|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 31.12.2018
|
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IChKI IShLAR VAZIRLIGINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IChKI IShLAR VAZIRLIGINING
Qarori
SUDGA KELIShDAN BOSh TORTGAN ShAXSLARNI MAJBURIY KELTIRISh BOʻYIChA SUD TOPShIRIQLARINI IJRO ETISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI YOʻRIQNOMANI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 15-yanvarda 1654-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi ]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 29-dekabrdagi 584-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1654-2, 29.12.2018-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2018-y., 10/18/1654-2/2418-son)
Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi va Fuqarolik protsessual kodeksi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi PQ-458-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi qaror qiladi:
1. Sudga kelishdan bosh tortgan shaxslarni majburiy keltirish boʻyicha sud topshiriqlarini ijro etish tartibi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Adliya vaziri F. OTAXONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-yanvar,
2/1-son
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-yanvar,
2-son
Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligining
2007-yil 12-yanvardagi 2/1, 2-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2007-yil 12-yanvardagi 2/1, 2-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Sudga kelishdan bosh tortgan shaxslarni majburiy keltirish boʻyicha sud topshiriqlarini ijro etish tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma, Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi va Fuqarolik protsessual kodeksi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi PQ-458-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, sudga kelishdan bosh tortgan shaxslarni majburiy keltirish boʻyicha sud topshiriqlarini ijro etish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
2. Sudga kelishdan bosh tortgan shaxslarni majburiy keltirish boʻyicha sud topshiriqlarini ijro etish, vakolatli davlat organlari tomonidan shaxsning sudga ixtiyoriy kelishidan bosh tortganida qoʻllaniladigan choralarni amalga oshirishdan iborat.
3. Sudga kelishdan bosh tortgan shaxslarni majburiy keltirish boʻyicha sud topshiriqlarini ijro etish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari(keyingi oʻrinlarda matnda ichki ishlar organlari xodimlari deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
II. Majburiy keltirishni ijro etish tartibi
4. Sudning ajrimi shaxsni majburiy keltirish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
5. Shaxsni majburiy keltirish toʻgʻrisidagi sudning ajrimi u chiqarilgan kundan boshlab bir kun davomida ish koʻriladigan joy boʻyicha ichki ishlar organlariga ijro uchun beriladi(joʻnatiladi).
Ajrimda quyidagilar koʻrsatilishi shart:
majburiy keltirilishi lozim boʻlgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
uning protsessual mavqeyi;
majburiy keltirilishi lozim boʻlgan shaxsning yashash yoki ish joyi;
majburiy keltirishni qoʻllash uchun asos;
majburiy keltirilishi lozim boʻlgan shaxsning qayerga va qachon olib borilishi lozimligi;
majburiy keltirishni amalga oshirish kimga topshirilayotganligi.
6. Ichki ishlar organlarining boʻlim boshliqlari majburiy keltirish toʻgʻrisidagi sudning kelib tushgan ajrimini zudlik bilan koʻrib chiqadi va uning aniq va oʻz vaqtida ijrosini tashkil etadi. Ichki ishlar organlari boʻlim boshliqlari yoʻq boʻlgan paytda sud ajrimining ijrosini uning oʻrinbosarlaridan biri amalga oshiradi.
7. Majburiy keltirish toʻgʻrisidagi ajrim u kelib tushgan kundan boshlab bir kun ichida maxsus jurnalda roʻyxatga olinadi va ichki ishlar organlari xodimlariga ijro uchun imzo chektirilib, topshiriladi.
8. Majburiy keltirish soat 6-00 dan 22-00 gacha amalga oshiriladi, kunning boshqa paytlarida qonunda belgilangan hollarda amalga oshiriladi.
9. Ichki ishlar organlari xodimi yoki xodimlari guruhi majburiy keltirilish kunida shaxsning haqiqiy turgan joyiga boradi.
Ichki ishlar organlari xodimi majburiy keltirilishi lozim boʻlgan shaxsni topganida, uni sudga majburiy keltirish toʻgʻrisidagi ajrim bilan tanishtirib, imzo chektiradi. Bunda shaxs topilgan joy va vaqt, shaxsni yetkazish vaqti, shuningdek majburiy keltirishi lozim boʻlgan shaxsning ariza, shikoyat va iltimosnomalari haqida dalolatnoma tuziladi.
10. Ichki ishlar organlari xodimi shaxsning qochib ketganligi, taʼtildaligi, safardaligi, ogʻir kasalligi yoki boshqa sabablar (tabiiy ofatlar, kichik yoshdagi farzandlarining mavjudligi va ularni parvarishlashni boshqa birovga topshirishning iloji boʻlmaganda, transport harakatida uzoq muddatli tanaffus va h.k) tufayli keltirishning imkoni yoʻqligini belgilagach, dalolatnoma tuzadi va u fuqarolar yigʻini raisi tomonidan imzolanadi. Dalolatnomaga ichki ishlar organlari boʻlim boshligʻi tomonidan tasdiqlangan bildirgi va uzrli sabablarni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi ilova qilinadi.
Dalolatnoma, ilova qilingan tegishli hujjatlar bilan birga, sud raisiga yoki majburiy keltirish toʻgʻrisida ajrim chiqargan sudyaga topshiriladi.
11. Ichki ishlar organlari xodimlari majburiy keltirishni amalga oshirayotganda, sudga keltirilayotgan shaxsning huquq va qonuniy manfaatlariga amal qilishga, ularning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur.
12. Qonuniy talablarga qarshilik koʻrsatilganda yoki ashaddiy boʻysunmaslik holatlarida ichki ishlar organlari xodimlari “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq jismoniy kuch, maxsus vosita va oʻqotar qurolni qoʻllash huquqiga ega. Mazkur holda bayonnoma tuziladi va unda huquqbuzarlikning xususiyati, vaqti va joyi hamda shaxsga nisbatan qoʻllanilgan choralar koʻrsatiladi. Bayonnoma qonunda nazarda tutilgan choralar qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi bildirgi bilan birga ichki ishlar organi boʻlim boshligʻiga taqdim etiladi. Bu haqda ajrimi boʻyicha majburiy keltirish amalga oshirilgan sudya xabardor qilinadi.
Jismoniy kuch ishlatilganligi va maxsus vositalar qoʻllanilganligi natijasida jismoniy yoxud yuridik shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida, shuningdek oʻqotar qurol qoʻllanilgan barcha hollar toʻgʻrisida prokurorga darhol xabar beriladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligining 2016-yil 28-dekabrdagi 6, 43-sonli qarori (roʻyxat raqami 1654-1, 05.01.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 1-son, 23-modda)
13. Boshqa shaharda, tumanda yoki viloyatda yashovchi shaxsga nisbatan majburiy keltirish sudning ajrimiga binoan, shaxslarning yashash joyidan qatʼi nazar, ish yurituvi joyidagi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Boshqa viloyatda yashovchi shaxsni majburiy keltirish Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
14. Voyaga yetmagan shaxslarni majburiy keltirish ularning ota-onalari yoki ularning qonuniy vakillari orqali amalga oshiriladi. Ichki ishlar organi xodimi majburiy keltirishni amalga oshirayotganida keltirilishi lozim boʻlgan voyaga yetmagan shaxsning ota-onasini majburiy keltirish toʻgʻrisidagi sud ajrimi bilan tanishtirib, bu haqda imzo chektiradi.
15. Sudga majburiy tartibda keltirilgan shaxs ichki ishlar organlari xodimining bildirgisi bilan ajrim chiqargan sudyaga topshiriladi. Bildirgi ajrim chiqargan sudya tomonidan imzolanadi.
16. Ichki ishlar organlari xodimi sudya talabiga muvofiq, soʻnggi sud harakatlari bajarilguniga qadar majburiy keltirilgan shaxsni nazorat qilishi shart.
17. Sud ajrimini bajarmagan shaxs qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
18. Majburiy keltirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
III. Yakuniy qoidalar
19. Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan kelishilgan.
Oliy sud raisi B. MUSTAFOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-yanvar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 3-son, 30-modda; 2017-y., 1-son, 23-modda)