Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.06.2024
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QIShLOQ VA SUV XO‘JALIGI VAZIRINING
Buyrug‘i
BOG‘ VA UZUMZORLARDAN MAQSADSIZ FOYDALANILGAN HOLATLARDA YER IJARA ShARTNOMASINI BEKOR QILISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 14-martda 1663-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 19-iyundagi 11-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3520, 19.06.2024 y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining 2006-yil 6-dekabrdagi 03/1-845-son yig‘ilishi bayoniga muvofiq buyuraman:
1. Bog‘ va uzumzorlardan maqsadsiz foydalanilgan holatlarda yer ijara shartnomasini bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab 10 kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish Qishloqda iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha majmua rahbari o‘rinbosari M. Olimov zimmasiga yuklatilsin.
Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri S. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2007-yil 20-fevral,
40-son
Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining
2007-yil 20-fevraldagi 40-son buyrug‘i bilan
TASDIQLANGAN
Bog‘ va uzumzorlardan maqsadsiz foydalanilgan holatlarda yer ijara shartnomasini bekor qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi korxonalarini fermer xo‘jaliklariga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 5-yanvardagi 8-son qarori, 2003-yil 30-oktabrdagi 476-son qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalarini fermer xo‘jaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq, bog‘ va uzumzorlardan maqsadsiz foydalanilgan holatlarda yer ijara shartnomasini bekor qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Bog‘ va uzumzorlardan qat’iy belgilangan maqsadda foydalaniladi.
2. Bog‘ va uzumzorlardan maqsadsiz foydalanilganlik uchun yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini bekor qilish asoslari quyidagilardan iborat:
erdan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun bog‘ va uzumzorlar buzib tashlanganda;
eskirgan maydonlarda yangi bog‘ va uzumzorlar tashkil etilmaganda;
qulay tabiiy — iqlim sharoiti mavjud bo‘lishiga qaramasdan, ijaraga oluvchining aybi bilan bog‘ va uzumzorlarning hosildorlik darajasi keyingi uch yil mobaynida belgilangan normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) pasaytirib yuborilganda;
bog‘ va uzumzorlar olingan paytdan boshlab bir yil ichida ulardan foydalanishga kirishilmaganda.
3. Yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish shartnoma taraflarining kelishuviga asosan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, tuman hokimining yer ijara shartnomasini bekor qilish bo‘yicha da’vo arizasiga muvofiq, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.
4. Yerni ijaraga oluvchi va tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi, shuningdek boshqa tegishli tashkilotlar vakillari ishtirokida tuzilgan dalolatnoma yer ijara shartnomasini bekor qilish bo‘yicha da’vo arizasi kiritish uchun asos bo‘lib hisoblanadi.
5. Yer ijara shartnomasini bekor qilish bo‘yicha da’vo arizasini sudga kiritish masalasi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi tuman komissiyasi (keyingi o‘rinlarda “Komissiya” deb yuritiladi) tomonidan ko‘rib chiqiladi.
II. Yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini bekor qilish, bog‘ va uzumzorlarni qayta kimoshdi savdosiga qo‘yish
6. Sudning yer ijara shartnomasini bekor qilish bo‘yicha kiritilgan da’vo arizani qanoatlantirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori, tuman hokimi tomonidan fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasining bog‘ va uzumzorlarga tegishli qismini, agar fermer xo‘jaligi faqat bog‘ va uzumchilikka ixtisoslashgan bo‘lsa, butun shartnomani bekor qilishga asos bo‘ladi.
7. Yer ijara shartnomasi bekor qilingan bog‘ va uzumzorlarni qayta kimoshdi savdosiga qo‘yish tuman hokimining qaroriga asosan amalga oshiriladi.
8. Bog‘ va uzumzorlarni kimoshdi savdosiga qo‘yish va sotish Komissiya tomonidan “Qayta tashkil etilayotgan qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlari)ning bog‘ va uzumzorlarini sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga (2006-yil 21-yanvar, ro‘yxat raqami 1542) muvofiq amalga oshiriladi.
9. Komissiya kimoshdi savdosiga qo‘yilayotgan bog‘ va uzumzorlarning narxini ularning haqiqiy holatidan kelib chiqib, tashkil etilgan yili, navi, keyingi uch yillikdagi hosildorligi, yetishtiriladigan mahsulotlarning xaridorgirligi va boshqa ko‘rsatkichlariga qarab qayta baholaydi.
Qayta baholangan narx kimoshdi savdosini o‘tkazish uchun boshlang‘ich narx sifatida belgilanadi.
10. Komissiya bog‘ va uzumzorlarni baholash va kimoshdi savdolarini tashkil etish uchun tegishli tashkilotlarni jalb etishi mumkin.
11. Bog‘ va uzumzorlarni kimoshdi savdosida sotishdan tushgan mablag‘lar yer ijara shartnomasini bekor qilish bo‘yicha da’vo arizasini sudga kiritgan idoralarning xarajatlarini, bog‘ va uzumzorlarni baholovchi va kimoshdi savdolarini o‘tkazuvchi shaxslarning xizmat haqi to‘lovlarini, ijara shartnomasi bekor qilingan fermer xo‘jaligining kreditor qarzlarini qoplashga sarflanadi. Mablag‘larning qolgan qismi sobiq bog‘ va uzumzorlar egasi ixtiyoriga beriladi.
III. Yakuniy qoidalar
12. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi bilan kelishildi.
Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari A. SALIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 16-fevral
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi raisi v.b. B. ULAShEV
Toshkent sh.,
2007-yil 19-fevral
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 11-son, 104-modda)