XALQ DEPUTATLARI XORAZM VILOYATI KENGASHINING
Qarori
Xorazm viloyati boʻyicha 2026-yilda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun yuridik va jismoniy shaxslarning yer soligʻi stavkalariga, yuridik shaxslar uchun mol-mulk soligʻini hisoblashda koʻchmas mulklarning 1 kv.metr uchun belgilanadigan minimal miqdori, jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi stavkalari boʻyicha tuman va shaharlar kesimida 2026-yilga belgilangan koeffitsiyentlari, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar, noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 383, 412, 422, 429, 437, 445 va 452-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasining 2025-yil 12-noyabrdagi 24-127593-sonli xati, viloyat soliq boshqarmasi va viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 3-dekabrdagi qoʻshma xatlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6 va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari viloyat Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga asosan Xorazm viloyatida yuridik shaxslarning qishloq xoʻjaligida moʻljallanmagan yerlari bazaviy soliq stavkasi 1 gektar uchun mutlaq miqdori 42,4 mln. soʻm hamda jismoniy shaxslarga 1 kv.metr uchun bazaviy soliq stavkasining mutlaq miqdori 377,0 soʻm, yuridik shaxslar uchun mol-mulk soligʻini hisoblashda viloyatning tumanlarida koʻchmas mulklarga 1 kv.metr uchun 1,39 mln. soʻm minimal miqdor belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi hamda viloyat soliq boshqarmasining hududlarning iqtisodiy rivojlanganlik darajasi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining kelgusi yil uchun belgilangan mahalliy budjet prognozidan kelib chiqib, tuman (shahar)lar boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslarning bazaviy yer soligʻi stavkalarining mutlaq miqdorlariga nisbatan kamaytiriluvchi va oshiriluvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash hamda tumanlardagi yuridik shaxslar uchun mol-mulk soligʻini hisoblashda koʻchmas mulklarga 1 kv.metr uchun belgilanadigan minimal miqdorga nisbatan kamaytiriluvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash, jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi stavkalari boʻyicha tuman (shahar)lar kesimida 2026-yilga belgilangan koeffitsiyentlari, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar, noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlari boʻyicha takliflari inobatga olinsin.
3. Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning stavkalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar boʻyicha tuman (shahar)lar kesimida yer soligʻi stavkalari uchun 2026-yilda belgilangan koeffitsientlar 1-ilovaga muvofiq;
yuridik shaxslar boʻyicha mol-mulk soliqlari uchun qoʻllaniladigan (minimal qiymat) mutlaq miqdorlar 2-ilovaga muvofiq;
jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi stavkalari boʻyicha tuman (shahar)lar kesimida 2026-yilga belgilangan koeffitsiyentlar 3-ilovaga muvofiq;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar 4-ilovaga muvofiq;
noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar 5-ilovaga muvofiq;
soliq solish maqsadida qoʻllaniladigan koʻchmas mulk ijara qiymatining 1 kvadrat metri uchun oʻrnatilayotgan minimal miqdorlar 6-ilovaga muvofiq;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar boʻyicha tuman (shahar)lar kesimida yer soligʻi stavkalari uchun 2026-yilda belgilangan koeffitsientlar 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Xalq deputatlari shahar (tuman)lar Kengashlarining mahalliy budjet prognozlarini inobatga olib, 1-ilovaga asosan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarga nisbatan tegishli hududda joylashgan daha, mavze, mahalla, koʻcha kesimida 0,7 dan 3,0 miqdorda kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni belgilash vakolati inobatga olinsin.
5. Xalq deputatlari tuman (shahar)lar Kengashlari tegishli hududda joylashgan daha, mavze, mahalla, koʻcha kesimida yuridik va jismoniy shaxslar uchun 2026-yilda belgilangan yer soliq stavkalarining hududlardagi soliq organlariga taqdim etilishini taʼminlasin.
6. Viloyat soliq boshqarmasi hamda hududiy soliq organlari 2026-yil uchun yuridik shaxslarning (yirik soliq toʻlovchilardan tashqari) mol-mulkiga solinadigan soliqning ushbu qaror bilan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun jismoniy va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻining xalq deputatlari tuman (shahar)lar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadigan stavkalar asosida hisoblanishi va belgilangan tartibda undirilishini taʼminlasin.
7. Ushbu qaror “Xorazm haqiqati” gazetasida rasman eʼlon qilsin hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
8. Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 2024-yil 27-dekabrdagi VII-4-030-12-0-K/24-sonli qarori 2026-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar boʻyicha doimiy komissiyasi raisi K.Igambergenov zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi RADJABOV ALTIBAY BEGJANOVICH
Xorazm viloyati,
2025-yil 30-dekabr,
VII-16-153-12-0-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.