O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI ATAMAShUNOSLIK QO‘MITASINING FAOLIYATINI TUGATISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2003-yil 9-dekabrdagi PF-3358-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qo‘mitasi belgilangan tartibda tugatilsin.
2. Atamashunoslikka oid ishlarni tartibga solishni muvofiqlashtirish va ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish vazifasi “Davlat tili haqida”gi Qonunni joriy etish komissiyasi zimmasiga yuklansin.
3. Atamashunoslik qo‘mitasining faoliyatini tugatish komissiyasi tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Komissiyaga bir oy muddatda Atamashunoslik qo‘mitasining tugatilishi bilan bog‘liq masalalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqish va hal etish vazifasi topshirilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Atamashunoslik qo‘mitasini tugatish komissiyasi faoliyati yakuniga qadar qo‘mitani tugatish bilan bog‘liq qonunda belgilangan xarajatlarni moliyalashtirishni ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qo‘mitasining tugatilayotganligi munosabati bilan bo‘shayotgan xodimlarni belgilangan tartibda ish joyi bilan ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rsin.
6. O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1989-yil 26-dekabrdagi 405-r-son farmoyishi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 30-martdagi 119-f-son va 1994-yil 26-avgustdagi 334-f-son farmoyishlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2003-yil 23-dekabr,
562-son