Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi PLENUMIning
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT CHEGARASINI KESIB OʻTISH TARTIBINI BUZISHGA OID ISHLAR BOʻYICHA SUD AMALIYOTI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibini buzishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyotida masalalar kelib chiqqanligi munosabati bilan hamda mazkur toifadagi ishlarni koʻrib chiqishda sudlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasi ikkinchi qismiga koʻra, har kim Oʻzbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistonga toʻsqinliksiz qaytish huquqiga ega.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibi quyidagilar bilan tartibga solinadi:
Oldingi tahrirga qarang.
2023-yil 6-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Qonun (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi);
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5156-sonli Farmoni;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4079-sonli qarorining 1-ilovasi);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrdagi 408-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kelishlari va Oʻzbekiston Respublikasidan ketishlari Tartibi” (bundan buyon matnda xorijiy fuqarolar kirish-chiqish Tartibi deb yuritiladi);
boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
2. Sudlarga tushuntirilsinki, JK ning 223-moddasida nazarda tutilgan jinoiy javobgarlik shaxs chet elga chiqish yoki Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoxud Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtish yuzasidan belgilangan tartibni faqat qasddan buzgan hollardagina kelib chiqadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibining ehtiyotsizlik oqibatida (masalan, oriyentirni yoʻqotish oqibatida), noilojlikdan (masalan, tabiiy ofat yoki texnogen xususiyatga ega hodisa, zoʻrlik ishlatish yoki zoʻrlik ishlatish bilan tahdid etish oqibatida) yoki shaxsning erkiga bogʻliq boʻlmagan hollarda (masalan, uning ojiz ahvoldaligidan foydalangan holda) buzilishi mazkur jinoyat tarkibini tashkil etmaydi.
Siyosiy boshpana huquqidan foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibini buzgan holda Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar JK 223-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilmaydilar.
(2-bandning ikkinchi-uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
3. Jinoyat kodeksi 223-moddasining birinchi qismi dispozitsiyasiga koʻra, mazkur jinoyat qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtishda ifodalangan bir yoki bir necha harakatlar koʻrinishida sodir etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kirish deganda, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasining belgilangan oʻtkazish punktlari orqali (Qonunning 40-moddasi), biroq belgilangan hujjatlarsiz yoki Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnomasiz kesib oʻtilishi tushunilishi lozim.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtish deganda, jumladan, haqiqiy hujjatlar va kirish-chiqishga ruxsatnoma bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, uning belgilangan oʻtkazish punktlaridan tashqari joydan kesib oʻtilishi tushunilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasiga kirish uchun quyidagi hujjatlar asos boʻladi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun xorijga chiqish biometrik pasporti (diplomatik pasport, identifikatsiya elektron kartasi ID-karta), vaqtincha xorijda turgan va konsullik roʻyxatiga olinmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun xorijga chiqish biometrik pasporti yoʻqolgan, yaroqsiz holga kelgan, uning amal qilish muddati tugagan, maʼlumotlar yoki vizalar uchun moʻljallangan sahifalaridan foydalanib boʻlingan holatlarda, shuningdek, sud ajrimi bilan uning amal qilishi toʻxtatib turilganda yangi xorijga chiqish biometrik pasporti yoki Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun guvohnomasi;
xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun — amaldagi milliy pasport (diplomatik pasport), shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, Oʻzbekiston Respublikasiga kirish uchun (kirish, tranzit) viza va xorijiy fuqarolar kirish-chiqish Tartibi II boʻlimida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish uchun quyidagi hujjatlar asos boʻladi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun — amaldagi xorijga chiqish biometrik pasporti (diplomatik pasport), chet el davlatiga kirish vizasi (Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga kirish uchun kirish vizalari rasmiylashtirilishi talab etilmaydigan xorijiy davlatlar bundan mustasno);
xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun — amaldagi milliy pasport (diplomatik pasport), shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, Oʻzbekiston Respublikasiga kirish-chiqish uchun viza va xorijiy fuqarolar kirish-chiqish Tartibi I, III boʻlimlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Normativ-huquqiy hujjatlarda (masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 5-martdagi “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi PQ-2142-sonli qarori) muayyan toifadagi shaxslarning (harbiy xizmatchilar, davlat siri boʻlgan maʼlumotlardan xabardor shaxslar va h.k.larning) chet elga chiqishi uchun xorijiy davlat bilan vizasiz rejim mavjudligidan qatʼiy nazar, boshqacha tartib belgilanishi mumkin. Binobarin, mazkur toifadagi shaxslarning viza rasmiylashtirilishi talab etilmaydigan xorijiy davlatlarga maxsus ruxsatsiz chiqishi ularning JK 223-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab boʻladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Sudlarga tushuntirilsinki, JK 223-moddasi boʻyicha javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirilmagan holda yoki amal qilish muddati oʻtgan xorijga chiqish biometrik pasporti bilan Oʻzbekiston Respublikasidan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ularga kirish uchun kirish vizalari talab etilmaydigan har qanday xorijiy davlatdan boshqa, kirish vizasi rasmiylashtirilishi talab etiladigan xorijiy davlatga kirgan hollarda kelib chiqadi.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Shu bilan birga, fuqarolar kirish chiqish Tartibida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlat hududida boʻlishi muddati chegarasi belgilanmaganligi sababli, ularning xorijiy davlat hududida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan muddatlardan ortiq boʻlishlari maʼmuriy (MJTK 226-moddasi) yoki jinoiy (JK 223-moddasi) javobgarlikka tortish uchun asos boʻlmaydi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
8. Jinoyat kodeksining 223-moddasida nazarda tutilgan jinoyat Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi chizigʻi kesib oʻtilgan paytdan boshlab, Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida esa — chegara nazoratidan oʻtilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Sudlarga tushuntirilsinki, agar jinoyat Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini yorib oʻtish yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa, shaxsning harakatlari JK 223-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda yorib oʻtish deganda, jumladan, qoʻriqlanadigan Davlat chegarasini chegara postiga yoki chegarachilar naryadiga hujum qilish, chegara qoʻshinlarining qonuniy faoliyatiga boshqacha faol qarshilik koʻrsatish (masalan, Davlat chegarasi rejimi talablariga ochiqdan-ochiq boʻysunmaslik, oʻzining xizmat vazifasini bajarishdan voz kechishga majbur qilish), Davlat chegarasini qoʻriqlashga doir texnik vositalarni nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish va h.k. yoʻli bilan kesib oʻtishda ifodalangan harakatlar tushunilishi lozim.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini yorib oʻtish paytida aybdor tomonidan Davlat chegarasini qoʻriqlovchi shaxs badaniga qasddan ogʻir shikast yetkazilgan yoki u qasddan oʻldirilgan boʻlsa, qilmish JK ning 223-moddasi va tegishlicha JK ning 104, 97-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday holatlarda qasddan badanga yengil yoki oʻrtacha ogʻirlikdagi tan jarohati, shuningdek mulkiy ziyon yetkazilishi JK ning 223-moddasi ikkinchi qismi dispozitsiyasi bilan qamrab olinadi va tegishlicha JK ning 105, 109 va 173-moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.
(9-bandning matni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 223-moddasi ikkinchi qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyat subyekti boʻlib, faqat xorijiy mamlakatlarga chiqishi maxsus kelishuvni talab qiladigan mansabdor shaxslar boʻla oladilar (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 5-martdagi PQ 2142-sonli qarorining 1 va 2-bandlari).
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 13-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Agar shaxs qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtish paytida boshqa jinoyatlar (hujjatlarni qalbakilashtirish, qalbaki hujjatlardan foydalanish, kontrabanda, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish va boshqalar) sodir etgan boʻlsa, aybdorning harakatlari sodir etilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Chegarachilar naryadi tarkibida boʻlgan shaxs tomonidan chegara xizmatini oʻtash qoidalarini buzish, agar bu qilmish qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtishga olib kelgan boʻlsa, JK ning 294-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi va JK ning 223-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.
12. Jinoyat kodeksi 223-moddasi dispozitsiyasi blanket norma boʻlganligi tufayli, shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qarorda dastlabki tergov organlari shaxs tomonidan chet elga chiqish, Oʻzbekiston Respublikasiga kirish, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtish tartibini belgilovchi aynan qaysi normativ-huquqiy hujjat talabi buzilganligini aniq koʻrsatishlari shart. Sud hukmida ham mazkur jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsning harakatlarida JK ning 223-moddasida nazarda tutilgan belgilardan qaysi biri mavjudligi aniq koʻrsatilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Dastlabki tergov organlari va sudlar tomonidan jinoyat-protsessual qonuni talablariga rioya etilmasligi ishning JPK 416 va 417-moddalari talablaridan kelib chiqib hal qilinishiga sabab boʻladi.
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
13. Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kirish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtishga doir ishlarni koʻrish vaqtida sudlar, ehtiyotsizlik oqibatida Davlat chegarasini kesib oʻtish tartibi buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarning noqonuniy sudlanishi hollarini istisno etish maqsadida, aybdorning harakatlari xususiyatini sinchkovlik bilan aniqlashlari zarur. Ish boʻyicha shaxs qonunga xilof ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi fakti aniqlangan holda sud bunga tegishli munosabat bildirib, jinoyat ishini yuritishga masʼul davlat organlari mansabdor shaxslariga nisbatan xususiy ajrim chiqarishi kerak.
Mazkur toifaga doir har bir ish boʻyicha aybdor shaxsga nisbatan adolatli, qilmishga mutanosib jazo belgilash maqsadida sudlar, shuningdek jinoyatning sodir etilishi motivini, moddiy zarar yetkazilgan-yetkazilmaganligini, yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlashlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari va Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kirish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtishga doir ishlarni koʻrish boʻyicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari, bu toifadagi ishlar boʻyicha sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini chuqur tekshirishlari, yoʻl qoʻyilgan moddiy va protsessual qonun buzilishlarini oʻz vaqtida bartaraf etishlari lozim.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oliy sud raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi V. NAZAROV
Toshkent sh.,
2011-yil 25-noyabr,
9-son