Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining
qarori
Atom elektr stansiyasida radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi mavjud boʻlganda yoki radiatsiyaviy avariya sodir boʻlganda obyekt darajasidagi avariya holatini eʼlon qilish, tezkor axborot uzatish va shoshilinch yordam koʻrsatishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 19-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3928]
Oʻzbekiston Respublikasining “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-son “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Atom elektr stansiyasida radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi mavjud boʻlganda yoki radiatsiyaviy avariya sodir boʻlganda obyekt darajasidagi avariya holatini eʼlon qilish, tezkor axborot uzatish va shoshilinch yordam koʻrsatishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi hamda Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2026-yil 29-iyul,
49-son
Kelishildi:
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. IKRAMOV
2026-yil 12-iyul
Atom energiyasi agentligi direktori A. AXMEDXADJAYEV
2026-yil 10-iyul
Fanlar akademiyasi prezidenti SH. AYUPOV
2026-yil 7-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2026-yil 29-iyuldagi 49-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Atom elektr stansiyasida radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi mavjud boʻlganda yoki radiatsiyaviy avariya sodir boʻlganda obyekt darajasidagi avariya holatini eʼlon qilish, tezkor axborot uzatish va shoshilinch yordam koʻrsatishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma atom elektr stansiyasida radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi mavjud boʻlganda yoki radiatsiyaviy avariya sodir boʻlganda obyekt darajasidagi avariya rejimlarini eʼlon qilish, tezkor axborot uzatish hamda atom elektr stansiyasiga shoshilinch yordam koʻrsatishni tashkil etish tartibini belgilaydi.
Ushbu Yoʻriqnoma atom elektr stansiyasini joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, foydalanishga topshirish, ekspluatatsiya qilish va ekspluatatsiyadan chiqarish bosqichlarida avariyaviy tayyorgarlikni taʼminlash hamda radiatsiyaviy avariya xavfi yuzaga kelganda yoki radiatsiyaviy avariya sodir boʻlganda harakat qilish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnomada quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
“Avariyaviy tayyorgarlik” rejimi — radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi mavjud boʻlganda atom elektr stansiyasining boshqaruv organlari, kuchlari va vositalarini avariyaga qarshi harakatlarni amalga oshirishga shay holatga keltirishni nazarda tutuvchi obyekt darajasidagi ichki rejim;
“Avariyaviy holat” rejimi — radiatsiyaviy avariya sodir boʻlganda uning kengayishiga yoʻl qoʻymaslik, oqibatlarini kamaytirish hamda bartaraf etishga qaratilgan choralarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi obyekt darajasidagi ichki rejim;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti uchun masʼul etib tayinlangan hamda oʻz kuchlari bilan yoki boshqa yuridik shaxslarni jalb etgan holda yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ekspluatatsiya qilishga qodir boʻlgan yuridik shaxs;
radiatsiyaviy avariya — uskuna nosozligi, xodimlar (personal)ning xatti-harakatlari (harakatsizligi), tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar tufayli kelib chiqqan, fuqarolarning belgilangan normalardan koʻproq nurlanish olishiga yoki atrof-muhitning radioaktiv ifloslanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoxud olib kelgan ionlashtiruvchi nurlanish manbai ustidan boshqaruvning izdan chiqishi.
2-bob. Atom elektr stansiyasida “Avariyaviy tayyorgarlik” va “Avariyaviy holat” rejimlarini eʼlon qilish
2. Quyidagi holatlardan biri yuzaga kelganda atom elektr stansiyasida “Avariyaviy tayyorgarlik” rejimi eʼlon qilinadi:
atom elektr stansiyasini xavfsiz ekspluatatsiya qilishning belgilangan chegaralari va (yoki) shartlari buzilganda hamda atom elektr stansiyasining binolari, xonalari yoki hududida, sanitariya-muhofaza zonasida yoxud kuzatuv zonasida ionlashtiruvchi nurlanish doza quvvati qiymatlari mazkur Yoʻriqnomaning ilovasida “Avariyaviy tayyorgarlik” rejimi uchun belgilangan darajalarga yetganda yoki ulardan oshganda;
tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega tashqi taʼsirlar, shu jumladan zilzila, portlash, yongʻin yoxud atom elektr stansiyasi hududining suv bosishi oqibatida xavfsizlik uchun muhim tizimlar va (yoki) elementlarning normal ishlashi, shuningdek atom elektr stansiyasini xavfsiz ekspluatatsiya qilishning belgilangan chegaralari va (yoki) shartlari buzilganda.
3. Quyidagi holatlardan biri yuzaga kelganda atom elektr stansiyasida “Avariyaviy holat” rejimi eʼlon qilinadi:
atom elektr stansiyasining binolari, xonalari yoki hududida, sanitariya-muhofaza zonasida yoxud kuzatuv zonasida ionlashtiruvchi nurlanish doza quvvati qiymatlari mazkur Yoʻriqnomaning ilovasida “Avariyaviy holat” rejimi uchun belgilangan darajalarga yetganda yoki ulardan oshganda;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan loyihadan tashqari, shu jumladan ogʻir avariyalarni boshqarish boʻyicha qoʻllanmani qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda.
4. Atom elektr stansiyasida obyekt darajasidagi “Avariyaviy tayyorgarlik” yoki “Avariyaviy holat” rejimini eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qaror ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot rahbari yoxud uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan qabul qilinadi.
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot rahbari yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs boʻlmaganda yoxud ular bilan aloqa oʻrnatish imkoni boʻlmaganda mazkur qaror atom elektr stansiyasi smenasi boshligʻi tomonidan qabul qilinadi. Bunda smena boshligʻi qabul qilingan qaror va amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot rahbarini yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsni zudlik bilan xabardor qilishi zarur.
“Avariyaviy tayyorgarlik” yoki “Avariyaviy holat” rejimini eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinishi bilan bir vaqtda atom elektr stansiyasida avariya yuz berganda xodimlar (personal)ning himoya qilish boʻyicha tadbirlar rejasi ham amalga kiritiladi.
3-bob. Radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi mavjud boʻlganda yoki radiatsiyaviy avariya sodir boʻlganda xabar berish va axborot uzatish
5. Atom elektr stansiyasi maydonchasiga birinchi yadro yoqilgʻisi olib kirilguniga qadar ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot rahbari tomonidan radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi mavjud boʻlganda yoki radiatsiyaviy avariya sodir boʻlganda xabar berish sxemasi tasdiqlanadi.
Xabar berish sxemasida xabardor qilinadigan organlar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar roʻyxati, ularning aloqa maʼlumotlari, xabarlarni uzatish ketma-ketligi, asosiy va zaxira aloqa kanallari, shuningdek xabarni qabul qilganlikni tasdiqlash tartibi koʻrsatiladi.
6. Atom elektr stansiyasi smenasi boshligʻi “Avariyaviy tayyorgarlik” yoki “Avariyaviy holat” rejimi eʼlon qilinganligi hamda radiatsiyaviy avariya yuz berganda xodimlar (personal)ning himoya qilish boʻyicha tadbirlar rejasi toʻgʻrisidagi dastlabki axborotni tasdiqlangan xabar berish sxemasiga muvofiq zudlik bilan yozma yoki elektron tarzda quyidagilarga yetkazishi zarur:
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda harakat qilish davlat tizimining atom energiyasidan foydalanish obyektlari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha funksional quyi tizimi kundalik boshqaruv organiga;
Oʻzbekiston Respublikasida radiatsiyaviy avariyalarni prognoz qilish, barvaqt aniqlash va harakat qilish hamda radiatsiyaviy vaziyatni monitoring qilish yagona davlat tizimining respublika va mahalliy darajadagi tegishli kundalik boshqaruv organlariga.
7. “Avariyaviy tayyorgarlik” va (yoki) “Avariyaviy holat” rejimi eʼlon qilinganligi toʻgʻrisidagi dastlabki axborot uni uzatgan va qabul qilgan shaxslar tomonidan tegishli qayd jurnalida va (yoki) axborot tizimida roʻyxatga olinishi lozim. Bunda dastlabki axborotni uzatish va qabul qilish sanasi hamda vaqti, shuningdek uni uzatgan va qabul qilgan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi (mavjud boʻlsa) va lavozimi koʻrsatiladi.
9. “Avariyaviy tayyorgarlik” yoki “Avariyaviy holat” rejimi eʼlon qilingan paytdan boshlab u bekor qilinguniga qadar ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot har oʻn ikki soatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligiga tasdiqlangan xabardor qilish sxemasida nazarda tutilgan aloqa kanallari orqali quyidagilar toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishi shart:
atom elektr stansiyasi va unga tutash hududlardagi radiatsiyaviy vaziyat hamda uning oʻzgarishi prognozi;
atom elektr stansiyasining xavfsizlik holati;
radiatsiyaviy avariyaning rivojlanishi va kengayishiga yoʻl qoʻymaslik hamda uning oqibatlarini kamaytirish va bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan choralar;
atom elektr stansiyasiga shoshilinch yordam koʻrsatishga boʻlgan ehtiyoj va koʻrsatilayotgan yordam.
10. “Avariyaviy tayyorgarlik” yoki “Avariyaviy holat” rejimi eʼlon qilingan paytdan boshlab ushbu rejim bekor qilinguniga qadar ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi xodimlarini (personal) bir sutkada kamida bir marta radiatsiyaviy vaziyat, uning oʻzgarishi hamda atom elektr stansiyasi xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida xabardor qilishi zarur.
11. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot lokal darajadagi xabar berish tizimini yaratish, foydalanishga qabul qilish, mahalliy darajadagi xabar berish tizimi bilan bogʻlash, ishlatish, saqlash, uning tayyorligini tekshirish va unga texnik xizmat koʻrsatishni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 361-son qarori bilan tasdiqlangan Favqulodda vaziyat roʻy berish xavfi yoki favqulodda vaziyat roʻy berganligi haqida xabar berishning avtomatlashtirilgan tizimini rivojlantirish hamda undan samarali foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq taʼminlaydi.
8. Dastlabki axborotda xabar yuborish vaqtida mavjud boʻlgan quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
atom elektr stansiyasining nomi, energoblok raqami hamda hodisa sodir boʻlgan sana va vaqt;
eʼlon qilingan rejim va uni eʼlon qilgan mansabdor shaxs;
hodisaning aniqlangan yoki taxmin qilinayotgan sabablari va rivojlanish holati;
atom elektr stansiyasining texnologik va radiatsiyaviy holati;
xodimlarga (personal), aholi va atrof-muhitga mavjud yoki ehtimoliy taʼsir;
shoshilinch yordamga boʻlgan ehtiyoj.
4-bob. Radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi mavjud boʻlganda yoki radiatsiyaviy avariya sodir boʻlganda atom elektr stansiyasiga shoshilinch yordam koʻrsatishni tashkil etish hamda radiatsiyaviy avariyaga oid shaylikni tekshirish
12. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot radiatsiyaviy avariya yuzaga kelishi xavfini kamaytirish, avariyaning rivojlanishi va kengayishiga yoʻl qoʻymaslik, uning oqibatlarini kamaytirish va bartaraf etish, shuningdek atom elektr stansiyasiga shoshilinch yordam koʻrsatish boʻyicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni oldindan rejalashtirishi hamda ularning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlashi shart.
13. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot ilmiy-texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlovchi ishchi guruhini, shoshilinch yordam koʻrsatish guruhini, shuningdek ichki va tashqi avariyaviy boshqaruv shtablarini tashkil etishi hamda ularning radiatsiyaviy avariya sharoitida faoliyat koʻrsatishga doimiy tayyorligini taʼminlashi zarur.
Ilmiy-texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlovchi ishchi guruhini, shoshilinch yordam koʻrsatish guruhini hamda ichki va tashqi avariyaviy boshqaruv shtabining tarkibi, raisi, qarorlar qabul qilish va faoliyatini tashkil etish tartibi ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan belgilanadi.
14. Ilmiy-texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlovchi ishchi guruh oʻz faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
radiatsiyaviy avariya yuzaga kelishi xavfini hamda sodir boʻlgan radiatsiyaviy avariyaning kechishini tahlil qilish, uning kelib chiqish sabablarini aniqlash va rivojlanishining ehtimoliy yoʻnalishlarini prognoz qilish;
reaktor qurilmasi, uning uskunalari va konstruksiyalarining shikastlanish darajasini, atom elektr stansiyasining xavfsizlik funksiyalari bajarilishi holatini, shuningdek ionlashtiruvchi nurlanish va radioaktiv moddalar tarqalishining oldini oluvchi fizik toʻsiqlar holatini tahlil qilish;
atom elektr stansiyasining nazorat qilinadigan xavfsiz holatga keltirish variantlarini ishlab chiqish, radiatsiyaviy avariyaning rivojlanishi va kengayishiga yoʻl qoʻymaslik, uning oqibatlarini kamaytirish hamda bartaraf etish boʻyicha takliflar tayyorlash;
radiatsiyaviy avariyaning atom elektr stansiyasiga, uning xodimlariga (personal), aholiga va atrof-muhitga mavjud hamda ehtimoliy radiatsiyaviy taʼsirini tahlil qilish va prognoz qilish;
atom elektr stansiyasi xodimlarini (personal) radiatsiyaviy taʼsirdan muhofaza qilish boʻyicha takliflar tayyorlash.
15. Shoshilinch yordam koʻrsatish guruhi ilmiy-texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlovchi ishchi guruhlar tomonidan tayyorlangan tahliliy materiallar va xulosalar asosida quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
radiatsiyaviy avariya yuzaga kelishi xavfini hamda sodir boʻlgan radiatsiyaviy avariyaning rivojlanish holatini oʻrganishni;
atom elektr stansiyasini nazorat qilinadigan xavfsiz holatga keltirish boʻyicha takliflar tayyorlashni;
avariya-qutqaruv ishlari va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishni;
radiatsiyaviy avariya oqibatlarini bartaraf etishga jalb qilingan kuchlar va vositalarga texnik hamda ekspert yordam koʻrsatishni.
16. Ichki avariyaviy boshqaruv shtabi atom elektr stansiyasi hududidagi himoyalangan boshqaruv punktida, tashqi avariyaviy boshqaruv shtabi esa atom elektr stansiyasi hududidan tashqaridagi xavfsiz joyda tashkil etiladi.
17. Ichki avariyaviy boshqaruv shtabi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
atom elektr stansiyasi hududida avariyaga qarshi harakatlarni tezkor boshqarish va muvofiqlashtirishni;
radiatsiyaviy avariyaning kechishi, atom elektr stansiyasining texnologik holati hamda radiatsiyaviy vaziyat toʻgʻrisidagi axborotni qabul qilish, umumlashtirish va tahlil qilishni;
atom elektr stansiyasini nazorat qilinadigan xavfsiz holatga keltirish boʻyicha qarorlar qabul qilish uchun takliflar tayyorlashni;
xodimlarni (personal) muhofaza qilish boʻyicha tadbirlar rejasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini tashkil etishni;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning avariyani lokalizatsiya qilish va uning oqibatlarini bartaraf etishga jalb qilingan kuchlari hamda vositalari faoliyatini muvofiqlashtirishni;
xodimlar (personal)ning radiatsiyaviy va dozimetrik nazoratini tashkil etish hamda ular olgan nurlanish dozalarini hisobga olishni.
18. Tashqi avariyaviy boshqaruv shtabi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
ichki avariyaviy boshqaruv shtabidan foydalanish imkoni boʻlmaganda yoki uning faoliyat koʻrsatishi xavfli boʻlib qolganda radiatsiyaviy avariyaga qarshi harakatlarni boshqarishning uzluksizligini taʼminlashni;
atom elektr stansiyasidan olinayotgan texnologik va radiatsiyaviy axborotni qabul qilish, umumlashtirish, tahlil qilishni;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotning atom elektr stansiyasi hududidan tashqarida joylashgan kuchlari va vositalari faoliyatini muvofiqlashtirishni;
atom elektr stansiyasiga qoʻshimcha kuchlar, moddiy-texnik resurslar, transport, aloqa vositalari va boshqa zarur yordamni yetkazib berishni tashkil etish boʻyicha takliflar tayyorlashni.
19. Ichki va tashqi avariyaviy boshqaruv shtablarini muhandislik-texnik jihatdan himoyalash, jihozlash va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun zarur tizimlar bilan taʼminlash atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutiladi.
20. Ichki va tashqi avariyaviy boshqaruv shtablari joylashgan boshqaruv punktlari quyidagilar bilan taʼminlanishi shart:
radiatsiyaviy avariyaga qarshi harakatlarni amalga oshirishga jalb etilgan tashkilotlar va shaxslar bilan aloqa oʻrnatishning asosiy hamda zaxira vositalari;
atom elektr stansiyasining texnologik parametrlari, shuningdek uning maydonchasi, sanitariya-muhofaza zonasi va kuzatuv zonasidagi radiatsiyaviy vaziyat toʻgʻrisidagi axborotni qabul qilish, qayta ishlash, aks ettirish, saqlash va qayd etish vositalari;
energobloklarning boshqaruv punktlari va zaxira boshqaruv punktlari, energobloklar hamda tegishli tarkibiy boʻlinmalarning smena boshliqlari, shuningdek avariya oqibatlarini bartaraf etishga jalb qilingan tashkilotlar bilan aloqa vositalari;
radiatsiyaviy avariya sharoitida boshqaruv punktlarining uzluksiz faoliyat koʻrsatishini taʼminlovchi texnik vositalar;
asosiy elektr taʼminoti uzilganda avtomatik ravishda ishga tushadigan mustaqil zaxira elektr taʼminoti manbalari;
radiatsiyaviy va dozimetrik nazorat vositalari hamda yakka tartibdagi himoya vositalari.
21. Atom elektr stansiyasi maydonchasiga birinchi yadro yoqilgʻisi olib kirilguniga qadar atom elektr stansiyasi rahbarlari va xodimlari (personal) tarkibidan radiatsiyaviy avariyalarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish hamda atom elektr stansiyasining yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi komissiya (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tuziladi.
Komissiyaning tarkibi, vazifalari, huquqlari, majburiyatlari, raisi, qarorlar qabul qilish va faoliyatini tashkil etish tartibi ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Komissiya majlislarida xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga soluvchi organlar vakillari, boshqa vakolatli davlat organlarining vakillari hamda radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik sohasidagi mutaxassislar kelishuv asosida ishtirok etishi mumkin.
22. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi maydonchasiga birinchi yadro yoqilgʻisi olib kirilguniga qadar radiatsiyaviy avariyaga qarshi harakatlarni amalga oshirish uchun zarur moddiy-texnik vositalarning toʻliq jamlanishi va foydalanishga tayyor holatga keltirilishini taʼminlashi shart.
Ushbu vositalardan faqat radiatsiyaviy avariyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish, oʻquv mashqlari va mashgʻulotlarini oʻtkazish, shuningdek ularning texnik holati hamda foydalanishga tayyorligini tekshirish maqsadlarida foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
23. Radiatsiyaviy nazorat va individual dozimetrik nazoratni amalga oshirishda qoʻllaniladigan oʻlchash vositalari oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlash sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq qiyoslashdan yoki kalibrlashdan oʻtkazilgan hamda foydalanishga yaroqli boʻlishi shart.
Mazkur oʻlchash vositalari atom elektr stansiyasi maydonchasi, sanitariya-muhofaza zonasi va kuzatuv zonasidagi radiatsiyaviy vaziyatni nazorat qilish, atrof-muhit obyektlaridan olingan namunalardagi radionuklidlar miqdorini aniqlash, shuningdek xodimlar (personal) va avariya oqibatlarini bartaraf etishga jalb etilgan shaxslarning individual nurlanish dozalarini nazorat qilish va hisobga olish uchun qoʻllaniladi.
24. Atom elektr stansiyasi xodimlari (personal), shuningdek atom elektr stansiyasi maydonchasi va sanitariya-muhofaza zonasida vaqtincha boʻlgan boshqa shaxslar ogohlantirish signalini olgandan keyin bajariladigan harakatlar boʻyicha oldindan yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazilishi shart.
Yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazilganlik tegishli qayd jurnali yoki axborot tizimida qayd etiladi.
25. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot avariya holatida harakat qilish boʻyicha amaliy koʻnikmalarni, kuchlar va vositalarning shayligini hamda jalb etiladigan tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni tekshirish uchun avariyaga qarshi oʻquv mashqlari va mashgʻulotlarini tasdiqlangan reja va jadvallarga muvofiq tashkil etadi hamda oʻtkazadi.
Shoshilinch yordam koʻrsatish guruhi hamda radiatsiyaviy avariyaning rivojlanishi va kengayishiga yoʻl qoʻymaslik hamda oqibatlarini bartaraf etish uchun moʻljallangan kuchlar va vositalar jalb etiladigan obyekt miqyosidagi avariyaga qarshi oʻquv mashqi yiliga kamida bir marta oʻtkazilishi shart.
26. Oʻquv mashqlari va mashgʻulotlari natijalari boʻyicha dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomada aniqlangan kamchiliklar, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari, bajarish muddatlari va masʼul ijrochilar koʻrsatiladi.
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot aniqlangan kamchiliklarning belgilangan muddatlarda bartaraf etilishini nazorat qiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
27. Ushbu Yoʻriqnoma talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Atom elektr stansiyasida radiatsiyaviy avariya yuzaga kelish xavfi mavjud boʻlganda yoki radiatsiyaviy avariya sodir boʻlganda obyekt darajasidagi avariya holatini eʼlon qilish, tezkor axborot uzatish va shoshilinch yordam koʻrsatishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
ILOVA
ILOVA
Atom elektr stansiyasi xonalari va hududida, sanitariya-muhofaza zonasida hamda kuzatuv zonasida “Avariyaviy tayyorgarlik” va “Avariyaviy holat” rejimlarini eʼlon qilish uchun ionlashtiruvchi nurlanish doza quvvati mezonlari
Holatni aniqlash joyi | “Avariyaviy tayyorgarlik” rejimi | “Avariyaviy holat” rejimi |
Nazorat qilinadigan zonadagi personal doimiy boʻladigan xonalar | 10 mkZv/soat | 600 mkZv/soat |
Atom elektr stansiyasi maydonchasi va sanitariya-muhofaza zonasi | 2,5 mkZv/soat | 200 mkZv/soat |
Atom elektr stansiyasining kuzatuv zonasi | 0,1 mkZv/soat1 | 20 mkZv/soat |
1 Tabiiy radiatsiya foniga nisbatan oshish qiymati.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2026-y., 10/26/3928/0858-son)