O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 18-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 24-yanvarda ma’qullangan
Senat tomonidan 2025-yil 24-yanvarda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risidagi qonunchilik
Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
atrof-muhit komponentlari — tabiiy muhitda yashash uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlaydigan yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda atmosfera havosi;
atrof-muhitga ta’sir — mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhit va ekologik xavfsizlik uchun, shu jumladan inson sog‘lig‘i, atrof-muhit komponentlari uchun har qanday oqibatlari hamda ushbu omillarning o‘zaro bog‘liqligi, shuningdek ushbu omillardagi o‘zgarishlarning ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarga va madaniy meros obyektlariga ta’siri;
atrof-muhitga ta’sirni baholash — mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga ta’siri xususiyatlarini va darajasini, uning ehtimoliy ekologik oqibatlarini aniqlashga hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqishga qaratilgan tartib-taomil;
atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallari — mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga ta’sirini baholash natijalari bo‘yicha tayyorlanadigan va ekologik ekspertiza o‘tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar to‘plami;
atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini va ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchi (bundan buyon matnda loyihani ishlab chiquvchi deb yuritiladi) — mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatini va boshqa faoliyatni tashkil etish uchun atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini, shuningdek amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatiga va boshqa faoliyatga oid ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
buyurtmachi (tashabbuskor) — mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni tashkil etish uchun atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini, shuningdek amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatiga va boshqa faoliyatga oid ekologik normativlar loyihalarini ekologik ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim etadigan yuridik yoki jismoniy shaxs;
jamoatchilik eshituvi — mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qaror qabul qilishga taalluqli masalalarni muhokama qilish uchun tashkil etiladigan jamoatchilik yig‘ilishi;
maxsus huquqiy rejimga ega obyektlar — mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish shart-sharoitlarini tartibga soluvchi alohida huquqiy normalar qo‘llaniladigan ekologik ekspertiza obyektlari;
mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyati hamda boshqa faoliyat — atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda ekologik ekspertiza obyekti hisoblanadigan har qanday faoliyat;
strategik rejalashtirish hujjatlari — davlat dasturlarining, konsepsiyalarining, ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiy va ijtimoiy sohalar tarmoqlarini joylashtirish hamda rivojlantirish sxemalarining loyihalari va shaharsozlik hujjatlari, shuningdek boshqa strategik ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarga oid hujjatlar;
strategik ekologik baholash — strategik rejalashtirish hujjatlari asosida mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga ta’siri xususiyatlari va darajasini, ehtimoliy ekologik oqibatlarini aniqlashga, shuningdek baholash natijalari bo‘yicha atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqishga qaratilgan tartib-taomil;
ekologik normativlar — atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish natijalari asosida ishlab chiqilgan hamda ifloslantiruvchi moddalarni chiqarish, oqizish va chiqindilarni joylashtirish normativlarini belgilash uchun ekologik ekspertizadan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan hujjatlar;
ekologik ekspertiza — mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilashga hamda ekologik ekspertiza obyektini ro‘yobga chiqarish mumkinligini yoki mumkin emasligini aniqlashga qaratilgan tartib-taomil.
4-modda. Ekologik ekspertizaning, atrof-muhitga ta’sirni baholashning va strategik ekologik baholashning maqsadlari
Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash quyidagi maqsadlarda o‘tkaziladi:
mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishidan oldingi bosqichlarda bunday faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash;
mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhit holatiga hamda inson sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yoki salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ekologik xavflilik darajasini aniqlash;
mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga va inson sog‘lig‘iga salbiy ta’sirining oldini olish hamda uni kamaytirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha nazarda tutilayotgan chora-tadbirlarning yetarliligini hamda asosliligini aniqlash.
5-modda. Ekologik ekspertizaning, atrof-muhitga ta’sirni baholashning va strategik ekologik baholashning asosiy prinsiplari
Ekologik ekspertizaning, atrof-muhitga ta’sirni baholashning va strategik ekologik baholashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
xolislik;
asoslilik;
axborotdan erkin foydalanish va uning haqqoniyligi;
jamoatchilik ishtiroki;
ochiqlik va oshkoralik;
ekologik xavfsizlik talablarini hisobga olishning majburiyligi;
har qanday mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning kutilayotgan ekologik xavflilik prezumpsiyasi;
mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga va inson sog‘lig‘iga ta’sirini baholashning kompleksliligi.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
davlat ekologik ekspertizasini tashkil etadi va o‘tkazadi;
ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
ekologik ekspertizaning yagona tizimini tashkil qiluvchi ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari faoliyatini tashkil etadi;
ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash bo‘yicha normativ-texnik va yo‘riqnoma-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
davlat ekologik ekspertizasi bo‘yicha ekspertlar kengashi tarkibini hamda uning nizomini tasdiqlaydi;
davlat ekologik ekspertizasining xulosasida ko‘rsatilgan talablarning bajarilishi monitoringini olib boradi;
ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasiga ega bo‘lmagan obyektlarga nisbatan moliyalashtirish, kreditlash operatsiyalarini va boshqa moliyaviy operatsiyalarni to‘xtatib turish (tugatish) to‘g‘risidagi taqdimnomalarni banklarga va boshqa kredit tashkilotlariga yuboradi;
ekologik ekspertiza xulosalarining bajarilishi ustidan ekologik nazoratni amalga oshiradi;
boshqa davlatlarning tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi hamkorlikni amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
7-modda. Ekologik ekspertizaning turlari
Ekologik ekspertiza davlat va jamoat ekologik ekspertizasi tarzida amalga oshiriladi.
8-modda. Ekologik ekspertiza obyektlari
Ekologik ekspertiza obyektlari quyidagilardan iborat:
barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini tanlash va (yoki) ajratish materiallari;
loyihaoldi va loyiha hujjatlari;
tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan xo‘jalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni tartibga soluvchi normativ-texnik va yo‘riqnoma-uslubiy hujjatlar, shu jumladan texnik reglamentlar va shartlarning, standartlarning, qoidalar hamda yo‘riqnomalarning loyihalari;
chiqindilarni zararsizlantirish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun yangi turdagi texnologiyalarni hamda texnika vositalarini, materiallar, buyumlarni, biologik, kimyoviy moddalarni va vositalarni yaratish bo‘yicha hujjatlar;
atrof-muhitning holatiga va inson sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ishlab turgan korxonalar hamda boshqa obyektlar;
maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan obyektlar.
Ekologik ekspertiza obyektlari atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha uch toifaga bo‘linadi va ularning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
2-bob. Davlat ekologik ekspertizasi
9-modda. Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish
Davlat ekologik ekspertizasi mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash va davlat ekologik ekspertizasi obyektini ro‘yobga chiqarish mumkinligini yoki mumkin emasligini aniqlash maqsadida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan o‘tkaziladi.
Buyurtmachi (tashabbuskor) davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida e’lon berishi mumkin. Bu holda ekologik ekspertiza tugallangan kundan e’tiboran bir oy ichida uning natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’lon qilinadi.
Davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon berishi va uning natijalari haqidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi shart bo‘lgan davlat ekologik ekspertizasi obyektlarining ro‘yxati qonunchilikda belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkaziladigan faoliyat turlarining ro‘yxati.
10-modda. Ekolog-ekspertning mustaqilligi
Buyurtmachining (tashabbuskorning) yoki boshqa manfaatdor shaxslarning ekolog-ekspert faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
11-modda. Davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazilishining majburiyligi
Ushbu Qonunning 8-moddasida nazarda tutilgan ekologik ekspertiza obyektlari davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi shart.
12-modda. Davlat ekologik ekspertizasini moliyalashtirish
Davlat ekologik ekspertizasini moliyalashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda buyurtmachining (tashabbuskorning) mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizom.
13-modda. Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun taqdim etiladigan materiallar
Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun buyurtmachi (tashabbuskor) tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:
loyihalashtirilayotgan obyektlar bo‘yicha — atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi bayonot loyihasini, ekologik oqibatlar to‘g‘risidagi bayonotni, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi bayonotni o‘z ichiga oladigan atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallari;
ishlab turgan obyektlar bo‘yicha — ekologik normativlarning loyihalari, obyektning atrof-muhitga va inson sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatish holati aniqlangan taqdirda, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatilishi to‘g‘risida tayyorlangan bayonot. Bunda buyurtmachi (tashabbuskor) qo‘shimcha ravishda ekologik audit materiallarini taqdim etishga haqli;
ushbu Qonun 8-moddasi birinchi qismining beshinchi xatboshisida ko‘rsatilgan obyektlar bo‘yicha — ishlab chiqilgan barcha hujjatlar.
Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi bayonot loyihasi davlat ekologik ekspertizasi obyektini moliyalashtirish boshlanguniga qadar taqdim etiladi.
Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi bayonot davlat ekologik ekspertizasi obyektining texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlanguniga qadar taqdim etiladi.
Ekologik oqibatlar to‘g‘risidagi bayonot obyekt qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilib olinguniga qadar taqdim etiladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizom.
14-modda. Atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini va ekologik normativlar loyihalarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish uchun taqdim etish
Atrof-muhitga ta’sirni baholash loyihani ishlab chiquvchilar tomonidan o‘tkaziladi.
Atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallari va ekologik normativlar loyihalari davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-sayti orqali elektron hujjat shaklida taqdim etiladi, bundan maxsus huquqiy rejimga ega obyektlar mustasno.
Maxsus huquqiy rejimga ega obyektlarning davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallari hamda ekologik normativlar loyihalari qog‘oz shaklida taqdim etiladi.
15-modda. Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish muddatlari
Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish muddati yigirma besh ish kunidan oshmasligi kerak. Davlat ekologik ekspertizasi obyektining murakkabligiga qarab, uni o‘tkazish muddati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ko‘pi bilan uch oy muddatga uzaytirilishi mumkin.
Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish muddati davlat ekologik ekspertizasining qiymati to‘liq to‘langandan keyingi ish kunidan e’tiboran hisoblanadi.
16-modda. Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish chog‘ida qo‘yiladigan talablar
Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishda quyidagilar amalga oshiriladi:
taqdim etilgan materiallarning atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirish;
mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning ekologik va ijtimoiy oqibatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ishonchliligi va to‘liqligini tahlil qilish;
biologik, kimyoviy moddalar va texnologiyalarning atrof tabiiy muhitga ta’sirini baholashning asosliligini tekshirish;
mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatini hamda boshqa faoliyatni amalga oshirish oqibatlari bilan bog‘liq ekologik xavflilik darajasini baholashning to‘g‘riligini tekshirish;
ekologik xavfsizlik talablarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarning yetarliligini va asosliligini aniqlash;
ekologik normativlar loyihalarining asosliligini tekshirish.
3-bob. Davlat ekologik ekspertizasining subyektlari
17-modda. Buyurtmachi (tashabbuskor)
Buyurtmachi (tashabbuskor) quyidagi huquqlarga ega:
davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish masalalari bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organidan maslahatlar va zarur uslubiy yordam olish;
davlat ekologik ekspertizasining obyektini ro‘yobga chiqarish mumkin emasligi to‘g‘risidagi xulosasiga asosan materiallarni maromiga yetkazish va takroriy davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun taqdim etish;
akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarni jalb etgan holda, ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilish, oqizilish va chiqindilarni joylashtirish manbalaridan namunalar olish hamda laboratoriya tahlillarini o‘tkazish;
atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallari va ekologik normativlar loyihalari to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish, shuningdek davlat ekologik ekspertizasining o‘tkazilish jarayoni haqidagi ma’lumotlarni olish.
Buyurtmachi (tashabbuskor):
atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini va ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqishi hamda ularni davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish uchun taqdim etishi;
davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda to‘lovni amalga oshirishi;
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizom.
atrof-muhitga ta’sirni baholash uchun zarur bo‘lgan tadqiqotlarning moliyalashtirilishini ta’minlashi;
davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazilguniga qadar mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyati hamda boshqa faoliyat bo‘yicha jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazishi;
atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarida davlat ekologik ekspertizasi obyekti faoliyati natijasida hosil bo‘ladigan issiqxona gazlarining miqdorini hamda uglerod neytralligini ta’minlash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni inobatga olishi;
strategik rejalashtirish hujjatida iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishi va amalga oshirishi;
davlat ekologik ekspertizasining xulosasida ko‘rsatilgan talablarni bajarishi shart.
Buyurtmachi (tashabbuskor) qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida o‘zga majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
18-modda. Loyihani ishlab chiquvchi
Loyihani ishlab chiquvchi shtatida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida kamida uch yil ishlagan, tegishli malaka sertifikati mavjud bo‘lgan kamida ikki nafar xodimga ega bo‘lishi kerak.
Atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini va ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchining faoliyatini tashkil etish tartibi, shuningdek ekologik ekspertiza obyektlari uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqishga doir malaka sertifikatini berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarining va ekologik normativlar loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini ta’minlash maqsadida maxsus vakolatli davlat organi loyihalarni ishlab chiquvchilarning reytingini yuritadi.
Loyihani ishlab chiquvchi atrof-muhitga ta’sirni baholash bo‘yicha materiallarning va ekologik normativlar loyihalarining to‘g‘riligi, ishonchliligi hamda asosliligi uchun buyurtmachi (tashabbuskor) bilan solidar javobgar bo‘ladi.
19-modda. Ekolog-ekspert
Oliy ma’lumotga, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yoki turdosh sohalarda kamida uzluksiz uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan hamda belgilangan tartibda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan attestatsiyadan o‘tkazilgan xodim ekolog-ekspert bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari ham maxsus vakolatli davlat organi tomonidan kontraktga asosan xalqaro ekolog-ekspertlar sifatida jalb etilishi mumkin, bundan davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir bilan bog‘liq hollar mustasno.
Ekolog-ekspert faoliyati qonunchilikka muvofiq tartibga solinadigan davlat fuqarolik xizmatchisidir, bundan xalqaro ekolog-ekspertlar mustasno.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizomning 7-bandi.
Ekolog-ekspert quyidagi huquqlarga ega:
davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va materiallarni olish;
davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun taqdim etilgan, qonunchilik talablariga javob bermaydigan atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini va ekologik normativlar loyihalarini rad etish;
davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun taqdim etilgan materiallarning ishonchliligini joyiga chiqqan holda tekshirish.
Ekolog-ekspert:
davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishda qonunchilik talablariga rioya etishi;
davlat ekologik ekspertizasining o‘z vaqtida, har tomonlama, xolisona va sifatli o‘tkazilishini, shuningdek uning natijalari bo‘yicha belgilangan tartibda xulosa berilishini ta’minlashi;
davlat ekologik ekspertizasining muayyan obyektiga nisbatan shaxsiy manfaatdorligi bo‘lgan taqdirda o‘zini o‘zi rad etishi;
davlat ekologik ekspertizasi uchun taqdim etilgan materiallarning but saqlanishini, shuningdek davlat sirlarini, harbiy, xizmat va tijorat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarning oshkor qilinmasligini ta’minlashi shart.
Ekolog-ekspert qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida o‘zga majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Ekolog-ekspert o‘z majburiyatlarini buyurtmachining (tashabbuskorning) huquqlariga yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlariga moddiy zarar yoki ma’naviy ziyon yetkazgan tarzda bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, shuningdek ekologik ekspertiza to‘g‘risidagi qonunchilikni boshqacha tarzda buzganlik uchun qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 96-moddasi.
4-bob. Davlat ekologik ekspertizasining xulosasi
20-modda. Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish natijalari
Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish natijalari bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi obyektini ro‘yobga chiqarish mumkinligi yoki mumkin emasligi to‘g‘risidagi yakunlarni o‘z ichiga olgan xulosa tuziladi.
21-modda. Davlat ekologik ekspertizasi obyektini ro‘yobga chiqarish mumkin emasligi to‘g‘risidagi xulosa
Davlat ekologik ekspertizasi obyektini ro‘yobga chiqarish mumkin emasligi to‘g‘risidagi xulosa quyidagi hollarda beriladi:
agar buyurtmachi (tashabbuskor) tomonidan taqdim etilgan hujjatlar atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik talablariga zid bo‘lsa;
agar davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish chog‘ida buyurtmachi (tashabbuskor) tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri va (yoki) buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar mavjud ekanligi aniqlangan bo‘lsa;
agar o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvlari natijalariga ko‘ra tayyorlangan yakuniy hujjatlarda davlat ekologik ekspertizasi obyektini ro‘yobga chiqarishga nisbatan jamoatchilik eshituvlari ishtirokchilari tomonidan asoslantirilgan e’tirozlar bildirilgan bo‘lsa.
Davlat ekologik ekspertizasi obyektini ro‘yobga chiqarish mumkin emasligi to‘g‘risidagi xulosani ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan asoslarga ko‘ra berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
22-modda. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasini bajarishning majburiyligi
Davlat ekologik ekspertizasining xulosasi davlat ekologik ekspertizasi obyektini moliyalashtirish hamda ro‘yobga chiqarish chog‘ida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi shart. Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi bo‘lmay turib, loyihalarning bank va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan moliyalashtirilishi, shuningdek ro‘yobga chiqarilishi taqiqlanadi.
Davlat ekologik ekspertizasining davlat ekologik ekspertizasi obyektini ro‘yobga chiqarish mumkin emasligi to‘g‘risidagi xulosasi bo‘lgan taqdirda, buyurtmachi (tashabbuskor) xulosadagi mavjud takliflarga muvofiq loyihaning qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilishini ta’minlashi hamda materiallarni davlat ekologik ekspertizasi uchun qayta taqdim etishi yoxud rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatidan va boshqa faoliyatdan voz kechishi shart.
23-modda. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasining amal qilish muddati
Davlat ekologik ekspertizasi obyektining ekologik talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi davlat ekologik ekspertizasining xulosasi quyidagi muddatlarda yuridik kuchga ega bo‘ladi:
atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallari bo‘yicha — xulosa berilgan kundan e’tiboran uch yil mobaynida;
ekologik normativlar loyihalari bo‘yicha — xulosa berilgan kundan e’tiboran besh yil mobaynida.
24-modda. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasi bajarilishini monitoring qilish
Davlat ekologik ekspertizasining xulosasida ko‘rsatilgan talablarni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish va ularning bajarilishini monitoring qilish belgilangan tartibda buyurtmachi (tashabbuskor) tomonidan ta’minlanadi.
Buyurtmachi (tashabbuskor) davlat ekologik ekspertizasi xulosasida ko‘rsatilgan talablarning bajarilishi to‘g‘risida har chorak yakunlariga ko‘ra, chorakdan keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay maxsus vakolatli davlat organiga axborot taqdim etishi shart.
Buyurtmachi (tashabbuskor) davlat ekologik ekspertizasining xulosasida ko‘rsatilgan talablarning bajarilishi to‘g‘risidagi axborotni ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddatlarda taqdim etmagan taqdirda, maxsus vakolatli davlat organi buyurtmachiga (tashabbuskorga) yozma ko‘rsatma beradi.
5-bob. Davlat ekologik ekspertizasining xulosasini qayta rasmiylashtirish va uning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish
25-modda. Davlat ekologik ekspertizasining xulosasini qayta rasmiylashtirish
Buyurtmachi (tashabbuskor) qayta tashkil etilgan, uning nomi o‘zgartirilgan yoki vakolatlari yoxud huquq va majburiyatlari huquqiy vorisga o‘tgan hollarda, buyurtmachi (tashabbuskor) yoki uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin yetti ish kuni ichida maxsus vakolatli davlat organiga tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, davlat ekologik ekspertizasining xulosasini qayta rasmiylashtirishga doir ariza berishi mumkin.
Davlat ekologik ekspertizasining xulosasini qayta rasmiylashtirganlik uchun to‘lov undirilmaydi.
26-modda. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasining amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish
Davlat ekologik ekspertizasi xulosasining amal qilishi sud tomonidan quyidagi hollarda to‘xtatib turilishi mumkin:
buyurtmachi (tashabbuskor) davlat ekologik ekspertizasi xulosasining amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilganda;
buyurtmachining (tashabbuskorning) faoliyati to‘xtatib turilganda;
buyurtmachi (tashabbuskor) tomonidan davlat ekologik ekspertizasining xulosasida ko‘rsatilgan talablarga rioya etilmaganda;
qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda.
Davlat ekologik ekspertizasi xulosasining amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
davlat ekologik ekspertizasi xulosasining amal qilish muddati tugaganda;
buyurtmachi (tashabbuskor) tugatilganda, shuningdek buyurtmachi (tashabbuskor) qayta tashkil etilganda, bundan huquqiy vorislikka yo‘l qo‘yiladigan hollar mustasno.
Davlat ekologik ekspertizasi xulosasi amal qilishining to‘xtatib turilishi to‘g‘risidagi sud qarori buyurtmachiga (tashabbuskorga) va maxsus vakolatli davlat organiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yuboriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizomning 7-bobi.
6-bob. Ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqish va rasmiylashtirish
27-modda. Ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqish bosqichlari
Ekologik normativlar loyihalari quyidagi ikki bosqichda ishlab chiqiladi:
atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish;
atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish natijalariga ko‘ra ekologik normativlarni belgilash.
Ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqishda fan va texnikaning atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi ilg‘or yutuqlari inobatga olinadi, chiqindilarni joylashtirishni, ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishini, oqizilishini kamaytirish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish nazarda tutiladi.
Atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalar inventarizatsiyasi quyidagi maqsadlarda o‘tkaziladi:
ifloslantiruvchi moddalarni atrof-muhitga chiqarish, oqizish manbalarining, chiqindilarni joylashtirishning dastlabki ma’lumotlarini, ko‘rsatkichlarini ekologik normativlarni ishlab chiqish uchun aniqlash;
davlat ekologik ekspertizasi obyektida qo‘llaniladigan ishlab chiqarish texnologik jarayonlarining, foydalaniladigan xomashyo va materiallarning ekologik tavsiflarini baholash;
ekologik xavfsizlik talablarini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqish.
Atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalar inventarizatsiyasi bevosita buyurtmachi (tashabbuskor) tomonidan yoki atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini va ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchi tashkilotlar jalb etilgan holda, davlat ekologik ekspertizasi obyektining xo‘jalik faoliyatini va boshqa faoliyatni amalga oshirishi davrida besh yilda bir marta o‘tkaziladi.
28-modda. Ekologik normativlar loyihalarini rasmiylashtirish
Ekologik normativlar loyihalari atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish materiallariga asosan ishlab chiqiladi.
Ekologik normativlar loyihalari davlat ekologik ekspertizasining davlat ekologik ekspertizasi obyektini ro‘yobga chiqarish mumkinligi to‘g‘risidagi xulosasiga asosan maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarni inventarizatsiyadan o‘tkazishga doir hujjatlar ro‘yxati, ekologik normativlar loyihalarining tarkibi va ularni rasmiylashtirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
7-bob. Atrof-muhitga ta’sirni transchegaraviy jihatdan baholash va strategik ekologik baholash
29-modda. Atrof-muhitga ta’sirni transchegaraviy jihatdan baholash
Atrof-muhitga ta’sirni transchegaraviy jihatdan baholash quyidagi hollarda o‘tkaziladi:
agar O‘zbekiston Respublikasi hududida mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyati hamda boshqa faoliyat qo‘shni davlat hududida atrof-muhitga sezilarli salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lsa;
agar qo‘shni davlatda mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyati hamda boshqa faoliyat O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof-muhitga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa.
Atrof-muhitga ta’sirni transchegaraviy jihatdan baholash O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Atrof muhitga ta’sirni baholash loyihalarini jamoatchilik eshituvlaridan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
30-modda. Strategik ekologik baholash obyektlari
Quyidagilar strategik ekologik baholash obyektlari jumlasiga kiradi:
davlat dasturlarining, konsepsiyalarining, ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiy va ijtimoiy soha tarmoqlarini joylashtirish hamda rivojlantirish sxemalarining loyihalari;
shaharsozlik hujjatlarining barcha turlari;
hududlarni keyinchalik ularga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maqomini berish hamda hududlarni favqulodda ekologik vaziyat va ekologik ofat zonalari deb e’lon qilish maqsadida kompleks tekshirish materiallari, shuningdek muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish rejalarining loyihalari yuzasidan ishlab chiqiladigan hujjatlar;
mavjud strategik rejalashtirish hujjatlariga kiritilayotgan, amalga oshirilishi atrof-muhitga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlar yoki qo‘shimchalar.
31-modda. Strategik ekologik baholash mezonlari
Strategik ekologik baholash maxsus vakolatli davlat organi tomonidan quyidagi mezonlarga asosan o‘tkaziladi:
strategik rejalashtirish hujjati loyihasining atrof-muhitga ta’siri bilan bog‘liq ekologik xavflarni hisobga olinishini ta’minlash va mazkur hujjatning barqaror rivojlanishga ko‘maklashish maqsadlariga muvofiqligini ta’minlash zarurligi nuqtai nazaridan dolzarbligi;
barqaror rivojlanishga ko‘maklashishni ta’minlash maqsadida strategik rejalashtirish hujjati loyihasida aholi sog‘lig‘i bilan bog‘liq ekologik omillarni hisobga olish zarurligi;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasini faoliyat turlarini, ularning joylashuvini, ko‘lamlarini, sharoitlarini hamda tabiiy resurslarning mavjudligini va ulardan foydalanish shartlarini hisobga olgan holda amalga oshirish imkoniyati;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasini amalga oshirish jarayonida ekologik xavflarning, shu jumladan inson sog‘ligiga ta’sirning hisobga olinishi;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasining atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik talablarini hamda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish nuqtai nazaridan dolzarbligi;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va (yoki) qo‘shimchalar bilan bog‘liq ekologik muammolarning, shu jumladan aholi sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarning mavjudligi;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan ehtimol tutilgan oqibatlarning transchegaraviy xususiyati.
Maxsus vakolatli davlat organi strategik rejalashtirish hujjati loyihasini ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan mezonlarga asosan strategik ekologik baholashdan o‘tkazadi hamda tegishli tavsiyalarni beradi.
32-modda. Strategik ekologik baholash bosqichlari
Strategik ekologik baholash quyidagi bosqichlardan iborat:
ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan mezonlarga asosan strategik ekologik baholashdan o‘tkazish zaruriyatini aniqlash;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasini strategik ekologik baholashda jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash;
strategik ekologik baholash bo‘yicha ekologik ma’ruzaning (bundan buyon matnda ekologik ma’ruza deb yuritiladi) qamrov doirasini belgilash;
ekologik ma’ruzani tayyorlash;
ekologik ma’ruzaning sifatini baholash;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasini strategik ekologik baholash doirasida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish;
strategik ekologik baholash jarayonida strategik rejalashtirish hujjati loyihasining transchegaraviy ta’sirini baholash;
strategik rejalashtirish hujjatining atrof-muhitga ta’sirini monitoring qilish.
Strategik ekologik baholash har bir strategik ekologik baholash obyekti bo‘yicha bir marta o‘tkaziladi.
33-modda. Strategik ekologik baholashni o‘tkazishda jamoatchilikning ishtirok etishi
Strategik ekologik baholashni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi strategik ekologik baholash masalalari yuzasidan jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilishi to‘g‘risida o‘zining rasmiy veb-saytida, ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.
Jamoatchilik eshituvining ishtirokchilari o‘z fikrini erkin ifodalashga va jamoatchilik eshituviga qo‘yilgan strategik ekologik baholash masalalari bo‘yicha takliflar kiritishga haqli.
34-modda. Ekologik ma’ruzaning qamrov doirasini belgilash
Ekologik ma’ruzaning qamrov doirasini belgilashda strategik rejalashtirish hujjati loyihasining tavsifi va mazmunidan kelib chiqib, ekologik ma’ruzaga kiritiladigan axborotning hajmi, to‘liqliligi va batafsilligi darajasi aniqlanadi.
Ekologik ma’ruzaning qamrov doirasi quyidagi maqsadlarda belgilanadi:
strategik rejalashtirish hujjati loyihasiga kiritilishi mumkin bo‘lgan, asoslantirilgan va amalda qo‘llaniladigan muqobil yechimlarni belgilash, shu jumladan atrof-muhitga va (yoki) inson sog‘lig‘iga ta’sirni kamaytirish;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasi, shuningdek unga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida, shuningdek uni amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar haqida jamoatchilikni xabardor qilish;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga hamda qonunchilikka va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar bo‘yicha majburiyatlariga muvofiq muhofaza etilishi lozim bo‘lgan mahalliy, davlat ahamiyatiga hamda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa hududlarga va obyektlarga jiddiy salbiy ta’sirini aniqlash;
strategik rejalashtirish hujjati loyihasini amalga oshirishda atrof-muhitga transchegaraviy ta’sir ehtimolini aniqlash;
inson sog‘lig‘ini va qulay atrof-muhitni ta’minlash uchun strategik rejalashtirish hujjati loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi maqsadlarni, shu jumladan xalqaro va milliy darajada belgilangan maqsadlarni aniqlash.
35-modda. Ekologik ma’ruzani tayyorlash va baholash
Strategik rejalashtirish hujjati loyihasini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi ekologik ma’ruzani tayyorlaydi va uning sifatini baholash uchun maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ekologik ma’ruzani tayyorlash uchun mahalliy hamda xorijiy malakali mutaxassislar va ekspertlarni qonunchilikda belgilangan tartibda jalb etishi mumkin.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizomning 15-bandi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari strategik rejalashtirish hujjati loyihasini tayyorlash va qabul qilishning barcha bosqichlarida fuqarolarning obyektiv ekologik axborotni o‘z vaqtida olishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini va atrof-muhit bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilinishida jamoatchilikning ishtirok etishini ta’minlash choralarini ko‘radi.
Strategik ekologik baholash bo‘yicha ekologik ma’ruzani tayyorlash va uning sifatini baholash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
36-modda. Strategik ekologik baholash masalalari yuzasidan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish
Maxsus vakolatli davlat organi strategik ekologik baholash masalalari yuzasidan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishga haqli.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari maxsus vakolatli davlat organi tomonidan so‘ralgan, strategik ekologik baholash doirasida tegishli qarorlarni qabul qilish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
8-bob. Jamoat ekologik ekspertizasi
37-modda. Jamoat ekologik ekspertizasini amalga oshirish
Jamoat ekologik ekspertizasi ekologik jihatdan asoslantirish talab etiladigan har qanday faoliyat sohasida nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolarning tashabbusi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Jamoat ekologik ekspertizasini amalga oshirishga monelik qilish taqiqlanadi.
Jamoat ekologik ekspertizasi davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazilishidan qati nazar amalga oshirilishi mumkin.
Jamoat ekologik ekspertizasining xulosasi tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘ladi.
Jamoat ekologik ekspertizasi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi Qonunining 8-bobi.
38-modda. Jamoat ekologik ekspertizasini moliyalashtirish
Jamoat ekologik ekspertizasini amalga oshirish jamoat ekologik ekspertizasini tashkil etuvchi va (yoki) o‘tkazuvchi nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Jamoat ekologik ekspertizasini amalga oshirish qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.
9-bob. Atrof-muhitga ta’sirni baholashda jamoatchilikning ishtirok etishi
39-modda. Jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish
Jamoatchilik eshituvlari mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga ehtimol tutilgan ta’siri masalalarini aholi va jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish maqsadida tashkil etiladi.
40-modda. Jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish tartibi
Jamoatchilik eshituvlari davlat ekologik ekspertizasi o‘tkazilguniga qadar tashkil etiladi.
Jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish uchun maxsus vakolatli davlat organi atrof-muhitga ta’sirni baholash bo‘yicha barcha materiallar kelib tushgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida:
muhokama qilinadigan masala o‘z huquqlariga va qonuniy manfaatlariga daxl qiladigan yoki daxl qilishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasini hamda atrof-muhitga va aholiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xo‘jalik faoliyati hamda boshqa faoliyat mo‘ljallanilayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan hududni belgilaydi;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga va buyurtmachiga (tashabbuskorga) atrof-muhitga ta’sirni baholashga doir tegishli axborotni jamoat eshituvlari tashkil etilishi haqidagi xabarnoma bilan birga yuboradi.
Jamoatchilik eshituvlari qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
41-modda. Jamoatchilik eshituvlarining natijalari to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish
Jamoatchilik eshituvlarining natijalari yakuniy hujjatlar bilan birga maxsus vakolatli davlat organining va jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilgan hududdagi ijro etuvchi hokimiyat organining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
42-modda. Nizolarni hal etish
Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
43-modda. Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 96-moddasi.
44-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 25-mayda qabul qilingan “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi 73-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 5-6, 144-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 25-mayda qabul qilingan “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 74-II-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 5-6, 145-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-278-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-yil, № 1, 1-modda) 11-moddasi;
4) O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘RQ-446-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 9, 510-modda) 44-moddasi;
5) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-683-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 115-moddasi;
6) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 29-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-688-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 1-modda) 4-moddasi.
45-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
46-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
ushbu Qonun 18-moddasining talablarini hisobga olgan holda, atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini va ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiquvchining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni, shuningdek ekologik ekspertiza obyektlari uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqishga doir malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 35-moddasining talablarini hisobga olgan holda, strategik ekologik baholash bo‘yicha ekologik ma’ruzani tayyorlash va uning sifatini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizomni ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 37-moddasining talablarini hisobga olgan holda, jamoat ekologik ekspertizasini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
47-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-fevral,
O‘RQ-1036-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.02.2025-y., 03/25/1036/0173-son)