Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
Buyrug'i
SHNQ 2.07.07-24 “Yer osti makonlari” shaharsozlik normalari va qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 11-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, hisob raqami 412]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-iyundagi PQ-220-son “2026-yilda Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. SHNQ 2.07.07-24 “Yer osti makonlari” shaharsozlik normalari va qoidalariga (hisob raqami 343, 2025-yil 15-aprel) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Transport vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir SH. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2026-yil 31-iyul,
01/2-31-son
Kelishildi:
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2026-yil 2-iyul
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi B. YUSUPALIYEV
2026-yil 14-iyul
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari S. ESHQUVVATOV
2026-yil 17-iyul
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. IKRAMOV
2026-yil 29-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2026-yil 31-iyuldagi 01/2-31-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
SHNQ 2.07.07-24 “Yer osti makonlari” shaharsozlik normalari va qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandda:
oʻttiz beshinchi xatboshidagi “GOST 31937-2011” degan soʻzlar “GOST 31937-2024” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oʻttiz oltinchi xatboshidagi “GOST 24846-2012” degan soʻzlar “GOST 24846-2019” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Quyidagi mazmundagi 431 — 439-bandlar bilan toʻldirilsin:
“431. Yer osti piyodalar oʻtish yoʻlaklarida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini loyihalashda tunnelning koʻndalang kesimida quyidagilar nazarda tutilishi lozim:
piyodalarning harakatlanishi uchun kengligi kamida 3 m boʻlgan uzluksiz va toʻsiqlardan holi yoʻlak;
har bir savdo va xizmat koʻrsatish obyekti oldida xaridorlarning kutishi hamda navbatda turishi uchun kengligi kamida 1 m boʻlgan zona;
savdo va xizmat koʻrsatish obyektida xodimning ish joyi hamda zarur jihozlarni joylashtirish uchun kengligi kamida 2 m boʻlgan zona.
Savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari yoʻlakning bir tomonida joylashtirilganda yer osti piyodalar oʻtish tunnelining ichki kengligi piyodalar oqimining hisobiy jadalligidan kelib chiqib aniqlanishi, biroq kamida 6 m, yoʻlakning har ikki tomonida joylashtirilganda esa kamida 9 m boʻlishi lozim.
432. Yer osti piyodalar oʻtish joylarida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirishda piyodalar harakat yoʻlagining SHNQ 2.07.06-24 da belgilangan normativ oʻtkazuvchanlik qobiliyati taʼminlanishi lozim.
433. Yer osti piyodalar oʻtish yoʻlaklarida quyidagilarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi:
yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarni saqlash hamda sotish obyektlari;
siqilgan va suyultirilgan yonuvchi gazlar bilan toʻldirilgan ballonlarni saqlash xonalari;
piroteхnika buyumlarini saqlash va sotish obyektlari;
portlash-yonish va yongʻin xavfi boʻyicha A va B toifalarga mansub ishlab chiqarish hamda omborxona xonalari;
akkumulyator batareyalarini zaryadlash xonalari.
434. Yer osti piyodalar oʻtish yoʻlaklarida joylashtiriladigan savdo va xizmat koʻrsatish xonalarining konstruksiyalari, osma shiftlari hamda izolyatsiya qatlamlari yonmaydigan materiallardan tayyorlanishi lozim.
435. Yer osti piyodalar oʻtish joylarida joylashtiriladigan savdo va (yoki) xizmat koʻrsatish xonalari boshqa funksional vazifadagi xonalardan 2-turdagi yongʻinga qarshi pardevorlar bilan ajratilishi lozim.
436. Yer osti piyodalar oʻtish joylarida joylashtiriladigan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari SHNQ 2.01.02-04 hamda SHNQ 2.04.09-21 talablariga muvofiq yongʻin avtomatikasi tizimlari bilan jihozlanishi lozim.
Bunda avtomatik yongʻin signalizatsiyasi tizimi yoki avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmasi ishga tushganligi haqidagi signal eng yaqin yongʻin-qutqaruv qismi dispetcherlik xizmatiga avtomatik ravishda uzatilishi taʼminlanishi kerak.
437. Savdo joylari, kiosklar va boshqalarni yer osti piyodalar oʻtish joylarining zinapoya marshlari, zinapoya maydonchalari, panduslari, evakuatsiya yoʻllari, shuningdek kirish va chiqish zonalarida joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
438. Evakuatsiya chiqish joylari va evakuatsiya yoʻnalishlari SHNQ 2.01.05-24 ga muvofiq yoritiladigan evakuatsiya xavfsizlik belgilari bilan koʻrsatilishi lozim. Mazkur belgilarning elektr taʼminoti uzilganda ham ushbu SHNQda belgilangan vaqt davomida ishlashi taʼminlanishi kerak.
439. Yer osti piyodalar oʻtish joylarida joylashtiriladigan umumiy ovqatlanish obyektlarida oziq-ovqat mahsulotlarini pishirish, qovurish, isitish va qayta isitish uchun faqat elektr energiyasida ishlaydigan hamda qizib ketishdan avtomatik himoya qurilmasi bilan jihozlangan texnologik uskunalardan foydalanish lozim.”.
3. 74-banddagi “GOST 31937-2011” va “GOST 24846-2012” degan soʻzlar tegishli ravishda “GOST 31937-2024” hamda “GOST 24846-2019” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 2-ilovaning 3-jadvali 3-pozitsiyasidagi “Professional” degan soʻz “Kasbiy” degan soʻz bilan almashtirilsin.
5. 3-ilovaning oʻttiz uchinchi pozitsiyasidagi “kanalizatsiya” degan soʻz “oqova suvlarni chiqarib yuborish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.