O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Banklarga o‘rnatiladigan makroprudensial normativlar hamda ular tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha to‘lovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 18-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3618-1]
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 8-apreldagi 7/3-son qarori (ro‘yxat raqami 3618, 2025-yil 22-aprel) (Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2025-y., 10/25/3618/0378-son) bilan tasdiqlangan Banklarga o‘rnatiladigan makroprudensial normativlar hamda ular tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha to‘lovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablar to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq qo‘shimcha va o'zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oydan keyin kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2025-yil 5-dekabr,
31/9-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 5-dekabrdagi 31/9-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Banklarga o‘rnatiladigan makroprudensial normativlar hamda ular tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha to‘lovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablar to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar
1. 1-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi;”;
uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar tegishli ravishda to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. 2-bandda:
quyidagi mazmundagi to‘qqizinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi — qarz oluvchining iste’mol kreditlari va(yoki) mikroqarzlari bo‘yicha jami asosiy qarz (limit) miqdorining mazkur qarz oluvchi o‘rtacha oylik daromadi miqdoriga nisbati;”;
to‘qqizinchi — o‘n ikkinchi xatboshilar tegishli ravishda o‘ninchi — o‘n uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. 3-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“eng ko‘pi bilan 15 foizigacha bank tomonidan qarz oluvchilarga (bundan mazkur bandning to‘rtinchi xatboshisida ko‘rsatilgan qarz oluvchilar mustasno) kreditlar (mikroqarzlar)berishda ularning qarz yuki ko‘rsatkichi 100 foizgacha bo‘lishi mumkin;”.
4. 7-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“bank va boshqa qarz beruvchilar tomonidan kelib tushganiga uch ish kunidan oshmagan kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risida ko‘rib chiqilayotgan murojaat bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar;”;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Bunda, ipoteka krediti bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun berilgan subsidiyalar hisobidan amalga oshiriladigan oylik to‘lovlar summasi mazkur ipoteka krediti bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar summasidan chegirilishi mumkin.”.
5. 8-bandning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari “teng miqdorda” degan so‘zlardan keyin “(annuitet usulida)” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
6. 12-banddagi, 14-banddagi va 16-banddagi “qarz yuki” degan so‘zlardan keyin“(qarzning daromadga nisbati)” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
7. 13-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadlari miqdorini hisoblash maqsadida bank qarz oluvchi bankka murojaat qilgan sanadan oldingi kamida 6 oy uchun uzluksiz,biroq 12 oydan oshmagan muddat uchun oylik daromadlarining o‘rtacha arifmetik qiymatini aniqlaydi (bundan mazkur Nizomning 17-bandi birinchi xatboshisida belgilangan holatlar mustasno).”;
uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar “qarz yuki” degan so‘zlardan keyin “(qarzning daromadga nisbati)” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
8. 18-banddagi “hamda” degan so‘z “va (yoki)” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
9. 19-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“to‘langan soliqlar to‘g‘risidagi, shu jumladan davlat soliq xizmati organlari tomonidan tasdiqlangan jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya ma’lumotlari;”.
10. 20-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20. Mazkur Nizomning 18-bandiga muvofiq qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadlarini aniqlash imkoniyati mavjud bo‘lmasa, bank mazkur qarz oluvchi bankka murojaat qilgan sanadan oldingi 18 oylik davr ichida asosiy qarzi to‘liq to‘langan kredit (mikroqarz) bo‘yicha mazkur davr ichidagi to‘lovlarning kamida 6 oy, biroq 12 oydan oshmagan uzluksiz muddat davomida to‘lovlari (bundan qayta tiklanadigan kredit liniya bo‘yicha to‘lovlar mustasno) to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanishi mumkin.
Bunda, qarz yuki (qarzning daromadga nisbati) ko‘rsatkichi hisob-kitobida qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadi sifatida qarz oluvchining kredit (mikroqarz) bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlari o‘rtacha arifmetik qiymati miqdorining 50 foizi olinadi.”.
11. 21-band “mavjud bo‘lmasa” degan so‘zlardan keyin “yoki daromadlar yetarli bo‘lmasa” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
12. Quyidagi mazmundagi 21-bob bilan to‘ldirilsin:
“21-bob. Qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichiga qo‘yiladigan talablar
241. Qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi qarz oluvchiga (birgalikda qarz oluvchilarga) bank tomonidan:
iste’mol krediti va (yoki) mikroqarz berishga yoki limitini oshirishga;
mazkur bank tomonidan avval berilgan iste’mol krediti va (yoki) mikroqarz bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar miqdorini oshirishga (bundan shartnomada belgilangan o‘zgaruvchan foiz stavkasi oshishi munosabati bilan to‘lovlar miqdorining oshirilishi holatlari mustasno);
iste’mol krediti va (yoki) mikroqarz muddatini uzaytirishga;
boshqa qarz beruvchining iste’mol krediti va (yoki) mikroqarzga doir huquqlarini(talablarini) sotib olish yoki kreditni qayta moliyalashtirishga doir qaror qabul qilinganda hisoblanishi lozim. Bunda qarz oluvchining huquqlari (talablari) sotib olinayotgan yoki kredit qayta moliyalashtirilayotgan amaldagi iste’mol krediti va (yoki) mikroqarz bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlari takroran hisobga olinmaydi.
242. Qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi hisob-kitobiga quyidagilar kiritiladi:
bank va boshqa qarz beruvchilar tomonidan kelib tushganiga uch ish kunidan oshmagan iste’mol krediti va (yoki) mikroqarz berish to‘g‘risida ko‘rib chiqilayotgan murojaat bo‘yicha asosiy qarz (limit) summasi;
qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichini hisoblash sanasida qarz oluvchining barcha qarz beruvchilar bilan tuzilgan iste’mol krediti va (yoki) mikroqarz shartnomalari bo‘yicha asosiy qarz (limit) qoldiq summalari;
qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichini hisoblash sanasida qarz oluvchi iste’mol krediti va (yoki) mikroqarz shartnomalari bo‘yicha birgalikda qarz oluvchi sifatida ishtirok etgan taqdirda, har bir shartnoma bo‘yicha asosiy qarz (limit) qoldiq summalari;
qarz oluvchi kafillik shartnomasiga muvofiq kafil sifatida ishtirok etgan har bir iste’mol krediti va (yoki) mikroqarz shartnomasi bo‘yicha to‘lovlar, qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichini hisoblash sanasida ular bo‘yicha 30 kundan ortiq muddati o‘tgan to‘lovlari mavjud bo‘lsa.
243. Qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi hisob-kitobida o‘rtacha oylik daromad miqdori mazkur Nizomning 2-bobi 3-paragrafiga muvofiq aniqlanadi.
244. 2026-yil 1-martdan boshlab mazkur Nizomning 19-bandida belgilangan hujjat va ma’lumotlar bilan tasdiqlangan daromadlardan foydalangan holda qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchining) o‘rtacha oylik daromadlarini aniqlash imkoniyati:
mavjud bo‘lsa, qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi 8 barobardan;
mavjud bo‘lmasa, qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi 5 barobardan oshmasligi lozim, bundan o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bo‘lgan qarz oluvchilar mustasno.
245. 2026-yil 1-martdan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bo‘lgan qarz oluvchilar uchun qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi 8 barobardan oshmasligi lozim.
Bank tomonidan qarz oluvchilarga berilgan, biroq so‘ndirilmagan barcha kreditlar(mikroqarzlar) sonining eng ko‘pi bilan 15 foizigacha o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida birinchi marta ro‘yxatdan o‘tganiga bankka murojaat qilgan sanadan oldingi olti oydan oshmagan qarz oluvchilarga daromad olishga yo‘naltirilgan faoliyati uchun kreditlar(mikroqarzlar) berishda ularning qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi inobatga olinmasligi va (yoki) hisoblanmasligi mumkin.
246. Qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichiga doir talablar quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladigan kreditlar;
ta’lim kreditlari.”.
13. 30-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ipoteka kreditini berishda mazkur bank tomonidan qarz oluvchilarga berilgan, biroq so‘ndirilmagan barcha ipoteka kreditlari sonining eng ko‘pi bilan 15 foizigacha bo‘lgan miqdorida kreditning garovga nisbati ko‘rsatkichi mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida belgilangan me’yorlardan ortishi mumkin, bundan mazkur Nizomning 18-bandiga muvofiq qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadlarini aniqlash imkoniyati mavjud bo‘lmagan holda beriladigan ipoteka kreditlari mustasno.”.
14. 32-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qarzdorlik bo‘yicha foizlar hisoblanmaydigan imtiyozli davr kamida 45 kundan iborat bo‘lishi;”.
15. Nizomga ilovada:
“b” kichik banddagi “6 750 000” raqami “7 500 000” raqami bilan almashtirilsin;
“d” kichik banddagi “4 500 000” raqami “5 000 000” raqami bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.12.2025 y., 10/25/3618-1/1187-son)