O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
QarorI
XORIJIY INVESTITSIYaLAR IShTIROKIDAGI USTUVOR LOYIHALARNI HISOBGA OLIShNI TARTIBGA SOLISh VA ULAR MONITORINGINI OLIB BORISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Xorijiy sarmoyalar bo‘yicha agentlik faoliyatini o‘rganib chiqish potensial chet el investorlarini axborot bilan ta’minlash, respublikaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashish hamda kompleks monitoring olib borish bo‘yicha Agentlik tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmayotganligini ko‘rsatdi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish ishlarini maqbullashtirish, ularning istiqbolli investitsiya loyihalariga oqimini ko‘paytirish va respublikaga xorijiy investitsiyalar jalb etilishi uchun mas’ul bo‘lgan tashkilotlar faoliyatida bir-birini takrorlashni istisno etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi qaroriga ko‘ra “Xorijiy sarmoyalar bo‘yicha agentlik” aksiyadorlik jamiyati tugatilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. “Xorijiy sarmoyalar bo‘yicha agentlik” aksiyadorlik jamiyatini tugatish bo‘yicha ilovaga muvofiq tarkibda komissiya tashkil etilsin.
Komissiya ikki oy muddatda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Agentlikni tugatish chora-tadbirlarini amalga oshirsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi tuzilmasida shtatdagi xodimlarning umumiy soni doirasida shtatdagi xodimlari soni 5 nafar bo‘lgan, xalqaro moliya tashkilotlari va donor mamlakatlar bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni hisobga olish va ular monitoringini olib borish boshqarmasi tashkil etilsin.
Mazkur boshqarmaga quyidagi vazifalarni amalga oshirish yuklansin:
xorijiy imtiyozli kreditlar va grantlar asosida amalga oshiriladigan ustuvor loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishning borishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bankini tashkil etish va yuritish;
xalqaro moliya tashkilotlari va donor mamlakatlarning mablag‘larini jalb etish ishlarining muntazam ravishda monitoringini olib borish;
sarmoyaning xalqaro bozorlarini o‘rganish hamda xalqaro moliya tuzilmalari, xorijiy moliya va sug‘urta institutlari va donor mamlakatlarning mablag‘larini jalb etishni davom ettirish yuzasidan takliflar kiritish;
xorijiy investorlarni respublikadagi mavjud potensial investitsiya imkoniyatlari va amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risidagi axborotlar bilan ta’minlash.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bo‘yicha markaziy apparat tuzilmasi va uning to‘g‘risidagi nizom qayta ko‘rib chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin. Investitsiya va tarkibiy siyosat bosh boshqarmasiga investitsiya dasturlarini tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish va ularning bajarilishi monitoringini olib borish vazifalari bilan bir qatorda qo‘shimcha ravishda, shuningdek xalqaro moliya tuzilmalari (Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki), chet el moliya va sug‘urta tashkilotlari hamda donor mamlakatlar bilan ularni respublika uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga doir takliflarni, istiqbolli va joriy dasturlarni o‘rganish, umumlashtirish va tayyorlash masalalari ham yuklangan.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bir oy muddatda ishlab chiqish bosqichidagi ustuvor investitsiya loyihalarini xatlovdan o‘tkazsin hamda manfaatdor tuzilmalar, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ularni tasdiqlash va amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlarini ko‘rsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy sarmoyalar bo‘yicha agentlikni aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish to‘g‘risida” 1999-yil 31-martdagi 148-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari E.M. G‘aniyev va R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 9-fevral,
59-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-fevraldagi 59-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Xorijiy sarmoyalar bo‘yicha agentlik” aksiyadorlik jamiyatini tugatish bo‘yicha komissiya
TARKIBI
| 1. | G‘aniyev E.M. | — | O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi raisi, komissiya raisi |
| 2. | Rozuqulov U.U. | — | O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti boshlig‘i, komissiya raisining o‘rinbosari |
| 3. | Samatov P.A. | — | Adliya vazirining o‘rinbosari |
| 4. | Akbarov A.A. | — | Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining o‘rinbosari |
| 5. | Hasanov N.X. | — | Davlat mulki qo‘mitasi raisining o‘rinbosari |
| 6. | Xursanov A.X. | — | O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamentining yetakchi mutaxassisi |
| 7. | Tishchenko S.P. | — | Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari |
| 8. | Kim A.K. | — | “Asaka” banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari |
| 9. | Qalandarov N.K. | — | “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta milliy kompaniyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari |
| 10. | Abralov M.M. | — | “Xorijiy sarmoyalar bo‘yicha agentlik” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori vazifasini bajaruvchi |
| 11. | Baklashova N.T. | — | “Xorijiy sarmoyalar bo‘yicha agentlik” aksiyadorlik jamiyatining kadrlar bo‘yicha bosh mutaxassisi |
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 6-son, 71-modda)