O‘zbekiston Respublikasining qonuni
NODAVLAT NOTIJORAT TASHKILOTLARI FAOLIYATINING KAFOLATLARI TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan
2006-yil 11-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 1-dekabrda ma’qullangan
2006-yil 11-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 1-dekabrda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga kafolatlar berish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Ushbu Qonunning ayrim nodavlat notijorat tashkilotlariga nisbatan qo‘llanilishining o‘ziga xos xususiyatlari
Ushbu Qonun tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, nodavlat notijorat tashkilotlariga, shu jumladan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, diniy tashkilotlar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlariga nisbatan, agar ularning tashkil etilishini hamda faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonunlarda o‘zgacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, qo‘llaniladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi va “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi qonunlari.
4-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash kafolatlari
Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi, ularni qo‘llab-quvvatlash shakllari va shartlarini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilikka muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini moliyaviy yoki boshqa jihatdan qo‘llab-quvvatlashlari mumkin.
(4-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 511-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonunining 12 — 15-moddalari.
2-bob. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining asosiy kafolatlari
5-modda. Faoliyat erkinligi kafolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Nodavlat notijorat tashkilotlari qonunchilik bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat turini o‘z ustavlarida belgilangan maqsadlari doirasida amalga oshirishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z faoliyatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqildir, qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqa hollarda ularga hisobot bermaydi hamda ularning nazorati ostida bo‘lmaydi.
(5-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 33-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi Qonunining 16 va 17-moddalari.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.
6-modda. Axborotdan foydalanish kafolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining qonunchilikka muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlashga bo‘lgan huquqini ta’minlaydi.
(6-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi va “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunlari.
Axborotdan foydalanish tegishli materiallarni e’lon qilish yo‘li bilan hamda ustavda belgilangan faoliyatni amalga oshirish maqsadida zarur axborotni olish uchun davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga so‘rov bilan murojaat qilish huquqining nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ro‘yobga chiqarilishi orqali ta’minlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Nodavlat notijorat tashkilotining so‘roviga iloji boricha qisqa muddatda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, so‘rov olingan sanadan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay javob qaytarilishi kerak.
(6-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 9-moddasiga asosan so‘ralayotgan axborotni belgilangan muddatda taqdim etishning iloji bo‘lmagan taqdirda axborot olish uchun murojaat etgan shaxsga uni taqdim etish kechiktirilganligi to‘g‘risida xabar yuboriladi. So‘ralayotgan axborotni taqdim etishni kechiktirish so‘rov berilgan sanadan e’tiboran ikki oydan ortib ketmasligi lozim.
Agar organ yoki mansabdor shaxs so‘ralayotgan axborotga ega bo‘lmasa, o‘ziga murojaat etgan nodavlat notijorat tashkilotiga so‘rov olingan sanadan e’tiboran yetti kundan kechiktirmay bu haqda ma’lum qilishi, shuningdek imkoniyatga qarab, unga bunday axborotga ega bo‘lgan organning yoki mansabdor shaxsning nomini ma’lum qilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari nodavlat notijorat tashkilotlariga bu tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qonunchilik hujjatlari, hujjatlar, qarorlar hamda boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi shart.
(6-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor axborot bepul beriladi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(6-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasi.
7-modda. Mulk huquqi kafolatlari
Nodavlat notijorat tashkilotlarining mulki daxlsiz va qonun bilan muhofaza qilinadi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining mol-mulki natsionalizatsiya, rekvizitsiya va musodara qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunining 34-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 202 — 204-moddalari.
3-bob. Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish
8-modda. Ishchanlik obro‘sini himoya qilish
Nodavlat notijorat tashkiloti o‘zining ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar yuzasidan raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli.
Agar nodavlat notijorat tashkilotining ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan bo‘lsa, ayni shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Agar bunday ma’lumotlar tashkilotdan yuborilgan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak.
O‘zining ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgan nodavlat notijorat tashkiloti bunday ma’lumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish natijasida yetkazilgan zararlarning o‘rni qoplanishini talab qilishga haqli.
9-modda. Intellektual faoliyat natijalarini himoya qilish
Nodavlat notijorat tashkilotining intellektual faoliyatning obyektiv ifoda etilgan natijalariga va uning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalarga bo‘lgan mutlaq huquqi qonun bilan muhofaza etiladi hamda davlat tomonidan himoya qilinadi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 97, 1031 — 1040-moddalari.
10-modda. Davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilish
Nodavlat notijorat tashkilotlari davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.
Davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida nodavlat notijorat tashkilotiga yetkazilgan zararning o‘rni sudning qarori asosida qoplanishi kerak.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang:O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 15-moddasi.
4-bob. Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
11-modda. Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash shakllari
Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat qonunchilikka muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini boshqa jihatdan ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
(11-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuni 12-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisi va 19-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mamlakatda demokratik o‘zgarishlarni yanada rivojlantirishga va bunda nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirok etishiga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning alohida bo‘linmalari, shuningdek Fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuziladi.
(11-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 28-oktabrdagi 5005-IV/KQ-842-IV-sonli “Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qo‘shma qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
12-modda. Davlat subsidiyasi
Davlat subsidiyasi O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan, davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun beriladigan va maxsus loyihalar bilan bog‘liq bo‘lmagan moliyaviy yoki boshqa moddiy ko‘makdir.
Nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat subsidiyalarini ajratish tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan belgilanadi.
(12-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13-modda. Davlat granti
Davlat granti nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun tanlov asosida O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti mablag‘lari hisobidan beriladigan pul mablag‘lari va moddiy resurslardir.
Nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat grantlarini ajratish tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan belgilanadi.
(13-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14-modda. Davlat ijtimoiy buyurtmasi
Nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat ijtimoiy buyurtmasi sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat organi va nodavlat notijorat tashkiloti o‘rtasida shartnoma tuzish orqali ishlarni bajarish yoki tadbirlar o‘tkazishga qaratilgan davlat topshirig‘idan iboratdir.
Nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat ijtimoiy buyurtmasini berish tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan belgilanadi.
Davlat organlari har yili sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bevosita davlat ijtimoiy buyurtmasini berish bo‘yicha tanlovlar tashkil etadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari tegishli sohalar va tarmoqlardagi muammolarning yechimini nazarda tutuvchi tashabbusli loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini olish to‘g‘risida davlat organiga taklif kiritishi mumkin. Tashabbusli loyiha belgilangan tartibda davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan ijobiy baholangan taqdirda, uning tashabbuskoriga davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha miqdordagi davlat ijtimoiy buyurtmasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish yo‘li bilan berilishi mumkin.
Sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat organlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat ijtimoiy buyurtmasi berish, shuningdek tanlov shartlari va uni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(14-modda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-fevraldagi 135-son qarori bilan tasdiqlangan Sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat boshqaruvi organlari tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasi berish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 4-5-boblari.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
15-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga kafolatlar berish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(15-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(16-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 239-moddasi, Jinoyat kodeksining 216-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(17-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
Oldingi tahrirga qarang.
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
(17-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)
18-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2007-yil 4-yanvardagi 3 (4156) – sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 3-yanvar,
O‘RQ-76-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 1-2-son, 2-modda; 2008-y., 51-son, 500-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 03/20/629/1087-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)