarining nodir va muayyan turkumga xos turlarini maxsus yaratilgan sharoitda asrash, oʻrganish, iqlimlashtirish, koʻpaytirish hamda ulardan samarali, oqilona foydalanish maqsadida tashkil etiladi.
Umumdavlat ahamiyatiga molik botanika bogʻlari tabiatni muhofaza qilish borasida ilmiy-tadqiqot muassasalari hisoblanadi.
Mahalliy ahamiyatga molik botanika bogʻlariga belgilangan tartibda ilmiy-tadqiqot muassasasi maqomi berilishi mumkin.
Yerlar va suv kengliklarining uchastkalari barcha tabiiy zaxiralari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qoʻyiladigan tartibda xoʻjalik maqsadlarida foydalanishdan tortib olinib, botanika bogʻlariga beriladi.
Botanika bogʻlarining hududida ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga aloqasi boʻlmagan hamda oʻsimliklar majmui termalarini asrashga tahdid qiluvchi faoliyat bilan shugʻullanish man etiladi.
28-modda. Dendrologiya bogʻlari
Dendrologiya bogʻlari ilmiy, madaniy, rekreatsiya va boshqa yoʻsinda gʻoyat samarali foydalanish uchun daraxtlar va butalarning har xil turlarini hamda ulardan tarkib topgan daraxtzorlar-butazorlarni maxsus yaratilgan sharoitda asrash va oʻrganish maqsadida tashkil etiladi.
Umumdavlat ahamiyatiga molik dendrologiya bogʻlari tabiatni muhofaza etish borasida ilmiy-tadqiqot muassasalari hisoblanadi.
Mahalliy ahamiyatga molik dendrologiya bogʻlariga belgilangan tartibda ilmiy-tadqiqot muassasasi maqomi berilishi mumkin.
Yer maydonlari barcha tabiiy zaxiralari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qoʻyiladigan tartibda xoʻjalik maqsadlarida foydalanishdan tortib olinib, dendrologiya bogʻlariga beriladi.
Dendrologiya bogʻlarining hududida ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga aloqasi boʻlmagan hamda dendrologiya termalarini asrashga tahdid qiluvchi faoliyat bilan shugʻullanish man etiladi.
Dendrologiya bogʻlarining hududida botanika bogʻlari uchun belgilangan talablarga muvofiq tegralash ishlari oʻtkazilishi mumkin.
29-modda. Qoʻriqlanma (oraliq) tegralar
Qoʻriqlanma (oraliq) tegralar davlat qoʻriqxonalariga, davlat milliy tabiat bogʻlariga, davlat buyurtma qoʻriqxonalariga, davlat tabiat yodgorliklariga va alohida muhofaza etiladigan oʻzga tabiiy hududlarga boʻladigan salbiy taʼsirning oldini olish maqsadida cheklangan xoʻjalik faoliyati yuritiluvchi hududni qamrab oladi.
Qoʻriqlanma (oraliq) tegrada xoʻjalik faoliyati va tabiatdan foydalanishning alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga salbiy taʼsir keltirib chiqaruvchi turlari bilan shugʻullanish man etiladi.
Qoʻriqlanma (oraliq) tegralarning katta-kichikligi va ularning ish tartibi alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish bilan bir vaqtda belgilab qoʻyiladi.
30-modda. Oʻrmonlarning taqiqlangan mintaqalari
Bagʻoyat qimmatli va nodir oʻsimliklar turlarining irsiy fondini muhofaza etish va saqlab qolish, shuningdek oʻrmon fondi maydonlarida davlat qoʻriqxonalari, davlat milliy tabiat bogʻlari va alohida muhofaza etiladigan oʻzga tabiiy hududlarning ish tartibini taʼminlash maqsadida oʻrmonlarning taqiqlangan mintaqalari belgilab qoʻyiladi.
Oʻrmonlarning taqiqlangan mintaqalarini davlat hokimiyati va boshqaruvining mahalliy idoralari tabiatni muhofaza qilish va oʻrmon xoʻjaligi idoralari taqdimiga binoan belgilaydilar.
31-modda. Hayvonot bogʻlari
Hayvonot bogʻlari ekologik taʼlim-tarbiya ishlarini yoʻlga qoʻyish, hayvonlarning nodir ekzotik va mahalliy turlari ekspozitsiyalarini yaratish, ularning irsiy fondini saqlab qolish, yovvoyi hayvonlarni oʻrganish hamda ularni tutqunlikda koʻpaytirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish maqsadida barpo etiladi.
Umumdavlat ahamiyatiga molik hayvonot bogʻlari madaniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi tabiatni muhofaza qilish muassasalari hisoblanadi.
Yer maydonlari barcha tabiiy zaxiralari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qoʻyiladigan tartibda xoʻjalik maqsadlarida foydalanishdan tortib olinib, hayvonot bogʻlariga beriladi.
Hayvonot bogʻlarining hududida ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga aloqasi boʻlmagan hamda bu bogʻlardagi hayvonlarning hayoti uchun qulay sharoitni saqlab qolishga tahdid qiluvchi faoliyat bilan shugʻullanish man etiladi.
Hayvonot bogʻlarining hududida ular oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishni taʼminlash maqsadida:
hayvonlarni bir joyda asrash va ulardan madaniy hamda bilimni oshirish maqsadlarida foydalanish uchun ekspozitsiya tegrasi;
sarhadida ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan ilmiy tegralar (bunday tegraga kirishga ruxsat hayvonot bogʻining maʼmuriyati belgilab qoʻyadigan tartibda beriladi);
hayvonot bogʻi tomoshabinlarining dam olishi va ularga xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish uchun rekreatsiya tegrasi;
yordamchi xoʻjalik obyektlarini joylashtirish uchun xoʻjalik tegrasi ajratib beriladi.
Hayvonot bogʻlari jonivorlarning koʻchma ekspozitsiyalarini tashkil etishlari, jonivorlarni ozuqa bilan taʼmin etish maqsadida barpo etiladigan yordamchi xoʻjaliklarga ega boʻlishlari mumkin.
32-modda. Baliq xoʻjaligi tegralari
Nodir, yoʻqolib borayotgan baliq turlari va boshqa suv jonzotlarini muhofaza etish va koʻpaytirish maqsadida, shuningdek baliq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suv obyektlari yoki ularning bir qismi baliq xoʻjaligi tegralari deb eʼlon qilinishi mumkin.
Suv obyektlarining baliq xoʻjaligi tegralaridagi ish tartibi tabiatni muhofaza qilish va suv xoʻjaligi idoralari taqdimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi.
Baliq xoʻjaligi tegralarida baliqlar va boshqa suv jonzotlarini muhofaza qilish hamda ularni koʻpaytirish bilan bogʻliq sharoitlarga zarar yetkazuvchi har qanday xoʻjalik faoliyati bilan shugʻullanish man etiladi.
VI BOʻLIM. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN TABIIY HUDUDLAR MUHOFAZASINI YOʻLGA QOʻYISh
33-modda. Davlat qoʻriqxonalari va davlat milliy tabiat bogʻlarini muhofaza qilish
Davlat qoʻriqxonalari va davlat milliy tabiat bogʻlarini muhofaza qilishni maxsus tabiat hududlarini muhofaza qilish inspeksiyasi amalga oshiradi va bu ish davlat qoʻriqxonasi toʻgʻrisidagi yoki davlat milliy tabiat bogʻi haqidagi nizom bilan tartibga solinadi.
Muhofaza qilish xodimlari davlat qoʻriqxonalari va davlat milliy tabiat bogʻlari shtatida turadilar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat inspektorlariga xos barcha huquqlar va imtiyozlardan foydalanadilar.
34-modda. Davlat buyurtma qoʻriqxonalari va davlat tabiat yodgorliklarini muhofaza qilish
Davlat buyurtma qoʻriqxonalari va davlat tabiat yodgorliklarini muhofaza qilishni davlat buyurtma qoʻriqxonalari va davlat tabiat yodgorliklari qaysi korxona, muassasa va tashkilotning yer maydonida joylashgan boʻlsa, ana shu korxona, muassasa va tashkilot amalga oshiradi.
Basharti davlat buyurtma qoʻriqxonasi yoki davlat tabiat yodgorligi tasarruf etish yoxud foydalanish uchun berilmagan yer maydonida joylashgan boʻlsa, u holda bunday qoʻriqxona yoki tabiat yodgorligini muhofaza qilishni u qaysi idoraning qaramogʻida boʻlsa, ana shu idora taʼminlaydi.
Korxona, muassasa va tashkilotlar davlat buyurtma qoʻriqxonalari hamda davlat tabiat yodgorliklari muhofaza qilinishini taʼminlamaydigan hollarda davlat buyurtma qoʻriqxonasi va davlat tabiat yodgorligi egallab turgan yer maydoni hamda muhofaza qilinishini taʼminlash uchun zarur unga tutash hudud yer egalaridan va yerdan foydalanuvchilardan olib qoʻyilishi mumkin.
Agar davlat tabiat yodgorligi muayyan yerdan foydalanuvchi, yer egasi yoki suvdan foydalanuvchiga birkitib qoʻyilmagan yer maydonida yoki suv obyektida joylashgan boʻlsa, ularning muhofaza qilinishi davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralari tomonidan taʼminlanadi.
35-modda. Alohida muhofaza etiladigan oʻzga tabiiy hududlarni muhofaza qilish
Suvni muhofaza qilish mintaqalarini (tegralarini) muhofaza qilish tabiatni muhofaza qilish va suv xoʻjaligi idoralari tomonidan taʼminlanadi. Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) tarkibiga kiruvchi yerlar cheklangan xoʻjalik faoliyati yuritish uchun korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarga ular egaligiga, foydalanishiga birkitib qoʻyilayotgan yoki ijaraga berilayotgan hollarda suvni muhofaza qilish mintaqalarini (tegralarini) muhofaza qilish vazifasi mazkur korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolar zimmasiga yuklanadi.
Suv obyektlarining sanitariya muhofaza tegralari ichki ishlar idoralari tomonidan muhofaza etiladi.
Kurort tabiiy hududlarni va rekreatsiya tegralarini muhofaza qilish davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralari tomonidan, tabiatni muhofaza qilish idoralari tomonidan taʼminlanadi.
Botanika bogʻlarini, dendrologiya bogʻlarini va hayvonot bogʻlarini muhofaza qilishni ularning maʼmuriyatlari taʼminlaydilar.
Qoʻriqlanma (oraliq) tegralarni muhofaza qilishni hududida qoʻriqlanma (oraliq) tegralar joylashgan yer egalari va yerdan foydalanuvchilar taʼminlaydilar. Qoʻriqlanma (oraliq) tegralarning hududi korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga berilmagan hollarda bu tegralarni muhofaza qilish tabiatni muhofaza qilish idoralari tomonidan taʼminlanadi.
Oʻrmonlarning taʼqiqlangan mintaqalarini muhofaza qilishni oʻrmonni muhofaza qilish idoralari taʼminlaydilar.
Baliq xoʻjaligi tegralarini muhofaza qilishni mazkur suv obyektida baliqchilik bilan shugʻullanuvchi korxonalar hamda tabiatni muhofaza qilish idoralari taʼminlaydilar.
VII BOʻLIM. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN TABIIY HUDUDLARGA DOIR MUNOSABATLAR BILAN BOGʻLIQ NIZOLARNI HAL ETISh
36-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga doir munosabatlar bilan bogʻliq nizolarni hal etish
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ish tartibini taʼmin etish masalalariga doir korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fuqarolar, davlat idoralari oʻrtasidagi nizolar sud yoki xoʻjalik sudi tomonidan qarab chiqiladi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi tabiiy zaxiralardan foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalariga doir nizolar yer, suv, oʻrmon toʻgʻrisidagi qonunlarda, yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi, atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarda belgilangan tartibda hal etiladi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga doir munosabatlar bilan bogʻliq mulkiy nizolar qonunlarda belgilangan tartibda sud yoki xoʻjalik sudi tomonidan hal etiladi.
VIII BOʻLIM. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN TABIIY HUDUDLARNING ISh TARTIBINI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK
37-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ish tartibini buzganlik uchun javobgarlik
Quyidagi hollarda:
tabiat-qoʻriqxona fondi hududlari va obyektlaridan oʻz oʻrnida foydalanmaslikda, alohida muhofaza etiladigan hududlarni barpo etish va ular ishini yoʻlga qoʻyish loyihalarining talablarini buzganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, ularning muhofaza etiladigan tegralari doirasida man etilgan xoʻjalik faoliyati bilan shugʻullanganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning obyektlari va muhofaza etiladigan tegralarida oldindan ekologik ekspertiza oʻtkazmay turib yoki bunday ekspertiza xulosalarini buzgan holda xoʻjalik faoliyatini yoʻlga qoʻyganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda falokatlarning ekologik oqibatlari va boshqa zararli taʼsirlarning oldini olish va ularni bartaraf etish choralarini koʻrmaganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar barpo etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni qarab chiqish muddatlari va tartibini buzganlikda;
alohida muhofaza etiladigan hududlardan foydalanish talablarini buzganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanishda kimyoviy, fizik, biologik va oʻzga xil taʼsirlar yoʻl qoʻyiladigan meʼyordan oshib ketganlikda, bunday hududlarni istifoda etish uchun berilgan ruxsatnomalarning talablarini buzganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy obyektlarning tabiiy majmuilari hamda ularning tarkibiga kiritishni moʻljallab asrab qoʻyilgan joylarni buzganlikda, ularga shikast yetkazganlikda yoki ularni yoʻq qilganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning chegarasini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirganlikda, bunday hududlarni oʻz bilgicha boshqa ehtiyojlar uchun ajratib berganlikda aybdor boʻlgan shaxslar maʼmuriy, jinoiy va oʻzga xil javobgarlikka tortiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisidagi qonunlarni oʻzgacha tarzda buzganlik uchun ham javobgarlik belgilanishi mumkin.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, oʻzga yuridik va jismoniy shaxslar alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ish tartibini buzish orqali yetkazgan zararlarning oʻrnini qonunlarda belgilangan hajmda va tartibda qoplashga majburdirlar.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan jarima miqdorlarini hisoblash taksalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 27-iyuldagi 293-sonli qarori bilan belgilangan.
38-modda. Korxonalar, tashkilotlar, sexlar, qurilmalarning faoliyatini toʻxtatib turish, cheklab qoʻyish, oʻzgartirish va tugatish
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning holatiga zararli taʼsir oʻtkazayotgan korxonalar, tashkilotlar, sexlar, qurilmalarning faoliyati zararli taʼsir koʻrsatayotgan manbalar, shu jumladan alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hamda ularning muhofaza qoʻriqlanma tegralari tashqarisidagi manbalar bartaraf etilgunga qadar toʻxtatib turiladi yoki cheklab qoʻyiladi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga yetkazilayotgan zararni bartaraf etishning imkoni boʻlmasa, korxona, tashkilot, sex va qurilmalarning faoliyati toʻxtatiladi hamda ularning faoliyat yoʻnalishi oʻzgartirilganidan va alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zararli taʼsiri albatta bartaraf qilinganidan keyingina faoliyatlari amaldagi qonunlarga muvofiq qayta tiklanishi mumkin.
IX BOʻLIM. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN TABIIY HUDUDLARNI MUHOFAZA QILISh VA ULARDAN FOYDALANIShGA DOIR XALQARO ShARTNOMALAR VA BITIMLAR
39-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar
Basharti Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish bobida oʻzga qoidalar belgilangan boʻlsa, u holda xalqaro shartnoma qoidalari amal qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Tashkent sh.,
1993-yil 7-may,
871-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 6-son, 255-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 1-son, 2-modda)