OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASH VAZIRLIGI HUZURIDAGI SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIK OSOYISHTALIK VA JAMOAT SALOMATLIGI QOʻMITASINING
QARORI
Tadqiqot yadro reaktorlari mavjud tashkilotlarga va tadqiqot yadro reaktorlaridan foydalanishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0109-26-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 13-martda hisobga olindi, hisob raqami 390]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi, “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-son “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Tadqiqot yadro reaktorlari mavjud tashkilotlarga va tadqiqot yadro reaktorlaridan foydalanishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0109-26-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2001-yil 17-sentabrda tasdiqlangan “Yadro tadqiqot reaktorlari ishida sanitar qoidalari” (0110-01-son SanQvaN) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi bilan kelishilgan.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-fevral,
27-son
Kelishildi:
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri SH. XIDOYATOV
2026-yil 10-fevral
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri oʻrinbosari I. QUTBIDDINOV
2026-yil 31-yanvar
Favqulodda vaziyatlar vaziri B. KUDRATXODJAYEV
2026-yil 20-yanvar
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2026-yil 20-yanvar
Atom energiyasi agentligi direktori A. AXMEDXADJAYEV
2026-yil 16-yanvar
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisi A. RAFIQOV
2026-yil 12-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2026-yil 24-fevraldagi 27-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tadqiqot yadro reaktorlari mavjud tashkilotlarga va tadqiqot yadro reaktorlaridan foydalanishga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0109-26-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) tadqiqot yadro reaktorlari mavjud tashkilotlarni (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) joylashtirish uchun maydonchani tanlash va tashkilot hududini rejalashtirishga, hududning sanitariya-gigiyena holatini taʼminlashga, tadqiqot yadro reaktorlaridan foydalanish jarayoniga, shuningdek xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur sanitariya qoidalarida quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
sanitariya-muhofaza zonasi — alohida foydalanish rejimiga ega maxsus hudud;
kuzatuv zonasi — yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti ushbu zonada yashovchi aholiga radiatsiyaviy taʼsir koʻrsatishi ehtimoli mavjud boʻlgan hudud;
xavfsizlik zonasi — alohida huquqiy rejimga ega hudud;
tadqiqot yadro reaktorlari — ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, texnik va tibbiy maqsadlarda yadroviy jarayonlarni oʻrganish, yangi materiallarni sinovdan oʻtkazish, neytron manbai sifatida foydalanish hamda yadro texnologiyalarini rivojlantirish uchun moʻljallangan yadro reaktori.
2-bob. Tashkilotlarni joylashtirish uchun maydonchani tanlash va uning hududiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
2. Tashkilotlarni joylashtirish uchun maydonchani tanlashda aholining xavfsizligini taʼminlash va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida quyidagi omillar inobatga olinishi lozim:
tabiiy omillar (yer maydonchasining zilzila, suv toshqini va boshqa tabiiy hodisalarga bardoshliligi, yer osti suvlari, suv bosish xavfi va tuproqning yemirilishga moyilligi);
texnogen omillar (tadqiqot yadro reaktorlarining xavfsiz ishlashiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan shamol kuchi, qor qoplami, harorat tebranishlari);
radiatsiya-gigiyenik omillar (yer maydonchasining fon nurlanishi va ehtimoliy ifloslanish manbalari);
infratuzilmaviy omillar (tadqiqot yadro reaktorining xavfsiz ishlashi, uzluksiz resurs taʼminoti va favqulodda vaziyatlarda tezkor chora koʻrish imkonini beradigan barcha tashqi kommunikatsiyalar va xizmatlar).
3. Tashkilotlarning hududi quyidagi zonalarga boʻlinishi lozim:
sanitariya-muhofaza zonasi;
kuzatuv zonasi;
xavfsizlik zonasi.
4. Barcha tadqiqot yadro reaktorlari uchun sanitariya-muhofaza zonasi tashkil qilinishi lozim.
Bunda sanitariya-muhofaza zonasi va kuzatuv zonasining oʻlchamlari hamda chegaralari atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq tadqiqot yadro reaktorining va (yoki) saqlash punktining loyihasida belgilanishi lozim.
5. Tadqiqot yadro reaktorlari uchun sanitariya-muhofaza zonasini belgilashda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarur:
tadqiqot yadro reaktorlari binosining shamollatish (ventilyatsiya) tizimlaridan atmosfera havosiga chiqarilayotgan radiatsiyaviy tashlamalarni (gaz va aerozollar) hamda radiatsiyaviy holatni kuzatish;
tadqiqot yadro reaktorlaridan hosil boʻladigan radiatsiyaviy tashlamalarning (gaz va aerozollar) atmosfera havosiga qoʻshadigan hissasini aniqlash uchun mavjud tabiiy fon koʻrsatkichlarini hisobga olish;
“Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)” 0193-06-son SanQvaMga muvofiq tabiiy oʻlchovlarni oʻtkazib, ularning natijalari asosida sanitariya-himoya zonasi oʻlchamlarini aniqlashtirish.
6. Tashkilotlar hududida favqulodda vaziyatlarda evakuatsiyani amalga oshirish, shuningdek zarur uskunalar hamda texnikalarni oʻz vaqtida yetkazib berishni taʼminlash maqsadida quyidagi talablar bajarilishi lozim:
tashkilot hududiga kirish uchun kamida ikki muqobil kirish yoʻli mavjud boʻlishi;
transport vositalari va yoʻl qoplamalari radioaktiv moddalar bilan ifloslangan holatlarda ularni tozalash va xavfsiz holatga keltirish imkonini beradigan maxsus dezaktivatsiya tizimlari (dezaktivatsiya maydonchasi, suv yigʻish va oqova suvlarni boshqarish elementlari hamda zarur texnik vositalar) koʻzda tutilishi.
7. Tashkilotlarni joylashtirishdan oldin “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)” 0193-06-son SanQvaMga muvofiq hududda radiatsiya-gigiyenik oʻrganish oʻtkazilishi zarur.
8. Tashkilotlar zich aholi yashaydigan joylardan tashqarida, shamol yoʻnalishlari, yaqin atrofda toza suv manbasi va atrof-muhit ifloslanishining oldini olish imkoniyatlari mavjudligi hisobga olingan holda joylashtirilishi lozim.
9. Sanitariya-muhofaza zonasida yashash uchun moʻljallangan turar joylarni va jamoat binolarini, bolalar muassasalari, shuningdek yadroviy qurilmaning va (yoki) saqlash punktining ishlashiga aloqador boʻlmagan hamda sanitariya-muhofaza zonasining tasdiqlangan loyihasida nazarda tutilmagan davolash-sogʻlomlashtirish tashkilotlarini, umumiy ovqatlanish obyektlarini, sanoat obyektlarini, yordamchi va boshqa inshootlarni hamda obyektlarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Tadqiqot yadro reaktorlari mavjud tashkilotlarning suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqazib yuborishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
10. Tashkilotlarni suv bilan taʼminlashda ShNQ 2.04.02-19 “Suv taʼminoti. Tashqi tarmoqlar va inshootlar” shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya qilinishi lozim.
11. Tashkilotlarning ichimlik suvining sifati OʻzMSt 133:2024 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” hamda OʻzMSt 134:2024 “Markazlashtirilgan xoʻjalik-ichimlik suvi bilan taʼminlash manbalari. Gigiyenik, texnikaviy talablar va tanlash qoidalari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
12. Tashkilot suyuq chiqindilarni chiqarib yuborish uchun alohida oqova suv tarmoqlariga ulangan boʻlishi lozim.
13. Tadqiqot yadro reaktorlaridan ajralib chiqadigan suyuq radioaktiv chiqindilar miqdori sutkasiga 200 litr (200 l)dan ortiq boʻlgan taqdirda, tashkilotda suyuq radioaktiv chiqindilarni zararsizlantirish va (yoki) tozalashga moʻljallangan maxsus tozalash moslamalari boʻlishi kerak.
14. Suyuq radioaktiv chiqindilar miqdori sutkasiga 200 litr (200 l)gacha boʻlgan hollarda, ularni maxsus (germetik) idishlarda vaqtincha saqlashga hamda suyuq radioaktiv chiqindilarni yigʻish uchun moʻljallangan, tashkilot hududidan tashqarida joylashgan maxsus yigʻish punktlariga olib chiqishga yoʻl qoʻyiladi.
15. Maxsus oqova suv tarmoqlari quvurlari boshqa oqova suv tarmoqlaridan alohida joylashtirilishi lozim.
Ushbu quvurlar radioaktiv moddalar mavjud boʻlgan oqova suvlarning sizib chiqishini oʻz vaqtida aniqlash hamda dozimetrik kuzatuvni amalga oshirish uchun konstruktiv yechimga ega boʻlishi, bunda quvurlar ikki devorli himoyalangan turda qabul qilinishi, shuningdek kuzatuv quduqlari yoki nazorat nuqtalari bilan jihozlanishi hamda koʻzdan kechirish va dozimetrik oʻlchovlarni bajarish imkonini taʼminlashi lozim.
4-bob. Tadqiqot yadro reaktorlari mavjud tashkilotlarning shamollatish (ventilyatsiya) tizimi, isitilishi va yoritilishiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
16. Tadqiqot yadro reaktori binolari toza havo oqimining uzluksiz kelishini taʼminlaydigan umumiy almashinuvga moʻljallangan maxsus shamollatish (ventilyatsiya) tizimi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
17. Tadqiqot yadro reaktori binolarining maxsus shamollatish (ventilyatsiya) tizimi avariya holatlarida ishlashga moʻljallangan zaxira shamollatkichlar hamda uzluksiz ishlashni taʼminlaydigan doimiy (zaxira) elektr taʼminoti manbai bilan taʼminlangan boʻlishi zarur.
18. Umumiy almashinuvga moʻljallangan shamollatish (ventilatsiya) tizimi orqali tashqariga chiqariladigan havo oqimi tarkibida radioaktiv moddalar (gazlar, aerozollar, chang) boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shamollatish (ventilyatsiya) chiqish nuqtasi yaqin atrofdagi eng baland bino balandligidan kamida 4 m yuqorida joylashtirilishi lozim.
19. Tashkilot shamollatish (ventilatsiya) tizimi orqali tashqariga chiqariladigan havo atmosferaga chiqarilganda, chiqarish quvurining balandligi ifloslangan havoning tarqalishi va yer sathidagi konsentratsiyalarini hisoblash natijalariga muvofiq belgilanishi kerak.
20. Tashkilot hududida havodagi radioaktiv gazlar va aerozollarni xavfsiz olib chiqish (chiqarib yuborish)ni taʼminlash maqsadida shamollatish (ventilyatsiya) tizimi quvurlarini joylashtirish uchun maxsus texnik boʻlimlar (ventkameralar, shaxtalar, germetik kanallar hamda xizmat koʻrsatish xonalari) ajratilishi kerak.
21. Xonalarda soʻrib chiqaruvchi (texnologik) shamollatish (ventilyatsiya) tizimlarining ventilyator parraklari, aylanuvchi qismlari va harakatlanuvchi elementlari ishchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida muhofaza qoplamalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Muhofaza qoplamalari maxsus texnik toʻsiqlar (panjaralar, qopqoqlar) koʻrinishida boʻlishi kerak.
22. Shamollatish (ventilyatsiya) tizimlarining vosita taʼminoti qurilmalari, jihozlarni zararsizlantirish hamda harakatlantirish mexanizmlari alohida, maxsus ajratilgan xonalarda joylashtirilishi lozim.
Ushbu xonalar shamollatish (ventilyatsiya) tizimi agregatlari, vosita taʼminoti tizimi elementlari hamda zararsizlantirish va harakatlantirish mexanizmlarini xavfsiz joylashtirish va ularga xizmat koʻrsatishni taʼminlaydigan tarzda tashkil etilishi kerak.
23. Shamollatish (ventilyatsiya) tizimi agregatlarining harakatga keltiruvchi mexanizmlari hamda ularning elektr dvigatellari shamollatish (ventilyatsiya) tizimi agregatlari oʻrnatilgan xonadan tashqarida joylashtirilishi va ularga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan yoʻlaklarda nazarda tutilishi lozim.
24. Shamollatish (ventilatsiya) tizimi agregatlari joylashgan xonalarga ifloslangan havoning kirib kelishining oldini olish maqsadida germetik toʻsiqlar nazarda tutilishi zarur.
Germetik toʻsiqlarning zich yopilishi hamda ularning butun ekspluatatsiya davrida havo oʻtkazmasligi taʼminlanishi kerak.
25. Sovutish tizimlari va issiqlik almashinuvchi qurilmalar, shuningdek nazorat-oʻlchov asboblari joylashtirilgan maxsus xonalarda ishchi hudud havosidagi zararli moddalar konsentratsiyasi “Ish oʻrni havosidagi zararli moddalarning ruxsat etilgan konsentratsiyalarining gigiyenik normativlari”ga (0294-11-son SanQvaN) muvofiq boʻlishi lozim.
Maxsus xonalarda ortiqcha bosimni kamaytiruvchi qurilmalar (shamollatish (ventilyatsiya) tizimi yoki havo almashinuvi tizimlarida havo oqimini boshqarish, ortiqcha bosimni chiqarish va yoʻnaltirish, shuningdek ifloslangan havoning “toza” xonalarga kirib kelishini cheklash uchun xizmat qiluvchi mexanik qurilma) oʻrnatilishi zarur.
Ortiqcha bosimni kamaytirish jarayoni “toza” xonalardan havo kirishi hisobidan taʼminlanishi kerak.
Shamollatish (ventilyatsiya) tizimi havo almashinuvi orqali zararli moddalarning (radioaktiv gazlar, aerozollar va chang) ishchi zonada toʻplanib qolishining oldini olishi hamda xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlashi lozim.
26. Tadqiqot yadro reaktori yadroviy yoqilgʻini saqlash joylarida, shuningdek ushbu reaktorning ustki zonasida, yadroviy yoqilgʻilarni oʻrnatish va olib tashlash joylarida havo oqimining tezligi zararli moddalarning tarqalishini cheklash maqsadida kamida 0,5 m/s boʻlishi kerak.
Favqulodda holatdagi yadroviy yoqilgʻilar (issiqlik ajratuvchi yigʻilmalar) saqlanadigan joylarda havo oqimining tezligi kamida 2,0 m/s boʻlishi zarur.
27. Tadqiqot yadro reaktorlari laboratoriyalarida oʻrnatilgan dudburonlarning ishchi teshiklarida havo harakatining tezligi kamida 1,5 m/s boʻlishi lozim.
28. Toza havo olish tizimlari uchun havo olish nuqtalari faqat “toza” xonalarda joylashtirilishi lozim. Havo olish nuqtalari havo taʼminot kamerasiga kirishdan oldingi hududda joylashgan boʻlishi zarur.
29. Havo taʼminot kameralari yetkazib beriladigan havoni tozalash va isitish uchun moʻljallangan texnik vositalar (filtrlar, elektr yoki suvli isitgichlar) bilan toʻliq jihozlangan boʻlishi lozim.
30. Havo taʼminot tizimlarida havoni qayta aylantirish (resirkulyatsiya) rejimida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
31. Shamollatish (ventilyatsiya) tizimlari orqali chiqariladigan havo maxsus tozalash qurilmalarida tozalanishi kerak.
32. Ifloslangan havoni olib ketuvchi havo kanallari toʻliq (havo oqimi yoʻqolmasligini va ifloslangan havo tarqalmasligini taʼminlaydigan) payvandlangan boʻlishi lozim.
33. Tadqiqot yadro reaktoridan foydalanish davomida tadqiqot yadro reaktorini boshqarish xonalarida barqaror mikroiqlim (havo harorati, namlik, havo oqimi va havo bosimi oʻlchanadigan va sanitariya qoidalari talablariga muvofiq doimiy ravishda saqlanadigan holat) taʼminlanishi zarur.
34. Tadqiqot yadro reaktoridagi barcha asbob-uskuna koʻrsatkichlari yaxshi koʻrinadigan va oʻqilishi uchun oson boʻlishi kerak.
35. Tashkilotlarning isitish tizimi barqaror mikroiqlimni taʼminlashi, bunda havo harorati 20 — 24 °C, nisbiy namlik 40 — 60 %, havo oqimi tezligi 0,5 — 1,0 m/s chegaralarida boʻlishi lozim.
36. Isitish uskunalari silliq, tozalashga qulay boʻlishi kerak.
37. Tashkilotlarning yoritish parametrlari ShNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalari (hisob raqami 309, 2024-yil 25-oktabr) talablariga muvofiq boʻlishi zarur.
38. Yoritish moslamalari parchalanish va sinishdan himoya qiluvchi maxsus qopqoqlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
39. Tashkilotlar uchun yoritilganlikning quyidagi normalari qoʻllanilishi lozim:
yoʻlaklar va favqulodda yoʻllar uchun — 150 — 250 lx;
montaj hududlari uchun — 200 — 300 lx;
boshqaruv pulti joylashgan xona uchun — 300 — 500 lx;
tahlil laboratoriyalari oʻtkaziladigan xonalar uchun — 500 — 1000 lx.
5-bob. Tadqiqot yadro reaktorlari mavjud tashkilotlarning xonalariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
40. Tashkilotlarda quyidagi xonalar boʻlishi lozim:
tadqiqot yadro reaktorlari xonasi;
tadqiqot yadro reaktorlarini boshqaruv xonasi;
laboratoriya uchun xonalar;
sanitariya-maishiy xonalar.
41. Tashkilotlarda tadqiqot yadro reaktorlari bilan bevosita ishlaydigan xodimlar uchun sanitariya nazorat punktlari tashkil etilishi lozim.
42. Sanitariya nazorat punkti tarkibida quyidagi xonalar boʻlishi kerak:
sanitariya nazorati xonasi;
ustki kiyimlarni kiyish xonasi;
maishiy va ish kiyimlarini saqlash uchun alohida xonalar;
dushlar;
yuvinish xonalari;
hojatxonalar;
tana va ish kiyimlarini dozimetrik nazorat qilish xonasi;
shaxsiy himoya vositalarini saqlash xonalari;
iflos va toza maxsus kiyimlarni alohida saqlash xonalari.
43. Sanitariya nazorati xonasida javonlar (shkaf) quyidagilarni hisobga olgan holda oʻrnatilishi lozim:
xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni;
tadqiqot yadro reaktor qurilmalari soni;
tashkilotga xizmat safari bilan keladigan xodimlar uchun ajratiladigan joylarning kamida 25 foizi.
44. Ionlashtiruvchi nurlanish taʼsiri mavjud boʻlmagan binolarda mehnat faoliyatini amalga oshiradigan shaxslar uchun ish kiyimlarini saqlash joylari, yuvinish xonalari hamda dushlar boʻlishi lozim.
Dushxonalar zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
45. Dush kabinalari soni kunduzgi smenada ishlovchi ishchilarning eng koʻp soni hamda vaqtinchalik ishchilar soni hisobga olingan holda belgilanishi, bunda har 5 nafar ishchiga kamida 1 ta dush kabinasi toʻgʻri kelishi lozim.
46. Tadqiqot yadro reaktorlarini taʼmirlash ishlari amalga oshirilayotgan paytda ifloslangan hududda joylashgan binolardan chiqishda radioaktiv ifloslanishning oldini olish maqsadida alohida sanitariya oʻtkazish xonalari boʻlishi kerak.
47. Laboratoriya va sanitariya-maishiy xonalar toza hududda joylashtirilishi lozim.
48. Tadqiqot yadro reaktorlari laboratoriyasi bilan texnologik jihatdan bogʻliq boʻlmagan laboratoriyalarni ushbu binoga joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
49. Ifloslangan hududlarda joylashgan xonalarning ichki devorlari dezaktivatsiya qilish uchun qulay, yuvish va dezinfeksiya qilish imkonini beruvchi, namlik va zararli moddalarni yutib olmaydigan, mikroorganizmlar toʻplanishiga yoʻl qoʻymaydigan hamda mexanik taʼsirlarga chidamli materiallardan tayyorlanishi lozim.
50. Pollar mexanik jihatdan mustahkam, dezaktivatsiya jarayoniga qulay va zararli moddalarni yutmaydigan materiallardan tayyorlanishi kerak.
51. Devor va shiftlarni qoplash uchun yuzasi silliq, namlik va zararli moddalarni yutib olmaydigan, dezinfeksiya vositalariga chidamli hamda mexanik taʼsirlarda buzilmaydigan materiallardan foydalanish zarur.
52. Boshqaruv pulti xonasida devorlar turgʻun boʻyoq bilan boʻyalishi, shiftlar yuvish va dezinfeksiya qilish uchun qulay maxsus qoplama bilan qoplanishi, pollar esa plastik yoki linoleum materiallar bilan qoplanishi kerak.
53. Xonalarning pollarida suyuq radioaktiv chiqindilar oqib ketishini taʼminlash uchun kamida 1-2 foiz qiyalik hamda drenaj tizimi nazarda tutilishi lozim.
54. Ifloslangan hududlarda joylashgan xonalardagi muhandislik kommunikatsiyalari devor, pol yoki shift konstruksiyalari ichidan (devor, pol yoki shift konstruksiyalarida) oʻtkazilishi lozim.
55. Qattiq radioaktiv chiqindilarni vaqtincha saqlash uchun maxsus omborxonalar boʻlishi zarur.
56. Qurilmalar va uskunalarni zararsizlantirish uchun izolyatsiyalangan, shamollatish (ventilyatsiya) tizimi, filtratsiya va zararsizlantirish uskunalari bilan jihozlangan maxsus xona nazarda tutilishi kerak.
57. Radiokimyoviy nazorat issiqlik uzatuvchi muhit xususiyatlariga mos jihozlangan, izolyatsiyalangan maxsus xonada yoki kimyoviy laboratoriyada amalga oshirilishi lozim.
6-bob. Tadqiqot yadro reaktorlaridan foydalanishda qoʻllaniladigan asbob-uskuna va jihozlar hamda texnologik jarayonga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
58. Yadroviy yoqilgʻini hamda nurlangan namunalarni tadqiqot yadro reaktoriga yuklash va tushirish bilan bogʻliq barcha jarayonlar mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi hamda masofadan turib boshqariladigan uskunalar yordamida bajarilishi lozim.
59. Yuklash va tushirish jarayonlarini nazorat qilish himoyalangan masofaviy kuzatuv va aloqa vositalari bilan jihozlangan boshqaruv pultlari orqali amalga oshirilishi kerak.
60. Radioaktiv moddalarni, uskunalarni va nurlangan namunalarni tashish uchun maxsus moslashtirilgan transport vositalari hamda germetik yopiladigan, himoyalovchi xususiyatlarga ega maxsus konteynerlardan foydalanilishi lozim.
61. Radioaktiv moddalar bilan ifloslangan nosoz yirik uskunalarni olib chiqish hamda yangi uskunalarni oʻrnatish uchun tashkilotda dezaktivatsiya qilish imkonini beradigan, tashqi muhit ifloslanishining oldini oluvchi maxsus transport oʻtish yoʻlaklari va kirish-chiqish eshiklari nazarda tutilishi kerak.
62. Nurlangan yonilgʻi elementlari va radioaktiv namunalar zararli gazlar va aerozollar ajralishi mumkin boʻlgan holatlarni hisobga olgan holda, nazorat va zararsizlantirish imkonini taʼminlaydigan maxsus xonalarda saqlanishi lozim.
Mazkur xonalar shamollatish (ventilyatsiya) tizimi hamda havo tozalash filtrlari bilan jihozlangan boʻlishi zarur.
63. Reaktor kanallarida (yoqilgʻi bloklari, nurlangan materiallar va turli texnologik jihozlar joylashtiriladigan yoki chiqarib olinadigan maxsus shaxtalar) nurlangan materiallarni vaqtincha saqlashga yoʻl qoʻyiladi.
64. Nurlangan bloklar va namunalarni saqlash uchun moʻljallangan inshootlarda toʻkilgan (tushib ketgan) blok va namunalarni yigʻib olish hamda xavfsiz chiqarib olish imkoniyati taʼminlanishi, bunda inshootning pastki qismida maxsus poddonlar yoki idishlar oʻrnatilishi hamda ular maxsus mexanizmlar yordamida chiqarib olinishi lozim.
65. Avariya holatlarida nurlangan bloklar va namunalar germetik himoyalangan maxsus idishlarda (penallarda) saqlanishi kerak.
Ushbu idishlarni faqat ifloslangan havoni tozalash tizimi mavjud boʻlgan va xodimlar himoya vositalari bilan taʼminlangan ifloslangan hududdagi maxsus xonalarda ochishga yoʻl qoʻyiladi.
66. Xavfli moddalar bilan ishlashga jalb etilmagan va maxsus ruxsatga ega boʻlmagan shaxslarning ushbu hududga (xonalar) kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
67. Texnologik jarayonlar olib boriladigan xonalarda texnologik jarayonlarda qoʻllaniladigan kimyoviy, radioaktiv va boshqa zararli komponentlarni uzatish tizimlari, shuningdek uskunalar va xonalarni zararsizlantirish uchun moʻljallangan mexanizmlar boʻlishi kerak.
68. Tadqiqot yadro reaktorining issiqlik uzatuvchi qurilmasining birinchi konturi maxsus materiallardan tayyorlanishi lozim.
Bunda birinchi kontur sxemasida turbina yoki motor bilan ulanmagan, val yoki salnik (podshipnik)siz ishlaydigan nasos va ventillarni oʻrnatish kerak.
69. Suyuq radioaktiv chiqindilarni tozalash uchun tadqiqot yadro reaktori joylashtirilgan xonada ion almashinuv filtrlari va boshqa zararsizlantirish uskunalari (suyuq radioaktiv chiqindilarni xavfsiz darajada kamaytirish, tozalash yoki dezaktivlashtirishga xizmat qiluvchi turli texnik vositalar va qurilmalar) bilan jihozlangan moslamalar boʻlishi zarur.
7-bob. Tadqiqot yadro reaktorlaridan foydalanishga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
70. Tadqiqot yadro reaktorlaridan foydalanishda radioaktiv moddalar bilan ifloslanish ehtimoli mavjud boʻlgan ishlab chiqarish qismlari ifloslangan hududda joylashtirilishi lozim.
71. Issiq ishlovlar uchun moʻljallangan alohida yopiq xona (boks) ichki yuzalari oson tozalanadigan, dezaktivatsiyaga yaroqli metall qoplamalar bilan qoplangan boʻlishi kerak.
72. Tadqiqot yadro reaktoridan foydalanishda quyidagi talablar bajarilishi lozim:
radioaktiv gazlar va aerozollarni tutuvchi texnologik shamollatish (ventilyatsiya) tizimlaridan chiqariladigan havo maxsus filtrlarda tozalanishi va shamollatish (ventilyatsiya) tizimining quvuri orqali atmosferaga chiqarilishi;
reaktor shamollatish markazining quvuri orqali chiqarilgan havo atrofdagi havoni ifloslantirmasligi va “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)” 0193-06-son SanQvaMga muvofiq yerning ustki qatlamida radioaktiv gazlar va aerozollar konsentratlarining ruxsat etilgan maksimal darajasidan yuqori miqdorni hosil qilmasligi;
radiatsiya himoya ionlashtiruvchi nurlanishning barcha turlarini, shu jumladan tashqi gamma, beta va neytron nurlanishini, shuningdek radioaktiv aerozollar va gazlarning taʼsirini hisobga olgan holda ishlab chiqilishi;
ish joylarida barcha turdagi ionlashtiruvchi nurlanishlar tomonidan yaratilgan samarali (effektiv) doza 1 yilda 20 mZvdan oshmasligi.
73. Tadqiqot yadro reaktorining normal ishlashi uchun dozimetrik va radiometrik kuzatuv olib borilishi va u quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
reaktor joylashgan xonalarda ionlashtiruvchi nurlanish turlarini doimiy (statsionar) va koʻchma vositalar bilan nazorat qilish;
himoya vositalari samaradorligini, shu jumladan neytron va gamma kanallarini toʻsuvchi shiberlar himoya ishonchliligini reaktor maksimal loyihaviy quvvat rejimlarida nazorat qilish;
radiatsiya nazorat asbob-uskunalari va oʻlchov qurilmalarining holati, metrologik yaroqliligini nazorat qilish;
ekspluatatsiya qiluvchi, taʼmirlovchi hamda jalb etilgan shaxslarning individual va umumiy nurlanish dozalari hisobini yuritish va nazorat qilish;
maxsus kiyim-bosh, poyabzal hamda xodimlar tanasining radioaktiv ifloslanish darajasini nazorat qilish.
74. Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi ehtimoli mavjud boʻlgan hollarda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari, radioaktiv gazlar va aerozollarning tashqi muhitga chiqarilishi mumkin boʻlgan maksimal koʻrsatkichlari hamda aholining kutilayotgan nurlanish dozalariga doir hisob-kitoblar loyiha hujjatlarida asoslanishi lozim.
75. Favqulodda vaziyatlar va avariya oqibatlarini bartaraf etish rejasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
xodimlarning avariya va baxtsiz hodisa paytidagi harakatlari;
xodimlarning nurlanishining oldini olish choralari;
favqulodda vaziyat yoki avariya oqibatida yuzaga kelgan radioaktiv moddalar, gazlar yoki ifloslanishning tarqalish zonasini chegaralash va uni maʼlum bir joyda ushlab turish, binolar ichida va reaktor zonasida tarqalishining oldini olish;
xodimlarni evakuatsiya qilish tartibi;
ventilyatsiya havosi va oqova suvlardan radioaktiv chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar;
shamollatish (ventilyatsiya) tizimidan chiqadigan havodagi va oqova suvlardagi radioaktivlikni kamaytirish choralari;
aholini himoya qilish choralari.
76. Tadqiqot yadro reaktoridan foydalanishda ishlatilgan buyumlar va materiallar (yadroviy yoqilgʻilar, sinov namunalar, qismlar, asbob-uskunalar) darhol quruq yoki suv bilan toʻldirilgan sigʻimlarga, shaxtalarga yoki hovuzlarga joylashtirilishi kerak.
Radioaktiv yoki zaharli gaz va aerozol ajratishi mumkin boʻlgan buyumlar filtrlash yoki absorbsiya qilish imkoniyatiga ega dudburon tizimlari bilan jihozlangan germetik sigʻimlarda saqlanishi lozim.
Buyumlarni bir hovuzdan boshqasiga oʻtkazishda ularning binolar va jihozlar yuzalariga tushishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
77. Tashkilot hududidan olib chiqiladigan qismlar, uskunalar va jihozlar bilan ishlash faqat dastlabki zararsizlantirish amalga oshirilgandan hamda aktivlik darajasini kamaytirish uchun saqlash muddati yakunlangandan soʻng bajarilishi, saqlash muddati “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)” 0193-06-son SanQvaMga muvofiq belgilanishi kerak.
78. Yuzaki radioaktiv ifloslanishga ega yoki sunʼiy faollashgan asbob-uskunalar faqat maxsus ajratilgan hamda “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)” 0193-06-son SanQvaMga muvofiq jihozlangan joylarda saqlanishi zarur.
79. Radioaktiv moddalar bilan ifloslangan uskunalar eng qisqa yoʻl boʻylab taʼmirlash yoki utilizatsiya qilish joylariga koʻchirilishi lozim.
Bunda uskunalarni toza hududning binolari orqali tashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
80. Tadqiqot yadro reaktorlarini taʼmirlash ishlari maxsus reja asosida amalga oshirilishi kerak.
Rejada quyidagilar nazarda tutilishi lozim:
umumiy qoidalar (taʼmirlash ishlarining maqsadi, hajmi, muddatlari va bosqichlari, taʼmirlanadigan qismlar va agregatlar roʻyxati);
radiatsiya xavfsizlik choralari (radiatsiya fonni doimiy kuzatish tartibi, shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish talablari, xodimlarning ruxsat etilgan individual doza chegaralari, ishlarni vaqtincha toʻxtatish tartibi);
texnika xavfsizligi choralari (elektr taʼminoti, bosim ostidagi tizimlar, gaz va suyuqlik liniyalarini xavfsiz oʻchirish tartibi, maxsus asbob-uskunalardan foydalanish talablari, yongʻin va portlash xavfsizligini taʼminlash choralari);
ishlarning ketma-ket olib borilishi (reaktorni toʻxtatish va sovutish bosqichi, yoqilgʻi agregatlari va faollashgan qismlarni xavfsiz joylashtirish tartibi, taʼmirlash yoki almashtirish boʻyicha amallar, ish tugagach radiatsiya nazorat va zararsizlantirish tadbirlari);
favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik (radiatsiya chiqindilar tarqalishi ehtimoli yuzaga kelganda koʻriladigan choralar, evakuatsiya yoʻnalishlari va signallar, aloqa va xabar berish tartibi).
81. Taʼmirlash ishlari olib borilayotgan xonalarga kirish joylarida xavf haqida ogohlantiruvchi belgilar oʻrnatilishi kerak.
82. Taʼmirlash ishlari olib borilayotgan binolarga xodimlarning kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Taʼmirlash ishlari olib borilayotgan joyda faqat mazkur jarayon uchun zarur xodimlar boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi. Boshqa xodimlar radiatsiya taʼsir zonasi tashqarisida boʻlishi kerak.
83. Taʼmirlash ishlari boshlanishidan oldin oson koʻchiriladigan asbob-uskunalar va buyumlar xonadan olib chiqilishi lozim.
84. Taʼmirlashda foydalaniladigan uskunalar tamgʻalangan boʻlishi hamda ular maxsus transport taralari yoki oson zararsizlantiriladigan materiallardan tayyorlangan qutilarda tashilishi lozim.
85. Elektr yoki gaz payvandlash ishlari vaqtida radioaktiv gazlar va aerozollarning nafas yoʻllari orqali kirishining oldini olish maqsadida mahalliy va umumiy ventilyatsiya ishlashi, soʻrib olish qurilmalari qoʻllanilishi hamda xodimlar shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
Ish joyi havosidagi radioaktiv moddalar konsentratsiyasi “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)” 0193-06-son SanQvaMda belgilangan normalardan oshmasligi kerak.
86. Kichik qismlar va jihozlarni payvandlash mahalliy soʻrib olish qurilmasi mavjud maxsus joylarda amalga oshirilishi kerak.
Yirik uskunalarda payvandlashda payvandlash zonasidan havoni bevosita soʻrib olish va filtrlash orqali tozalash choralari taʼminlanishi lozim.
87. Ishdan chiqqan kichik uskunalar va qismlar radioaktiv ifloslanish darajasiga koʻra maxsus idishlarda yoki mustahkam qadoqlarda tashilishi kerak.
88. Taʼmirlash vaqtida ifloslangan uskunalar zararsizlantirilishi lozim.
89. Taʼmirlash jarayonida foydalanishga moʻljallanmagan yoki texnik jihatdan yaroqsiz uskunalardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
90. Ifloslangan taʼmirlash xonalaridan chiqishda radioaktiv ifloslanish tarqalishining oldini olish uchun vaqtinchalik sanitariya-shlyuzlar tashkil etilishi kerak.
Sanitariya-shlyuzlar dezaktivatsiyalovchi vositalar, maxsus gilamchalar hamda poyabzal va kiyim qismlarini zararsizlantirish moslamalari bilan jihozlanishi lozim.
8-bob. Tadqiqot yadro reaktorlari mavjud tashkilotlarni tozalashga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
91. Tadqiqot yadro reaktorlari mavjud tashkilotlarda joriy va umumiy tozalash ishlari olib borilishi lozim.
92. Joriy tozalashning davriyligi quyidagicha boʻlishi kerak:
ish joylari, yoʻlaklar hamda boshqaruv pultlari joylashgan xonalarda — har kuni;
radioaktiv ifloslanish xavfi mavjud boʻlgan texnologik jarayonlardan keyin — har bir tadqiqot (ish) yakunida.
93. Joriy tozalashda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
pollar va ishchi yuzalar nam usulda tozalanishi;
uskunalar yuzasi changdan tozalanishi;
ehtimoliy ifloslanish joylari zararsizlantirilishi;
radioaktiv chiqindilarning maxsus idishlarga joylashtirilishi.
94. Umumiy tozalashning davriyligi quyidagicha boʻlishi kerak:
toza hududlarda haftasiga kamida 1 marta;
nazorat qilinadigan toza xonalarda 2 haftada 1 marta;
yuqori xavfli hududda radiatsiya nazorati jadvali boʻyicha.
95. Umumiy tozalashda quyidagilar hisobga olinishi lozim:
ishchi yuzalarni toʻliq dezaktivatsiya qilish;
devorlar, shiftlar, shamollatish (ventilyatsiya) tizimi panjaralarini yuvish;
tozalashdan soʻng dozimetrik fonni tekshirish;
shamollatish (ventilyatsiya) tizimlaridagi filtrlarni almashtirish;
favqulodda vaziyatdan soʻng darhol zararsizlantirish.
96. Radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlar “Radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilish tartibi” 0251-08-son SanQvaMga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
97. Transport vositalari va konteynerlarni zararsizlantirish uchun maxsus yuvish joyi ajratilishi kerak.
Mazkur yuvish joyi iflos hududda joylashgan boʻlishi kerak.
98. Eng koʻp ifloslanish ehtimoli mavjud boʻlgan xonalar (markaziy zal, oʻtish yoʻlaklari, sanitariya nazorati xonalari) har kuni ish yakunlangandan soʻng tozalanishi lozim.
9-bob. Tadqiqot yadro reaktorlari xodimlarining shaxsiy gigiyenasiga qoʻyiladigan talablar
99. Tadqiqot yadro reaktorlari bilan ishlaydigan xodimlar maxsus kiyim-bosh hamda shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
Maxsus kiyimlar quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi lozim:
ionlashtiruvchi nurlanishni yutadigan materiallardan tayyorlanishi;
dezaktivatsiya qilish imkoniyatiga ega boʻlishi;
ifloslanish xavfi yuqori boʻlgan hududlarda germetik himoya xususiyatini taʼminlashi.
100. Maxsus kiyimlar toʻplamida kombinezon, bosh kiyimi, paypoq, etik, qoʻlqop, sochiq, respiratorlar, koʻzoynaklar va pnevmatik shlemlar boʻlishi lozim.
101. Toza hududda ishlovchi xodimlar xalat, boshkiyim va shippak bilan taʼminlanishi kerak.
102. Taʼmirlash ishlarini boshlashdan oldin xodimlar bajariladigan ishlarning ketma-ketligi koʻrsatib berilgan holda radiatsiyaviy xavfsizlik qoidalari bilan tanishtirilishi zarur.
Xodimlar taʼmirlash jarayonida bajariladigan ishlarni oldindan oʻzlashtirish maqsadida faol boʻlmagan uskunalarda yoki ularning maketlarida boʻlajak ish jarayonini oldindan oʻrganishi lozim.
103. Taʼmirlash va avariya oqibatlarini bartaraf etish vaqtida xodimlar qoʻshimcha shaxsiy himoya vositalari (gazniqob va individual dozimetr) bilan taʼminlanishi lozim.
104. Ifloslangan maxsus kiyimlar va shaxsiy himoya vositalari beta va gamma-nurlanishiga, alfa faol moddalar bilan ifloslanishga qarshi dozimetrik tekshiruvdan oʻtkazilishi kerak.
105. Maxsus kiyimlarni almashtirish ish haftasida kamida bir marta amalga oshirilishi kerak.
Agar ifloslanish “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)” 0193-06-son SanQvaMda belgilangan normalardan yuqori boʻlsa, kiyimlarni darhol almashtirish kerak.
106. Ifloslangan kiyimlarni saralash mahalliy dudburon bilan jihozlangan sanitar nazorati punktining maxsus xonasida amalga oshirilishi kerak.
107. Hududda va binolarda ovqatlanish va kosmetika vositalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
108. Tadqiqot yadro reaktorlarini oʻrnatuvchi xodimlar Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) muvofiq tibbiy koʻrikdan oʻtishlari kerak.