O‘zbekiston Respublikasining qonuni
SIYOSIY PARTIYALARNI MOLIYALAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
I. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi siyosiy partiyalarni moliyalashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 16-martdagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan “Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida Nizom”.
3-modda. Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish manbalari
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish manbalari quyidagilardan iborat:
kirish va a’zolik badallari, agar siyosiy partiyaning ustavida bunday badallar to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar;
(3-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ushbu Qonunga muvofiq ajratiladigan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolari tomonidan ushbu Qonunga muvofiq beriladigan xayriya yordami.
4-modda. Siyosiy partiyalarni moliyalashtirishning asosiy prinsiplari
Qonuniylik, ochiqlik, oshkoralik va siyosiy partiyalarning teng huquqliligi siyosiy partiyalarni moliyalashtirishning asosiy prinsiplaridir.
5-modda. Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarning barcha uchun ochiqligi
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarning mazkur partiyalar a’zolari va jamoatchilik uchun ochiqligi siyosiy partiyalarning o‘zi tomonidan ta’minlanadi.
Siyosiy partiyalar o‘z faoliyatining moliyalashtirilishi hajmi va manbalari haqida axborot e’lon qilib turishi kerak.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 26-dekabrdagi 337-I-son “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonuni 15-moddasining beshinchi qismi.
6-modda. Siyosiy partiyalarning moliyaviy va boshqa mablag‘lardan belgilangan maqsadda foydalanishi
Siyosiy partiyalar moliyaviy va boshqa mablag‘lardan qonunda hamda ustavlarida nazarda tutilgan maqsadlarda foydalanadi. Bu mablag‘lardan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
Siyosiy partiyalarning mol-mulki va pul mablag‘lari siyosiy partiya a’zolari o‘rtasida taqsimlanishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalarga, ularning tashkilotlariga bittadan ortiq bankda bank hisobvaraqlariga, shuningdek chet el banklarida hisobvaraqlarga ega bo‘lish taqiqlanadi.
(6-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-396-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalar bitta bankda quyidagi talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlariga ega bo‘lishi mumkin:
asosiy hisobvaraq — O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larni o‘tkazish, ulardan foydalanish va ularni nazorat qilish uchun;
ikkita ikkilamchi hisobvaraq:
Oldingi tahrirga qarang.
a) a’zolik badallari, xayriyalar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan kelib tushadigan mablag‘larni o‘tkazish va ulardan foydalanish uchun;
(6-modda to‘rtinchi qismining “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
b) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan kelib tushadigan mablag‘larni o‘tkazish va ulardan foydalanish uchun.
(6-modda O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-396-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
II. Siyosiy partiyalarni davlat tomonidan moliyalashtirish
7-modda. Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish
Siyosiy partiya, agar u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) saylov yakunlari bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuniga muvofiq Qonunchilik palatasida siyosiy partiya fraksiyasini tuzish uchun zarur miqdorda deputatlik o‘rinlarini olgan bo‘lsa, o‘zining ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablag‘larini olish huquqiga ega bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining yillik hajmi shu mablag‘larni ajratish mo‘ljallanayotgan yildan oldingi yilning 1-sentabridagi holatga ko‘ra belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yarim foizini Qonunchilik palatasiga o‘tkazilgan oxirgi saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar soniga ko‘paytmasi miqdorida shakllantiriladi.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 2-iyuldagi O‘RQ-934-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan davlat mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik palatasiga oxirgi saylovning O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan aniqlangan natijalariga asosan bu mablag‘larni olish huquqiga ega bo‘lgan siyosiy partiyalar o‘rtasida quyidagi tartibda taqsimlaydi:
ajratiladigan mablag‘larning qirq foizi siyosiy partiyalar o‘rtasida teng miqdorda;
ajratiladigan mablag‘larning oltmish foizi siyosiy partiyalar o‘rtasida ularning Qonunchilik palatasida olgan deputatlik o‘rinlari miqdoriga mutanosib ravishda.
(7-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 2-iyuldagi O‘RQ-934-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 16-martdagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan “Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida Nizom”.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda Qonunchilik palatasi deputatlarining soni o‘zgargan taqdirda, davlat mablag‘larini qayta taqsimlash amalga oshirilmaydi.
(7-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 2-iyuldagi O‘RQ-934-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8-modda. Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish
Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish belgilangan tartibda faqat ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Siyosiy partiyalarni saylovda boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish va moddiy jihatdan o‘zgacha tarzda qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 100-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 25-oktabrdagi 969-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni moliyalashtirish hamda mablag‘lardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 3-bobi.
Siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining bir nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari shu partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin ro‘yxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmda siyosiy partiyaning hisob-kitob varag‘iga belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
Saylovda siyosiy partiyalarning ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘lar siyosiy partiya tomonidan:
tashviqot olib borishga;
nomzodlarning ishonchli vakillari va tashviqot o‘tkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etishga;
saylov kampaniyasini o‘tkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga sarflanishi kerak.
Agar Qonunchilik palatasiga saylov yakunlari bo‘yicha siyosiy partiya fraksiya tuzish uchun zarur miqdorda deputatlik o‘rinlarini ololmagan bo‘lsa, siyosiy partiyaning Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari mazkur partiyaning boshqa manbalardan olgan mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilishi kerak.
(8-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-670-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/670/0089-son)
9-modda. Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiya fraksiyalarining faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish
Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiya fraksiyalarining faoliyatini tashkiliy, texnikaviy jihatdan va boshqa tarzda ta’minlash uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari Qonunchilik palatasining xarajatlar smetasida nazarda tutiladi.
10-modda. Davlat tomonidan moliyalashtirish manbai va uni ajratish tartibi
Siyosiy partiyalarni davlat tomonidan moliyalashtirish manbai O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘laridir.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘lari siyosiy partiyalarning bank hisobvaraqlariga belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
(10-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-396-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 16-martdagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 12-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiya tomonidan moliya yili mobaynida foydalanilmagan davlat mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilmaydi va bu mablag‘lardan kelgusi yillarda ularning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
(10-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-396-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Siyosiy partiya davlat mablag‘larini olishdan voz kechishga haqli.
11-modda. Siyosiy partiyani davlat tomonidan moliyalashtirishni to‘xtatib turish yoki tugatish
Siyosiy partiyani davlat tomonidan moliyalashtirish partiya faoliyati to‘xtatib turilgan yoki tugatilgan taqdirda to‘xtatib turiladi yoxud tugatiladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 26-dekabrdagi 337-I-son “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunining 10, 11-moddalari.
Siyosiy partiya ustav faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirishni to‘xtatib turish yoki tugatish uchun quyidagilar ham asos bo‘lishi mumkin:
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda belgilangan tartibda siyosiy partiyaning qayta tashkil etilganligi (boshqa siyosiy partiyalarga qo‘shib yuborish va qo‘shib olish bundan mustasno);
(11-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiyani qayta tashkil etish tartibi uning ustavida belgilab qo‘yilishi lozim.
siyosiy partiya davlat mablag‘laridan belgilanmagan maqsadda foydalanganligi, shu jumladan ustavda nazarda tutilgan faoliyati uchun ajratilgan mablag‘lardan saylovda ishtirok etishni moliyalashtirish uchun foydalanganligi.
Siyosiy partiya ustav faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirishni to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risidagi qaror ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga binoan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Davlat tomonidan moliyalashtirishni to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risidagi qaror ustidan siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilishi mumkin.
Siyosiy partiya qo‘shib yuborish yoki qo‘shib olish shaklida qayta tashkil etilganda siyosiy partiyaning huquqiy vorisi davlat tomonidan moliyalashtirilish huquqiga ega bo‘ladi.
III. Siyosiy partiyalarga beriladigan xayriya yordami
12-modda. Siyosiy partiyalarning O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolaridan xayriya yordami olish huquqi
Siyosiy partiya xayriya yordamini faqat O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari (chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar bundan mustasno) va fuqarolaridan pul shaklida hamda mol-mulk berish, xizmatlar ko‘rsatish, ishlar bajarish tarzida va faqat ustavda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish uchun olish huquqiga ega.
Ushbu Qonunning 15-moddasida nazarda tutilgan cheklashlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning xodimlari sifatida oladigan ish haqiga tatbiq etilmaydi.
Siyosiy partiya xayriya yordamini qabul qilishni rad etishga haqli.
13-modda. O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari tomonidan beriladigan xayriya yordami
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasining bir yuridik shaxsidan bir yil mobaynida olgan xayriya yordami summasi xayriya yordami berilgan yilning 1-yanvaridagi holatga ko‘ra belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan oshmasligi lozim.
(13-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi siyosiy partiyaga pul mablag‘lari shaklidagi xayriya yordamini berishda uni siyosiy partiyaning hisob-kitob varag‘iga yuridik shaxslar uchun naqd pulsiz hisob-kitoblar qoidalarida nazarda tutilgan rekvizitlarni ko‘rsatgan holda o‘tkazadi va to‘lov topshiriqnomasida ushbu Qonunning 15-moddasida nazarda tutilgan xayriya yordami berishga cheklashlar yo‘qligi haqida belgi qo‘yadi.
Xayriya yordami, agar u ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan summadan ortiqroq bo‘lsa, olingan kundan e’tiboran bir oy ichida siyosiy partiya xayriya yordami beruvchiga uni qaytarishi, qaytarish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa, davlat daromadiga o‘tkazishi lozim.
14-modda. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan beriladigan xayriya yordami
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasining bir fuqarosidan bir yil mobaynida olgan xayriya yordami summasi xayriya yordami berilgan yilning 1-yanvaridagi holatga ko‘ra belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan oshmasligi lozim. Ushbu cheklash siyosiy partiya a’zolari partiya ustaviga asosan to‘laydigan a’zolik badallariga tatbiq etilmaydi.
(14-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi siyosiy partiyaga pul mablag‘lari tarzidagi xayriya yordamini berishda uni siyosiy partiyaning hisob-kitob varag‘iga shaxsan, pasportini yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasini yoxud uning o‘rnini bosuvchi hujjatni taqdim etgan hamda to‘lov topshiriqnomasida yoxud pul jo‘natmasida familiyasini, ismini, otasining ismini va pasportiga yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiga oid ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda o‘z mablag‘laridan o‘tkazadi.
(14-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martdagi O‘RQ-759-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son)
Xayriya yordami, agar u ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan summadan ortiqroq bo‘lsa, olingan kundan e’tiboran bir oy ichida siyosiy partiya xayriya yordami beruvchiga uni qaytarishi, qaytarish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa, davlat daromadiga o‘tkazishi lozim.
15-modda. Siyosiy partiyalarga xayriya yordami berishdagi cheklashlar
Siyosiy partiyalarga pul mablag‘lari shaklidagi, mol-mulk berish, xizmatlar ko‘rsatish, ishlar bajarish tariqasidagi (shu jumladan grantlar ajratish, texnik yordam ko‘rsatish, safarlar bilan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida va undan tashqarida o‘tkaziladigan treninglar, seminarlar, konferensiyalar bilan bog‘liq xarajatlarga haq to‘lash orqali) xayriya yordami quyidagilar tomonidan berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
chet davlatlar;
chet davlatlarning yuridik shaxslari, ularning vakolatxonalari va filiallari;
xalqaro tashkilotlar, ularning vakolatxonalari va filiallari;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar;
chet el fuqarolari;
fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, diniy tashkilotlar va nomi yashirilgan yoki faqat taxallusi ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan siyosiy partiyalarga pul mablag‘lari shaklida, mol-mulk berish, xizmatlar ko‘rsatish, ishlar bajarish tarzida xayriya yordami berilishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi.
IV. Moliyaviy va boshqa mablag‘larning kelib tushishi hamda siyosiy partiyalarning ulardan belgilangan maqsadda foydalanishi ustidan nazorat
16-modda. Siyosiy partiyalarning moliyaviy hisobdorligi
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalar qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda moliyaviy hamda buxgalteriya hisobdorligini amalga oshiradi.
(16-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonunining 4, 22 — 26-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiya har yili qonunchilikda belgilangan muddatlarda hamda tartibda moliya organlariga, davlat soliq xizmati organlariga, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Adliya vazirligiga hisobot davrida olingan hamda sarflangan moliyaviy va boshqa mablag‘lar to‘g‘risida moliyaviy hisobot taqdim etishi shart. Siyosiy partiya saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun o‘ziga ajratilgan davlat mablag‘lari yuzasidan saylov kunida oraliq hisobotni, saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin esa yakuniy hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etadi.
(16-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-670-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/670/0089-son)
Siyosiy partiyaning moliyaviy hisobotida siyosiy partiyaning hisob-kitob varag‘iga hisobot davrida kelib tushgan mablag‘larning manbalari va miqdorlari to‘g‘risidagi, shu mablag‘larning sarflanishi haqidagi, siyosiy partiyaning qiymati ham ko‘rsatilgan mol-mulki to‘g‘risidagi, shuningdek mazkur partiyaning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolaridan xayriya yordami pul mablag‘laridan boshqa shaklda olingan taqdirda, siyosiy partiya uni O‘zbekiston Respublikasi qonunchilikka muvofiq pul ifodasida baholaydi va tegishli ma’lumotlarni, shu jumladan xayriya yordami beruvchi haqidagi ma’lumotlarni siyosiy partiyaning moliyaviy hisobotiga kiritadi.
(16-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyaning moliyaviy hisobotida davlat mablag‘larining kelib tushishi va sarflanishi alohida qismda nazarda tutiladi. Bunda siyosiy partiya tomonidan saylovda ishtirok etish uchun sarflangan mablag‘lar alohida hisobga olinadi.
Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish to‘g‘risidagi hisobot shakli va uni taqdim etish muddati O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Siyosiy partiyaning hisobotlari uning rasmiy veb-saytida va bosma nashrida e’lon qilinadi.
(16-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-670-sonli Qonuniga asosan beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlar bilan almashtirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/670/0089-son)
17-modda. Siyosiy partiyalarning moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlari
Siyosiy partiyalar har yili barchaning e’tibori uchun o‘z budjetlarini e’lon qiladi va o‘z faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risida Qonunchilik palatasiga yoki u vakolat bergan organga belgilangan tartibda hisobot taqdim etadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonuni 15-moddasining beshinchi qismi.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyaning hisobotiga uning saylovda ishtirok etishini va ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun hisobot yilida partiyaning hisob-kitob varag‘iga kelib tushgan hamda sarflangan davlat mablag‘lari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligining xulosasi ilova qilinadi.
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-670-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/670/0089-son)
Siyosiy partiyaning moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisoboti ommaviy axborot vositalari va manfaatdor tashkilotlarning vakillari taklif etilgan holda ko‘rib chiqiladi.
18-modda. Moliyaviy va boshqa mablag‘larning kelib tushishi hamda siyosiy partiyalar tomonidan sarflanishi ustidan nazorat
Oldingi tahrirga qarang.
Moliyaviy va boshqa mablag‘larning kelib tushishi hamda siyosiy partiyalarning ulardan belgilangan maqsadda foydalanishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan siyosiy partiyalarning moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
(18-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-670-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2021-y., 03/21/670/0089-son)
Moliyaviy va boshqa mablag‘larning kelib tushishini hamda siyosiy partiyalarning ulardan belgilangan maqsadda foydalanishini tekshirish Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida o‘ndan bir qismidan iborat deputatlar guruhining murojaatiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
V. Yakunlovchi qoidalar
19-modda. Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish masalalari yuzasidan davlat organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Siyosiy partiya o‘z faoliyatining moliyalashtirilishi masalalari yuzasidan tegishli davlat organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilishi mumkin.
20-modda. Nizolarni hal qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilinadi.
(20-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonuni 15-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
21-modda. Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(21-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 518-moddasi va 239-moddasining ikkinchi qismi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 30-aprel,
617–II-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 21-son, 248-modda; 2015-y., 52-son, 645-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; 09.02.2021-y., 03/21/670/0089-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son; 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son)