Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
GUMON QILINUVCHI VA AYBLANUVCHINI HIMOYA HUQUQI BILAN TAʼMINLASHGA OID QONUNLARNI QOʻLLASH BOʻYICHA SUD AMALIYOTI TOʻGʻRISIDA
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, mahkum va oqlangan shaxsning (bundan buyon matnda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi deb yuritiladi) himoya huquqi jinoyat-sudlov ishlarini yuritishda asos qilib olinuvchi prinsiplardan biri boʻlib, ish boʻyicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli qaror qabul qilinishini kafolatlaydi.
Sud amaliyotini oʻrganish natijalari shuni koʻrsatadiki, surishtiruv, tergov organlari hamda sudlar gumon qilinuvchining, ayblanuvchining himoya huquqini asosan taʼminlab kelmoqdalar.
Shu bilan bir qatorda, ushbu huquqiy institut ish boʻyicha qonuniylikka rioya etish va haqiqatni aniqlashda juda muhim omil ekanligiga yetarli darajada eʼtibor berilmayapti. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining himoya huquqini surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida ham, sud muhokamasi borayotganda ham qoʻpol tarzda buzish hollari barham topmagan.
Qonun talablariga ogʻishmay rioya etilishini taʼminlash, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining himoya huquqini buzish hollariga barham berish maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarga tushuntirilsinki, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining himoya huquqi bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining har bir kishiga shaxsiy erkinlik va daxlsizlik taʼminlanishini kafolatlovchi normalaridan kelib chiqadi.
2. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining himoya huquqi — yuzaga kelgan gumon, qoʻyilgan aybni rad etish yoki javobgarlik va jazoni yumshatish uchun unga qonun bilan berilgan protsessual imkoniyatlar (vosita va usullar) yigʻindisidir.
3. Himoya huquqi jinoyat-sudlov ishlarini yuritishning barcha bosqichida taʼminlanadi.
Qonunga koʻra (JPK 24, 64-moddalari), jinoyat ishini yuritishga masʼul barcha davlat organlari va mansabdor shaxslar (surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya) gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga uning huquqlarini tushuntirishlari va oʻziga tegishli himoya huquqidan amalda foydalanishi uchun real sharoit yaratib berishlari shart.
4. Sudlar ish boʻyicha isbotlanishi lozim boʻlgan barcha holatlar albatta sinchkovlik bilan, har tomonlama, toʻliq va xolisona tekshirilishi zarurligi haqidagi qonun talablariga ogʻishmay rioya etishlari, ayblanuvchini nafaqat fosh etadigan, balki oqlaydigan, shuningdek, uning javobgarligini yengillashtiradigan va ogʻirlashtiradigan holatlarni ham aniqlashlari shart.
Ish boʻyicha haqiqatni aniqlash uchun faqat Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda toʻplangan, tekshirilgan va baholangan dalillardangina foydalanish mumkin. Protsessual qonun talablari buzilgan holda toʻplangan dalillar ayblov asosiga qoʻyilishi mumkin emas.
5. Gumon qilinuvchini, ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashning muhim kafolati — uning aybi qonunda belgilangan tartibda isbotlanmaguncha va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlanmaguncha aybdor hisoblanmasligi haqidagi Konstitutsiyada belgilangan aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga qatʼiy amal etilishidadir.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi zimmasiga koʻrsatuv berish majburiyati yuklanishi mumkin emas, oʻz aybsizligini yoki ish boʻyicha biror-bir holatni isbotlash masʼuliyatini yuklashga ham yoʻl qoʻyilmaydi. Qonunga asosan bunday majburiyat jinoyat ishini yuritishga masʼul davlat organlari mansabdor shaxslarining zimmasiga yuklatilgan.
Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etishning imkoni boʻlmasa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi foydasiga hal qilinishi kerak. Qonunni qoʻllashda kelib chiqqan har qanday shubha ham uning foydasiga hal etiladi.
6. Sudlar Jinoyat-protsessual kodeksining 25-moddasi talablariga, yaʼni ishlar sud majlisida taraflarning oʻzaro tortishuvi prinsipi asosida koʻrilishi shartligi haqidagi qoidaga soʻzsiz amal qilinishini taʼminlashlari kerak.
Tortishuv prinsipi ayblov va himoya funksiyalari bir-biridan ajratilgan holda amalga oshirilishini taqozo etadi. Bunda sud ayblov yoki himoya tarafida turmasligi hamda ularning biron bir manfaatlarini ifoda etmasligi lozim. Sud xolislik va begʻarazlikni saqlagan holda faqat ishni hal etish funksiyasini amalga oshirishi, yaʼni taraflarga protsessual huquqlarini amalga oshirish yoʻli bilan oʻz nuqtai-nazarlarini himoya qilishlari uchun teng imkoniyat yaratib berishi kerak.
Qonunga binoan, sud protsessida taraflar dalillar taqdim etish, ularni tekshirishda qatnashish, iltimos bilan murojaat qilish, ishning toʻgʻri hal etilishi, qonuniy va asoslantirilgan qaror chiqarilishi uchun ahamiyatga molik har qanday masala boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishda teng huquqlardan foydalanadilar.
Sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, sudda ishlarni yuritishda tortishuv sud majlisida prokuror va himoyachining uzluksiz ishtiroki taʼminlangan holdagina roʻyobga chiqadi (sudlanuvchi qonunda belgilangan tartibda himoyachidan voz kechgan hollar bundan mustasno).
7. Gumon qilinuvchini, ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashning muhim elementlaridan biri qonun tomonidan unga surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud (sudya)ning protsessual harakati yoki qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat berish huquqining berilishidir.
Jinoyat ishini yuritishga masʼul davlat organlari va mansabdor shaxslarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining himoyachisi va qonuniy vakili tomonidan ham berilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Jinoyat-protsessual kodeksining 49-moddasiga muvofiq jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa, uning harakatlanish erkinligiga boʻlgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ishda himoyachining ishtirok etishiga ruxsat beriladi.
Bu oʻrinda shuni nazarda tutish kerakki, shaxs JPK 221-moddasida koʻrsatilgan asoslarga koʻra ushlangan hollarda, garchi qonunda bu haqda tegishli bayonnoma shaxs ichki ishlar organi yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organga keltirilgandan soʻng rasmiylashtirilishi belgilangan boʻlsa-da, uning harakatlanish erkinligiga boʻlgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab gumon qilinuvchi deb hisoblanadi. Aynan shu paytdan boshlab ushlab turilgan shaxs gumon qilinuvchiga berilgan barcha huquqlardan, shu jumladan, himoyachi olish, yaqin qarindoshlariga yoxud advokatiga telefon qilish yoki xabar yuborish, koʻrsatuv berishdan bosh tortish, shuningdek oʻzi bergan koʻrsatuvlari jinoyat ishi boʻyicha unga qarshi dalil sifatida ishlatilishi mumkinligini bilish huquqidan foydalanadi. Shu tufayli, bunday hollarda u guvoh sifatida soʻroq qilinishi, jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinganligi haqidagi qaror unga eʼlon qilinmasdan hamda tegishli huquq va majburiyatlari tushuntirilmasdan turib, unga nisbatan tergov harakatlari olib borilishi mumkin emas.
Aybini boʻyniga olish toʻgʻrisidagi arz bilan tegishli davlat organiga murojaat qilgan shaxs ham shunday huquqiy holatga ega (JPK 113-moddasi).
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining himoya huquqini real taʼminlash maqsadida, shaxs JPK 221, 227-moddalarida nazarda tutilgan tartibda ushlangan, unga nisbatan qamoqqa olish (JPK 242-moddasi) yoki uy qamogʻi (JPK 2421-moddasi) tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan, shuningdek shaxs sud ekspertizasi oʻtkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilgan (JPK 265-moddasi) hollarda jinoyat ishini yuritishga masʼul davlat organlarining mansabdor shaxslari shaxsga nisbatan protsessual majburlov chorasi qoʻllanilganligi va uning ushlab turilgan joyi toʻgʻrisida darhol JPK 217-moddasida koʻrsatilgan shaxslar yoki tashkilotlarga xabar berishlari shart.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
10. Sudlarning eʼtibori Jinoyat-protsessual kodeksining gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga uning himoyachi olish, aynan nimada gumon qilinayotganligi yoki ayblanayotganligini, mahkumga esa, u qanday jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilganligini bilish huquqini kafolatlovchi 46, 48-moddalari talablariga qatʼiy rioya qilinishi zarurligiga qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Shuning uchun, jinoyat ishida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qarorda, ayblov dalolatnomasida, ayblov xulosasida va sud hukmida Jinoyat-protsessual kodeksining 360, 361, 379, 38112, 467-moddalarida nazarda tutilgan holatlar aniq bayon etilishi kerak.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Agar shaxs bir necha jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan boʻlsa, bu holatlar har bir ayblovga nisbatan alohida bayon etilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Ish boʻyicha himoyachi sifatida qatnashishi mumkin boʻlgan shaxslar toifasi JPK 49-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida belgilangan. Ular jumlasiga, xususan, advokatlar hamda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlaridan biri yoki qonuniy vakillari kiradi. Bunda shuni eʼtiborga olish lozimki, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshi yoki qonuniy vakili ish boʻyicha himoyachi sifatida faqat advokat bilan birga qatnashishiga yoʻl qoʻyiladi.
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Qonunga binoan, belgilangan tartibda advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya olgan va advokatlar tuzilmalarining: advokatlar hayʼati, advokatlik firmasi, byurosi aʼzosi boʻlgan shaxslar advokat hisoblanadi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari deganda, uning ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-ukasi va opa-singillari, eri(xotini), farzandlari (farzandlikka olinganlar), bobosi, buvisi, nevaralari, shuningdek, er(xotin)ining ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-ukasi va opa-singillari nazarda tutiladi.
Advokatning ishda ishtirok etishiga u advokatlik guvohnomasini koʻrsatganidan va uning muayyan ishni yuritishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi orderni taqdim etganidan soʻng yoʻl qoʻyiladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining ishda himoyachi sifatida ishtirok etishga ruxsat berilgan yaqin qarindoshi yoki qonuniy vakiliga surishtiruv, dastlabki tergov organi, sud tomonidan qaror, ajrim berilib, unda himoyachining JPK 53-moddasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlari tushuntiriladi. Qaror (ajrim) surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud (sudya) tomonidan himoyachi sifatida tanlangan shaxsning qarindoshligi yoki vakillik vakolatini va shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan soʻng darhol chiqarilishi va unga berilishi lozim.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
12. Himoyachi qonunga koʻra, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki uning qonuniy vakili tomonidan, shuningdek, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining iltimosi yoki roziligi asosida boshqa shaxslar tomonidan taklif etiladi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi ish boʻyicha bir necha himoyachi taklif etishi mumkin.
Bu oʻrinda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi himoyachini erkin tanlash huquqiga ega. Surishtiruvchi, tergovchi, sud (sudya) ish boʻyicha tayinlov asosida davlat hisobidan himoyachi ishtirok etayotgan taqdirda ham gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tomonidan taklif etilgan himoyachining ishda qatnashishiga monelik qilishga haqli emas.
Himoyachining jinoyat ishiga kirishishini rad etish toʻgʻrisida surishtiruv, tergov organi, sud (sudya) tomonidan chiqarilgan qaror ustidan jinoyat-protsessual qonunida koʻrsatilgan (JPK 27-moddasi) tartibda shikoyat berilishi mumkin.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining himoya huquqiga oid qonun normalari mazmuniga koʻra, ish materiallarida davlat siri bilan bogʻliq maʼlumotlarning mavjudligi bunday maʼlumotlar bilan ishlashga maxsus ruxsati boʻlmagan himoyachining ishda ishtirok etishiga toʻsqinlik qilmaydi. Bunday hollarda himoyachi davlat siriga aloqador maʼlumotlar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tanishishi mumkin.
Shuni nazarda tutish lozimki, himoyachining sud ishi yuritilayotgan tilni bilmasligi ham uning ishda ishtirok etishiga monelik qilmaydi. Bu holda u JPK 20-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tarjimon bilan taʼminlanishi kerak.
13. Qonunga muvofiq, ish boʻyicha JPK 51-moddasida koʻrsatilgan hollar mavjud boʻlganda, unda himoyachining ishtiroki shart ekanligi belgilangan boʻlib, bu talabga rioya etmaslik jinoyat-protsessual qonuni normalarini jiddiy buzish deb hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tushuntirilsinki, “jismoniy nuqsoni yoki ruhiy holati buzilgani sababli oʻzini oʻzi himoya qilish huquqini amalga oshirishga qiynaladigan shaxslar” deganda, jumladan, aqli raso deb topilgan boʻlsa-da, ammo ruhiy faoliyati doimiy yoki vaqtincha buzilgan, nutqida, koʻrishida, eshitishida jiddiy kamchiliklari boʻlgan yoki boshqa ogʻir xastalik bilan kasallangan shaxslar tushunilishi lozim.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Jinoyat ishi boʻyicha himoyachi yordamidan foydalanish gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining huquqi hisoblanadi. Shu tufayli ham u ish yurituvning istalgan paytida himoyachidan voz kechishi mumkin.
Himoyachidan voz kechganlik toʻgʻrisida sabablari koʻrsatilgan holda yozma murojaat taqdim etiladi.
Himoyachidan voz kechishga faqat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining tashabbusi bilan va surishtiruvchi, tergovchi, sud tomonidan himoyachining real ishtiroki taʼminlangan va u himoyasi ostidagi shaxs bilan xoli uchrashganidan soʻng himoyadan voz kechilganligini tasdiqlagan holda amalga oshiriladi. Bunda himoyachidan voz kechish jarayoni, albatta, videoyozuv orqali qayd etilishi shart. Himoyachidan voz kechilganligi haqida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek advokat, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan imzolanadigan bayonnoma tuzilishi yoxud sud majlisi bayonnomasiga yozib qoʻyilishi shart.
Videoyozuv materiallari va himoyachining ishda ishtirok etishga vakolati borligini tasdiqlovchi hujjatlar (advokatning orderi, qonuniy vakil vakolatini tasdiqlovchi hujjat va h.k.) bayonnomaga ilova qilinadi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining himoyachidan voz kechishiga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyilmaydi, agar:
u voyaga yetmagan boʻlsa;
u jismoniy nuqsoni (kar, soqov, koʻr va h.k.) yoki ruhiy holati buzilgani tufayli oʻzini oʻzi himoya qilishga qiynalsa;
u sudlov ishi yuritilayotgan tilni bilmasa;
u umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin boʻlgan jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan, ayblanayotgan boʻlsa;
ishda davlat yoki jamoat ayblovchisi ishtirok etayotgan boʻlsa;
ishda advokat jabrlanuvchining vakili sifatida ishtirok etayotgan boʻlsa;
ish boʻyicha dastlabki eshituv oʻtkazilayotgan boʻlsa;
shaxs oʻta ogʻir jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan boʻlsa;
unga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash, shuningdek qamoqda saqlash, uy qamogʻi muddatini uzaytirish masalasi koʻrib chiqilayotgan boʻlsa;
u bilan aybiga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan boʻlsa.
Oldingi tahrirga qarang.
Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarda, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudida koʻrilayotgan ishlarda, shuningdek himoyachidan voz kechish toʻgʻrisida noilojlikdan (himoyachining mehnatiga haq toʻlash imkoniyatining yoʻqligi, ish boʻyicha himoyachining hozir boʻlmasligi va h.k.) arz qilingan hollarda ham himoyachidan voz kechish qabul qilinmaydi.
(14-bandining oʻn oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi himoyachidan uning mehnatiga haq toʻlash imkoniyati yoʻqligi sababli voz kechmoqchi boʻlgan taqdirda, jinoyat ishini yuritishga masʼul davlat organlarining mansabdor shaxslari JPK 50-moddasining toʻrtinchi qismi qoidalariga binoan “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyachisi sifatida davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash chorasini koʻrishlari kerak.
(14-bandning oʻn yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Surishtiruvchi, tergovchi, sud (sudya) ishning murakkabligi va boshqa holatlari gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining himoya huquqini oʻzi amalga oshirishiga qiyinchilik tugʻdirishi mumkin, degan xulosaga kelsa, himoyachidan voz kechish toʻgʻrisidagi arizani rad etishi mumkin.
Biron-bir sababga koʻra muayyan himoyachidan voz kechish hollari umuman himoyachi xizmatidan voz kechish deb qaralmasligi kerak.
Himoyachidan voz kechish toʻgʻrisidagi arizaning qanoatlantirilganligi yoki rad etilganligi haqida belgilangan namunada bayonnoma tuziladi hamda u gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, himoyachi va surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan imzolanadi. Sud majlisida bu haqda majlis bayonnomasiga tegishli yozuv kiritiladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
15. Himoyachidan voz kechish gumon qilinuvchini, ayblanuvchini keyinchalik ishda himoyachi ishtirok etishini talab qilish huquqidan mahrum etmaydi. Bunday talab barcha hollarda qanoatlantirilishi lozim.
Himoyachining ishga yangidan kirishishi oʻsha paytga qadar amalga oshirilgan protsessual harakatlar takrorlanishini taqozo etmaydi.
Sud majlisi davomida himoyachining ishga kirishishi sud tergovini qayta boshlash uchun asos boʻlmaydi. Biroq, bu holda sud unga ish materiallari bilan tanishib chiqish va himoyasida boʻlgan shaxs huquq va manfaatlari himoyasiga kirishishga tayyorgarlik koʻrish uchun imkoniyat berishi kerak. Himoyachining u protsessga kirgunga qadar sud tomonidan soʻroq qilingan shaxslarni chaqirish haqidagi iltimosnomasi JPK 448-moddasida belgilangan tartibda hal etiladi.
Ishda ishtirok etish haqida bitim tuzilgan yoki tayinlangan vaqtdan boshlab, advokat oʻz vazifalarini bajarishni rad etishga haqli emas, JPK 79-moddasida belgilangan hollar bundan mustasno.
16. Himoyachi qonunga koʻra (JPK 53-moddasi) oʻz himoyasi ostidagi shaxsning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun yetarli huquqlar bilan taʼminlangan boʻlib, uning bu huquqlarini jinoyat ishini yuritishga masʼul davlat organlari tomonidan biror bir tarzda cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Himoyachi oʻz himoyasi ostidagi shaxs ishtirokida oʻtkaziladigan barcha tergov harakatlarida, shu jumladan, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga uning huquqlari tushuntirilayotganda va u soʻroq qilinayotganda, qamoqqa olish, uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash masalasi hal qilinayotgan, koʻrsatuvlarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirishda, eksperiment oʻtkazilayotganda, tanib olish uchun koʻrsatilayotganda, yuzlashtirilayotganda, guvohlantirilayotganda, eksgumatsiya jarayonida, olib qoʻyish va tintuvda, ashyoviy dalillarni koʻzdan kechirishda, mol-mulkni xatlashda, prokuror tomonidan soʻroq qilinayotganda qatnashishga haqlidir.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Himoyachi jinoyat ishida qatnashishga ijozat olgan paytdan boshlab, ushlab turish haqida tuzilgan bayonnoma, ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim), ushbu Kodeks 87-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq dalillar sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan maʼlumotlarni toʻplash va taqdim etish; gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi ishtirokida oʻtkazilgan protsessual harakatlarga oid hujjatlar bilan, surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom boʻlganidan keyin esa, jinoyat ishining barcha materiallari bilan tanishish hamda undan zarur maʼlumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalar yordamida oʻz hisobidan koʻchirma nusxalar olish yoki ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻzga shaklda qayd etish. Himoyachining bunday huquqi uning himoyasi ostidagi shaxs gumon qilinuvchi, ayblanuvchi deb eʼtirof etilgunga qadar oʻtkazilgan tergov harakatlariga oid bayonnomalar bilan tanishishga nisbatan ham amal qiladi.
(16-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Surishtiruv yoki dastlabki tergov organi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi ishtirokida oʻtkaziladigan tergov harakatlari kuni, vaqti va joyi haqida uning himoyachisini oldindan xabardor etishi shart.
(16-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, ushlab turilgan, qamoqda saqlanayotgan yoki uy qamogʻida boʻlsa yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan boʻlsa, himoyachi u bilan qonunga koʻra (JPK 53-moddasining ikkinchi qismi, 215-moddasining uchinchi qismi) soni va davomiyligi chegaralanmagan holda yakkama-yakka (holi) uchrashish huquqiga ega.
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Himoyachiga qamoqda saqlanayotgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi bilan uchrashuv berilishi uchun quyidagilar asos boʻladi:
advokat uchun — advokatlik tuzilmasi tomonidan unga muayyan ishni yuritish uchun berilgan order;
gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakili uchun — uni himoyachi sifatida ishda ishtirok etishga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi surishtiruv, dastlabki tergov organi, sudning qarori (ajrimi).
(17-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
Himoyachiga oʻz himoyasi ostidagi shaxs bilan uchrashishga, oʻzining yoki himoyasi ostidagi shaxsning talabiga koʻra, jinoyat protsessining har qanday paytida darhol, gumon qilinuvchi bilan esa, JPK 48-moddasiga muvofiq ruxsat berilishi shart.
Muassasa maʼmuriyati himoyachiga oʻz himoyasi ostidagi shaxs bilan uchrashuv berishni rad etgan taqdirda, himoyachi bunday harakat ustidan prokurorga “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonunning 30-32-moddalarida belgilangan tartibda shikoyat berishi mumkin.
18. Qonun talabiga koʻra (JPK 17, 88-moddalari) surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud (sudya) gumon qilinuvchining, ayblanuvchining shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishga haqli emas.
Dalillarni toʻplash, tekshirish va baholashda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari qoʻriqlanishi taʼminlanishi kerak.
Dalillarni toʻplash, tekshirish va baholash jarayonida qiynoqqa solish, zoʻrlik ishlatish hamda insonga nisbatan boshqa shafqatsiz yoki uning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi munosabatda boʻlish qatʼiyan man etiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1984-yil 10-dekabrda qabul qilgan “Qiynoqlarga solishga va muomalada boʻlish va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi konvensiya”ga koʻra “qiynoq” har qanday tusdagi shunday harakatni anglatadiki, u bilan qandaydir shaxsga undan yoki uchinchi shaxsdan maʼlumotlar yoki eʼtirof olish, uni u yoki uchinchi shaxs sodir etgan yoki sodir etishda u gumon qilinadigan harakat uchun jazolash, shuningdek, uni yoki uchinchi shaxsni qoʻrqitish yoki zoʻrlash maqsadida yoki bunday ogʻriq yoki azob davlatning mansabdor shaxsi yoki rasmiy sifatdagi boshqa shaxs yoki ularning gijgijlashi bilan yoki ularning xabardorligida yoki indamay roziligi bilan har qanday tusdagi kamsitishga asoslangan har qanday sabab boʻyicha qasddan kuchli ogʻriq yoki jismoniy yoxud maʼnaviy azob beriladi.
19. Qiynoqqa solish, zoʻrlik ishlatish, qoʻrqitish, aldash hamda insonga nisbatan boshqacha shafqatsiz yoki uning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi munosabatda boʻlish, shuningdek, qonunga xilof boshqa choralar qoʻllash, shu jumladan, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining himoya huquqini buzish natijasida olingan dalillar ayblov asosiga qoʻyilishi mumkin emas.
Surishtiruvchi, tergovchi, sud (sudya) qamoq joylaridan keltirilgan shaxsdan har doim surishtiruv, tergov harakatlari oʻtkazilgan paytda unga nisbatan qanday munosabatda boʻlishganligi hamda saqlash sharoiti toʻgʻrisida soʻrashlari shart. Surishtiruvning yoki tergovning qiynoqqa solish yoxud qonunga xilof boshqa usullari qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi har bir murojaat fakti boʻyicha arz qilingan vajlarini sinchiklab tekshirish, shu jumladan, tibbiy guvohlantirish oʻtkazish orqali sinchiklab tekshirishlari va natijasiga qarab, tegishli mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatishga qadar protsessual yoki boshqa huquqiy choralar koʻrishlari shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Dalillarni toʻplash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan usullar qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi murojaatlar JPK 22-moddasiga asosan qonunchilikda belgilangan tartibda sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza oʻtkazilgan holda majburiy tekshirilishi lozim.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
20. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, isbotlash jarayonida tergov harakatlarini oʻtkazish, shu jumladan, soʻroq qilish tartibi va shartlari qonun bilan qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi ushlanganidan, qamoqqa olinganidan, chaqiruv qogʻozi boʻyicha soʻroqqa kelganidan yoki majburan olib kelinganidan soʻng darhol yoki yigirma toʻrt soat ichida birinchi marta soʻroq qilishning (JPK 111-moddasi)da belgilangan qoidalariga rioya etilgan holda soʻroq qilinishi kerak.
Umuman tergov harakatlari, faqat, soat 6 dan 22 ga qadar oʻtkazilishi kerak, JPK 88-moddasi ikkinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Tergov harakatlarini yuritish tartibi va shartlarining buzilishi prokuror va sud tomonidan gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ruhiy taʼsir oʻtkazish deb baholanishi mumkin. Bunday taʼsir ostida toʻplangan maʼlumotlar dalil kuchiga ega boʻlmaydi va ular ayblov hukmi uchun asos qilib olinishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Qonunga muvofiq (JPK 20, 51, 488-moddalari) quyidagi hollar gumon qilinuvchini, ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarining jiddiy buzilishi deb baholanadi, agar:
(21-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
uning oʻz ona tilidan va tarjimon xizmatidan foydalanish huquqi buzilgan boʻlsa;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunga koʻra himoyachi, qonuniy vakil ishtirok etishi shart boʻlsa-yu, ish ularning ishtirokisiz tergov qilingan yoki koʻrib chiqilgan boʻlsa;
(21-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
manfaatlari oʻzaro qarama-qarshi boʻlgan bir necha shaxsning huquqlari bitta himoyachi tomonidan himoya qilingan boʻlsa;
dastlabki tergov tamomlangandan soʻng ayblanuvchi ishdagi barcha materiallar bilan tanishtirilmagan boʻlsa va qoidabuzarlik sud tomonidan bartaraf etilmagan boʻlsa;
Oldingi tahrirga qarang.
ayblanuvchiga ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasi topshirilmagan boʻlsa;
(21-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
himoyachisi boʻlmagan sudlanuvchiga himoya nutqi soʻzlash uchun imkoniyat, shuningdek, oxirgi soʻz berilmagan boʻlsa;
ish sudlanuvchining ishtirokisiz koʻrilgan boʻlsa (JPK 410-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno);
Oldingi tahrirga qarang.
ishni yuritishni istisno etadigan holatlar mavjud boʻla turib, surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi oʻtkazilgan boʻlsa.
(21-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Ish boʻyicha koʻrsatib oʻtilgan holatlarning aniqlanishi sud qarorining bekor qilinishiga asos boʻladi.
22. Sud taraflar ayblov mohiyati va ish holatlari yuzasidan oʻz vajlarini bayon qilayotganda ularning muzokarasini muayyan muddat bilan cheklab qoʻymasligi kerak.
Shu bilan bir qatorda, raislik qiluvchi koʻrilayotgan ishning mohiyatiga aloqasi boʻlmagan holatlar boʻyicha gapirayotgan muzokara ishtirokchisi soʻzini boʻlishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Jinoyat-protsessual kodeksi 473-moddasi talabiga koʻra, hukm sudlanuvchi bilmaydigan yoki yetarli darajada bilmaydigan tilda bayon qilingan boʻlsa, hukmning qaror qismi eʼlon qilinganidan keyin, mazkur qism tarjimon tomonidan sudlanuvchining ona tilida yoki sudlanuvchi uchun tushunarli boʻlgan boshqa tilda oʻqib eshittiriladi.
(23-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Mahkumga, oqlangan shaxsga taqdim etilishi shart boʻlgan hukm va boshqa sud (tergov) hujjatlari ularning ona tiliga yoki ular biladigan boshqa tilga tarjima qilingan holda topshirilishi kerak (JPK 20-moddasi).
Agar ushbu talablarga rioya etilmaganligi natijasida mahkum, oqlangan shaxs sud hukmi ustidan shikoyat berish imkoniyatidan mahrum etilgan boʻlsa, bu holat apellyatsiya shikoyati berish uchun belgilangan muddatni tiklash yoki apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimini bekor qilish uchun asos boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Raislik qiluvchi hukm eʼlon qilingandan soʻng sudlanuvchiga va boshqa taraflarga hukmning mazmunini, uning ustidan apellyatsiya va kassatsiya shikoyati berish tartibi va muddatini, shuningdek, sud majlisi bayonnomasi, audioyozuv bilan tanishish va unga nisbatan eʼtirozlar bildirish huquqini tushuntiradi.
(24-bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Agar sudlanuvchi umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan boʻlsa, unga afv soʻrab iltimos qilish huquqi va tartibi ham tushuntiriladi.
(24-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
25. Sud mahkumga, oqlangan shaxsga, ularning himoyachilari va qonuniy vakillariga sud majlisi bayonnomasi, audioyozuv bilan tanishib chiqish uchun imkoniyat yaratishi shart. Bayonnomaning qonunda belgilangan muddatdan kechikib imzolanganligi haqida protsessning manfaatdor ishtirokchilari oʻz vaqtida xabardor qilinishi lozim.
(25-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Agar mahkumdan, oqlangan shaxsdan sud majlisi bayonnomasi yoki audioyozuv bilan himoyachi ishtirokida tanishish istagi borligi toʻgʻrisida belgilangan muddatda ariza kelib tushgan boʻlsa, sud bu haqda himoyachini xabardor qilishi va ularga ushbu huquqdan birgalikda foydalanishlari uchun imkoniyat yaratib berishi kerak.
(25-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Agar bayonnoma hajmining kattaligi va boshqa uzrli sabablar tufayli protsess ishtirokchilariga u bilan tanishish va eʼtiroz bildirish uchun besh sutkadan ortiq vaqt talab etilsa, bu muddat sud (sudya) tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud majlisi bayonnomasi yoki audioyozuvi yuzasidan taqdim etilgan eʼtirozlar muhim protsessual ahamiyatga ega boʻlganligi sababli sud (sudya) tomonidan sinchiklab va xolisona koʻrib chiqilishi lozim.
(25-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Eʼtirozlar toʻliq yoki qisman rad etilgan hollarda sud (sudya) bu haqda asoslantirilgan ajrim chiqaradi va u eʼtirozlar bilan birga ishga qoʻshib qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud majlisi bayonnomasi yoki audioyozuvi yuzasidan bildirilgan eʼtirozlar koʻrib chiqilganligi haqida manfaatdor shaxslar xabardor qilinadi.
(25-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
26. Sud berilgan shikoyat va bildirilgan protestlar toʻgʻrisida mahkumlarni, oqlangan shaxslar, himoyachilar hamda ushbu shikoyat va protest boshqa shaxslardan qaysi birining manfaatiga taalluqli boʻlsa, shu shaxslarni xabardor qilishi hamda ularning protest yoki shikoyat ustidan eʼtiroz berish huquqini tushuntirishi shart. Shu bilan bir paytda mahkumga, jabrlanuvchiga va oqlangan shaxsga shikoyat, protest nusxalari yoxud ularning elektron nusxalari bilan hukm chiqargan sudning internet-resursi orqali tanishish mumkinligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi (JPK 4976, 503, 518-moddalari).
(26-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Qonunning bu talabi buzilgan taqdirda, sud uni bartaraf etish chorasini koʻrishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Sud ishning apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudida koʻrilishi kuni toʻgʻrisida JPK 53-moddasi talabiga koʻra, mahkumning himoyachisini va qonuniy vakilini xabardor qilishi shart. Ushbu talabga rioya etmaslik ishni koʻrish boshqa kunga qoldirilishiga sabab boʻladi.
Apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudi tomonidan ishning himoyachi ishtirokisiz koʻrilishi, agar u sud majlisi vaqti toʻgʻrisida tegishli ravishda xabardor qilinmagan va bu uning sud majlisida ishtirok etishi imkoniyatidan mahrum qilgan boʻlsa, bu holat jinoyat-protsessual qonun talablarining jiddiy buzilishi deb hisoblanadi.
JPK 51-moddasida nazarda tutilgan hollarda apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudi majlisida himoyachining ishtiroki taʼminlanishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
(27-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
28. Mahkumning apellyatsiya instansiyasi sudida ishtirok etishi uning oʻz himoya huquqini amalga oshirishi nuqtai nazaridan ham, shikoyat va protestlar xolis hal etilishi uchun ham juda muhimdir. Shuning uchun sudlar mahkumning, shu jumladan, qamoqda yoki uy qamogʻida saqlanayotgan mahkumning uni apellyatsiya instansiyasi sudi majlisiga tushuntirish berish uchun chaqirish toʻgʻrisidagi iltimosnomasini qanoatlantirishlari kerak (JPK 49716-moddasi).
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
29. Mahkumga (oqlangan shaxsga) berilgan himoya huquqi taʼminlanishining jiddiy kafolati shundan iboratki JPK 501, 514-moddalariga binoan kassatsiya, taftish tartibida sud qarorlarining qayta koʻrib chiqilishiga, agar bu mahkum (oqlangan shaxs) ahvolining ogʻirlashishiga olib kelsa, ayblov (oqlov) hukmi yoki ishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrim qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab, bir yil oʻtgandan soʻng yoʻl qoʻyilmaydi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
30. Sud hukmni ijro etish bilan bogʻliq masalalarni JPK 532, 542-moddalari tartibida hal qilishda himoyachining ishtirok etishiga, agar bu haqda mahkum, uning qarindoshlari yoki boshqa manfaatdor shaxslar iltimos qilgan boʻlsa, yoʻl qoʻyishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmagan mahkumga nisbatan, shuningdek, jismoniy yoki ruhiy holati buzilgan mahkumga nisbatan chiqarilgan hukmni ijro etish bilan bogʻliq masalalar himoyachi ishtirokida koʻrilishi shart.
(30-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
31. Jinoyat-protsessual kodeksi 50-moddasi toʻrtinchi qismiga muvofiq “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyachisi sifatida davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatning ishtirok etishini taʼminlash chorasini koʻradi.
Bunday hollarda advokat mehnatiga haq toʻlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 21-noyabrdagi “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni jalb etish va ularga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 774-son qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni jalb etish va ularga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda belgilanadigan tartibda davlat hisobidan qoplanadi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
32. Sudlar har bir jinoyat ishi boʻyicha surishtiruv, tergov olib borishda, shuningdek, sud muhokamasi davrida gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ularning Jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida himoya huquqini taʼminlashga oid talablarga rioya qilinganligi masalasini sinchiklab tekshirishlari va yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi hollari yuzasidan xususiy ajrim chiqarish orqali munosabat bildirishlari shart.
33. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 20-dekabrdagi “Himoya huquqini taʼminlovchi qonunlarni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi 41-sonli qarori hamda 1999-yil 24-sentabrdagi “Sudlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 20-dekabrdagi 41-sonli “Himoya huquqini taʼminlovchi qonunlarni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining bajarilishi toʻgʻrisida”gi 17-sonli qarori (unga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori bilan kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgarishlar bilan) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2003-yil 19-dekabr,
17-son