O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida
(qarorning nomi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qaroriga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
Tabiiy muhitni asrash, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish umummilliy vazifa hisoblanadi va bu ekologiya tizimini, tabiat komplekslari va ayrim obyektlarning muhofazasini ta’minlashga, fuqarolarning qulay atrof muhitga ega bo‘lish huquqini kafolatlashga qaratilgan.
Shu munosabat bilan suv havzalari va havoning ifloslanishi, yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish, qonunga xilof ravishda o‘rmonni kesish, ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish va ekologiya sohasidagi boshqa jinoyat va huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha sud amaliyotini to‘g‘ri va samarali amalga oshirish katta ahamiyat kasb etadi.
Ayrim sudlarda aybdorlarning harakatlarini noto‘g‘ri tavsiflash hollari uchrab turibdi, ularni muayyan mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish masalasi hamma vaqt ham hal qilinmayapti. Maxsus bilimni talab qiladigan masalalarni hal etishga ba’zi hollarda mutaxassislar jalb qilinmayapti, ekologiyaga zarar yetkazayotgan barcha aybdor shaxslarga, shu jumladan, korxona va tashkilot rahbarlariga bo‘lgan talablarni asossiz ravishda susaytirish yoki ularni javobgarlikka tortmaslik hollari mavjud. Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish to‘g‘risidagi qonunlarning buzilish sabablarini va shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish masalasiga yetarlicha ahamiyat berilmayapti.
Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunlarni to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi qonunlarga qat’i amal qilish eng muhim davlat vazifalaridan biri ekanligiga, ularni hal qilish fuqarolarning sog‘lig‘i va farovonligi, shuningdek respublikaning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi bilan bog‘liq ekanligiga sudlarning e’tibori qaratilsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunlari, yer, suv, yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shuningdek, boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 46-sonli qarori tahririda)
Bunda “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi ifloslanishdan, buzilishdan, zararlanishdan, oriqlab ketishdan, vayron bo‘lishdan, yo‘q bo‘lib ketishdan, oqilona foydalanmaslikdan muhofaza etilishini nazarda tutmoq lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar jumlasiga davlat qo‘riqxonalari, majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalari, tabiat bog‘lari, davlat tabiat yodgorliklari, ayrim tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun mo‘ljallangan hududlar, muhofaza etiladigan landshaftlar, ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun mo‘ljallangan hududlar, davlat biosfera rezervatlari, milliy bog‘lar, botanika bog‘lari, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlar kiradi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
3. Mazkur turkumdagi jinoyat va ma’muriy ishlarni ko‘rishda bevosita jinoyatni va boshqa huquqbuzarlikni sodir qilgan shaxslar bilan chegaralanib qolmasdan, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlikda aybdor bo‘lgan barcha shaxslar doirasini sinchiklab aniqlash shart. Xususan o‘zlarining harakatsizliklari yoki qonunga xilof harakatlari bilan tabiatga ziyon yetkazgan korxona va tashkilot rahbarlarining aybdorlik darajasini aniqlash va ularni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish masalasini hal qilish zarur. Shu bilan bir qatorda ekologiya nazorati organlarining tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzilishiga olib kelgan harakatsizliklari sabablari ham aniqlashi kerak. Asoslar mavjud bo‘lganda bunday organlarning mansabdor shaxslari javobgarlikka tortilmog‘i lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Korxona, muassasa, tashkilot va birlashmalarning da’volari yoki bu tashkilotlarga nisbatan qishloq xo‘jalik mulklariga shikast yetkazish yoxud buzish, meliorativ ishlarni sifatsiz bajarish, sanoat yoki qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish chiqindilari bilan atrof muhitning ifloslanishi natijasida ekinlar va hayvonlarning nobud bo‘lishi yoxud tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonunlarni boshqacha tarzda buzish oqibatida yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha fuqarolik ishlarini ko‘rishda yetkazilgan zarar mansabdor shaxslarning o‘z xizmat vazifalarini suiiste’mol qilganligi yoinki mansab sovuqqonligi orqasida yetkazilganligi aniqlansa, sudlar ularning javobgarligi masalasini ham hal qilishlari, bunda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 275-moddasiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun bu haqda prokurorga tegishli materiallarni ilova qilgan holda xabar qilishlari lozim.
Agar ekologiya, atrof-muhitni ifloslantirish yoki tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik oqibatida yetkazilgan zarar korxona, muassasa, tashkilot va birlashmalarning mansabdor shaxslari o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qarashlari yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilishlari sababli kelib chiqqan bo‘lsa, to‘langan zararni aybdordan regress tartibida undirish fuqarolik qonunchiligiga ko‘ra hal etiladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
5. Ekologiya nazorati sohasida ishlayotgan mansabdor shaxslarning tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzuvchilar bilan jinoiy til biriktirganlik hollari aniqlanganda, bunday mansabdor shaxslar tabiiy atrof muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzganligi va tegishli mansabdorlik jinoyati uchun javobgarlikka tortilmog‘i zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Maxsus bilimlarni talab qiluvchi masalalarni to‘g‘ri hal qilish maqsadida sudlar tegishli ekspertizalarni gidrometeorologlar, sanitariya-epidemiya xizmati xodimlari, zoologlar, ixtiolloglar, botaniklar, ovshunos, o‘rmonshunos, tuproqshunos va boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda tayinlashlari kerak. Bunda ekologiya ekspertizasi atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning majburiy chorasi hisoblanishini va uni o‘tkazish “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 24, 25-moddalarida belgilanganligini e’tiborga olmoq zarur. O‘zbekiston Respublikasi “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasiga muvofiq, davlat ekologik ekspertizasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladi.
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
Tushuntirilsinki, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasiga binoan jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasi jamoat birlashmalarining tashabbusiga ko‘ra ularning mablag‘lari hisobidan yoki jamoatchilik asosida mutaxassislarning mustaqil guruhlari tomonidan amalga oshiriladi. Jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasining xulosalari tavsiya tamoyiliga ega bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
61. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlar oqibatida yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashda surishtiruv va dastlabki tergov organlari, shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar hamda sudlar ekologiya organining qonun hujjatlariga asoslangan (koeffitsiyent, barobar va boshqa qoidalar qo‘llanilgan holda) xulosasidan kelib chiqishlari lozim.
(61-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
7. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 245-moddasiga muvofiq ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi ushbu Kodeksning 66, 67, 682-moddalarida, 701-moddasining ikkinchi qismida, 702, 76-moddaslarida (suv xo‘jaligi obyektlarini shikastlantirish va gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq qismida), 77-moddasining uchinchi va to‘rtinchi qismlarida, 79-moddasining uchinchi qismida, 90-moddasining ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi qismlarida, 901-moddasida, 911-moddasining to‘rtinchi qismida, 921, 94-moddaslarida javobgarlik nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga taalluqlidir.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Sudlarga tushuntirilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 791, 90-moddaslarida javobgarlik nazarda tutilgan hayvonot yoki o‘simliklar dunyosidan foydalanish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan belgilanadi va u ham doimiy, ham vaqtinchalik (mavsumiy) xarakterga ega bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 3-sentabrdagi “Qimmatli va yo‘qolib borayotgan o‘simliklar hamda hayvonlar turlarini muhofaza etishni kuchaytirish hamda ulardan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi Qarorida belgilangan. Xususan, ushbu qarorda Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklar va hayvonlarni tabiatdan har qanday ko‘rinishda olish faqat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida, ovlanadigan hayvon turlari (shu jumladan baliqlar) esa O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bo‘yicha amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Ov qilish yoki baliq tutish qoidalarini buzish deganda, ovni tegishli ruxsatnomasiz yoxud yovvoyi hayvonlar, yovvoyi qushlar yoki baliqlarni ruxsatnomada ko‘rsatilgan miqdordan ortiq ovlash, shuningdek ovni taqiqlangan vaqtda yoki ruxsat berilmagan joylarda yoxud ruxsat etilmagan qurol, vosita va usullar bilan amalga oshirilish tushunilmog‘i lozim.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Jinoyat kodeksi 202-moddasi 3-qismining “j” bandi bo‘yicha javobgarlik ham O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga, ham Xalqaro Qizil kitobga kiritilgani hayvonlar, parrandalar, baliqlar, hayvonot dunyosi yoki o‘simliklarning boshqa turlari yo‘q qilingan hollarda vujudga keladi. Bunda yetkazilgan ziyonning hajmi ahamiyatga ega emas.
(8-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Jinoyat kodeksining 193-moddasiga muvofiq, boshqa og‘ir oqibatlar deganda, hayvonlar, parrandalar yoki baliqlarning qirilib ketishi, ancha miqdordagi zararli moddalarning atmosferaga tarqalishi, yerlarning degradatsiyasi va radiatsiyaviy xavfsizlik normativlariga rioya qilmaganlik oqibatida odamlarning belgilab qo‘yilgan normativlardan oshgan holda nurlanish olishi kabi holatlarni tushunish lozim.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qaroriga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
9. Jinoyat kodeksining 194-moddasida javobgarlik belgilangan atrof muhitni ifloslanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qasddan yashirganlik deganda, aybdor shaxs ekologik vaziyatning ahvoli to‘g‘risida umuman yoxud o‘z vaqtida ma’lumot bermaganlik harakatlarini (harakatsizligini) tushunmoq lozim. Bunday ma’lumotlar haqiqatga muvofiq kelmasa (atrof muhitning ifloslaganligi ko‘rsatkichlarini kamaytirib ko‘rsatish va hokazolar), ular buzilgan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda sudlar jinoiy yo‘l bilan topilganini bila turib (baliqlarni, yovvoyi hayvonlarni, parrandalarni, daraxtlarni va hokazolarni) olgan yoki o‘tkazgan shaxslarni aniqlash choralarini ko‘rishlari va muayyan holatlardan kelib chiqib, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 171-moddasi alomatlari bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qilishlari lozim.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31-maydagi 09-sonli qarori tahririda).
Oldingi tahrirga qarang.
11. Tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonunlarni buzish bilan bog‘liq bo‘lgan fuqarolik, shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risidagi da’volarni ko‘rishda sudlar qonun zararni to‘liq hajmda undirishni ko‘zda tutishidan kelib chiqishlari shart. Zararni undirish miqdorini kamaytirishga faqat alohida hollarda sud tomonidan aniqlangan javobgar yoki aybdorning mulkiy ahvoliga qarab, jinoyat g‘araz niyatda sodir etilmagan taqdirda, yo‘l qo‘yiladi va bu holat qabul qilingan qarorda asoslantirilgan bo‘lishi shart.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
12. Amaldagi qonunlarga binoan qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritilgan mahsulot (yovvoyi hayvon, parranda, baliq, daraxt, mo‘yna va boshqalar) huquqbuzardan olib qo‘yilishi shart. Agar bunday mahsulot huquqbuzardan olib qo‘yilgan va ish sudda ko‘rilgunga qadar sotilgan bo‘lsa, sud hukmda, qarorda tushgan mablag‘ni tegishli tashkilotning hisobiga o‘tkazishni ko‘rsatishi zarur.
Qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritilgan mahsulotni olib qo‘yish imkoniyati bo‘lmasa (huquqbuzar tomonidan foydalanilgan yoki sotilgan, yaroqsiz holga kelgan va hokazolar), sud mahkumdan yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsdan yoinki javobgardan uning belgilangan narxlarda hisoblangan qiymatini undirish to‘g‘risidagi masalani hal qilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Qonunga ko‘ra, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish oqibatida yetkazilgan zararni qoplashga oid summalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 290-sonli, 2017-yil 15-iyundagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 375-sonli qarorlarida va sohaga doir boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan tartibda undiriladi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
14. Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish haqidagi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlanuvchiga tegishli jinoyat qurollari, shu jumladan, avtomashina, mototsikl va qayiqlar, agar jinoiy harakat ular yordamida amalga oshirilsa yoki sodir etilishi osonlashtirilsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasiga muvofiq musodara qilinishi lozim.
Ma’muriy huquqbuzarlik harakatini sodir etish quroli va ashyolarini musodara qilish masalasi Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga muvofiq hal qilinishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Sudlar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish to‘g‘risidagi qonunlarni buzish bilan bog‘liq jinoyat va huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda, shuningdek bu sohadagi huquqbuzarliklar uchun vakolatli organlarning ma’muriy jazo qo‘llash haqidagi qarorlari xususida keltirilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishda, qonunning maxsus talablariga og‘ishmay rioya etishlari, qonuniy asoslar bo‘lmagan (masalan, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni Jinoyat kodeksining Maxsus qismi tegishli moddasida belgilangan miqdorda qoplanmagan) taqdirda yengil jazo tayinlash va jazodan ozod qilishga yo‘l qo‘ymasliklari kerak. Qimmatbaho yoki noyob hayvonlar, parranda va baliqlarni qirib tashlash, o‘rmonlarga shikast yetkazish yoki ularni yo‘q qilish, qishloq xo‘jaligi mulklarini ishdan chiqarish va hokazo yo‘llar bilan davlatga ko‘p miqdorda zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan qattiq jazo choralari qo‘llanilmog‘i zarur.
(15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
Tabiatni muhofaza qilish organlari xodimlarining, bu xizmat jamoatchi nazoratchilarining, shuningdek, o‘g‘rincha ov qilish va qonun bilan qo‘riqlanadigan tabiat obyektlariga boshqacha tajovuz qiluvchilarning harakatlariga barham berish yuzasidan o‘zining jamoatchilik burchini bajarayotgan fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga tajovuz qilgan shaxslar qattiq jazoga tortilmoqlari shart.
Tabiatni muhofaza qilish organlari xodimlarining o‘zlari xizmat mavqeyidan foydalanib tabiat obyektlariga jinoiy tajovuzlar sodir etgan taqdirda, sudlar ularning muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalani muhokama qilishlari zarur.
16. Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud jarayonlarining ta’sirini kuchaytirish maqsadida sudlar tashkilotlar va mansabdor shaxslar faoliyatidagi kamchiliklarni aniqlashlari va bunday huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan xususiy ajrimlar chiqarishlari lozim.
Davlatga ko‘p miqdorda zarar yetkazganlik, qimmatbaho yoki noyob hayvonlarni qirib tashlaganlik to‘g‘risidagi, shuningdek, portlovchi moddalar, kimyoviy vositalar va hokazolarni qo‘llab, guruh bo‘lib sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud protsesslarini keng ommaga yetkazmoq kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish to‘g‘risidagi qonunlarni to‘g‘ri qo‘llanishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 20-sonli qarori tahririda)
1996-yil 20-dekabr,
36-son