O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
QarorI
“O‘ZBEKQOG‘OZSANOAT” UYuShMASINI TUGATISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xo‘jalik boshqaruv organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2003-yil 22-dekabrdagi PF-3366-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekqog‘ozsanoat” uyushmasi muassislari umumiy yig‘ilishida uyushmani tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. “O‘zbekqog‘ozsanoat” uyushmasini tugatish bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish uchun 1-ilovaga muvofiq tarkibda ishchi komissiya tuzilsin.
Ishchi komissiya “O‘zbekqog‘ozsanoat” uyushmasini tugatish bilan bog‘liq chora-tadbirlar kompleksini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan berilgan kreditlar bo‘yicha “O‘zbekqog‘ozsanoat” uyushmasi majburiyatlari “O‘zbek qog‘ozi” aksiyadorlik jamiyatiga beriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi “O‘zbekqog‘ozsanoat” uyushmasi tugatilishi munosabati bilan bo‘shab qolayotgan xodimlarni ishga joylashtirish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi “O‘zbek qog‘ozi” aksiyadorlik jamiyati aksiyalari paketlarining davlat ulushini professional boshqaruvchi kompaniyalarga ishonchli boshqaruvga tender asosida belgilangan tartibda berilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining “Respublika qog‘oz sanoatini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2001-yil 20-iyundagi 257-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 18-fevral,
76-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 18-fevraldagi 76-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“O‘zbekqog‘ozsanoat” uyushmasini tugatish bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi komissiya
TARKIBI
| Usmonov M.Z. | — | Bosh vazir o‘rinbosari, ishchi komissiya rahbari |
| Umarov M.M. | — | “O‘zbekqog‘ozsanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi |
| Nabiyev U.N. | — | Vazirlar Mahkamasining Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi kotibiyati mudiri |
| Gadoyev Z.F. | — | Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari |
| Ibrohimov Sh.G‘. | — | Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari |
| Abdurahmonov M.S. | — | Moliya vazirining o‘rinbosari |
| Sodiqov X.M. | — | Adliya vazirining o‘rinbosari |
| Alimuhamedov B.B. | — | Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining o‘rinbosari |
| Yo‘ldoshev A.Sh. | — | Davlat mulki qo‘mitasining xususiylashtirish, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va savdo boshqarmasi boshlig‘i |
| Sharifxo‘jayev K.Sh. | — | “O‘zbek qog‘ozi” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi |
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Yarmarka savdosini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 13-noyabrdagi 391-son qaroriga 5-ilovaning 4-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “2003-2004-yillarda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida” 2003-yil 17-apreldagi 185-son qaroriga ilovadagi “O‘zbekqog‘ozsanoat” uyushmasi” so‘zlari chiqarib tashlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Bolalar sportini targ‘ib qilish va bolalar uchun sport tovarlari ishlab chiqarish turlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2003-yil 18-iyuldagi 318-son qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 7-son, 64-modda) 4-bandidan “O‘zbekqog‘ozsanoat” (Umarov)” so‘zlari chiqarib tashlansin.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 7-son, 81-modda)