Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Indoneziya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Diplomatik va xizmat pasport egalarini vizadan ozod etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Indoneziya Respublikasi Hukumati, kelgusida “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlash istagida,
amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportlariga ega boʻlgan Tomonlar davlatlari fuqarolarining kirish va chiqishlarini, shuningdek, oʻzaro kelib-ketishlarini soddalashtirishga intilgan holda,
Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga amal qilgan holda,
tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga binoan,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Vizadan ozod etish
1. Indoneziya Respublikasining amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportiga ega fuqarolari 180 (bir yuz sakson) kunlik davr mobaynida jami 90 (toʻqson) kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga, har kirgan kundan boshlab, 30 (oʻttiz) kundan oshmagan muddatga kirish, undan chiqish, tranzit oʻtish hamda unda vaqtincha boʻlib turish uchun viza olishdan ozod etiladilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi diplomatik pasportiga ega fuqarolari Indoneziya Respublikasi hududiga, har kirgan kundan boshlab, 30 (oʻttiz) kundan oshmagan muddatga kirish, undan chiqish, tranzit oʻtish hamda unda vaqtincha boʻlib turish uchun viza olishdan ozod etiladilar.
2-modda
Pasportning amal qilish muddati
Mazkur Bitimda nazarda tutilgan Tomonlar davlatlarining fuqarolari boshqa Tomon davlati hududiga kirganda ularning pasporti kamida 6 (olti) oylik amal qilish muddatiga ega boʻlishi lozim.
3-modda
Kirish va chiqish shartlari
Kirish va chiqish shartlari
Bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportlariga ega fuqarolari ularga nisbatan qonuniy tarzda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan xavfsizlik, migratsiya, odat va sanitariya qoidalari va boshqalarni istisno qilgan holda, boshqa Tomon davlati hududiga ikki davlatning xalqaro tashishlar uchun ochiq boʻlgan chegara kirish punktlari orqali kirishi, chiqishi va tranzit oʻtishi cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
4-modda
Diplomatik va konsullik missiyalari aʼzolari uchun viza
Diplomatik va konsullik missiyalari aʼzolari uchun viza
1. Tomonlardan biri davlatining hududida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlarning amaldagi diplomatik va xizmat pasportlariga ega boʻlgan mansabdor shaxslari hamda ularning oila-aʼzolari ushbu davlatning diplomatik yoki konsullik missiyasidan lozim boʻlgan kirish vizasini uning hududiga kirishidan oldin olishlari lozim.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shaxslar akkreditatsiyadan soʻnga boshqa Tomon davlati hududiga oʻz xizmati vazifasi muddati davomida vizasiz kirishi, undan chiqishi, tranzit oʻtishi va boʻlib turishi mumkin.
5-modda
Vakolatli organlar huquqi
Vakolatli organlar huquqi
1. Amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportlariga ega boʻlgan bir Tomon davlatining fuqarolari boshqa Tomon davlati hududida boʻlishlari davomida, 1961-yildagi Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi va 1963-yildagi Konsullik munosabatlari toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasiga zid boʻlmagan holda, qabul qiluvchi davlatning amaldagi qonun va qoidalariga amal qilishlari lozim.
2. Tomonlar mazkur Bitimning 1-moddasida koʻrsatilgan har qanday shaxsning nomaqbul yoki jamoat tinchligi, jamoat tartibi, sogʻliqni saqlash yoki milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan xavf solishi mumkin deb hisoblasa, ushbu shaxsning oʻz davlati hududiga kirishini, boʻlib turish muddatini qisqartirish yoki tugatish huquqiga ega.
3. Tomonlar mazkur moddaning 2-bandida koʻrsatilgan chora-tadbirlarning qoʻllanilishi toʻgʻrisida bir-birlarini darhol diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
6-modda
Qonun va qoidalarga rioya qilish
Qonun va qoidalarga rioya qilish
1. Bir Tomon davlatining fuqarolari boshqa Tomon davlati hududida boʻlib turish davomida ushbu Tomon davlatining qonun va qoidalarini, shu jumladan, xorijiy fuqarolari uchun belgilangan boʻlib turish, harakatlanish va tranzit oʻtish qoidalarini hurmat qilishlari lozim.
2. Mazkur Bitim ikki davlatning ichki xavfsizlik va chet elliklarning kirishi, boʻlishi yoki harakatlanishi bilan bogʻliq amaldagi qonun va/yoki qoidalariga daxl qilmaydi.
7-modda
Toʻxtatib turish
Toʻxtatib turish
1. Har bir Tomon milliy xavfsizlik, jamoat tartibi yoki sogʻliqni saqlash yoki boshqa jiddiy milliy ofat bilan bogʻliq sabablarga koʻra, mazkur Bitimning qoʻllanilishini vaqtincha toʻliq holda yoki qisman toʻxtatib turishi mumkin.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan chora-tadbirlarni joriy qilish, shuningdek, tugatish toʻgʻrisida boshqa Tomon diplomatik kanallar orqali tegishli ravishda xabardor qilinadi.
3. Mazkur Bitimning amal qilishini toʻliq holda yoki qisman toʻxtatib turish mazkur Bitimning 1-moddasiga muvofiq Tomonlardan birining davlati hududida kirish ruxsat etilgan va u yerda boʻlib turgan amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportlariga ega boʻlgan boshqa Tomon davlati fuqarolariga nisbatan qoʻllanilmaydi va ular tegishli choralar koʻrish uchun qabul qiluvchi davlat Tashqi ishlar vazirligini xabardor qiladilar.
8-modda
Pasport namunalari
Pasport namunalari
1. Tomonlar mazkur Bitim imzolangandan soʻng, 30 (oʻttiz) kun oʻtgach, diplomatik kanallar orqali oʻzlarining amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportlari namunalarini almashadilar.
2. Amaldagi diplomatik yoki xizmat pasportlariga oʻzgartirishlar kiritilgan yoki yangi pasport turlari joriy qilingan taqdirda, tegishli Tomon hujjatlarning namunalarini ular qoʻllanilishidan kamida 30 (oʻttiz) kun oldin diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga yuboradi.
3. Tomonlardan birining davlati fuqarolari boshqa Tomon davlati hududida diplomatik yoki xizmat pasportlarini yoʻqotib qoʻygan yoki shikastlagan taqdirda, ular oʻz fuqaroligi boʻlgan davlatning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasalari orqali qabul qiluvchi davlatning vakolatli organlarini zudlik bilan xabardor qiladilar.
4. Tegishli diplomatik vakolatxonalar yoki konsullik muassasalari yuqorida koʻrsatilgan shaxslarga oʻz mamlakati qonunchiligiga muvofiq fuqaroligi boʻlgan davlatga qaytishlari uchun yoʻqolgan pasportni oʻrniga vaqtincha qoʻllaniladigan hujjatni rasmiylashtirishlari lozim.
9-modda
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash boʻyicha Tomonlar oʻrtasidagi har qanday nizolar oʻzaro maslahatlashuvlar yoki muzokaralar orqali tinch yoʻl bilan hal qilinadi.
10-modda
Oʻzgartirish
Oʻzgartirish
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar uning ajralmas qismi hisoblanuvchi va 11-moddasining 1-bandiga muvofiq kuchga kiruvchi alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtirilishi mumkin.
11-modda
Kuchga kirishi, amal qilishi va tugatilishi
Kuchga kirishi, amal qilishi va tugatilishi
1. Mazkur Bitim Tomonlar tegishli ichki talablar bajarilganligi toʻgʻrisida bir-birlarini diplomatik kanallar xabardor qiluvchi soʻnggi yozma bildirishnoma olingan sanadan boshlab, 30 (oʻttiz) kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim, basharti, Tomonlardan biri uni tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, nomaʼlum muddat davomida amal qiladi. Mazkur Bitim bir Tomonning uni tugatish toʻgʻrisidagi bildirishnomasi olingan rasmiy sanadan boshlab, 30 (oʻttiz) kundan soʻng tugatiladi.
Ushbuni tasdiqlagan holda, quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Jakarta shahrida, 2025-yil 11-fevralda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, indonez va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)