Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINI TEKShIRIShLAR SONI QISQARTIRILGANLIGI HAMDA TEKShIRIShLAR TIZIMI TAKOMILLAShTIRILGANLIGI MUNOSABATI BILAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM QONUN HUJJATLARIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan
2006-yil 26-yanvarda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 25-fevralda maʼqullangan
2006-yil 26-yanvarda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 25-fevralda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi 602–I-sonli Qonuni (2004-yil 26-avgustda qabul qilingan 662–II-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 9, 162-modda) 30-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Fermer xoʻjaligi faoliyatini tekshirish (moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishlar bundan mustasno), davlat ehtiyojlari uchun mahsulot realizatsiya qilish shartnoma majburiyatlari bajarilmagan yoki yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligiga dalillar boʻlgan, shuningdek yagona yer soligʻi oʻz vaqtida toʻlanmagan hollarda, ijaraga olish shartnomasiga muvofiq ijaraga berilgan yer uchastkasidan faqat belgilangan maqsadda va oqilona foydalanish masalalari boʻyicha, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar koʻpi bilan toʻrt yilda bir marta amalga oshiriladi.
Yangi tashkil etilgan fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran ikki yil mobaynida rejali tekshiruvlardan oʻtkazilishi mumkin emas”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 24-dekabrda qabul qilingan “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi 717–I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 8-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 3-moddaning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) — soliq va valyuta toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buxgalteriya, moliya, statistika, bank hamda boshqa hujjatlarini oʻrganish va taqqoslash”;
2) 9-modda:
birinchi qismining birinchi xatboshisidagi “taftishdan oʻtkazish” degan soʻzlar “moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishlar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishlar belgilangan tartibda faqat davlat soliq xizmati organlari tomonidan, mazkur organlar tekshirishlar davomida soliq va valyutaga oid jinoyatlar alomatlarini aniqlaganida esa Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi”;
3) 10-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10-modda. Tekshirishlar davriyligi
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirishlar maxsus vakolatli organning qaroriga binoan rejali tartibda koʻpi bilan yiliga bir marta amalga oshirilishi mumkin, xususiy korxonalar va ushbu Qonunning 101-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Belgilangan normalar va qoidalarga oʻz vaqtida hamda toʻla hajmda rioya etuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan koʻpi bilan ikki yilda bir marta amalga oshiriladi, ushbu Qonunning 101-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xususiy korxonalar faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan koʻpi bilan ikki yilda bir marta, belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno”;
4) Qonun quyidagi mazmundagi 101-modda bilan toʻldirilsin:
“101-modda. Tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar davriyligi
Mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar koʻpi bilan toʻrt yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar koʻpi bilan uch yilda bir marta amalga oshiriladi.
Yangi tashkil etilgan mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran ikki yil mobaynida rejali tekshiruvlardan oʻtkazilishi mumkin emas”;
5) 141-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini muqobil tekshirishlar jinoyat ishlari yuzasidan tergov olib borish jarayonida tekshirish tayinlash toʻgʻrisidagi qaror asosida yoxud nazorat qiluvchi organlar tomonidan maxsus vakolatli organning qaroriga binoan amalga oshiriladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini muqobil tekshirishlar xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bormasdan turib amalga oshiriladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini muqobil tekshirishlarga ularning tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt bilan oʻzaro munosabatlari yuzasidangina yoʻl qoʻyiladi, ulardan muqobil tekshirish predmetiga taalluqli boʻlmagan moliya-buxgalteriya hujjatlarini yoki boshqa hujjatlarni talab qilib olish taqiqlanadi”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 25-mayda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi 69–II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 5-6, 140-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 39-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“39-modda. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarning cheklanganligi
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus vakolatli organning qaroriga binoan nazorat qiluvchi organlar tomonidan rejali tartibda koʻpi bilan yiliga bir marta amalga oshirilishi mumkin, xususiy korxonalar va ushbu moddaning ikkinchi—beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Belgilangan normalar va qoidalarga oʻz vaqtida hamda toʻla hajmda rioya qiluvchi tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan koʻpi bilan ikki yilda bir marta amalga oshiriladi, ushbu moddada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xususiy korxonalar faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan koʻpi bilan ikki yilda bir marta, belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar koʻpi bilan toʻrt yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar koʻpi bilan uch yilda bir marta amalga oshiriladi.
Yangi tashkil etilgan mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran ikki yil mobaynida rejali tekshiruvlardan oʻtkazilishi mumkin emas.
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshiruvlardan oʻtkazish muddatlari oʻttiz kalendar kundan oshmasligi lozim. Alohida hollarda bu muddat nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus vakolatli organning qaroriga binoan uzaytirilishi mumkin.
Oʻtkazilayotgan tekshirishlar tadbirkorlik subyektlarining faoliyat koʻrsatishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga aʼzo tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlar mazkur Palata vakillari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.
Prokuratura, ichki ishlar va milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyati subyektlarining faoliyatini tekshiruvlardan oʻtkazish uchun qoʻzgʻatilgan jinoyat ishining mavjudligi asos boʻladi. Bunda tadbirkorlik faoliyati subyektining qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi bilan bogʻliq faoliyatigina tekshiruv bilan qamrab olinishi mumkin boʻlib, bu haqda tekshiruv tayinlanganligi toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishlar belgilangan tartibda faqat davlat soliq xizmati organlari tomonidan, mazkur organlar tekshirishlar davomida soliq va valyutaga oid jinoyatlar alomatlarini aniqlaganida esa Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vakolatiga kirmaydigan masalalar boʻyicha ularning talablarini bajarmaslik hamda tekshirish predmetiga taalluqli boʻlmagan materiallar bilan ularni tanishtirmaslik huquqiga ega.
Tekshirishlar natijalari dalolatnoma (maʼlumotnoma) bilan rasmiylashtiriladi, uning bir nusxasi tekshirilayotgan tadbirkorlik faoliyati subyektida qoladi”;
2) Qonun quyidagi mazmundagi 391-modda bilan toʻldirilsin:
“391-modda. Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy jazo choralari qoʻllanilmasligi
Tadbirkorlik subyektlari nazorat organlarining tekshirishlar natijalari boʻyicha koʻrsatmalarini bajargan, shuningdek zararning oʻrnini belgilangan muddatlarda va toʻla hajmda ixtiyoriy ravishda qoplagan, shu jumladan penya toʻlagan taqdirda, ularga nisbatan moliyaviy jazo choralari qoʻllanilmaydi”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 11-dekabrda qabul qilingan “Xususiy korxona toʻgʻrisida”gi 558–II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 1-2, 8-modda) 25-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xususiy korxona faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan koʻpi bilan ikki yilda bir marta, belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xususiy korxonalarning — kichik tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar koʻpi bilan toʻrt yilda bir marta, boshqa xususiy korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyatini rejali tekshirishlar esa koʻpi bilan uch yilda bir marta amalga oshiriladi.
Yangi tashkil qilingan xususiy korxonalarning — kichik tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran ikki yil mobaynida rejali tekshiruvlardan oʻtkazilishi mumkin emas”.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 23-mart,
OʻRQ-26-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 12-13-son, 100-modda)