O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 21-apreldagi PF-5024-son Farmoniga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 21-apreldagi PQ-2915-son qaroriga muvofiq, shuningdek tabiatni muhofaza qilish faoliyatiga yo‘naltirilayotgan pul mablag‘laridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish, respublikada ekologik xavfsizlikni ta’minlash uchun muhim ustuvor yo‘nalishlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligining:
tabiatni muhofaza qilish respublika va mahalliy fondlari qoldiq pul mablag‘larini Jamg‘armaga yo‘naltirish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hamda viloyatlar va Toshkent shahri ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining budjet hamda Ilmiy-tadqiqot, tabiatni muhofaza qilish va tashkiliy tadbirlar dasturlari bo‘yicha kreditorlar oldidagi qarzlarini Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga qoplash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ba’zi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin
5. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.T. Qo‘chqorov zimmasiga va Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 15-iyun,
375-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-iyundagi 375-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘larini shakllantirish, foydalanish va boshqarish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va:
bioresurslarni saqlash va takror ko‘paytirish, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatni olib borish, atrof muhit monitoringini amalga oshirish, ekologik ta’lim va targ‘ibot ishlarini tashkil etish, mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga yo‘naltirilgan atrof muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq tadbirlar va loyihalarni;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda Davlat ekologiya qo‘mitasi deb ataladi) yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa maqsadlarni moliyalashtirishni amalga oshiradi.
2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari
Oldingi tahrirga qarang.
3. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari summasining 74 foizi;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-martdagi 247-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.03.2019-y., 09/19/247/2835-son)
ifloslantiruvchi moddalar avariya tufayli ko‘plab chiqarib tashlanishi (oqova oqizish, chiqindilarni joylashtirish) tufayli atrof muhitga yetkazilgan zarar uchun tabiatdan foydalanuvchilardan undiriladigan mablag‘lar va jarimalar summasining 74 foizi;
tabiiy resurslardan hamda ulardan olinadigan xom ashyodan me’yoridan ortiqcha va nokompleks foydalanganlik (nobud qilganlik) uchun tabiatdan foydalanuvchilar to‘lovlari summasining 40 foizi;
xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyat natijasida atrof tabiiy muhit obyektlariga yetkazilgan zararni qoplash uchun tabiatdan foydalanuvchilardan undiriladigan mablag‘larning 40 foizi;
Oldingi tahrirga qarang.
tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishida aybdor bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslardan ma’muriy va sud tartibida undiriladigan jarimalar va pul mablag‘lari summasining 74 foizi, hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanish bilan bog‘liq qonun buzilishlari uchun undiriladigan jarimalar va pul mablag‘lari bundan mustasno;
(3-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini buzganlik va atrof muhit obyektlariga yetkazilgan zararni qoplash uchun chet el fuqarolari, shuningdek boshqa davlatlarning yuridik shaxslaridan ma’muriy va sud tartibida undiriladigan jarimalar va pul mablag‘lari summalarining 74 foizi, hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanish bilan bog‘liq qonun buzilishlari uchun undiriladigan jarimalar va pul mablag‘lari bundan mustasno;
davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesganlik uchun to‘lov summalarining 74 foizi;
tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini birgalikda moliyalashtirishda ulush qo‘shib qatnashuvchi yuridik shaxslarning mablag‘lari;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan xayriya tashkilotlarining xayriya ehsonlari;
ekologik tadbirlar va aksiyalarni o‘tkazishdan tushadigan mablag‘lar;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar bo‘yicha tushumlar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(3-bandning o‘n uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
3-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish
4. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish Jamg‘armaning har yili tasdiqlanadigan dasturiga (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) muvofiq amalga oshiriladi.
5. Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagilarni moliyalashtirishda foydalaniladi:
a) tabiatni muhofaza qilish loyihalari va tadbirlari, shu jumladan:
tabiatni muhofaza qilish, shuningdek Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimidagi obyektlarni loyihalashtirish va qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, rekonstruksiya qilish hamda mukammal ta’mirlash;
atrof tabiiy muhit ifloslantirilishi sababli kelib chiqadigan salbiy oqibatlar o‘rnini qoplash yoki oldini olishni ko‘zda tutuvchi tadbirlar;
suvni muhofaza qilish va sanitariya muhofazasi zonalarini barpo etish va qayta tiklash, suv obyektlarini saqlash va qayta tiklash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar;
xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyat natijasida buzilgan tabiiy obyektlarni qayta tiklash, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish hamda qayta tiklash;
o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarining zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, kengaytirish, ularning faoliyati va rejimini ta’minlash hamda jihozlash bo‘yicha tadbirlar;
o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va qayta tiklash bo‘yicha pitomniklar barpo etish;
chiqindi to‘plash shoxobchalarini qurish va ularni zarur inventarlar (konteynerlar, chiqindi qutilari va boshqalar), shuningdek sanitariya jihatidan tozalash vositalari bilan jihozlash;
sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashgan korxonalarning avtotransport parklarini qurish va ularni jihozlar bilan to‘ldirish;
chiqindilarni qayta ishlash, utilizatsiya qilish, zararsizlantirish va ko‘mishga mo‘ljallangan obyektlarni qurish;
maishiy chiqindi poligonlarini jihozlash;
ruxsat etilmagan joylarda paydo bo‘lgan chiqindixonalarni tugatish;
ijtimoiy ahamiyatga molik obyektlarda chiqitsiz va kam chiqitli texnologiyalarni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish;
ulush qo‘shib qatnashgan holda respublika va hududiy ahamiyatga molik tabiatni muhofaza qilish loyihalari va tadbirlari;
ulush qo‘shib qatnashgan holda xorijiy hukumat va hukumatga qarashli bo‘lmagan moliya tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor mamlakatlar bilan birgalikdagi tabiatni muhofaza qilish loyihalari va tadbirlari;
tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari, ekologik monitoring tizimlari, asboblari va jihozlarini yaratish va takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot, loyiha-qidiruv va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish;
respublika, hududiy va davlatlararo ahamiyatga molik ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasiga oid ilmiy-texnik dasturlar, metodik hujjatlarni, texnik boshqaruv sohasida normativ hujjatlarni ishlab chiqish;
xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatni amalga oshirish natijasida atrof muhitga yetkazilgan zararli ta’sirni baholash ishlarini olib borish;
ekologik ma’lumotlar bazasini hamda ekologik axborot va nazoratning respublika avtomatlashtirilgan tizimini yaratish va yuritish;
tabiatni muhofaza qilish loyihalari va tadbirlarini amalga oshirish uchun ekspertlarni (auditorlar, yuristlar, moliyachilar, ilmiy xodimlar va shu kabilar), shuningdek xalqaro ekspertlarni jalb qilish;
tabiatni muhofaza qilish loyihalari va tadbirlarini amalga oshirish uchun loyiha-smeta hujjatlarini, texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish;
aholini ekologik jihatdan tarbiyalash va unga ekologik ta’lim berish, ekologik bilimlarni targ‘ib qilish, noshirlik faoliyatini, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazishni, reklama va shu kabilarni tashkil etish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, shu jumladan, Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimi xodimlarining xorijiy ta’lim tashkilotlarida tajriba orttirishi;
ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida nodavlat notijorat tashkilotlar bilan birgalikda tadbirlar o‘tkazish;
Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimi xodimlarining atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro ko‘rgazmalar, loyihalar va dasturlarda ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlar;
ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xorijiy va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislarining O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi davrida ularni qabul qilish va kuzatish bilan bog‘liq xarajatlar;
ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida konferensiyalar, davra suhbatlari hamda seminarlar tashkil etish va o‘tkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda belgilangan tartibda, O‘zbekiston Respublikasining ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro majburiyatlari bo‘yicha to‘lovlar;
(5-band “a” kichik bandining o‘ttizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha davlat inspektorlarini majburiy sug‘urta qilish, shuningdek xizmat vazifalarini bajarayotganida ularga tegishli mulkka yetkazilgan zararni qoplash;
Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, shu jumladan, atrof muhit muhofazasi uchun texnika va texnologiyalar, ekologik monitoring tizimlari, asbob-uskunalar, jihozlar, kompyuter dasturlarini xarid qilish;
bosma nashr mahsulotlarini, shu jumladan atrof muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarlikni rasmiylashtirish blankalarini tayyorlash;
Oldingi tahrirga qarang.
b) tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonun hujjatlari buzilishini aniqlagan ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat inspektorlari va boshqa shaxslarni huquqbuzarlardan Jamg‘armaga undiriladigan jarima va pul mablag‘lari hisobidan mukofotlash;
(5-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 29-apreldagi 230-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 09/22/230/0377-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v) Davlat ekologiya qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahri Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalari shuningdek, tizimdagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar xodimlarini moddiy rag‘batlantirish (mukofotlash, ustama belgilash, qo‘shimcha to‘lovlar va boshqalar), rag‘batlantirish, moddiy yordam ko‘rsatish va ijtimoiy qo‘llab- quvvatlash (oziq-ovqat va yo‘l haqi chiptalari qiymatini qoplash);
(5-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-fevraldagi 58-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 09/21/58/0095-son)
g) Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimidagi budjet tashkilotlarining boshqa xarajatlarini qoplash;
d) Davlat ekologiya qo‘mitasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa maqsadlar.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonun hujjatlari buzilishini aniqlagan ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat inspektorlari va boshqa shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida huquqbuzarlardan Jamg‘armaga undiriladigan jarima va pul mablag‘lari hisobidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarda pul mukofotlari to‘lanadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 29-apreldagi 230-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 09/22/230/0377-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonunchilik buzilishini aniqlagan ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat inspektorlari va boshqa shaxslarni mukofotlashdan keyin qolgan Jamg‘arma mablag‘lari:
(7-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
90 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda — 5-bandning “a”, “v” va “d” kichik bandlarida nazarda tutilgan tadbirlarga;
10 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda — 5-bandning “g” kichik bandida nazarda tutilgan Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimidagi budjet tashkilotlarining boshqa xarajatlarini qoplashga taqsimlanadi.
8. Jamg‘arma mablag‘laridan qat’iy ravishda maqsadli foydalaniladi.
4-bob. Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish
9. Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi boshchilik qiluvchi Jamg‘armaning boshqaruv Kengashi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma Kengashi deb ataladi) Jamg‘armani boshqarish organi hisoblanadi.
Davlat ekologiya qo‘mitasining Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish bo‘limi Jamg‘armaning ishchi organi (keyingi o‘rinlarda — Ishchi organ deb ataladi) hisoblanadi.
10. Jamg‘arma Kengashining shaxsiy tarkibi Davlat ekologiya qo‘mitasi, boshqa davlat organlari, ilmiy-tadqiqot, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlar vakillaridan tashkil topadi hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi hay’ati tomonidan tasdiqlanadi.
11. Jamg‘arma Kengashi quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Jamg‘arma Dasturini tasdiqlaydi;
tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga moliyalashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi;
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Dasturlar loyihalariga kiritiladigan takliflarni (arizalarni) ko‘rib chiqadi;
tasdiqlangan Dastur bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha va tadbirlarni bajarish uchun ijrochilarni tanlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda va xalqaro shartnomalarda belgilangan tartibda xorijiy hukumat va hukumatga qarashli bo‘lmagan moliya tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari, shuningdek donor mamlakatlar bilan hamkorlikdagi tabiatni muhofaza qilish loyihalari va tadbirlarini moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
(11-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
zarur hollarda tasdiqlangan Dasturga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.
12. Kelgusi yil uchun Dastur, tanlov (tender) ishtirokchilarining 1-sentabrdan 30-sentabrga qadar bo‘lgan davrda bergan takliflari asosida shakllantiriladi.
Jamg‘arma Kengashi tomonidan tasdiqlangan ekspertlar guruhi tomonidan 1-oktabrdan 30-oktabrga qadar Dasturga kiritish uchun taqdim etilayotgan takliflarni tanlash va ekspertizadan o‘tkazish amalga oshiriladi.
Tanlab olingan takliflar 1-dekabrga qadar ko‘rib chiqiladi va Jamg‘arma Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan daromadlar va xarajatlar smetasi Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan 1-dekabrdan 20-dekabrga qadar shakllantiriladi va tasdiqlanadi.
13. Jamg‘arma Kengashi tomonidan tasdiqlangan Dastur 25-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga kelishish uchun taqdim etiladi.
Vazirlar Mahkamasi taqdim etilgan Dasturni 10 ish kuni mobaynida kelishadi va Davlat ekologiya qo‘mitasiga yuboradi.
14. Ishchi organ quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Jamg‘armaning kelgusi yil uchun daromadlar va xarajatlar prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi;
Dastur loyihasini shakllantirishni tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
daromadlar va xarajatlar smetasini tuzadi, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ularga o‘zgartirishlar kiritadi;
(14-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Jamg‘arma daromadlarining respublika hududlari va tushum manbalari bo‘yicha, shuningdek xarajatlarining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha hisobini yuritadi;
Jamg‘armaga pul mablag‘lari tushumi prognozining bajarilishi monitoringini olib boradi va tahlil qiladi;
Jamg‘armaga pul tushumlarining o‘z vaqtida va to‘liq tushishini ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiradi, shuningdek Jamg‘armaga mablag‘lar tushumi bo‘yicha prognozlarning bajarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etadi;
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Dasturning shakllantirilishi bo‘yicha taklif va arizalarni qabul qilish to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi;
tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish uchun tanlov (tender) savdolari o‘tkazilishi bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;
loyiha-smeta hujjatlari va texnik-iqtisodiy asoslar ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil etadi;
Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli sarflanishi va tuzilgan shartnomalarning bajarilishi holati yuzasidan texnik va moliyaviy nazoratni amalga oshiradi;
Dasturning bajarilishi monitoringini olib boradi va tahlil qiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shuningdek xayriya tashkilotlarining xayriya ehsonlarini jalb qilishni tashkil etadi;
Dasturning amalga oshirilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va Jamg‘arma mablag‘lari tushumi hamda mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etish uchun hisobotlarni tayyorlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
Ishchi organ qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
(14-bandning o‘n beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
5-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi yuzasidan hisobot va nazorat
15. Davlat ekologiya qo‘mitasi Jamg‘armaga mablag‘lar tushumi va ulardan foydalanilishi to‘g‘risida har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 20-kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga hamda har yarim yillik yakuni bo‘yicha Dasturning amalga oshirilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot taqdim etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
16. Jamg‘arma mablag‘laridan oqilona va maqsadli foydalanilishi yuzasidan davlat moliyaviy nazorati qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-yanvardagi 23-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining budjetdan tashqari jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Jamg‘arma mablag‘larining hisobot yilida foydalanilmagan qismi olib qo‘yilmaydi va ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda foydalanish uchun keyingi yilga o‘tadi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishida kelib chiqadigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
19. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining VIII bobi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-iyundagi 375-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun to‘lovlar tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2003-yil 1-maydagi 199-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 5-son, 35-modda):
a) 3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlari tomonidan undiriladi va quyidagi tartibda taqsimlanadi:
50 foizi — Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasiga;
50 foizi — respublika budjetiga.”;
b) 4 va 5-bandlardagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) 5-ilovada:
“v” kichik banddagi “tabiatni muhofaza qilish organlari” so‘zlari “ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari” so‘zlari bilan almashtirilsin;
“d” kichik banddagi “eng kam oylik ish haqining kamida besh baravari miqdorini” so‘zlari “eng kam oylik ish haqining 50 foizidan kamni” so‘zlari bilan almashtirilsin;
8-banddagi “tabiatni muhofaza qilish organlari” so‘zlari “ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari” so‘zlari bilan almashtirilsin;
10-bandning ikkinchi xatboshidagi “tabiatni muhofaza qilish organlari bilan” so‘zlari “ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari bilan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
11-bandning birinchi xatboshidagi “tabiatni muhofaza qilish mahalliy organlariga” so‘zlari “ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish hududiy organlariga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
14-banddagi “tabiatni muhofaza qilish organlarining” so‘zlari “ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlarining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
15-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“15. Atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari to‘lovchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy organlarining tegishli shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.”
16-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Yuridik shaxslarning turli hududlarda joylashgan bo‘linmalari va filiallari yuridik shaxs hisoblanmagan va bank hisob raqamlariga ega bo‘lmagan taqdirda atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlarini yuridik shaxslar to‘laydilar. Kompensatsiya to‘lovlari yuridik shaxslarning ko‘rsatib o‘tilgan bo‘linmalari va filiallari joylashgan hududlardagi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy organlarining tegishli shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga yo‘naltiriladi.”;
19-banddagi “tabiatni muhofaza qilish mahalliy organlari” so‘zlari “ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish hududiy organlari” so‘zlari bilan almashtirilsin;
21-banddagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
Nizomga B ilovada:
“tuman (shahar) mahalliy tabiatni muhofaza qilish organiga” so‘zlari “mahalliy ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organiga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
“Tabiatni muhofaza qilish organi inspektori” so‘zlari “Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organi davlat inspektori” so‘zlari bilan almashtirilsin;
“MFOP bo‘lim boshlig‘i” so‘zlari “Kompensatsiya to‘lovlari hisobi va ularning tushumi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i” so‘zlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Kommunal xo‘jaligi tizimida tabiatni muhofaza qilish faoliyatini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2010-yil 3-fevraldagi 11-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 2-son, 4-modda):
a) 3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3. Belgilab qo‘yilsinki:
ifloslantiruvchi moddalarning shaharlar va boshqa aholi punktlarining kommunal kanalizatsiya tarmoqlariga normativdan ortiqcha oqizilganligi yuzasidan monitoring olib borish suv quvurlari-kanalizatsiya korxonalariga yuklanadi;
kompensatsiya to‘lovlari suv quvurlari-kanalizatsiya korxonalarining maxsus laboratoriyalari taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlari tomonidan undiriladi va kompensatsiya to‘lovlarini to‘lovchilar tomonidan belgilangan tartibda hisoblab chiqiladi;
ifloslantiruvchi moddalarning shaharlar va boshqa aholi punktlarining kommunal kanalizatsiya tarmoqlariga normativdan ortiqcha oqizilganligi uchun undiriladigan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy organlarining tegishli shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, shundan 60 foizi respublika budjetiga, 40 foizi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.”;
b) 6-banddagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) 1-ilovada:
2-bandning uchinchi xatboshidagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining hududiy organlari (keyingi o‘rinlarda Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi deb yuritiladi)” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda Davlat ekologiya qo‘mitasi deb yuritiladi) hududiy organlari” so‘zlari bilan almashtirilsin;
5-bandning birinchi xatboshidagi, 14, 24, 25, 28, 30, 31, 32, 40 va 41-bandlardagi “Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi” so‘zlari “Davlat ekologiya qo‘mitasi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
33-banddagi “Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi hududiy organlarining Ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat inspeksiyalari” so‘zlari “Davlat ekologiya qo‘mitasi hududiy organlarining atrof muhit ifloslanishi monitoringi bo‘limi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
34-banddagi “Ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat inspeksiyasi” so‘zlari “Davlat ekologiya qo‘mitasi hududiy organlarining atrof muhit ifloslanishi monitoringi bo‘limi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
Qoidalarga 3-ilovadagi “Tabiatni muhofaza qilish organi rahbari” so‘zlari “Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organi rahbari” so‘zlari bilan almashtirilsin;
g) 3-ilovaning 1-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-maydagi 325-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son)
4. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 10-son, 108-modda) bilan tasdiqlangan Hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlaridan foydalanganlik uchun to‘lov sifatida tushgan mablag‘larni, jarima summalari va tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlardan yetkazilgan zarar uchun undirilgan summalarni taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 4-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“4. Davlat o‘rmon fondiga kirmagan daraxt va butalarni kesishga ruxsatnomalar berishdan tushadigan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy organlarining tegishli shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga o‘tkaziladi, uning 60 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga hamda viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlariga, 40 foizi — Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.”.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-iyundagi 375-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ba’zi qarorlari ro‘yxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Tabiatni muhofaza qilish jamg‘armalari to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1993-yil 24-maydagi 246-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1993-y., 5-son, 20-modda).
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi 289-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 09/25/289/0406-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2022-y., 09/22/396/0656-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2003-yil 14-iyundagi 270-son qaroriga ilovaning 1-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 6-son, 45-modda).
5. Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalariga ajratmalarni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2004-yil 25-oktabrdagi 499-son qaroriga 3-ilovaning 2-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004-y. 10-son, 100-modda).
6. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2005-yil 1-apreldagi 95-son qaroriga ilovaning 1-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 3-4-son, 19-modda).
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 24-son, 502-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 09/18/820/2036-son; 26.03.2019-y., 09/19/247/2835-son; 09.02.2021-y., 09/21/58/0095-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 30.04.2022-y., 09/22/230/0377-son; 22.07.2022-y., 09/22/396/0656-son; 05.05.2025-y., 09/25/289/0406-son; 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son)