Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Markazlashgan kliring va markaziy kontragent faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 26-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3842]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son “Kapital bozorini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Markazlashgan kliring va markaziy kontragent faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-may,
13/4-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2026-yil 8-aprel
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D. LI
2026-yil 18-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 5-maydagi 13/4-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Markazlashgan kliring va markaziy kontragent faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom valyuta birjasida moliyaviy instrumentlar bilan tuzilgan bitimlar boʻyicha kliring, markazlashgan kliring va markaziy kontragent faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlari uchun quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
kliring — kliring ishtirokchilarining moliyaviy instrumentlar boʻyicha oʻzaro majburiyatlarini aniqlash, aniqlashtirish va hisobga olish jarayoni;
kliring ishtirokchisi — moliyaviy instrumentlar boʻyicha kliring va hisob-kitoblar jarayonida ishtirok etuvchi yuridik shaxs. Kliring ishtirokchilari risklarni kamaytirish maqsadida hisob-kitoblar va kliring qoidalariga koʻra toifalarga boʻlinishi mumkin;
marja badali — kliring ishtirokchisi tomonidan moliyaviy instrumentlar boʻyicha majburiyatlar bajarilishini taʼminlash uchun markaziy kontragentning hisobvaragʻiga oʻtkazilishi shart boʻlgan pul mablagʻlari yoki yuqori likvidli aktivlar;
markaziy kontragent — moliyaviy instrumentlar boʻyicha kliring ishtirokchilari uchun markazlashgan kliring faoliyatini amalga oshiruvchi va bitimlar boʻyicha tomonlar uchun kontragent vazifasini bajaruvchi tashkilotlar (bundan buyon matnda kliring tashkilotlari deb yuritiladi);
markazlashgan kliring — moliyaviy instrumentlar boʻyicha kliring faoliyatini markazlashgan holda kliring tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi jarayoni;
moliyaviy instrumentlar — kliring faoliyatini amalga oshirish uchun qabul qilingan pul mablagʻlari va davlat qimmatli qogʻozlari hamda qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa moliyaviy instrumentlar;
taʼminot — bitimlar ijrosi boʻyicha marja badallari shaklidagi taʼminot sifatida, shuningdek, kliring ishtirokchisining majburiyatlarini bajarilishini kafolatlash maqsadida hisobga olinadigan davlat qimmatli qogʻozlari, milliy yoki chet el valyutasidagi pul mablagʻlari va qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa yuqori likvidli aktivlar.
2. Valyuta birjasida moliyaviy instrumentlar bilan tuzilgan bitimlar boʻyicha kliring, markazlashgan kliring va markaziy kontragent faoliyati kliring tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
3. Kliring tashkilotlari tomonidan kliring, markazlashgan kliring va markaziy kontragent faoliyatini bajarishda quyidagilar amalga oshiriladi:
kliring ishtirokchilariga hisobvaraqlar ochish va yuritish;
hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun Markaziy bankda vakillik hisobvaragʻini ochish va yuritish;
kliring va markazlashgan kliring natijalariga koʻra kliring ishtirokchilari bilan pul mablagʻlarida hisob-kitoblarni amalga oshirish;
risklarni boshqarish va kliring ishtirokchilari tomonidan majburiyatlarni bajarmaslik bilan bogʻliq holatlarni (defolt) oldini olish boʻyicha mexanizmlar ishlab chiqish;
yangi hisob-kitoblar (kliring) modelining bir qismi sifatida risk menejmenti amaliyotini joriy etish;
risklarni boshqarishda davlat qimmatli qogʻozlari va boshqa moliyaviy instrumentlardan foydalanish;
tuzilgan bitimlar yuzasidan axborotlarni qabul qilish, ishlov berish, taqqoslash va toʻgʻrilash;
tuzilgan bitimlar shartlari, ularning tasdiqlanganligi, toʻliq yoki qisman bajarilganligi yoki bajarilmaganligi haqidagi maʼlumotlar hisobini yuritish;
tuzilgan bitimlar natijasida vujudga kelgan talab va majburiyatlarni aniqlash;
kliring va markazlashgan kliring natijalariga koʻra kliring topshiriqnomalarini shakllantirish va yuborish;
hisob-kitoblarni kliring topshiriqnomalari asosida bajarish.
4. Kliring tashkilotlari tomonidan yangi hisob-kitoblar (kliring) modelining bir qismi sifatidagi risk menejmenti amaliyotini joriy etish uchun quyidagi shart-sharoitlar yaratilishi lozim:
tuzilgan bitimlar boʻyicha oʻzaro majburiyatlarni belgilash, aniqlashtirish va hisobga olish, majburiyatlar bajarilishini taʼminlash boʻyicha hisob-kitoblar va kliring qoidalarini ishlab chiqish hamda tasdiqlash;
kliring ishtirokchilari oʻrtasida tuzilgan bitimlar boʻyicha majburiyatlarni markaziy kontragent ishtirokidagi yangi majburiyatlar bilan almashtirish (novatsiya) va (yoki) bitim tuzilayotgan paytning oʻzida kliring tashkilotlarini markaziy kontragent sifatida bevosita ishtirok etishini nazarda tutuvchi mexanizmlarni yaratish;
oʻz aktivlari hisobidan shakllantirilgan zaxira fondini va kliring ishtirokchilarining badallari hisobidan shakllantirilgan kafolat fondlarini saqlash va ulardan foydalanish;
risklarni kamaytirishga qaratilgan marja badallari tizimini shakllantirish;
kliring ishtirokchilarining moliyaviy holatini monitoring qilish va hisob-kitoblar va kliring qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
Risk menejmenti amaliyotini joriy etishda qonunchilikka muvofiq boshqa shart-sharoitlar ham yaratilishi mumkin.
5. Moliyaviy instrumentlarning oldi-sotdi bitimlari boʻyicha kliring, markazlashgan kliring va pul mablagʻlaridagi hisob-kitoblar kliring tashkilotlari tomonidan bitim tuzilganligini tasdiqlovchi hujjat hamda hisob-kitoblar va kliring qoidalariga muvofiq kliring topshiriqnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Bunda, kliring tashkilotlari tomonidan kliring ishtirokchisi boʻlgan tijorat banklari, shu jumladan mikromoliya banklarining hamda investitsiya vositachilarining pul mablagʻlaridagi majburiyatlarini ularning Markaziy bankdagi vakillik hisobvaragʻidan (investitsiya vositachisining bank hisobvaragʻidan) kliring tashkilotlari hisobvaragʻiga taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida akseptsiz tartibda oʻtkazish orqali bajarilishi mumkin.
6. Markazlashgan kliring va markaziy kontragent faoliyati moliyaviy instrumentlar boʻyicha avtomatlashtirilgan elektron kliring tizimi orqali amalga oshiriladi.
2-bob. Markazlashgan kliring va markaziy kontragent faoliyatiga qoʻyiladigan talablar
7. Kliring tashkilotlari markazlashgan kliring va markaziy kontragent sifatida faoliyatni yuritishda:
kliring ishtirokchilari uchun barcha bitimlar boʻyicha yagona kontragentga aylanish orqali ularning pul mablagʻlari yoki boshqa moliyaviy instrumentlarini yetkazib berish boʻyicha majburiyatlarini bajarmaslik tavakkalchiligini oʻz zimmasiga oladi;
kliring ishtirokchilari ehtimoliy defolt holatlarini oldini olish uchun risklarni boshqarishning samarali mexanizmlariga ega boʻlishi kerak;
oʻzining likvidlikka boʻlgan ehtiyoji darajasi va har bir kliring ishtirokchisi uchun kredit xatarlarini muntazam ravishda baholaydi;
kliring ishtirokchilari uchun marja badallarini belgilaydi va ularni muntazam ravishda qayta baholaydi;
bitta va (yoki) undan ortiq kliring ishtirokchisining defolt holatiga uchrashini oldini olish uchun zaxira va (yoki) kafolat fondlariga ega boʻlishi kerak;
oʻz hisobvaraqlarida kliring ishtirokchilarining marja badallari hisobiga qoplanadigan zararlarni qoplash darajasidan oshadigan ehtimoliy zararlarni qoplash uchun yetarli hajmdagi mablagʻlar mavjudligini taʼminlaydi;
defolt holatida pul mablagʻlari va boshqa aktivlardan foydalanish tartibini belgilaydi;
oʻzida samarali va ehtiyotkorlik bilan boshqarishni taʼminlovchi, jumladan kliring ishtirokchilari oʻrtasida masʼuliyatning taqsimlanishini va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha boshqaruv tuzilmasini joriy etadi.
3-bob. Hisob-kitoblar va kliringni amalga oshirish qoidalari
8. Hisob-kitoblar va kliring qoidalari kliring tashkilotlari tomonidan Markaziy bank bilan kelishgan holda tasdiqlanadi hamda kliring va markazlashgan kliringda ishtirok etish, shu jumladan hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi va shartlarini belgilaydi.
9. Hisob-kitoblar va kliring qoidalarida quyidagilar belgilanishi lozim:
kliring ishtirokchilariga qoʻyiladigan talablar, jumladan, toʻlov qobiliyatini taʼminlash majburiyatlari;
kliring ishtirokchisi maqomini berish, vaqtincha toʻxtatish va (yoki) bekor qilish tartibi va shartlari;
kliring ishtirokchilari tomonidan kliring tashkilotlariga taqdim etiladigan axborotlar roʻyxati hamda ularning moliyaviy holatini monitoring qilish tartibi;
kliring ishtirokchilaridan olinadigan maʼlumotlardan foydalanish tartibi;
zaxira va kafolat fondlarini shakllantirish tartibi va shartlari, undagi aktivlarni hisobga olish hamda ulardan foydalanish tartibi;
badallar, yigʻimlar, vositachilik mukofotlari miqdorlari va koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq undirish va toʻlash tartibi;
tuzilgan bitimlar boʻyicha maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va saqlash hamda tafovutlar mavjud boʻlganda ularni tuzatish tartibi;
tuzilgan bitimlarning parametrlarini hisobga olish va tasdiqlash tartibi;
kliring ishtirokchilarining majburiyatlari va (yoki) talablarini aniqlash tartibi;
kliring va markazlashgan kliringni amalga oshirish tartibi;
kliring natijalari boʻyicha majburiyatlarni bajarish usullari va shartlari;
hisob-kitoblarni oʻtkazish shartlari va tartibi;
kliring ishtirokchilariga kliring natijalari yuzasidan hisobot taqdim etish tartibi;
kliring natijalari boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etish tartibi;
qoidalarni buzganlik uchun jarimalar miqdorlari va ularni undirish tartibi;
risklarni boshqarish tartibi;
defolt holatlarini boshqarish tartibi;
nizolarni hal qilish tartibi.
10. Hisob-kitoblar va kliring qoidalariga rioya etish kliring ishtirokchilari uchun majburiy hisoblanadi.
11. Kliring tashkilotlari hisob-kitoblar va kliring qoidalarini tasdiqlaganidan yoki ularga oʻzgartish va (yoki) qoʻshimchalar kiritganidan soʻng ularni bir ish kuni ichida oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi hamda besh ish kuni ichida kliring ishtirokchilarini bu haqida xabardor qiladi.
4-bob. Tavakkalchiliklarni boshqarishga va ichki nazorat tizimiga qoʻyiladigan minimal talablar
12. Kliring tashkilotlarining tavakkalchiliklarini chegaralash, ularning faoliyati barqarorligini taʼminlash hamda ustav kapitali qiymatini saqlab turish uchun tavakkalchiliklar samarali aniqlanishi va boshqarilishi lozim.
13. Kliring tashkilotlarida tavakkalchiliklarni boshqarish siyosati ishlab chiqiladi va ushbu siyosat likvidlilik, operatsion hamda boshqa tavakkalchiliklarni boshqarishni nazarda tutishi kerak.
14. Kliring tashkilotlarida tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitasi tuziladi. Ushbu qoʻmita tavakkalchiliklarni boshqarishga oid siyosatni ishlab chiqadi hamda tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha samarali nazoratni amalga oshiradi.
15. Tavakkalchiliklarni boshqarish qoʻmitasi tomonidan tavakkalchiliklarni boshqarishga oid siyosatga zaruratga koʻra oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Mazkur siyosat har 3 yilda kamida bir marta qayta koʻrib chiqiladi.
5-bob. Zaxira va kafolat fondlarini shakllantirish
16. Tuzilgan bitimlarning ijrosini taʼminlash maqsadida kliring tashkilotlarida zaxira va (yoki) kafolat fondlari shakllantiriladi.
17. Zaxira va kafolat fondlari kliring tashkilotlarining oʻz mablagʻlari, kliring ishtirokchilarining mablagʻlari hamda qonunda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga shakllantiriladi. Kliring tashkilotlari mazkur fondlarning mablagʻlaridan foydalanishga haqli.
18. Kliring ishtirokchisi oʻz majburiyatlarini toʻliq yoki qisman bajarmagan yoxud lozim darajada bajarmagan taqdirda, kliring tashkilotlari hisob-kitoblar va kliring qoidalarida belgilangan tartibda zaxira va (yoki) kafolat fondlaridan foydalanadi.
Kliring tashkilotlari zaxira va kafolat fondlarining aktivlaridan foydalangan taqdirda, moliyaviy instrumentlar bilan tuzilgan bitimlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini toʻliq yoki qisman bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan kliring ishtirokchisidan ushbu aktivlarni toʻliq hajmda qaytarishni talab qilishi mumkin.
Kliring ishtirokchisi tomonidan zaxira va kafolat fondlarining aktivlari toʻliq hajmda qaytarilganda, kliring tashkilotlari hisob-kitoblar va kliring qoidalariga muvofiq mazkur kliring ishtirokchisining talablari boʻyicha pul mablagʻlari va (yoki) boshqa aktivlarini qaytaradi.
19. Kliring tashkilotlari zaxira va kafolat fondlari tarkibiga kiruvchi pul mablagʻlari, shuningdek, kliring ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan marja badallari va boshqa turdagi taʼminot aktivlarini qaytarib berish sharti asosida yuqori likvidli aktivlarga investitsiya qilishi mumkin.
20. Zaxira va (yoki) kafolat fondlariga, marja badallariga, shuningdek, boshqa taʼminot shakllariga kiritilgan badallar (aktivlar) hisobi kliring tashkilotlarining boshqa mol-mulki va aktivlaridan alohida tarzda yuritiladi.
6-bob. Moliyaviy hisobot va audit
21. Kliring tashkilotlarining yillik moliyaviy hisobotlari Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari hamda ularning tarkibi va mazmuni toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3567, 2024 yil 4-noyabr) asosida tuziladi hamda auditorlik tekshiruvidan oʻtkaziladi.
22. Kliring tashkilotlarining auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilgan yillik moliyaviy hisoboti, auditorlik tekshiruvi va auditorlik xulosasi natijasi boʻyicha kliring tashkilotlari rahbariyatiga berilgan tavsiyalar hisobot yilidan keyingi yilning 1-mayidan kechiktirmay kliring tashkilotlari tomonidan Markaziy bankka taqdim etiladi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
23. Kliring ishtirokchilari kliring tashkilotlarining qarorlari va harakatlari (harakatsizligi)dan norozi boʻlgan taqdirda Markaziy bankka, shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
24. Kliring tashkilotlarining markazlashgan kliringni amalga oshirish va markaziy kontragent sifatidagi faoliyatini tartibga solish va ular ustidan nazorat Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.
Markaziy bankning qaroridan norozi boʻlgan kliring tashkilotlari qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
25. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.05.2026 y., 10/26/3842/0539-son)