OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QURILISH VA UY-JOY KOMMUNAL XOʻJALIGI VAZIRINING
BUYRUGʻI
Koʻp kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 14-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3824-1]
Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 214-son “Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2026-yil 17-apreldagi 01/2-17-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3824, 2026-yil 29-aprel) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2026-y., 10/26/3824/0432-son) bilan tasdiqlangan Koʻp kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir SH. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2026-yil 10-iyul,
01/2-28-son
Kelishildi:
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. IKRAMOV
2026-yil 26-iyun
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisi A. RAFIQOV
2026-yil 8-iyun
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2026-yil 3-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2026-yil 10-iyuldagi 01/2-28-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 7 va 8-bandlarning birinchi xatboshilaridan va 10-bandning yigirma birinchi xatboshisidan “(ijarachilar, ijaraga oluvchilar)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
2. Quyidagi mazmundagi 81-band bilan toʻldirilsin:
“81. Mulkdorlar oʻzlari ijaraga bergan koʻp kvartirali uylardagi joylardan foydalanayotgan ijaraga oluvchilar (ijarachilar) tomonidan mazkur Qoidalar talablariga rioya etilishini taʼminlashlari lozim.”.
3. 26-bandning beshinchi xatboshisidagi “darhol” degan soʻz “bir oy ichida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 38-bandning ikkinchi xatboshisidan “, bir oyda kamida bir marotaba devorlari bilan qoʻshib yuvilishi kerak” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
5. 50-banddan “hamda infratuzilma obyektlarini” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
6. 54-bandda:
1) toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“issiqlik oʻtkazuvchi quvurlarning issiqlik izolyatsiyalarini but holatda saqlashi (koʻp kvartirali uylarning yertoʻla qismidan tranzit tarzda oʻtadigan magistral issiqlik tarmoqlari bundan mustasno)”;
2) quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Koʻp kvartirali uylarning yertoʻla qismidan tranzit sifatida oʻtadigan magistral issiqlik tarmoqlarida nosozliklar aniqlangan taqdirda, boshqarish organi bu haqda issiqlik taʼminoti tashkilotini xabardor qiladi va ularga xizmat koʻrsatish uchun kirish imkoniyatini taʼminlaydi.”.
7. 85-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Sovutish va isitish qurilmalarining jihozlarini (split) kirish yoʻlaklariga oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi.”.
8. Quyidagi mazmundagi 971 — 973-bandlar bilan toʻldirilsin:
“971. Boshqarish organi liftlarning butun foydalanish muddati davomida avariyasiz va xavfsiz ishlashini taʼminlashi lozim (liftlarga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun toʻxtatib qoʻyilgan muddat bundan mustasno).
972. Boshqarish organi liftlar faoliyati ustidan dispetcherlik nazoratini oʻrnatishi hamda quyidagilarni taʼminlashi lozim:
liftdagi avariya-qutqaruv qurilmasi, kuzatuv kamerasi, aloqani kuchaytirish qurilmasi, avariya holatlari toʻgʻrisida xabar berish vositalarini soz holatda saqlashi;
lift kabinalaridan va mashina xonasidan operatorni ikki tomonlama soʻzlashuv aloqasiga chaqiruvchi chiroqli va tovushli signalizatsiya oʻrnatilishi va soz holatda saqlashi;
dispetcherlik punkti, lift kabinasi va mashina xonasida aloqa vositalari oʻrnatilishi va soz holatda saqlashi;
shaxta, mashina yoki blok xonalarining eshiklari ochilganligi va yopilganligi haqidagi chiroqli signalizatsiya oʻrnatilishi va soz holatda saqlashi.
liftning butun foydalanish muddati davomida lift jurnalini saqlashi;
liftga har oy texnik xizmat koʻrsatilishini va yillik davriy texnik koʻrikdan oʻtkazilishini taʼminlashi;
xavfli holatlar (avariya, nosozliklar va boshqa) toʻgʻrisida darhol liftlarga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilotga xabar berishi;
shaxta, mashina yoki blok xonalarining eshiklari ochilganligi va yopilganligi haqidagi chiroqli signalizatsiya oʻrnatilishi;
nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan liftlardan xavfsiz foydalanilishini taʼminlashi;
liftda taqiqlangan yuklarni tashishga yoʻl qoʻymasligi.
973. Lift kabinasida liftdan foydalanish qoidalari hamda quyidagilar koʻrsatilgan lavha osilishi kerak:
liftning nomi (maqsadi boʻyicha);
yuk koʻtarish qobiliyati (ruxsat etilgan yoʻlovchilar soni bilan);
“Xavfsiz lift” elektron platformasidagi qayd raqami va davriy texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
liftlarga texnik xizmat koʻrsatuvchi tashkilot yoki avariya xizmati bilan aloqa qilish uchun telefon raqami.
Lift shaxtasi, mashina xonasi va unga kirish joyi boʻsh va yorugʻ boʻlishi lozim.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2026 y., 10/26/3824-1/0846-son)