Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 09.02.2023
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 30-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1948-8]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 4-yanvardagi 30/18-sonli “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3420, 08.02.2023-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi va “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 31-oktabrdagi PQ-2060-son “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaroriga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-son “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 16-martdagi 7/2-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1948, 2009-yil 27-aprel) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 18-son, 229-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2014-yil 19-aprel,
12/3-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014-yil 19-apreldagi 12/3-sonli qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. 7-band quyidagi tahrirdagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ularning hisobvaraqlaridan soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashda banklar xizmatlari uchun to‘lovlar undirilmaydi.”.
2. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Mijozlarga hisobvaraqlar ochish va yopish, shuningdek hisobvaraqlardan mablag‘larni hisobdan chiqarish amallarini vaqtincha to‘xtatib turish hamda ularni qayta harakatga keltirish shu kunning o‘zidayoq amalga oshirilib, Bank depozitorlarining Milliy axborotlar bazasi orqali O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga uzatiladi.”.
3. 42-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
4. 50-banddagi “xabarnoma (ma’lumotnoma)” degan so‘zlar “xulosa” degan so‘z bilan almashtirilsin.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 18-son, 205-modda)